OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Stiven King. Jang (hikoya)

-Janob Rensho?
Bino xizmatchisining ovozi Renshoni liftga yetay deganida to‘xtatdi. U ortiga o‘girildi va qo‘lidagi sumkani narigi qo‘liga oldi. Pidjagining ichki cho‘ntagida yigirma va ellik dollarlik pullar solingan og‘ir xatjild shitirladi. U ishini a’lo darajada bajargan va Tashkilot uning haqidan yigirma foiz olib qolgan bo‘lsa-da yaxshigina pul to‘lagandi. Rensho xonasiga kirib uxlamoqchi edi.
-Nima gap?
-Sizga jo‘natma kelibdi. Marhamat, imzo cheking. 
Rensho uf tortdi va qutiga o‘ychan qaradi. Qutiga uning ism-sharifi va manzili yozilgan qog‘oz parchasi yopishtirilgandi. U qutini olib silkitib ko‘rdi, nimadir shiqirladi. 
-Xonangizga olib kirib beraylikmi, janob Rensho?
-Yo‘q, o‘zim.
Uzunligi yarim metrga yaqin bo‘lgan qutini qo‘ltig‘i ostida ko‘tarish noqulay edi. U qutini lift poliga qo‘ydi va bir nechta tugmalar joylashgan quticha tirqishiga kalit solib buradi. Rensho binoning eng yuqori qavatidagi hashamatli xonadonda istiqomat qilardi. Lift asta yuqoriga ko‘tarildi. U ko‘zlarini yumdi va oxirgi ishini xayolidan o‘tkazdi. 
Avvaliga har doimgidek Kel Beyts qo‘ng‘iroq qildi:
-Jonni, bo‘shmisan?
Rensho yaxshi va ishonchli mutaxassis, u bir yilda bor-yo‘g‘i ikki marta bo‘sh bo‘ladi, xizmati uchun kamida o‘n ming dollar oladi, mijozlar uning bexato yirtqichlik faoliyati uchun haq to‘lashadi. Jon Rensho odam o‘ldirishga ixtisoslashgan YIRTQICh. 
Beytsning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng Rensho pochta qutisidan ichiga kimningdir ism-sharifi hamda manzili yozilgan qog‘oz va fotosurat solingan xatjildni oldi. U qog‘ozdagi yozuvlarni eslab qoldi, xatjildni esa ichidagilari bilan yondirib tashladi.  
Fotosuratdagi shaxs Mayamidagi «Morris o‘yinchoq ishlab chiqarish kompaniyasi» egasi va asoschisi Gans Morris edi. Bu nusxa kimgadir xalaqit bergan, u xalaqit bergan kishi Tashkilotga murojaat qilgan va Kel Beyts Jon Rensho bilan gaplashgandi...
Lift eshiklari ochildi, u qutini qo‘ltig‘i ostiga qistirdi, yo‘lakka chiqdi va xonasiga kirdi. Keng xona aprel quyoshining nurlaridan yorishib ketgandi. Rensho bir necha soniya o‘zini nurga solib turdi, qutini eshik yonidagi stol ustiga qo‘ydi, pul solingan xatjildni tashladi, bo‘yinbog‘ini bo‘shatdi va ayvonga chiqdi. 
Tashqari sovuq edi, shamol uning yupqa paltosidan o‘tib etini junjiktirdi. Ammo Rensho bir daqiqacha xuddi butun mamlakatni zabt etgan sarkardadek shaharni kuzatdi. Ko‘chalardan mashinalar xuddi qo‘ng‘izlardek g‘izillab o‘tib turardi. Sharq tomonda, osmono‘par binolar ustida teleantennalar xuddi o‘rmondek ko‘zga tashlanardi. 
U ichkariga qaytdi, ayvon eshigini yopdi va vannaxonaga kirib ketdi. 
Qirq daqiqadan keyin Jon Rensho vannaxonadan chiqdi va qutini sinchkovlik bilan ko‘zdan kechira boshladi. 
«Qutida bomba bor».
Qutida bomba yo‘q, lekin qutida bomba bor deb tasavvur qilish kerak. U doim shunday qiladi va aynan shuning uchun boshqalar allaqachon narigi dunyoga ravona bo‘lishgan bir paytda u xotirjam umrguzaronlik qilib kelmoqda.
Agar bu bomba bo‘lsa, unda soat mexanizmi yo‘q-quti ichidan hech qanday chiqillagan ovoz kelmayapti. Ammo hozirda plastik portlatgichdan foydalanishyapti. 
Rensho pochta muhriga qaradi: Mayami, 15 aprel. Besh kun burun jo‘natilgan. Soat mexanizmi bilan ishlaydigan bomba allaqachon portlab ketgan bo‘lardi.  
U qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirgancha qutiga astoydil nazar tashladi. Morrisning yaqinlari Renshoning manzilini qaerdan bilishgani uni hozir qiziqtirmasdi. Bu savolni u keyinroq Beytsga beradi. Hozir bu muhimmas. 
U hamyonidan plastik kalendar chiqardi va qutini o‘rab turgan yopishqoq tasmani kesdi. Engashib, qutini hidlab ko‘rdi. Qog‘ozdan boshqa narsaning hidi kelmadi. U qutini ozgina teshib, quti ichiga mo‘raladi: yashil quticha ko‘rindi. Rensho o‘tirdi va pichoq bilan qutichani o‘rab turgan tasmani kesdi. 
Qutichaga «Amerikalik veteran Joning vetnamcha sandig‘i» deb yozilgandi. Bu yozuv ostidan quyidagi so‘zlar bitilgandi: «Yigirmata piyoda askar, o‘nta vertolyot, ikkita pulemyotchi, ikkita shifokor, ikkita granatomyot, to‘rtta «jip». Eng pastda, burchakda «Morris o‘yinchoq ishlab chiqarish kompaniyasi» degan yozuv bor edi. 
Rensho sandiqcha qopqog‘ini ko‘tardi. Sandiqcha ichida nimadir harakatlandi.  
Jon xona chirog‘ini yoqish uchun o‘rnidan turdi. 
«Vetnamcha sandiq» qimirladi. Kutilmaganda u yonboshiga ag‘darildi va gilam ustiga tushdi. Sandiqcha qopqog‘i ochilib ketdi. 
Har birining bo‘yi to‘rt santimetrdan bo‘lgan kichkina askarchalar sandiqcha ichidan o‘rmalab chiqa boshlashdi. Rensho ulardan ko‘z uzmay qarab turardi. Rensho bunday voqea bo‘lishi mumkin emasligini o‘ylamas, butun fikr-zikri qanday xavfga duch kelgani va tirik qolish uchun nima qilish kerakligida edi. 
Askarchalar jangovar kiyimda, yelkalariga xalta va mitti miltiqlar osib olishgandi. Ikkitasi Renshoga tikilib turishardi. 
Besh, o‘n, o‘n ikki va nihoyat yigirma. Ulardan biri boshqalariga imo-ishora bilan buyruq berdi. Qolgan askarchalar bir tekis safga tizilishdi.  
Rensho divanda turgan katta yostiqni qo‘liga oldi va sandiqchaga yaqinlashdi. Komandir o‘girildi va qo‘lini silkitdi. Piyoda askarlar miltiqlarini qo‘llariga olishdi, paqillagan tovushlar yangradi va Rensho xuddi ari chaqqandek og‘riqni tuydi. 
U yostiqni irg‘itdi, askarchalar yiqilib tushishdi. Shu payt sandiqcha ichidan xuddi ninachiga o‘xshab yashil rangli vertolyotlar g‘uvillab havoga ko‘tarildi. 
Renshoning qulog‘iga eshitilar-eshitilmas «paq-puq» etgan tovushlar yetib keldi. U vertolyotlar eshiklarida pulemyotlarning miltillayotgan uchqunlarini ko‘rdi va xuddi kimdir uning qorni, qo‘li, bo‘yniga igna sanchayotgandek tuyuldi. U shaxd bilan qo‘lini uzatib vertolyotlardan birini ushladi va barmoqlarida dahshatli og‘riqni his qildi-vertolyot parraklari uning barmog‘ini sindirib tashlagandi. Qolgan vertolyotlar undan uzoqroqqa ketishdi va aylana hosil qilib uchishda davom etishdi. Unga jarohat yetkazgan vertolyot gilamga quladi. 
Rensho oyog‘idagi kutilmagan og‘riqdan baqirib yubordi. Askarchalardan biri uning poyabzali ustida turgancha oyog‘iga xanjar sanchardi. 
Rensho oyog‘ini silkitib askarchani uloqtirdi.  
Yo‘tal ovoziga o‘xshagan tovush yangradi-Renshoning soni jizillab achishdi. Sandiqcha ichidan granatomyot ko‘targan askarcha chiqib keldi-granatomyot og‘zidan tutun ko‘tarilayotgandi. Rensho soniga qaradi va shimining tangachalik joyi teshilib qolganini ko‘rdi. Sonida kuyish izi bor edi.  
U ortiga o‘girildi va yotoqxona tomon qochdi. Uning boshi tepasida vertolyot g‘ing‘illadi, qisqagina o‘t ochgach, ortiga qaytdi. 
Yostiq ostida Renshoning to‘pponchasi bor edi. U to‘pponchani ikki qo‘llab ushladi, o‘girildi va elektr chirog‘idan kichikroq uchar nishonga otishi kerakligini tushundi.
Ichkariga ikkita vertolyot kirdi. Rensho o‘q uzdi va vertolyotlardan biri parcha-parcha bo‘lib ketdi. «Bittasi yo‘q bo‘ldi», o‘yladi u, ikkinchisini mo‘ljalga oldi... tepkini bosdi...
Vertolyot kutilmaganda keskin burildi. Rensho o‘q uzayotgan pulemyotchini zo‘rg‘a sezdi va o‘zini polga tashladi.
«U KO‘ZIMNI  MO‘LJALGA OLDI!»
Rensho to‘pponchasini ko‘tardi, ammo vertolyot undan uzoqlashib bo‘lgandi. Vertolyot bir oz havoda muallaq turdi, so‘ng mehmonxona tomon uchib g‘oyib bo‘ldi.
Rensho o‘rnidan turdi, jarohatlangan oyog‘i azob berib afti bujmaydi. «Granatomyot zarbasidan so‘ng omon qolganlar bormikin», deb o‘yladi u.
Yostiqjildni sug‘urib olib oyog‘ini bog‘ladi, soqol olish uchun mo‘ljallangan ko‘zguchani qo‘liga olib eshik tomon yaqinlashdi va uni gilamga qo‘yib ko‘zguga qaradi...
Ular sandiqcha yonida lager o‘rnatishgandi. Askarchalar u yoqdan bu yoqqa yurishar, chodir tikishar, «jip»da atrofni aylanishardi. Rensho tepib yuborgan askarcha ustida shifokor engashgancha muolaja qilardi. Qolgan sakkizta vertolyot lagerni qo‘riqlab atrofda parvoz qilayotgandi.
Ular kutilmaganda ko‘zguni sezib qolishdi. Uch nafar piyoda askar tiz cho‘kkancha o‘q uzishdi. Bir necha soniyadan so‘ng ko‘zgu parcha-parcha bo‘lib ketdi.
«SHOSHMAY TURLARING».
Rensho qizil daraxtdan yasalgan og‘ir qutichani oldi va xuddi beysbolchilardek uloqtirdi. Quticha askarlarni yiqitdi. «Jiplar»dan biri ag‘anab ketdi. Rensho o‘q otib askarlardan birini yo‘q qildi.  
Ammo qolgan askarlar o‘zlariga kelgan va o‘q uzishni boshlab yuborishgandi.
Rensho yana bir marta o‘q uzdi-tegmadi. Ular judayam kichkina edi! Ammo keyingi otishida yana bitta askarni yo‘q qildi. 
Vertolyotlar unga qarata o‘q uzishdi, o‘qlar uning yuziga tegdi. Renshoning otgan o‘qlari ikkita vertolyotga tegdi.  
Qolgan oltita vertolyot ikkita guruhga bo‘lindi va ortga chekindi. Rensho yuzidan oqayotgan qonni artdi va o‘q uzishga tayyorlandi, ammo to‘xtab qoldi. Piyoda askarlar sandiqcha ichidan nimanidir tortib chiqarishayotgandi. Aftidan... 
Sariq uchqun sachradi va Renshoning chap tomonidagi devor suvog‘i ko‘chib tushdi.
RAKETA USKUNASI!
U o‘q uzdi, nishonga tegmadi, vannaxonaga yugurib kirib oldi. Ko‘zguga qarab, jangda aqldan ozayozgan hinduning aftiga ko‘zi tushdi. Ko‘zgudagi hinduning yuzi qondan qizil rangga bo‘yalgandi. Yuzidagi teri ko‘chib tushgan, bo‘yin terisini xuddi kimdir shilib olgandek edi.
«MEN JANGDA YUTQAZYAPMAN!»
U qaltiroq qo‘llari bilan sochlarini taradi. Chiqish yo‘li berk. Telefonga yetib borishning imkoni yo‘q. Raketa uskunasi boshini uzib tashlashga tayyor holda turibdi.
«U HAQDA HATTO YoZILMAGANDI HAM!»
Eshikning mushtdek parchasi ko‘chib tushdi. Alanga tillari eshikning hozirgina paydo bo‘lgan yorig‘idan o‘rmalay boshladi. Vannaxonaga yonayotgan yog‘och parchalari uchib tushdi. Paydo bo‘lgan tuynukdan ikkita vertolyot uchib kirdi va Renshoning ko‘kragiga qarata o‘q uzdi.
U vertolyotlardan birini qo‘li bilan urib tushirdi. Ikkinchi vertolyotni sochiq bilan qulatdi va ezg‘ilab tashladi.
«MANA SENGA! MANA SENGA! ENDI O‘YLAB ISH QILASANLAR!»
Aftidan, ular rostdan ham o‘ylanib qolishdi. O‘n besh daqiqa davomida sukunat hukm surdi. Rensho vanna chetiga o‘tirdi va o‘yga cho‘mdi: bu muammoning yechimi bo‘lishi kerak. Albatta. Ularni aylanib o‘tish kerak.  
U keskin o‘girildi va vanna tepasidagi tuynukka qaradi. Bu qopqondan chiqish yo‘li bor. 
Uning nigohi yondirgichlarni to‘ldirish uchun mo‘ljallangan gazli ballonga tushdi. Rensho unga qo‘lini cho‘zdi va shitirlagan tovushni eshitdi. U darhol o‘girildi, to‘pponchasini to‘g‘riladi, ammo eshik tirqishidan qog‘oz parchasi tushdi.
Qog‘oz parchasida kichkina harflar bilan «TASLIM BO‘L!» degan yozuv yozilgandi.
Rensho iljaydi, gaz ballonchasini ko‘krak cho‘ntagiga soldi, dori qutichasidan qalam bo‘lagini oldi va yozib, eshik tirqishidan tashqariga surdi: «aslo!» Raketalar eshikdagi tuynukdan kirib devorga urilib portladi. Rensho qo‘llari bilan ko‘zlarini berkitdi-devor suvoqlari ko‘chib tushdi.
Bir ozdan so‘ng Rensho vannadan chiqdi va derazani ochdi. Osmonda yulduzlar sovuq nur sochardi. Deraza ostida torgina karniz bor edi, ammo hozir u haqda o‘ylashga vaqt yo‘q edi.
U derazadan osilib pastga tushdi. Yuziga sovuq havo urildi. Rensho pastga qaradi: qirq qavat. Bunday balandlikdan ko‘cha xuddi bolalarning o‘yinchoq temir yo‘lidek ko‘rinardi. 
Rensho romga osilib, karnizga oyog‘ini qo‘ydi. Agar hozir birorta vertolyot vannaxonaning yoriq eshigidan ichkariga kirib o‘q uzishni boshlasa bormi, u chinqirgancha pastga qulashi tayin.
Ammo hech narsa sodir bo‘lmadi.
Oyog‘i ostidagi bo‘shliq haqida o‘ylamaslikka harakat qilayotgan Rensho asta-sekin bino burchagi tomon surila boshladi.
To‘rt metr qoldi... uch... Mana, nihoyat yetib keldi. U ko‘ksini devorga tiragancha to‘yib-to‘yib nafas oldi. 
Endi burchakni aylanib o‘tish kerak...
To‘qqiz metrdan keyin ayvonga yetib oladi...
Nihoyat u ayvonning temir to‘siqlariga osildi.
Rensho ovoz chiqarmasdan ayvonga tushdi, oynavand eshikdan asta mehmonxonaga mo‘raladi. Askarchalar uni sezishmadi.
To‘rt askarcha va bir vertolyot sandiqni qo‘riqlashardi. Qolganlar esa vannaxona ro‘parasiga o‘rnatilgan raketa uskunasi yonida edi.  
«Xo‘sh. Mehmonxonaga yugurib kirib, sandiq yonidagilarni yo‘q qilaman, uydan qochib chiqib, taksiga o‘tirib aeroportga yo‘l olaman».
U ko‘ylagi yengidan bir parchani ensiz tasma qilib yirtib oldi, bir uchini gaz ballon ichidagi suyuqlik bilan ho‘lladi, ikkinchi uchini esa ballon ichiga suqdi, yondirgich olib matoni yoqdi, oynavand eshikni shaxd bilan ochdi va ichkariga tashlandi.
Vertolyot shu zahoti unga hujum qildi. Rensho uni qo‘li bilan urib tushirdi.
Qolgan voqealar soniyalar ichida yuz berdi. 
Rensho ballonni uloqtirdi va tashqari eshik tomon yugurdi.
U nima bo‘lganini anglashga ulgurmadi.
Xuddi po‘lat seyf baland binodan yerga tushgandek gumburlagan ovoz keldi. Butun bino silkindi...  

***

Bir erkak bilan ayol ko‘chada ketishayotgandi. Ular cho‘chib yuqoriga qarashdi va binoning eng yuqori qavatida oppoq tutun aralash alanga ko‘tarilganini ko‘rishdi. 
-Nima bu?-so‘radi ayol.
-Yong‘in,-dedi erkak. 
Yuqoridan ularning ustiga qandaydir mato tusha boshladi. Erkak uni havodayoq tutib oldi: 
-Yo Xudoyim, ko‘ylak parchasi, hammayog‘i qon, teshilib ketibdi.
-Raf, taksi chaqir,-dedi ayol.-Tezroq ketaylik. 
Erkak atrofga alanglab taksi chaqirdi. Mashina to‘xtadi va ular taksi tomon yugurisharkan, hozirgina ular turgan joyga bir parcha qog‘oz tushganini ko‘rishmadi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgandi:
«Ayrim vetnamcha sandiqlar ichida quyidagilar ham bor: bitta raketa uskunasi, yigirmata «er-havo» raketasi, bitta termoyadroli bomba».

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.