OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Roald Dal. Polkovnikning sovg'asi (hikoya)

Amerika - ayollar uchun ulkan imkoniyatlar mamlakati. Hozirda ular butun millat boyligining taxminan sakson besh foiziga egadirlar. Tez orada esa ular butun boylikni o‘z qo‘llariga olishadi. Ajrashish jarayonlari ularga katta miqdorda daromad topishning oson yo‘liga aylanib qolgan. Erning o‘limi ham yaxshigina daromad keltiradi va ayrim xonimlar shu yo‘ldan foydalanishni ma’qul ko‘rishadi. Ular bir kun kelib, sabrlari mukofot bilan taqdirlanishiga ishonishadi; ortiqcha zo‘riqish va qon bosimi o‘z ishini qiladi va bechora er qo‘lida dori solingan shishani ushlaganicha jon beradi.
Yosh amerikaliklar ajrashish va o‘lim tahdididan unchalik ham tashvish chekishmaydi. Yoshlar, hattoki voyaga yetguncha ham sabrlari chidamay uylanib olishadi va o‘ttizdan oshgan paytlarida kamida ikkita sobiq xotinlariga pullarini sovurishga ulgurishadi. Sohibjamollarining farovon hayot kechirishlari uchun erkaklar quldek ishlashadi. Nihoyat, kamolga yetgach, ularning qalbini zerikish va qo‘rquv egallay boshlaydi. Ular kech kirishi bilan barlarga borishadi. Bu yerda viski ichib, bir-birlariga «hayotiy hikoyalar»idan so‘zlashadi.
Bu hikoyalarning mazmuni bir xil. Ularda uchta qahramon bo‘ladi: er, xotin va itvachcha ma’shuq. Er - sodda va buyuk mehnatkash. Xotin - ayyor va xiyonatkor mavjudot. U itvachcha bilan birga turli nayranglar o‘ylab topadi. Er esa ishonuvchan bo‘lganligi uchun xotinidan shubhalanmaydi. Nahotki bechora umrining oxirigacha shunday yashab o‘tsa? Shunaqa bo‘lsa kerak. Lekin bir daqiqa! Kutilmaganda, er xotiniga shunday zo‘r zarba beradiki, xotin o‘zining mag‘lub bo‘lganligini his etadi.
Biz quyida hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqea ana shunday. U sizga yoqsa kerak. U taxminan mana bunday:
Mister va missis Biksbi Nyu-Yorkdagi xonadonlardan birida istiqomat qilishardi. Mister Biksbi o‘rtacha pul topadigan tish shifokori edi. Missis Biksbi ko‘hlikkina ayol edi. Bir oyda bir marta va faqat juma kunlari u Pensilvaniya shohbekatidan kunduzgi poezdga chipta sotib olib Baltimorda yashaydigan xolasini ko‘rgani borardi.
U xolasinikida tunab qolar, ertasiga esa Nyu-Yorkka qaytar va eriga kechki ovqatni tayyorlashga ham ulgurardi. Mister Biksbi xotinining bu odatiga qarshilik qilmasdi. U Mod xolaning Baltimorda yashashini va xotinining bu kampirga bog‘lanib qolganligini bilardi. Ularni uchrashuvdan mahrum qilish adolatdan emas, deb hisoblardi.
- Seni kuzatib qo‘yaymi? - derdi mister Biksbi.
- Yo‘q, azizim, - javob qaytarardi missis Biksbi.
Lekin aslida, xolasi missis Biksbi uchun zo‘r bahona edi, xolos. Polkovnik laqabli itvachcha pistirmada kutib turar va xonimimiz Baltimordagi asosiy vaqtini uning huzurida o‘tkazardi. Polkovnik o‘ta boy edi. U shahar chetidagi hashamatli uyda yashardi. Oila qurmagan bu kishining bir necha nafar sodiq xizmatkorlari bo‘lib, u missis Biksbi yo‘q kunlari ot minish va tulki ovlash bilan vaqtini o‘tkazardi.
Missis Biksbi va Polkovnik o‘rtasidagi aloqa uzviy davom etib kelardi. Ular kam ko‘rishishgani uchun (bir yilda o‘n ikki marta unchalik ko‘p emas) bir-birlaridan zerikishlariga asos yo‘q edi. Aksincha, uchrashuvlar orasidagi uzun tanaffuslar ularning bir-biriga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirardi.
- Jonginam! - qichqirardi Polkovnik har safar uni limuzin mashinasida o‘tirganicha shohbekatda kutib olarkan. - Sevgilim, qanchalar go‘zalsan! Ketdik, uyimizga...
Shu zaylda sakkiz yil o‘tdi.
Rojdestvo bayrami yaqinlashayotgandi. Missis Biksbi Baltimor shohbekatida Nyu-Yorkka qaytadigan poezdni kutib turardi. Hozirgina tugagan visol onlari har galgidan-da yoqimli bo‘lgan va shuning uchun uning kayfiyati a’lo edi. Umuman olganda, Polkovnik bilan muloqotda bo‘lish doimo uning kayfiyatini ko‘tarardi. Bu kishi uni o‘zini butunlay boshqacha, go‘zal ayoldek his qilishiga sababchi bo‘lar, ana shunday paytlarda u shifokor erining qanchalar notavon ekanligini o‘ylardi.
- Polkovnik mana buni sizga berib qo‘yishimni buyurdi, - kimningdir ovozi eshitildi. U yoniga o‘girildi va Polkovnikning qari xizmatkori Uilkinsni ko‘rdi. Uning qo‘lida katta karton quti bor edi.
- Yo Xudoyim! - hayajon bilan xitob qildi missis Biksbi. - Qanday katta quti! Bu nima, Uilkins? Xat-pat ham berib yubordimi?
- Yo‘q, bermadi, - dedi xizmatkor va qaytib ketdi.
Missis Biksbi poezdda qutini begona ko‘zlardan yashirdi. Qanday yoqimli - Polkovnikning sovg‘asi. U qutiga bog‘langan ipni yechishga kirishdi. - Ko‘ylak bo‘lsa kerak, - dedi u o‘ziga o‘zi. - Balki, ikkita ko‘ylakdir. Hozir qaramayman. Yaxshisi, siypalab ko‘rib, nimaligini bilishga urinib ko‘raman. Uning rangi va narxini ham aniqlashga urinaman.
U ko‘zini mahkam yumdi, quti qopqog‘ini ochdi va quti ichidagi narsani paypasladi. Uning qo‘liga shildiroq qog‘oz urildi. Keyin esa xatjildni ushladi. Shildiroq qog‘oz ostiga asta qo‘lini tiqdi.
- Yo, Xudoyim! - xitob qildi u birdan. - Bo‘lishi mumkin emas!
U ko‘zlarini katta-katta ochib, mo‘yna paltoga tikildi va shu zahoti uni qutidan yulqib oldi. Mo‘ynani bor-bo‘yi bilan ko‘rgan missis Biksbining nafasi tiqilib qoldi.
Bunday mo‘ynani u umrida ko‘rmagandi. Nahotki, bu norka bo‘lsa? Ha, shubhasiz. Rangi ham ajoyib! Qop-qora. Unga dastlab shunday ko‘ringandi, lekin yorug‘ga tutganida u mo‘ynaning ko‘kimtir tusda ekanligini ko‘rdi. U mo‘ynaning yorlig‘iga ko‘z yugurtirdi. Unda «labrador norkasi» degan yozuv bor edi, xolos. Uning qaerdan xarid qilingani, narxi yo‘q edi. Bu haqda, o‘yladi missis Biksbi, Polkovnikning o‘zi bosh qotirgan bo‘lsa kerak. Qari tulki izini yo‘qotishga harakat qilgan. Qoyil. U necha pul turarkin? O’ylashning o‘zi dahshat. To‘rt, besh, olti ming dollar. Ehtimol, undan ham qimmatroqdir.
U mo‘ynadan ko‘z uzolmasdi. Uni kiyib ko‘rmaslikning ham iloji yo‘q edi. Hayajondan zo‘rg‘a nafas olarkan, u bir lahzada egnidagi qizil paltosini yechib tashladi. Mana buni palto desa bo‘ladi!
Palto missis Biksbiga quyib qo‘ygandek loyiq keldi. Mo‘‘jiza! U ko‘zguga qaradi. Boylik, salobat, go‘zallik, nafosat - ko‘zgudagi ayolda bularning barcha-barchasi mujassam edi. U o‘zini qudratli his etdi. Bunday mo‘ynada istagan joyiga borishi mumkin, hamma uning atrofida girdikapalak bo‘ladi. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin.
Missis Biksbi quti ichidagi xatjildni olib ochdi va uning ichidan Polkovnikning maktubini oldi:
«Bir paytlar sen mo‘yna paltoni yoqtirishingni aytganding. Marhamat. Menga uning juda zo‘rligini aytishdi. Buni xayrlashuv sovg‘asi sifatida qabul qil. O’ta shaxsiy sabablar oqibatida endi sen bilan uchrasha olmayman. Xayr».
Oh!
Qanday dahshat!
Xuddi musaffo osmonda momaqaldiroq gumburlagandek bo‘ldi.
Endi Polkovnikni hech qachon ko‘rmaydi. Qanday zarba. Uni juda sog‘inadi. Missis Biksbi o‘yga cho‘mganicha mo‘ynani silay boshladi.
Qaerda topib, qaerda yo‘qotishingni hech qachon bilmaysan, deganlari rost ekan...
U iljaydi va maktubni yirtib tashlash uchun o‘girdi, biroq orqa tomonda ham yozuv borligiga ko‘zi tushdi.
«Eringga buni xolang sovg‘a qilganligini aytarsan».
Missis Biksbining tabassumdan kengaygan lablari xuddi rezinaday yig‘ilib qoldi.
- Jinnimi u! - qichqirdi u. - Mod xolam buncha pulni tushida ham ko‘rmagan. U bunday mo‘yna sovg‘a qila olmaydi.
Lekin agar bu xolasining sovg‘asi bo‘lmasa, unda kimniki?
E, Xudo! Mo‘ynaga erishganidan quvonib eng muhim narsani yodidan chiqaribdi.
Ikki soatdan so‘ng u Nyu-Yorkda bo‘ladi. Yana o‘n daqiqadan keyin esa uyiga kirib boradi. Hattoki, tish va kariesdan boshqa narsani bilmaydigan eri Siril ham xotini agar egnida olti ming dollarlik palto bilan kirib borsa shubhalanishi tayin.
«Menimcha, - o‘yladi u, - menimcha, la’nati Polkovnik ustimdan kulish uchun buni atay qilgan. U Mod xolamning bunday mo‘yna sotib olishga qurbi yetmasligini bilgan. U buni kiya olmasligimni bilgan».
Lekin missis Biksbi bu mo‘ynadan ajralishini endi tasavvur qilolmasdi.
- Bu mo‘yna meniki bo‘ladi! - dedi u ovozini chiqarib. - Meniki bo‘ladi! Bo‘ladi!
Xo‘p, yaxshi, azizim. Bu mo‘yna seniki bo‘ladi. Faqat jazavaga tushma, o‘tir, tinchlan va o‘yla. Sen axir aqllisanku, shundaymi? Sen uni har doim aldab kelgansan. Uning aqli tish og‘rig‘idan boshqa narsaga yetmasligini bilasan. Shunday ekan, o‘tirib o‘yla. Hali vaqt bor.
Ikki yarim soatdan so‘ng missis Biksbi Pensilvaniya shohbekatida poezddan tushdi. Uning egnida o‘zining eski qizil paltosi bo‘lib, qo‘lida karton quti bor edi. U taksi to‘xtatdi.
- Haydovchi, - dedi u, - yaqin atrofdagi birorta lombard (garovga qo‘yish joyi-T.)ni bilasizmi?
Taksichi qoshini chimirdi, o‘girildi va unga ajablanib qaradi.
- Oltinchi avenyuda bor, - javob qildi u.
- Unda o‘sha yoqqa ketdik. - Missis Biksbi mashinaga chiqdi.
Bir ozdan keyin taksi eshigi tepasida uchta mis shar o‘rnatilgan lombard oldida to‘xtadi.
- Shu yerda kutib turing, iltimos, - dedi missis Biksbi va lombardga kirib ketdi.
Peshtaxta ustida katta mushuk tunuka tovoqqa engashganicha baliq yerdi. U missis Biksbiga bir qarab qo‘yib, ovqatlanishda davom etdi. Missis Biksbi atrofga ko‘z yugurtirdi: soatlar, taqinchoqlar, eski durbin, siniq ko‘zoynak ko‘zga tashlandi.
- Xo‘sh, xizmat? - ichkaridan lombard egasi chiqdi.
- Ha, xayrli oqshom, - dedi missis Biksbi. U qutini ocha boshladi, lombard egasi mushukni siladi.
- Buni qarang, - dedi missis Biksbi. - Hamyonimni tushirib qo‘yibman. Bugun shanba, hamma banklar dushanbagacha yopiq bo‘ladi. Menga ertagalikka pul zarur edi. Bu juda qimmat palto, lekin menga ko‘p pul kerak emas. Dushanbagacha yetsa bo‘ldi. O’sha kuni kelib paltoni olib ketaman.
Lombard egasi uni jimgina tingladi. Lekin missis Biksbi paltoni olib, peshtaxtaga yoyganida, uning ko‘zlari chaqchayib ketdi. U mo‘ynani qo‘liga oldi.
- Agar soatim yoki uzugim bo‘lganida, - dedi missis Biksbi, - unda albatta mo‘ynani bermagan bo‘lardim. Afsuski, shundan boshqa garovga qo‘yadigan narsam yo‘q. - U gapining isboti sifatida qo‘llarini cho‘zdi.
- Yangiga o‘xshaydi, - lombard egasi zavq bilan mo‘ynani silarkan.
- Albatta. Lekin, boya aytganimdek, menga dushanbagacha pul kerak. Ellik dollar bera olasizmi?
- Beraman.
- Bu yuz barobar qimmat turadi, lekin unga hech narsa bo‘lmaydi, deb umid qilaman. 
Lombard egasi stol g‘aladonidan garov chiptasini oldi va peshtaxta ustiga qo‘ydi.
- Ismingiz? - so‘radi u.
- Ismimni yozmang. Manzilimni ham.
Ruchka chipta ustida qotib qoldi.
- Ism va manzilni yozish unchalik shart emasdir?
Lombard egasi yelkasini qisdi, burnini tortib qo‘ydi.
- U holda chiptani yo‘qotib qo‘ymang.
- Yo‘qotmayman.
- Bu chipta qo‘lida bo‘lgan har qanday odam kelib sizning buyumingizni talab qilishi mumkinligini bilasizmi?
- Ha, bilaman
- Unda nima deb yozay?
- Hech narsa yozmang. Buning hojati yo‘q. Faqat garov pulini yozsangiz bo‘ldi.
- Bo‘pti, mayli, - dedi lombard egasi. - Xohishingiz.
Shu payt missis Biksbining xayoliga noxush fikr kelib qoldi.
- Hm, - dedi u, - bir narsa. Chiptada hech qanday yozuv yo‘q bo‘lsa, boshqa buyumni emas, mo‘ynamni qaytarishingizga ishonsam bo‘ladimi?
- Men hamma narsani ro‘yxatga kiritaman.
- Lekin chiptamda raqamdan boshqa narsa yo‘q-ku! Menga birorta eski buyumni berishingiz mumkin.
- Xo‘p, nimaligini yozaymi, yo‘qmi? - so‘radi lombard egasi.
- Yo‘q, - dedi u. - Sizga ishonaman.
Lombard egasi «narxi» degan yozuv to‘g‘risiga «ellik dollar» deb yozdi va chiptaning ikkinchi yarmini qirqib peshtaxta ustiga qo‘ydi. So‘ngra ichki cho‘ntagidan hamyonini olib, uning ichidan ellik dollar pul oldi.
- Oyiga uch foiz, - dedi u.
- Yaxshi. Rahmat. Uni yaxshi saqlarsiz?
Lombard egasi jimgina bosh irg‘adi.
Missis Biksbi lombarddan chiqib taksiga o‘tirdi. O’n daqiqadan so‘ng u uyda bo‘ldi.
- Azizim, - dedi u eriga. - Meni sog‘indingmi?
Siril Biksbi o‘qib o‘tirgan gazetasini yig‘ishtirdi va soatiga ko‘z tashladi.
- Yettidan o‘n ikki daqiqa o‘tdi. Kech qolib ketmadingmi?
- Ha, bilaman. Poezdni deb kech qoldim. Mod xolam salom deb yubordi. O’lgudek chanqadim.
Mister Biksbi o‘rnidan turib oshxonaga yo‘l oldi. Xotini xona o‘rtasida turganicha qo‘lqopini yecharkan, erining imillab yurishidan g‘ashi keldi.
Polkovnik bilan uchrashuvidan so‘ng eri unga jinqarchadek tuyuldi.
Polkovnik gavdali va to‘la edi hamda undan xushbo‘y atir isi kelib turardi. Eri esa kichkinagina, ozg‘in va ko‘rimsiz bo‘lib, undan doim og‘ziga solib yuradigan yalpizli qand isidan boshqa hid kelmasdi.
Yo‘q, u o‘ziga qaramasa bo‘lmaydi, o‘yladi u. Uning kostyumi odamning kulgisini qistatadi. Bir paytlar kostyumi unga chiroyli tuyulardi, endi esa juda bema’nidek ko‘rindi. Shimi ham shunaqa. Bunaqa shim kiyish uchun tashqi ko‘rinish boshqacha bo‘lish kerak, Sirilnikidaqa emas. U xuddi karikatura suratlardagi odamlarga o‘xshaydi. Eri unga dumida bor-yo‘g‘i uchta pati qolgan, o‘sha patlarini keng yozib o‘zini ko‘rsatayotgan qari tovusni eslatardi.
- Rahmat, azizim, - dedi u eri uzatgan martinini olib, divanga o‘tirarkan. - Kecha kechqurun nima ish qilding?
- Ishxonada tish plombasi tayyorladim. Yana hisob-kitob qog‘ozlarini to‘g‘riladim.
- Siril, bu ishni allaqachon boshqa odamga topshirishing kerak edi. Senga bu yarashmaydi. Plombani texnik qilsa bo‘lmaydimi?
- Ularni o‘zim qilishni ma’qul ko‘raman. Plombalar - mening faxrim.
- Bilaman, azizim, uni zo‘r tayyorlashingga shubha qilmayman. Dunyoda eng zo‘r plombalarni sen tayyorlaysan. Anavi miss Paltni hisob-kitob ishlarini yuritsa bo‘lmaydimi? Bu axir uning ishi-ku!
- Uning ishi. Lekin narxni men belgilashim kerak. U mijozlarimning moliyaviy ahvolini bilmaydi.
- Martini zo‘r bo‘libdi, - dedi missis Biksbi stakanni stol ustiga qo‘yarkan. - Juda zo‘r.
U sumkani ochdi va burnini qoqmoqchidek undan dastro‘molini chiqardi.
- E, - dedi u chiptani ko‘rarkan. - Butunlay esimdan chiqibdi! Mana buni taksida o‘tirganimda topib oldim. Uni lotereya deb o‘ylab olib qo‘yaqoldim.
U eriga chiptani uzatdi, eri uni qo‘liga asta olib, xuddi tishni ko‘rayotgandek har tomondan nazar soldi.
- Buning nimaligini bilasanmi? - dedi u cho‘zib.
- Yo‘q, azizim, bilmayman.
- Bu garov chiptasi.
- Nima?
- Lombard chiptasi. Mana nomi va manzili: Oltinchi avenyuda ekan.
- Shu xolosmi? Men bo‘lsam, uni lotereya deb o‘ylabman.
- Hafsalang pir bo‘lmasin, - dedi Siril Biksbi. - Menimcha, bu juda qiziq.
- Buning nimasi qiziq, azizim?
U garov chiptasi nima ekanligini batafsil tushuntirishga kirishdi va bu chipta qo‘lida bo‘lgan har qanday kishi garovga qo‘yilgan buyumni talab qila olishi mumkinligiga urg‘u berdi. Missis Biksbi uning ma’ruzasini sabr bilan tingladi.
- Urinib ko‘rish kerak, deb o‘ylaysanmi?
- Menimcha, imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslik kerak. Ko‘ryapsanmi, bu yerda ellik dollar, deb yozib qo‘yilgan. Bilasanmi, bu nima degani?
- Yo‘q, jonim. Nima degani?
- Bu buyumning qimmatbaho ekanligini bildiradi.
- Ellik dollar demoqchimisan?
- Yo‘q, besh yuz dollardan ham qimmat.
- Besh yuz?
- Ha. Qara, bunda buyum egasining ismi ham, manzili ham yo‘q...
- Nahotki?
- Ha. Ko‘pchilik lombardga borganini bildirmaslik uchun shunday qiladi.
- Demak, bu buyumni olishimiz mumkin ekan-da?
- Albatta. Bu chipta endi bizniki.
- Meniki, - dedi missis Biksbi qat’iy tarzda. - Uni men topdim.
- Jonim, nima farqi bor? Asosiysi, endi bor-yo‘g‘i ellik dollarga qimmatbaho buyumni olishimiz mumkin. Qalay?
- Zo‘r! - xitob qildi missis Biksbi. - Uning nimaligini bilmaslik ayniqsa juda qiziq.
- Uzuk yoki soat bo‘lsa kerak.
-Ehtimol, qadimiy guldon yoki haykalchadir.
- Fol ochishga hojat yo‘q. O’sha yerga borish kerak.
- To‘g‘ri! Chiptani ber Dushanba kuni o‘sha yerga borib, uning nimaligini bilaman.
- Yaxshisi, o‘zim boraman.
- Yo‘q, - qichqirdi xotini. - Men boraman!
- Bahslashma. Ishga ketayotib lombardga kirib o‘taman.
- Bu axir mening chiptam! Iltimos, Siril, menga ber!
- Sen bu sudxo‘rlarning qanaqaligini bilmaysan, azizim. Seni aldash juda oson. 
- Meni alday olishmaydi! Iltimos, uni menga ber.
- Buning ustiga, ellik dollar puling bo‘lishi kerak, - dedi eri iljayib. - Naqd pul bermasang, ololmaysan.
- Pulim bor, - dedi u.
- Baribir o‘zim bormoqchiman.
- Lekin, Siril, uni men topdim. U meniki.
- Albatta seniki, azizam. Namuncha asabiylashasan?
- Asabiylashayotganim yo‘q.
- U erkaklar buyumi bo‘lishi mumkinligi aqlingga kelmayapti shekilli? Lombardga faqat ayollargina borishmaydi.
- U holda bu mening senga sovg‘am bo‘ladi, - dedi missis Biksbi. - Faqat xursand bo‘laman. Lekin agar ayollar buyumi bo‘lsa, men olaman. Kelishdikmi?
- Bo‘pti. Kel, unda ikkalamiz boramiz?
Missis Biksbi endigina «xo‘p», deyish uchun og‘iz ochmoqchi edi, vaqtida o‘zini to‘xtatib qoldi. Lombard xo‘jayini u bilan erining oldida eski tanishlardek so‘rashishi yaxshilikka olib kelmasdi.
- Yo‘q, - dedi u. - Borgim kelmay qoldi. Undan ko‘ra, uyda kutib o‘tiraman. U ikkovimizdan birimizga kerakli buyum bo‘ladi, deb umid qilaman.
- Endi o‘zingga kelding, - dedi mister Biksbi. - Agar ellik dollar sarflashga arzimaydigan buyum bo‘lsa olmayman.
- Axir o‘zing u qimmatbaho buyum, deb aytding-ku.
- Shunday ekanligiga shubham yo‘q. Qo‘rqma.
- O, Siril, sabrim chidamayapti.
Nihoyat, dushanba ham keldi va nonushtadan so‘ng missis Biksbi erini kuzatib qoldi.
- Ko‘p ishlama, - dedi u.
- Bo‘pti.
- Uyga oltida kelasanmi?
- Harakat qilaman.
- Lombardga kirishga ulgurasanmi?
- Ie, esimdan chiqay debdi! Bo‘pti, taksida boraman. Yo‘lim ekan.
- Chiptani yo‘qotib qo‘ymadingmi?
- Yo‘q, - dedi eri kamzuli cho‘ntagini paypaslarkan. - Mana.
- Puling yetadimi?
- Yetadi.
- Jonim, - dedi u erining shusiz ham to‘g‘ri turgan bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilarkan. - Agar menga yoqadigan biror narsa bo‘lsa, uyga qo‘ng‘iroq qilarsan?
- Mayli.
Bir soatdan so‘ng telefon jiringlaganida missis Biksbi uchib borib go‘shakni ko‘tardi.
- Ish bitdi! - dedi mister Biksbi.
- Shunaqami? Nima ekan, Siril? Yaxshi narsami?
- Yaxshi?! - xitob qildi eri. - Zo‘r! Ko‘rsang, aqldan ozasan!
- Jonim, nima ekan? Aytaqol!
- Omading keldi.
- Demak, menbop narsa ekan-da?
- Albatta. Hayronman, qanday qilib shunday narsani ellik dollar uchun garovga qo‘yishgan ekan? Aqldan ozgan odam, shekilli.
- Siril! Sabr kosamni to‘ldirma! Ortiq chidolmayman!
- Ko‘rsang aqldan ozasan.
- Nima ekan?
- O’zing top-chi.
Missis Biksbi jim bo‘lib qoldi: «Ehtiyot bo‘l, - dedi u o‘ziga o‘zi. - Judayam ehtiyot bo‘l».
- Marjon, - dedi u.
- Yo‘q.
- Brilliant uzuk.
- Yo‘q. Sal uchini chiqaraman. U qishda kerak bo‘ladi.
- Qishda nima kerak bo‘ladi? Birorta qalpoqmi?
- Yo‘q, qalpoq emas, - dedi eri kulib.
- Xudo haqqi, Siril! Nimaga aytmayapsan?
- Chunki senga syurpriz qilmoqchiman. Kechqurun olasan.
- Hech qanday syurpriz kerakmas! - portladi u. - hoziroq oldingga boraman!
- Menimcha, keragi yo‘q.
- Bu nimasi, azizim? Nega?
- Chunki juda bandman. Vaqtimni olasan. Shusiz ham ishim cho‘zilib ketdi.
- Unda tushlik paytida borayin, xo‘pmi?
- Men tushlik qilmayman. Mayli, bir yarimda kel. Bo‘pti.
Soat roppa-rosa bir yarimda Missis Biksbi erining ishxonasiga keldi. Oq xalat kiygan eri uni kutib oldi.
- O, Siril! Hayajonlanib ketyapman!
- O’zingni bos. Ammo-lekin, omading bor ekan!
U xotinini jarrohlik xonasiga boshladi.
- Tushlikka boravering, miss Paltni, - dedi u yordamchisiga. - Ishingizni kelib davom ettirasiz.
U qizning chiqib ketishini kutib turdi, kiyimlari turadigan shkaf oldiga keldi va ko‘rsatkich barmog‘ini cho‘zdi.
- U bu yerda, - dedi u. - Endi esa ko‘zingni yum.
Missis Biksbi ko‘zlarini yumdi. U chuqur nafas oldi va eri shkafni ochib, uning ichidan nimadir olganini eshitdi.
- Bo‘ldi! Qarashing mumkin!
- Oh, qo‘rqib ketyapman, - dedi u kularkan.
- Qara.
U hiringlab, bir ko‘zini ochib, qo‘lida nimanidir baland ko‘tarib turgan erini ko‘rdi.
- Norka! - qichqirdi eri. - Haqiqiy norka! Mana shu so‘zlar barobarida missis Biksbining ko‘zlari katta-katta ochildi va u mo‘yna paltoni quchish uchun oldinga tashlandi.
Lekin hech qanday palto yo‘q edi. Erining qo‘lida uning o‘rnida sariq rangli mo‘yna yoqa turardi.
- Mana, ol, - dedi eri uni silkitib.
Missis Biksbi og‘zini kafti bilan yopdi va sekin chayqala boshladi. «Hozir chinqirib yuboraman, - o‘yladi u. - Yo‘q. Hozir chinqirib yuboraman».
- Nima gap, azizam? Yoqmadimi? - Eri yoqani silkitishni bas qilib, uning tilga kirishini kutdi.
- Yo‘q... nimaga... - dedi missis Biksbi. - Men... men... menimcha... judayam chiroyli.
- Quvonchdan boshing aylanyapti, shekilli?
- Ha, albatta.
- Oliy nav, - dedi eri. - Rangi ham zo‘r. Bilasanmi, nima? Menimcha, u kamida ikki-uch yuz dollar turadi.
- Ha.
Bu boshlari va panjalari osilib turgan ikkita norka terisi edi.
- Qani, - dedi eri, - ko‘raylik-chi. U yaqinlashib, yoqani xotinining bo‘yniga tashladi va ortiga tisarildi. - Qoyil. Senga juda yarashdi. Har qanday ayolda ham bunday narsa yo‘q, azizam.
- Ha.
- Buni taqib do‘konga borma. Seni puldor deb o‘ylab, narxni qimmat aytishlari mumkin.
- Buni yodimda saqlayman, Siril.
- Aytgancha, Rojdestvoga boshqa sovg‘adan umid qilmay qo‘yaqol. Usiz ham, ellik dollar sarfladim.
U qo‘lini yuvish uchun o‘girildi.
- Endi esa, azizam, boraqol. Seni kuzatib qo‘yardim-u, qabulxonada qariya Gormen o‘tiribdi.
Missis Biksbi eshik tomon qadam tashladi. «Bu sudxo‘rni o‘ldiraman, - o‘ylardi u. - hoziroq lombardga borib, mana bu la’nati yoqani uning yuziga uloqtiraman. Menga paltomni qaytarib bermay ko‘rsin. Mana shu qo‘llarim bilan bo‘g‘ib o‘ldiraman!».
- Senga kechroq borishimni aytdimmi? - so‘radi Siril Biksbi qo‘lini yuvarkan.
- Yo‘q.
- Sakkiz yarimlarda boraman. Yoki to‘qqizda.
- Bo‘pti, - missis Biksbi eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi.
Ayni shu lahzada miss Paltni, erining yordamchisi tushlikka chiqib ketayotgandi.
- Bugun ajoyib kun bo‘lyapti, a? - dedi u jilmayib.
Uning qadam tashlashida g‘aroyib yengillik bor edi va u Polkovnik missis Biksbiga sovg‘a qilgan norka paltoda xuddi qirolichalardek ko‘rinardi.

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.