OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Stiven King. 1408 (hikoya)

«Dahshat» janrida ijod qiladigan har bir yozuvchi tiriklayin ko‘milganlar va mehmonxonadagi arvohlar joylashgan xona haqida kamida bitta hikoya yozishi shart. Quyidagi hikoya mening ushbu yo‘nalishdagi hikoyalarimdan biri. Uning g‘alatiligi  shundaki, men bu hikoyani mantiqan yakunlamoqchi emasdim.  «Kitob qanday yoziladi» degan «darsligim»ga shunchaki ilova sifatida uch-to‘rt sahifa yozib, o‘quvchilarga hikoya qanday yozilishini ko‘rsatmoqchi edim. Asosiysi, asar yozayotganimda nimalarga e’tibor berishimni misol bilan ko‘rsatishni istagandim. Ammo yoqimli voqea yuz berdi: hikoya meni o‘ziga jalb etdi va uni oxirigacha yozib tugatdim. Uni yozarkanman, bu hikoya meni qo‘rqitdi. Dastlab u «Qon va tutun» deb nomlangan audiokitobning bir qismi sifatida paydo bo‘ldi va qo‘lyozmadan ko‘ra ko‘proq dahshatga soldi. O’lgudek qo‘rqdim. Ammo mehmonxonalardagi xonalar raqamlari o‘z-o‘zidan qo‘rquv hissini uyg‘otadi, shunday emasmi? Xonaga qadam qo‘yar ekansan, beixtiyor savollar girdobida qolasan. «Mengacha nechta odam bu xonada yotgan ekan? Ularning nechtasi kasal bo‘lgan? Nechtasi shu xonada o‘zini osmoqchi bo‘lgan?» Uh-h-h. Keling, tekshirib ko‘ramiz. Mana sizga kalit... va siz shoshmasdan bu to‘rtta raqamning jami yig‘indisi qaysi sonni hosil qilishini hisoblab chiqishingiz mumkin.
Mana o‘sha xona, yo‘lak oxirida. 
Mayk Enslin aylanma eshikni ocharkan, zaldagi kreslolardan birida o‘tirgan «Delfin» mehmonxonasi menejeri Olinga ko‘zi tushdi. Maykning yuragi hovliqdi. «Baribir advokat bilan birga kelishim kerak edi», o‘yladi u. Nimayam qilardi, endi kech. Agar Olin 1408-xona yonidagi xonalarni taklif qilsa hechqisi yo‘q. Kitobida bir nechta ortiqcha sahifa paydo bo‘ladi. 
Olin unga peshvoz chiqib qo‘lini uzatdi. «Delfin» Oltmish birinchi ko‘chada, Beshinchi avenyudan bir necha qadam narida joylashgan, unchalik baland bo‘lmagan, lekin ko‘rkam bino edi. Mayk qo‘lidagi kichikroq chamadonni chap qo‘liga olib menejerga qo‘l uzatgan paytda bir erkak bilan ayol Maykning yonidan yetaklashib o‘tishdi. Bardan «Kun va tun» musiqasining tovushi eshitildi. 
—Janob Enslin. Xayrli kech. 
—Janob Olin. Muammo yo‘qmi? 
Olin o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Xuddi yordam so‘rayotganday zalga alangladi. Ro‘yxatga olish xonasi oldida bir erkak ayoli bilan qaysi xonaga joylashish masalasini gaplashayotgandi. 
—Janob Olin?-takrorladi Mayk.
—Janob Enslin… siz bilan xonamda gaplashsak bo‘ladimi? 
Albatta, nega yo‘q bo‘larkan? Bu suhbat yozayotgan kitobining 1408-xonaga bag‘ishlangan bo‘limini to‘ldiradi, kitobxonlar sevadigan dahshatni taqdim qiladi. Bu hali hammasi emas. Bu tashrifga jiddiy tayyorlangan bo‘lsa-da, Mayk Enslinda hali to‘liq ishonch paydo bo‘lmagandi. Mana endi u Olin 1408-xonadan, Mayk bilan bu tun sodir bo‘ladigan voqeadan qo‘rqayotganini ko‘rdi.  
—Albatta, janob Olin.
Olin Maykning chamadoniga qo‘lini cho‘zdi. 
—Keling.
—Yo‘q, rahmat,-dedi Mayk.-Ichida tish cho‘tka va sochiqdan boshqa narsa yo‘q. 
—Shundaymi?
—Ha,-bosh silkidi Mayk.-Gavayicha ko‘ylagimni kiyib olganman,-u jilmaydi.-Hidi arvohlarni quvadigan maxsus suyuqlik sepilgan.  
Olin kulmadi. Og‘ir uf tortdi. 
—Juda yaxshi, janob Enslin. Ortimdan yuring. 
Zalda mehmonxona menejeri ojiz odamga o‘xshab ko‘ringan, xuddi ketiga tepki yegan itni eslatgandi. Ammo devoriga dub yog‘ochlari qoplangan xonasida («Delfin» 1910 yilda ochilgandi. Kitobi u haqdagi ma’lumotlarni kiritmasa ham chop etilishini bilsa-da, Mayk eski gazeta va jurnallardan mehmonxona tarixini o‘rganib chiqqandi) o‘ziga ishongan odamga aylandi. Polga fors gilami to‘shalgandi. Stol ustida, sigara qutisi oldida yashil qandilli lampa joylashgandi. Sigara qutisining bu yonida Enslinning uchta kitobi turardi. «Xo‘jayin ham tayyorgarlik ko‘ribdi», o‘yladi Mayk.
Mayk stol oldidagi kresloga o‘tirdi. Olin ham uning yonidagi kresloga o‘tirdi, oyoqlarini chalishtirdi, so‘ng oldinga egilib sigara qutisini qo‘liga oldi.
—Sigara chekasizmi, janob Enslin?
—Rahmat, men chekmayman. 
Olinning nigohi uning o‘ng qulog‘iga qistirilgan sigaretga qadaldi. Aksariyat muxbirlar hadeb cho‘ntak kavlayvermaslik uchun shlyapalaridagi «Matbuot» deb yozilgan tasmaga sigaret qistirib yurishardi. Mayk ham uzoq vaqtlardan buyon qulog‘iga sigaret qistirib yurgani uchun avvaliga janob Olin qayoqqa qarayotganini tushunmadi. Keyin esa kulib qo‘ydi, qulog‘iga qistirilgan sigaretni oldi va Olinga qaradi. 
—To‘qqiz yildan beri chekmayman. Akam o‘pka rakidan vafot etgan. Uning vafotidan keyin chekishni tashlaganman. Qulog‘imdagi sigaret esa...-u yelkasini qisdi,-ham xotira, ham irim. Xuddi gavayicha ko‘ylagim singari. 1408-xonada chekishga ruxsat bormi, janob Olin? Har ehtimolga qarshi bilib qo‘yay. 
—Albatta. 
—Juda yaxshi,-dedi Mayk.-Hech bo‘lmasa shundan tashvish qilmas ekanman. 
Janob Olin yana uf tortdi. 
—Siz hali ham meni fikringizdan voz kechishga ko‘ndirolmaydi deb o‘ylayapsizmi?-dedi u.
—Ko‘ndirolmasligingizni bilaman,-Mayk sigaretni qulog‘iga qistirdi. U har kuni kechqurun qulog‘idagi sigaretni tashlab yuborib, ertalab yangisini qistirardi. Tashlab yuborayotgan sigaretiga tikilib turarkan, u qanday qilib deyarli yigirma yil davomida kuniga o‘ttiz-qirq donadan sigaret chekkanini tasavvur qilolmasdi. 
Olin stol ustida turgan kitoblarni qo‘liga oldi. 
—Siz adashayotganingizga chin dildan umid qilaman. 
Mayk chamadonini ochdi. Ichidan «Soni» diktofonini chiqardi.  
—Suhbatimizni yozib olishimga qarshimasmisiz, janob Olin?
Menejer qo‘lini siltadi. Mayk yozuv tugmasini bosdi, kichkinagina qizil chiroq yondi. Tasma aylana boshladi. 
Olin bu paytda kitoblarning nomlarini ovoz chiqarib o‘qiyotgandi. Mayk Enslin har safar birortasining qo‘lida o‘zining kitobini ko‘rib qolsa turli his-tuyg‘ularni boshidan kechirardi: faxr, noqulaylik, hayrat, uyalish. Biznesmen sifatida esa uyalmasdi: keyingi besh yil davomida uni yozgan kitoblari boqib kelayotgandi. 
Olin uning kitoblari nomini ovoz chiqarib o‘qirkan, Mayk diktofonni yoqqaniga afsuslandi. Chunki u keyinchalik yozuvni qayta eshitganida Olinning ovozida nafrat ohangini sezishini bilardi. U beixtiyor qulog‘iga qistirilgan sigaretga qo‘lini cho‘zdi.  
«Arvohli uyda o‘tgan to‘qqiz tun»,-o‘qidi Olin.-«Qabristonda o‘tgan o‘n tun», «Arvohli qasrlarda o‘tgan o‘n tun»,-u Maykka qaradi va labida istehzoli tabassum paydo bo‘ldi.-Bu kitobni yozish uchun Shotlandiyaga borgansiz. Yo‘lga ketgan xarajatlaringiz hisobiga sizning to‘laydigan soliqlaringiz miqdori pasaygan, to‘g‘rimi? Xullas, arvohlarni ovlash sizning biznesingiz.
—Gapingiz tugadimi? 
—Bu kitoblar siz uchun judayam qadrlimi? 
—Ha, qadrli. Ammo kitoblarimni tanqid qilib meni mehmonxonadan ketkaza olmaysiz…  
—Yo‘q, yo‘q. Shunchaki qiziqish. Ikki kun oldin, siz iltimos bilan kelganingizdan keyin bu kitoblarni Marsel ismli xizmatchiga aytib olib keltirdim. 
—Talab bilan, iltimos emas. Va hozir ham talab qilaman. Janob Robertsonning gaplarini eshitgandirsiz. Nyu-York shtati qonuniga ko‘ra, agar biror xona bo‘sh bo‘lsayu men unga joylashmoqchi bo‘lsam, bu talabimni rad qilishga haqqingiz yo‘q. 1408-xona esa bo‘sh. Bu xona doim bo‘sh. 
Ammo janob Olin «Nyu-York tayms» gazetasining eng ko‘p sotilgan kitoblar ro‘yxatidan joy olgan Maykning kitoblari mavzusidan hali-beri chetlashmoqchiga o‘xshamasdi. U kitoblarni uchinchi marta ko‘zdan kechirdi. Chiroqdan tushgan nur yaltiroq muqovalarda jilolanardi. Muqovalar qizil rangda tovlanardi. 
—Shu bugungacha bu kitoblarni ko‘rgani vaqtim bo‘lmagandi. Ish ko‘p. Nyu-York miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, «Delfin» kichkina mehmonxona, lekin doim band bo‘ladi va deyarli har bir mehmon o‘zi bilan biror muammo olib keladi. 
—Menga o‘xshab. 
Olin jilmaydi. 
—Aytishim mumkinki, siz alohida bir muammosiz. Siz, janob Robertson va barcha tahdidlaringiz ham. 
Maykka uning so‘zlari yoqmadi. U hech kimga tahdid qilmagandi, agarda janob Robertsonning tashrifi tahdid deb hisoblanmasa. Va uni advokat xizmatidan foydalanishga majbur qilishdi. Xuddi kaliti allaqachon yo‘qolgan eski uy eshigini ochish uchun boltadan foydalanishga majbur bo‘lgan odam singari. 
«Uy senikimas», dedi ichidagi ovoz, ammo qonun unga buning aksini ta’kidlardi. Qonun agar Mayk istasa va band qilinmagan bo‘lsa, «Delfin» mehmonxonasidagi 1408-xonaga joylashishi mumkinligini ko‘rsatib turardi.  
Mayk Olin hali ham uni istehzo bilan kuzatib turganini his qildi. U xuddi Maykning ko‘nglidan kechayotgan fikrlarni o‘qiyotganday edi. U o‘zini noxush his qildi. 
—Agar suhbatimizda birorta chuqur ma’no yashiringan bo‘lsa, uzr, janob Olin, men bu ma’noni ko‘rolmayapman. Boshqa e’tirozingiz bo‘lmasa va 1408-xonaga joylashishim mumkin bo‘lsa, ijozatingiz bilan... 
—Men bittasini o‘qidim... Nima deb ataysiz? Qissami? Hikoyatmi? Voqea,-dedi Olin.-Har bir kitobingizdan bittadan voqeani o‘qib chiqdim. «Arvohli uy»dan Kanzasdagi Rilsbilar uyi haqidagisini...
—Ha. Kimdir Rilsbi oilasining barcha olti nafar a’zosini chopib tashlagan.
—To‘g‘ri. Va o‘z joniga qasd qilgan alyaskalik sevishganlar haqidagi voqeani. Odamlar ularning arvohlarini ko‘rishgan ekan... va Gartsbi qal’asida o‘tkazgan tuningiz haqida. Judayam qiziqarli voqealar ekan.  
Mayk har qanday maqtov ichidan ham mazax yoki ijirg‘anish ohangini ilg‘ay olardi, ammo bu safar maqtov chin dildan aytilganini sezdi.  
—Rahmat,-dedi u diktofoniga bir qarab olib. 
Olin barmoqlari bilan kitobni chertdi.
—Kitobingizni oxirigacha o‘qib chiqmoqchiman. Yozish uslubingiz yoqdi. Gartsbi qal’asida hech qanday g‘ayritabiiy hodisasiz o‘tkazgan tuningiz haqida o‘qib miriqib kuldim. Siz yaxshi yozuvchi ekansiz. Biroq bu kitoblar meni tashvishga ham soldi. Agar kitoblaringiz bilan tanishib chiqmaganimda, sizni hozir kutmayotgan bo‘lardim. Anavi advokatni ko‘rgach, siz bu la’nati xonada tunni o‘tkazmoqchi ekanligingizni va hech kim sizni bu fikringizdan qaytarolmasligini tushundim. Ammo kitoblar... 
Mayk diktofonni o‘chirdi. 
—Nima uchun bunday narsalarni kavlab yurishimni bilmoqchimisiz? 
—Menimcha, siz bularning barini pul uchun qilasiz,-dedi Olin.
Mayk qizarib ketdi. 
—Meni bir narsa tashvishlantirdi, to‘g‘rirog‘i, qo‘rqitdi: men o‘zi yozmoqchi bo‘lgan va yozgan narsalariga mutlaqo ishonmaydigan ziyoli, iqtidorli insonning kitobini o‘qidim.
«Unchalik emas», dedi ichida Mayk. U o‘zi ishonadigan o‘nlab hikoyalarni yozgan, ammo bir nechtasini chop etgan xolos. U o‘zi ishonadigan ko‘plab she’rlarni yozgan. Lekin Kanzasdagi tashlandiq uyda daydib yuradigan Yujin Rilsbining boshsiz arvohiga ishonmaydi. U bu uyda bir tunni o‘tkazgan va sichqonlardan boshqa hech narsani ko‘rmagan. U Vlad Tepesning Transilvaniyadagi qasrida tunni o‘tkazgan, ammo qonso‘rar chivinlardan boshqa narsaga duch kelmagan. Lekin u bularning hammasini Olinga aytib o‘tirmoqchi emasdi. 
—Siz haqsiz, men arvohlarga ham, sharpalarga ham, jinlarga ham ishonmayman. Shuning uchun boshidanoq oddiy kuzatuvchi maqomida ish olib boraman. Ro‘paramdan arvoh chiqib qolgan taqdirda ham bunga xolislik bilan yondashaman. 
Olin nimadir dedi, lekin Mayk anglamay qoldi. 
—Tushunmadim? 
— «Yo‘q» dedim,-dedi Olin.
Mayk og‘ir xo‘rsindi. Olin uni yolg‘onchi deb o‘ylayapti. Endi faqat ikkita yo‘l bor: yo hammasini aytish kerak yoki bahslashishni to‘xtatish kerak. 
—Suhbatimizni boshqa kuni davom ettirsak bo‘lmaydimi, janob Olin? Men xonaga joylashib, yuvinib olmoqchiman. Balki ko‘zguda Kevin O'Mollining arvohini ko‘rarman? 
Mayk o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, ammo Olin qo‘lini ko‘tarib uni to‘xtatdi. 
—Sizni yolg‘onchi demoqchimasman, janob Enslin. Arvohlar ularga ishonmaydigan odamlarga kam ko‘rinadi. Balki Yujin Rilsbi sizning yoningizdan o‘tgandir, ammo siz ko‘rmagandirsiz! 
Mayk o‘rnidan turdi, so‘ng chamadonini olish uchun egildi. 
—Agar shunday bo‘lsa, 1408-xonadan tashvishlanmasam ham bo‘ladi, shundaymi? 
—Aksincha,-e’tiroz bildirdi Olin.-Tashvishlanishingiz shart. Chunki 1408-xonada arvoh yo‘q, hech qachon bo‘lmagan ham. U yerda nimadir bor, buni his qilganman, lekin u arvoh emas. Tashlandiq uyda arvohlarga ishonmasligingiz sizga himoya vazifasini o‘tashi mumkin. Lekin 1408-xonada bu yordam bermaydi. Unday qilmang, janob Enslin. Aynan shuni so‘rash uchun, sizdan o‘tinib so‘rash uchun bugun sizni kutayotgandim. 
Mayk uning barcha gaplarini ham eshitar, ham eshitmasdi. «Diktofonni o‘chirib qo‘yganingni qara!-u ichida o‘zini so‘kardi.-Jin ursin! Baribir uning aytganlarini kitobimga kiritaman».
Uning tezroq xonaga chiqqisi kelardi. Nafaqat bir tunni o‘tkazish uchun, balki Olinning so‘zlari yodidan ko‘tarilmay turib qog‘ozga tushirib qo‘yish uchun ham.  
—Keling, ichamiz, janob Enslin.
—Yo‘q, men... 
Janob Olin qo‘lini cho‘ntagiga suqdi va mis plastina bilan halqacha yordamida biriktirilgan  kalitni oldi. Plastinaga 1408 raqami o‘yib yozilgandi. 
—Marhamat,-dedi Olin.-Menga o‘n daqiqa vaqtingizni ajrating, bir stakandan viski ichamiz va sizga kalitni beraman. Siz qaroringizdan qaytishingiz uchun har qanday narsani berishga tayyorman, ammo fikringizdan qaytarishga urinishim behuda ketishiga ishonch hosil qildim.  
—Hozir ham kalitdan foydalanasizlarmi?-so‘radi Mayk.-Ajoyib. 
—«Delfin»dagi xonalar 1979 yilda magnit qulflar bilan jihozlangan. O’sha yili men boshqaruvchi etib tayinlanganman. 1408 esa eshigi oddiy kalit bilan ochiladigan yagona xona. Unga magnit qulf o‘rnatishning hojati yo‘q, baribir doim bo‘sh bo‘ladi. Oxirgi marta bu xonaga 1978 yilda odam qo‘yilgan. 
—Ahmoq qilmang!-Mayk joyiga o‘tirdi, yana diktofonni qo‘liga oldi. Yozuv tugmasini bosdi va dedi: «Mehmonxona boshqaruvchisining aytishicha, 1408-xonaga odam kirmaganiga yigirma yildan oshibdi».
—1408-xona eshigiga magnitli qulf o‘rnatilmagan, chunki imonim komil, qo‘yilganda ham u ishlamagan bo‘lardi. 1408-xonada elektron soatlar ishlamaydi. Ayrimlari orqada qoladi, ayrimlari to‘xtab qoladi. Bu xonada aniq vaqtni hech kim bilmaydi. Kalkulyator va uyali telefonlar ham shunday. Agar mashinangizning boshqaruv pulti bo‘lsa, uni o‘chirib qo‘yishingizni maslahat beraman, chunki 1408-xonada u istalgan vaqtda ishlab ketishi mumkin. Agarda uni o‘chirib qo‘ysangiz, qaytib ishlamay qoladi. Eng yaxshisi, batareykalarini chiqarib qo‘ying.-U diktofonni o‘chirish tugmasini bosdi.-Aslida, janob Enslin, noxushliklardan qutulishning eng yaxshi yo‘li-bu xonadan uzoqroq yurish. 
—Ilojim yo‘q,-Mayk diktofonni qo‘liga oldi, so‘ng cho‘ntagiga soldi,-ammo viski ichishga vaqtim bor.
Olin shisha olar ekan, Mayk undan 1978 yildan beri 1408-xonaga odam kirmagan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan elektron buyumlar bu xonada ishlamasligi unga qaerdan ma’lumligini so‘radi.  
—Men 1978 yildan beri bu xonaga odam kirmagan demadim,-javob qaytardi Olin.-Birinchidan, bu xona yengil tozalanadi. Bu esa...
To‘rt oydan beri «Arvohli xonasi bor mehmonxonalar» kitobi ustida ishlayotgan Mayk «engil tozalash» nimani anglatishini bilardi. Bu quyidagilarni anglatardi: derazalar ochiladi, changlar artiladi, sochiqlar almashtiriladi. Yotoqxona jihozlariga tegilmaydi. 
Ikkita stakan ushlab olgan Olin Mayk tomon kelarkan, xuddi uning fikrini uqqandek dedi:
—Ko‘rpa-to‘shak jildlari bugun almashtirilgan, janob Enslin.
—Meni Mayk deb chaqirishingiz mumkin. 
—Menga shunisi qulayroq. Siz uchun. 
—Siz uchun,-Mayk stakanini Olinning qo‘lidagi stakan bilan cho‘qishtirish uchun qo‘lini ko‘tardi, ammo u qo‘lini tortib oldi.
—Yo‘q, siz uchun, janob Enslin. Buni talab qilaman. Bugun faqat siz uchun ichamiz. 
Mayk uf tortdi, so‘ng stakanini cho‘qishtirdi. 
—Men uchun. Siz dahshatli filmlarda rol o‘ynasangiz bo‘larkan. 
Olin o‘tirdi. 
—Xudoga shukr, bunday filmda rol o‘ynamayman. 1408-xona g‘ayritabiiy hodisalar yuz beradigan joylar ro‘yxati kiritilgan birorta ham saytda yo‘q...
«Mening kitobim chiqqanidan so‘ng bu tubdan o‘zgaradi», o‘yladi Mayk.
—…va arvohlar joylashgan mehmonxonalar ro‘yxati berilgan sayyohlik kitoblarida ham «Delfin» mehmonxonasi qayd etilmagan. Ammo «Sherri-Niderlend», «Plaza», «Park-Leyn» mehmonxonalari bor. Biz 1408-xona haqida iloji boricha hech kim bilmasligi uchun harakat qilamiz... ammo baribir kimdir bilib qoladi.
Mayk iljaydi. 
—Veronika ko‘rpa-to‘shaklarni yangiladi,-gapida davom etdi Olin.-Men unga qarab turdim. Veronika va uning singlisi «Delfin» mehmonxonasiga 1971 yoki 72 yilda kelishgan. Vi, biz uni shunday chaqiramiz, «Delfin»ning eng yoshi ulug‘ xizmatchisi, uning ish staji menikidan ko‘proq. Opa-singillar 1992 yilgacha 1408-xonani tozalashgan. Veronika va Selesta egizaklar edilar va ular o‘rtasidagi ichki bog‘liqlik opa-singilni xavfdan saqlab qolgan. Baribir ularga xonaning ta’siri bo‘lgan. 
—Veronikaning singlisi shu xonada o‘lgan demassiz, hoynahoy? 
—Albatta, yo‘q. U sog‘ligi yomonlashgani uchun 1988 yilda ishdan ketgan. Menimcha, uning sog‘ligiga xonaning ta’siri bo‘lgan. 
—Aytgan gaplaringizga ishonmayman, janob Olin. 
Olin kuldi. 
—Arvohlar olami tadqiqotchisisiz-da. 
—Bu o‘quvchilarim oldidagi burchim,-dedi Mayk quruqqina qilib.
—Men 1408-xonani butunlay unutib yuborishim mumkin edi,-dedi mehmonxona menejeri.-Eshik yopiladi, chiroqlar o‘chiriladi, pardalar tushiriladi… ammo xonaning havosi buzilib, chang qatlami kundan-kunga ko‘tarilishini o‘ylab bunday qilmadim. Xullas, Vi va Si xonaga tezda kirib, yig‘ishtirib, tezda qaytib chiqishardi. Si ishdan bo‘shadi, Vining esa lavozimi ko‘tarildi. Shundan so‘ng xonani boshqalar yig‘ishtiradigan bo‘lishdi va xonaga doim ikki kishi kirardi... Siz 1408-xonadagi arvohlar ustidan kulishingiz mumkin, lekin ichkariga kirishingiz bilanoq ularning mavjudligini his qilasiz. 
Men xonani yig‘ishtirishayotganda doim xizmatchilarga qarab turardim,-u bir oz jim bo‘lib qoldi, so‘ng yana davom etdi.-Agar biror dahshatli voqea yuz bersa ularni xonadan olib chiqib ketish uchun. Xudoga shukr, unday voqea yuz bermadi. Ayrimlar qo‘qqisdan yig‘lab yuborar, ayrimlar qah-qah urib kular, ayrimlar esa hushidan ketib qolardi. O’tgan yillar davomida men boshqaruv pultlari, uyali telefonlar, soatlar bilan ko‘plab tajribalar o‘tkazdim. Bir ayolning ko‘zlari ko‘rmay qolgandi. 
—Nima?
—Rommi van Gelder. U televizorning changini artayotgandi. Birdan chinqira boshladi. Undan nima bo‘lganini so‘radim. U lattani tashlab, qo‘llari bilan ko‘zlarini ushladi va ko‘zlari ko‘rmay qolganini aytdi. Men uni tashqariga olib chiqdim, lift oldiga yetganimizdan keyingina u yana ko‘ra boshladi. 
—Bularning barini meni qo‘rqitish uchun aytyapsizmi, janob Olin? 1408-xonaga kirmasligim uchunmi? 
—Yo‘q. Siz xonaning tarixini bu xonada birinchi bo‘lib o‘lgan odamdan boshlab bilasiz-ku. 
Mayk bilardi. Kevin O'Molli, tikuv mashinalarini sotish bilan shug‘ullanadigan savdogar 1910 yilning 13 oktyabrida shu xonada o‘z joniga qasd qilgandi. 
—Besh erkak va bir ayol xonaning yagona derazasidan o‘zlarini pastga tashlashgan, janob Enslin. Uch ayol va bir erkak ko‘p miqdorda uyqu dori ichib hayotdan ko‘z yumgan, ikki kishi karavotda, yana ikki kishi vannada, bir erkak hojatxonada o‘lik holda topilgan. Bir erkak 1970 yilda o‘zini kiyim javoni ichida osib o‘ldirgan... 
—Genri Storkin,-dedi Mayk. 
—Randolf Xayd bilagidagi tomirlarini kesib tashlagan. Demoqchimanki, janob Enslin, agar oltmish sakkiz yil davomida bu xonada o‘n ikki kishi o‘z joniga suiqasd qilgani sizni fikringizdan qaytara olmagan bo‘lsa, xizmatchilarning oh-vohlari sizga mutlaqo ta’sir qilmaydi. 
«Oh-vohlar, yaxshi», o‘yladi Mayk, yozayotgan kitobida bu iboradan foydalanishni mo‘ljallarkan. 
Maykni xizmatchilar va ularning oh-vohlari qiziqtirmasdi. To‘g‘ri, Olin aytgan suiqasdlar soni odamni ta’sirlantiradi. Ammo isbot... Avraam Linkoln va Jon Kennedilarning vitse-prezidentlarining familiyalari bir xil-Jonson bo‘lgan. Linkoln va Kennedi oxiri 60 bilan tugaydigan yilda prezidentlikka saylanishgan. Linkolnni «Kennedi» teatrida o‘ldirishgan, Kennedini «Linkoln» avtomobilida o‘ldirishgan. Xo‘sh, bu tasodiflar nimani isbotlaydi? Hech narsani. 
—Bu suiqasdlar mening kitobimda o‘z aksini topadi,-dedi Mayk
—Gaplarimga yaxshilab quloq soling. Vining singlisi Selesta yurak xurujidan vafot etgan. 
—Ammo uning opasi soppa-sog‘. O’zingiz-chi, janob Olin, bu xonaga necha marta kirgansiz? Yuz martami? Ming martami? 
—Judayam qisqa vaqtga kirganman,-dedi Olin.-Bilasizmi, bu xuddi zaharli gaz bilan to‘ldirilgan xonaga kirgandek tarzda bo‘ladi. Bunday xonada nafas olmay turgan ma’qul. Bildim, o‘xshatishim sizga yoqmadi. Ammo ishonavering, bu zo‘r o‘xshatish bo‘ldi.
U qo‘llarini iyagiga tiradi.
—Ayrim odamlar bu xona ta’siriga tezroq va kuchliroq tushishadi. «Delfin» ochilganiga yuz yil bo‘ldi va bu vaqt davomida mehmonxona xizmatchilari 1408-zaharlangan xona ekanligiga ishonch hosil qilib bo‘lishgan. U haqda hech kim og‘iz ochmaydi, hech kim eslamaydi. O’n to‘rtinchi qavat boshqa mehmonxonalardagi kabi aslida o‘n uchinchi qavat ekanligini hamma biladi, lekin hech kim indamaydi. Bu ham xuddi shunga o‘xshash. Agar bu xona haqidagi hamma ma’lumotlar oshkor etilsa... o‘quvchilaringiz dahshatga tushishadi.
Masalan men Nyu-Yorkdagi deyarli barcha mehmonxonalarda hech bo‘lmasa bir marta o‘z joniga suiqasd bo‘lganligiga shubha qilmayman, ammo faqat «Delfin»dagina o‘n ikki kishi bitta xonaning o‘zida o‘z jonlariga qasd qilishgan. 1408-xonada tabiiy o‘lim topganlarni aytganim yo‘q hali. 
—Necha kishi o‘lgan?-1408-xonada tabiiy o‘lim topgan odamlar ham bo‘lganligi Maykning xayoliga kelmagan edi. 
—O’ttiz kishi,-dedi Olin.-Kamida o‘ttiz. O’ttiz kishining o‘lganligini aniq bilaman. 
—Aldayapsiz!-so‘zlar Maykning og‘zidan otilib chiqdi. 
—Yo‘q, janob Enslin, ishontirib aytaman, aldayotganim yo‘q. Yoki siz bu xonani shunchaki irim uchun bo‘sh ushlab turishibdi deb o‘ylayapsizmi? 
Mayk Enslin yangi yozayotgan kitobida bu fikrni ham aytib o‘tib ketishni mo‘ljallagandi. 
—Mehmonxona biznesida irim va an’analar bor, janob Enslin, lekin biz ularning ishimizga xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Xona bo‘shadimi, shu zahoti unga odam qo‘yamiz. Faqat bu qoida o‘n uchinchi qavatda joylashgan, eshigidagi raqamlarning umumiy yig‘indisi o‘n uchga teng bo‘lgan 1408-xonaga nisbatan qo‘llanilmaydi. 
Olin Mayk Enslinga sinchkov nazar tashladi. 
—Bu xonada nafaqat suiqasdlar, balki insultlar, infarktlar va tutqanoq xurujlari ham sodir bo‘lgan. Bir kishi, bu 1973 yilda sodir bo‘lgandi, sho‘rva quyilgan likopga cho‘kib ketgan. Siz bunday narsa bo‘lishi mumkin emas deyishingiz mumkin, ammo men o‘sha paytda mehmonxona xavfsizlik xizmatida ishlagan va o‘lim haqidagi guvohnomani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odam bilan gaplashganman. Xonadagi g‘ayritabiiy kuch tush paytida sal bo‘shashgandek bo‘ladi. Ammo o‘sha paytda xonani yig‘ishtirishga kirgan ayrim xizmatchilar hozirda yurak kasalligi, qandli diabetga duchor bo‘lishgan. Uch yil oldin o‘sha qavatda isitish tizimi ishdan chiqqan va mehmonxonaning o‘sha paytdagi bosh muhandisi janob Nil hamma xonalarni, shu jumladan 1408-xonani ham tekshirib chiqqan. U o‘zini juda yaxshi qilgan, biroq ertasiga miyasiga qon quyilib o‘lgan. 
—Tasodif,-qo‘l siltadi Mayk. Lekin ichida Olinning mahoratiga tan berdi. Agar u bolalar oromgohida yetakchi bo‘lganida bormi, kechqurun arvohlar haqida hikoya qilganining ertasigayoq oromgohdagi bolalarning to‘qson foizi uyiga qochib ketgan bo‘lardi. 
—Tasodif,-takrorladi Olin achinish ohangida. U kalitni uzatdi.-Yuragingiz baquvvatmi ishqilib, janob Enslin? Qon bosimingiz, asabingiz joyidami? 
Mayk kalitni oldi. 
—Shikoyatim yo‘q,-dedi Mayk.-Undan tashqari, mening gavayicha omadli ko‘ylagim bor. Uni bekorga kiyib olmaganman. 
Olin Maykni o‘n to‘rtinchi qavatgacha kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. 
Zalda ularni bir erkak to‘xtatdi va Olinga bir nechta varaq uzatib, frantsuzchalab nimadir deb pichirladi. Olin ham unga o‘sha tilda nimadir dedi, bosh irg‘adi va barcha varaqlarga imzo chekdi. Bardan pianinoda «Nyu-Yorkda kuz» musiqasi ijro etilayotgani eshitildi. 
Erkak «mersi» deb ortiga qaytdi. Olin yana Maykdan chamadonini berishni so‘radi va u yana bu taklifni rad etdi. Liftda Maykning nigohi uch qator tugmachaga qadaldi. Har bir tugmachada raqamlar yozilgan bo‘lib, 12 raqamidan keyin 14 raqami kelardi. «O’zlaricha,-o‘yladi Mayk,-o‘rtadagi raqamni olib tashlashib, odamlarga uning borligini eslatmaslikka urinishibdi. Bema’nilik... biroq Olin baribir haq. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridagi mehmonxonalarda shunaqa».
—Janob Olin,-uzoq jimlikni Maykning ovozi buzdi.-Bir narsani so‘ramoqchiman. Agar 1408-xonadan shunchalik qo‘rqsangiz, nima uchun bu xonaga aslida hech kim bo‘lmasa ham mehmon joylashganini aytmaysiz? Yoki nega o‘z nomingizga qayd qildirib qo‘ymaysiz? 
—Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar va boshqa rasmiy muassasalar vakillari meni tovlamachilikda ayblashlaridan qo‘rqdim. Sizni 1408-xonaga joylashish fikridan qaytarolmaganimdek, «Stenli korporeyshn» kompaniyasi direktorlar kengashini bu xonada arvoh borligi uchun hech kimni qo‘ymayotganimga ishontirishim qiyin. 
Maykni janob Olinning so‘nggi gapi xavotirga soldi. «U endi meni fikrimdan qaytarishga urinmayapti,-o‘yladi u.-Ammo u 1408-xonada kimdir yoki nimadir borligiga ishonadi. Shak-shubhasiz ishonadi».
12 raqami yozilgan tugmacha chirog‘i o‘chdi va 14-tugmacha yondi. Lift to‘xtadi. Eshiklar ochilib, qizil tusli gilam to‘shalgan mehmonxona yo‘lagi ko‘rindi. Yo‘lakni o‘n to‘qqizinchi asr uslubidagi gazli fonarlar yoritib turardi. 
—Yetib keldik,-dedi Olin.-Sizning qavatingiz. Kechirasiz, siz bilan shu yerda xayrlashaman. 1408-xona chap qo‘lda, yo‘lak oxirida. Zaruriyat bo‘lmasa bu xonaga yaqinlashmayman. 
Mayk Enslin lift kabinasidan chiqdi. Unda xuddi oyoqlari og‘irlashib ketgandek, 1408-xonaga borishni istashmayotgandek taassurot uyg‘ondi. U o‘girilib Olinga qaradi. Olin qo‘llarini orqasiga qilgancha turardi va Mayk uning rangi oqarib ketganini ko‘rdi. Keng, ajinsiz peshonasi esa ter bilan qoplangandi. 
—Xonada, tabiiyki, telefon bor,-dedi Olin.-Agar biror narsa yuz bersa qo‘ng‘iroq qilishga urinib ko‘rishingiz mumkin... Ammo telefon xonaning o‘zi xohlasagina ishlaydi. 
Mayk unga hazil bilan javob qaytarmoqchi bo‘ldi, ammo tili ham xuddi oyoqlaridek og‘irlashib ketgandi.
Olin bir qo‘lini oldinga uzatdi va Mayk uning qo‘li qaltirayotganini ko‘rdi. 
—Janob Enslin. Mayk. Unday qilmang. Xudo haqqi... 
U shu so‘zlarni aytishi bilan lift eshiklari yopildi. Mayk mehmonxonaning jimjit yo‘lagida bir oz turib qoldi. U lift chaqiruv tugmasini bosmoqchi ham bo‘ldi.
Ammo agar tugmani bossa, Olin g‘olib chiqadi. Yozayotgan kitobining eng yaxshi bobi o‘rni esa bo‘sh qoladi. 
Mayk lift chaqirish o‘rniga qo‘lini ko‘tardi va qulog‘idagi sigaretni ushlab o‘zini xavotirli fikrlardan chalg‘itdi, so‘ng esa omad keltiruvchi gavayicha ko‘ylagining yoqasini to‘g‘riladi. U 1408-xona tomon qadam tashladi.
Mayk Enslinning 1408-xonada o‘tkazgan qisqagina (etmish daqiqa) damlaridan qolgan yagona narsa diktofonga yozilgan o‘n bir daqiqalik yozuv bo‘ldi. Diktofon ozgina burishib qolgan, lekin tasmaga zarar yetmagan. Eng g‘aroyibi, tasmaga deyarli hech narsa yozilmagan, ammo yozilgan narsa esa yanada g‘aroyib.
Diktofonni unga bundan besh yil burun ajrashib ketgan xotini sovg‘a qilgandi. Mayk uni ilk safariga (Kanzasdagi Rilsbi fermasiga) beshta daftar va qalamlarga qo‘shimcha sifatida o‘zi bilan olib borgandi. Hozir, 1408-xonaga esa u beshta to‘qson daqiqalik kassetaga qo‘shimcha sifatida bitta daftar va qalam olib kelgandi. Oltinchi kassetani uyidan chiqayotib diktofonga joylashtirgandi. 
Ko‘nglidan kechayotgan fikrlarni va o‘zi borgan joydagi ovozlarni aks ettirish diktofonda osonroq edi. U ko‘plab sirli makonlarga borgan, ammo birorta ham g‘ayritabiiy hodisaga duch kelmagandi. O’tgan yillar davomida «Soni» diktofoni uning ajralmas hamrohiga aylanib qolgandi. 
1408-xona bilan muammo u xonaga kirmasidan boshlandi. 
Mayk eshikka qararkan, uning qiyshiqligini ko‘rdi. 
Butun eshik emas, uning chap tomoni sal qiyshaygandi. Keyin esa eshik xuddi dengizda kema chayqalgandek oldinga-orqaga, o‘ngga-chapga og‘a boshladi. Maykning ko‘ngli ag‘darilayozdi.
U engashdi (bosh aylanishi va ko‘ngil aynishi shu zahoti qoldi, eshikning qiyshiq qismi to‘g‘rilandi), chamadonidan diktofonini oldi. So‘ngra yozuv tugmachasini bosdi va «Eshik meni bir tomonga og‘ib o‘ziga xos tarzda kutib olmoqda» deyish uchun og‘zini ochdi. 
U «eshik» dediyu jim bo‘ldi. Mayk diktofonni o‘chirdi. Chunki eshik to‘g‘ri bo‘lib qolgandi. Mayk o‘girilib, 1409-xona eshigiga qaradi, keyin nigohini yana 1408-xona eshigiga qaratdi. Ikkala eshik ham bir xil turardi. Hech qanday og‘ish yo‘q, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi eshiklar.
Mayk yana engashdi, diktofon ushlab turgan qo‘li bilan chamadonini ko‘tardi, bu qo‘lidagi kalitni esa qulf tirqishiga uzatdi.
Eshik yana qiyshayib qolgandi.
Bu safar o‘ng tomoni qiyshaygandi.
—Bo‘lishi mumkin emas,-ming‘irladi Mayk, ammo yana ko‘ngli oza boshladi. U ikki yil ilgari Angliyaga kemada borgan va o‘shanda adabini yegandi. Bir kuni bo‘ron turib, kema chayqalgandi. Maykning esida, u kayutada yotgancha qusishga uringan, ammo ichi ag‘darilguday o‘qchisa-da qusa olmagandi. Eshikka, stol yoki stulga qarasa boshi tinmay aylangandi... 
«Hammasiga Olin aybdor,-o‘yladi Mayk.-U istaganiga erishyapti. Agar hozir meni shu holatda ko‘rganida rosa ustimdan kulayotgan bo‘lardi».
Va shu payt uning miyasiga «Olin ayni damda hammasini ko‘rib turibdi» degan fikr urildi. Mayk eshikdan nigohini olishi bilan bosh aylanishi va ko‘ngil aynishi o‘tib ketganini sezmasdan yo‘lakka alangladi. Shiftda, liftning chap tarafida u izlagan narsasini ko‘rdi: ichki kuzatuv kamerasi. Mehmonxona xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri ekran oldida doimiy ravishda navbatchilik qilib tursa kerak va Maykning ishonchi komil, Olin hozir uning yonida turgancha xuddi maymundek tirjayib uning ahvolini tomosha qilyapti. «Qaytib bizga huquqini eslatmaydigan va advokatini jo‘natmaydigan bo‘ladi», deydi Olin. «Qarang-qarang!-xitob qiladi xavfsizlik xizmati xodimi hiringlagancha.-Rangi devordek oqarib ketibdi, hali eshikni ochgani ham yo‘q. Bopladingiz, boss! Qaltirashini qarang».
«Bekorlarni aytibsanlar,-o‘yladi Mayk.-Men oila a’zolari o‘ldirilgan Rilsbilarning uyida uxlaganman. Ser Devid Smayt xotinlarini cho‘ktirib o‘ldirgan vannaxonada cho‘milganman. Bolalarni qo‘rqitish uchun aytiladigan cho‘pchaklarga ishonmay qo‘yganimga ancha bo‘lgan. Meni boplaganlaring yo‘q!»
U eshikka boqdi: tekis, to‘g‘ri to‘rtburchak. Nimadir deb ming‘irladi va kalitni qulf tirqishiga solib buradi. Eshik ochildi. Mayk ichkariga kirdi. U devordan chiroq tugmasini paypaslab topdi va tugmani bosdi. Shiftga o‘rnatilgan billur qandillardagi chiroqlar nur sochdi. Xona burchagidagi stol ustiga o‘rnatilgan stol chirog‘i ham yondi. 
Stol deraza oldiga o‘rnatilgan, bu yerdan Oltmish birinchi ko‘chani tomosha qilish... yoki o‘zini pastga tashlash mumkin edi. Agarda shunday istak paydo bo‘lsa... 
Mayk chamadonini ostona yoniga qo‘ydi, eshikni yopdi va diktofonning yozuv tugmasini bosdi. Qizil chiroqcha yondi. 
—Olinning aytishicha, men qarab turgan derazadan olti kishi o‘zini pastga tashlagan,-gapini boshladi Mayk,-ammo bu oqshom men o‘zimni «Delfin» mehmonxonasining o‘n to‘rtinchi, kechirasizlar, o‘n uchinchi qavatidan tashlamoqchi emasman. Fikri ojizimcha, 1408-xona yarim lyuks deb ataladigan xonalar toifasiga kiradi. Men turgan xonada ikkita stul, divan, yozuv stoli, televizor va minibar bor. Polga to‘shalgan gilam Olinning xonasidagi fors gilamiga teng kelolmaydi. Devorlarga gulqog‘oz yopishtirilgan. Ular... bir daqiqa... 
Agar tasmani tinglayotgan bo‘lsangiz, shu lahzada chiqillagan tovushni eshitasiz: Mayk to‘xtash tugmasini bosadi. Umuman olganda, butun yozuv qisqa-qisqa bo‘laklardan iborat. Buning ustiga, har bir bo‘lakdan keyin ovoz ohangi o‘zgaradi. Yozuv boshlanishida muhim ish bilan band bo‘lgan kishi gapirgan bo‘lsa, keyingi yozuv nima bo‘layotganini anglamayotgan, xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan odamning ovoziga o‘xshaydi. Tinglovchi yozuvni oxirigacha eshitarkan, bu gaplarni gapirgan odam aqldan ozmagan bo‘lsa-da, atrofida nimalar bo‘layotganini idrok qilolmaganligiga ishonch hosil qiladi va shuning o‘ziyoq bir narsani anglatadi: 1408-xonada qandaydir g‘ayritabiiy voqea yuz bergan.
Mayk diktofonni o‘chirgan onda devordagi suratlarga ko‘zi tushgandi. Devorda jami uchta surat bor edi: yigirmanchi yillar uslubida kiyingan ayolning zinada turgani tasvirlangan surat, to‘lqinlar osha suzayotgan yelkanli kema va sariq-malla ranglardan hosil bo‘lgan natyurmort: olmalar, bananlar, apelsinlar. Suratlar oyna ostiga olingan bo‘lib, hammasi qiyshayib turardi. 
Zinadagi xonim suratining chap burchagi o‘ng tomoniga nisbatan kamida ikki santimetr pastroqda edi. Yo‘lovchilari baliqlarni tomosha qilayotgan yelkanli kema surati ham xuddi shu ko‘rinishda edi. Natyurmortning esa chap burchagi o‘ng burchagiga nisbatan balandroqda edi. Ko‘ngil aynish boshlanishi uchun suratga qarashning o‘zi kifoya edi. Suratlar ustidagi oynani chang qop­lagandi. U oynalardan birini barmog‘i bilan artib ko‘rdi. Chang qandaydir yog‘li, yopishqoqdek taassurot uyg‘otdi. U suratlarni to‘g‘rilab, ortiga tisarildi va ularga birma-bir qarab chiqdi: barcha suratlar to‘g‘ri turardi.
U ko‘zlarini yumdi, to‘rt marta chuqur-chuqur nafas olib, bir oz nafasini ushlab turdi va nafas chiqardi. Ilgari hech qachon bunaqa hodisaga duch kelmagandi: na arvohlari bilan nom chiqargan qabristonlarda va na qadimiy qo‘rg‘onlarda. 
«Bu Olinning ishi. U seni gipnoz qilgan, lekin sen uning izmidan chiqa olding,-dedi ichida qandaydir ovoz.-Sen bu la’nati xonada bir tunni o‘tkazishing shart. Eng asosiysi, Olinga yutqazmaslik lozim. Uning bu xonada o‘ttiz kishi o‘lgani haqidagi cho‘pchagi yolg‘on bo‘lib chiqishi kerak. Shuning uchun nafas ol... chiqar».
U naq bir yarim daqiqa nafas olib-chiqardi va ko‘zlarini ochganida o‘zini ancha yaxshi his qilayotgandi.
U yozuv tugmasini bosdi. Qizil chiroq yondi. «Bir daqiqacha boshim aylandi,-u yozuv stoli tomon yaqinlashdi.-Menimcha, Olinning xonasidagi ichkilikning ta’siri bo‘lsa kerak. Havo dim. Lekin mog‘or yoki chang isi kelmayapti. Olin xona shamollatib turilishini aytgandi, ammo dim».
Yozuv stoli ustida ichiga bir quti gugurt solingan qalin shishadan yasalgan kuldon turardi. Gugurt qutisiga «Delfin» mehmonxonasi tasviri va mehmonxona eshigi yonida turgan eshikbon surati tushirilgandi.
—Gugurt qutisi bu yerga xuddi 1955 yildan kelib qolganga o‘xshaydi,-Mayk qutini ko‘ylagi cho‘ntagiga soldi.-Uni esdalik sifatida olib qo‘yaman. Endi esa xonaga toza havo kiritish payti keldi. 
U diktofonni stol ustiga qo‘ydi. 
—G’alaba!-dedi Mayk.-G’alaba! Derazaning pastki qismi zo‘rg‘a ochildi, yuqori qismini ochish esa oson bo‘ldi. Beshinchi avenyudagi avtomobillar oqimining shovqinini eshityapman. Qaerdadir saksofon chalishyapti, menimcha, ikki kvartal naridagi «Plaza» mehmonxonasida bo‘lsa kerak.  Bu tovush menga akamni eslatyapti. 
Mayk qizil chiroqchaga tikilgancha jim bo‘lib qoldi. Chiroqcha uni xuddi bir nimada ayblayotgandek edi. Uning akasi «tamaki urushi»ning navbatdagi qurboni bo‘lgan. Mayk shu zahoti yengil tortdi. Xo‘sh, nima bo‘pti? 
—Aslida akamni Konnektikut yo‘lida bo‘rilar yeb qo‘yishgan,-dedi u va hiringlagancha diktofonni o‘chirdi. 
Mayk yotoqxona eshigi tomon qadam tashladi. U ichkariga kirdi va qo‘llari bilan devorni paypaslagancha chiroq tugmasini qidirdi. Chiroqni yoqdi. Shiftdagi billur qandildan taralgan nur yotoqxonani yoritdi. Ikki kishilik karavot ustiga sariq ko‘rpajild to‘shalgandi.  
Mayk karavotga yaqinlashdi. Karavotning ikkala tarafiga javonchalar qo‘yilgandi. Ulardan birining ustida qora rangli,  raqam teradigan diski katta telefon turardi. Diskning barmoq tiqiladigan teshikchalari unga ko‘zlarni eslatdi. Ikkinchi javon ustida olxo‘ri solingan idish bor edi.   
Ko‘rpajild ustida taomnoma yotardi. Mayk karavot chetiga o‘tirdi va taomnomani qo‘liga oldi. Taomnoma frantsuz tilida yozilgan bo‘lsa-da, u bu tilni bilgani uchun taomlardan biri axlat aralashtirilgan tovuq go‘shti ekanligini tushundi. 
U ko‘zlarini yumib ochdi. 
Taomnoma frantsuzcha o‘rniga ruscha bo‘lib qolgandi.  
U ko‘zlarini yana yumib ochdi. 
Ruschaning o‘rniga italyancha yozuv turardi.  
Ko‘zlarini yumib ochdi.  
Yozuvlar g‘oyib bo‘lgandi. Endi Maykning qo‘lidagi qog‘ozda oyog‘iga bo‘ri tishlarini botirib turgan bola surati qarab turardi. 
«Bular yo‘q narsalar», o‘yladi Mayk. Bu safar uning qo‘lida ingliz tilida yozilgan taomnoma turardi. 
U xuddi qabrdek tor tuyulayotgan devor va karavot oralig‘idan asta sirg‘alib chiqdi. Yuragi shu darajada kuchli urardiki, yuragining har bir urishi nafaqat ko‘krak qafasida, balki bo‘yni va bo‘g‘imlarida ham sezilardi. Ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday holatda edi. 1408-xonada qandaydir g‘ayritabiiy narsa bor, aniq bor. Olin zaharli gaz haqida gapirgandi. Bularning bari Olinning ishi. Havo aylanib turuvchi tirqishlardan xonaga gaz yuborishgan. U atrofga alangladi, ammo havo aylanib turuvchi tirqishga ko‘zi tushmadi.  
Ko‘zlari qo‘rquvdan katta-katta ochilgan Mayk yotoqxonaga nazar tashladi. Karavotning chap tomonida turgan javon ustidagi idish ichidagi olxo‘risi bilan g‘oyib bo‘lgandi. Mayk ortiga o‘girildi va eshik tomon bir qadam tashlab to‘xtab qoldi. Devorda surat osig‘liq turardi. U yotoqxonaga kirganida hech qanday suratga ko‘zi tushmagandi.
-Bu yerdan chiqishim kerak,-pichirladi u va gandiraklagancha mehmonxonaga chiqdi. Birdan u har qadam tashlaganda chapillagan tovush chiqayotganini, pol esa yumshab borayotganini sezib qoldi.  
Devordagi suratlar yana qiyshayib qolgan, ammo o‘zgarishlar faqat shulardangina iborat emasdi. Zinadagi ayol ko‘ylagi etagini ko‘tarib olgandi. U Maykka tikilgancha tishlarini irjaytirib turardi. Yelkanli kemada ranglari oqarib ketgan erkak va ayollar tizilishib turishardi. Suratning chap qismida turgan jigarrang kostyumli erkak qo‘liga shlyapasini ushlab olgan, yuzida dahshat ifodasi qotib qolgandi. Mayk uni tanidi: Kevin O'Molli, 1408-xonada o‘z joniga qasd qilgan eng birinchi inson. O'Mollining yonida shu xonadan narigi dunyoga ravona bo‘lgan insonlar turishar, ularning ham yuzlari dahshatdan bujmayib ketgandi. Uchinchi suratda esa mevalar o‘rnida inson boshi turardi. 
Mayk hansiragancha suratlardan ko‘zini uzdi va yozuv stoliga yaqinlashdi. Ochiq derazadan kirayotgan shabada pardani hilpiratayotganini ko‘rdi, biroq hech qanday shabadani his qilmadi. Xona xuddi ichkariga kirayotgan havoni yutib yuborayotgandek edi. Beshinchi avenyudagi avtomobillar shovqini unga uzoq-uzoqlardan eshitildi. 
«Bas qil» demoqchi bo‘ldi Mayk, lekin u gapirish qobiliyatidan mahrum bo‘lgandi. Yuragi dahshatli tezlikda urar, agar yana ozgina tezroq ursa yorilib ketishi aniq edi. 
Xuddi uzoq masofaga yugurayotgan sportchi marra oxiriga yetgani singari Mayk og‘zini katta ochgancha nafas olib kaftini ko‘kragiga bosdi. Va ko‘krak cho‘ntagida diktofon turganini his qildi. O’ziga qadrdon buyumni his qilish uni ma’lum darajada o‘ziga keltirdi. U nimadir deb ming‘irladi. Mayk boshi aylanayotganini sezdi va oshqozoni xuddi hozir tashqariga ag‘darilib chiqadigandek tuyuldi.  
Ammo u sal bo‘lsa-da o‘ziga kelgan, bir narsani anglab turardi: vaqt borligida birortasini yordamga chaqirishi shart. Tirjayayotgan Olin, uning havo aylanib turuvchi tirqishdan gaz kiritgani haqidagi fikrlar uning miyasini batamom tark etgandi. Hamma gap mana shu xonaning o‘zida.  
U go‘shakni olish uchun qo‘lini shahd bilan telefonga uzatdi. Aslida esa qo‘li xuddi suv ostida suzayotgandek asta-sekinlik bilan telefon tomon cho‘zilayotganini kuzatdi. U hattoki havo pufakchalarini ko‘rmayotganiga ajablandi ham.  
Barmoqlari go‘shakni tutdi, ko‘tardi. Ikkinchi qo‘li esa shunday ohistalik bilan raqamli diskka uzatilib raqam terdi. U go‘shakni qulog‘iga tutdi.
Go‘shakdan xirillagan ovoz eshitildi: «Bu to‘qqiz! To‘qqiz! To‘qqiz! Bu o‘n! O’n! Hamma yaqinlaring o‘ldi! Bu olti! Olti!»
Mayk ovozga dahshat bilan quloq solib turdi. Ovoz mashinaga ham, odamga ham tegishli emasdi-bu ovoz xonaniki edi.  
Maykning qo‘lidagi go‘shak barmoqlari orasidan sirg‘alib yerga tushdi. Uning oshqozoni g‘ijimlab og‘rirdi. 
U qulog‘iga qistirilgan sigaretni qo‘liga oldi, lablari orasiga qistirdi, cho‘ntagidan gugurtni chiqardi.  
Xona uning ko‘z o‘ngida eriy boshladi. 
Tekis burchak va chiziqlar bukila boshladi. Shiftga osilgan billur qandil ulkan so‘lak tomchisiga aylandi. Suratlar ham egilib-bukila boshladi. Suratdagi ayol tishlarini irjaytirgancha zina bo‘ylab yuqoriga yugurib ketdi. Telefondan quloqni yorib yuborgudek ovoz tinmay eshitilib turardi: «Besh! Bu besh! Bu xona seni tinch qo‘ymaydi! Sakkiz!»
Yotoqxona va yo‘lakka chiqiladigan eshiklar bo‘yiga pasayib, eniga kengaya boshladi. Xonada sariq-mallarang nur paydo bo‘ldi. Mayk gulqog‘ozlarning yirtilib, og‘iz shakliga kirayotganini ko‘rdi. «Olti!-bo‘kirardi telefon.-Olti!»
Mayk o‘ylab ham o‘tirmasdan, u o‘ylaydigan holatda emasdi ham, og‘zini ochgancha gugurt cho‘pini qo‘liga oldi, labidagi sigaret tushib ketdi. Cho‘pni quti yoniga ishqaladi va darhol quti ichidagi cho‘plarga tutashtirdi. «P-sh-shsh»-gugurt cho‘plari alanga oldi, burniga yonayotgan oltingugurt hidi urildi. Va Mayk o‘ylab ham o‘tirmasdan yonayotgan qutini ko‘ylagiga tegizdi. Ko‘ylak shu zahoti «lov» etib alanga oldi. Mayk darhol o‘ziga keldi. 
Xonada hali ham g‘ayritabiiy voqealar yuz berayotgandi. Mayk xuddi g‘or ichida turgandek edi. Pol, devor va shift tasavvur qilib bo‘lmas darajada og‘ayotgandi. Surat osilgan devor u tomon yaqinlashib kelardi. 
Iyagini yalay boshlagan olov tili uni yana o‘ziga keltirdi. Yonayotgan ko‘ylak taftini his qilgan Mayk yo‘lakka olib chiqadigan eshik tomon tashlandi. Devorlar zirilladi. Mayk eshik tutqichini buradi, eshik ochildi.
Elliginchi yillardagi mashhur bir qo‘shiqda sevgi dunyoni o‘zgartirishi, lekin bunga tasodif sabab bo‘lishi aytiladi. Rufus Diaborn, 1414-xonaga joy­lashgan savdogar «Zinger tikuv mashinalari» kompaniyasida ishlardi. Nyu-Yorkka kompaniya rahbariyati bilan muzokara olib borish uchun Texasdan kelgandi. 1408-xonaga joylashgan ilk mehmon derazadan o‘zini tashlab joniga qasd qilgan bo‘lsa, tikuv mashinalarini sotadigan yana bir savdogar arvohlar joylashgan mehmonxonalar haqida kitob yozayotgan yozuvchining hayotini saqlab qoldi. 
Shuni ham aytib o‘tish joiz, Diabornning o‘zi ham hammasi qanday yuz berganini aniq eslolmaydi. Uning aytishicha, yo‘lakka olov ichida qolgan odam yugurib chiqqan. Undan keyingi voqealar esa mavhumlik pardasiga o‘ralgan. U o‘sha paytda xonasiga bir paqircha muz ko‘tarib qaytayotgandi.
U bir narsaga amin edi, lekin muxbirlarga bu haqda indamadi, chunki bu hodisaga mantiqiy izoh topolmagandi. Olov ichida chinqirayotgan odamning ovozi borgan sari ko‘tarilib borar, unga xuddi oldida odam emas, balki magnitofon turganday va magnitofon ovozini kimdir tinmay balandlatayotganday tuyulgandi. Bu qanday sodir bo‘lishi mumkinligini Diaborn aslo tushunolmadi.  
Ammo o‘sha paytda u bu haqda o‘ylab ham o‘tirmadi. Qo‘lidagi muz to‘la paqircha bilan yonayotgan odam tomon tashlandi. Bu odam xonasidan yugurib chiqib to‘g‘ridagi eshikka urilib yerga qulagandi. Ayni shu damda Diaborn uning yoniga yetib keldi. Uni tizzasi bilan bosib, muz to‘la paqirchani uning ustiga ag‘dardi. 
U muz bo‘laklari ostida kiyimi tutayotgan kishini chalqanchasiga yotqizdi va qolgan-qutgan uchqunlarni o‘chirishga tutindi...
Diaborn kutilmaganda boshini ko‘tardi va... hozirgina yerda yotgan kishi chiqqan xonadan ajoyib nur taralayotganini ko‘rdi, bu nur uni o‘ziga chorladi. U ichkariga kirishga chog‘landi.
Mayk ham Diabornning hayotini saqlab qoldi deyish mumkin. U Diabornning o‘rnidan turayotganini ko‘rdi, uning yuzida 1408-xonadan taralayotgan nur jilvalanardi. Mayk Diabornning shimi pochasidan ushladi: 
—U yoqqa kirmang,-pichirladi u.-Qaytib chiqmaysiz. 
Diaborn to‘xtab qoldi, yuzlari pufakchalarga to‘lib ketgan kishiga tikildi. 
—U yerda arvohlar bor,-dedi Mayk va 1408-xona eshigi taraqlab yopildi. 
«Zinger tikuv mashinalari» kompaniyasining eng yaxshi sotuvchilaridan biri bo‘lgan Rufus Diaborn lift tomon yugurdi va yong‘indan ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. 
«Kuyish jarohatini davolash» jurnalining o‘n oltinchi sonida Mayk Enslinning fotosurati bosilgan. Bu surat Mayk «Delfin» mehmonxonasining 1408-xonasida bo‘lganidan so‘ng o‘n olti oy o‘tgach chop etilgan. Suratda Maykning chap ko‘kragidagi oq kvadrat shakli tasvirlangan. Bu uning cho‘ntagida bo‘lgan diktofonning izi.  
Diktofonning burchaklari erib ketgan, lekin ishlaydi va ichidagi tasma ham bus-butun saqlanib qolgan. Maykning agenti Sem Farrell tasmadagi yozuvlarni eshitib bo‘lishi bilan qo‘rquvdan eti jimirlagancha tasmani seyf ichiga solib qo‘ygan. U yozuvni eshitishni so‘rab iltimos qilganlarning barchasiga rad javobini beradi. 
Yozuvni eshitishdan qo‘rqsa-da, Farrel Mayk uni eshitishini va yangi kitobini yozishda yozuvdan foydalanishini istaydi. Farrelning fikricha, uning bo‘lajak kitobi Maykning oldin yozgan barcha kitoblarini qo‘shib hisoblaganda ham adadi jihatidan ortda qoldirishi tayin. U Maykning bundan buyon arvohlar haqida umuman kitob yozmasligi haqidagi bayonotiga ishonmaydi.  
Mayk Enslin haqida esa uning omadi kelgan deyish mumkin. Buni uning o‘zi ham yaxshi biladi. Agar janob Diaborn bo‘lmaganida u teri ko‘chirish bo‘yicha to‘rtta emas, yigirma-o‘ttizta operatsiyani boshidan o‘tkazishi mumkin edi. Agar «Delfin» mehmonxonasi surati tushirilgan gugurt qutisi bo‘lmaganida u halok bo‘lishi aniq edi. Faqat, ekspertlar uning insult yoki infarkt bo‘lib o‘lganini qayd etishardi.  
Sem Farrell Mayk yozuvchilik faoliyatini tugatganiga ishonmaydi, lekin buning ahamiyati yo‘q. Maykning o‘zi yozuvchilik faoliyatini yakunlaganiga ishonchi komil. U qo‘liga qalam ushlolmaydigan bo‘lib qolgan. Ba’zan ruchka yoki magnitofonga ko‘zi tushishi bilanoq «Suratlar qiyshayib qoldi» degan fikr miyasiga uriladi. Qon bosimi ham tez-tez ko‘tariladigan bo‘lib qolgan, ko‘zi ham xiralashib qoldi, bel og‘rig‘i bezovta qilib turadi... ammo yashasa bo‘ladi. Ba’zida u qo‘rqinchli tush ko‘rib uyg‘onib ketadi, biroq qanday tush ko‘rganini eslolmaydi. Hozirda u Long-Aylendda yashaydi va havo yaxshi kunlari atrofni aylangani chiqadi. 
U sog‘ligi yaxshilanib ketishiga umid bilan yashamoqda. Ammo u hozircha xonasidagi chiroqni o‘chirmasdan uxlaydi. Uyida telefon apparati yo‘q, chunki go‘shakni qo‘liga olishi bilan «Bu to‘qqiz! To‘qqiz! To‘qqiz! Bu o‘n! O’n! Hamma yaqinlaring o‘ldi!» degan ovozni eshitishdan qo‘rqadi. 
Kun botayotganda esa eshik va derazalaridagi barcha pardalarni tushirib oladi. Chunki u ufqning qizarayotgan rangiga toqat qilolmaydigan bo‘lib qolgan.  

Dilshodbek Asqarov tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.