OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Pochta mudiri (hikoya)

U Ulapur qishlog'ida pochta mudiri edi. Uning ish faoliyati shundan boshlangan. Qishloq juda kichik bo'lsa ham, uning yaqinida bo'yoq fabrikasi bo'lib, shu fabrika xo'jayinining talabiga muvofiq, bu yerda pochtaxona ochilgandi.
Asli kalkuttalik bo'lgan pochta mudiri bu xilvat qishloqda o'zini suvsiz qolgan baliqday his etardi. Uning idorasi, butalar g'ovlab o'sgan ko'l bo'yida, poxol bilan yopilgan qorong'i hujraga joylashgan edi. Fabrika ishchilarining bo'sh vaqti bo'lmagani, buning ustiga ular bama'ni odamga munosib ulfat bo'lolmaganlari sababli, pochta mudiri yolg'iz yashardi. Kalkuttalik yigitimiz odamga darrov el bo'lib, do'stona suhbat boshlashga uquvsiz edi. Begonalar suhbatida goh dimog'dor, goh tortinchoq. Shunday qilib, pochta mudirining na oshnasi, na do'sti bor, buning ustiga, ishi ham juda kam edi.
Ba'zan u she'r yozishga ham urinib ko'rar, she'rlarida, agar odam kunbo'yi yaproqlarning shitirlashini tinglab, osmondagi bulutlarga qarab yursa baxtli bo'ladi, degan fikrni bayon qilishga intilar edi. Ammo arab afsonalaridagi devlardan birontasi yer yuzidagi hamma o'simlik va daraxtlarni bir kechada keng tosh ko'chaga, qorday oppoq bulutlarni to'sadigan baland g'ishtin imoratlarga aylantirsa bormi, o'shanda bu sho'rlik pochta mudirining naqadar quvonishini bir xudoning o'zi bilardi.
Pochta mudiri oz maosh olardi. Binobarin, ovqatni ham o'zi pishirar va uni xizmatini qilib yuradigan shu qishloqlik yetimcha qiz bilan baham ko'rardi. Qizchaning oti Roton bo'lib, o'n ikki-o'n uch yoshga borib qolgan bo'lsa ham, uni erga berish haqida o'ylaydigan kishisi yo'q edi.
Kechqurun molxonalar ustida bug' ko'tarilib, o't-o'lan ichida chigirtkalar chirillaganda, uzoq qishloqlardan kelgan mast-alast vishnuparastlar  do'mbira chalib, bor tovushlari bilan ashula aytganda, yaproqlarning shitirlashi haqida xayol surib o'tirgan tanho shoirning eti jimirlab, hujraning burchagidagi xira chiroqni yoqardi-da:
— Roton! — deb chaqirardi.
Qiz uning chaqirishini poylab eshik orqasida o'tirardi-yu, ammo ovozini eshitganda xonaga darrov kirib bor-masdi.
— Siz meni chaqirdingizmi, babu?  — deb so'rardi u.
— Nima qilyapsan?
— O'choqqa o't yoqmoqchi edim.
— O'tni keyin yoqarsan, hozir trubkamni tutatib berchi, — derdi pochta mudiri.
Qiz uning oldiga yugurib borardi-da, lunjini shishirib, trubkasini puflay boshlardi.
— Menga qara, Roton, — derdi pochta mudiri uning qo'lidan trubkani ola turib, — onang esingda bormi?
Bu xususda tinmay gapirish mumkin edi. Qizcha ba'zi narsalarni eslar, ba'zilarini unutgandi. Otasi qizni onasidan ko'ra ko'proq sevardi, qiz buni biladi, ammo otasini yaxshi eslolmaydi. Otasi odatda ishdan kech qaytardi. Shunday oqshomlarning ba'zilarigina qiz xotirasida naqshlanib qolgan. Bunday suhbatlar chog'ida Roton yerda, pochta mudirining oyog'i uchida o'tirib olardi. U kichik ukasini, bir vaqtlar, havo aynigan bir kuni u bilan ko'prik chekkasida o'tirib baliq ovlaganlarini eslaydi. Qarmoqlari ham daraxtdan sindirib olingan bir gavron edi. Shunga o'xshash mayda-chuyda hodisalar qizning xotira¬sida hayotidagi og'ir damlardan ko'ra ravshanroq iz qoldirgandi. Bu orada qorong'i tushib, pochta mudiri ovqat pishirishga erinardi. Shunda Roton darrov o'rnidan turib o'choqqa o't yoqar, bir nechta chavati pishirar, nonushtadan ortgan sous bilan chavati ikkalasiga yetib ortardi.
Ba'zi oqshomlari esa pochta mudiri kulbasining bir burchida o'tirib uyi, kichik ukasi, onasi va opasini o'ylar, musofirchilikda ham ularning holi ne kechdi ekan, deb tashvish tortardi. Bu o'ylar uning xayolidan sira nari ketmasdi, ammo fabrikada dardlashadigan biror odam bo'lmaganidan, u o'ylab-netib turmay, o'z hasratini hech narsaga tushunmaydigan yosh qizchaga aytardi, qizcha bora-bora uning qarindoshlarini, xuddi o'zining eski tanishiday, ona, opa, aka deb ataydigan bo'lib qoldi.
Dam olish kuni edi. Bulutlar tarqalib, havo ochildi. Mayin, iliq shabada esdi; quyosh issig'ida nam maysa va o'simliklarning xushbo'y hidi anqib, charchagan yerning haroratli nafasi badanni kuydirganday bo'lardi. Qandaydir xiraroq bir qush ertadan-kechgacha bir xil g'amgin ovoz bilan sayrab, olamdan hasrat qilardi. Bukun pochta mudiri bo'sh bo'lgani uchun, yomg'irda toza yaproqlarning shi-tirlashiga, seldan yengilib, oftob nuridan arg'uvon tusga kirgan bulut parchalariga mahliyo bo'lib boqardi. Boqardiyu o'ylardi:
«Qani endi shunday paytda yonimda bir yaqinim, haddim siqqan sevgili zot bo'lsa-yu, men uni bag'rimga bosolsam...» Yigitning nazarida tinmagur qushlar ham bukun shu haqda sayraganday, daraxt yaproqlari ham bu kimsasiz salqin choshgohda faqat shu hasratda shivirlashayotganday tuyulardi... Bunday bo'sh kunda, bukungiday jazirama sas-sadosiz choshgohda, kichkina qishloq-da, ozgina maosh oladigan pochta mudirining boshida bu xil fikrlar paydo bo'ladi, deb kim ham o'ylaydi deysiz?
U og'ir so'lish olib:
— Roton! — deb chaqirdi.
Qizcha bir meva daraxti tagida g'o'r meva yeb yotardi. Ovozni eshitib, chopganicha kulba eshigiga bordi va hansirab turib:
— Aka, chaqirdingizmi? — deb so'radi.
— Seni bir oz o'qishga o'rgatmoqchi edim, — dedi pochta mudiri: U kunbo'yi qizga alifbe o'rgatdi. Bir necha kundan so'ng qizcha harflarni urishtirib o'qiydigan bo'lib qoldi.
Srabon  oyida yomg'ir sira tinmaydiganday tuyuldi. Ariqlar, chuqurlar to'lib hammayoqqa suv toshdi. Kecha-kunduz sel shanllar, baqalar sayrardi. Qishloq yo'lidan yurish amrimahol bo'lib qoldi, bozorga qayiqda borishga to'g'ri keldi.
Shunday yomg'irli kunlarning birida ertalabdan beri Roton pochta mudirining chaqirishini kutib eshik orqasida uzoq turib qoldi. Biroq, ilgarigidek tanish ovoz eshitilmagach, sahifalari kirlanib ketgan kitobni olib, sekingina uyga kirdi. Qarasa, pochta mudiri karavotda yotibdi. Dam olib yotgan bo'lsa kerak deb, astagina xonadan chiqib ketmoqchi bo'lganida, yigit birdan:
— Roton! — deb chaqirib qoldi. Qiz darrov orqasiga qayrilib so'radi:
— Siz uxlayapsizmi, aka?
— Tobim qochganga o'xshaydi, peshonamni ushlab ko'r-chi, — dedi pochta mudiri zaif tovush bilan.
Uning yolg'izlik va namgarchilikdan azob chekkan vujudi birovning g'amxo'rligiga tashna edi. U, bir vaqtlar, bilaguzuklar taqilgan nozik qo'llar yonib turgan peshonasiga tekkanini esladi. U bu yerda, shu qorong'i kulbada g'amxo'r ayollarni — onasi va opasini o'z yonida deb tasavvur etishni istardi... Quvg'indining ehtirosli orzulari bajo keltirildi: Roton endi ilgarigi yosh qizcha emasdi, u bemorga onasi singari g'amxo'rlik qilardi. Doktor chaqirdi, tayinlangan vaqtlarda dori ichirib turdi, kechalari mijja qoqmay yonida o'tirdi, o'zi ovqat tayyor-ladi va har kuni yuz martalab:
— Aka, bir oz tuzuk bo'ldingiz-a? — deb so'rab turdi. Nihoyat, pochta mudiri bir oz tuzalib, darmonsizroq bo'lsa ham o'rnidan turdi.
«Yo'q, nima bo'lsa ham bu yerdan ketish kerak» — deb ahd qildi u. Bu qishloq havosining yomonligini bahona qilib, boshqa joyga ishga qo'yishlarini so'rab Kalkuttaga ariza yubordi.
Roton esa, kasalga qarashdan bo'shab, yana eshik orqasidagij oyida o'tirardi. Pochta mudiri endi uni chaqirmaydigan bo'ldi. Qiz ba'zan sekingina uyga kirib qarar, uni stulda o'tirib bo'shliqqa beparvo tikilgan holda uchratar yoki karavotda uxlab yotganini ko'rardi. Roton, u chaqirib qolmasmikin, deb jon qulog'ini tikib turgan bu kunlarda, pochta mudiri o'z arizasiga intizorlik bilan javob kutardi. Qiz eshik orqasida o'tirib, eski darslarini minginchi marta takrorlar: birdan chaqirib qolsa, darslarni unutib qo'yaman, deb qo'rqardi.
Shu zaylda bir hafta o'tdi. Nihoyat, bir kuni kechki payt pochta mudiri uni chaqirib qoldi. Rotonning yuragi o'ynab, chopgancha uyga kirdi.
— Aka, chaqirdingizmi?
— Roton, men ertaga ketaman, — dedi pochta mudiri.
— Qaerga, aka?
— Uyga.
— Qachon qaytib kelasiz?
— Endi qaytib kelmayman.
Roton boshqa hech narsa so'ramadi. Pochta mudiri o'zi iltimosnoma yozgani, unga rad javobi kelgani, endi ishdan bo'shab uyga ketayotgani haqida so'zlab berdi. Ular anchagacha xomush o'tirdilar. Chiroq xira yonar, o'rtaga qo'yilgan yog'och tovoqqa shiftdan bir me'yorda chakka tomib turardi.
Bir ozdan keyin Roton asta o'rnidan turib, non yopish uchun pechka yoqqani ketdi. Ammo bu gal uning qo'llari ishga qovushmadi: boshidagi ming xil xayollar unga orom bermasdi. Ovqatdan keyin qiz qo'qqisdan so'rab qoldi:
— Aka, siz meni birga olib ketmaysizmi? Pochta mudiri kulib yubordi:
— Qandoq qilib?
Yigit uni nima uchun olib ketolmasligini tushuntirishni lozim ko'rmadi, ammo Rotonning quloqlari ostida tun bo'yi pochta mudirining istehzoli ovozi yangradi: «Qandoq qilib?»
Ertasiga pochta mudiri o'rnidan turib qarasa, yuvinish uchun suv tayyorlab qo'yilibdi. U Kalkutta odatiga muvofiq, uyda yuvinardi. Qiz undan qachon jo'naysiz deb so'rashga botinmaydi, shuning uchun hamma narsani barvaqt tayyorlab qo'yish niyatida kechasi suv tashib qo'ygan edi. Yuvinib bo'lgach, pochta mudiri Rotonni chaqirdi. Qiz sekin kirib, xo'jayinining farmonini jimgina kutib turdi.
— Roton, — dedi yigit, — mening o'rnimga keladigan kishiga sening holingdan xabar olib turishni tayinlab qo'yaman. Hech narsadan tashvish tortma.
U bu gapni samimiy, erkalatuvchi ohangda aytganiga shubha yo'q. Biroq, ayol qalbini kim bilsin? Qiz tez-tez xo'jayinidan so'kish eshitsa ham, lom-mim demay chidab kelardi, ammo g'amxo'rlik bilan aytilgan bu muloyim so'zlarga toqat qilolmadi.
— Yo'q-yo'q, mening haqimda hech kimga hech narsa demang! Men bu yerda qolishni istamayman, — deb ho'ngrab yubordi qiz.
Pochta mudiri Rotonni hech qachon bunday hayajonda ko'rmagan edi, qizning hozirgi holati uni hayron qoldirdi.
Yangi pochta mudiri keldi, qahramonimiz ishni unga topshirib ketishga hozirlana boshladi. Jo'nash oldida, u qizni yana chaqirdi.
— Roton, men senga biror marta, biror narsa bilan yordam qila olmadim. Hozir senga beradigan narsam ham bir necha kunga yetadi, xolos...
U cho'ntagidan maoshini chiqarib, o'ziga yo'l hara-jati uchun andak oldi-da, qolgan pulni qizga uzatdi, ammo Roton tiz cho'kib, uning oyoqlarini quchoqlab, qichqirdi:
— Aka, sizdan yolvorib so'rayman, menga hech narsa, hech narsa kerakmas. Mening haqimda birovning o'ylashi ham kerakmas, — deb, uvvos tortgancha qochib ketdi.
Pochta mudiri og'ir so'lish oldi, so'ngra yoi-yo'l qilib bo'yalgan chamadonini hammolning boshiga qo'yib, xaltacha va soyabonini olib, asta borib qayiqqa tushdi.
Qayiq yurib ketdi, yomg'ir suvi bilan toshgan daryoning to'lqinlari, yer qa'ridan otilib chiqqan ko'z yoshiday jo'sh urganda, yigit qalbida zo'r achinish hissi pay do bo'ldi. Uning ko'z o'ngida oddiy dehqon qizining iztirobdan bujmaygan chehrasi namoyon bo'ldi, go'yo bu yuzda butun olamning g'am-alamlari aks etganday tuyulardi. Pochta mudiri, orqaga qaytib, shu tobda butun olam voz kechgan bu yetimcha qizni olib ketay, deb ham o'yladi. Biroq shu chog'da yomg'ir yana kuchayib, qattiq shamol yelkanlarni surib ketdi. Tezdan qishloq uzoqda qolib, daryo bo'yida qabriston ko'rindi. Daryoning tez oqimiga mahliyo bo'lgan pochta mudirining loqayd qalbi shunda yangi bir haqiqatni kashf etdi: hayotda nima ko'p — uchrashuv va o'lim. Bas, qaytishning nima hojati bor? Bu dunyoda hech kim, hech kimga tobe emas.
Biroq, Roton bu falsafa bilan o'ziga tasalli berolmadi: hozir qiz ko'zlaridan yosh to'kib, pochta idorasi atrofida aylanardi. Uning yuragida hali ham umid uchqunlari bor, uning nazarida akasi qaytib keladiganday tuyular, shuning uchun uydan sira nari ketolmas edi.
Qani endi ko'ngil aqlning dalolatiga bo'ysunsa! Yo'q, u o'zicha yashaydi: xatosiga iqror bo'lmaydi, mantiq qonunlariga arang bo'ysunadi, kuchli dalillar bilan hisoblashmay, soxta narsalarga behuda umid bog'laydi. Vaqti bilan bu umid ko'ngil mulkini vayron etib, oxiri bizni tark etadi. Tushuncha esa, yana qaytib o'z o'rnida qaror topadi, ammo ko'ngil yana qayta xato qilib qo'yishdan qo'rqadi.

1891-yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.