OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Ajr (hikoya)

Mefrau Van Damning tugay boshlagan sabr-bardoshi, nihoyat, o‘z ajrini topdi.
 O‘tgan juma uning eri omonatini topshirdi.
 Ular o‘ttiz ikki yil birga yashadi. Uch farzandni voyaga yetkazdi. Kumush to‘ylari o‘tayotgan zalda mefrau Van Damning yoniga yoshgina bir yigitcha kelib, dabdrustdan shunday dedi:
 -Erchangiz to‘rt yildirki bir suyuqoyoq bilan don olishib yuribdi. Bundan xabaringiz bormi? Sizning eringizni deb undan voz kechdim.
 Mefrau Van Damning xabari yo‘q edi.
 Lekin u dam olish kunlarini shahardan tashqarida o‘tkazishga odatlangan eriga har juma jomadonini taxtlab berishining boisini endi tushundi.
 Kumush to‘y buzilmadi. Mehmonlar bayramona bezatilgan kursida o‘tirgan er-xotinni bir necha bor zal uzra yelkalarida aylantirib chiqishdi. Er-xotinning sharafiga kuy-qo‘shiqlar yangradi.
 Ertasi kuni mefrau Van Dam eriga hamma gapdan xabardor ekanini, lekin ajrashish niyati yo‘qligini aytdi. «Bunday qarorga kelishimning sababi, - dedi u, - azbaroyi sizga bo‘lgan mehr-muhabbatimdan ham, rashkdan ham, alamdan ham emas.» Ayol erining pensiyasi va sug‘urta pulini qo‘ldan chiqarishni istamadi.
 Eri toparman-tutarman bo‘lsa-da, ro‘zg‘orga arzimagan choy-chaqa ajratar edi. Topgan-tutganining huzurini o‘sha suyuqoyoq ko‘rardi. Bir gal mefrau Van Dam o‘ziga ko‘ylak tiktirmoqchi bo‘lganida bolalaridan pul so‘rashiga to‘g‘ri kelgan edi. Erining o‘limi uni boyvuchchalar safiga qo‘shar, shu bois xotin yostiqdoshining joni chiqishini sabr bilan kutar edi.
 Ko‘p yillar kutdi.
 Ular alohida - alohida xonalarda yashar va o‘zaro gap qo‘shmas edilar. Mefrau Van Dam eriga ovqat tayyorlar, kiyimlarini tartibga solar, har juma jomadonini taxtlab berar edi. Eri lom-mim demasdan yo‘lga tushardi. Xotini nimani kutayotganini u yaxshi bilardi.
 O‘tgan juma kuni mefrau Van Damning sabri, nihoyat, o‘z ajrini topdi. Ertalab u eri yotgan xonaning pardasi yopiqligicha qolganini ko‘rdi.
 Ne bir umid bilan xonaga kirdi.
 Lekin eri hali tirik edi.
 To‘shakda yotgan er do‘xtir chaqirishni buyurdi.
 Mefrau Van Dam bu iltimosni ham bajo qildi. Mayli, hammasi risoladagiday bo‘lsin.
 Do‘xtir kelib, bemorni ko‘rdi. Dori yozib berdi va uydan chiqar ekan:
 - Eringizning kasali ancha jiddiy, - dedi.- Yuragi chatoq. Meni juda kech chaqiribsiz. Chamasi, u bir necha oydan beri o‘zini yomon his qilib kelgan. Yuragi yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan darajada ko‘p aziyat chekkan.
 - Buni inkor etib bo‘lmaydi, - dedi ayol.
 Do‘xtirning nazarida ayol kulimsiraganday bo‘ldi. Lekin ko‘pni ko‘rgan va diydasi qotib ketgan keksa shifokorni bu unchalik ham ajablantirmadi.
 Mefrau Van Dam dorixonadan dori olib keldi. Biroq dorining nafi tegmadi. Oqshom erining joni uzildi. O‘sha jumani u uyida xotini bilan birga o‘tkazdi. Ayol o‘layotgan erining to‘shagi yonida o‘tirdi. Bemorning aql-hushi joyida edi. Ammo ayoliga gapirmadi. Vidolashuv so‘zlarini aytmadi. Ojizligini ko‘rsatmadi. Unga qaramadi ham. Ellik sakkiz yoshida, umr yo‘ldoshi yonida o‘tirgan bo‘lsa-da, yakka-yolg‘iz mardlarcha bajo keltirdi bandalikni.
 - Hammasi ko‘nglimdagiday bo‘ldi, - deydi endi mefrau Van Dam. - Erim narigi dunyoga yoshgina ravona bo‘ldi. Hamma mol-dunyosi o‘zimga qoldi. Yoshman, endi oltmishga kirdim, hali bemalol o‘ynab-kulishga ulguraman. Anavi suyuqoyoq esa chuv tushib qoldi.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
"Jahon adabiyoti" jurnali, 2014 yil 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.