OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sodiq Hidoyat. Yosh xotinning jafosi (hikoya)

Kech tushib qolgan, tog‘lar orasidagi qo‘rg‘on yonida, mo‘‘jazgina qahvaxona hovlisida, tut soyasidagi yog‘och karavotda ikki kishinigina ko‘rish mumkin edi. Grammofondan dilrabo musiqa taralardi.
Qahvachi esa ulardan ancha narida, samovarga o‘tin qalash bilan ovora. Tut soyasidagi musohiblarning biri ozg‘in, ko‘zlari ich-ichiga botgan, cho‘qqisoqol qariya Mashhadi Shahboz qalandarsifat, yuzidan horg‘inligi sezilib turgan suhbatdoshi Mirzo Yadollohga ma’ni berar edi. Bir qarashda ularning yangi, tasodifiy tanishlar ekanini sezish mumkin.
Ular zamonaning bevafoligi, xotinlarning beandoza qiliqlari xususida qizg‘in bahslashishardi. Gap tirikchilik masalalariga, pul topishning chandon og‘irlashib borayotganiga taqaldi.
– Tirikchilik odamni ne kuylarga solmaydi, – boshini likillatib gap boshladi Shahboz. – Qilmagan ishimiz qolmadi. Bir paytlar Tehronda baqqollik do‘koni ham ochganman. Kuniga olti qironga yaqin pul topardim. Uchma-uch ro‘zg‘orga yetkazardim.
Hamsuhbati Mirzo Yadolloh ilkis uning so‘zini bo‘ldi:
– Nima, hali siz baqqolchilik ham qilganmisiz? Mening baqqol jamoatidan ko‘nglim qolgan.
– Nega? – ajablandi Shahboz.
– Buning tarixi uzun. Siz avval gapingizni tugating! Shahboz so‘zida davom etdi: – Shunday qilib… ha, do‘konim bor edi. Shu kasbning orqasidan yaxshimi-yomonmi ancha payt tirikchilik qildim. O‘sha fursatda bir zaifa yo‘limdan chiqdi. E, u xotinmas bir o‘t parchasi ediki, asti qo‘yavering. Xullas, u bilan oila qurdim. Men uni yeru ko‘kka ishonmas edim. Xotin zoti erkakning terisi ostiga kirib olmasin ekan.
Butun aqlu hushimni egallab olgandi. Inon-ixtiyorim uning qo‘lida edi. Besh yil avval mendan ko‘ngli qoldimi, yo boshqa birovga ko‘ngil qo‘ydimi, harqalay “talog‘imni ber, ketaman”ga tushib oldi. Hech narsa deyolmadim. Bor-budimni sotib, pulni bo‘g‘chaga joylab, ikki yashar bolasini ergashtirib ketvordi. Avvaliga hiyla yengil tortdim. Qulog‘im tinchidi deb o‘ylagandim. Ammo bu xotin meni tamomila o‘ziga bog‘lab olgan ekan.
Besh yildirki, oromi qarorim yo‘qolgan. Na yotish-turishimda, na yeb-ichishimda baraka qoldi. Bittayu bitta zurriyodim, ko‘zimning qorasiga nima bo‘ldi, kimlarning qo‘lida qoldi, bilmayman.
– E, bu xotin zotini tushunish qiyin, – bosh chayqadi Mirzo Yadolloh. – Bunaqa bevafo ayollar aslida erkaklarning e’tiboriga, g‘amxo‘rligu parvarishiga arzimaydi.
– Ayolimning juda g‘alati fe’li bor edi, – Shahboz peshanasini tirishtirib xotiralariga berildi. – Ba’zan hech kim bilan gaplashmas, juda odamovi bo‘lib qolar, nuqul hech narsa gapirmay uh tortgani tortgan edi. Shunda “avvalgi erini qo‘msab qolgandir” deya ichimni rashk tirnay boshlardi.
– Nima, siz uning ikkinchi erimidingiz? – so‘radi Mirzo Yadolloh qiziqsinib.
– Ha, – bosh irg‘adi Shahboz. – Qo‘limdan kelganicha uning ko‘nglini ovlashga, mehrini qozonishga intildim. Borimni yo‘liga nisor qildim. Aytganini bajardim. Ammo, na iloj, ketdi. Uni yana bir ko‘rsam, yuzma-yuz kelsam edi, deb orzu qilaman. Loaqal o‘g‘limni ko‘rish nasib etsaydi.
– E, birodar, bir kam dunyo deydilar, – unga taskin bergan bo‘ldi Yadolloh.
– Sabr qilgan murodiga yetar, deydi. Yaratgan ham sabrlilarni xush ko‘rarmish. O‘zim ham minbar tepasida bo‘lganimda hamisha aytardimki, as-sabru miftoxul farax, ya’nikim sabr shodlik kalitidur.
– Siz olim bo‘lganmisiz? – so‘radi Shahboz.
– E, bu o‘n ikki yilning naryog‘idagi gaplar, – afsus bilan bosh tebratdi Yadolloh. – Hozir ko‘rib turganingizdek bir ovorayu sargashta kimsaman, – u bir muddat jim qolib, og‘ir xo‘rsindi. – Mening ham hayotimni bir ayol barbod qilgan.
– E, bu xotinlar dastidan dodingni kim aytasan, – dedi Shahboz.
– Yo‘q, bu voqeaning xotinlar makriga aloqasi yo‘q. Bunga faqat o‘zim aybdorman. Agar Tehronda yashagan bo‘lsangiz, Abuviy degan kishini eshitgandirsiz? Otamning dovrug‘i bir paytlar butun shaharga taralgan edi. Qissaxonligu qasidaxonlikda, voizligu duogo‘ylikda hech kim uning oldiga tushlomasdi. U qatnashgan majlislarda odam shu qadar tirband bo‘lardiki, igna tashlasang, yerga tushmasdi. Ammo otam shonu shuhratini o‘zi bilan olib ketdi. Ot izini toy bosadi deb, men uning o‘rnini egallashga harakat qildim. Otamning johu jalolini tiklab, hujrasiga egalik qila boshladim. O‘zim talaba edim, oladigan nafaqam yegan-ichganimga yetmasdi. Har qalay va’zu qasidalar o‘qib, tinglovchilar e’tiborini tortishga, ular ichidan o‘zimga muxlis topishga urindim…
Ko‘p o‘tmay otamning munosib izdoshi ekanim elga ma’lum bo‘ldi. Shu-shu meni ba’zi xastalarga dam solib duo o‘qishga ham chaqiradigan bo‘lishdi. Bir oqshom meni bir bemorga dam solish uchun olib ketishdi. Qarasam, o‘n to‘rt-o‘n besh yoshli qizcha ekan. Nafasim unga qanchalik kor qilganini bilmadim, ammo u o‘sha zahoti meni xasta qilib qo‘ygandi. Alqissa, o‘sha qizchaga ko‘nglim sust ketdi. Ungacha ikkita siyg‘a (shia mazhabiga mansub musulmonlar uchun vaqtincha nikohdagi ayol – tarj.) bilan yashab, keyin ularning javobini bergandim. Ammo bu qizcha ularga o‘xshamasdi. Xullas, ikki kun o‘tib, uning uyiga uch tuman pul, bir sidra kiyim- bosh va mayda-chuyda bilan sovchi jo‘natdim. Qizning ota-onasi ko‘p kuttirmadi. Kamtarona to‘y qilib o‘ylandim. …Kechqurun uning yoniga kirdim. U shu qadar kichkina va norasida ediki, o‘zimdan o‘zim uyalib ketdim.
Unga rahmim kelardi. Axir uning hali ona suti og‘zidan ketmagan, oila nima, er-xotinlik nima, anglaydigan yoshda emasdi. Biroq yoshi yetmishdan oshib, o‘n-o‘n ikki yashar qizlarni har xil hiylayu nayranglar bilan qo‘lga kiritadiganlar ozmunchami? Ruboba (uning ismi shunaqa edi) meni ko‘rishi bilan dag‘-dag‘ titray
boshladi. Qo‘limni tekkizishga ham botina olmasdim. Unga yaqin borishim bilan yig‘lay boshlardi. Xullas, uni karavot ustiga yotqizib, o‘zim undan ancha narida, yerda yotadigan bo‘ldim. O‘sha ondan yaxshi gap bilan uni rom qilishga kirishdim. Unga bitta ertak aytib berdim.
Ertasi kuni yana bir ertakni yarmigacha aytdim. Uchinchi kuni indamay yotsam, Rubobaning o‘zi “Kechagi ertakning davomi nima bo‘ldi, podshoh Jamshid ovga chiqqan joyda to‘xtatib qo‘ygandingiz”, dedi. Men shu gapni kutib turuvdim. “Boshim og‘riyapti, quvvatim yo‘q, baland ovozda gapirolmayman, yaxshisi senga yaqinroq boray”, dedim. Ertakni aytarkanman, unga tomon siljib boraverdim. Oxirida…
Shahboz musohibining suhbatini eshitib kula boshlagandi, ammo uning ko‘zoynagi ortidan yoshli ko‘zlarini ko‘rishi bilan o‘zini qo‘lga oldi. Mirzo Yadolloh esa jo‘shqin ovozda hikoyasini davom ettirdi.
– Bu gaplarga o‘n ikki yil bo‘ldi. O‘n ikki yila-a? Qanaqa ayol edi u? Mehribon, aqlli, odobli. Saranjom-sarishta, orasta edi. O‘zi kichkina bo‘lsayam hamma ishga ulgurardi. Kichkina qo‘lchalari bilan kir yuvar, tikish-bichish qilar, shirin-shirin ovqatlar pishirardi. Men unga o‘qish- yozishni o‘rgatdim. Tez orada Shayx Sa’diyning ham she’rlarin yoddan aytib beradigan bo‘ldi. Xullas, u bilan uch yil baxtli hayot kechirdik. O‘zingiz bilasiz, bir tovuqqa ham don kerak, ham suv. Tirikchilikning o‘zi bo‘lmaydi. Faqat qasidaxonlik qilib, guzarma-guzar kezib topgan pulim ro‘zg‘orga yetmaydigan bo‘p qoldi. Kelishmovchilik ham ana shundan kelib chiqdi. Do‘st bor, dushman bor, kimdir xotinimni yo‘ldan urib, oramizga sovuqchilik tushdi. Nima bo‘ldiyu, kunlarning birida qattiq tortishib qoldik. U avval ko‘zimga musichadek beozor, xokisor va mute bo‘lib ko‘ringani bilan turgan bitgani zahar- zaqqum ekanini o‘shanda bildim. Uni tinchlantirish uchun har qancha urinmay to‘xtatishning iloji bo‘lmadi.
– Qanchalik peshonam sho‘r ekan. O‘z uyimda yog‘ ichidagi buyrakdek yayrab o‘sgandim. Yeganim oldimda, yemaganim ortimda edi. Qurumsoq otam kelib-kelib sendek bir tilanchiga meni sotdi. Mening tengim aslida sen emasding. Bu kunimdan o‘lganim yaxshi emasmidi? Sen bilan boshqa yasholmayman, – derdi. Harchand o‘zimni qo‘lga olishga urinmay, uddasidan chiqolmadim. Axir sabr-toqatning ham cheki bo‘ladi. Ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi. Dasturxon boshida o‘tirib edim, ovqat to‘la idishni olib, hovliga irg‘itdim. Shart o‘rnimdan turdimu, xotinimnig qo‘lidan tutib, qo‘shni hovlida turadigan Shayx Mahdiynng yoniga bordim. Uning guvohligida xotinimni uch taloq qo‘ydim.
Ertasi kuni uyg‘onib, tundagi holatning dahshatini tasavvur qildimu dunyo ko‘zimga qorong‘u tuyuldi. Pushaymon bo‘ldim. Ammo, endi bundan nima naf? Xotinim menga harom bo‘lgandi. Devonaga o‘xshab ko‘chama-ko‘cha sargardon kezdim. Meni ko‘rgan tanishlarim ham tanimay o‘tib ketishardi. Xotinimni qanchalik sevishimni o‘shanda payqadim. Na yeyish- ichshimda, na yotish-turishimda halovat bor edi. Hatto, uyda ham qamalib o‘tirolmasdim. Uydagi hamma narsa uni yodimga solaverardi. Axiyri mazam qochib, yotib qoldim. Rost, uylanay desam, daraxt shoxidan qiz yog‘ilardi. Ammo hech kim uning o‘rnini bosa olmasdi.
Shu tariqa ikki oydan ziyod vaqt o‘tdi. Uning iddasi ham tugab qoldi. Men har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, uni qayta nikohimga olishga ahd qildim. Necha martalab eshigiga bosh egib bordim. Ammo foydasi bo‘lmadi. Bilasiz, shariat hukmiga ko‘ra, taloq qilingan xotinni qayta nikohga olish uchun kimgadir tegib chiqishi kerak. Ikkinchi erning haramini ko‘rmay, avvalgi eriga qayta olmaydi. Demak, pul to‘plab, ijaraga birorta muvaqqat er topishim kerak edi.
Mahallamizda bir baqqol yashar, uning basharasiga qaragan odamning qusgisi kelardi. Umrida betini yuvmagani uchunmi, yetti kuchuk yalasa to‘yardi. O‘ziyam yarimta piyoz uchun bosh kesishga tayyor kimsalardan edi. Borib, unga vaziyatni tushuntirdim. Hamma xarajatni o‘zim ko‘tarib, Rubobani bir oqshom unga nikohlab beradigan bo‘ldim. Ustiga-ustak qo‘liga besh tuman pul ham berdim.
Shahboz hamsuhbatining gaplarini eshitib, boshini xiyol egib oldi. Chamasi u Yadollohning hikoyasidan mutaassir bo‘lmoqda edi.
– O‘sha oqshom yantoqning ustida yotgandek uxlolmay chiqdim. Uch yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan ayolimni birov ismini tilga olsa, chavaqlashga tayyor turardim. Endi esa o‘z qo‘llarim bilan uni bir bedavoning qo‘yniga solib qo‘ydim. Xullas, amallab tong ottirdimu sahar turib, baqqolning uyiga yo‘l oldim. Uni chaqirib, eshigida bir soat kutdim. Nazarimda bir asr o‘tgandek bo‘ldi.
U chiqishi bilan “Qani, xotinimni chaqir, kelishuvga binoan uni taloq qilishing kerak, har qalay senga besh tuman berganman” dedim. Uning o‘sha fursatdagi shaytoniy qiyofasi ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Tirjaygancha “Toshingni ter, – dedi menga. – Ming tuman bersang ham senga xotinimning bir tukini ravo ko‘rmayman”.
Ko‘z oldimda yashin chaqnagandek bo‘ldi.
Shahboz ko‘zlarini olaytirib, Yadollohga yuzlandi:
– Subhonolloh, shunaqasi ham bo‘larkanmi a?
– Siz ishonmaysiz, birodar, – kadar bilan gapida davom etdi Mirzo Yadolloh. – Nima ham qila olardim? Haqiqat men tomonda bo‘lganida o‘zim bilardim. Baqqolning niyatini payqadim. “Ming tumanga bir tukini bermayman” deganidayoq uning maqsadi faqat pul, kattaroq pul ekanini bildim. Ammo menda o‘sha fursatda sariq chaqa ham yo‘q edi. Unga hech gap aytolmadim. Tomog‘imga nimadir tiqilgan, ovozim bitib qolgandi.
Nokomu noumid uning eshigidan qaytdim. Qaytdimu dunyoi dunga ham etak silkidim. Egnimga qalandarlar jomasini ilib, hayyo huy deb yo‘lga tushdim. Mana o‘n ikki yilki, jahongashtaman, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq kezaman, goh odamlar gavjum joyda qissaxonlik qilaman, goh muallimlik. Ba’zan unisi- bunisiga xat, ariza yozib berib, choychaqa ishlayman. Gohida qahvaxonalarda odamlarga «Shohnoma» o‘qiyman, vaqti kelsa, nay chalib beraman.
Shu tariqa umrim ham poyoniga yetib bormoqda. Boya nima uchun baqqol xalqidan ko‘nglim qolgan, deganimni endi tushungandirsiz? U gapini tugatib, bir nuqtaga tikilgancha, jim qoldi.
Shahboz boshini ikki kafti orasida qisib o‘tirardi. Nihoyat boshini ko‘tarib, oh chekdi.
– Rubobaning chap yuzida chechakdan qolgan izi bormidi? – so‘radi daf’atan Yadollohga yuzlanib. – Gapirganda ko‘zlarini pirpiratib turarmidi?
Yadolloh dast o‘rnidan qo‘zg‘oldi: – Sizga kim aytdi buni?
– Hayot insonni o‘zgartiradi, yuzlarga ajin tushadi, soch-soqol oqaradi, tishlar to‘kiladi, ovoz o‘zgaradi. Qarangki, ikkimiz ham bir-birimizni tanimabmiz. Axir siz bir paytlar mahallamizda turgan shayx Rasulning o‘g‘li og‘oyi Mirzo Yadolloh emasmisiz?
– Siz… kimsiz? – Mirzo Yadolloh bexos o‘rnidan qo‘zg‘oldi.
– Yo tavba, o‘sha, meni o‘n ikki yildan beri sargardon yurishimga sababchi bo‘lgan baqqol Shahbozmisiz?
Ikkovlon bir-biriga qadalgancha qotib qoldi.

Fors tilidan Rustam Jabborov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.