OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Richard Metison. Katta syurpriz (hikoya)

Qariya janob Xokins odatda o‘zining nurab yotgan devorining oldida o‘tirib olib, maktabdan uyiga qaytayotgangan kichkina bolalarni imlab o‘ziga chaqirardi.
– Bolalar! Bu yoqqa kelinglar, bolalar! – deb qichqirardi.
Aksariyat bolalar uning oldiga yaqinlashishga qo‘rqib, qariyani uzoqdan mazax qilib qochishardi. Ular cholning g‘alati qo‘shig‘ini eshitishardi:  
– Bobong aytgan chuqurni qazigin tez,
– Qazib- qazib topgaysan katta syurpriz.
Bu qo‘shiqning ma’nosini hech kim tushunmasdi. Bir bola cholning qo‘shig‘iga qiziqib uning oldiga bordi. U qariya aytgan joyni qazib ham ko‘rdi. Qazib-qazib hech narsa topolmagach, charchab uyiga qaytib ketdi.
Bir kuni Erni Villaker ismli bolakay ikki o‘rtog‘i bilan maktabdan uyiga qaytayotganida qariya Xokins ularni chaqirdi.
– Bolalar! Bu yoqqa kelinglar, bolalar! – qariyaning bo‘g‘iq ovozi eshitildi.
– U seni chaqiryapti, Erni – deb Villakerni turtdi do‘stlaridan biri.
 – Bekor aytibsan! – dedi Erni. Janob Xokins esa ko‘rsatkich barmog‘i bilan Erniga ishora qildi.
– Bu yoqqa kel, bolakay! – chaqirdi qariya. Erni unga jahl bilan qaradi.
– Bor-chi? Yoki qo‘rqayapsanmi? – dedi Ernining do‘stlari.
 – Qo‘rqayotganim yo‘q. Faqat oyim darsdan so‘ng to‘g‘ri uyga kelishimni tayinlaganlar-da! – dedi Erni.
 – Yolg‘on! Sen qariya Xokinsdan qo‘rqayapsan!
– Hech kim undan qo‘rqayotgani yo‘q!
 - Unda cholning oldiga bor!
– Hoy, bolakay! Oldimga kel, bolam! – deb qichqirdi chol.
 – Mayli. Faqat hech qaerga ketib qolmay, meni shu yerda kutlaring! – nihoyat rozi bo‘ldi Erni.
 – Hech qaerga ketmaymiz, xavotirlanma! Erni boshini baland ko‘tarib qariya Xokins tomonga yurdi.
 – Ha, janob? – dedi cholning oldiga borib.
 – Yaqinroq kel – dedi qariya. Erni unga yaqinlashdi.
– Mendan qo‘rqayapsanmi?
 – Yo‘q, janob.
 – Juda soz. Endi meni diqqat bilan eshit, bolakay. Katta syurpriz olishni xohlaysanmi?
Erni ortiga o‘girilib qaradi. O‘rtoqlari indamay qarab turishardi. Shu payt bolakay yelkasiga qariyaning qo‘llari tekkanini his qilib dahshatga tushdi.
 – Hoy, bu yoqqa kelinglar! – deb do‘stlariga qichqirdi Erni.
– Tinchlan, bolam. Senga hech narsa qilmoqchi emasman – dedi janob Xokins. Erni tipirchilay boshladi. Qariya uni o‘ziga tordi.
 – B-bu yoqqa... – deb baqirdi Erni.
 – Bas qilsang-chi! Nahotki katta sovg‘a olishni istamasang?
 – Y-yo‘q, raxmat janob.
 – Yo‘q dema! Jon deb xohlaysan-ku! Janob Millerning dalasi qaerdaligini bilasanmi?
– H-ha.
 – O‘sha daladagi katta eman daraxtini-chi?
– B-bilaman.
– O‘sha dalaga borasan-da emanning ostida turib cherkovning gumbazi tomonga qaraysan. Tushindingmi?
– H-h-ha-a!
Qariya bolakayni o‘ziga yanada yaqin tordi.
 – Keyin gumbazga qarab o‘n qadam yurasan. Tushindingmi? o‘n qadam!
– H-ha.
 – O‘n qadam yurganingdan so‘ng to‘xtaysan va o‘sha to‘xtagan joyingni o‘n fut chuqurlikda qazasan. Qancha qazirkansan?
 – O‘-o‘n fut.
 – Barakalla! Demak gumbaz tomonga qarab o‘n qadam yurasan va o‘n fut chuqurlikda qaziysan. Qazib-qazib katta syurpriz topasan! Xo‘sh bu ishni qilasanmi?
 – Ha, janob. Albatta aytganingizdek qilaman.
Chol bolakayni qo‘yib yubordi. Erni do‘stlari tomonga yugurdi.
 – Tag‘in esingdan chiqmasin! – deb uning ortidan baqirdi chol.
Erni yanada tezroq yugurib uni kutib o‘tirgan ikki hamrohining oldiga bordi.
 – U seni qiynab o‘ldirmoqchi bo‘ldimi?
 – Yo‘g‘-e!
– Unda nima xohlayapti?
Bolalar qariyaning odatiy qo‘shig‘ini eshitishdi:
   – Bobong aytgan chuqurni qazigin tez,
  – Qazib- qazib topgaysan katta syurpriz.
Har kuni tushdan so‘ng bolalar janob Millerning dalasiga borib o‘sha eman daraxtining ostida o‘tirganlaricha qariyaning gaplarini muhokama qilishardi.
 – Bu yerda nima ko‘milgan ekan-a?
 - Oltin-da! Boshqa yana nima bo‘lishi mumkin?
 – Agar oltin bo‘lsa nega cholning o‘zi uni qazib olmaydi?
- U bu ishni qilishga qarilik qiladi.
 – Ha-a to‘g‘ri!
Bolalar oltin haqida o‘ylay boshlashdi. Ular qariyadan yana bir marta so‘rash uchun uning uyi oldidan o‘tishdi lekin janob Xokins bolalarni boshqa oldiga chaqirmadi.
Bir kuni bolalar maktabdan qaytishayotganida qariya Xokinsning boshqa bolalarga allanimalarni gapirayotganini ko‘rishdi.
– U boshqalarga ham aytyapti! Tezroq harakat qilmasak oltindan quruq qolishimiz aniq – dedi Erni qizishib. – Shoshilishimiz kerak! – dedi do‘stlari.
Bolalar Ernining uyiga borishdi. Erni yerto‘ladan belkuraklarni olib chiqdi. Ular janob Millerning dalasiga borishdi. Emanning ostidan cherkov gumbaziga qarab o‘n qadam yurishdi.
 – Qani qazishni boshladik! – dedi Erni.
Bolalar qazishni boshlashdi. Uch fut qazib bo‘lishgach, dam olish uchun to‘xtashdi.
– Chindan ham bu yerda oltin bor deb o‘ylaysizlarmi? – dedi bolalardan biri.
 – Bilmadim. Qaziyveraylik-chi ko‘ramiz – dedi ikkinchisi.
 – Hoy Erni agar o‘n fut chuqurlikka tushib ketsak bu yerdan qanday qilib chiqamiz?
 - Arqon olganman. Shunga osilib chiqamiz.
Ular yana qazishga tushishdi. Soatlab to‘xtovsiz qazishdi. Kiyimlari, yuzlari va qo‘llari kir bo‘lib ketdi. Bo‘ylari baravar qazishganida yomg‘ir yog‘a boshladi. Bolalarning hamma yog‘i loy bo‘lib ketdi. Ular qazishdan to‘xtab dam olishdi.
– Qancha qazidik? – dedi Ernining do‘sti.
 – Olti fut! – dedi Erni xansirab.
Bir oz o‘tib ular yana qazishga kirishishdi. Qaziyverib-qaziyverib qo‘llari qovarib ketdi.
 – A-ax! Bo‘lib qoldikmi-a? – dedi bolalardan biri.
 – Yo‘q hali. Aytdimku o‘n fut qazish kerak deb – dedi Erni.
 – Kuchim qolmadi. Boshqa qaziy olmayman! – dedi haligi bola.
– Unda uyinga jo‘na! – dedi Erni.
– Ketaman. Juda charchadim! – deb tepaga ko‘tarildi bolakay.
– Men ham charchadim. Uyga ketaman. Kech bo‘lib ketdi. Kechki ovqatga ulgirmasam oyimdan gap eshitaman –deb ikkinchi bolakay ham arqonga osilib tepaga chiqdi.
 – Ketaverlaring! Oltinning hammasi o‘zimga qoladi! – deb baqirdi Erni.
 – Hech qanaqa oltin yo‘q! Yaxshisi biz bilan yur. Uyga ketamiz – dedi bolalar pastga qarab.
 – Hech qaerga ketmayman – dedi Erni qazishda davom etib.
 – Qo‘rqmaysanmi? – dedi do‘stlari.
 – Nimadan qo‘rqishim kerak?
 - Bilmadim. Mayli biz ketdik! Bolalar jo‘nab ketishdi.
 – Hechqisi yo‘q. Yana ozgina qazisam, bir sandiq oltin bilan uyga kirib boraman! – dedi Erni o‘ziga o‘zi.
Qorong‘u tusha boshladi. Erni esa qazishda davom etdi. Ozgina qaziganidan so‘ng belkurakning uchi taq etib bir narsaga tegdi. Tuproq orasidan uzun qutining yuzasi ko‘rindi. Bolakay qazishdan to‘xtadi. "Kattasini topdim-ku!" - dedi ichida sevinib va tezda belkurak bilan qutining atrofidagi tuproqlarni ola boshladi. Qutini qazib bo‘lgach, uni ancha uzun ekanini ko‘rdi. Qutining og‘zi ikkita eshikchadan iborat edi. Eshikchalarning har biriga zanglagan kichkina qulf ilingandi.
Erni qutining tepa qismidagi eshikchaga ilingan qulfni belkurak bilan urdi. Eshikcha ochildi. Bolakay birdan bor ovozi bilan baqirib yubordi. U quti ichidan chiqib kelayotgan odamni ko‘rib daxshatga tushib orqaga tisarildi.
 – Syurpriz! – dedi unga quti ichidan chiqib kelgan janob Xokins.

Rus tilidan Feruz Ziyodullayev tarjimasi
“7x7” gazetasi, 2016-yil, 28-yanvar soni

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.