background
logotype

Stefan Sveyg. Bir umrning zavoli (hikoya)

Umri tijorat bilan o‘tgan Solomon bobo kunlardan bir kun Gard ko‘li sohilidagi mehmonxonada yarim kechasi qorin og‘rig‘idan uyg‘onib ketdi. Bu yerga u oilasi bilan birga dam olgani kelgan edi. Qarasa, ahvol chatoq: ichini birov burg‘u bilan parmalayotganday, nafas olyaptimi, yo‘qmi – o‘zi ham bilmaydi. Qariyaning kapalagi uchib ketdi. To‘g‘ri, ko‘pdan buyon jigaridan nolib yurardi, ammo bunaqasi... U shiftga tikilgancha do‘ppaygan qornini, so‘ng ko‘kragi va yelkalarini asta siypalab chiqdi. Og‘riq pasayay demasdi. Qayoqdan ilashdi bu kasofat? Balki biror ovqat yoqmagandir? Italiyaga kelgan sayyohlar orasida bunaqa shikoyatlar quloqqa ko‘p chalinadi. Harakat qilsam og‘riq tarqalar, degan xayol bilan inqillab-sin-qillab o‘rnidan turdi. Rostdan ham uch-to‘rt qadam bosishi bilan sal yengil tortganday bo‘ldi. Ammo xona tor edi, buning ustiga, yonma-yon qo‘yilgan karavotda uxlab yotgan xotinini uy-g‘otib yuborishdan cho‘chidi. Bekorga vahima ko‘tarishning nima keragi bor? Ana shu andisha bilan yelkasiga xalatini tashlab, shippagini sarpoychan kiydi-da, sekin yo‘lakka chiqdi.
Uzundan-uzun, nimqorong‘i yo‘lak huvillab yotardi. Qariya qadamini avaylab bosib, yo‘lakning bu boshidan u boshigacha uch-to‘rt qur borib keldi. Buni qarangki, niyati xolis-da, dard chekinib, ruhi ancha tetiklashdi, og‘riq ham avvalgi shashtidan qaytdi. Xonasiga endigina kirmoqchi bo‘lib turgan edi, birdan allaqanday shitirlagan sas uni taqa-taq to‘xtatdi. Shu yaqin-o‘rtada nimadir g‘iychilladi, so‘ng sal naridagi eshik qiya ochilib, pichir-pichir ovozlar eshitildi, oraliqdan tushgan nur yo‘lakni lip etib bir yoritdiyu yana so‘ndi. Nima gap o‘zi? Qariya beixtiyor burchakka qapishdi – sinchkovligidan emas, yo‘q – jinniga o‘xshab yarim kechasi yo‘lakda tentirab yurganini birov ko‘rib qolishidan iymandi. Ammo tasmaday nur yo‘lakni bir soniya yoritgan paytda qiya ochilgan eshikdan oq xalat kiygan bir ayol chiqib, zipillagancha yo‘lak adog‘iga qarab ketganini ilg‘adi. Yo unga shunday tuyulganmikan? Yo‘q, yo‘q, aniq ko‘rdi. Ana, yo‘lak oxiridagi eshik tutqichi shiq etdi. Keyin hammayoqni qaytadan sukunat bosdi.
Qariya, xuddi chaqmoq urganday, gandiraklab ketdi. Yo parvardigor! Axir, yo‘lak oxiridagi hozirgina tutqichi makkorona ovoz chiqargan o‘sha eshikdan... axir, o‘sha eshikdan o‘zi oilasi bilan ijaraga olgan uchta xonaga kiriladi-ku! Xotini uxlab yotibdi. Demak, haligi ayol, – yo‘q, yanglishishi mumkinmas, – xiyol oldin begona erkakning xonasidan yashiriqcha chiqqan o‘sha ayol – qizi, o‘n to‘qqizga to‘lib-to‘lmagan qizalog‘i Erna ekan-da!
Qariyaning a’zoyi badani titrab ketdi. Eh, bolaginam, jigarbandim... nahotki? Yo‘q, bo‘lishi mumkinmas, u xato qilyapti! Unda begona erkakning xonasida nima qilib yuribdi?! Qariya bu fikrni miyasidan yulib tashlamoqchi bo‘lardi-yu, ammo bir ko‘rinib g‘oyib bo‘lgan ayolning ko‘lankasi ko‘z o‘ngidan nari ketmasdi. Bu ko‘lankadan qutulib bo‘lmaydi, uni yulib tashlashning iloji yo‘q. U haqiqatning tagiga yetishi kerak! Nafasini ichiga yutib, devorni paypaslagancha qizi yashayotgan xona eshigiga yaqinlashdi. Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, eshik tirqishidan, faqatgina shu eshik tirqishidan ingichka, oppoq nur sizib chiqmoqda edi. Kechasi soat to‘rtda xonasida chiroq yonib turibdi! Tag‘in nima kerak?! Mana, yana bitta isboti: elektr tugmachasi shirq etdi, nur chilvirini tun qorong‘isi yutib yubordi – yo‘q, yo‘q, o‘zini aldab nima qiladi – begona erkakning xonasidan chiqib, o‘z xonasiga bebiliska kirib olgan ayol – o‘z qizi, Erna!
Qariya, bezgak tutganday, hamon qaltirar, tanasidan sovuq ter quyilar edi. Bir ko‘ngli, eshikni buzib kirib, behayo qizini rosa do‘pposlamoqchi bo‘ldi. Ammo oyoqlari itoat etmadi. Xonasiga sudralib kirib, yaralangan jonivorday o‘zini karavotga tashladi.
Solomon bobo allamahalgacha qimir etmay, qorong‘ilikka termilib yotdi. Miyasi g‘ovlab ketgan edi. Yonginasida xotini pishillab uxlab yotardi. Nima qilsin? Uni uyg‘otib, zahrini sochsinmi? Qizining kirdikorini oshkor etib, go‘riga g‘isht qalasinmi? Jillaqursa, ko‘nglini bo‘shatib oladi-ku, axir. Hay-hay-hay! Bu sharmisorlikni qaysi til bilan gapiradi? Yo‘q, aytolmaydi, aytolmaydi. Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Nima qilish kerak!
U fikrini jamlashga urinar, ammo uddasidan chiqolmasdi. Qanday dahshat! Uning qizalog‘i, erkatoyi, ko‘zlari musaffo, nigohi muloyim arzandasi... E, falak! Alifboni oldiga qo‘yib, pushtirang barmoqchasini notanish harflarga bittama-bitta tekkizib, savod chiqazgani kuni kecha emasmidi, axir! Uni olib ketishga maktabga borganida havorang ko‘ylagining etaklarini hilpiratib chopib chiqqanlari, yo‘l-yo‘lakay unga shirinliklar olib bergani, bunga javoban qizchasi uning bo‘ynidan quchoqlab, shira lablari bilan yuzidan cho‘lp-cho‘lp o‘pganlari... E voh... kechagina emasmidi! Mana endi, ikki qadam narida, o‘sha qiz begona erkakning qo‘yniga kirib chiqib, hech narsa ko‘rmaganday sulayib uxlab yotibdi!
“Yo alhazar, yo alhazar! – Qariya ingrab yubordi. – Qanday sharmandalik, qanday sharmandalik! Mening qizim, bokira qizalog‘im allaqanday erkak bilan... Kim o‘sha erkak? Kelganlariga atigi uch kun bo‘ldi, anavi oliftalardan birortasini ham Erna ilgari tanimasdi – na graf Ubaldini, na italyan zobitini, na meklenburglik baronni. Ular bilan kelgan kunlarining ertasiga raqs paytida tanishishgan, allaqachon o‘shalardan bittasi... Xo‘sh, qizi qaysi biri bilan... Balki u birinchi erkakmasdir, balki Erna bunaqa ishni ancha ilgari, uydaligidayoq boshlavorgandir... men ahmoq hech narsani payqamay yuravergandirman?.. Voy laqma-ey, voy miyasi aynigan chol-ey... Darvoqe, xotinim bilan qizim haqida nimalarni bilaman? Uzzukun o‘shalar uchun ishlayman, idorada o‘n to‘rt soatlab o‘tiraman, ilgari-ku umrim poezdda o‘tardi, qo‘limda – xilma-xil matolarning laxtaklari solingan chamadon... pul uchun... azbaroyi qizim bilan xotinim hech narsadan zoriqmasin, xohlaganlarini yeb, xohlaganlarini kiyishsin deb shunday qilardim. Kechqurun horib-charchab ishdan qaytganimda uyda hech kim yo‘q: ular yo teatrga, yo raqs maydoniga, yoki mehmondorchilikka ketgan bo‘ladi. Kunni qanday o‘tkazishadi – bilmayman. Endi shuni bilib turibmanki, qizim, xuddi ko‘chadagi fohishalarday, tunlari pokiza tanasini begona erkaklarga baxshida etarkan. Yo rabbiy, bu qanday razolat!”
Qariya yana ingradi. Har bir yangi taxmin, yangi shubha-gumon yarasini tuz sepganday lovullatardi; nazarida miya-si qoq ikkiga bo‘linganu ana shu ikkita kosadagi bo‘tqa ichida son-sanoqsiz qurt-qumursqa g‘ujg‘on o‘ynayotganday...
“Nega shu paytgacha chidab keldim?.. Nima uchun men bu yerda to‘lg‘anib yotibman-u, anovi suyuqoyoq bemalol xurrakni otyapti? Izidan xonasiga bostirib kirib, qovurg‘alarini mayda-mayda qilib tashlasam bo‘lmasmidi? Yo‘q, bo‘lmaydi... Chunki men zaifman, men qo‘rqoqman... Hamma vaqt ularga yon bosib kelganman. O‘zim itday ishlasam ham, qizim bilan xotinimni yayratib qo‘yganimdan faxrlanardim, bir tiyinni yetti joyidan tugib, topganimni uyga tashirdim. Mana, oqibati... Qorinlari to‘ydiyu mendan or qiladigan bo‘lib qolishdi... Ha-da... men – qoloqman, men – chalasavodman... Tavba, menda savod nima qilsin? O‘n ikki yoshimda maktabdan chiqarib olganlar. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlaganman, laxtak ko‘tarib qishloqma-qishloq, shaharma-shahar izg‘iganman. To bir ishning boshini tutib, qaddimni rostlab olgunimcha tortmagan azobim, chekmagan uqubatim qolmagan. Hozir birovdan kam yerim yo‘q, uy-jo-yim badastir, mol-mulkim, davlatim yetarli. Ammo baribir tilim qisiq. Ba’zan hakalak otgan nafslarini sal ti-yib qo‘ymoqchi bo‘lsam, osmonga sapchishadi; rahmatli onam faqat oilam deb, ro‘zg‘orim deb yashardi desam, burunlarini jiyirishadi. Xo‘p, men – qoloqman, o‘qimaganman. Ammo qoloqsiz deb mendan or qiladigan qizim negadir begona erkakning qo‘yniga kirib yotishdan or qilmaydi. Bittayu bitta qizim, ko‘zimning oqu qorasi... Yo tangrim, qanday bedodlik bu!”
Qariya qattiq uh tortgan edi, xotini uyg‘onib ketdi. “Ha-a, nega pishqiryapsan?” deb so‘radi u uyqusirab. Solomon bobo miq etmadi. Shu yotgancha ertalabgacha mijja qoqmadi.
Nonushtaga hammadan barvaqt keldi. Og‘ir xo‘rsinib stol yoniga cho‘kdi-yu, ammo dasturxondan yuzini chetga burdi.
“Yana yolg‘izman, – deb o‘yladi u, – har doim yolg‘izman. Ertalab ishga ketayotganimda bular uxlab yotgan bo‘ladi. Teatrmi, biror ziyofatmi, allaqaysi go‘rdan tinkalari qurib kelishadi-da. Kechqurun uyga qaytganimda yana hech kim yo‘q – kim biladi qanday davraning guli bo‘lib o‘tirishgan ekan? Eh, pul o‘lsin-a, pul o‘lsin! Ularni pul buzdi... pul bizni bir-birimizdan ayirdi. Men ahmoq pulning ketidan quvib yurib- man-a! Mana oqibati – pul meni ship-shiydon qildi, ularni esa yomon yo‘ldan yetaklab ketdi. Ellik yil ho‘kizday ishlab, hordiq nimaligini bilmay orttirganim shu bo‘ldimi! Mana, bir o‘zim so‘ppayib o‘tiribman...”
Xotini bilan qizidan hamon darak yo‘q. “Nega Erna kelmayapti? Ochiqchasiga gaplashmasam bo‘lmaydi... Hammasini yuziga shartta-shartta aytaman... Ketamiz, deyman... shu bugunoq jo‘naymiz, deyman... Nega kelmayapti? Ha-a, uyquga to‘ymagan-da, sababi ma’lum... Onasi-chi?.. E-e, toshoynaning oldida o‘tirgan sochini tarab. Keyin tirnoqlarini bo‘yaydi, sartaroshxonaga kiradi, upa-elik deganday... Soat o‘n birsiz qo‘li bo‘shamaydi. Onasi shu bo‘lgandan keyin – qizi nima bo‘lardi? He-e, pulni o‘ylab topganni!..”
Orqadan qadam tovushlari eshitildi. “Yaxshi yotib turdingizmi, dadajon?” – shu savoldan keyin ayol kishining mo‘‘jazgina boshi yelkasi osha engashib, nafis lablar xiyolgina chakkasiga tegdi. Qariya beixtiyor boshini chetga tort-di: qandaydir atirning chuchmal hidi unga yoqmagan edi.
– Nima bo‘ldi, dadajon? Nega avzoyingiz buzuq? Uxlolmadingizmi yoki yomon tush ko‘rdingizmi?
Solomon bobo g‘azabini ichiga yutdi. Boshini quyi egib, qizining savoliga “Yo‘q, hammasi joyida!” deya g‘udranib javob qaytardi. Keyin unga qaramaslik niyatida apil-tapil gazetani ochib, yuzini to‘sdi. Qo‘llari beto‘xtov qaltirardi. “Hozir, onasi yo‘qligida hamma gapni gapirishim kerak. Hozir ayni payti!” derdi u ichida, biroq tili kalimaga kelmasdi, hatto qizining ko‘zlariga qarashga ham jur’at etolmayotgan edi.
Birdan u shartta o‘rnidan turdi-da, bog‘ tomonga qarab ketdi. Yuzidan oqayotgan qaynoq ko‘zyoshlarini qizi ko‘rib qolishidan andisha qildi.
Oyoqlari kalta, pak-pakana qariya bog‘ ichida uzoq aylanib yurdi, tevarak-atrofni tomosha qildi. Yosh pardasi qorachiqlarini to‘sib turgan bo‘lsa-da, go‘zal manzaradan bahramand bo‘lishiga monelik qilolmadi: ko‘l sathidagi kumushrang tuman ortida ko‘m-ko‘k butalar bilan qoplangan o‘rkach-o‘rkach tepaliklar, ularning orqasida esa baland tog‘, go‘yo u ham ko‘l jamoliga mahliyo bo‘lganday chuqur sukutga botgan. Yashnab turgan tabiat bepoyon quchog‘ini ochib, hammaga baxt va shodlik ulashayotganga o‘xshaydi.
“Vo darig‘!.. – deya qariya alam bilan bosh chayqadi. – Umrimning ellik yilini cho‘t qoqish, hisob-kitob, savdo-sotiq bilan o‘tkazib, birinchi marta o‘zimga mana shunday kunlarni ravo ko‘rgan edim-a!.. Buyam haromga chiqdi. Oltmish beshga kiribman. Bu yog‘i qancha qoldi – yolg‘iz xudoga ayon. Har holda to‘rimdan go‘rim yaqin. Azroil eshik qoqib turganda na pul, na boylik, na do‘xtir oraga tusha oladi. Go‘rga kirmasimdan oldin men ham odamga o‘xshab bir dam olay degan edim-da. E, attang, attang! Rahmatli otam aytardi-ya: “Bizning peshonamizga huzur-halovat bitilmagan, sen mehnatga tug‘ilgansan, o‘lguningcha mehnat xurjunini yelkangdan tashlama!” derdi-ya! Men gumroh otamning o‘gitini unutibman. Lekin kechagina baxtiyor edim-ku... Chiroyli, xushchaqchaq qizimga havas bilan tikilardim, quvonchiga har daqiqa sherik bo‘lardim-ku. Mana, xudo meni jazoladi. Hamma narsadan mosuvo bo‘ldim. Endi o‘z qizim bilan gaplasholmayman, ko‘zlariga tik qarolmayman. Endi qaerda bo‘lmayin – uydami, ishxonadami, kechasimi, kunduzimi – hozir qizim qaerdaykin, qaerga borib keldiykin, nima ish qildiykin, degan savollar ta’qib qilaveradi meni. Endi uyga xotirjam qaytolmayman. Bir mahallar qizim chopib kelib bo‘ynimdan quchganida yayrab ketardim. Endi esa o‘pguday bo‘lsa, bu lablar kecha qaysi labga bosilgan edi, degan o‘y kechadi ko‘nglimdan darrov. Yo‘qligida tashvishga tushsang, borligida ko‘ziga qaray olmasang – shu ham hayot bo‘ldimi? Yo‘q, bunday yashagandan o‘lgan yaxshi!”
Solomon bobo bog‘dan chiqib, allamahalgacha shahar ko‘chalarida bemaqsad tentirab yurdi. Bir do‘konning ko‘rgazmasi oldida negadir to‘xtab qoldi. Oyna ortida sayyohlarga kerakli turli-tuman buyumlar osig‘liq turardi: soyaboni keng yengil bosh kiyimlari, yaktaksimon oppoq ko‘ylaklar, sport anjomlari, galstuklar, qarmoqlar... Ammo qariya ana shu narsalar orasiga pala-partish tashlab qo‘yilgan, bir uchiga temir poynak o‘rnatilgan g‘adir-budir tayoqdan ko‘zini uzolmasdi; agar shu tayoq bilan qulochkashlab bitta-yarimtaning boshiga solsang bormi!..
“O‘ldiraman... O‘ldiraman ablahni!” – Qo‘qqisdan miyasiga kelgan bu fikr-dan tipirchilab qolgan qariya shoshib do‘konga kirdi-da, haligi tayoqni arzimagan pulga sotib oldi. o‘aroyib qurolni qo‘liga ushlashi bilan bilagiga kuch kirganini his etdi. Har qanday qurol nimjon odamni ham botir qilib yuboradi-da. U tayoqni qattiqroq qisdi, shu zahoti qo‘lining mushaklari taranglashganini sezdi. Do‘kondan chiqib, ko‘l bo‘yidagi yo‘lkada tez-tez u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Hademay jiqqa terga botib ketdi, ammo bu ter tez yurganidan emas, vujudini zabt etgan qahr-g‘azabning zo‘rligidan quyilmoqda edi. Tilida faqat boyagi gap aylanardi: “O‘ldiraman... O‘ldiraman ablahni!”
Shu alfozda, noma’lum dushmanni qidirib, sal naridagi ulkan daraxt ostiga qurilgan pastak shiyponga qarab yurdi. U yanglishmagan edi: shiyponning bir burchagida to‘qima kreslolarga yastangancha, poxol naychalardan ora-sira viski simirib, qizi bilan xotini va, albatta, haligi uch nafar kindigi bir oliftalar valaqlashib o‘tirishardi. “Qaysi biri ekan? – deb o‘ylardi chol tayoqni mahkam qisgancha. – Qaysi birining boshini yoray?!” Ammo shu payt Erna otasini ko‘rib qolib, sapchib o‘rnidan turdi-da, chopib oldiga keldi.
– Qaerda yuribsiz, dadajon? Qidirmagan yerimiz qolmadi. Bilasizmi, janob fon Medvis bizni moshinasida ko‘l atrofini aylantirmoqchi, keyin sohil bo‘ylab Dezentsanogacha olib boraman, deyapti. – Erna otasini stolcha yoniga sudrab keldi.
Erkaklar so‘rashish uchun o‘rinlaridan turishdi. Qariya titrab ketdi. Yonida qizi turganidan noiloj haligilarga birma-bir qo‘l uzatdi, keyin cho‘ntagidan sigara chiqazib, jahl bilan og‘ziga tiqdi. Sal o‘tmay, frantsuz tilida kechayotgan baland pardali suhbat sharshara misol yana o‘z o‘zaniga qaytdi.
Solomon boboning irodasi bukilgan edi. Og‘zidagi sigarani chaynagancha ich-etini yeb o‘tiraverdi. “To‘g‘ri qilishadi... Ular haq... – deb o‘ylardi u. – Yuzimga tupirsa ham arziydi. O‘zim qo‘l berdim-ku. Ammo shulardan bittasi qizimni yo‘ldan urgani aniq. Men eshshak indamay o‘tiribman-a! Hech kimni o‘ldirganim yo‘q, hatto chertmadim ham... Aksincha, so‘ljayib qo‘limni uzatdim. Battar bo‘l, qariya! Ustimdan har qancha kulishsa ham kam. Men bormanmi, yo‘qmanmi – kim e’tibor beryapti? Ular uchun men tirik murdaday bir narsaman. Axir, qizim bilan xotinim frantsuz tilini tushunmasligimni bilishadi-ku. Bilib turib, har zamonda men tomonga bir ko‘z tashlab ham qo‘yishmaydi. Yaqinlarim uchun ham men yo‘qman-da! Ularga faqat mening pulim kerak. O, pul, pul! Hammani yo‘ldan ozdiradigan g‘addor! Xotinim bilan qizim menga ham bir-ikki og‘iz luqma tashlab qo‘yishsa nima qilarkan? Ko‘zlari faqat anovi erkaklarda! Men bo‘lsam toqat qilib o‘tiribman. Urmaymanmi, o‘ldirmaymanmi! Eh, qo‘rqoq, qo‘rqoq...”
– Mumkinmi? – dedi buzuq nemis tilida italyan zobiti va zajigalkaga qo‘l uzatdi.
Xayolga cho‘mgan qariya seskanib ketdi va hech narsadan bexabar zobitga yeb yuborguday ko‘zini qadadi. Joni hal-qumiga kelib, qo‘lidagi tayoqni jazava bilan qisdi. Ammo shu zahoti lablari qiyshayib, ma’nosiz tirjaydi.
– O, mumkin, mumkin, – dedi u ovozi titrab. – Sizga hamma narsa mumkin, he-he... ko‘nglingiz nimani tusasa qilaverasiz, he-he... menda nimaiki bo‘lsa, sizning xizmatingizda... Men nima deya olardim...
Zobit qariyaga taajjublanib qaradi. Tilni yaxshi bilmagani uchun kesatiqning tagiga yetolmadi. Ammo cholning yuzidagi ifoda uni dovdiratib qo‘ydi. Beixtiyor o‘rnidan turib ketdi, ikkala ayolning yuzi dokaday oqardi – oraga zilday sukunat cho‘kdi.
Qariya yana avvalgi holatiga qaytdi, yuzidagi istehzo bir zumda g‘oyib bo‘ldi, zalvorli tayoq qo‘lidan sirg‘alib chiqib, tizzalari orasiga qisilib qoldi. U suvga bo‘kkan mushukday g‘ujanak bo‘lib, hozirgina namoyish etgan jasoratidan xijolat chekkandek sekin yo‘talib qo‘ydi. Erna noxush vaziyatni yumshatish maqsadida bir nimalar deb bidirlay ketdi, zobitning chehrasi tag‘in yorishdi, hayal o‘tmay uzilib qolgan suhbat yana qozonday qaynay boshladi.
Solomon bobo shod-xurram chaqchaqlashayotgan odamlar orasida mum tishlab o‘tirar, boshi haligidan ham quyiroq egilgan edi. Ammo endi unga hech kim e’tibor bermas, uning mungli sukuti uzra so‘z po‘rtanasi avjga chiqar, ora-sira qiyqiriq va qahqaha ko‘pigi osmonga sapchir, sho‘rlik qariya esa alam va nomusning bepoyon zulumoti qa’riga g‘arq bo‘lib ketgan edi.
Erkaklar o‘rinlaridan turishdi, Erna shoshib ularga ergashdi, sal o‘tkazib onasi ham qo‘zg‘aldi. Ular to‘dalashib mehmonxonaga qarab ketishdi, ammo mudrab o‘tirgan cholni taklif etish hech kimning xayoliga kelmadi. Qariya atrofida qo‘qqisdan hosil bo‘lgan bo‘shliqni sezib, ko‘zlarini ochdi, bo‘shab qolgan kreslolarga loqayd nazar tashladi, shu payt qulog‘iga mehmonxonada chalinayotgan royal ovozi, ayolu erkaklarning shodon qiyqiriqlari eshitildi. Raqsga tushishyapti! Ha, sulayib qolguncha raqsga tushish qo‘llaridan keladi. Qonlari ko‘piradi, bir-birlarining bag‘irlariga battarroq yopishishadi, keyin qarabsizki...
U jahl bilan tayoqni yana qo‘liga olib, o‘sha tomonga yurdi. Eshik oldida taqqa to‘xtab qoldi. Baron royal yonida yarim o‘girilib o‘tirar, tusmollab amerikancha bir kuyni ting‘illatardi. Erna zobit bilan, onasi graf Ubaldi bilan raqsga tushayotgan edi. Ammo qariya faqat Erna va zobitdan ko‘z uzmasdi. Voy yaramas-ey! Xuddi mahriga tushganday qizining belidan mahkam quchoqlab olibdi-ya! Qizi-chi, qizi, namuncha kanaday yopishmasa! Bir-biriga qapishib ketibdi-ku! Ha, shu, shu. Ularning har bir harakati don olishganidan dalolat berib turibdi. Ha, qizini yo‘ldan urgan mana shu ablah! Yarim yumuq ko‘zlaridan bundan-da kuchliroq lazzat xotirasi uchqun sachratyapti. Qiz o‘g‘risi – shu zobit! Qariya qizini uning bag‘ridan tortib olish uchun bir qadam oldinga tashladi. Lekin Erna otasiga qayrilib ham qaramadi. U butun borlig‘i bilan raqs ohangiga berilib ketgan, shu tobda qiz kuy oqimi uzra parvoz qilar, na zamonni, na makonni, na bezgak tutganday qaltirab turgan alamzada otasini payqar edi. Hozir Erna faqat ohang girdobida chirpirayotgan durkun gavdasini, ko‘zlari hirsga to‘la erkakning issiq nafasini, uning baquvvat qo‘llarini his etar, o‘zini butkul zobit ixtiyoriga topshirib qo‘yishdan cho‘chir, allaqanday bir tizginsiz xohish vasvasasiga qarshi kurashar edi. Bularning barini qariya adoqsiz bir azob bilan sezib turardi. Har gal Erna otasining oldidan chir-chir aylanib uzoqlashganda qariya qizidan bir umrga judo bo‘layotganday ing-rab yuborardi.
Birdan, bamisoli uzilgan torday, musiqa taqqa to‘xtadi. Baron sapchib turib, “Bo‘ldi, chalmayman. Men ham raqsga tushaman”, dedi frantsuzchalab. Hammalari qiyqirib kulishdi, raqs-ga tushayotganlar ajralishib, bir hovuch jamoa mehmonxona bo‘ylab taralib ketdi.
Qariya hushiga keldi: nimadir qilish kerak, nimadir deyish kerak! Bunaqa, to‘nkaga o‘xshab turish, bu qadar shalvirash yaramaydi! Shu payt ro‘parasidan xotini o‘tib qoldi: xiyol hansiragan, o‘zida yo‘q xursand. Birdan yo‘lini to‘sdi.
– Yur, – dedi u keskin ohangda, – aytadigan gapim bor!
Ayol eriga ajablanib qaradi. Qariyaning rangpar yuzi ter bilan qoplangan, ko‘zlari ola-kula. Nima demoqchi bu? Shu paytda oraga suqilish shartmidi? Gapni chalg‘itishga og‘iz juftladi-yu, biroq erining avzoyidan hayiqdi, yaqinginada ko‘rsatgan jazavasini eslab, noiloj unga ergashdi.
– Kechirasizlar, janoblar, hozir kelaman, – dedi u erkaklarga yuzlanib.
“Bulardan kechirim so‘raydi, – deb o‘yladi chol alam bilan, – boya stoldan turib ketishganda mendan kechirim so‘rashgani yo‘q. Men ular uchun itman, oyoq artadigan lattaman. To‘g‘ri qilishadi, o‘zim chidaganimdan keyin, battar bo‘lay!”
– Nima deysan? – deb so‘radi xotini nihoyat toqati toq bo‘lib.
– Xohlamayman... xohlamayman... – deya g‘udrandi u titroq ovoz bilan, – anuv odamlar bilan osh-qatiq bo‘lishlaringni xohlamayman.
– Qaysi odamlar bilan? – deya qayta so‘radi xotini o‘zini go‘llikka solib.
– Anuvlar-da... – U boshi bilan mehmonxona tomonga ishora qildi. – Menga yoqmaydi... yo‘q.
– Nima uchun?
“Doim o‘smoqchilagani o‘smoqchilagan, – dedi chol ichida g‘ijinib, – xuddi men uning quliman”. Keyin hayajondan tutila-tutila davom etdi:
– Sababi bor... Jiddiy sabablari bor... Menga yoqmayapti. Erna o‘shalardan uzoqroq yursin... Tushuntirib o‘tirishim shart emas.
– Unday bo‘lsa, ming afsus, – dedi xotini kalondimog‘lik bilan. – Uchovi ham bama’ni, madaniyatli odamlar, uyimizga kelib-ketadigan pandavaqilardan ming marta olijanobroq yigitlar.
– Olijanob yigitlar emish!.. g‘irt ishyoqmas, takasaltang ularing! – Qariyaning joni halqumiga keldi. – Taqiqlayman. Tushundingmi?
– Yo‘q, tushunmadim, – deb javob berdi ayol pinagini buzmay. – Hech narsaga tushunmadim. Tavba, nima uchun qizimni huzur-halovatdan mahrum qilishim kerak?
– Huzur-halovat!.. – Qariyaning yuzi bo‘g‘riqib ketdi, peshonasidan sovuq ter chiqdi, qo‘li beixtiyor tayoqqa cho‘zildi – suyanmoqchi bo‘ldimi, xotinini urmoqchi bo‘ldimi – kim bilsin! Lekin tayoq yo‘q edi. Shu hol uni o‘ziga keltirdi, ko‘ngli andak yumshadi, xotinining tirsagidan ushlamoqchi bo‘lganday bir qadam oldinga talpindi.
– Menga qara... – dedi yalinchoq tovushda, – tushunsang-chi, o‘zimga hech narsa so‘ramayapman-ku. O‘n yillardan beri birinchi marta iltimos qilyapman: ketaylik bu yerdan... Florentsiyagami, Rimgami... mayli, qayoqqa bo‘lsa ham ketaylik... men roziman... Sizlar nima desanglar – shu. Ketsak – bo‘ldi. Iltimos, ketaylik... shu bugunoq... ortiq chidayolmayman!
– Shu bugunoq? – Ayol eriga angrayib qarab, qoshini chimirdi. – Shu bugunoq ketaylikmi? Esing joyidami? Faqat kimdir senga yoqmagani uchun-a? Yoqmasa – yaqinlashma.
Chol turgan joyidan jilmadi, yana yalinishga tushdi:
– Chidayolmayman... Eshityapsanmi... chidayolmayman. Sababini so‘rama... iltimos... umringda bir marta gapimga kir, bir martagina...
Mehmonxonadan yana royal ovozi eshitildi. Ayol eriga achinganday qaradi: naqadar nochor, naqadar abgor, naqadar noshud! Erkak ham shunaqa bo‘ladimi?!
– Iloji yo‘q! – dedi u cho‘rt kesib. – Ular bilan sayrga chiqishga va’da berib qo‘yganmiz. Xonalarni uch haftaga ijaraga olib, ertaga jo‘navorsak ustimizdan kulishmaydimi! Ketishga hech qanday sabab yo‘q... Men shu yerda qolaman, Erna ham qoladi.
– O‘zim ketaveraymi, a? Bu yerda halovatingizni buzaman-da, a! – Qariya yig‘lavoray dedi. Keyin keskin qaddini rostladi, barmoqlari musht bo‘lib tugildi, bo‘yin tomirlari o‘qlog‘day bo‘rtib chiqdi. Aftidan, nimadir demoqchi yoki nimadir qilmoqchi edi. Ammo bunday bo‘lmadi: shartta burildi-da, zinapoya tomonga yo‘l oldi, xuddi ortidan birov quvib kelayotganday tez-tez yurib tepaga ko‘tarila boshladi.
Solomon bobo hansirar, tezroq xonasiga yetib olib, yolg‘iz qolishni o‘ylardi. Mana, yuqori qavatga ham chiqdi, chiqdiyu birdan kimningdir o‘tkir tirnoqlari ichini ayovsiz timdalayotganday bo‘ldi. Rangi oqarib, devorga suyanib qoldi. Yo rabbim! Dodlab yubormaslik uchun tishini tishiga bosdi, sanchiqning zo‘ridan g‘ujanak bo‘lib oldi.
Bildiki, yana jigar xuruji, keyingi paytlarda tez-tez takrorlanib turadigan xurujlarning navbatdagisi. Ammo bu gal qattiq ushladi. Ko‘rinmas tirnoqlar jigarini tilka-pora qilmoqda edi. Xonasiga sudralib kirib, o‘zini divanga tashladi-da, yuzini yostiqqa bosdi. Yotganidan keyin og‘riq sal pasaydi. “Issiq narsa qo‘yish kerak, – dedi u ichida, – keyin tomizg‘i dori ichish zarur”. Ammo uning joniga ora kiradigan hech kim yo‘q edi, hech kim. O‘zining esa qo‘shni xonaga chiqishga yoki loaqal qo‘ng‘iroq tugmachasigacha yetib borishga ham chog‘i kelmasdi.
“Hech kim yo‘q, – deya o‘ylardi u alam bilan, – bir kunmas-bir kun yolg‘izlikda itday o‘lib ketaman... Sezib turibman-ku, jigarim og‘riyotgani yo‘q, o‘lim pisib kelmoqda... Endi menga na professor, na dori-darmon yordam bera oladi. Oltmish besh yoshda sog‘ayib ketish qiyin. Bilaman, ichimni kemirayotgan og‘riq, bu – o‘lim, qolgan ikki-uch yillik umr – umr emas, sekin-sekin jon taslim qilish... Darvoqe, qachon yashaganman, qachon o‘zim uchun yashaganman? Shu ham hayot bo‘ldimi? Nuqul pul dedim, pulning ketidan yugurdim, o‘zim uchun emas, boshqalarni deb yugurdim, mana, endi o‘sha pullar korimga yaraydimi? Xotinim bor edi: bokiraligida uylanganman, sevganman, u menga farzand hadya etdi. Shuncha yildan beri bir yostiqqa bosh qo‘yib keldik, bir havodan nafas oldik. Pirovardida uni nima jin urdi? Yettiyot begonaga aylandi-qoldi. Men bilan ishi yo‘q, mening tuyg‘ularim, o‘ylarim, iztiroblarim uni qiziqtirmaydi. Oldingi mehr-oqibat qayoqqa ketdi? Qizim-chi, qizim? Uni papalab katta qilgan edim, hayotimiz endi yana ham sermazmun, yana ham xushnud kechadi, mabodo kunim bitsa umrim qizim vujudida davom etadi, deb o‘ylagandim. U bo‘lsa kechasi bag‘ringdan chiqib ketib, begona erkaklarning to‘shagiga kiradi. Yo alhazar! Alhazar!”
Dahshatli og‘riq hanuz o‘qtin-o‘qtin jigariga chang solar, bu og‘riq sal pasayishi bilan undan-da shafqatsizroq boshqa bir og‘riq – zil-zambil, adog‘i yo‘q o‘y-xayollari bamisoli cho‘g‘day qizigan serqirra chaqmoqtoshday bosh chanog‘ini tars yorvoraman derdi. Qariya kamzulining tugmalarini yechgan edi, beso‘naqay qorni ko‘ylagini qanorday shishirib tepaga ko‘pchib chiqdi. U og‘riyotgan joyiga ohista barmog‘ini tekkizdi. “Faqat mana shu – menman, – deya yana o‘y surib ketdi chol, – issiq teri ostidagi og‘riqqina mening o‘zimman, menga hozircha faqat shugina tegishli. Endi tijoratchi Solomon ham, savdo-sotiq ham, ishxona ham, pul ham, uy-joy ham, qizimu xotinim ham yo‘q... Hozir menga faqat barmoqlarim sezib turgan narsa – qornimu og‘riq qolgan. Boshqa hammasi – puch bir safsata, endi ularning ahamiyati yo‘q. Qizim bilan xotinim meni tushunmaydi, men ham ularni tushunmayman. Butkul tanhoman – buni hech qachon hozirgiday yaqqol his etmagan edim. Endi, o‘lim ichimga in qurayotgan paytda, bexato anglab turibman... judayam kech, oltmish beshga kirganda. Hademay o‘laman... anovi uyatsizlar raqsga tushishadi, kayf-safo qilishadi... E, attang, attang... butun umrimni o‘sha ko‘rnamaklarga bag‘ishlabman-u, o‘zim uchun biror kun ham yashamabman...”
Qariya ko‘l tomondan kelayotgan soat zangini eshitmadi, qosh qorayayotganini payqamadi. Tun yaqinlashayotgan, xonadagi buyumlar uzra oqshom asta-sekin qora parda tutmoqda edi; ana, derazadan xiyol oqarib ko‘rinib turgan osmon shamchirog‘i ham so‘ndi. Solomon bobo o‘zini qurshovga olayotgan qorong‘ilikni sezmasdi: u faqat tanasi qa’ridagi zulmatga termilar, faqat tanasi qa’ridagi bo‘shliqqa quloq solardi.
Birdan yonidagi xonaga sho‘x-shodon kulgi yopirilib kirdi, eshik tirqishida chiroq shu’lasi yaltilladi. Qariya qo‘rqa-pisa boshini ko‘tardi: qizi bilan xotini! Hozir divanda yotganini ko‘rishadi, xo‘jako‘rsinga so‘roqqa tutishadi. Chol shosha-pisha kamzulining tugmalarini qadadi: kasali xuruj qilganini bilib nima qilishadi, bunaqa tashvishning ularga nima keragi bor?
Ammo xotini ham, qizi ham uni qidirmadi. Ikkovi ham tipirchilab turardi. Bong zarbi uchinchi marta kechki ovqatga chorlamoqda edi. Kiyimlarini almashtirishyapti shekilli, tiq etgan tovush eshitilib turardi. Ana, javon g‘aladonlarini tortishdi; ana, yuvinadigan xonada tilla uzuklar jiringladi, uloqtirilgan tuflilar taraqladi, shu orada o‘zlarining chakaklari ham tinmadi. Bari qariyaning qulog‘iga baralla eshitilmoqda edi. Avvaliga yigitlari to‘g‘risida gaplashishdi, so‘ng sayr chog‘idagi qiziq-qiziq voqealarni eslab, rosa kulishdi. Yuvinayotgan, soch tarayotgan, yuzlariga upa-elik surayotgan paytlarida ham bir-birlariga luqma tashlab turishdi. Nihoyat, gal o‘ziga keldi.
– Dadam qani? – deya birdan eslab qoldi Erna.
– Qayoqdan bilaman? – deb javob berdi onasi ensasi qotib. – Ehtimol, pastda o‘tirgandir, Frankfurt gazetasidagi birja xabarlarini yuzinchi marta o‘qiyotgandir – boshqa qiladigan ishi yo‘q-da. Loaqal biror marta ko‘lga nazar tashlaganmikan? O‘lay agar, qayrilib ham qaramagan. Bugun nima deydi, degin. Bu yer menga yoqmayapti, ketamiz, shu bugunoq ketamiz, deydi.
– Shu bugunoq? Nega endi?
– Bilmasam. Itfe’l-da! Atrofdagi odamlar, biz tanishgan ulfatlar asabiga tegayotganmish. Balki ularning orasida o‘zini olaqarg‘aday sezyaptimi, kim biladi... Qachon qarasang, egnida g‘ijim kostyum, ko‘ylagi yoqavayron. Ayt-sang bo‘lmaydimi – hech bo‘lmasa kechqurunlari tuzukroq kiyinsa o‘ladimi! – sening gapingga kiradi. Bugun ertalab leytenantga tashlanib qolganini ko‘rdingmi? Yer yorilmadiyu yerga kirib ketmadim!
– Ha, ha... Nega unaqa qildi? Sizdan so‘rayman deyman-u, nuqul esimdan chiqadi. Nima qiliq bu? Hech qachon uni bunaqa kayfiyatda ko‘rmagan edim. Og‘zim ochilib qoldi.
– Parvo qilma. Dadangning fe’li o‘zingga ma’lum. Balki birjadagi narx tushib ketgandir yoki frantsuzcha gapirganimiz yoqmagandir. Boshqalarning xursandchiligini ko‘rolmaydi. Payqadingmi: raqsga tushayotganimizda eshik oldida qo‘riqchiday qaqqayib turvoldi. Ketarmishmiz! Voy, ko‘ngling-ning ko‘chasidan o‘rgildim! Senga yoqmasa – birovlarning halovatini buzishing kerakmi! Bilganini qilsin – ketadimi, qoladimi – ixtiyor o‘zida.
Suhbat uzilib qoldi. Aftidan, ko‘chaga yugurishga tayyorlanib bo‘lishdi. Xuddi shuni kutib turganday, yo‘lakdagi eshik tiqilladi, qadam tovushlari eshitildi, elektr tugmachasi shirq etdi, chiroq o‘chdi.
Qariya divanda miq etmay o‘tirardi. Eng qizig‘i, endi u og‘riqni sezmas, qalbida nafrat ham, g‘azab ham... hech narsa, hech qanday hissiyot yo‘q edi. U shoshmasdan kostyumini kiydi, zinapoyani bitta-bitta bosib restoranga tushdi-da, go‘yo yettiyot begona odamlar qatoriga qo‘shilganday, xotini bilan qizining yoniga cho‘kdi.
Tamaddi paytida u bir og‘iz ham gapirmadi, ayollar esa qo‘rg‘oshinday zil-zambil sukunatga e’tibor berishmadi. Qariya indamay, gap-so‘zsiz o‘z xonasiga ko‘tarildi, karavotiga cho‘zilib, chiroqni o‘chirdi. Allamahalda, ko‘ngilxushlikka obdon miriqqanidan so‘ng xotini keldi; qorong‘ida yechinib, o‘z o‘rniga yotdi. Ko‘p o‘tmay uning vazmin, bir tekis nafas olayotgani eshitildi.
Qariya o‘z yog‘iga o‘zi qovrilgancha, ko‘zlarini katta-katta ochib, tun ummoniga unsiz tikilib yotardi. Yonginasida esa kimdir pishillab uxlardi. Qariya o‘zi bilan bir havodan nafas olayotgan bu ayolning qachonlardir pokiza va ehtirosli navjuvon bo‘lganini, unga ardoqli farzand hadya etganini, o‘shanda bular allaqanday sirli-sehrli rishtalar bilan bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketganini eslashga urindi. O‘sha damlar bu juvonning tarang va qaynoq badanini entika-entika silab-siypaganiga zo‘r berib o‘zini ishontirmoqchi bo‘ldi. Ammo o‘tmish xotiralari unda hech qanday hissiyot qo‘zg‘amadi. Shu tobda u xotinining nafas olishini xuddi qirg‘oqqa urilayotgan ko‘l mavjining shalop-shulupini eshitganday loqaydlik bilan eshitib yotar edi. Bari o‘tdi, bari tugadi, faqat tasodifiy va yot qo‘shnilik qoldi, xolos.
Uni yana bir marta seskantirgan narsa shu bo‘ldiki, qizining eshigi ohista, go‘yo ingraganday, xiyol g‘iychillab ochildi. “Bugun ham shu ahvol!” deb o‘yladi chol va shundoq ham ilvirab turgan yuragiga igna sanchilganday bo‘ldi. Lekin bu holat ham tezgina o‘tdi: “Bilganini qilmaydimi! Menga nima!”
Qariya yana yostiqqa suyandi. Tun yeli peshonasini siladi, qaynab turgan qoni sal sovidi. U uyquga ketdi.
Xotin ertalab ko‘zini ochganida erini palto va shlyapada ko‘rdi.
– Qayoqqa? – deb so‘radi u uyqu-sirab.
Solomon bobo qayrilib qaramadi ham. Indamay tungi ko‘ylagini chamadonga tashladi.
– Bilasan-ku, uyga qaytyapman. Zarur narsalarnigina opketyapman, qolganlarini jo‘natib yuborarsizlar.
Xotinining kapalagi uchib ketdi. Nima bo‘lyapti? Bunaqa sovuq, dag‘al ovozni birinchi eshitishi. Sapchib o‘rnidan turdi.
– Nahotki ketsang? Shoshma... biz ham ketamiz, Ernaga aytganman.
Qariya beparvo bosh chayqadi.
– Yo‘q... yo‘q... qolaveringlar... – shunday deb eshik tomon yurdi, tutqichni bosish uchun chamadonni yerga qo‘yish kerak edi.
Mana shu bir lahzalik fursat ichida ko‘nglidan nimalar o‘tmadi deysiz! Mato namunalari – laxtaklar solingan moltopar chamadonini birovlarning eshigi oldiga ming martalab qo‘ygandir-ov! Xayrlashaturib mijozlariga yaltoqlangani, hamisha xizmatingizdaman, deya qayta-qayta qulluq qilganlari-chi! Ammo bu yerda xizmati tugadi, qulluq qilish shart emas. Qariya biror og‘iz so‘z aytmay, hatto nigohi orqali bo‘lsa-da xayrlashmay, shartta chamadonni ko‘tardi va o‘zi bilan o‘tmishi o‘rtasidagi eshikni qarsillatib yopdi.
Nima hodisa ro‘y berganini na ona angladi, na farzand. Bunday nogohoniy va qat’iy xatti-harakat ularni karaxt qilib qo‘ygan edi. Zudlik bilan Germaniyaning janubidagi o‘zlari yashaydigan shaharchaga, padari buzrukvor nomiga xat yo‘llashdi. Xatda anglashilmovchilik sodir bo‘lgani yozilgan, “yaxshi yetib oldingizmi, sog‘ligingiz durustmi, biz ham orqangizdan yetib boramiz” kabi uzr-ma’zurlar izhor etilgan edi. Solomon bobo xatga javob qaytarmadi. Ular yana yozishdi, telegrammalar jo‘natishdi – foydasi bo‘lmadi. Faqat Solomon bobo rahbarlik qiladigan firmadan xatlardan birida so‘ralgan pulni olishdi, xolos. Na salom bor, na alik.
Voqeaning bunday tus olib ketishi ularni issiq joyidan qo‘zg‘atdi. Garchi qaytadigan kunlarini oldindan xabar qilgan bo‘lsalar-da, vokzalda ona-bolani hech kim kutib olmadi, uyda ham biron-bir taraddud ko‘rilgani sezilmasdi: xizmatkor ayol, xo‘jayin telegrammani stol ustiga tashladiyu indamay chiqib ketdi, hech qanday yumush buyurgani yo‘q, dedi. Kechqurun, ona-bola ovqatlanib o‘tirganda, nihoyat, ko‘cha eshigi taraqladi, ikkovlari sapchib turib, valine’matning istiqboliga yugurishdi; qariya bularga taajjublanib qaradi-yu, yuzida biron bir ifoda aks etmadi, qizi quchoqlaganida ketmon sopiday qotib turaverdi, birgalashib oshxonaga kirdi, ularning gap-so‘zlarini loqaydlik bilan eshitdi. Hech narsani so‘rab-surishtirmadi, churq etmay sigarasini so‘rib o‘tiraverdi. Go‘yo ko‘zlari ochiq holda uxlayotganga o‘xshardi. Keyin vazminlik bilan o‘rnidan turib, xonasiga qarab ketdi.
Keyingi kunlar ham shunday o‘tdi. Xotini ming yaltoqlanmasin, pinagini buzmadi. U o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan, tashqi dunyo bilan butkul aloqani uzgan edi. To‘g‘ri, hamon oila a’zolari bilan birga ovqatlanar, mehmon kelganda noiloj kutib olar, ammo suhbatga qo‘shilmas edi. Uning ko‘zlariga qaragan odam seskanib ketishi aniq edi, chunki bo‘shliqqa tikilgan bu jonsiz nigohdan hech qanday ma’noni uqib bo‘lmasdi.
Qariyaning yurish-turishidagi g‘alatilik boshqalarning ham e’tiborini torta boshladi. Tanish-bilishlari uni ko‘chada uchratib qolsa, yashirincha bir-birini turtib qo‘yardi: qara-ya, shaharning eng badavlat kishilaridan bo‘lmish Solomon bobo shundoq ahvolga tushib qopti-ya! Ust-boshi tilanchinikidan farq qilmaydi, shlyapasi qiyshaygan, yurishi ham sog‘ odamnikiga o‘xshamaydi, nuqul o‘zi bilan o‘zi gaplashadi. Birov salom bersa, cho‘chib tushadi, kim gapga tutsa, ko‘zini olib qochadi. Ba’zilar, qariya garang bo‘pqolgan, deb o‘ylab, ovozini ko‘tarib gapirardi. Lekin u garang emasdi. U parokanda xayollar og‘ushida yashardi. Shu boisdan hech kimni yo‘qlamas, uyida esa na xotinining unsiz hasratini, na qizining ajabtovur parishonligini payqar edi. Bora-bora butun umrini bag‘ishlagan ishidan ham yiroqlashdi. Idorasiga ahyon-ahyonda bir ko‘rinish berar, shunda ham kabinetiga kirvolib, stoli ustidagi yechimini kutayotgan son-sanoqsiz hujjatu maktublarga ma’nosiz tikilgancha o‘tira-o‘tira, birorta qog‘ozga qo‘lini ham tekkizmay qaytib ketar edi. Pirovard-oqibat bu yerda o‘zining ortiqcha ekanini anglab, butunlay kelmay qo‘ydi.
Bir kuni ona shahri ko‘chalarida darbadar odamday tentirab, qorong‘i tushganda uyiga qaytayotgan edi, sharros yomg‘ir quyib berdi. Hayal o‘tmay ezilgan shlyapasining tepasi jajji hovuzchaga aylandi, etak va yenglaridan yomg‘ir suvi chakillab emas, jilg‘aday oqa boshladi. Ammo qariya bunga e’tibor bermas, bo‘m-bo‘sh ko‘chada bir o‘zi shoshmasdan qadam tashlardi. Shalabbo holda manziliga yaqinlashganda hashamatli bir moshina yonidan loy sachratib o‘tdi-da, uning dang‘illama uyi oldida to‘xtadi. Moshinadan xotini bilan po‘rim kiyingan bir janob tushdi. Yana bir yigit ham bor edi. Shu orada qariya ham yetib keldi. Xotini uni bu ahvolda ko‘rib, yuzini chetga burdi. Qariya xotinining mehmonlar oldida undan or qilganini darrov sezdi. Tez-tez yurib orqa eshikdan ichkariga kirib ketdi. Shu kundan boshlab u o‘z uyiga mazkur eshikdan kirib-chiqadigan bo‘ldi. Biladiki, shunday qilsa birorta yot erkakka duch kelmaydi. Ovqatga ham chiqmay qo‘ydi – xizmatkor ayol taomni xonasiga keltirib berardi. Xotinimi, qizimi oldiga kirmoqchi bo‘lsa, eshikni ochmas edi. Axiyri ular ham cholni o‘z holiga qo‘yishdi. Gohi-gohida qo‘shni xonalardan – endi uning uchun begona xonalardan – musiqa sadolari va jo‘shqin qahqahalar devor oralab sizib chiqar, kechasilari uyiga kelib-ketayotgan moshinalarning shovqini eshitilardi. Ammo Solomon bobo parvo qilmas, hatto derazadan ko‘chaga bir nazar tashlab ham qo‘ymasdi – nechchi pullik ishi bor? Faqat vafodor itigina hamma unutib yuborgan xo‘jayinining karavoti oldidan kunu tun jilmas edi.
U abgor bo‘lgan yuragida og‘riq sezmasdi-yu, ammo qora mushuk qontalash jigarini tirnoqlashda davom etar edi. Dard xuruji tez-tez takrorlanavergani sababli do‘xtirning qistovi bilan qariya tibbiy ko‘rikdan o‘tishga rozi bo‘ldi. Professorning avzoyi buzildi. U operatsiya qilish lozimligini cholga yotig‘i bilan tushuntirdi. Solomon bobo xafa bo‘lish o‘rniga suyunib ketdi: xayriyat-e, qutuladigan kun ham bor ekan-ku! Har kuni o‘lgandan ko‘ra biryo‘la o‘lgan yaxshi emasmi! Do‘xtirdan oilasiga bildirmaslikni iltimos qilib, operatsiyaga tayyorlana boshladi. Oxirgi marta ishxonasiga bordi (kelishini hech kim kutmagan ekan, begona odamday qarshi olishdi), o‘zi o‘ttiz yil o‘tirgan qora charm kresloga so‘nggi bor o‘tirib, chek daftarchasini keltirishni buyurdi, daftarchadan bir varag‘ini to‘ldirib, ish boshqaruvchisiga uzatdi. Boshqaruvchi angrayib qoldi. Chekda katta pul qayd etilgan edi. Bu pul xayru ehsonga va o‘zining qabri parvarishiga atalgan edi. Qariya ishini bitkazib, kabinetdan tez chiqib ketdi, shoshganidan shlyapasi yerga uchib tushdi, lekin Solomon bobo engashib uni olib o‘tirmadi. Shu alfozda – boshyalang, sochlarini to‘zg‘itib qabristonga ravona bo‘ldi (o‘tkinchilar uning izidan yoqa ushlab qolishdi). Qariya ota-onasining qabrtoshlari bilan uzoq gaplashdi. Nimalar dedi – yolg‘iz o‘ziga ayon. Balki, hademay yonlaringga kelaman, degandir – kim bilsin. Qabriston darvozasi oldida uni bir to‘da tilanchi qurshab oldi. Solomon bobo shosha-pisha cho‘ntagidagi tangalarni chiqarib, hammaga ulashdi. Eng oxirida munkillab qolgan bir kampir qo‘lini cho‘zdi. Puli qolmagan edi. Faqat barmog‘ini og‘ir va keraksiz bir narsa – tilla nikoh uzugi qisib turardi, unga ko‘z qirini tashladiyu xayolida olis va mubham bir xotira yilt etganday bo‘ldi. Uzukni shartta yechdi-da, hangu mang bo‘lib qolgan kampirning kaftiga qo‘ydi.
Xullasi kalom, jamiki ortiqcha dahmazalardan qutulgan, qashshoq va tanho qariya o‘zini jarroh ixtiyoriga topshirdi.
Solomon bobo hushiga kelgach, ahvolining og‘irligini hisobga olib, do‘xtirlar xotini bilan qizini chaqirtirishdi.
Qizi qonsiz chehra uzra muloyim engashdi. Shunda mo‘‘jiza ro‘y berdi: qariyaning so‘ngan nigohidan uchqun sachradi. Ana qizalog‘i, suyukli erkatoyi... tepasida turibdi... Erna, Erna! Tarang qimtilgan lablar asta-sekin yozilib, og‘izning ikki burchida sezilar-sezilmas, ko‘pdan buyon unutilgan tabassum g‘imirlay boshladi. Quvonchning ana shu zaif, nochor ifodasidan ta’sirlangan qiz otasining yuzidan o‘pish uchun yana ham pastroq egildi.
Ammo birdan – g‘alati atirning chuchmal hidi eski, iztirobli xotiralarini qo‘zg‘atib yubordimi – bemorning hozirgina yorishib turgan chehrasi bujmaydi, ko‘kargan lablari qattiq qimtildi, a’zoyi badaniga titroq kirdi, adyol ostidagi qo‘llari go‘yo jirkanch bir narsani o‘zidan nariga itarmoqchi bo‘lganday tipirchilay boshladi. “Daf bo‘l!.. Daf bo‘l!” Uning bu so‘zlari og‘zidan arang chiqqan bo‘lsa-da, hammaga eshitildi. Do‘xtirlar ona-boladan bemorni xoli qo‘yishni so‘rashdi.
Xotini bilan qizi chiqib ketganidan so‘ng bemorning yuziga yana avvalgi orom va horg‘inlik ifodasi qaytdi. U hamon nafas olardi. Ammo bu holat uzoq davom etmadi. Ko‘p o‘tmay qariya entikib bir “puf” dediyu jim bo‘lib qoldi. Bemorning ko‘kragiga qulog‘ini bosgan do‘xtir yurakning muddatsiz hordiqqa ketganini angladi.

Nizom KOMIL tarjimasi


Tarjimondan: Yurakni tilka-pora qilmoq uchun taqdiri azal dabdurustdan ko‘krakka nayza sanchmaydi. Payt poylaydi. Bunga u ustasi farang. Biz taqdiri azalning hukmini “bahonai sabab” deb qo‘ya qolamiz, so‘ng... bu betayin iboramizni hukmning beshafqat oqibatiga taajjub bilan qiyoslashga tushamiz; aslida dard oshkor bo‘lmasidan ancha ilgari boshlanadi. Inson taqdiri ham shunaqa. U uzoq vaqt vujudimiz qa’rida, yetmish ikki tomirimizda yashirinib yotadi, sirtga chiqqanida esa negadir isyon ko‘taramiz, ammo foydasi bo‘lmaydi.


STEFAN SVEYG HAYOTIDAN BIR LAVHA


Baxtsiz bir yosh yigit o‘z joniga qasd qilishni o‘ylab qoldi, aniqrog‘i, o‘zini otishga qaror qildi. Bu o‘smir nafaqat shu qadar baxtsiz, balki buning ustiga o‘ta uyatchan ham edi. Shuning uchun, hech kimni ovora qilmaslik va o‘zgalar e’tiborini tortmaslik maqsadida u xudkushlik qilishga eng ma’qul joy sifatida shahar qabristonini tanladi. O‘zini o‘ldiradigan sana va vaqtni ham belgilab qo‘ydi: to‘lin oy kechasi, yarim tunda.
Shu tariqa, yigitcha oy nuriga cho‘mgan tinch qabristonga kirarkan, o‘tirib olib, shum taqdir bilan xotirjam hisob-kitob qilib olish uchun mos o‘rindiq izladi. Baxtga qarshi (balki aksincha - baxtigadir), hech qaerda skameyka yo‘q edi. Bir necha o‘nlab qabrlar orasidan o‘tarkan, yigit kutilmagan bir holatdan baqirib yubordi: uning ro‘parasida, oy yorug‘ida, qop-qora kiyingan va... qanotli bir qiz turardi! Faqat yaxshilab qaragandan keyingina baxtsiz yigit xotirjam nafas rostladi: bu oddiy haykal ekan. G‘arbda ko‘pincha bevaqt hayotdan ko‘z yumgan bolalar va yosh qizlarning qabrlari ustiga shunaqa farishta haykalini o‘rnatishadi. Biroq bu holatda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan yigitchaning e’tiborini boshqa narsa o‘ziga jalb etdi. Haykalchaning poyiga, marhuma qizning ismi, tug‘ilgan va vafot etgan sanasidan tashqari, lotin tilida quyidagi matn yozilgandi: «Heus tu, viator lasse, qui me praetereis. Veni hoc et queiesce pusilu. Cum diu ambulareis, tamen hoc veniundum est tibi. Bene vive, propera...»
Yigit lotinchani bilardi, shu sababli yanada hayratga tushdi. Matn mazmuni bunday edi: «Hoy yo‘lovchi, ko‘rinib turibdiki, sen yurishdan charchagansan. Bu yerda birpas nafas rostlab ol. Sening yo‘ling uzoq, garchi baribir shu yerda tugasa ham. Yo‘lingda davom et va tiriklik chog‘ingda baxtli bo‘l...»
Bu so‘zlar o‘zini o‘ldirish niyatida kelgan yigitchaga shunchalik mo‘‘jizaviy ta’sir ko‘rsatdiki, u qora farishta haykalidan sal orqaga tisarilib, to‘siqlar va butalar orasidan o‘tib, cho‘ntagidan to‘pponchani chiqardi-da, uzoqlarga irg‘itib yubordi. Keyin ortiga o‘girilib, yugurgancha qochishga tushdi.
Shu tariqa, noma’lum epitafiya Stefan Sveygning - bo‘lajak avstriyalik buyuk yozuvchining hayotini saqlab qoldi...

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.