OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Bolakay (hikoya)

Xarlemgacha poezdning bo‘m-bo‘sh kupesida yolg‘iz o‘zim ketdim. Keyin yoshgina juvon o‘g‘ilchasi bilan qarshimdan joy oldi. To‘rt yoshlardagi sochlari och sariqdan kelgan bolakayning o‘yinchoq ayig‘i, keyinroq ma’lum bo‘ldiki, obaki konfetlari bor ekan. U menga bir pas sinovchan qarab turdi-da, so‘ng:
 -Men Gaagadagi buvimnikiga ketyapman, - dedi. – Tunagani.
 Bir holdan – meni ko‘rganida go‘daklar qo‘rqqanidan yig‘iga zo‘r bermasdan, gap qo‘shganidan - doim sovg‘a olgan bolakaydek quvonaman.
 -Zo‘r-ku!- dedim men.
 Suhbatdoshim chakkalaridagi kulgichlari keng yoyilgancha mamnun jilmaydi. U quvnoq, sodda va ishonuvchan inson edi. Onasi ham farzandiga bo‘lar-bo‘lmasga tanbeh beravermaydigan ayol ekan. Sal jilmayib qo‘ydi-da, gurungimizga jim quloq solib ketdi.
 -Siz ham Gaagaga ketyapsizmi? – deb so‘radi bolakay.
 -Ha, - javob berdim men.
 -Buvingizning uyigami?
 -Yo‘q, onamnikiga.
 -Otangiz ham bormi?
 -Yo‘q.
 -Nega – yo‘q?
 -Negaki, ancha bo‘ldi, otam o‘lgan.
 -Otangizni kinodagiday otib tashlashganmi?
 -Shukrki, otamni hech kim otmagan. U qarilikdan qazo qilgan.
Bolakay birdan deraza tomonga tashlandi va hayajon bilan qichqirdi:
 -Budozer!
 Biz kotlovan tekislayotgan bahaybat buldozerning yonidan o‘tmoqda edik.
 -Mening ham uyda budozerim bo-or, - dedi u faxr bilan. – Obaki yeysizmi?
 -Obakiga unchalik tobim yo‘q, - dedim men. – Lekin nevaramning aytishicha, juda shirin narsa bo‘larkan.
 U obidandonning kattakon, shu darajada kattaki bolani suhbatimizni davom ettirish imkoniyatidan mahrum qildi, bo‘lagini og‘ziga soldi. Poezd to‘xtab, xonamizga o‘rta yoshlardagi bir odam kirib keldi va mening yonimga o‘tirdi. Bolakay obakidandonini tinchitib, yangi hamrohimizni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirib chiqdi. So‘ng achinish bilan menga qaradi:
 -Endi Gaagagacha manavu amakining yonida o‘tirib ketasiz.
 Gazetasini shildiratib o‘tirgan odam kutilmagan bu gapdan cho‘chib tushganday bo‘ldi:
 -Men bajonidil sening otangning yonida o‘tirib turaman, - dedi.
 Buni futbolchilar “to‘p darvoza yonidan o‘tib ketdi”, deyishadi. Ko‘zoynak taqqan yangi hamrohimiz, ko‘zi ojizroq bo‘lsa kerak, butun bir avlodga yanglishgan edi.
 -Nega siz mening otam bilan bajonidil birga o‘tirar ekansiz? – deb so‘radi yigitcha.
 -Negaki, menga birga o‘tirish yoqadi?- dedi ko‘zoynakli amaki.
 -Siz mening otamni taniysizmi?
 -Yo‘q, tanmayman.
 Hatto yirik xalqaro anjumanlarda ham odamlar bir-birini tushunishdan bunchalik yiroqlashib ketmaydi.
 Baxtli tasodif tufayli poezdimiz yana bir kotlovan yonidan o‘tib qoldiki, u yerda ham bahaybat buldozer zamin bag‘rini tekislamoqda edi. Bolakay derazadan uzoq qarab o‘tirdi va so‘ng mendan:
 -Gaagada siz tramayga chiqasizmi yo taksiga? – deb so‘radi.
 -Yayov ketaman, - dedim men.
 -Kichkina ko‘prikchaning tagidan o‘tadigan yo‘ldan ketasizmi? – deb so‘radi u umidsizlanganday.
 -Ha, - dedim men. Negaki, uni xayolidagi ko‘prikchasidan mahrum qilishni istamadim.
 -Biz tramvayda ketamiz, - deb izoh berdi u. – Meni derazadan ko‘rsangiz, qo‘lingizni silkiting. Xo‘pmi?
 Men va’dani quyuq qildim. Gaagada bolakay o‘ng oyoqini butun kuchi bilan qattiq tirab, poezdning to‘xtashida yordam berdi. Perronda onasi gul olib kelish uchun ketdi. Men zinalardan pastga tushayotganimda u menga kattalardek boshini irg‘adi. Samimiy jilmaygancha ayig‘ini bag‘riga bosib o‘tirarkan, ortimdan qo‘l silkitib qoldi. Men ham u tomonga burilib jilmaydim va nazorat chizig‘idan o‘tgunimcha qo‘limni silkitdim. Kun hayrli boshlangan edi. Men do‘st orttirdim. –0--
 
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.