background
logotype

Peter Nazaret. Oyijonning soyaboni (hikoya)

Garchi u biologik jihatdan faqat Joze Ataidning oyisi bo‘lishiga qaramay, hamma uni “oyijon” deb chaqiradi. Hammaga birday Oyijon bo‘lish gohida uning g‘azabini qo‘zg‘atmay qolmasdi. Bir gal Jozening Jon ismli o‘rtog‘i uni «Oyijon» deb chaqirganida, u tutoqib ketib «Seni tug‘ib qo‘yganmanmi o‘zi, bundan buyon meni «xolajon» deb chaqir!» deya koyib bergan. Qo‘rqib ketgan Jon bir necha bor uni «xolajon» deb chaqirib ko‘rdi, lekin sal o‘tmay qaytib boshdan o‘z bilgicha «Oyijon»ga o‘tib oldi. 
    Eri Bombayda vafot etgach, Oyijon Sharqiy Afrikadagi Ugandaning Entebbe degan joyiga o‘g‘li bilan ko‘chib kelgan edi. Bombayga esa ish qidirib, oilasi bilan Goadan kelishgandi. O’g‘li Sharqiy Afrikaga tuzukroq hayot ilinjida ketib, davlat bosmaxonasida yaxshigina ish topgan, bosmaxona ishi, kitob muqovalash kabilarni o‘rganib, qo‘shimcha xarajatlarni qoplashga yetarli pul topardi. U ikki yilcha avval uylanib ham olgandi. Bir necha yil astoydil mehnat qilib, o‘g‘il barcha sharoit muhayyo, uchta yotoqxonali, pomidor va boshqa turli sabzavot hamda atirgul o‘sadigan bog‘chasi bor zamonaviy uy egasiga aylangandi. Goa va Hindistondagi qashshoqlik fasli oyijon uchun ortda qolganday edi. 
    Faqat batamom emas. Afrikaga kelganida, u Goa qanchalik dahshatli bo‘lganini gapirardi. Biroq, erining Goadagi ota-bobosidan qolgan uyiga tez-tez borib turar ekan, uning ilk gapi «Be-e, Afrika qanday qo‘rqinchli! O’zimning uyimdan aylanay!»dan iborat bo‘lardi. Odamlar bu ayol nima istashini bilmaydigan, istagan narsasini topganda esa, uni aslo topishni xohlamagan ayollar toifasidan deb bilishardi. U rizqi qayoqdan kelishini bilmay halak bo‘lgan onlarini hech ham unutolgani yo‘q. Balki ertalab ko‘zini ochib, oilasini qayta ilgarigiday kambag‘al bo‘lib qolganini ko‘rar. U biror narsani ko‘proq ishlatib yo yo‘qotib qo‘ymadimmi, deya xavotirga tushaverardi.
    Biroq, kunlarning birida u o‘zining ehtiyotli ayol ekanini unutdi. Oynadan o‘g‘li Joze bilan kelini Mariananing «Fiat-1100» mashinasiga o‘tirib ishga ketayotganlarini kuzatar ekan, birdan ko‘zi yo‘l chetidagi Villi da Kunhaga tushdi. U velosiped minishni tashlagan, chunki shu kunlarda bu uning obro‘sini pastga urar, lekin bir amallab mashina sotib olishga ham qurbi yetmasdi. Villi tibbiyot do‘konida ishlardi. Yurishlari noo‘ng‘aymi? Ishga kech qolmaydimi bu ahvolda? Oyijon mo‘ralab, osmonning qorayib kelayotganini ko‘rdi, aftidan dovul turadiganga o‘xshaydi. U Villi ishxonasiga jala quymasidan avval yetib bora olarmikin, deya xavotirlandi. Aytganiday, bir zumda yomg‘ir boshladi. Qo‘qqisdan quyib bergan jala Hindiston va Goadagi kabi kuchli edi. 
Oyijon to‘siq oralab eshikka tomon kelayotgan sharpani ko‘rdi. Yo Alhazar! «O’zing kechir!» Uning yuragi qinidan chiqayozdi, kursiga o‘tirar-o‘tirmas eshik taqilladi.
“Oyijon!” – Bu Villi da Kunha edi. Oyijon eshikni ochishga qo‘zg‘almadi, lekin Villi asabiylashib eshikni taqillataverdi. «Oyijon! Oyijon!»
Ovoz ichki tomondagi eshikni gurs-gurs urayotgan kabi eshitilgandagina u sekin o‘rnidan turdi. Chivin kirishidan saqlaydigan sim to‘siq orqali tashqariga mo‘raladi. Villining boshi ho‘l edi. Bir gal tunda kuchli jala quygan, tepalikdagi loyni ostonaga yuvib tushgandi. O’shanda, mashinani tashqariga surib chiqarishga urinishar ekan, loyga qorishgan qop-qora o‘lik kalamushlarni ko‘rib qotib qolishgandi. Kalamushning dumi ayni paytda Villining taqir boshidagi yakkam-dukkam ho‘l sochlarga juda o‘xshardi.
«Oyijon!»
Villining ko‘ylagi jiqqa ho‘lligini sezgan Oyijon eshikni ochdi. 
«Ichkariga kir!» - dedi u.
«Oyijon, soyaboningizni berib turing, yo‘qsa, hammayog‘im ho‘l bo‘lib, ishga ham borolmay qolishim mumkin.»
Soyabon deydimi? Yo‘g‘-e, o‘zi bittagina soyaboni bor xolos-ku! Yo‘q, hech qanaqasiga uni bera olmaydi. Lekin qanday qilib, yo‘q ham deya olsin?
«Ataid xonim, - yalina boshladi Villi siniq yasama tishlarini ko‘rsatib. – Xudo haqqi, yo‘q demang, bizning Ilohamiz qilgan yaxshiligingizga katta mukofot beradi hali».
Xudo va Bokira Ayol tilga olingani uchun Oyijonning yo‘q deyishga tili bormadi. Qolaversa, Villi unga «Ataid xonim» deb murojaat qilgandi. «Mayli, picha kutib tur, hozir olib chiqaman», - dedi u ko‘ngli bo‘lmay va ichkariga kirib o‘ngib ketgan kichik qora bir narsani ko‘tarib chiqdi.
«Rahmat sizga» – dedi Villi tashqariga yurarkan soyabonni ochishga urinib.
«Iltimos, uni ehtiyot qil», - dedi Oyijon, lekin ko‘nglida qandaydir afsuslanish tuydi. «Birpas kutib tur, sochiq olib chiqaman senga.»
Lekin sochiq olib qaytgunicha Villi juftakni rostlab bo‘lgandi. Yaxshiyam ketmasidan avval soyabonni qaytarib olib kelishini tayinlagan ekan-a! Uni avaylab ishlatarmikin ishqilib? Villini hamma mast holda tentirab yurishini yaxshi bilardi, balki hali shuning uchun ho‘lga botishini shama qilib o‘tgandir. Atrofdagilar xotini bilan har doim janjal qilishiga uning ichkilikka ruju qo‘ygani sabab deyishardi. Ichkilik – goaliklarning la’nati odati. Da Kunha hadeb ichaverganidan bolasi ham bo‘lmagan, bu balodan hech qutulolmaydi u, deyishardi odamlar. Lekin soyabonni oldi-yu ketdi, bolasi tushmagur.
Oyijon ertalabni juda betoqat o‘tkazdi. Yomg‘ir tinib, ko‘kda quyosh ko‘rindi. Daraxtlar orasidan yaltirab jilvalanayotgan Viktoriya Ko‘liga nazar soldi u. Boyagi quvnoq kayfiyatidan asar ham qolmagandi. Nazarida, Villi da Kunha soyabonni ishxonasida unutib qoldiradigan va birov uni o‘g‘irlab qochadiganday tuyuldi. Χech kimga ishonib bo‘lmay qoldi o‘zi. Yaxshisi, oshxonada ovqat tayyorlashga yordam berib, fikrlarini chalg‘itib turgani ma’qul. Aks holda oshpaz ham qoidaga amal qilmasligi mumkin. Joze bu oshpazni Oyijon Goaga ketganda yollagan, u goacha taom pishirishga ustasi farang ekanligini aytib ishga kirgan, biroq, Oyijon uning ishini hamisha kuzatib turmasa bo‘lmasdi. U oshxonada yo‘qligida oshpazning shakar yoki tuzdan picha o‘g‘irlab qo‘yish odati bor edi. Oyijon oshxonaga o‘tib, oshpazga turli buyruqlar berib, uning «masala» degan taom uchun guruch, go‘sht va sabzavotlarni to‘g‘ri o‘lchayapkanligini tekshirib turdi. Bekorga hech narsa isrof qilinmasligi kerak axir. «Masala»ning yanchilishini diqqat bilan kuzatar ekan, taomning tayyor bo‘lganiga ishonch hosil qilgachgina, sal-pal ko‘ngli joyiga tushdi.
Tashqarida mashina ovozi eshitildi, oh, Joze bilan Marina ishdan qaytishdimi? Marinaning ishxonasi – Jamoatchilik Ishlari Departamenti – Jozening ish joyiga juda yaqin bo‘lganligi uchun, u doim yo‘l-yo‘lakay xotinini olib uyiga qaytadi. Aksiga olib, oshpaz tushlik uchun dasturxonni hali tuzab bo‘lmagan, dasturxonga tarelka keltirib qo‘yilguncha, Oyijon borib eshikni ochdi. 
Ovqatlanib o‘tirisharkan, Oyijon o‘zini xotirjam tutishga urinib o‘g‘lidan «Villi da Kunhani tushlik qilish uchun uyiga kelayotganini ko‘rmadinglarmi ehtiyot?» deya so‘radi. «Yo‘q, Oyijon, nega uni so‘rab qoldingiz?»
«U soyabonimni foydalanishga olib turgandi!»           
«Nima! – taajjublandi Marina, - axir uning g‘irt piyonistaligini bilasiz-ku, bu mast qurgur bor pulini ichkilikka sarflaydi-ya. Garov o‘ynaymanki, u soyaboningizni biror xizmatkorga sotib, puliga aroq olib ichadi.»
Oyijon hushidan ketishiga sal qoldi. Joyidan arang qo‘zg‘alib, xonasiga borib yonboshladi.
«Oyijon! – chaqirdi Marina tashqaridan, - sizga nima bo‘ldi, tuzukmisiz? Villi haqida aytgan gaplarimdan xafa bo‘ldingizmi? Hazillashdim-ku axir, oyijon!»
Lekin u churq etgani yo‘q.
«Nima bo‘lganda ham soyaboningiz juda eskirib ketgan edi, - dedi Marina yotoqxonaga sochini tarashga o‘tarkan,  - uning puliga ichkilik kelarmidi?»
Bu narsa soyabonni sotishdan to‘xtatib qolish uchun yetarlimi edi! Nahot Marina qo‘lbola ichkilik odatdagisiga qaraganda ancha arzon ekanligini unutgan bo‘lsa? Shunday bo‘lmaganda, xizmatkorlar har kuni ichib mast bo‘lish uchun pulni qayoqdan topishardi deysiz? Oyijon bolalari ishga qaytib ketgunicha o‘zini uxlaganga solib yotdi. 
Villi da Kunha eshik ortida iljayib turardi. «Oyijon, - tirjayadi u, - mana, oling soyaboningizni.»
Oyijon yaltiroq bir narsa badbo‘y suyuqlikka aylanishiga tikilib qarab qoldi. Yugurib borib uni ushlamoqchi edi, lekin barmoqlari orasidan sirg‘alib, yerga tushay deganda, yo‘q bo‘lib ketdi. 
«Yaxshi qoling, - uning ustida kuldi Villi da Kunha va qo‘llarini qanotday qoqib osmonga ko‘tarildi. U asta ko‘zdan g‘oyib bo‘larkan, Oyijon uning allaqanday bir yirtqichga aylanib qolganini ko‘rdi.
«Yo‘qol ko‘zimdan, maxluq!» - qichqirdi u. G’izillab kelayotgan mashinalar shu ondayoq to‘xtab qoldi va qattiq signal chalaberdi. Bu ovoz uning aqlu hushini oldi. Cho‘chib uyg‘ondi Oyijon. Ular qaytishibdi! Ikki soatcha chamasi ko‘zi ilinibdi o‘ziyam. Irg‘ib turarkan, eshikni ochishga oshiqdi u. Xizmatkor hamma narsani taxt qilib qo‘yibdi. Stol ustiga piyola, usti yopilgan choynakda qaynoqqina choy, bir ko‘za sut, shakardon va Oyijon o‘tgan bayramga tayyorlagan mevali shirinlik qo‘yilgandi. 
Hammalari choy ichishga o‘tirishdi.
«Villi da Kunhani ko‘rmadingmi?» 
«Nega Oyijon hadeb so‘rayapsiz uni, - xit bo‘lganday so‘radi Joze, - Villini unuting, soyaboningizni yeb qo‘ymas axir! Qaytib beradi-da uni.»
Eh, Joze nimani ham bilardi!  U bu uydagi hayot qiyinchiliklarini chetlab o‘tdi. Narsalarning qadr-qimmatini bilgani yo‘q. Undan yordam kutolmayman, o‘yladi Oyijon.
«Hey, - dedi Joze derazadan qararkan, - kech qolyapmiz-ku!» Kampala Goa institutidan tashrif buyuran jamoa bilan bo‘ladigan ayollar xokkeyida Marina himoyachi sifatida qatnashishi, Joze esa hakamlardan biri bo‘lishi kerak edi-ku. Derazadan qarab tepalik tomondagi xokkey maydonini ko‘rsa bo‘lardi. Bir nechta mashina to‘xtash joyiga qo‘yilgan, allaqachon uch-to‘rt o‘yinchi maydonga tushgandi. Goaliklar sportni juda yaxshi ko‘rishar, birorta o‘yinni qoldirishmas, yo o‘yinchi yo hakam bo‘lishar, hech bo‘lmaganda, tomoshabinlikni qoyillatishardi. «Tezroq bo‘l, azizam», dedi Joze sakrab o‘rnidan turarkan. Ular shoshilgancha yotoqxonada kiyimlarini almashtirishdi-da, ko‘chaga otilishdi.
Bu yoshlarga hayronsan, qachon qarama hovliqib yuradi, o‘yladi Oyijon jahli chiqib. To‘g‘ri-noto‘g‘rining farqiga hech borishmaydi-da. 
Oshpaz uydan chiqishi bilan, Oyijon ko‘chaga kiyadigan ko‘k gulli uzun ko‘ylagini kiyib, har tomonga yoyilib ketgan jo‘jalarini qidirib yurgan ona tovuqday lapanglab tashqariga chiqdi. Boshining orqa tarafiga mahkam turmaklangan sochi, ko‘zlarini kattalashtirib ko‘rsatadigan ko‘zoynagi, qisqa, ammo ildam qadamlari chindan ham tovuqni eslatardi. 
Asosiy yo‘lga o‘tarkan, ko‘cha bo‘ylab tez-tez yurib bordi u. Ularning uy raqami 22, Villilarniki 34 edi. Oyijon Villining uyiga kelib, eshikni qattiq taqillata boshladi.
«Hodi!» - chaqirdi u.
Churq etgan ovoz yo‘q.
Oldindan bilgandi-ya shuni! Bu odamga ishonib bo‘lmaydi deb aytgandi-ya.
«Xo‘jayin uxlab yotibdilar!» – Bu hovlida tentirab yurgan oshpazning ovozi edi.
«Nima-nima, uxlab yotibdi deysanmi? Kuppa-kunduz kuni, soat besh yarimda-ya? Kimni laqillataman deb o‘ylayapti o‘zi?
«Bu uyning bekasi qaerda?» - so‘radi Oyijon.
«Bekam o‘yinga ketdilar.»
Esim qursin, u ham o‘yin jinnisi-ku. Bekasi markaziy hujumchilardan bo‘lib, jamoaga eng ko‘p ochko keltiradigan o‘yinchi edi.
Oyijon asosiy yotoqxonaning derazasiga tirmasharkan, ovozi boricha «Ey yaramas, bu yoqqa chiq qani!» deya baqirdi. «Bilaman, ichkarida pisib yotibsan!» 
Panjara oldida ko‘zlarini suzib bir kishi ko‘rindi. «Nima… kim u… nima bo‘lyapti bu yerda?» Yo alhazar! Hatto panjara ortidan la’nati ichkilikning hidi gupillab Oyijonning yuziga urildi va u ortga chekinishga majbur bo‘ldi. Bu go‘rso‘xta ishxonada ichishdan ham  uyalmaydi!
«Soyabonim! - xirillagan ovozda o‘shqirdi Oyijon, - qani u?»
«Nima?.. – o‘xchidi mast, - qanaqa… nima?»
«Mening soyabonim! – qichqirdi Oyijon, - bugun ertalab mendan olib turuvding-ku!»
«Sizning… nimangiz?.. – alahsidi mast gandiraklab. Qo‘li bilan hayvonot bog‘idagi maymunga o‘xshab boshini qashidi, nimanidir eslaganday bo‘lib «haaa, sizning soyaboningizmi, ha, yo‘q, u menda emas.»
«Nima deding?» – Oyijon bir qadam ortga chekindi va yomg‘irda yumshab qolgan yerga toyilib ketishiga sal qoldi. Uning o‘ylagani rost chiqdi! Bu odam chindan ham tovlamachi ekan! 
«Yo‘q, haligi… men uni janob Koelhoga qarzga berib yubordim.»
«Qanaqa Koelho, qanday qilib?»
«Ben – Benji. U… u yomg‘irda uyiga ketmoqchiydi. Xotinini ko‘rgani. Qaytarib beraman deb aytdi.» Shu gaplarni aytib, bu nusxa ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Oyijon oynaga yaqin keldi, lekin mastning turqini boshqa ko‘rmadi. Bu beting qurgur mast-alast bo‘lib yotarkan, kutib o‘tirishdan nima foyda? Yaxshisi Oyijon Benji Koelhoni axtarishi kerak. Koelho deganlari bunisidan kam emasdi. Odamlar uning ichvolib xotini bilan jiqqamush bo‘lishini yaxshi bilishardi. Yaqinda xotini goaliklar orasida janjal ko‘tarib, erining ustidan militsiyaga arz qildi. Marinaning tog‘asi ishni bosti-bosti qilishni so‘rab, militsiyani ishontirguncha ona suti og‘ziga keldi. Bunday muammolar faqat goaliklarning orasida, begonani aralashtirmasdan hal qilinmog‘i kerak axir!
Oyijon yo‘ldan o‘qday kesib o‘tarkan, o‘zicha g‘udur-g‘udur qilib ketaberdi. Hali ancha yurishi kerak. O’g‘li Joze mashina sotib olgandan buyon Koelhoning uyigacha bo‘lgan masofani piyoda bosib o‘tmagandi-ya. Lekin ayni paytda u masofa haqida mutlaqo o‘ylamayotgan edi. Aroq sotib olish uchun soyabonni sotish ehtimoli hanuz yo‘q emasdi.
Oyijon yo‘lda ketayotganlarni zo‘rg‘a ilg‘ar, hansirab-hansirab borardi. Axiri, ko‘zlagan joyiga yetdi. U ikki asosiy yo‘lning burchagida ayollar shlyapasiga o‘xshagan, eski rusumdagi ayvonli, yarmi ajratilgan bir uyning ro‘parasida to‘xtadi.
Eshikni taqillatdi u.
Ichkaridan dod-voy eshitilardi. Nima bo‘lyapti o‘zi? Birovni o‘ldirishyaptimi? Eshik tugmasini bosishga ikkilandi Oyijon. Lekin soyabon nima bo‘ladi? Asta itargandi, eshik ochildi.
«Sen, haromisan, nimaga ham otamning gapiga ko‘ngan ekanman-a? Qayoqdanam senga uylandim?»
Oyijon oyoq uchida yurib ichkariga kirdi.
Bir shippak vizillab qulog‘i oldidan uchib o‘tdi. «Menga o‘xshagan tentak bo‘lmagan-da, senga o‘xshaganlarga hech kim uylanib o‘tirmasdi!» Oyijon betartiblikni yoqtirmasdi. U shippakni yerdan oldi.
Ichkarida janjal bo‘layotgani sezildi. Oyijon mehmonxonaga suqilib kirdi. Koelho xonim u yoqdan-bu yoqqa irg‘ishlar, qo‘lida bir poy shippak, yerda stul ag‘anab yotar, chamasi uning ustidan sakramoqi bo‘lgan.
«O’zing uchchiga chiqqan aldamchisan! Ahmoq! Sen Afrikada katta odamman deb mening otamni avragansan! Senga faqat molu davlatim, sepim kerak edi xolos! Sendan ko‘rganim shumi?»
«Voy taqvodor yaramas-ey! – Benji Koelho ko‘zlarini devordagi ikki chiroq bilan bezalgan Madonnaning portretiga qadadi. – Xudojo‘y ikkiyuzlamachi! Cherkovingdan boshqasini bilmaysan! Bor budingni o‘sha cherkovingga ikki qo‘llab berib yubording-ku! Men biror chaqangni ishlatdimmi o‘zi?» U Oyijonga ishora qildi: «Mana, siz ayting, ishlatdimmi?!»
«Men… men istaymanki…» - duduqlandi Oyijon.
Shu onda Koelhoning qo‘lidagi yostiq uchib borib xotinining keng ko‘kragiga borib tegdi.
Koelho xonim yerga engashib qandaydir qurolni qo‘liga oldi. Uni boshi ustiga ko‘tardi u. Bu qurol qora edi. Bu… soyabon edi. Ayni Oyijonning soyaboni!
Oyijon divanga cho‘kib qoldi. Hammasi tugadi.
«Shippakni menga bering!» – dedi janob Koelho Oyijoning oldiga kelib uning qo‘lidan yulqib olarkan. Bir harakat bilan kriket o‘yinchisi kabi uni otib yubordi. Shippak uchib borib ko‘tarilgan haligi qora buyumga tegdi. Soyabon taqillab polga tushdi.
«Tovlamachi! – qichqirdi Oyijon oyoqqa qalqib. – Ikkoving ham bir-biringdan battarsan! Qachon qarama urishganing-urishgan, boshqalarni ham janjalga tortasanlar doim. Hech kimni hurmat qilish yo‘q! Hatto Xudoni ham! Hech narsani! Sen topgan-tutganingni ichkilikka sarflaysan, sen esa, xotin bo‘lib, eringning ko‘nglini olishni va nazoratda tutishni bilmaysan! Maymunga o‘xshamay ketlaring! Ikkiyuzlamachilar! Muqaddas Bokira Ayol oldida o‘zingizni ko‘rsatmoqchimisiz? O’sha qishlog‘ingiz Malikriyodni tashlab kelmasangiz go‘rga edi! La’nat sizlarga!» Oraga jimlik cho‘kdi. Koelholar turgan joyida tarashaday qotib qoldi. Devordagi Madonna hissiz boqib turardi.
Oyijon borib soyabonni olish uchun egildi. U qo‘lini tim mato ostiga tiqib, uni yuqoriga surdi. Ko‘rshapalak uyg‘onib ketgan ko‘yi qora mato qanot yozdi.
Xuddi muqaddas bir buyumday uni o‘ng qo‘lida ushlar ekan, Oyijon chap mushtini silkib, o‘dag‘ayladi. «Qaytib soyabonimni birovga berganim bo‘lsin!»
U soyabonni boshi ustiga ko‘targancha, quvonib u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. «Ular bir-birlariniki bo‘lgan, bir-birlari bilan yashagan holda it-mushukday urishib-tortishadilar! - dedi u. – Men-chi, men, necha yillardan buyon Uning xotirasi bilan yakka-yolg‘iz yashadim va hanuz Uning menga qilgan azizdan aziz shu sovg‘asi – soyabonning soyasida yashab, umrim ado bo‘lyapti…»
Odamlar ochiq, iliq havoda soyabon ko‘targan bu qariyaga bir nima bo‘lganmi, deya qarab-qarab qo‘yishardi. Shu kampirlarga hayronsan-da o‘zi. Gohi gohida ular xuddi telbalarga o‘xshab, o‘zlariga o‘zlari gapirib yurishadi-ya…

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjimasi

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.