OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Tunda (hikoya)

— Doktor, doktor!
— Yana uxlagani qo'yishmadi, — to'ng'illadim men va zo'rg'a ko'zimni ochdim. Qarasam qarshimda bizning zamindorimiz Dokxinachoronbabu turibdi.
Men sakrab o'rnimdan turdim, kajava suyanchiqli stulni beriroq surib, mehmonni o'tqizdim-da, tashvish bilan yuziga qaradim. Kechasi soat ikki yarim edi.
Ranglari o'chgan, qo'rquvdan ko'zlari olaygan Dokxinachoron so'z boshladi:
— Bugun kechasi yana dardim tutdi. Sizning doringiz hech narsaga arzimaydi.
— Ehtimol siz vinoni ko'proq ichib qo'ygandirsiz, uyalinqirab luqma soldim men.
— Gap vinoda emas. Mening boshdan kechirganlarimni bilmasdan diagnoz qo'yishga urinib, katta xato qilyapsiz.
Tokchadagi chiroq past qilib qo'yilgandi. Men piligini ko'tardim, chiroq qattiq tutay boshlasa ham, uy bir oz yorishdi.
Men yelkamga choyshapni yopdim-da, ustiga gazeta yozib qo'yilgan yashikka o'tirib, u kishining tarixi eshitishga hozirlandim.
Dokxinachoron babu hikoyasini boshladi.
— Mening birinchi xotinim judayam qo’l-oyoqli ayol edi. O'zim esa u vaqtda uy-ro'zg'or ishlarini juda kam o'ylardim — yosh edim, she'riyatga berilib ketgandim, ko'nglimda Kalidas dostonining misralari yangrardi.
Hamrohimiz, do 'stimiz, uyimizning bekasi, 
Go'zallikning shaydosi, dil mulkin malikasi...
Lekin she'riyat mening xotinim uchun tamom yot narsa edi. U mening nafosatli gaplarimni eshitib, qahqaqa urib kulib yuborar va natijada, tabiiyki, mening go'zal kayfiyatim tamom barbod bo'lardi.
Indiraning fili Gangning haybat bilan oqishini ko'rib qo'rqqandek, mening she'riy satrlarim va oshiqona nafis so'zlarim ham uning kulgusidan lablarimda qotib qolardi. U xandon urib kulishga bag'oyat qobil edi.
Bir necha yil o'tdi. Men qattiq og'rib qoldim, isitmadan qaqshab, azob chekardim. O'lim yaqinlashib kelmoqda, sog'ayishdan deyarli umid uzilgandi. Doktorlar ham mendan qo'lni yuvib qo'ltiqqa urishgan edi.
Kim-qaysi qarindoshimiz bir braxmanni boshlab keldi. U menga tuyib, yoqqa bulangan o'simlik tomirini berdi. Shu tomir shifo berdimi yo taqdir shundaymidi, bilmayman, har nechuk tirik qoldim.
Men og'rib yotganimda xotinim bir daqiqa orom topmasdi. Zayifgina shu ayol o'lim tangrisi Yamaning ostonamizga kelib turgan elchisi bilan kechayu kunduz olishdi. U mening arzimas hayotimni xuddi emizikli bolasiday asrar, butun muhabbati, mehru shafqatini shunga sarf etar edi.
Uxlamas, yemas-ichmasdi, uning uchun olamda mendan bo'lak hech narsa yo'qday edi.
Yama ovi yurishmagan yo'lbarsday, meni o'z changalidan bo'shatdi, ammo u keta turib xotinimga dahshatli zarba berishga ulgurgan edi. Men og'rigan choqda u homilador edi, tez orada ko'zi yoridi, lekin bolasi o'lik tug'ildi. Shundan keyin, unda g'alati bir kasallik paydo bo'ldi.
Kasal chog'ida unga qarashsam uning jahli chiqardi.
— Nega bunday qilasiz? — derdi. — Odamlar eshitsa nima deydi?
Kechasi, uning isitmasi ko'tarilganda, men go'yo o'zimni yelpigan bo'lib, yelpigich bilan uni sal yelpisam, yelpigichni qo'limdan tortib olardi. Har safar, uning ba'zi ishlariga qarashib, ovqatga besh-o'n minut kechiksam, ta'na, nasihat, iltimos boshlanardi. Yordamlashish niyatida nimaiki qilsam, hamma vaqt uning noroziligiga duch kelaverdim.
— Erkak kishining haddan tashqari g'amxo'r bo'lishi yaxshi emas, — der edi u.
Siz bizning Boronagordagi hovlimizga borgandirsiz. Xotiringizda bo'lsa, u yerdagi uyimiz bog'ning ichida, bog' etagidan esa Gang daryosi oqib o'tadi.
Yotog'imizning janub tarafdagi derazasi oldida xoti¬nim bir oz yerni choptirib gulzor qilgan. Bu — bog'imizning ko'rimsizgina oddiy bir joyi edi. U yerda xushbo'y hidlar bilan rang-barang chechaklar ham yo'q, g'uch yaproqlar gullar jamolini to'sib yotmasdi. U yerda yosh nihollar o'sgan va lotincha yozuvli bayroqchalar tikilgan gultuvaklar ham yo'q edi. Gulzorda jasmin va atirgulning har xil navlari, sambit va tuberoz gullarigina o'sardi. Azim bakul daraxti soyasida oq marmar supa bo'lib, xo¬tinim sog' vaqtida uni har kun ikki daf’a yuvdirib tozalatardi. Yozda, uy ishlaridan bo'shagach, u shu yerda hordiq chiqarishni yaxshi ko'rardi. Bu pana yer edi, u yerda katerda yuradigan savdo xodimlariga ko'rinmasdan turib, Gangni tomosha qilish mumkin edi.
Xotinim yota berib zerikkanidan, bir oydin kechasi:
— Uyda qamalib yota bersang diqqinafas bolasan, kishi. Yuring, mening gulzorimga chiqaylik, — deb taklif qildi.
Men uni avaylab daraxt tagiga olib borib, marmar supaga asta yotqizdim. Uning boshini tizzamga qo'yib o'tirgim kelardi. Biroq u bu ishimni bari bir yoqtirmaydi, shuning uchun boshiga yostiq qo'ya qoldim.
Daraxtdan gulbarglar to'kildi, novdalar orasidan oy ko'rinib, bemorning ozg'in yuzlarini yoritdi. Atrof jimjit edi...
Men bo'lsam bog'ning muattar hidlar bilan to'la bu qorong'i burchagida o'tirib, xotinimga tikilgancha yig'lardim.
Yaqinroq o'tirib, ikki qo'lim bilan uning oriq issiq qo'llarini ushladim. U qarshilik qilmadi.
Dastlab xomush o'tirdim. Biroq qalbim nozik hislar bilan to'lib-toshganidan chidolmay:
— Sening muhabbatingni aslo unutmayman! — deb xitob qildim.
Jim turganim tuzuk edi, albatta. Xotinim kulib yubordi. Uning kulgisida xijolat, baxtiyorlik, shubha bor edi, lekin unda kinoya ko'proq edi. U go'yo so'zsiz e'tiroz bildirdi: «Azizim, bunday bo'lmaydi, meni aslo unutmasligingga ishonmayman», deganday bo'ldi.
Men ana shu qattiq, lekin achchiq kulgidan hamma vaqt qo'rqib, xotinimga bunday ko'ngilchan gaplarni aytishga botinmasdim. Xotinim yo'q vaqtda yuragimda toiib-toshgan shirin so'zlar uning huzurida tamom keraksiz bo'lib qolardi.
Kitobda o'qiganingda yig'latadigan jumlalar nima uchun uning shunday qattiq kulgisiga sabab bo'lishini men hanuzgacha tushunolmayman.
So'zga e'tiroz qilish mumkin, biroq kulgiga qanday javob berish kerak? Jim turishdan boshqa iloji yo'q edi.
Oy nuri yanada ravshanroq bo'ldi. Qaerdadir kakku nola qilardi. «Shunday kechada uning ma'shuqasi bu faryodni eshitmasligi mumkinmi?» — deb o'yladim men.
Zo'r berib davolashimizga qaramay, xotinimning salomatligi yaxshilanmadi. Shundan keyin doktor, iqlim o'zgartirilsa bemor shifo topar, deb maslahat berdi, biz Olloobodga jo'nadik.
Dokxinachoron hikoyani to'xtatib, menga g'alati qilib bir qaradiyu, boshini ushlab o'yga toldi. Chiroq pirpirab yonar, chivinning vizillashi barala eshitilardi.
Dokxinachoron hikoyani davom ettirdi:
— Olloobodda xotinimni doktor Xaran davolay boshladi. Vaqt o'tar, lekin bemorning ahvoli boyagi-boyagi edi. Axiyri, doktor bu dardning bedavo ekanligini aytdi, buni xotinim bilan men ham ko'pdan bilardik.
Bir kun xotinim menga bunday dedi:
— Aftidan men hech qachon tuzalmayman, lekin hali-veri o'lmasam ham kerak. Tirik murda bilan yana necha yil yashaysiz, noma'lum. Yaxshisi — uylaning.
U, bu gaplarni juda oddiy qilib gapirdi, bunda sun'iy balandparvozlikdan ham, ayanch fidoilikdan ham asar yo'q edi. U yaxshi va oqilona maslahat bermoqda edi, xolos.
Kulish navbati menga keldi. Biroq men uning o'ziday qilib kula olarmidim. Men xuddi roman qahramoniday viqor bilan jiddiy qiyofada:
— Toki jonim tanimda ekan... — deya so'z boshlashim bilan:
— Bas, bas! — deb norozilik bildirdi u. — Boshqa so'z hojat emas, eshitishga tobim yo'q.
Biroq, men yengilganimni tan olgim kelmay, davom etdim:
— Men hayotimda boshqa hech kimga ko'ngil qo'ymayman.
Xotinim yana xandon urib kuldi. Men dildorlikni to'xtatishga majbur bo'ldim.
O'sha vaqtda bu xususda o'z-o'zimga iqror bo'libmidim, bo'lmabmidim bilmayman, ammo hozir menga ravshan: u vaqtda o'ladigan kasalni parvarish qilib yurib ruhan tolgan edim. Bu ishni tark etarman degan fikr boshimga ham kelmagan, ammo endi umrim shunday o'tardi-da, deb o'ylash og'ir edi.
Hayhot, yoshligimda kelajakni fusunkor sevgi, go'zallik, baxt-saodat bilan to'la deb tasavvur etardim. Endi esa, ko'z o'ngimda qovjiragan, quvonchsiz, bepoyon sahro yastanib yotadi...
Xotinim mening charchaganimni payqardi, albatta. Endilikda yaxshi tushunib turibmanki, o'sha vaqtda men xotinim uchun, hali harflarni bir-biriga qo'shib yozishni o'rganmagan birinchi sinf bolasiday sodda va jo'ngina narsa ekanligimni o'zim bilmas ekanman.
Shuning uchun ham, men o'zimning shoirona flkrlarimni xuddi roman qahramoni singari qiroat bilan izhor eta boshlaganimda u muloyimgina, lekin kinoyali qilib kular edi. U, hamma sir-asrordan voqif parvardigorday meni o'zimdan ham yaxshiroq bilganini eslasam, uyalib o'lguday bo'laman.
Doktor Xaran bizning toifamizdan edi. U tez-tez meni uyiga taklif qilardi, ko'p o'tmay qizi bilan ham tanishtirdi. Qizi o'n beshga qadam qo'ygan bo'lsa ham, hali erga chiqmagan edi. Doktor, munosib kuyov topolmay turibman, deb hasrat qilardi. To'g'ri, eshitishimga qaraganda, qizning tarixida qandaydir tumanli jihatlar bormish. Lekin boshqa nuqsi yo'q edi. Uning bilimdonligi ham husniday barkamol edi.
Goho qiz bilan turli mavzularda suhbatlashib qolib, uyga kech qaytar, xotinimning dori ichadigan vaqtiga yetib kelolmasdim. U doktornikida mehmon bo'lganimni bilar, lekin buncha uzoq o'tirib qolasiz, deb so'ramas edi.
Go'yo sahroda sarob ko'rindi. Tashnalikdan toqatim toq bo’lganda, birdan, zilol suv oqib turgan chashmani ko'rib qoldim. Butun irodamni ishga solsam ham, undan bosh ko'tarolmas, orqaga qaytolmas edim.
Kasal yotgan xona yanada ko'ngilsiz ko'rina boshladi. Endi men kasalning holidan muntazam xabar ololmas, uning vaqtida dori ichishini kuzatmasdim.
Xaran babu bo’lsa:
— Sog'ayish umidi bo'lmaganidan keyin, bunday yashashdan ko'ra o'lgan yaxshi, — der edi ko'pincha, — bunday bemorlar o'zi ham azob chekadi, boshqalarni ham azobga qo'yadi.
Umuman olganda bu gap to'g'ri edi. Biroq, mening xotinim haqida shunday deyish mumkinmi? Doktorlar bemorlarga nisbatan juda ham berahm bo'ladilar, ular xoksar odamlarning ruhiy kechinmalarini qaerdan bilsin?
Bir kuni qo'shni xonada turib, tasodifiy ravishda, xotinim bilan Xaran babu orasidagi gapni eshitib qoldim.
— Mening hayotim azob-uqubatdan iborat bo'lib qoldi — deb shikoyat qilardi xotinim. — Menga shunday dori kerakki, doktor, uni ichay-da, tezroq o'lib, bu azobdan qutulay.
— Bunaqa gapning nima keragi bor? — ranjiganday e'tiroz bildirdi doktor.
Bu gapni eshitib ko'nglim juda buzilib ketdi. Doktor ketishi bilan kasalning karavotiga o'tirib, peshonasini ohista silay boshladim.
— Borib aylanib keling, uy juda dim, yo'qsa kechqurun yana ovqatga ishtahangiz bo'lmaydi, — dedi xotinim.
Aylanib kelmoq — doktornikiga borishdan iborat edi.
Taom oldidan bir oz sayr qilish juda foydali, deb men o'zim aytib yurardim.
Endi bilsam u mening hiylamni darhol sezib olgan ekan. Men ahmoq, u hech narsani payqamaydi, deb yurar ekanman. Dokxinachoron jim bo'lib qoldi so'ngra suv so'radi. Suv ichib bo'lgach, hikoyasini davom ettirdi:
— Doktorning qizi Monoroma mening xotinimni ko'rib kelmoqchi bo'ldi. Nechundir, bu gap menga ma'qul tushmadi. Ammo e'tirozga o'rin yo'q edi. Shunday qilib, bir kun oqshom payti u biznikiga kirib keldi.
O'sha kuni xotinimning ahvoli odatdagidan yomonroq edi. U ahvolining og'irligidan mukka tushib yotar, bo'zday oqargan yuzlari, musht qilib qisilgan qo'llari qattiq azob chekayotganini ko'rsatardi.
Kasal yotgan xona jimjit edi. Men uning bosh tomonida o'tirgandim. Boyoqish ayolning endi aylanib keling, deb aytishga ham majoli yetmasdi. Ehtimol, og'ir damlarida yonida bo'lishimni xohlagandir. Bemorning o'z dardini yengillatishga urinib, og'ir-og'ir nafas olishigina eshitilardi.
Kutilmaganda ostonada Monoroma paydo bo'ldi. Ko'ziga chiroq yorug'i tushib, qorong'i uyda hech narsani ko'rmadi shekilli, ostonada taysallab qoldi.
Xotinim qo'rqqanidan mening qo'llarimni ushlab:
— Kim bu?! — deb yubordi.
Notanish odamning paydo boiishi kasalni qo'rqitgan edi, u pichirlab o'z savolini yana bir necha marta takrorladi:
— Kim, kim bu axir? Men sarosimaga tushib:
— Bilmayman, — deb po'ng'illadim. Nazarimda birov meni xipchin bilan urganday bo'ldi.
— Ha, bu kishi doktorimizning qizlari-ku, — dedim bir ozdan keyin.
Xotinim menga qaradi, ammo men uning yuziga boqolmadim.
— Kiring, — dedi bemor zaif tovush bilan mehmonga va menga qarab: — Chiroqni olib keling, — yedi.
Monoroma bemorning yonida o'tirdi. Ular gaplashib ketdilar. Tez orada doktor ham keldi. U o'z dorixonasidan ikki shisha dori ham olib kelgan edi.
Doktor dorilarni ko'rsatib, kasalga tushuntira boshladi:
— Havorang shishadagi dorini badanga surkaysiz, mana bunisini ichasiz. Adashtirib qo'ymang, havorang shishadagisi kuchli zahar.
U, bu haqda meni ham ogohlantirib, shishalarni kasal yonidagi kursiga qo'ydi.
Hademay doktor xayrlashib, qizini ham qistadi.
— Dada, mening kasal oldida qolganim yaxshi emasmi, — so'radi qiz. — Axir, bu kishiga qaraydigan hech kim yo'q.
— Yo'q, yo'q, tashvish qilmang, jonim, — dedi xotinim. — Uyda keksa cho'rimiz bor, u meni o'z onamdek parvarish qiladi.
— Siz, xuddi Lakshmidek, hamisha o'zgalarga g'amxo'lik qilasiz, ammo o'zingiz tufayli biron begona odamning bezovta bo'lishiga yo'l qo'ymaysiz, — deb kuldi doktor keta turib.
— Doktor, erim ertadan beri dim uyda o'tiribdi, uni birga olib keting, ozgina bo'lsa ham sof havoda nafas olsin, — iltimos qildi bemor.
Xaran babu uning fikrini quvvatladi:
— To'g'ri, yuring biz bilan, daryo bo'yida aylanamiz.
Men yo'q deganday qo'l siltadim-u, ammo tezda shu taklifga rozi bo'ldim. Doktor xotinimni: dorilarga ehtiyot bo'ling, deb yana bir karra ogohlantirdi.
Men har kungidek kechki ovqatni doktornikida yeb, uyga kech qaytdim. Xotinim dardning zo'ridan jonini ko'ygani joy topmasdi.
— Ahvoling yomonlashdimi? — hovliqib so'radim men.
Gapirishga holi yo'q edi, menga so'zsiz nazar soldi.
Bo'g'ma dardi boshlandi.
Men vaqtni boy bermay, doktorga odam yubordim. U keldi, lekin gap nimada ekanini anchagacha tushunolmay turdi.
Dard borgan sari kuchayar edi...
— Badanga dori surkalganmidi? — xayolga botib so'radi doktor va kursidan havorang shishani olib qaradi. U bo'sh edi.
Shundan so'ng xotinimga murojaat qildi:
— Siz yanglishib bu dorini ichib qo'ydingizmi? Xotinim bosh egib tasdiqladi.
Doktor shu zahoti asbob olib kelish uchun uyiga jo'nadi — u kasalning ichlarini yuvmoqchi edi.
Men, birdan oyog'im singandek, kasalning oyoqlariga yiqildim. U meni yupatishga urinib, yosh boladay boshimni ko'kragiga bosdi. Qo'llari go'yo: «Xafa bo’lma, azizim, oqibati xayrli bo'ladi, sen baxtiyor bo'lasan, buni bilib men ham baxtli bo'laman», deyayotganday edi.
Doktor qaytib kelganda xotinim azoblardan qutulgan: uning hayoti ham, dardlari ham tugagan edi.
Dokxinachoron yana suv ichdi.
— Oh, juda ham dim-a, — deb uydan chiqdi-da, ayvonning u burchidan-bu burchiga yura boshladi.
Aftidan, ortiq gapirgisi yo'q edi. Ammo men, xuddi gipnozchiday, uning og'zidan so'zlarni sug'urib olmoqda edim, u yana hikoya qila boshladi.
— Doktorning oq fotihasi bilan men Monoromaga uylandim. Ikkimiz mening vatanimga qarab jo'nadik.
Monoroma mening oshiqona so'zlarimga kulmay, jid-diy turib quloq solardi. Uning qachon va nechun menga ishonmay qolganini sira tushunolmayman.
Bu orada men mayxo'rlikka berilib ketdim.
Bir kuni, erta bahorda, Monoroma ikkimiz Boro-nagordagi bog'imizda sayr qilib yurardik. Qosh qoraydi. Qushlar inlarida jim bo'lib qolishdi. Xiyobonning ikki tarafida qorayib turgan daraxtlarning barglari shitirlardi. Monoroma charchadi, ikki qo'lini boshiga qo'yib, sizga ma'lum marmar supaga yonboshladi. Men yonida o'tirdim. Daraxt osti timqorong'i bo'lib, osmonning yul-duz to'la kichik bir parchasi ko'rinardi, xolos. Qaerdadir, uzoqda osmondan daraxt soyasiga tushgan jimlikda chi-girtkalarning chirillashi yaqqol eshitilar, xuddi birov mayin o'rgimchak uyasini to'qiyotganday tuyulardi.
O'sha oqshom men andak sharob ichganim uchun kayfim yaxshi edi.
Ko'z qorong'iga ko'nikkandan so'ng supada yotgan xorg'in ayolning arang ko'ringan chehrasiga qarab rah-mim keldi. Nazarimda, u qo'l tegizib bo’lmaydigan jismsiz ko'lankaday tuyuldi.
Birdan daraxtlarning shoxlari alanga olganday bo'l-di — yangi oy astagina osmonga ko'tarilib borliqqa sarg'ish nur sepdi, bu nur oq marmar supani va unda yot¬gan horg'in ayolning chehrasini yoritdi.
Men toqat qilolmadim, xotinimga yaqinroq o'tirib, uning qo'llarini ushladim-da:
— Monoroma, sen ishonmaysan, ammo men seni sevaman. Men seni hech qachon unutmayman! — deb xitob etdim.
Shu so'z og'zimdan chiqdi-yu, birdan ko'nglim g'ash bo'lib qoldi — men bu gapni ilgari boshqa bir ayolga ham aytganimni esladim!
Shu onda oyning sarg'ish nurlari bilan yorishib turgan daraxtlar ustida Gangning sharq sohilidan qattiq qahqaha yangrab o'tdi: «Ha-ha-ha!»
Bu — qalblarga kirib boruvchi kulgimidi, g'amzali ko'ngilning faryodimidi, bilmayman, har holda men shu zahoti hushdan ketib, supadan yiqildim. Ko'zimni ochsam uyda, o'rnimda yotibman.
— Sizga nima bo'ldi? — deb so'radi xotinim.
— Sen u dahshatli kulguni eshitmadingmi? — qaltirab savolga savol bilan javob berdim men.
— Hech kim kulgani yo'q. Bizning yonimizdan bir gala qush uchib o'tdi, xolos. Siz qanotlarning sharpasini eshitgandirsiz. Shundan ham qo'rqqaningizga hayronman.
Kunduzi ularning qush ekanini o'zim ham angladim.
Darhaqiqat, yilning bu faslida shimoldan Gang sohiliga yovvoyi g'ozlar uchib keladi. Ammo kechalari meni yana vahima bosardi. Nazarimda, tepamda, osmon qorong'iligini qoplab bir gala g'oz turganday, sal narsaga qattiq qag'illab, tovushi olamni tutadiganday tuyulardi. Endi oqshomlari Monoroma bilan so'zlashishga botin-masdim.
Boronagordagi uyimni qoldirib, xotinim bilan daryo sayohatiga jo'nadik. Sarrin shabada vahimani sal tarqatdi.
Men bir necha kun o'zimni baxtiyor his etdim. Tabiat go'zalliklari Monoroma qalbining ko'pdan buyon berk darchalarini ochishga majbur etganday tuyulardi.
Biz Gangda suzib borib Padmaga yetdik. Dahshatli Padma uyquga tolib, mudragan oriq ilonni eslatar edi. Daryoning shimol qirg'og'ida, ufqqacha cho'zilgan kimsasiz, giyosiz chol yastanib yotar, unda qumlarning shirillashi eshitilardi. Janub qirg'oqda atrofi mango daraxti bilan qurshab olingan bir qishloqcha dahshatli daryo oldida qaltirab turardi.
Padma uyquda u yonboshidan-bu yonboshiga ag'darilarkan, nuragan qirg'oqlar shaloplagancha daryoga qulab tushar edi.
Shu yerda bir oz aylanib yurgim keldi — shuning uchun sohilga kelib to'xtadim.
Monoroma bilan sayr qilib yurib juda uzoqqa ketibmiz. Quyosh botdi. Uning so'nggi zarrin nurlari toiin oyning salqin ziyosi bilan qo'shilib ketdi. Hademay osmonda oyning o'zi qoldi, uning shaffof nuri cho'lni yoritib yubordi. Nazarimda, biz intihosiz, kimsasiz oy saltanatida ketayotganday edik.
Monoroma qizil ro'molga o'ranib olgan, na yuzi, na qomati ko'rinar edi. Sukunat cho'kib, atrofda cheksiz oq qumloqdan boshqa hech narsa ko'rinmagach, u qo'lini bo'shatib, mening panjalarimni qisdi. Pinjimga kirib, go'yo o'zini, o'z hayotini, yoshligini menga ishonib topshirganday bo'ldi.
Mening yuragim nozik hislar bilan to'ldi. «Uyning to'it devori orasida turib, muhabbatni hech qachon bunaqa his etmaysan, kishi», deb o'ylardim.
Ochiq, erkin, intihosiz osmon gumbazi bizning yagona boshpanamiz edi. Go'yo uyimiz yo'q, hamma to'siqlar olib tashlangan, orqaga qaytish hojat emas-u, biz qo'l ushlashib, oydin sahro bo'ylab keta beramiz.
Biz juda uzoqqa borib, qumloqda bir chuqurga duch keldik. Bu — Padma suvi toshganda hosil bo'lgan ko'lmak edi. Qumlar bilan o'rab olingan, uyqudagi singari sokin bu ko'lmak suvga oyning xira nuri tushib turardi.
Biz to'xtadik. Monoroma menga qarab, o'yga toldi. Boshidan ro'moli tushib ketdi. Men egilib uni o'pdim. Birdan kimsasiz, poyonsiz bu cho'lda kimningdir barala gapirgani eshitildi:
«Kim bu? Kim bu? Axir, bu kim?»
Ikkimiz ham cho'chib tushdik, ammo darrov bildikki, bu na odam, na arvoh, bu — sohilda yurgan suv qushlarining ovozi edi. Kechasi allamahalda inlari oldida sirli qadam tovushini eshitib, qushlar hurkkan edilar.
Biroq bizni vahima bosdi, shuning uchun darrov kemamizga qaytib yotdik. Charchagan Monoroma darhol uxlab qoldi.
Shunda kimdir mening bosh tomonimda turib, oriq panjalari bilan Monoromani ko'rsatib, qulog'imga shivirladi:
«Kim bu? Kim bu? Axir, bu kim?»
Men sapchib turib chiroqni yoqdim. Sharpa yo'qoldi, ammo shu onda tepamizdagi chodir va qayiqni larzaga keltirib, kecha zulmatida qattiq bir faryod ko'tarildi. Bu qichqiriqdan tomirlarda qon to'xtab badanimdan ter chiqdi. Bu dahshatli faryod Padmani kesib o'tib, u sohildagi shahar va qishloqlar ustida yangradi. U faryod butun mamlakat ustidan uchib, qit'alar ustidan parvoz etib, borgan sari ingichkalashib, qayoqqadir, yiroqlarga intilar, bu olamning intihosiga yetgach, ignaning uchiday ingichka bo'lib qolganday tuyulardi...
Men ilgari bu xil tovushlarni eshitmagan va shunday narsa bo'lar deb gumon ham qilmagan edim.
Bu paytda, mening boshimga butun cheksiz osmon joylashib olgan-u, ovoz qancha yiroqlarga borsa hard, miyamning chegarasidan o'tib ketolmas edi...
Men ortiqcha toqat qilolmay, chiroqni o'chirdim — shunday qilsam yengil bo'lar deb o'yladim. Qorong'i bo'lishi bilan haligi bo'g'iq ovoz yana takrorlana boshladi:
«Kim bu? Kim bu? Axir, bu kim?»
Qayiqda, tun jimligida, mening cho'ntak soatimga ham jon kirdi. Soat strelkasi Monoromani ko'rsatib, raqamlardan so'rardi:
«Kim bu? Kim bu? Axir, bu kim?»
Dokxinachoron murdaday oqarib, nafasi siqila boshladi.
Zamindorning yengidan ushlab turib maslahat berdim:
— Suv ichib oling.
Chiroq lip-lip qilib o'chdi. Bu vaqtda tong otgan, tashqari yop-yorug' edi. Qaerdadir qarg'a qag'illadi. Chumchuqlar chug'urladi. Uy yonidan taraqlab arava o'tib ketdi.
Dokxinachoronning chehrasi juda o'zgarib ketdi; qo'rquvdan asar ham qolmadi. Tungi bir vahima tufayli shuncha gapirib qo'ygani uchun o'zini o'ng'aysiz his etdi. Men ham uning ko'ziga yomon ko'rinib ketdim chog'i! Xayrlashmay, shartta o'rnidan turib, uydan chiqib ketdi. O'sha kuniyoq, yarim kechada mening eshigimni yana taqillatishdi:
— Doktor, doktor! — degan ovoz eshitildi.

1894-yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.