OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rudolf Sirge. Kuy sehri (hikoya)

Kech kirganida deraza oldiga kelib o‘tiraman-da, shu’ladan to‘q qizil tus olgan bulutlarning ufqqa cho‘kishini tomosha qilaman. Maysalarga shabnam tushib so‘lg‘in tus olgandek  sezaman o‘zimni, bug‘doy boshoqchalari egilgandek boshimni quyi solaman.
Shunday paytlarda doimo devorda osig‘liq eski skripkani olaman-da, sozlay boshlayman. Bilmayman, qanday qilib bo‘lsa-da, sozanda bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Ovozlar, ohang, kuy – hammasi darhol o‘z-o‘zidan chiqa qoladi. Oxiriga borib nima chalganimni hecham eslolmayman.
Nihoyat, charchagach, skripkani bir chetga olib qo‘yaman. Shunda yolg‘iz va g‘aribligim juda bilinib ketadi. Axir yolg‘iz bo‘lsam, kim uchun ham  chalaman, biror narsa chalishimni iltimos qiluvchi kimsa ham yo‘q, chuqur tin olib o‘ksigancha kechki salqinda iztirobli o‘ylardan forig‘ bo‘lish maqsadida deraza tokchasiga ko‘kragimni berib atrofga boqaman.
Uzoqdagi daryochadan motorli qayiqchaning ovozi eshitiladi, qaylardandir mandolina torlarining kimningdir barmoqlari orasida titrab, ingragan nidosi quloqqa chalinadi. Yon-atrofdan esa echki bolasining “me-e”!” deb ma’rashi  va  uyqusiragan go‘dakning entikib yig‘lagani eshitiladi. Mana bularning hammasi shahar atrofidagi kechki manzara.
Vaqt ham yarim kechaga  yaqinlashib qoldi: ko‘chada hech zog‘ ko‘rinmaydi, ochiq derazalardagi chiroqlar birin-ketin so‘nmoqda, asta-sekin esayotgan shabadadan chiroyli darpardalar ohista hilpiramoqda.
Uzoqdan ayol kishining yengil qadam tovushi eshitildi. U egilgancha yo‘lni kesib o‘tdi-da, qo‘lida bir dasta oq gul ko‘targancha to‘g‘ri derazam tomon kela boshladi.
Bu ro‘paramdagi uyda istiqomat qiluvchi qo‘shnim edi. Uni ko‘rinishidan darrov taniyman. Ko‘zlari moviy, doim kul rang palto kiyib yuradi, sochlari esa kalta qilib qirqilgan, oyoqlari chiroyli.
Kechki paytlari uni deraza tokchasiga tirsagini tirab turganini yo bo‘lmasa ochiq derazam atrofida aylanib yurganini ko‘raman. Goh-goh men tarafga diqqat-la nigohini tashlab qo‘yadi.
Bugun esa hech kutilmaganda qarshimga kelib to‘xtadi-da, moviy ko‘zlari-la to‘g‘ri yuragimga qaramoqchi bo‘lgandek, tikilib, nihoyatda mayin ovoz bilan:
– Chalasizmi?–deya ohista so‘radi.
–    Siz uchunmi? – so‘radim hayratdan dong qotgancha.
–    Men uchun ham, o‘zingiz uchun ham...
U chalishimni kutib, uchta oq gul ushlagan jajjigina kaftchasini derazam tokchasiga qo‘ydi.
– Kuy chalishni o‘rganyapsizmi?
–    Yo‘q. Butun vujudim bilan eshitishni sevaman.
Nima  qilayotganimni o‘zim bilmasdim. Skripkani qo‘limga oldim-da, telbalarcha chala boshladim. Kamon ostidan  chiqayotgan sadolar nola qilib,  ingrar va  faryod chekardi. Faryod chekarkan, mungli ingrar, sho‘x avjga chiqqanda esa kulayotgandek tuyulardi.
Qo‘shnim kuyni skripkadan ko‘z uzmagan holda jon qulog‘i bilan tinglar, qo‘lidagi gullar esa titrardi.
Yarim tundagi bu g‘aroyib chalishni tugallarkanman, qo‘shnim chuqur tin oldi, bu ko‘kragining ko‘tarilib tushishidan aniq sezilib turardi.
–    Rahmat!– deya ta’zim qildi-da, so‘ng  guldastasi ichidan oppoq  gulni olib derazam tokchasiga qo‘ydi-yu, rahmat deyishimni ham kutmayoq g‘oyib bo‘ldi. Ketayotganda menga nigohini shunday tikdiki, bundan qalbim larzaga keldi.
Gulni qo‘limda ancha vaqtgacha aylantirib turdim. Boshqa gullarga qaraganda uning oppoqligi va nihoyatda tozaligi meni g‘oyat ajablantirardi. Bugungi ro‘y bergan sirdan nima bo‘lganiga tushunmay, hamon es-hushimni yig‘olmay turardim.
Shu kecha o‘zimni odatdan tashqari tetik sezdim. Bir oz orom olish uchun derazani yopmoqchi bo‘lganimda, tun oqara boshlagan, daladan to‘rg‘ayning sayrashi eshitilardi.
Stakandagi nargis gulni xuddi muqaddas narsadek avaylab stol ustiga qo‘ydim. Har kuni ertalab ishga ketish oldidan beixtiyor unga qarab qo‘yaman. “Bu gulni nega menga hadya qildi ekan?” degan savol hatto xayolimgayam kelmaydi.
Ikkimizning o‘rtamizda g‘alati aloqa paydo bo‘ldi: miq etmay bir-birimiz tomon talpinamiz, gullar orqali bir-birimizga qarab qo‘yamiz yo bo‘lmasa tabassum in’om etamiz.
Mana, biz ro‘parama-ro‘para o‘tiribmiz, u yo‘lning narigi betida – mendan bir oz yuqori qavatdagi deraza oldida, men esa — pastda. Bir-birimizga qarab jilmayamiz...
Kulgili biror narsa bo‘lmasa-da, ikkimizning nigohimiz bir-birimizga to‘qnash kelib qolgudek bo‘lsa, beixtiyor o‘z-o‘zidan og‘zimizning  tanobi qochadi.
Shu ondayoq uning chehrasi tamoman kishini o‘ziga jalb qiluvchi tusga kiradi: iyagini ko‘kragiga tiragancha, bir ko‘zining qiri bilan tushib turgan soch tutamlari orasidan menga qiyo boqadi.
Ba’zan  kechqurun uning chelak ko‘tarib yo‘lakdan quduqqa suvga ketayotganini ko‘rib qolaman. Tufli kiygan oyoqlari nihoyatda kelishgan.
Shunda men darpardaning  ortiga yashiringancha uzoq vaqt uning ketidan termilib  qolaman. Qarayotganimni u na biladi, na ko‘radi. Biroq shunga qaramay uning o‘nqir-cho‘nqir yerlardan boldirini ko‘rsatib, ko‘zni o‘ynatib nazokat bilan qadam tashlashidan ayol ortidan birov kuzatib turganligini sezishini anglayman.
Har kuni kechasiyu kunduzi uni ko‘rishni istardim, siymosi esa sira ko‘z oldimdan ketmasdi. Uni derazasi oldida paydo bo‘lishini intizorlik-la kutib,  derazamning oldiga chiqib o‘tiraman. Uzoq vaqt kutaman. Aftidan qo‘shnim uyida emasdek ko‘rinadi. Derazalar yopiq. Vaqt yarim tundan oqqanda botinkam va kamzulimni yechib, endi  yotmoqchi bo‘lib turganimda, nogahon uning shahar tarafdan kelayotganligini ko‘rib qoldim.
U ko‘chaning narigi chekkasidagi yo‘lkada – to‘g‘ri  mening derazam qarshisida to‘xtadi. Yana qo‘lida bir dasta gul, ularni silkitgancha:
– Xohlaysizmi?..– dedi.
–    Bo‘lmasam-chi...
–    Unday bo‘lsa keling!
–    O‘zingiz olib kela qoling!
–    Yo‘q, o‘zingiz kelishingiz kerak.
Nihoyat, bir poy botinkada, uni ham bo‘lsa ipini taqmay, kamzulsiz, quruq nimchada uning oldiga bordim. Chang-tuproq yo‘ldan kalovlangancha chopib borardim, chamasi, bu juda kulgili ko‘ringan bo‘lsa kerak. U meni xaxolab kulgancha kutib olarkan:
–    Xuddi ot mingan ritsarlardek keldingiz-a,– dedi.
–    Yalangoyoq ritsar deng,– dedim uning so‘zini to‘g‘rilab.
U menga o‘rtasida qizil g‘unchali kichkinagina ko‘m-ko‘k novdacha uzatdi-yu, nigohini menga tikdi.
Shunday qaradiki...
Bu qarashda qanday ma’no bor ekan-a?!
Ko‘zlari olam-olam ma’no-la oltin yallig‘idek chaqnardi!
Qaradi-yu, tezda qo‘lini uzatgancha qayoqqadir shoshayotgandek yoki hurkkandek zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-qoldi.
Qayerga ketdi? Nima uchun?
Nima bo‘layotganiga tushunolmay, gangigancha xonamga derazadan  oshib tushdim. U hadya qilgan gulga qaradim. Bu doim ochilib, atrofga xushbo‘y hid taratib turadigan na’matak g‘unchasining shoxchasi ekan. To‘satdan g‘unchaning yurak shaklida ekanini payqab qoldim. Xuddi qushchaning nihoyatda kichkina va titrayotgan yurakchasiga o‘xshardi.
Lekin buni hadya qilganda uning ham yuragi titraganmikin?
Bir kuni  kechki payt o‘rtog‘im bilan boqqa konsertga bordik. U bilan ko‘pchilikdan narida odamlarga qo‘shilishni istamaydigan ayrim xayolparastlar o‘tiradigan qorong‘i “ovloq” xiyobonda sayr qilib yurardik. Ochiq maydondagi to‘p-to‘p odamlarning g‘ala-g‘ovuri avjida, u yerda mushaklar otilib atrofga yog‘du sochadi: favvoralar osmonni rang-barang bezak va aylana uchqunli yoylarga to‘ldirib tashlagan.
Nogahon ko‘kragimdan o‘q yegandek turgan joyimda qotib qoldim: qiz zarang daraxtining soyasida boshini qo‘llari orasiga olgancha, nigohini yerga tikib turardi. Ko‘rinishdan g‘amgin va xafa. Bugun qo‘lida na gul, chehrasida na tabassum bor edi. Meni ko‘rgan bo‘lsa-da, loaqal qiyo boqqani yo‘q. Nima bo‘ldi ekan-a?
Hamrohimni qoldirib, asta uning yoniga bordim.
– Nega xafasiz?
– Nega endi xursand bo‘lay...
– Boshingizga biror kulfat tushdimi?
U lablarini bilinar-bilinmas qimtib qo‘ydi.
— Yo‘g‘-e, shundoq, yolg‘izlikdan zerikdim.
– E-ha, shuning uchun deng?
– Ha, shuning uchun...
Hamrohlikka taklif qilish  esimga kelmaganligi uchun  undan uzr so‘radim. Biroq u qandaydir noaniq ajib harakat-la menga shunday qaradiki... Qanday deysizmi? Toshni ham teshib yuborardi uning qarashlari.
Seskanib ketdim. Taklifimga zor emasligi shundoqqina aftidan sezilib turardi. Bu yerda o‘zimni ortiqcha seza boshladim. Ortiq yalinishga g‘ururim yo‘l bermay, endi ketishga chog‘langan ham edimki, qo‘qqisdan:
– Men bergan gullar hali ham turibdimi?– deb so‘rab qoldi.
Shu ondayoq unga qaytadan mehrim tovlanib:
– Ha! Bilasizmi, ularni avaylab, shunday sevib, ardoqlayman-ki!– dedim.
– Gullarnimi?
– Ha, gullarni.
– Faqat gullarnimi, a? Sizni qarang-u!
Men uning o‘pkalaganini aniq bildim.
Biz yana xuddi begonalardek jim qoldik.
Tun yarmidan oqqandi. Skripkachilar so‘nggi avjni olmoqda edilar. Sochlari hurpaygan dirijyor qo‘lidagi cho‘p bilan boshi uzra yarim yoy hosil qilar, avjga chiqishini ko‘rsatar edi.
Atrofda hech zog‘ ko‘rinmasdi.
To‘satdan qiz yana:
– Sizning mayin jingalak sochlaringiz bor edi. Nega oldirdingiz?– deb so‘rab  qoldi.
Chindanam sochlarimni qirtishlab oldirib tashlagan edim.
– Sizga sochlarim yoqarmidi?
– Judayam. O‘shanda menga yoqardingiz...
– Endi-chi, yoqmaymanmi?
– Yoqmaysiz...
– Nachora...
Xuddi bir-birimizdan qo‘rqqandek, qo‘l ham berishmay ikki tarafga ajralishib ketdik.
Bir oz uzoqlashgach, uning ortidan hurpaygan jingalak sochlarnigina sevuvchi ayolga qaragandek uzoq tikilib qoldim...
Osmonda shafaq uchqunladi. Balki qiz ham yelkalarini qisgancha faqat gullarnigina sevib, uni ardoqlaydigan yosh yigitni eslagandir.
Ko‘p o‘tmay men boshqa yerga jo‘nab ketdim. Bizning yo‘limiz tezda tutashmadi. Oxiri bir kun tutashganda so‘zsiz tushundikki: o‘sha tongotar paytda ikkimiz bir-birimizni aldab, shafqatsizlarcha yolg‘on gapirgan ekanmiz.
Shu vajdan bir-birimizni ko‘rmagandek indamay o‘tib ketaverdik. Bizni bir-birimizdan bema’ni  g‘urur — qalbni bir umr jarohatlaydigan takabburlik judo qilgandi.

Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.