OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Bugun havo ochiqmi? (hikoya)

M.ga bag‘ishlanadi.

Yozuvchilik hunarining eng go‘zal jihati - uni o‘rganib bo‘lmasligida.
 Qo‘ling urgulsin qilib baliq tozalashni, oynadek yaltiratib yog‘och randalashni o‘rganish mumkin. Lekin hali biror yozuvchi dunyoga kelmaganki, ish stolidan turar ekan, qo‘llarini bir-biriga mamnun ishqalab, xotinidan suyunchi olsa: “Ishlarimiz joyida, Mari, hozirgina maxsus qo‘llanmani qo‘lga kiritdim, endi men bemalol yoza olaman”.
 Mabodo shunday adib tug‘ilgan bo‘lsa, men uning asarlarini varaqlab ko‘rishga ham jur’at etmagan bo‘lardim.
 Ha, yozuvchilikni o‘rganib bo‘lmaydi. Aslo.
 Bu ish – qalamni mangu sinash azobi: balki bugun biror ma’nili narsa chiqib qolar? Omadni mangu kutib yashash azobi. Va shu azobning zamirida, og‘ushida qanchalar lazzat, baxt-saodat, huzur-halovat bor. Tasavvur qilingki, xudo yarlaqagan bir kuni tusatdan siz oshpaz ishtaha bilan baliq tozalab, duradgor o‘z maromida yog‘och randalaganday oppa-oson, ko‘nglingiz tusaganday yoza boshlaysiz. O‘, bundan ortiq fojea bormi! Demak, siz dilni vayron, barcha umidlarni puchga chiqaradigan yo‘lga kiribsiz. Demak, siz yozuvchi faoliyatiga xos buyuk hatar – go‘zal va uqubatli, uqubatli va go‘zal turmush tarzi bilan umrbod xayrlashibsiz. Ushbu hunarni bekamu ko‘st egalladim, dedingizmi, demak, sizning qismatingizga ijod va yaratish saodati emas, bir amallab qog‘oz qoralash fojiasi bitilgan ekan.
 Menga bunday qismat darkor emas. Minba’d!
 Zero, yozuvchilik hunarining mu’jizasi uni mukammal egallab bo‘lmasligida. Shundagina siz faqat ajal chek qo‘yadigan yorug‘ va rutubatli, shodon va ma’yus kunlarni boshingizdan kechirish baxtiga muyassar bo‘lasiz.
 Yozuvchilik – qalam va qalb sinovidan boshqa narsa emas: balki bugun biror ma’nili narsa chiqib qolar?
 Ba’zan, barcha urinishlaringiz biror samara bergandek tuyilsa, o‘zingizni yettinchi osmonda ko‘rasiz. Biroq, ko‘pincha ertaroq quvonganingizni, yozganlaringiz bir pulga qimmat ekanligini anglab qolasiz. Demak, siz ne-ne umidlar bilan otgan daqiq nayza nishonga tegmabdi, chekkan qancha zahmatlaringiz behuda ketibdi.
 Ammo hamma gap shunda. Masalaning mohiyatida.
 Mohyatki, o‘zining ishtiboh deb atalmish shirin azobida sizni bir umr yoqib isinadi.
 Yoshi ulug‘roq hamkasblarimdan biri yozg‘irgani yodimda:
 -Ba’zan yarim tunda o‘yg‘onib ketib, dahshatga tushaman: ertalabgacha o‘ylaganlarim yodimdan chiqib ketsa, eslay olmasam nima qilaman? Xayolimga shu fikr kelishi bilan butun vujudimdan sovuq ter chiqib ketadi.
 Bu - umidsizlik azobi, baxt deb atalmish yuksak taxtning uqubatli yo‘li.
 Har ne bo‘lsa-da, yana bir bor urinib ko‘rgan ma’qul.
 Shunday kunlar bo‘ladiki, qo‘lingizdagi qalam joyidan jilishni hargiz istamaydi. Boshingizni toshga urasizmi, cho‘qqa tiqasizmi - bilganingizni qiling, lekin joyidan aslo qimirlay demaydi. Vassalom! Ammo, tavakkal bilan urinishlaringizni davom ettirasiz va kutilmaganda qalamingizga jon kirib, so‘zlardan munchoq tiza boshlaganini ko‘rasiz. So‘zlarki, oshiq yigitning xayolini o‘g‘rilagan jononadek, sizni o‘ziga tamoman rom qilib qo‘yadi.
 Ko‘rdingizmi? Ishlar yana yurishib ketdi.
 Biroq bunda ham baliq tozalaganda yoki yog‘ochni randalaganda bo‘lgani kabi qat’iy ishonch yo‘q. Mutlaqo! Agar shunday xayolga borgan bo‘lsangiz, uni miyangizdan darhol chiqarib tashlang! Bu yo‘lning gulidan ko‘ra tikani ko‘p.
 Uning go‘zalligi shunda.
 Ana shuning o‘zi umringizni hadigu quvonch, umidu ojizlik, zahmatu ilhom bilan bezaydi.
 Xotirjamlikda katta xatar bor.
 Istalgan lahzda portlash yuz berishi, biroq u shunchaki olatasirdan iborat bo‘lishi ham mumkin. Ha, shunday havf ham yo‘q emas. Yozish asnosida sizdan yagona talab – boshqa o‘y-xayollarni chetga surib qo‘yib, butun vujudingiz bilan harakat qiling. Ishtibohdan hallolik gulxanini yoqib, qalamga zo‘r bering. Aqlbovar qilmas darajada mukammal va go‘zal asarlarni o‘qiganingizda esa o‘zingizni umidsizlik girdobiga tashlamang: “Xo‘p deng, bir pas oyog‘imni cho‘zay. O‘lmoqdan boshqa choram qolmadi”.
 Xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, musavvirlardan biri shunday degan ekan: “Rubensning chizganlarini ko‘rsam, qo‘lim mo‘yqalam tomon yugiradi. Rembrandt asarlarini tomosha qilganimda esa rassomlikdan butunlay voz kechgim keladi”.
 Shu bois Rembrandt asarlaridan zavqlanishni ixtiyor etgan kuningiz qalamingizga dam bering. Qalamga dam berishni ham bilish kerak. Bunga ta’til kunlari ko‘proq mos keladi. Bunday kezlarda, to‘g‘risi, to‘rtinchi kuni xotinim menga qarab jovray boshlaydi: “Xudo haqqi, qalamingizni qo‘lingizga oling. Bu ezilishda aqldan ozib qolasiz”.
 Va men qalamimning inon-ixtiyorini sinab ko‘rmoq ilinjida yana yozuv stoliga o‘tiraman. Ishing qanday jilishini esa bilib bo‘lmaydi.
 Hunarimizning mu’jizasi shunda. Har tong qalamimni qo‘lga olar ekanman, bir savolga javob izlayman: “Bugun havo ochiqmi?”

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
“Kitob dunyosi” gazetasi, 2015 yil 28 oktyabr.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.