OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Tashna toshlar (hikoya)

Biz uni poezdda uchratdik: do'stim ikkovimiz Pudja  bayrami munosabati bilan mamlakat bo'ylab qilgan safarimizdan Kalkuttaga qaytib kelmoqda edik. Libosiga qarab biz uni g'arbiy viloyatlarning musulmonlaridan deb o'yladik. Lekin uning gaplari bizni libosidan ko'ra ko'proq hayratga solib qo'ydi. U har xil narsalar va hodisalar xususida shunady muhokama yurgizardiki, go'yo parvardigori olam hamisha va birinchi galda u bilan bamaslahat ish qiladiganday. Shu choqqacha biz olamda qanday g'aroyib hodisalar ro'y berayotganini bilmay bamaylixotir yashab kelgan ekanmiz. Ruslarning nechog'li ilgarilib ketgani, inglizlarning qanday yashirin rejalari borligi va mahalliy rojalar orasida qanday chigalliklar ro'y berayotgani haqida hech narsa anglamay yurardik. Bizning yangi oshnamiz mug'ambirona jilmayib:
— Yeru ko'kda ko'p g'aroyibotlar bor, Goratsio, ammo ular haqida sizning gazetalaringizda hech qanday axborot berilmaydi, — dedi.
Biz birinchi daf’a o'z uyimizdan chiqib musofirotga qadam qo'yganimiz uchunmi, har nuchuk, u kishining xatti-harakatlari bizni tamom hayratda qoldirdi. U odam har narsadan munosabat topib, o'z bilimdonligini namo-yish qilar, vedlardan  dalillar keltirar yoki birdan forsiy she'rlar o'qir edi. Biz olimlik da'vosidan yiroq bo'lib, ved va fors tilidan ham yetarli bahramand bo’lmaganimiz sababli, bu kishiga bo’lgan ehtiromimiz tobora ortardi. Mening taqvodor do'stim esa, hatto, bu odam biror sehrli kuch bilan yoki samoviy mavjudotlar vositasila yoinki shunga o'xshash boshqa biror vosita orqali narigi dunyo bilan aloqador degan e'tiqodga kelib qoldi. Shuning uchun u, bu g'ayritabiiy odamning eng oddiy so'zlarini ham zo'r maroq va cheksiz ehtirom bilan tinglab, ohista yoza boshladi. Menga, bu sirli shaxs o'zi qoldirgan taassurotni payqab, mamnun bo'lganday tuyulardi.
Poezd katta stansiyaga keldi. Biz boshqa poezdni kutib vokzalga kirdik. Kech soat o'n bir yarim edi. Bizga, yo'lda allaqanday hodisa ro'y bergani uchun poezd kechikib keladi, deb xabar qildilar. Men to'shaklarimni stolga yozib, bir oz mizg'ib olmoqchi bo'ldim. Biroq, haligi g'alati yo'ldoshimiz yana hikoya qila boshladi. Shunday qilib, men o'sha kechasi ko'z yummadim.
Jugantorida ma'muriyat bilan kelisholmay, ishni tashlab, Haydarobod hokimiga xizmatga kelganimda, men yosh va sog'lom edim, shuning uchun meni Barichga paxtadan soliq yig'ish ishiga tayinladilar.
Barich juda so'lim joy. Tog' etagidagi quyuq o'rmonlar orasidan go'yo mohir raqqosadek buralib, eshilib, tosh poyandoz ustidan shovillab chopqir Shusta daryosi oqadi. Daryo sohilida, undan bir yuz ellik zina yuqorida, tog' etagida oq toshdan yasalgan tanho saroy qad ko'targan; bu yaqinda boshqa uy-joy yo'q, paxta bozori va Barichning o'zi bu yerdan ancha yiroq.
Taxminan ikki yuz ellik yillar muqaddam shoh Mahmud Ikkinchi kayfu safo surish uchun bu kimsasiz joyda saroy qurdirgan edi. U chog'larda cho'miladigan xonalardagi fontanlardan atirgul suvining muattar hidi anqir edi. Fontanlardan sachragan suv tomchilari bilan salqinlangan ayrim xonalarda sovuq marmar kursilarda o'tirgan eron qizlari cho'milish oldidan sochlarini yozib, gul bargiday go'zal oyoqlarini fontandan oqqan zilol suvlarga tutib, tizzalariga setor qo'yib chalar, xonalarda g'azalxonlik yangrardi.
Hozir bu fontanlar ishlamaydi; ashula sadolari ham tingan; oq marmarlarda xiromon yurgan go'zallarning oyoq sharpasi ham eshitilmaydi, hozir bu yer — menga o'xshash soliq yig'uvchilar, tanholikdan zoriqqan, toliqqanlar uchun huvillab yotgan juda katta joy bo'lib qolgan. Idoramizning eski xizmatchisi Karimxon meni bu saroyda tunab qolma, deb ogohlantirgan edi. U, bu joyga faqat kunduzi kelgin, lekin kechasiga sira-sira qola ko'rma, degan edi. Men bunga javoban kulibgina qo'ygan edim. Xizmatchilar ham, biz u yerda kunduzi ishlaymiz-u, kechasi qolmaymiz, degan edilar. «Mayli, xohlaganlaringcha bo'lsin» javob berdim men. Bu uy shunday yomon shuhrat chiqargan ediki, hatto o'g'rilar ham kechasi kirishga botinmas edilar.
Birinchi davrda bu tashlandiq tosh saroyning odamsizligi meni qandaydir vahimaga solganday bo'ldi, men imkon boricha bu uyga kunduzi kelmaslikka tirishardim, faqat kechasi charchagan holda qaytib, yotiboq darhol uxlab qolardim.
Ammo oradan bir hafta o'tmay, bu qasrning odatdan tashqari sehri meni chulg'ab ola boshladi. Mening u davrdagi ahvolimni tasvirlash qiyin, lekin mening so'zlarimga ishonish undan ham qiyinroq. Bu bino go'yo tirik organizmday, asta-sekin meni o'z komiga torta bosh¬ladi.
Ehtimol bu hol men saroyga kirgan kuniyoq boshlangandir, lekin men buning nishonalari ko'ringan kunning ba'zi hodisalarinigina aniq eslayman. Allaqachon jazirama kunlar boshlangan, bozor katta emas, binobarin men deyarli ishlamas edim. Bir kuni, quyosh botmasdan ancha ilgari, saroy zinapoyasi oldidagi kresloga o'tirdim. O'shanda Shustaning suvi ozayib sayoz bo'lib qolgan edi, botayotgan quyosh shu'lasida qarshi sohilning sayozliklari yarqirab ko'rinardi, oyog'im ostida esa, sayoz va musaffo suv tagida rang-barang toshlar yarqirardi. Shabada yo'q, daraxt barglari qimir etmasdi. Yaqin adirlardan kelgan arpa badiyonning o'tkir hidi anqib, sokin havoni to'ldirdi.
Quyosh tog' cho'qqilari orqasiga yashiringan hamon kun sahnasiga katta qora parda tushdi, tog'lar yaqin bo'lganidan, quyosh botgach, bu yerda yorug'lik va qorong'ilikning bir-biriga qo'shilishi uzoqqa cho'zilmaydi. Ot minib sayohat qilgim keldi, biroq kreslodan turishim bilan zinapoyadan oyoq tovushi eshitildi. Qayrilib qaradim — hech kim yo'q.
Bu — tuyg'ularning aldashi deb o'yladim-da, yana qaytib joyimga o'tirdim. Shu zahotiyoq yana oyoq tovu¬shi eshitildi, zinapoyadan pastga qarab bir necha kishi chopganday tuyuldi. Yuragimni allaqanday qo'rquv aralash shodlik hissi qoplab oldi. Zinapoyada hech kim yo'q edi, ammo mening nazarimda bir to'da quvnoq qizlar zinapoyadan bu yoz oqshomida Shustaga cho'milgani tushib ketayotganday tuyulardi. Garchi oqshom qorong'iligida na tog' etagidan, na daryo sohilidan, na bo'm-bo'sh saroydan hech qanday ovoz chiqmagan bo'lsa-da, men, yonimdan bir-birlarini quvib, chopib borayotgan cho'miluvchi qizlarning yangragan kulgilarini barala eshitdim. Ular go'yo meni payqamasdilar, ular men uchun sir bo'lganday, men ham ular uchun sir edim, ko'zga ko'rinmas edim. Daryo boyagiday tinch, ammo men cho'miluvchi qizlarning jarangli bilaguzuklar bilan bezatilgan qo'llari tekkanda zilol suvning qanday to'lqinlanishini, bir-birlariga suv sepishlarini va oyoqlarini shapillatib suzganda osmonga behisob marvarid tomchilar yarqirab sachrashini juda ravshan tasavvur qilardim.
Ko'nglimni tushunib bo'lmaydigan bir hayajon qoplab oldi: bu — qo'rquvmidi yoki shodlik hissimidi, yoinki insonga xos bilish-anglash istagining tug'yonimidi — o'zim ham bilmayman. Shularning hammasini ko'rish havasi vujudimni qamrab olgan edi. Men diqqat bilan tikildim, ammo ko'z o'ngimda deyarli hech narsa ro'y bermadi, ko'rinmadi. Quloq solsam, ularning so'zlarini anglaydiganday edim, ammo men qancha quloq solmay, o'rmondagi chigirtkalarning chirillashidan boshqa hech narsa eshitilmadi. Oldimda go'yo ikki yarim asrning qora pardasi hilpillab turardi, — vahm bilan uning bir chetini qayirdim: u yerda juda ko'p odamlar to'plangan, biroq quyuq zulmat ularni ko'rishga halal berardi.
Qo'qqisdan qattiq shamol turib, sokin va og'ir havoni titratib yubordi. Jim oqayotgan daryo sathida suv parisining sochlariga o'xshash yengil mavjlar qo'zg'alib, daryo bo'ylab chopa ketdi; oqshom qorong'isiga burkanib olgan o'rmon qattiq uyqudan uyg'ongandek shamoldan guvillay boshladi. Buni tush deb ataysizmi, o'ng deb ataysizmi, ixtiyor sizda, ammo mening ko'z o'ngimda namoyon bo'lgan bu ikki yarim asrlik voqealar bir lahzada g'oyib bo'ldi. Mening tasavvurimda bunyodga kelib, ovozsiz, lekin menga baralla eshitilib turgan quvnoq xandalar bi¬lan jismsiz oyoqlarida yonimdan parday yengil uchib o'tgan bu mavjudotlar hali nozik lablarini tishlab, ho'l liboslarining suvini siqib qaytganlaricha yo'q. Shamol muattar hidlarni taratgandek, ular ham g'oyib bo'ldilar, bahor nafasi ularni olib ketdi.
Men, ilhom parisi bu joylarning tanholigidan foydalanib yelkamga chiqib olmasaydi, deb qo'rqdim. Ko'rinib turibdiki, bu sho'x ma'buda paxta soliqlari hisobiga yashovchi men zahmatkashni bir baloga giriftor qilmoqchi. Men tuzukroq bir ovqat yeyishga qaror qildim, chunki och qorin hamisha davosiz dardlarni vujudga keltiradi. Men oshpazni chaqirib seryog' va achchiq mo'g'ul taomlaridan buyurdim.
Boiib o'tgan voqealarning hammasi ertalab menga haddan tashqari kulgili tuyuldi. Kayfim chog' holda turib, odatda sohiblar kiyadigan po'kak qalpoqni kiydimda, izvoshga o'tirib, tizginni qo'lga olib otlarni «chuv» dedim. Izvosh yo'lda taraqlaganicha ketdi — men o'z ishimga jo'nadim, o'sha kuni uch oylik hisobot tuzishim loznn edi, binobarin, men kechroq qaytaman deb o'yladim. Ammo hali qosh qoraymay turib, uyga qaytgim kela berdi. Meni birov chaqirdi deb aytolmayman, lekin menga bundan ortiq hayallash mumkin emasday, birovlar menga intizor bo'lib kutayotganday tuyuldi. Hisobotni tugatmay, qalpog'imni kiydim-da, izvoshga o'tirib, ikki tomonida qop-qora shoxlar osilib turgan va kechki kulrang-qoramtir soyalar chulg'ab olgan kimsasiz yo'l bilan jo'nadim. Nihoyat, tog' etagidagi bu azim va sokin saroyga yetib keldim.
Zinapoya tepasidagi birinchi zal behad katta edi. Uning shiftlari uch qator muhtasham va azamat ustunlar tepasidagi arklarga bosh qo'yganday ko'rinardi. Bu zalning intihosiz bo'shligi kecha va kunduzi birday aks-sado berib turardi. Allaqachon kech kirgan bo'lsa-da, hanuz chiroq yoqilmagan. Eshikni bir itarib ochdim-da, zalga kirdim va darhol sezdimki, u yerda besaranjomlik boshlangan, go'yo ko'p odamlar o'rinlaridan qo'zg'alib, har biri bir tomonga — birov eshikka, birov derazaga va birov ayvonga qarab qochmoqda. Men hech narsani ko'rolmay, lol bo'lib qoldim. Qandaydir jozibador, qudratli his meni tamom qamrab olgan edi. Go'yo havoda allaqachonlar yo'qolib ketgan muattar hidlar anqir edi. Men muazzam bir zalda, qadimiy tosh ustunlar orasida turib eshitardim: oq toshlarga fontan suvlari sharillab quyular, kimdir setor chalardi, lekin qanday kuy ekanini men idrok etolmadim; goho oltin bezaklarning jaranglashi eshitilardi; goho mis gardishning sadosi yangrar, uzoq bir yerdan do'mbira ovozi kelar, billur zeb-ziynatlar jaranglab sado berar, ayvondan qafasdagi bulbulning hazin faryodi oqib kelar, bog'da o'rgatilgan oqqush sayrar — xullas mening atrofimda samoviy kuylar yangrardi...
Menda shunday bir hissiyot tug'ildiki, go'yo shu jismsiz, his etib bo'lmaydigan eng nozik hodisalar yer yuzasidagi birdan-bir haqiqat bo'lib, qolgan hamma narsa — aldovchi sarobdir. Mening — menligim, ya'ni falonchi, marhum otasining to'ng'ich o'g'li, paxta solig'i yig'ib to'rt yuz ellik rupiya ishlovchi odam ekanim, boshimda po'kak qalpoq, egnimda tor kamzul bo'lishi, otlami ham o'zim haydashim — bularning hammasi menga shunday kulgili, ma'nosiz ko'rindiki, o'zimni bu muazzam, sokin va bo'sh zalda xoxolab kulishdan tiyib qololmadim.
Shu chog'da mening musulmon xizmatchim, qo'lida chiroq bilan zalga kirib keldi. Ehtimol u meni aqldan ozgan deb o'ylagandir, bilmayman, darhol esladimki, men haqiqatda ham... Nath, marhum... Chandroning  to'ng'ich o'g'liman, yana bu dunyoda yoki undan tashqarida nomavjud fontanlar, tasavvur etilgan setorlarning ko'rinmas panjalar ostida sado chiqarib yangrashi mumkinmi-yo'qmi, — bu masalani hal qilish shoirlarimizning ishi deb o'ylab qo'ydim. Bir narsa shubhasiz haqiqat: men Barichda paxtadan soliq to'plab, to'rt yuz ellik rupiya maosh olaman. Bir necha minut ilgarigi ajoyib kayfiyatimni xotirlab kulib qo'ydim va ustida chiroq yonib turgan safar stoli yoniga o'tirib gazeta o'qiy boshladim.
Gazetani o'qib, mo'g'ul taomini yeb bo'lgach, burchakdagi bir xonada karavotga yotib, chiroqni o'chirdim. Kichkina derazadan o'rmon bilan qoplangan Orali tog'i ustidan kichik yulduzlar miltillab ko'rinib turardi, ular o'n millionlarcha mil yuksaklikdan yaramas safar karavotida yotgan muhtaram janob soliq yig'uvchiga tikilib qarardilar. Shu xususdan taajjublanib va fikrga tolib, ko'zimni uyqu elitganini sezmay qolibman. Qancha uxlaganimni bilmayman, ammo birdan seskanib ko'zimni ochsam — xonadan biror sas-sado chiqmas, biror kishi kirgani ham sezilmas edi. Menga tikilgan yulduz qorayib turgan chog’i orqasiga yashiringan, yarim oyning zaif shu'lasi, so'roqsiz kirgani uchun kechirim so'raganday, xonani arang yoritib turardi.
Men hech kimni ko'rmadim, lekin kimningdir meni turtayotganini aniq his etdim. Atrofimga qarab, bildimki, kimningdir uzuk taqqan panjalari meni o'ziga chorlamoqda.
Men ohista o'rnimdan turdim. Holbuki, aks-sado beradigan yuzlab bo'm-bo'sh zal va xonalardan iborat bu muazzam qasrda mendan boshqa biror jon egasi yo'q; meni har qadamda vahima bosib qotib qolardim, go'yo birovni uyg'otib qo'yaman deb qo'rqardim. Xonalarning aksariyati hamisha berk bo'lar, men ularga kirmasdim.
O'sha kechasi ko'zga ko'rinmas yo'lboshchim bilan, xomush, nafas ham olmay asta bosib qayoqlarga borganimni eslolmayman. Qancha tor va qorong'i yo'laklar, qancha havosi dimiqqan kichik va mahfiy hujralar orqah o'tganimni ham bilmayman.
Garchi yo'l boshlovchi qizni ko'rishim mumkin bo'lmasa ham, uning qiyofasi menga begona emas edi. U arabistonlik bo'lib, libosining keng yengidan ta'zim holatida tutgan oppoq qo'llari ko'rinar, bosh kiyimi ustidan tashlab olgan harir parda yuzini yopib turar, yoniga, esa, egri pichoq taqqan edi.
Men arab afsonalaridan alif laylo va layloning bir kechasini boshimdan kechirayotganday, go'yo uxlayotgan Bag'dodning tor va qorong'i ko'chalaridan allaqanday xatarli bir uchrashuvga borayotganday edim.
Banogoh yo'l boshlovchi qiz to'q-ko'k parda oldida to'xtab, barmoqlari bilan pastga ishorat qildi. U yerda hech narsa ko'rinmasa ham, dahshatdan tomirlarimda qon to'xtab qoldi. Shunda men parda oldida, yerda: afrikalik vahshiy bir og'aning oyoqlarini uzatib, tizzasiga yalang'och qilich qo'yib o'tirganini payqab qoldim. Hamrohim uning ustidan yengilgina hatlab o'tdi-da, pardaning bir chetini ko'tardi. Eron gilamlari to'shalgan xonaning bir burchi ko'rindi. Divanda za'faron liboslar orasidan ikki nozik oyoq, oltin va kumush iplar bilan baxiya tikilgan pushti baxmal kavushlar ko'rindi. Stolda ko'kish billur idishlarda olma, nok, purtaxol va uzum qo'yilgan, yoniga ikkita kichkina piyola bilan billur grafinda qahrabo rangli vino mehmonlarga muntazir edi. Xonada qandaydir xumorbaxsh narsani chekishdan paydo bo'lgan hid meni garang qila boshladi.
Men dahshatdan qaltirab, og'aning uzatilgan oyoqlari ustidan hatlab o'taman deb turgan choqda, u birdan seskandi va qilich jaranglab marmar polga tushib ketdi.
Kimdir, qattiq qichqirganday bo'ldi. Qarasam, men terga botib, o'z safar karavotimda o'tiribman. Endigina boshlangan tong yorug'ida o'roq shaklli oyning nuri juda zaif, xuddi tun bo'yi uxlolmay azob chekkan bemor rangini eslatar edi, jinni Magar Ali o'z odati bo'yicha, ertangi kimsasiz ko'chada yugurib baqirardi. «Ketinglar, ketinglar!»
Mening arab afsonalarimdan birinchi kecha shu zayl tugadi, yana ming kecha qoldi.
Mening kunlarim tunlarim bilan jangga kirishdi. Kunduzi uyqusiz kechalaraing xayollarini la'natlab xorigan holda ish boshlardim, ammo kech kira boshlagach, hamma mashg'ulotlarim arzimas, ahamiyatsiz, keraksiz va kulgili bo'lib tuyulardi.
Oqshom boshlanishi bilan g'alati bir sarxushlik holatiga kirib, go'yoki yuz yil orqaga qaytib, noaniq bir hodisaning qatnashuvchisiday bo'lib qolardim. Pidjak va tor shimlar endi menga kelishmay qoldi. Shunda boshimga qizil baxmal xoji do'ppi, keng ko'ylak, zardo'zi kamzul va ustidan shohi astar-avra to'n kiyib, guldor ro'molchamga atir sepib oldim, sigaretni tashlab, gul suvi bilan to'ldirilgan chilimni olib baland kresloga o'tirdim. Go'yo allaqanday g'ayritabiiy oshiq-ma'shuqlar uchrashuviga hozirlanganday edim.
Qorong'i quyuqlashib, ajoyib hodisalar boshlandiki, men uning tasviriga ojizman. Bahor shamoli sayr etib yurgan bu muazzam qasrda taajjub tarix sahifalari uchib yurganday tuyuldi. Ularning ba'zilari huzurimda bir lahza to'xtab, men o'qib ulgurmay, yana g'oyib bo'lardilar. Bu sahifalar iziga tushib, men butun tun bo'yi xonadan-xonaga chopib yurdim.
Uzilib qolgan shirin xayollar girdobida, halovatbaxsh xushbo'y hidlar, setor sadolari, sachragan zilol suv zarralari bilan to'la havoda birdan, za'far rangli keng cholvor, uchlari qaytarikli baxiyabof kavush, shoxi nimcha va zar popuklari oppoq peshonasiga tushib turgan qizil duxoba do'ppi kiygan bir nozaninning dilbar chehrasi chaqmoqday yarqirab namoyon bo'ldi.
Bu qiz mening aqlu hushimni olib qo'ydi. Men har kecha tush deb atalgan shaffof qasrning kishi adashadigan aylanma yo'laklari va yashirin xonalarida uni izlab yuradigan bo'lib qoldim.
Goho kechqurunlari, ikki sham bilan yoritilgan katta oyna oldida xuddi Shoh Jahonday o'zimga oro berib turganimda, ko'zgudagi aksim yonida birdan yosh eron qizining chehrasi namoyon bo'lardi. U boshini bir tomonga egib, iztirob to'la qora shahlo ko'zlari bilan himoya so'raganday menga nazar solardi, uning yoqut lablari men tushunmaydigan tilda bir nima deb pichirlar, yosh va go'zal sarv qomati, yengil raqs tushganday buralar, ko'zlari va tabassumi bilan oynaga dard, istak va shubha uchqunlarini separ, liboslari tovlanib ko'zdan g'oyib bo'lardi.
Birdan kuchayib, tog' o'simliklarining muattar bo'ylarini olib kirayotgan shamol shamni o'chirdi. Men o'zimga oro berishni to'xtatib, go'zal saroyimda karavotga cho'zilib, ko'zlarimni yumgancha huzurlanardim. Nazarimda, shamol esishi bilan, Orali tog'i xushbo'ylari bilan to'lgan xonalarning zim-ziyo bo'shliqlarida navozishlar, bo'salar, nozik qo'llarning bir-biriga chirmashgani eshitildi. Yangroq ovozlar qulog'imga nimalarnidir pichirlar, kimningdir xushbo'y va hayotbaxsh nafasi peshonamga tekkanday bo'lar, sohibjamollarning havodek yengil va harir pardalari yonginamda hilpillar, ba'zan yuzlarimga tegib ketardi. Sehrgar ilon borgan sari meni o'zining sarxush etuvchi halqasi bilan qattiqroq o'rab olganday tuyulardi; hayrat bilan chuqur xo'rsinib, dong qotib uxlab qolibman.
Bir kuni choshgohdan so'ng otliq aylanib kelmoqchi bo'ldim, kimdir meni tutib turganday edi, ammo bu kun men bunga hech qanday e'tibor bermadim. Sohiblarnikiga o'xshagan qalpog'im va kalta kamzulim yog'och mixda osig'liq turardi, ularni olib kiyaman deb turganimda, bir¬dan shamol ko'tarilib, daryodan qum, tog'dan xas-hashaklarni uchirib keldi, qalpog'im bilan kamzulimni ham havoga ko'tarib aylantira boshladi. Shamolga qo'shilib kulgi ovozlari yangradi; shamol va kulgi bir-biriga qo'¬shilib jaranglab avjiga chiqdi-da, birdan to'xtab qoldi.
Shunday qilib, men otliq sayrga chiqmadim, kulgili kamzulim bilan sohiblarnikiga o'xshash qalpog'imni ortiq kiymadim.
Yarim, kechada men yana karavotda o'tirib quloq soldim: kimdir shikoyat qilganday ingradi, uning qalbidan bo'g'iq faryod-fig'on eshitilardi, bu shunday taassurot qoldirardiki, go'yo karavot ostidan, yer tagidan, bu muazzam saroyning qo'rqinchli nam toshlari ostidagi lahaddan: «Og'ir uyqular va alam-angiz xayollarning zanjirlarini parchalab, meni xalos et, otingga mindir, ko'kragingga bosib, o'rmonlar oralab, dovonlar oshib, daryolar kechib, o'z uyingga olib ket! O, shafqat et, xalos qil!» deya qandaydir bir asira iltijo qilardi.
Men kimman? Qanday qilib men uni xalos etaman? Men o'z xayolimda yaratgan qaysi bir nozaninni bu besaranjom tushlar hukmronligidan olib ketishim kerak? E samoviy go'zallik, qachon va qaerda nash'u namo surgan eding sen? Qaysi daryoning salqin sohilida, qaysi xurmozor soyasida, qaysi biyobon og'ushida tug'ilgansan? Qaysi qaroqchi bedov seni, nihol shoxini sindirganday, ona qo'ynidan yulib oldi-yu, otga mindirib, shamol tezligida sahroning jazirama sarobida g'oyib bo'ldi? Ey asira, u seni kimning mamlakatiga, qaysi qul bozoriga olib keldi? Qaysi podshoh mulozimlari sening yosh, iffatli, hali barq urmagan go'zalligingni ko'rib, bir hovuch oltin berib, dengizlarning naryog'iga olib ketdi-da, oltin maofaga, o'tqizib, o'z hukmdorlariga tortiq qilishdi? Keyin-chi? Muzika — sarangi  sadolari, bilaguzuklarning jaranglashi va sherozning shaffof qahrabo rang sharobida aks etgan xanjarning yaltirashi, zahri haloyil va ehtiros bilan qiyo boqishlar. O, qanday cheksiz dabdaba va qan¬day tubsiz zindon! Ikki tarafdan yaltiroq bilaguzuklar taqqan kanizaklar katta yelpig'ich bilan yelpir, shahanshoh bo'lsa, marvaridlar qadalgan kavush kiygan oyoqlari ostida emaklar, eshik oldida xabash og'a  o'lim tangrisi, Yamaning elchisidek qilich yalang'ochlab turardi. So'ng qanday baloga giriftor bo'lding ey, biyobon chechagi? Ko'piklari hasad va makrdan iborat hadsiz hashamning qonli to'lqinlarida qanday mudhish o'lim yoki undan ham dahshatliroq shuhratga qarab suzding?
Shu mahalda jinni Magar Ali yana qichqirdi: «Ketinglar, ketinglar! Hammasi yolg'on, hammasi yolg'on!» Tong otdi. Xizmatchilar menga xat keltirishdi, oshpaz kirib, qanday taom tayyorlay, deb so'radi.
Men ketishga qaror qildim! Bu yerda bundan keyin qolish mumkin emas, shu kuniyoq bor-yo'g'imni yig'ish-tirib idoraga ko'chib keldim. Idoraning keksa xizmatchisi Karimxon kulimsirab qo'ydi. Men undan xafa bo'lib, indamay ishga kirishdim.
Kun kech kirgan sayin menda parishonxotirlik boshlandi. Go'yo allaqanday bir joyga borishim zarurday. Paxta hisobotlari menga butunlay keraksiz tuyuldi, hatto hokimning idora ishi ham menga sariq chaqaga arzimaganday ko'rindi. Atrofimda sodir bo'layotgan hamma narsa mening nazarimda ahamiyatsiz, ma'nosiz va sovuq ko'rina boshladi.
Qalamni tashlab, katta daftarni yopib, izvoshga o'tira jo'nadim. Otlarning kun botish chog'ida tosh qasr darvozasi oldiga borib to'xtashlarini ko'rib taajjublandim. Men darrov chopib zinapoya bilan qasrning ichiga kirdim.
Bu kun hamma narsa sokin. Qop-qorong'i xonalar go'yo jahl bilan qovoq solganday. Mening qalbim afsus-nadomat bilan to'lib-toshdi, ammo bu haqda kimga uzr aytishni, kimdan afv so'rashni bilmasdim. Horib-tolib qorong'i xonalarda kezardim. Mening, qanday bo'lmasin bir muzika asbobini olib, kimgadir murojaat qilib, ko’ylagim kelardi: «Ey ravshan chiroq! Sendan kechib, uchib ketishga uringan parvona o'lish uchun yana qaytib keldi. Uni kechir, qanotlarini kuydir, kul qil!»
Boshimga ikki tomchi tushdi. Orali cho'qqisi ustida bulutlar to'plangan edi. Zim-ziyo o'rmon va Shustaning qop-qora suvi harakatsiz qotib qoldi. Birdan hamma narsa: yer, suv va osmon larzaga keldi. Uzoq o'rmonlardan tishlarini irjayitirib chaqmoq chaqnadi, zanjirni uzib qochgan jinniday bo'ron qo'zg'aldi. Saroyning bo'm-bo'sh katta zallarining eshiklari taraqlab ochilib-yopilar, devorlar shikoyatomuz ingrardi... Hamma xizmatkorlar idorada bo'lgani sababli chiroq yoqadigan kishi yo'q. Bu zim-ziyo qorong'ida bir xotinning karavotim oldida o'zini gilamga tashlaganini aniq his etdim, u qaltirab sochlarini yular, uning oppoq go'zal manglayidan qon oqar, goho u kutilmaganda qattiq kula boshlar, so'ng tomirlari tortishib faryod etar, o'z liboslarini pora-pora qilib, yalang'och ko'kragiga urardi. Ochiq derazadan guvillab shamol kirib, sel uning kiyimlarini jiqqa ho'l qildi.
Tun bo'yi bo'ron pasaymadi, fig'onu nola to'xtamadi. Men behuda pushaymon bilan qorong'i xonalarda tentirab yurdim. Hech yerda hech kim yo'q edi, men kimga tasalli beraman? Kim bunday musibat chekmoqda? Ajabo, bunday devonavor dilxastalikning boisi nima?
Jinni yana qichqirdi:
— Ketinglar, ketinglar! Hammasi yolg'on, hammasi yolg'on!
Tong yorishdi. Magar Ali ham bu dahshatli saharda har kungidek saroy atrofida chopib, odat bo'lib qolgan so'zlarni aytib qichqirardi. Birdan mening boshimga shunday fikr kelib qoldi: ehtimol Magar Ali ham bir vaqtlar menga o'xshash shu saroy da yashagandir va hozir, hatto aqldan ozib, oxiri bu dahshatli tosh maxluqning changalidan qutulgan esa-da, o'zini chulg'ab olgan sehrdan ozod bo'lolmay, har kun ertalab uning oldiga keladi.
Shibbalab turgan selda men jinnining oldiga yugurdim:
— Magar Ali, nimasi yolg'on?
U javob bermay, meni bir chetga itarib yubordi, o'zi yovvoyi bir ovoz bilan baqirib, ilon avragan qushday saroy atrofida gir aylana boshladi. Go'yo o'zini himoya qilishga tirishganday, takror-takror qichqirar edi: «Ketinglar, ketinglar! Hammasi yolg'on, hammasi yolg'on!»
Bu shovqin-suronli saharda quyundek uchib idoraga — Karimxonning oldiga kirdim:
— Menga aytib ber, bu nima degan gap? Chol menga mana bunday hikoya qildi.
Qachonlardir bu saroyda ehtiroslar mavj urgan, qondirilmagan istaklarning alangasi yuraklarni yondirgan. Jafokash jonlarning ohu zori, qarg'ishlari va bajo keltirilmagan xohishlar bu toshlarga singib, ularni shunday och va tashna holga keltirganki, ular odamzod bu yerga qadam qo'yishi bilan uni yutib yuborishga urinadilar, bu yerda uch kun tunagan odamlardan, garchi evaziga aql-hushini yo'qotishga to'g'ri kelgan bo'lsa ham, salomat qolgan kishi faqat Magar Ali bo'ldi.
— Nahotki menga bundan qutulishning hech iloji bo'lmasa? — so'radim men.
— Bir chora bor, — javob berdi chol, — lekin u katta qiyinchiliklar bilan bog'liq, men hozir uni senga aytib beraman, ammo bundan ilgari sen bu atirgul bog'ida yashagan bir eron kanizagining tarixini biluving zarur. Dunyoda bundan ko'ra g'aroyibroq, bundan ko'ra qayg'uliroq voqea yo'q.
Shu paytda xizmatkorlar kirib, poezd yaqinlashib qoldi deb xabar qildilar. Buncha tez? Biz shoshilinch ravishda narsalarimizni bog'laguncha poezd keldi. Qandaydir uyqusiragan ingliz birinchi klass vagon derazasidan bo'ynini cho'zib, stansiyaning nomini o'qishga harakat qilardi. U bizning hamrohimizni ko'rib, uni o'z vagoniga chaqirdi, bizning biletlarimiz ikkinchi klass vagonga edi. Shunday qilib, biz bu babu kim ekanini bilolmadik va hikoyaning davomini ham eshitolmadik.
Men, ehtimol u odam bizni ahmoq deb o'ylab, masxara qilmoqchi bo'lgandir, uning bizga aytgan hikoyasi boshdan-oyoq uydirmadir, deb o'yladim.
Taqvodor do'stim bilan biz bu masalada bir fikrga kelolmadik va umr bo'yi yuz ko'rmas bo'lib arazlashdik.

1895-yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.