OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rene Aviles Fabila. Miriam (hikoya)

Miriam uyiga yetib kelgach, darhol ichkariga kirdi: u hech qachon qo‘shnilar bilan yoki xizmatchi ayol bilan laqillashib olish uchun to‘xtamasdi; salomlashdi va o‘z saltanatini dunyodan ajratib turuvchi eshik ortida g‘oyib bo‘ldi. Odamlar uning doim yolg‘izligini, hamma vaqt qayoqqadir shoshilib jo‘nashini, o‘zi esa go‘zal hamda mag‘rurligini, chiroyli kiyinishini ko‘rib turli xil taxminlar qilishardi: bu ayol – kinoaktrisa, yo‘q u  televidenieda ishlaydi, e yo‘q, u modalar uyida ishlaydi; ko‘pchilik hatto uning chiqishlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, deb qasam ichardi.
Miriam olib kelgan hamma narsasini – sut, non, konservalarni oshxonadagi stolga qo‘ydi. So‘ngra yotog‘iga o‘tdi va mo‘‘jazgina chorpoya ustida turgan chiroqni yoqdi. U ko‘zni qamashtiradigan yorug‘likni yoqtirmasdi, tungi chiroqlarni – ularning xira va mayin yog‘dusini xush ko‘rardi; unga nimqorong‘ulikda, shikasta nur va soyalar qurshovida yashash yoqimli edi. So‘ngra oshxonaga qaytib keldi va sovutgichga sutni qo‘yyotib kimdir yozuv mashinkasini chiqillatayotganini eshitdi. Qo‘shnilardan kimdir, studentmi, yozuvchimi bo‘lsa kerak. Yo‘q, juda yaqinda chiqillatishyapti, bunday aniq ovoz boshqa kvartiradan kelishi mumkin emas, Miriam sovutgichni yopdi. Yozuv mashinkasining chiqillashi sira tinmasdi, yana yaqin joyda. Ovoz xuddi uning mehmonxonasidan kelayotganday. Miriam oshxonadan turib qaradi. Unga qandaydir erkak kishi – u faqat sharpasinigina ajrata oldi - o‘tirib mashinkada yozayotganday tuyuldi. Lekin Miriamda mashinka ham, yozuv stoli ham, bunaqa katta kitob javoni ham – hozir ko‘rib turgan narsalarning hech qaysi hech qachon bo‘lmagan. U nimqorong‘u xonada o‘ziga orqasini qilib o‘tirgan jinsi shim va ko‘k-qizil katak ko‘ylakdagi yosh yigitni aniq ko‘rdi, u mashinkadan qog‘ozni chiqarib olayotgandi.  Miriam uning yuzini ko‘rolmadi. Hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q: Kimdir uning uyiga kirib olgan, axir uning ko‘zlari aldamaydiku, bu tush yoki xayol emas-ku. U ikkilangan kuyi yuqoridagi chiroqni yoqdi. Hammasi bir zumda g‘oyib bo‘ldi. Na yozuv stoli, na mashinka va na kitob javoni bor. Hammasi ilgarigiday: zamonaviy pardalar va yigitni qurshab turgan qadimgi buyumlar o‘rnida kreslolar.
Miriam bunga alohida e’tibor berib o‘tirmadi. Vosvos kasalligi-ku unga begona, lekin kinolar va u o‘qigan kitoblar, yakka-yolg‘iz ayolning o‘y va iztiroblari, uning uzoq vaqt xayolga qattiq berilishlari sohir orzularini ko‘ziga mavjud va erishilganday qilib, suratlar shaklida ko‘rsatishi mumkin. U Kasares*ning bir necha fantastik hikoyasini esladi: masalan uning “Paulina” hikoyasida o‘tgan asrlardagi manzaralarni, allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan narsalar va mavjudotlarni inson xayolan qayta yaratishi mumkinligi haqida gap boradi. Biroz o‘tib, Miriam bu narsalar haqida o‘ylamay qo‘ydi, u ishda o‘lguday charchaganligi uchun uxlagani yotdi.
Hammasi unutilib oradan bir necha kun o‘tgach, Miriam kechqurun uyga kelib yotoqxonasida chiroq yoqilganini ko‘rdi; qandaydir sirli nur boshqa xonalarni ham yoritib turardi. Biroz ikkilanib ichkariga kirdi, u boylik izlab hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yotgan o‘g‘rini ko‘rsam kerak deb o‘ylagandi. Lekin mehmonxona xuddi u ilgari mashinkada yozayotgan yigitni ko‘rganidagi holatda jihozlangan edi. Bu safar oyoq ostiga yam-yashil gilam ham to‘shalibdi. Ayniqsa kitoblar uning diqqatini jalb qildi, kitob haddan tashqari ko‘p edi. Yotoqdan shovqin eshitildi, u oyoq uchida o‘sha tomonga yurdi, qadam tovushini yumshoq, qalin gilam yutardi. U yerda gilos daraxtidan yasalgan, o‘rindig‘i chirmovuqdan to‘qilgan tebranma kursida kimdir chayqalib kitob o‘qib o‘tirardi, kitob uning yuzini to‘sgan edi. Miriam sekingina unga yaqinlashdi. Yigit kitobni tushirdi va Miriam bir lahza bo‘lsa ham uning yuzini ko‘rishga ulgurdi. Yigit va uni o‘rab turgan hamma narsa ko‘zdan yo‘qoldi, faqat kursining tebranishidan chiqqan ovoz bir necha daqiqa havoda aks-sado kabi turib qoldi.
Miriam endi bu yozuvchini (yigitning yozuvchi ekanligiga uning shubhasi yo‘q edi) yuzidan taniy oladi: yigirma sakkiz yoshlarda, sochlari qora, yuz tuzilishi kishini o‘ziga tortadi, xotirjam boquvchi ko‘zlari porlab turadi. U o‘z tanish-bilishlari orasidan  unga o‘xshaydiganini eslay olmadi. 
Keyingi haftalarda hech qanday yangilik yuz bermadi. Miriam o‘sha, ko‘zga ko‘ringan manzaraning takrorlanishini juda xohlardi, shuning uchun ko‘pincha uyida bo‘lishga harakat qildi, baribir befoyda. U kitob do‘konlaridan izlab ko‘rishga qaror qildi, nimani izlayotganligini o‘zi ham yaxshi tushunmasdi. Adabiy jurnallarni varaqlar, muqovalarini ko‘zdan kechirardi – balki xonasida ko‘rgan yigitning surati chiqib qolar. Lekin hammasi begona chehralar yoki mashhur yozuvchilarning surati edi. Uyiga qaytayotib xizmatchi ayolni uchratdi, u bu yerda yashovchilarning shaxsiy hayotini ipidan-iginasigacha bilardi. Miriam undan yigitni surishtirib ko‘rdi, u ilgari haqiqatan ham bu uyda bir yosh yigit yashaganini, xomushligidanmi, tundligidanmi doim jim yurishini, ko‘chaga ahyon-ahyonda chiqishini, doim bir olam kitob ko‘tarib yurishini aytdi.
 – Bilasizmi xonim, menimcha u yozuvchi edi, chunki mashinka chiqillayotgani doim eshitilib turardi. 
Miriam xizmatchi ayol aytgan ismni eslab qoldi, uning uyiga tez-tez kelib turadigan xatlarda bu ismni uchratgan edi, lekin u konvertlar bilan qiziqib o‘tirmas, iziga qaytarib yuborar yoki darbonga qoldirardi. Navbatdagi xat kelganda manzilini o‘qidi: Xuan Pablo Kasalga. Minotauro 509-4. Meksika.12, Markaz. Muallifi – ayol kishi. Miriam xatni ochmoqchi bo‘ldi. Konvertni buzmaslikka shuncha harakat qilsa ham bo‘lmadi, yirtildi. U xatni ochayotib shunday xijolat chekdiki, go‘yo birovning narsasidan foydalanayotganday, o‘g‘irlik qilayotganday sezdi o‘zini. Miriam o‘zining qarshisida paydo bo‘lish qudoati yoxud sehriga ega bo‘lgan, shu uydan ketib, shu uyda qolgan kishining shaxsiy hayotiga aralashayotgan edi. Pablo Kasal xohlagan har daqiqada paydo bo‘lishi va uning qilmishi uchun javob talab qilishi mumkin edi, buni Miriam his qilardi. Yo‘q uni hech kim bezovta qilmadi. Xat Lili Myuratdan edi, u javob yozishini o‘tinib so‘ragandi. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa ham, u haqda hech narsa bilmasligidan hasrat qilgandi. U hech bo‘lmasa bir necha satr xat yoki telegramma bilan javob berishni o‘tingan edi. So‘nggi bor uchrashishganiga ancha vaqt bo‘lgan bo‘lsa ham, hamon uni sevishiga qasam ichgandi. Hayajon bilan, asabiy yozilgan, ko‘ngilga uradigan darajada xunuk dastxat, deb o‘yladi Miriam. Ishqilib bu maktub Xuan Pablo haqida biror xabar eshita olmayotgan ayolning beqiyos sog‘inchu iztiroblaridan darak berib turardi. Xat Gavanadan kelgan edi.
Miriam maktubni o‘zining shaxsiy qog‘ozlari orasiga yashirib qo‘ydi va oradan ko‘p oylar o‘tsa hamki Xuan Pablo Kasalni ko‘ra olmadi, holbuki u buni juda istayotgan edi. Ammo bir kuni tungi soat uchlarda o‘zi uxlab yotgan xonada kimningdir besaranjom harakat qilayotganini sezdi, go‘yo birov uxlay olmay g‘azab bilan o‘rnida u yoqdan bu yoqqa ag‘anayotganday edi. Lekin karavotda yolg‘iz uning o‘zi yotgandi; Miriam o‘rnidan qimirlamasdan qorong‘ulikka diqqat bilan tikildi. Qarasa, yotoqda yana bitta karavot turibdi. Miriam sekin qo‘lini cho‘zib chiroqning tugmachasini bosdi. Xona nurga to‘ldi. U karavotning ustidagi g‘ijimlangan choyshablarga ko‘z tashladi; boshining tepasida, devorda Bosxanning “Huzur-halovat bog‘i” triptixidan hamda Remedios Varo, Rene Matritt va Kichik Breygelning suratlaridan ko‘chirilgan nusxalar osig‘liq turardi, yerda esa bir necha kitob sochilib yotardi.
Miriam o‘rnidan turib xonaning o‘rtasiga keldi. Breygelning “Isyonkor farishtalarning qulashi” asarini tomosha qildi. Ovozlar endi mehmonxonadan eshitila boshladi, kimdir buyumlarni taraqlatib yurardi. Miriam mehmonxonaga kirdi. Xuan Pablo Kasal – ha, bu xuddi o‘shaning o‘zi edi – bahaybat kitob javonidan nimanidir izlardi. 
 – Siz kimsiz? Bu yerda nima qilyapsiz? – dadillanib so‘radi Miriam.
Yigit go‘yo hech narsani eshitmayotganday edi, u qandaydir kitobni izlayotgandi, harakatlaridan juda hayajonlanayotgani sezilib turardi. U kitobni topgach varaqladi va sahifalaridan biriga tikilib qoldi. Qiz uning yuzini ko‘rolmadi, chunki Miriamga orqa o‘girib turardi. Yigit g‘olibona qichqirib yubordi va mashinka qopqog‘ini olib tashlab tez-tez chiqillatishga tushdi.
 – Marhamat qilib aytingchi, siz Xuan Pablo Kasalmisiz?
Mashinkaning chiqillashi qizning xayolidagina eshitila boshladi va qizning ko‘z o‘ngini quyuq bir tuman qopladi. Miriam uyg‘onib – bu vaqtda quyoshning yorug‘ nurlari parda oralaridan xonaga sizib kirayotgandi, – tunda yuz bergan voqeani esladi. Ikkinchi karavot turgan tomonga qaradi, nigohi bilan suratlarni, katta kitob javonini, yozuv mashinkasini izladi... Lekin faqat o‘z buyumlarini, odatdagi jihozlarni ko‘rdi xolos. Kasaldan nom-nishon yo‘q edi; so‘ngra u kitob do‘konlaridan betinim axtarganim, xizmatchi ayol bilan suhbatlashganim, xatni ochib o‘qiganligim natijasida tush ko‘rganman, umuman o‘sha yigitni ko‘p eslaydigan bo‘lib qolibman o‘zi, deb o‘yladi. Har holda bu tush emas edi, yuz bergan voqea juda aniq, shundoqqina ko‘z o‘ngida turibdi axir. Qiz qanday qilib yana o‘z o‘rnida paydo bo‘lib qolganligini eslolmadi xolos, qolganlari aniq – qo‘l bilan ushlab ko‘rsa bo‘ladigan darajada mavjud edi. Voqea ovoz eshitilganidan boshlab to qizning unga savol berguniga qadar shunday mantiqiy ravishda rivojlandiki, orada bir daqiqa ham uzilish yoki chalkashlik bo‘lmadi.
 – Mantiqiy va bexato voqealar rivoji, –  dedi qiz ovozini chiqarib.
Keyingi kunlarda Miriam juda band bo‘ldi. Reklama agentligidagi ishi uni butunlayicha yutib yuborganday edi. Baribir u yigitni tez-tez eslab turdi va turli xil taxminu tasavvurlarga asoslanib uning hayot yo‘lini o‘zicha tikladi. Menimcha, bu yigit ilgari shu uyda yashagan Xuan Pablo Kasalning o‘zi bo‘lsa kerak. U – yozuvchi; jihozlar, kitob va suratlar ham uning narsalari. Go‘yo kvartira uning xotirasini, vaqti-vaqti bilan paydo bo‘ladigan timsolini, qiyofasini saqlayotganday, hayotining unutilmas onlari bo‘lgan adabiy faoliyatiga qaytadan jon bag‘ishlayotganday edi. U oliy ma’lumotli, xizmatchi ayol aytganidek odamlarga aralashmaydi, ko‘p sayohat qilgan, Lili Myuratining xatlari ham bunga isbot bo‘la oladi; u qiz bilan Kubada tanishganiga shubha yo‘q.
Miriam yana kitob do‘konlaridan izlashga tushdi. U peshtaxta va tokchalarda turgan narsani diqqat va chidam bilan varaqlab chiqdi. U endi yigitning ismini bilar, sotuvchilardan uning asarlarini so‘rashi mumkin edi. Lekin Xuan Pablo Kasal haqida hech kim eshitmagan ekan. Bir do‘konda katta katalogni titkilab chiqdi, bu ham hech qanday natija bermadi. U tashnalik bilan izlayotgan ism hech qaerda uchramasdi. Bu uni haddan tashqari gangitib qo‘ydi. Bir xushmuomala va ko‘ngilchan sotuvchi, hali u yigit asarlarini adabiy jurnallarda va to‘plamlarda chiqarib yurgandir, alohida kitob qilib nashr ettirishga ulgurmagandir, deb aytdi. Na iloj, Miriam uchun yagona yo‘l qoldi. U intellektual yozuvchilardan birortasini ham bilmasligidan afsuslandi.
Miriam yana xizmatchi ayolning yoniga bordi. 
Undan ham biror yangilik eshitolmadi. Lekin bir voqea uni hayratda qoldirdi. Xuan Pablo Kasal ketayotgan joyini ham aytmay, birorta ham manzil qoldirmay uydan to‘satdan g‘oyib bo‘lgan. Kunlarning birida u narsalarini yig‘ishtirgan va ikki soatdan so‘ng kvartirani bo‘shatgan. Xatlarni olish uchun oyda bir marta o‘zi kelishini aytgan xolos. 
 – U-chi xonim, ketganidan buyon faqat bir marta keldi.
Miriam nima qilishini bilmasdi; u tunlari Xuan Pabloni izlab xonama-xona bedor yurib chiqar, hech bo‘lmasa mashinkaning tiqillashini eshitaman deb umid qilardi, lekin hammasi befoyda edi. Bir kuni hamkasabalaridan biri tug‘ilgan kuni munosabati bilan bo‘ladigan o‘tirishga uni taklif qildi. Miriam zerikayotgan edi, kinoga borgisi ham, kitob o‘qigisi ham kelmayotgandi. U mehmondorchilikda ko‘nglim yozilar deb o‘yladi. 
Miriamning ko‘zi boshqalardan ajralib turgan, tanish chehraga tushgunga qadar davradan davraga o‘tib yurdi. U g‘ayriixtiyoriy ravishda jilmaydi, lekin uning jilmayishi javobsiz qoldi. Miriam hayron bo‘ldi, yuzi juda ham tanish bo‘lgan bu odamni u ilgari qaerda ko‘rganikin-a: maktabdami, ilgari ishlagan joyidami... Esladi! To‘satdan, qandaydir g‘ayrishuuriy bir tuyg‘uning kuchi bilan: uning xonasida paydo bo‘lgan ana shu-ku, ana shu Xuan Pablo Kasal, qiziq, faqat endi bu yerda, shuncha odamlarning orasida, chiroqlarning ko‘zni qamashtiradigan yorug‘ida... Qiz xavotirlanib – u yana ko‘zga ko‘rinayotgan bo‘lishi ham mumkin-da – yigitga yaqinlashdi.
– Salom.
– Salom, - dedi u biroz hayron bo‘lib.
– Meni taniyapsizmi?
– Kechirasiz, nagadir taniyolmay turibman.
Miriamning hafsalasi pir bo‘ldi, buni yashirib ham o‘tirmadi.
Atrofda xursandchilik avjiga chiqayotgan edi.
– Buni qarang, – dedi Miriam biroz o‘zini qo‘lga olib, – men esa sizni juda yaxshi bilaman. Ismi sharifingiz Xuan Pablo Kasal, yozuvchisiz, Minotaurodagi besh yuz to‘qqizinchi uyning to‘rtinchi xonasida yashagansiz. Shunday emasmi?
Yigit hayratlanib unga tikildi. Nega endi umrida biror marta ko‘rmagan bu ayol – xotirasi ham chakki emas – u haqda shunchalik ko‘p narsa narsa biladi?
 – Shunday, lekin sizdan uzr so‘rashim kerak: men... sizni birinchi marta ko‘rib turibman.
Miriam jilmaydi. Yigit haq edi, qiz o‘zini o‘ng‘aysiz sezdi. Noqulay vaziyatdan chiqish uchun dedi:
 – Shuni bilib qo‘yingki, men Sherlok Xolmsning shogirdiman; qarshimdagi odam haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lish uchun unga bir bor ko‘z tashlasam kifoya.
Miriam Xuan Pabloni ish ustida ham, kitob o‘qiyotganda ham ko‘rgan edi, uning odatdarini ham, tasviriy san’atga qiziqishini ham bilardi va u yigitdan tortinmasdi, hazillashishga ham botinardi.
 – Yuring, chetroqqa chiqamiz, o‘sha yerda gaplashaveramiz. – Xuan Pablo uni ergashtirib ketdi.
 – Hammasini bir boshdan eshitishni xohlaysizmi?
 – Albatta-da.
 – Kulmaslikka so‘z bering.
 – So‘z beraman.
Shovqin-suron solayotganlardan imkoni boricha uzoqlashib, zalning oxiriga borishdi va suhbatlasha boshlashdi. Xuan Pablo hayratda edi. Miriam ko‘ziga ko‘ringan narsalar haqida batafsil gapirib bergach, yigit jilmaydi va ustimdan kulmayaptimikin, deb uning ko‘ziga tikildi.
Nihoyat u bu voqea juda ajoyib, hatto mo‘‘jizaviy ekanligiga iqror bo‘ldi va zo‘r bir fantastik hikoyaga syujet bo‘la olishini o‘yladi.
 – Tushunarli, men u yerda uzoq, qariyb besh yil yashaganman, lekin ogohlantirib qo‘yayki, men inson tanasi ma’lum bir joyda o‘zidan chiqarib qoldiradigan nurlarga ham, psixologik toklarga ham ishonmayman, ruhu arvohlarga ham ishonmayman, ashaddiy materialistman. Lekin san’atning kuchiga va sevgining sehriga ishonaman. Buni qarang, bolaligimda yarim odam, yarim hayvon yoki xayoliy maxluqlarning borligiga, ularning ko‘zga ko‘rinishiga qattiq ishonar edim, chiroyli, nozikkina bir qizcha sabab bo‘ldiyu ko‘zga ko‘rinadigan maxluqlar meni tinch qo‘yadigan bo‘ldi.
 – Endi esa qarashlaringizni o‘zgartirishga va men aytgan gaplarning hammasiga ishonishingizga to‘g‘ri keladi. Qasam ichaman, men sizning borligingizni va yozishingizni qanday aytgan bo‘lsam o‘shanday ko‘rganman va bilganman, siz bilan mana shu o‘tirishda borligimiz va gaplashayotganligimiz qanchalik haqiqat bo‘lsa aytganlarimning hammasi shunday haqiqat. Men bitta narsani hech tushunolmasdim, savollarimga javob bermasdan, meni payqamasdan siz nega, qanday qilib g‘oyib bo‘lardingiz.Siz o‘zingizning yozuvchilik ishingizga boshingiz bilan sho‘ng‘ib ketgan edingiz.
 – Shunday go‘zal qiz sen bilan gaplashib turgan paytda bunaqa narsalarga, hatto adabiyotga ham e’tiborni qaratib o‘tirish aqlsizlikdan boshqa narsa emas. Demak mo‘‘jiza uchun, Minotauradagi xonadonlardan birida men vujudimning  nurlarini qoldirganim uchun ichish kerak, balki o‘sha mening soyamdir. Garchi soyam shu yerda bo‘lsa ham qarang, u tuflilaringizga tushib turibdi.
Qo‘shilib kulishdi.
– Siz hech qachon kulmaydigan, jiddiy odam bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylovdim, – dedi Mariam.
– Mening ruhim jiddiy, o‘zim esa hazilkash va quvnoq odamman. Nima deb atalishini bilmaymanu, lekin o‘sha g‘ayritabiiy voqea tufayli siz bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganimga qattiq ishonaman. Yuring, biror narsa ichamiz.
Ular ichishdi. So‘ngra yana ichishdi va atrofdagilarni butunlay unutib raqsga tushishdi. Ikkalasi ham hayajonda, boshlarini bir-birlarining yelkalariga qo‘ygan kuyi raqsga tushishardi. So‘ngra “siz”ni “sen”ga almashtirishdi, so‘ngra o‘zlarining havas va qiziqishlari haqida gaplashishdi. Miriam ziyofatga kelganidan baxtiyor edi. Xuan Pablo esa shunday latofatli, go‘zal ayolni quchib turib, o‘ziga omad kulib boqqanligi haqida o‘ylardi.
Soat ikkiga zang urdi, Miriam atorofga alangladi: mehmonlar juda oz qolgan edi.
– Kech bo‘ldi shekilli. Ketish kerak.
– Seni kuzatib qo‘yishga ruxsat ber.
– Men mashinadaman.
– Men esa piyoda, baribir seni kuzatib qo‘ymoqchiman. Mening avvalgi – sening hozirgi uyinggacha boraman-da, keyin sen bilan xayrlashaman, yashaydigan joyim uncha uzoq emas.
– Menimcha, bu ajoyib bo‘ladi.
Mashinada ketayotib Miriam, nega u xatlarini olmasligini so‘radi.
– O’zim ham bilmayman, balki vaqt bo‘lmagandir, balki eringandirman, kim biladi.
– Sen birorta muhim xat kutayotganing yo‘qmi?
– Menimcha yo‘q.
– Ishonasanmi, – dedi  Miriam biroz o‘ng‘aysizlanib, – men senga kelgan xatlardan bittasini ochdim. U Gavanadan, Lili Myurat ismli ayoldan kelgan ekan.
– Buning ahamiyati yo‘q, qaytaga bu xat seni borib ko‘rishimga bahona bo‘ladi.
Miriam mashinani to‘xtatdi.
– Sen uchun bahona bo‘lishiga hojat yo‘q... Xohlasang hozir kirib, xatni olishing mumkin...
Xuan Pablo uning lablaridan o‘pdi, o‘pishish uzoq davom etdi. Nihoyat qiz yangi do‘stining ovozini eshitdi:
– Ha, men sening uyingga kirishni xohlayman.
Yetib kelguncha Xuan Pablo nega kvartirasini o‘zgartirganini, kitoblarni joylashtirolmay qiynalganini aytib berdi va qo‘shni ayol haqida so‘radi.
– Sendan yuqoridagi kvartirada yashaydi. Juda ajoyib ayol. Kichkina qizchasi bor. Eri yilda bir keladi va xiyonat qilmasligi uchun do‘pposlab ketadi.
– Menimcha u hozir bu yerda yashamasa kerak.
Miriam eshikni ochdi va Xuan Pabloga yo‘l berdi.
– Hamma narsa o‘zgarib ketibdi!
– Bilaman. Mana bu yerda katta kitob javoni turardi, mana bu yerda yozuv mashinkasi, bu devorda agar adashmasam Matrit, Remedios Varo va Breygelning suratlaridan ko‘chirmalar osilgan, gilam esa yam-yashil bo‘lgan.
– Ishonging kelmaydi! Haqiqatan ham ishonging kelmaydi! Axir men bu yerda yashaganimda hammasi shunday edi.
Miriam viski chiqardi va stakanlarga oz-ozdan quydi, ular o‘tirishdi va tonggacha adabiyot, kino, musiqa, tasviriy san’at haqida, o‘zlari borgan mamlakatlar haqida gaplashib o‘tirishdi. Ba’zan ulardan biri Xuan Pabloning hayratlanarli ravishda paydo bo‘lib qolganligini eslar, lekin ular darhol o‘zlari uchun mo‘‘jizaviy bo‘lib tuyulayotgan umumiy mavzuga qaytishardi.
Quyoshning o‘tkir nurlari derazadan xonaga quyilib kirgach, elektr chirog‘ining nuri xiralashib qoldi, Miriam hech bir gapni ko‘ngliga keltirmay, tabiiy bir ohangda yotib uxlashni taklif qildi. Xuan Pablo rozi bo‘ldi va go‘yo yengil kiyimini topmoqchi bo‘lganday hazillashib shkafning eshigini ochdi.
– E, qanday ko‘ngilsizlik! Faqat ayollarning tungi ko‘ylaklari. O qani endi qachonlardir shu yerda osig‘lik turgan mening ko‘ylaklarim paydo bo‘lib qolsa. Ko‘ryapsanmi narsalarning bir lahzada paydo bo‘lishining o‘zi yetmaydi, ular uzoq vaqt saqlanib ham turishi kerak ekan. Bilasanmi, mening bir g‘aroyib odam haqida hikoyam bor: u nimani ko‘z oldiga keltirsa, shu ondayoq paydo bo‘ladi. Biror vaqt senga o‘sha hikoyani o‘qib beraman.
– Ajoyib ekan. Jon deb eshitgan bo‘lardim.
Ular kulishdi, so‘ngra yotib, darrov uxlab qolishdi. Quchoqlashib.
Soat birlardan keyin Xuan Pablo uyg‘ondi va Miriamga tikilib qoldi. U uzoq vaqt nigohini uzolmadi. Qizning qizg‘ish-bug‘doyrang badaniga, qop-qora sochlariga qarab zavqlanardi. Miriam uning nigohini his qildi va ko‘zini ochdi.
– Sen endi tasavvur emassan, sen tiriksan.
Xuan Pablo o‘z kvartirasiga qaytib keldi. Buni Miriam xohladi. Chunki u endi Xuan Pablosiz yashay olmasdi.
– Agar sen shu yerda bo‘lsang, bu uy mening saltanatim bo‘ladi. Sening uyma-uy izg‘ib yuradigan soyang endi menga kamlik qiladi, sen menga tirik, bor bo‘y-basting bilan keraksan.
Xuan Pablo yo‘q demadi va bir kuni kechga tomon sumka to‘la kitob va yozuv mashinkasini ko‘targan holda kirib keldi, mashinkani u kichkina chorpoyaga o‘rnatdi.
Endi ular birga edilar. Miriam ham doimgiday ishga borar va kech soat oltidan keyin qaytib kelardi. Shanba va yakshanbalarda kuni bo‘yi uydan chiqishmasdi. Miriam bir xilda kechayotgan hayotlariga o‘zgarish kiritmoqchi bo‘ldi: u tushlikni ham birga qilishni istagan edi.
– Sen mening ishxonamga kelsang bo‘lardi.
Lekin Xuan Pablo buni xohlamadi.
U ishga ketgan paytda Xuan Pabloning nima bilan shug‘ullanishi Miriamga sir bo‘lib qoldi. Qiz ketayotganda u mashinkaga o‘tirar, qaytganida ham xuddi o‘sha holatda ko‘rardi, go‘yo yigit kun uzog‘i o‘rnidan turmaganday tuyulardi. Lekin Miriam bunday emasligiga, yigit doim ishlamasligiga ishonch hosil qildi. Bir kuni ertalab sahifaning raqamiga qaradi: bir yuz yigirmanchi; kechqurun Xuan Pablo tishini tozalagani ketganida mashinkada yuz yigirma birinchi sahifa turganligini ko‘rdi, u ham yarmigacha yozilgan.
– Bugun ko‘p ishlay olmabsan-a? – dedi u xonaga qaytib kirgan Xuan Pabloga sinovchan nazar tashlab.
– Ha, men o‘qidim. O’qish – bu yozuvchi uchun oziq. Men och edim, hozir ham ochman, seni yeb qo‘yaman...
U Miriamga tashlandi, quvnoq “kurash” bo‘ldi. Yigit o‘zini tishlamoqchiday qilib ko‘rsatdi. U esa qo‘lidan chiqib qochishga harakat qildi. Xuan birdaniga o‘yinni to‘xtatdi va televizor tomon yurdi.
– Esimdan chiqay debdi, axir men Edit Piter haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rmoqchi edim-ku.
Xuan Pablo televizorni sozladi, Miriam esa o‘zining savoliga yigit javob bermaganligini o‘yladi. Yuragiga shubha o‘rmaladi. Xuan Pablo frantsuz qo‘shiqchisiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvni ko‘rguncha, u yo‘q paytida yigit nima bilan shug‘ullanishi mumkinligini o‘zicha taxmin qila boshladi, bu haqda o‘zidan so‘rasam o‘ng‘aysiz bo‘lmasmikan deb o‘yladi. Axir u Xuan Pablo Kasalning kimligini bilmaydi-ku. Uning faqat nima ish qilishini, nima bilan shug‘ullanishini, sevishini oz-moz biladi xolos. U ilgari uylanganmi, bolalari, ota-onasi bormi, nima yozyapti? Xo‘sh bularni surishtirib aniqlashning o‘zida biror ma’no bormi? Axir qizning o‘zi uni bu yerga kelishga, birga yashashga taklif qildi-ku, birorta savol ham bergani yo‘q. Ayniqsa, endi savol berib o‘tirishning ma’nisi yo‘q. Asosiy narsa uning tarjimai holi emas, uning shu yerda ekanligi. Baribir qiz sekin-sekin, ehtiyotkorlik bilan so‘rab-surishtira boshladi, uning sevimli kishisi haqidagi hamma narsani bilgisi kelardi. Xuan Pabloda esa Miriamning o‘tmishi haqida bilish istagi yo‘qday ko‘rinardi, ma’lum bo‘lishicha u hamma narsadan xabardor ekan.
– Romaning qanday ketyapti? – bir kuni kechki ovqatdan so‘ng idish-tovoqlarni birga yuvishayotganda Miriam so‘radi.
– Yomon. Ozgina siljidi xolos. Aqling bovar qilmaydi, syujetini boshdan oxirigacha o‘ylab chiqdim, qaharamonlarimning yoshini, xarakterini, kelib chiqishini, ko‘rinishini, hammasini bilaman... Lekin ish joyidan siljimaydi. Bosh og‘riqning o‘zi, romanni yoza boshlaganimda sen bu uyda yashamasding, ota-onangning yonida eding, jurnalistikani o‘rganayotgan va qandaydir Pedro Rivasining qallig‘i eding. Mana, qachondan buyon buning ustida tirishib yotibman. Menimcha, eng asosiysi – kerakli ohangni topish, romanning uslubini tanlash.
Xuan Pablo nihoyasiga yetmagan ishi haqida rosa gapirdi. Miriam o‘zini eshitayotganday qilib ko‘rsatsa ham Xuan Pabloning Pedroni qaerdan bilishini, unga bu haqda hech narsa demaganligini o‘ylardi. Haqiqatan ham Miriam o‘zi haqida hech qachon, hech narsa demagan, bu haqda gap ketganda noaniq bir ishoralar bilan cheklangan edi. O’zi bunga hojat ham bo‘lmagandi: ularning ikkalasi ham shaxsan o‘zlariga tegishli bo‘lmagan mavzularda suhbatlashishni ma’qul ko‘rishardi. Miriam Xuan Pabloning so‘zlarini hech anglayolmayotgan edi. U esa o‘z romani haqida berilib gapirardi.
Ular uylaridan ahyon-ahyonda birga chiqishardi. Faqat kinoga yoki kitob do‘koniga borishardi xolos. Ha ularning o‘zlari aytganiday atrofdagi voqelikka chuqur kirishib ketishning hojati ham yo‘q edi.
– Shu devorlar qurshovida qamalib o‘tirish bizni hozirgi iflos jamiyatdan qutqaradi. – Darhol qo‘shib qo‘ydi: – Bilasanmi, Miriam, men o‘zimni hozirgi zamonning odami deb sira his qilolmayman. Bugungi voqelik meni dahshatga soladi. Zamon rasvo bo‘ldi. Men kitoblardan o‘qib bilgan ilgarigi davrlarni, o‘tmishni sog‘inaman, agar termoyadro urushi yo‘q qilib yubormasa insoniyatni ajoyib kelajak kutyapti, o‘sha kunlarda yashay olmasligim alam qiladi.
– Menda ham qariyb shunaqa tuyg‘ular kechadi. “Qariyb” deyapman, chunki men ana shu voqelikka, shu mamlakatga va shu jamiyat tuzumiga ko‘nikkanman.
– Men hech qachon ko‘nikolmasdim. Bu noqis, nomukammal jamiyatdan men hech narsa olmayman va uni o‘zgartirish uchun ham hech narsa qilolmasligimdan afsuslanaman. Adabiyot bilan esa inson tasavvur qilish, xayol surish tuyg‘usini yo‘qotmagan holda o‘zligini anglashi, topishi mumkin bo‘lgan mo‘‘jizaviy bir dunyo yaratish uchun; vaqt, hayot va o‘lim bilan o‘ynash mumkin bo‘lgan, imkonsiz narsalarni ham amalga oshirish mumkin bo‘lgan boshqacha dunyo yaratish uchun shug‘ullanaman; men xudoga o‘xshab o‘z shaklu-shamoyiliga ega, aniqrog‘i, o‘zimdan ham mukammalroq jonli mavjudot yaratishni xohlayman.
– Buni haqiqatdan qochish deb aytadilar.
– Bilaman, – Xuan Pablo g‘amgin javob qildi.
Miriamda uning o‘tmishiga nisbatan biroz gumonsirab qarash mayli bo‘lsayam, o‘zini u chin dildan sevishiga aslo shubhalanmasdi. Miriamga uning sevgisi mo‘‘jizaday tuyulardi, balki bu so‘z quloqqa siyqaroqday eshitilar, lekin uni boshqacha nomlab bo‘lmaydi; ba’zan qiz birdaniga o‘ylab qolardi: aynan shu sevgi tufayligina Xuan Pablo xayoliy, ko‘zga ko‘rinadiga shakldan real, mavjud insonga aylandi, ziyofatdagi uchrashuv esa mantiqiy muqarrarlik natijasi, ya’ni yuz berishi shart bo‘lgan voqea edi.
Kunlar o‘tib borardi, lekin ularning otashin muhabbatlari zarracha susaygani yo‘q. Miriam har kuni o‘zini ishga borishga majbur qilar, u yerda vaqtning tezroq o‘tishini, Xuan Pabloning yoniga tezroq qaytishni sabrsizlik bilan kutardi. Yigit esa ko‘p yozardi, endi ishlari ham jo‘nashib ketgandi. Bir kuni u qariyib tugab qolayozgan bobni Miriamga o‘qib berib: “Bu muvaffaqiyat uchun sendan qarzdorman,” dedi.
Ammo Miriamning muhabbatigina emas, undagi Xuan Pablo haqidagi hamma narsani bilish istagi ham kundan-kunga alangalanib borardi, u yigitdan qanday qilib yozuvchi bo‘lganligini, necha yoshda yozishni boshlaganini, ota-onasining ham ta’siri bormi yo‘qligini, adabiyotni maxsus o‘rganganmi yo‘qmiligini, biror narsasini nashr ettirganmi ettirmaganligini so‘rab-surishtira boshladi.
U Miriamga istehzo bilan, lekin beozorgina kulib tikilar va savollariga ehtiyotkorlik bilan, o‘zining kelib chiqishiga nur tashlaydigan hamma narsani chetlab o‘tib javob berardi, lekin qanday qilib yozuvchi bo‘lganligini batafsil gapirib berdi. U televizor hali endigina chiqayotgan paytlarda kitoblar ichida o‘sganligini, ularni o‘qib – adabiyot o‘zining qismati ekanligini anglaganini aytdi. U asosan hikoyalar yozgan (ba’zilari eski, allaqchon unutilgan jurnallarda bosilgan), mana endi romanga qo‘l urdi. Ta’sirmi? Cheksiz ro‘yxat tuzsa bo‘ladi: yozayotganlarimga yoki dunyoqarashimning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan ajoyib kitoblar dunyoda juda ko‘p, men ularning hammasini yaxshi ko‘raman.
– Ustozing ham bo‘lganmi?
– Yo‘q. Yoshligimda ba’zi yozuvchilar bilan yaqinlashganman, lekin tezda aloqani uzdim. Ular bilan gaplashgandan ko‘ra asarlarini o‘qigan tuzukroq. Menimcha adabiyot – nihoyatda shaxsiy, aytish mumkinki maxfiy ish: sen oppoq qog‘oz bilan yakkama-yakka qolding, atrofingda – kitoblar, ularning sassiz ovozlari; senga yana nima kerak?
– Sen go‘yo odamlardan nafratlanadiganday gapirasan. Axir jamiyat senga til, ong, ma’naviy boylik bergan-ku, romaningni yozib bo‘lgach o‘sha ishchilar uni teradi, nashr qiladi-ku. Bunga nima deysan?
– Ne chog‘li qayg‘uli bo‘lmasin, hech narsa deyolmayman. Vaqtim kam, nihoyatda cheklangan, senga va romanimga ajratishgagina yetadi xolos.
– Bu be’manilik, – jahli chiqqan Miriam birinchi marta ovozini balandlatdi. – Senday iste’dodga, madaniyatga ega bo‘lgan, farosatli, eng qiyin muammolarni ham hal qila oldigan, mulohazakor, san’atkor – ya’ni ta’sirchan va chuqur his qila olish qobiliyatiga ega bo‘lgan insonning romanlar yozish va bir ayolni sevish uchungina yashashga haqqi yo‘q.
– Yaxshi, men dostonlar ham yoza boshlayman va ko‘p ayollarni sevaman, – bu suhbatni, aniqrog‘i so‘roqni tugatish uchun Xuan Pablo hazil qildi.
Boshqa bir safar ular qizil vino ichib xursand o‘tirishgandi, Miriam undan ota-onasi haqida gapirib berishni so‘radi. Pabloning yuzi o‘zgardi, norozilik ifodalari paydo bo‘ldi, darhol rad qilmoqchi bo‘ldi-yu lekin o‘zini tutdi va yana vino quydi.
– Ular haqida ko‘p narsa aytolmayman. Ikkalasi ham avtomobil halokatidan vafot etishgan, men bobom bilan buvimning qo‘lida qolganman. Ulg‘ayishim bilan ularni mening tashvishlarimni chekishdan ozod qilganman, mustaqil hayot kechirish uchun tezda ishga kirdim. Men ana shu romanim uchun o‘zimni juda uzoq tayyorlab keldim. Asosiysi ham shu.
U so‘nggi so‘zlarini alohida ta’kidlab aytdi, Miriam ham qo‘shildi:
– Gaping to‘g‘ri.
Lekin u hech narsa haqida so‘ramaslik, birovning o‘tmishini kovlashtirmaslik haqidagi so‘zsiz kelishilgan shartnomani, qasamni buzganligini bildi, holbuki u shu paytgacha bu qarorga itoatkorona bo‘ysunib kelar, hech nima bilan qiziqmas, faqatgina: ishlaring qalay, ko‘pdan buyon shug‘ullanyapsanmi, do‘stlaring kim? degan oddiygina savollar bilan kifoyalanardi. Yanada shaxsiyroq bo‘lgan boshqa narsalar haqida lom-mim demasdi. U Xuan Pablo bilan o‘zi o‘rtasida o‘tib bo‘lmas devor chegara bo‘lib turganligini his qila boshladi va sevgi hamma sirlarni yuzaga chiqaradi, degan ishonchi yemirila boshladi. Qiziquvchanlik o‘rnini qandaydir bir g‘amgin tuyg‘u egalladi. Miriam Xuan Pablo nimani yashirayotgan bo‘lishi mumkin deb uzoq o‘yladi. Unga go‘yo yigit bir dahshatli narsani sir saqlayotganday tuyulardi, balki u qamoqxonada yoki axloq tuzatish koloniyasida bo‘lgandir, balki biror fojeali voqeani boshidan kechirgandir, balki otasi rashk qilib avval xotinini, so‘ngra o‘zini o‘ldirgandir. Shuning uchun u qariyalar bilan yashashga majbur bo‘lgandir.
Munosabatlarida nimadir o‘zgardi. Miriam ishdan qaytib, kiyinib bo‘lishi bilan so‘roqlashga tushardi: ko‘p yozdimi yo‘qmi? Bugun tashqariga chiqdimi? Qayoqqa bordi?
Xuan Pablo  qo‘lyozmasidan boshini ko‘tarib, yoqinqiramay – iloji boricha qisqa qilib bo‘lsada javob berardi. Endi u romaniga butunlay sho‘ng‘ib ketgan edi. Kam gapirar, tezgina ovqatlanar va darhol mashinkasining yoniga qaytardi. Shoshilmasdan, diqqat bilan nimalarnidir qayd qilib qo‘yar, lug‘atlarni varaqlar va o‘qir edi. Miriam ham unga xalaqit bermas, uxlashga yotayotganda agar Xuan Pablo haliyam ishlayotgan bo‘lsa, choy damlab berardi xolos. U roman tugagach boshqacha yashashlariga umid qilib, hozircha bu ahvolga ko‘nikkan edi. Endi ular ahyon-ahyonda bir-birlarini suyib erkalashar, tunlari Miriam Xuan Pabloning o‘rnidan turishi va yana qayta mashinkaga o‘tirishlarini eshitib – sezib yotardi. Miriamning ko‘ziga tunlari o‘rnida bezovtalanib, to‘lg‘anib yotadigan va kallasiga kelgan fikrni yozish uchun sakrab turib ketadigan noma’lum kishining ruhi qaytadan ko‘rinyotganday tuyula boshladi. Ba’zan u uyg‘onib ketar va Xuan Pabloning ishlashini kuzatardi: yigit esa uning borligini go‘yo sezmas, o‘z mashg‘ulotini xotirjam davom ettiraverardi. Gangib, dovdirab qolgan Miriam ko‘zlarida yosh bilan o‘rniga qaytar va u eshitib qolmasin, deb jimgina yig‘lar edi. Bunday xafagarchilikning sababi nima? Hammaga gap shundaki, Miriamga o‘xshash ayollar bunday hollarda o‘zlarini hech narsa bilan oqlay olmaydilar.
U hech kimga muhtoj bo‘lmasdan bir o‘zi yashashga o‘rgangan, xarakteri ham mustaqil va qat’iy edi. Balki Xuan Pabloning oz-moz seziladigan mavjudligining o‘ziyoq uni ta’sirchan qilib qo‘ygan, odatdagi xarakterini o‘zgartirib yuborgandir. Xuan Pablo go‘yo qachonlardir kvartirada paydo bo‘lib, shu yerda qolgan sharpaga, ko‘zga ko‘ringan ruhga o‘xshardi: u avvalgiday qizni ko‘rmaydi, eshitmaydi, faqat o‘z ishini qiladi – yozadi. Xuan Pabloning butunlay o‘ziniki bo‘lmasligi, umrbod yonida qolmasligi haqidagi fikr Miriamni tinch qo‘ymas, asabiylashtirar, qiynar va yaralar edi. Hammasining sababi, deb o‘ylar edi u, yigit haqida menga hech narsaning ma’lum emasligida. Turli xil savollar unga betinim azob berardi: agar kunlarning birida u qaytib kelmasa nima bo‘ladi? Uni qaerdan izlash kerak, qarindosh-urug‘lari qaerda yashaydi? U qanday qilib pul topadi? Qiziquvchanligi g‘olib kelib Xuan Pabloning narsalarini kavlashtirdi, kitoblarini titkiladi, cho‘ntaklarini ag‘dardi. Hech narsa yo‘q. Faqat kitob hoshiyalaridagi yozuvlar, belgi qo‘yilgan satrlar. Kimligini ko‘rsatadigan birorta hujjat ham yo‘q. Miriam qilmishidan o‘zi uyaldi, lekin uyalganini kulgu bilan yashirib titkilashda davom etdi. Xuan Pablo xuddi sezganday sevgilisiga qiziqish... va g‘amginlik bilan tikildi.
Shanba kunlarining birida pochtalon telefon qildi. Miriam chiqib, qo‘lida xat bilan qaytib keldi.
– Gavanadan. Napoleoncha familiyali tanishingdan.
Xuan Pablo maktubni jimgina oldi, biroz qo‘lida tutib turdi va ochishga qaror qildi. Miriamning savollarga to‘la ko‘zlari o‘ziga qadalib turganini go‘yo sezmayotgandek sekin, ehtiyotkorlik bilan konvertni yirtdi.
– Eslaysanmi, sen faqatgina o‘sha qizdan kelagn xat uchun birinchi marta men bilan shu uyga kirgansan?
– Juda yaxshi eslayman, – dedi Xuan Pablo va maktubni o‘qiy boshladi.
U bir minutmi, ikki minutmi o‘qidi, lekin bu Miriamga nihoyasizday tuyuldi.
– O’ylanmanki, uning nima deb yozganligini bilishni istaysan.
Miriam achchig‘landi, gapirmadi.
– Demak shunday, u sen ochib o‘qigan xatda nima degan bo‘lsa o‘sha gaplarni qaytarib yozgan. Sog‘ligimni so‘ragan, haliyam kutyapti ekan, oxirida – bu mening so‘nggi maktubim, boshqa yozmayman, deb ogohlantirgan.
– Nega sen unga javob yozmaysan? Axir bu tentaklikku.
Ikkalasi ham jim qolishdi. Miriam nima qilishini bilmay magnitofon yoniga keldi va tavakkal qilib Xolstning “Sayyoralar”ini qo‘ydi. Kuy yangrashi bilan ovozini ko‘tardi. Xuan Pablo kursiga o‘tirdi, Miriam hamon tikka turardi.
– Beri kel, yonimga o‘tir, menimcha sen Lili haqida bilmoqchi eding. Gavanaga borgandim. Yozuvchilar uchrashuvida qatnashdim. Bir kuni kechqurun shaharda aylanib yurib uni uchratdim, aniqrog‘i – u meni uchratdi. Chet ellikmisiz, deb so‘radi. Chet ellikman, deb javob berdim. Bo‘lmasa nega xuddi ularga o‘xshab gapirishimni so‘radi. Mening chet eldan ekanligimni kiyimimdan bilibdi. Men unga chililik emas, meksikalik ekanligimni tushuntirdim. U meni uyiga taklif qildi. Uning ota-onasi bilan, akalari bilaen tanishdim. Ikki kundan so‘ng biz qandaydir bayramga birga bordik, u juda ham yosh edi, shuning uchunmi meni sevib qolganligini aytdi. Men uni fikridan qaytarishga harakat qildim, lekin qo‘limdan kelmadi. Nihoyat, hozircha xat yozishib turaylik, o‘qishingni tugatganingdan so‘ng, men yana Kubaga kelaman, deb aytdim. Biz birmuncha vaqt haqiqatan ham xat yozishib turdik, so‘ngra bu yozishmani davom ettirishga imkonim qolmadi. Yozayotgan romanim meni yutib yubordi.
– Qizga ikki qator ham javob yoza olmaydigan darajadami? Kulgili, yaxshisi unga qiziqmay qo‘yganman de, bolalarga o‘xshab bahona o‘ylab topishning nima keragi bor.
Miriamning ovozidan janjallashadigan siyog‘i bor edi. Mayli, bu gap-ku hech narsaga arzimas, asosiysi, u Xuan Pabloning o‘tmishi haqida birinchi marta eshitdi va endi o‘zini tahqirlanganday, haqoratlanganday his qilayotgandi.
– Lekin bu haqiqat, men unga yoza olmagandim, hozir ham yozolmayman, romanimni tugatishim kerak...
Xuan Pabloning ham jahli chiqdi. Bu suhbat unga chidab bo‘lmaydigan darajada be’mani va soxta tuyulayotgandi. Shu kech u yozmadi, Miriam esa u bilan boshqa gaplashmadi. Ular go‘yo o‘zlarini qiziqayotganday tutib televizordagi hamma ahmoqona ko‘rsatuvlarni oxirigacha, jimgina tomosha qilishdi. Ertalab Miriam kechirim so‘rashga harakat qildi.
– Hechqisi yo‘q, – Xuan Pablo souvuqqina javob qildi, Miriamning bo‘ynidan o‘pib qo‘ydi va ovqatlanish uchungina xoli qo‘ygan mashinkasining yoniga qaytib bordi.
Miriam endi tushundi: agar Xuan Pablodan ajralishni istamasa uni o‘z holiga qo‘yishi lozim, qancha xohlasa shuncha yozsin; u besh-olti kun biror yoqqa ketishga qaror qildi. Ana shundagina ular bir-biridan dam olish va ozodlikda mulohaza qilib olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ishdan u javob so‘radi, Xuan Pabloga esa firmaning topshirig‘i bilan ketyapman, dedi. Ketayotib u yozilgan qog‘ozlar taxlami ancha ko‘payib qolganligiga diqqat qildi va usiz Xuan Pablo romanni tugatishi hamda keyin o‘ziga ko‘proq vaqt ajrata olishi mumkinligini o‘yladi. 
Jo‘nab ketishdan oldingi tunni bir-birlarining quchoqlarida o‘tkazishdi, Miriamning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
– Men yig‘layapman, chunki sen bilan bo‘lish men uchun mo‘‘jiza, chunki faqat sen tufayligina men sevgi nima ekanligini bildim, – Xuan Pabloning savollariga Miriam ana shunday javob qildi.
Xuan Pabloning bo‘g‘ziga bir nima tiqilganday bo‘ldi va uning sochlaridan, bo‘ynidan, lablaridan, yelkalaridan... o‘pa boshladi.
– Sen meni tashlab ketmaysanmi, to‘g‘risini ayt? – Miriam sog‘inch bilan so‘radi.
– Nimalar deyapsan, albatta, yo‘q, – dedi Xuan Pablo, ammo ikkovi ham bu so‘zlarda qat’iy ishonch yo‘qligini his qilishdi.
O’sha be’manilikning o‘zi. Xuan Pablo avvalgi kvartirasini egallagan, Miriam esa ota-onasinikiga borishgayam, birorta sayohatchilar qo‘nalg‘asiga borishgayam hayron; nihoyat u keyingisini tanladi.
Miriam besh kundan so‘ng Xuan Pabloni ehtiros bilan quchish, romanini tugatganmi yo‘qligini bilish istagiga to‘lib-toshgan holda qaytib keldi. Asarining albatta muvaffaqiyat qozonishini, endi Xuan Pabloning hayoti haqida hamma narsa unga ma’lumligini, bundan buyon hech narsani so‘rab-surishtirmasligini u o‘z-o‘ziga qayta-qayta ta’kidlar edi, yigitning yonida ekanligi, uning qanday yozayotganligini ko‘rib turish, u bilan birga kitob o‘qish, gaplashish, birgalikda musiqa tinglashning o‘zi yetib ortadi. Miriam kechqurun soat to‘qqizlarda kvartiraga kirib kelganda barcha jihozlar go‘yo uniki emas, Xuan Pablonikiday tuyuldi.
– Xuan Pablo!
Aks-sado bo‘m-bo‘sh xonalarda qalqib qoldi. U qo‘rqib ketdi, xonalardan o‘tayotgan hamma chiroqlarni yoqdi. Yuvinish xonasiga, oshxonaga qaradi. Bo‘m-bo‘sh. Yemakxonadagi hamma narsa odatdagiday turardi. Ichidan bir nima uzilganday bo‘lib kichkina chorpoyaning yoniga bordi. Yozuv mashinkasi joyida edi, yonida qora papkaga o‘rab bog‘langan roman qo‘lyozmasi turardi. Miriam uni ko‘zdan kechirib roman yakunlanganini bildi. Xuan Pablo o‘zining birinchi romanini yaratdi. Muqaddas orzusini amalga oshirdi. Hozir biror narsa ichgani yoki sotib olgani tashqariga chiqqan bo‘lsa kerak, balki boshini shamollatmoqchidir: shu besh kun davomida o‘rnidan turmay ishlagandir.
U kiyimlarini almashtirdi, magnitofonni qo‘ydi va Xuan Pabloni kuta boshladi. Bekorchilikdan romanni qo‘liga oldi. Birinchi sahifada bag‘ishlov: “Ushbu kitobning yaratilishiga sababchi bo‘lgan Miriamga mangu muhabbat bilan bag‘ishlayman.” Miriam qattiq ta’sirlanib ketdi. Xuan Pablo tezroq qaytsa edi, uni quchoqlab olardi, birgalikda xursandchilik qilishardi. Ammo vaqt o‘tib borardi, soat uchda Miriam uxlashga qaror qildi. Uyga kirsa, eshitib uyg‘onaman.
Soat o‘nlarda Miriam ko‘zini ochdi. U yolg‘iz edi, ammo Xuan Pablo hozir qaytib qoladi, deb ishonardi. Axir uning hamma narsalari shu yerda-ku: romani, yozuv mashinkasi, kitoblari. Lekin Xuan Pablo bu kech ham, undan keyin ham qaytib kelmadi. Uning qalbini yana sog‘inch, g‘am egalladi, ilgarigi gumonli savollar qayta uyg‘ondi: Xuan Pabloni qaerdan izlash kerak? Kimdan so‘rab-surishtirish kerak? Eng qo‘rqinchlisi u yigitni qaerdan izlashni bilmasdi. Ahmoqona savollar bilan uning joniga tekkanligi uchun, o‘zini tentaklarcha tutganligi uchun Miriam o‘zini la’natlardi. Xizmatchi ayol bilan ham bekorga gaplashgan ekan, endi u buni aqldan ozgan deb o‘ylashi hech gap emas. Xuan Pablo haqida o‘ylamaslik uchun o‘zining odatdagi ishiga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi.
Azbaroyi joniga tekkanidan Miriam ma’lum payt kvartirasini almashtirmoqchi bo‘lib yurdi. Lekin yuragining tub-tubidan Xuan Pabloning bir kuni qaytib kelishiga ishonardi. Nahotki uning tentakligi yigitning shunchalik g‘azabini qo‘zg‘aganki, Miriamni tashlab ketgan bo‘lsa? Biz axir kelishishimiz, imkoni bo‘lgan hamma narsani tuzatishimiz mumkin edi-ku. Bizning sevgimizdaqa sevgining yemirilishi oson emas.
U nima qilishini bilmasdi. Xuan Pablo qaytib kelmadi.
Kunlar suvday oqib o‘tardi. Bir kuni Miriam ishdan qaytayotib liftda ziyofatga taklif qilgan tanishini uchratib qoldi, u o‘sha yerda Xuan Pablo bilan tanishgan edi. Yuragida yana umid uyg‘ondi, Xuan Pablo haqida hozirning o‘zida so‘ramoqchi bo‘ldi, lekin begona odamlar xalaqit berdi. Kechqurun uydan telefon qilishga to‘g‘ri keladi. Miriam soat o‘nlarda telefon qildi. Xuan Pabloga kelgan bir qog‘ozni topshirishi kerakligini bahona qilib, uni qaerdan topsam bo‘ladi, deb so‘radi. Tanishi bu ismni birinchi marta eshitayotganligini, o‘tirishga ham Xuan Pabloni do‘stlaridan biri olib kelgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. U hatto o‘sha kuni Miriamning shu odam bilan ketib qolganligini ham eslolmas ekan. Endigina tug‘ilayotgan umidi chilparchin bo‘ldi. Miriam telefonni joyiga qo‘ydi va esankiragan holda xonama-xona yura boshladi, u Xuan Pabloning romani, kitoblari, yozuv mashinkasini qayta-qayta ko‘zdan kechirardi – bular uning mavjud ekanligini isbotlaydigan ashyoviy dalillar-ku.
Bir kuni Miriam gazetalar qo‘yiladigan zalga kirdi – ishiga kerakli qandaydir ma’lumotni topish zarur edi. O’tgan uch-to‘rt yillik taxlamlarni berishlarini so‘radi va qaydni bulturgi yilning gazetalaridan boshladi. Birinchi taxlamdayoq xabarlar bo‘limidagi ta’ziyanomaga ko‘zi tushdi: Xuan Pablo Kasalning ismi katta qora harflar bilan terilgan edi, davomida bunday hollarda yoziladigan odatdagi gaplar va yosh hamda beqiyos iste’dod egasi bo‘lgan yozuvchining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirilgan edi. Vafotining sababi ko‘rsatilmagan edi. Miriam hushini yo‘qotayotganligini sezdi, nafasi qisdi, odamlar qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, zal bo‘shab qoldi, stol va stullar ko‘zdan yo‘qoldi, faqat yalang‘och devorlargina qoldi, ular shunchalik iflos ediki, qaytarging kelardi. Miriamning yuragidagi hamma narsa bo‘g‘ziga keldi: u o‘kirib yig‘lab yubormaslik uchun og‘zini qo‘li bilan yopib xabarni qayta-qayta o‘qidi, Miriam hamon undagi dahshatli ma’noni oxirigacha anglay olmasdi. U gazetalar qo‘yiladigan zal yopiladi, deb ogohlantirgunlariga qadar yig‘ladi. Shundan so‘ng u taxlamlarni ham qaytib topshirmasdan ko‘chaga chiqdi va o‘tkinchilarga turtinib-surtinib sekin-sekin yurib ketdi, qayoqqaligini o‘zi ham bilmasdi.
O’ziga nima bo‘lganligini anglay olmasdan bir necha soat yurdi, nihoyat o‘z-o‘zidan oyoqlari uni uyining yoniga olib keldi. Boshi tinimsiz aylanardi. Miriam o‘zini qo‘lga olishi zarurligini va bu kalavaning uchini topishi kerakligini tushundi. U voqealar qanday boshlanganini, ya’ni Xuan Pabloning borligini qachondan boshlab bilib kelganligini eslashga harakat qildi. Ammo bu yerda hech narsani o‘ylab o‘tirishning hojati yo‘q edi: u sharpani, ko‘zga ko‘ringan ko‘lankani sevib qolgandi; Xuan Pabloning o‘zi ham, uning jihozlari, uning suratlari ham hammasi – uning orzu-istaklari hamda o‘lim to‘xtatib qo‘ygan ishini nihoyasiga yetkazish uchun hayotga qaytishga bo‘lgan ishtiyoqining mujassami edi. Faqat Miriam tufayligina ushbu qaytish amalga oshdi. Ammo shu yerda Miriamning yuragiga dahshatli bir shubha o‘rmaladi: Xuan Pablo uni sevarmidi yoki faqat o‘z maqsadi yo‘lida undan foydalandimi? Nega u qaytib keldi? O’zining adabiy qismatiga bo‘ysunib romanini yozib tugatish uchunginami? Yoki uni men ta’sirchanligim bilan o‘zimga tortdimmi? Balki ikkala sababda ham jon bordir: Xuan Pablo o‘z asarini tugatish uchun qaytgan va yozayotib Miriamni sevib qolgan? Tugallangan qo‘lyozma va birinchi sahifadagi yoqimli bag‘ishlov Miriamni o‘zining so‘nggi taxminiga ishonishga majbur qildi.
U kvartirani almashtirish fikridan voz kechdi. Mo‘‘jiza qayta takrorlanishiga umid qildi. Oylar o‘tdi, lekin uning yigitning ismini tinimsiz takrorlashlari, romanning mohiyatiga yetish uchun, qahramonlari dunyosini anglash uchun yuzlab marotaba qayta o‘qishlari, har bitta so‘zni ming bir ma’noda sharhlashlari hamma-hammasi behuda edi. Xuan Pablo ilgarigiday qaerdadir juda uzoqda edi – har holda qaytib kelmasdi. Bir kuni kechqurun Xuan Pabloning paydo bo‘lishini kutib, yoki hech bo‘lmasa mashinkaning tiqillashini eshitish umidida xonama-xona kezib yurib kichkina chorpoyada unutib qoldirilgan kitoblardan birini olib varaqladi: bu Edgar Allan Poning hikoyalar to‘plami edi. “Legeyya”ning Jozef Glenvelldan olingan epigrafi ostiga chizilgan edi: “Va o‘lim hukmronlik qilolmaydigan erkinlik – ana shunda. Erkinlikning sirini uning butun qudrati bilan kim anglay oladi?”  
Miriam bu so‘zlar yuz bergan voqeaga juda mos kelishini qayg‘u bilan xayolidan kechirdi, Xuan Pablo bekorga ostini chizib qo‘ymagan, so‘ngsiz savollarimga javob, sirlarning tagiga yetishimga yordam beradigan kalit balki ana shu so‘zlar zamiridadir.
Keyingi safar Miriamning qo‘liga Lilining maktubi tushib qoldi. U xatni qayta o‘qib chiqdi. Shahlo ko‘zlariga yosh quyilib keldi, u keyingi paytlarda tez-tez yig‘laydigan bo‘lib qolgan edi. Xuan Pabloning kubalik qizga nega javob yozmaganligini u endi tushundi: Xuan Pabloning muddati qat’iy belgilangan bo‘lgan, hatto uncha uzoq ham emas, tiriklar orasida yurish, ular bilan do‘stona aloqlar qilish uning uchun qaytarib bo‘lmas vaqtni yo‘qotish bo‘lardi. Kubalik qizning bezovtalanishlari va iztiroblarini, sevgan va kutgan kishisidan xabar yo‘qligidan zorlanib qilgan so‘ngsiz hasratlarini Miriam birinchi marta tushundi. U qog‘oz va qalam olib olisdagi hamdard dugonasiga xat yozishga o‘tirdi. U Xuan Pabloning vafot etganligini, endi taqdirning hukmiga bo‘ysunish kerakligini yozdi, sendan yoshim katta, marhumning qarindoshiman deb qo‘shib ham qo‘ydi. Konvertni yelimladi va uxlashga yotayotib qo‘lyozmani birorta noshirga olib borish kerak, deb o‘yladi. U Xuan Pablo bilan bo‘lgan bir suhbatni juda yaxshi eslardi. “Hech kim faqat o‘zi uchun yozmaydi. Badiiy asar qachonki nashr etilsa va tanqidchi hamda o‘quvchilarning qo‘liga yetib borsagina mazmun kashf etadi.”
Ertasi kuni Miriam avval pochtaga, so‘ngra nashriyotga kirdi. Qaytayotib yo‘lda Gotening so‘zlarini esladi: “... mening sevgim o‘limdan kuchli va u oxir-oqibatda g‘alaba qiladi.” Xuan Pablo ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan paytlarda va Glenvelldan olingan epigrafni o‘qigan chog‘ida u ham o‘zi haqida xuddi shunday deya olgan bo‘lardi.
Miriam yana o‘zining sokinlik va singan soyalar saltanatida yolg‘iz qolgach, yigirma olti yoshga kirgan bo‘lsa ham charchagan, jamiki narsalarga qiziqishi yo‘qolgan qari ayolga aylanib qolganini tushundi, yo‘li nihoyasiga yetganini, kechinmalar va tuyg‘ularga boy bo‘lsa-da juda uzoq va mashaqqatli hayot kechirganini anglab yetdi; endi Xuan Pablo bilan birikib, uyg‘unlashib ketish uchun o‘limni kutishi kerakligini ham tushundi. U o‘ziga savollar berardi: bu uchrashuv yuz berishiga necha yil qoldi? Balki kunlardir? Yaxshisi, – deb o‘yladi Miriam,  – kutish kerak emas, aks holda Xuan Pablo qoqshagan bir kampirni ko‘rishi mumkin. O’lim uni yuzlarida go‘zallik barq urib turgan paytida olib ketishi lozim.
U o‘z qayg‘usini ana shu qaror bilan biroz yumshatdi va noshirdan biror javob eshitgunga qadar bir necha hafta kutib turishni ma’qul ko‘rdi. Men, – dedi u ovozini chiqarib, uzoq vaqtlar ichida birinchi marta hayajonlangan va jilmaygan holda, Xuan Pabloning yoniga xushxabar bilan borishni istayman.

Aziz Said tarjimasi

______________________
* Kasares Boy (1914 yilda tug‘ilgan) – Argentina yozuvchisi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.