OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Stiven King. Qasoskor mushuk (hikoya)

Xelstonga o‘ziyurar aravachada o‘tirgan qariya kasalga, nimadandir qattiq qo‘rqqan va o‘lishga tayyorga o‘xshab ko‘rindi. Unga bunday manzara tanish edi. O’z kasbining ustalari ichida Xelston tanho edi. «Faoliyati» davomida u o‘n sakkiz erkak va olti nafar ayolni o‘ldirgan, o‘lim nima ekanligini bilardi. Uy sovuq va jimjit edi. Jimjitlikni kamindagi olovning ovozi va tashqarida esayotgan noyabr shamolining uvillashi buzardi xolos.
- Siz zarba berishingizni istayman. - Qariyaning ovozi eski qog‘ozning shitirlashini eslatardi. - Bilishimcha, siz aynan shu narsa bilan shug‘ullanasiz.
- Sizga kim aytdi? - qiziqdi Xelston. Uning yoshi o‘ttiz ikkida, barvasta qomatli edi. Ammo uning harakatlari yengil, xuddi inson qiyofasidagi akulaga o‘xshardi.
- Menga Sol Lodjia ismli kishi aytdi. Siz uni tanir ekansiz.
Xelston bosh irg‘adi. Agar Sol tavsiya qilgan bo‘lsa, demak, hammasi joyida.
- Kimga zarba berishim kerak?
Drogan aravachasidagi qandaydir tugmani bosdi va aravacha xuddi shisha ichiga qamalib qolgan pashsha singari ovoz chiqarib oldinga siljidi.
- Qurboningiz orqangizda turibdi, - dedi Drogan.
Xelston keskin harakat qildi. Hayoti tez harakat qilishga bog‘liqligini bilgani uchun uning miyasi ham, gavdasi ham doim tayyor turardi. U divandan irg‘ib turdi, bir tizzasi bilan cho‘kkalab o‘tirdi va shu bilan birga plashi cho‘ntagidan 45-kalibrli to‘pponchasini chiqarishga ham ulgurdi. Soniya ichida u to‘pponchasini... mushukka o‘qtaldi.
Xelston va mushuk lahza davomida bir-biriga qarab turishdi. Xelston uchun bu kutilmagan hol edi. Mushuk unga tanishdek ko‘rindi.
Uning tumshug‘i xuddi ikkiga bo‘lingandek: yarmi oq, yarmi qora edi. Yarim qorong‘i xonada uning ko‘zlari katta-katta, kamin shu’lasi aks etgan qorachiqlari esa cho‘g‘dek ko‘rinardi.
Xelstonning miyasida g‘alati bir o‘y chaqnab o‘tdi: biz bir-birimizni bilamiz. U to‘pponchasini qo‘yniga soldi va o‘rnidan turdi.
- Sizni otib tashlashim mumkin edi, - dedi u Droganga. - Men hazilni yoqtirmayman.
- Men hazillashayotganim yo‘q, - javob qildi qariya. - o‘tiring. Mana buni oling. - U tizzasini yopib turgan adyol ostidan qalin xatjild oldi va Xelstonga uzatdi.
Xelston o‘tirdi. Mushuk uning oyog‘iga suykaldi. U bir oz Xelstonga qarab turdi, so‘ng g‘ujanak bo‘lib oldi.
Xelston savol nazari bilan Droganga qaradi.
- U o‘zini do‘stona tutadi, - dedi qariya. - Boshlanishiga. Bu mushuk uyimda uch kishini o‘ldirdi. Bitta men qoldim. Men qari, kasalman... Ammo ajalimdan besh kun burun o‘lishni istamayman.
- Ishongim kelmayapti, - ming‘irladi Xelston. - Siz meni mana shu mushukni o‘ldirish uchun yolladingizmi?
- Marhamat, xatjildni oching.
Xelston uni ochdi. Xatjild yuz va ellik dollarlik pullarga to‘la edi. U uch minggacha sanab, sanoqni to‘xtatdi.
- Bu yerda qancha bor?
- Olti ming dollar. Qolgan olti mingini esa mushuk... yo‘q qilinganligini isbotlaganingizdan so‘ng olasiz. Janob Lodjia siz ishingiz uchun shuncha pul olishingizni aytgandi.
Xelston jimgina bosh irg‘ab tizzasiga chiqib mudrayotgan mushukni siladi. Xelston mushuklarni yoqtirardi. Unga yoqadigan yagona jonivor desa ham bo‘ladi. Ular yolg‘iz yurishadi. Xuddi Xelston kabi.
- Sizga hech narsani tushuntirmasligim ham mumkin edi, - dedi Drogan. - Ehtiyotkorlik - qurollanish demakdir, bu ishga mensimay qarashingizni istamayman. Bundan tashqari, o‘zimni oqlash uchun sabablar ham bor. Shunchaki, sizga tentakday ko‘rinishni xohlamayman.
Xelston yana bosh silkidi. U ichida bu ishni osonlik bilan amalga oshirishiga ishonch hosil qilib bo‘lgandi, ortiqcha izohga hojat yo‘q edi. Ammo Drogan gapirmoqchi ekan, mayli, eshitadi.
- Kimligimni bilsangiz kerak? Pulni qaerdan topishimni?
- Drogan dori ishlab chiqarish korxonalari, - dedi Xelston.
- Ha. Amerikaning eng yirik dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri. Bizning moliyaviy muvaffaqiyatimiz asosi esa mana bu. - U xalati cho‘ntagidan shishacha chiqardi va Xelstonga uzatdi. - Tri-dormal-fenobarbin, «J» tarkibi, - dedi Drogan.- Tuzalishiga umid qolmagan bemorlar uchun mo‘ljallangan. U og‘riq qoldiruvchi dori. Umidsiz bemorlarga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
- Siz ham shundan ichasizmi? - so‘radi Xelston.
Dragon uning savolini javobsiz qoldirdi.
- Dori butun dunyo bo‘yicha keng tarqalgan. U elliginchi yillarda bizning Nyu Jersidagi tajribaxonamizda yaratilgan. Biz dorini mushuklarda sinab ko‘rganmiz, chunki ularning asab tizimi murakkab tuzilgan.
- Nechta mushukni shu tarzda narigi dunyoga jo‘natgansiz?
Drogan qunishdi.
- Bunday savol berishingiz noto‘g‘ri.
Xelston yelkasini qisdi.
- Dori ishlab chiqarilgan va federal farmatsevtika assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlanguniga qadar o‘tgan to‘rt yil davomida besh mingta mushuk... e-e, yo‘q qilingan.
Xelston hushtak chalib yubordi. U mushukni asta silardi.
- Endi esa, bu mushuk sizni o‘ldirgani kelgan, shunday deb o‘ylayapsizmi?
- Men o‘zimni aybdor hisoblamayman, - dedi Drogan, uning ovozi qaltirab chiqdi. - Besh mingta mushuk yuz minglab insonlar hayotini saqlab qolish uchun qurbon qilingan.
- Keling, bas qilaylik, - dedi Xelston. U o‘zini oqlashlarga toqat qilolmasdi.
- Mushuk uyimizda yetti oy ilgari paydo bo‘ldi, - davom etdi Drogan. - Shaxsan menga u hech ham yoqmasdi. Infektsiya tashuvchi mavjudot... Duch kelgan joyda yuraveradi... Yoki axlat titadi... Opam uni boqmoqchi bo‘ldi. Hammasi o‘shandan boshlandi. Opamga bu qimmatga tushdi. - U mushukka nafrat bilan qaradi.
- Siz mushuk uch kishini o‘ldirganini aytgandingiz.
Drogan qaltiroq ovoz bilan hikoyasini boshladi. Mushuk Xelstonning tizzasida uxlar, qotilning kuchli barmoqlari uni silardi. Ba’zi-ba’zida kamin ichida yonayotgan o‘tin chirsillab ovoz chiqarar, shunda mushukning muskullari xuddi po‘lat prujinadek tarang tortardi. Tashqarida sovuq shamolning uvillashi eshitilardi. Bu shamol qish sovug‘ini yetaklab kelayotgandi. Qariyaning ovozi esa borgan sari g‘ijirlab chiqardi.
Yetti oy ilgari ular bu yerda to‘rt kishi edilar: Drogan, yetmish to‘rt yoshli opasi Amanda, dugonasi Kerolayn Brodmur va uyda yigirma yildan beri xizmat qiladigan Richard Geyj. Yoshi oltmishdan oshgan Geyj «Linkoln» mashinasini haydar, ovqat tayyorlar va kechki payt ichimlik keltirardi. Kunduzi xizmatkor ayol kelib-ketardi. Shu tarzda ular to‘rttalasi o‘ziga xos boy qariyalar jamoasi sifatida ikki yilga yaqin yashab kelishdi. Ularning yagona mashg‘uloti kutish edi - kim kimdan uzoqroq yashaydi. Keyin esa mushuk paydo bo‘ldi.
- Birinchi bo‘lib uni Geyj ko‘rib qoldi, - so‘zida davom etdi Drogan. - Dastlab u mushukni haydashga urindi, uni tosh, tayoq bilan urib haydadi. Ammo mushuk ketmadi. Uni ovqat isi o‘ziga tortardi. O’zi ham terisi suyagiga yopishib ketgan mushuk edi. Unaqa mushuklarni mashina yo‘liga ochidan o‘lsin deb tashlab ketishadi. Jonivorni ochidan o‘lishga majbur qilish - qanday dahshat, shafqatsizlik.
- Nima, undan ko‘ra ularning asab tizimini sinab ko‘rgan ma’qulroqmi? - so‘radi Xelston.
Drogan uning savolini eshitmaganga oldi va hikoyasini davom ettirdi. Uning mushuklarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Mushuk ketmasligi ma’lum bo‘lgach, u Geyjga mushukni zaharlashni buyurdi - mushuklar ovqatiga tri-dormal-fenobarbin aralashtirib berdi. Bu ovqatga mushuk qarab ham qo‘ymadi.
- Bu vaqt ichida Amanda Drogan mushukni ko‘rib qoldi va uni boqaman deb turib oldi. Droganning o‘zi bunga qarshilik qildi, ammo opasi ustun keldi. Opasi doim bunga erishardi.
- Ha, Amanda aytganini qildi, - dedi Drogan. - Mushukni uyga olib kirdi. U xuddi hozir sizga suykalayotgandek Amandaga suykalardi. Lekin mening yonimga biror marta yaqinlashmadi. Ha, yaqinlashmadi... hozircha. Opam unga idishga sut quyib berardi. «Bechora och qolibdi», - opam yig‘lab yuboray degandi uning sut ichishini ko‘rib. U va Kerolayn mushukning atrofida parvona edilar. Ular mushuklarni yomon ko‘rishimni bilganlari uchun mening jig‘imga tegishardi. - U Xelstonga qayg‘uli nazar tashladi. - Ammo bu ularga qimmatga tushdi.
May oyining o‘rtalarida Geyj odatdagidek uydagi chiroqlarni yoqish uchun soat oltida o‘rnidan turdi. Uning qichqirig‘i Droganni ham, Kerolaynni ham uyg‘otib yubordi. Amanda Drogan zina oldida likop siniqlari va «Mushukchalar» qutisi - mushuklar uchun ovqat - ustida yotardi. Uning qorachiqlari shiftga tikilganicha qotib qolgandi. Uning og‘zi va burnidan qon oqib yotardi. Amandaning umurtqasi, bir oyog‘i singan, bo‘yni esa majaqlanib ketgandi.
- Mushuk uning xonasida uxlardi, - dedi Drogan. - Menimcha, u Amandani miyovlab uyg‘otgan, Amanda likop olib pastga yo‘l olgan - unga mushuk «Mushukchalar» ovqatini quruq yemaydiganga o‘xshardi. Shuning uchun sutga aralashtirib berardi. U likopga sut quyish uchun pastga tushmoqchi bo‘lgan. Amanda zina chetiga yetib kelganida mushuk uning oyog‘iga tashlangan. Amanda qarib qolgan, oyoqlari kamquvvat edi. Buning ustiga uyqusirayotgan bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, mushuk uni chalib yuborgan...
«Ha, - o‘yladi Xelston, - shunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin...» U kampirning zinadan dumalab tushayotganini, qichqirishga ham ulgurmaganini tasavvur qildi. «Mushukchalar» atrofga sochiladi, likop sinadi, kampir esa polga gursillab tushadi. Uning suyaklari sinadi. Mushuk esa atrofga sochilib yotgan ovqatni yeyish uchun pastga tushadi...
- Tergovchi nima dedi? - so‘radi Xelston.
- Baxtsiz hodisa. Lekin men bilardim.
- Lekin nima uchun mushukni yo‘qotmadingiz? Amandaning o‘limidan so‘ng?
Chunki u agar mushukni yo‘qotsa, Kerolayn Brodmur uydan ketishini aytgandi. U kasal edi, vaqt-vaqti bilan u turli bema’ni xayollarga o‘ralashib qolardi. Bir kuni u Droganga Amandaning ruhi mushukka o‘tganini aytgandi.
Xelston birovlarning fikrini o‘qishga usta edi, shuning uchun ham u Drogan va Kerolayn Brodmurlar bir paytlar o‘ynash bo‘lishganini, bir mushuk uchun qariya undan ajralishni istamaganini darhol angladi.
- U rostdan ham ketib qolishi mumkin edi. Bu esa o‘z joniga suiqasd qilish bilan teng, - dedi Drogan. - Axir uning hech kimi yo‘q edi. U bu yerda ikkinchi qavatda yashardi. U yetmishga kirgandi, janob Xelston. Men uning shu yerda qolishini istadim va mushuk ham qoldi...
Xelston bosh irg‘ar va soatiga qarab qo‘ydi.
- U iyun oxirlarida o‘ldi, - dedi Drogan, - o‘lim uyqu paytida yuz bergan. Shifokor bunga xotirjamlik bilan yondoshdi... Shunchaki kelib o‘lim haqidagi dalolatnomani qayd etib ketdi, bor-yo‘g‘i shu. Lekin uning xonasida mushuk bo‘lgan! Bu haqda menga Geyj aytdi.
- Lekin kampir baribir kasallikdan o‘lishi kerak edi-ku, - dedi Xelston.
- Albatta, - dedi Drogan yuzini burishtirib. - Shifokor ham aynan shunday dedi. Lekin men bilaman. Hammasi esimda. Onam aytib bergandi. Mushuklar qariyalar va chaqaloqlarni aynan ular uxlashayotganda o‘ldirishni xush ko‘rishadi. Ularni bo‘g‘ib o‘ldirishadi.
- Bu afsona-ku, shunday emasmi?
- Boshqa afsonalar singari haqiqatga asoslangan afsona, - e’tiroz bildirdi Drogan. - Mushuklar tirnoqlari bilan yumshoq narsalarni yumdalashni yoqtirishadi. Yostiq, qalin gilam yoki... adyol. Chaqaloqlarning yoki qariyalarning adyolini. Zaif odamning ustida qo‘shimcha yuk bo‘lishadi...
Drogan jim bo‘lib qoldi, Xelston esa bu manzarani tasavvur qildi. Kerolayn Brodmur xonasida uxlayapti, uning kasal o‘pkasidan xirillab nafas chiqyapti. Oq-qora tumshuqli mushuk uning ustiga sakrab chiqadi va qariyaning ajin bosgan yuziga cho‘g‘dek ko‘zlarini tikadi. So‘ngra u kampirning qoqsuyak ko‘kragiga yotib oladi... Nafas asta-sekin to‘xtaydi... Mushuk esa kampirning joni uzilishini kuzatib turadi.
U ancha-muncha narsadan ta’sirlanmasdi, ammo xayolidagi manzaradan eti jimirlab ketdi.
- Drogan, - Xelston mushukni silashda davom etdi. - Lekin ayting-chi, nima uchun veterinarga olib borib, o‘sha yerda o‘ldirtirmadingiz? Amakim o‘tgan yili itidan shunaqa qilib qutulgandi va bu unga yigirma dollarga tushgan.
- Ko‘mish marosimi birinchi iyul kuni bo‘lib o‘tdi, - Drogan Xelstonni eshitmayotgandek edi. - Kerolaynni opamning yoniga ko‘mdik. Uchinchi iyul kuni Geyjni shu xonaga chaqirdim va unga mushuk solingan xaltani berib Milforddagi veterinarga olib borishini buyurdim. U «Xo‘p bo‘ladi, ser», dedi va xaltani olib chiqib ketdi. Uni shundan so‘ng tirik ko‘rmadim. «Linkoln» soatiga oltmish mil tezlikda ko‘prikning beton to‘sig‘iga urilgan. Dik Geyj til tortmay jon bergan.
Uning yuzida sanoqsiz shilingan jarohatlar bo‘lgan.
Xelston jim bo‘lib qoldi. Uning xayolida navbatdagi dahshatli manzara paydo bo‘ldi.
Dik Geyj «Linkoln»da Milford tomon burilishga yaqinlashyapti. Uning yonidagi o‘rindiqda xalta turibdi. Dikning e’tibori yo‘lga qaratilgan, ehtimol u yuk mashinasini quvib o‘tayotgani uchun eski xaltani yirtib chiqqan oq-qora tumshuqli mushukni sezmay qolgandir. U yuk mashinasini quvib o‘tayotgan paytda mushuk uning yuziga tashlanadi va o‘tkir tirnoqlari bilan chang soladi. Yovuz panjalar uning ko‘zini o‘yib olish uchun cho‘ziladi. «Linkoln» o‘ng tomonga og‘adi, yuk mashinasi haydovchisi jon holatda signal chaladi, ammo Dik hech narsani eshitmaydi. Ulkan o‘rgimchak misol bu maxluq Dikning yuziga butun tanasi bilan yopishib olgan. Uning yashil ko‘zlari xuddi do‘zax chiroqlaridek yonadi, og‘zidan ko‘pik sachraydi, kuchli orqa oyoqlari qariyaning bo‘yniga tirnoqlarini botiradi. Geyj ko‘prik chetiga urilayotganini ko‘rish tugul anglab ham yetmaydi. Mushuk mashinadan sakraydi, «Linkoln» esa o‘qdek kelib beton to‘siqqa uriladi. Geyj mashina ruliga uriladi va ko‘kragi majaqlanadi...
Xelston g‘alati tovush chiqarib yutindi.
- Mushuk qaytib keldimi? - ming‘irladi u. Drogan bosh irg‘adi.
- Bir haftadan keyin. Aniqrog‘i, Dik Geyjni ko‘mishgan kuni.
- U avtohalokatda ham tirik qolibdimi? Soatiga oltmish mil tezlikda-ya? Bunga ishonish qiyin.
- Aytishlaricha, ularning to‘qqizta joni bo‘larkan. O’shandan so‘ng men uning iblis mushuk ekanligini o‘ylab qoldim. U meni...
- Jazolamoqchimi?
- Bilmadim. Lekin shundan qo‘rqyapman. Men uni boqaman, to‘g‘rirog‘i - uyni yig‘ishtiradigan ayol. Bu mushukni o‘sha ayol ham yoqtirmaydi. Uning aytishicha, bunday tumshuqli mushuk qarg‘ish ekan. Tangrining qarg‘ishi. Uni o‘ldirishingizni istayman, - dedi qariya. - U bilan yashayotganimga to‘rt oy bo‘ldi. U tunlari xonamga kiradi. U meni kuzatadi. Chamasi, u... Kutyapti. Oxir-oqibat men Sol Lodjia bilan gaplashdim va u sizni tavsiya qildi. Sizni u...
- Yolg‘iz ish qiladi, dedimi? Ya’ni, sherigim yo‘q.
- Ha. U yana shunday dedi: «Xelston hech qachon qo‘lga tushmagan. Hattoki undan birov shubha ham qilmagan. U doim yerga oyog‘i bilan tushadi... Xuddi mushukka o‘xshab».
Xelston qariyaga qaradi. Kutilmaganda uning barmoqlari mushukning belini siqdi.
- Yo‘q! - qichqirdi Drogan. U hansirab nafas olardi. Uning rangpar yonoqlari qizarib ketdi. - Yo‘q... Bu yerdamas.
Xelston ma’yus jilmaydi. U mushukni ohista silay boshladi.
- Yaxshi, - dedi u, - kelishdik. Uning jasadi kerakmi?
- Xudo haqqi, yo‘q! - qichqirdi qariya. - Uni o‘ldiring! Ko‘mib tashlang! - U bir oz jim turdi. - Menga uning faqatgina dumi kerak,- dedi u. - Uni o‘tga tashlab, qanday yonishini tomosha qilmoqchiman.
Xelston o‘zining 1972 yilda ishlab chiqarilgan «Mustang» avtomobilida ketayotgandi. Droganning uyidan u soat to‘qqiz yarimlarda chiqqandi. Noyabr oqshomining uvada bulutlari orasidan sovuq oy ko‘rinib turardi. Mashinaning barcha oynalari ochiq edi. Sovuq xuddi pichoqdek Xelstonning badaniga sanchilar, ammo bu unga xush yoqardi.
U Pleysers-Glendan burildi va shahardan tashqariga chiqdi. Xelston tezlikni soatiga o‘ttiz besh mildan oshirmasdi. 35-shossega yetgachgina u «Mustang»iga erk berdi. Endi mashina soatiga yetmish mil tezlikda yurib borardi.
Mushuk ikki qavatli xo‘jalik xaltasida yotar, xalta kanop ip bilan mahkam bog‘langandi. Falati topshiriq, o‘yladi Xelston va buni topshiriq deb hisoblayotganidan o‘zi ham ajablandi. Eng g‘aroyibi, mushuk unga juda yoqqandi. U uch nafar qariyani o‘ldiribdimi, demak uning quvvati ozmuncha emas ekan... Ayniqsa, uni veterinar bilan «uchrashuv»ga olib ketayotgan Geyj haqida gapiradigan bo‘lsak. Xelston shartnomani bajarmaslik niyatida bo‘lmasa-da, mushukni o‘ziga yaqin sezdi. U mushukni tezda va mohirona o‘ldiradi. Mashinani dala chetida to‘xtatib, mushukni xaltadan chiqaradi, uning bo‘ynini sindiradi, so‘ngra qariyaga ko‘rsatish uchun dumini kesib oladi. Keyin esa, o‘yladi u, mushukni ko‘maman.
U mana shularni o‘ylayotgan daqiqalarda mushuk qo‘qqisdan uning ro‘parasida paydo bo‘ldi - uning oq-qora tumshug‘i vahshiyona jiyirilgandi.
- Jin ursin! - dedi Xelston beixtiyor xaltaga qarab - ikki qavatli xaltada katta teshik paydo bo‘lgandi. U yana ro‘parasiga qaradi va xuddi shu lahzada mushuk uning yuziga chang soldi. U o‘zini orqaga tashladi... Va «Mustang» g‘ildiraklarining chiyillashini eshitdi.
Mashina u yoqdan-bu yoqqa chayqaldi. Xelston mushukni bor kuchi bilan urdi, yirtqich pixilladi, lekin joyidan jilmadi. Xelston uni yana urdi, mushuk esa qochish o‘rniga uning yuziga sapchidi.
«Geyjdaqa bo‘ldi, - o‘yladi Xelston. - Xuddi Geyjdaqa». U tormozni bosdi. Mushuk uning boshida o‘tirganicha tirnoqlarini yanada chuqurroq botirishga urindi. Uning qorni Xelstonning ko‘zini to‘sib qo‘ygandi. U mushukni urdi, keyin yana, yana urdi. Shu lahzada u kuchli zarbadan qalqib tushdi. U mushukka yana zarba berishga kuch topdi, lekin qo‘li mushukning baquvvat muskullariga ta’sir qilmadi. Uning qo‘li sirg‘alib pastga tushdi.
Shuning barobarida uning ongi zulmat qa’riga singib ketdi.
Oy ufq ortiga yashirinayotgandi. Tong otishiga bir soatcha vaqt qolgandi. «Mustang»ning old qismi temir-tersak uyumiga aylangandi.
Xelston asta-sekin o‘ziga kela boshladi. U ko‘zini ochib birinchi ko‘rgan narsasi tizzasida o‘tirgan mushuk bo‘ldi. U xotirjam miyovladi va yashil ko‘zlarini Xelstonga qadadi. Xelston oyoqlarini his qilmadi.
U mashinaning old qismi pachoqlanganini, dvigatelning bir qismi uning oyoqlarini majaqlab tashlaganini, o‘zini esa o‘rindiqqa qisib qo‘yganini ko‘rdi. Qaerdadir boyqush sayradi.
Mushuk unga tirjayayotgandek ko‘rindi.
Xelston uning o‘rnidan turib kerishganini ko‘rdi. Kutilmaganda mushuk Xelstonning yelkasiga sakradi. U mushukni yulqib olish uchun qo‘lini ko‘tardi. Lekin qo‘li harakatga kelmadi.
«Umurtqam, - o‘yladi u xuddi malakali shifokorlardek. - Umurtqa suyagim sinibdi. Men falajman».
Mushuk uning quloYoiga mig‘vladi va bu miyovlash unga momaqaldiroqdek tuyuldi.
- Yo‘qol! - qichqirdi Xelston. Uning ovozi quruq chiqdi. Mushuk bir lahzaga sergak tortdi. Birdan uning tirnoqlari Xelstonning yonoqlarini tildi. Kuchli og‘riqdan uning tomog‘iga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi. Issiq qon oqdi. Sezish qobiliyati yo‘qolmabdi.
U boshini o‘ngga burdi. Uning yuziga yumshoq yung urildi. Xelston mushukka baqirdi. Mushuk o‘rindiqqa sakradi. U nafrat to‘la ko‘zlarini Xelstondan uzmasdi.
- Bunday qilmasligim kerak edimi? - xirilladi Xelston.
Mushuk tishlarini irjaytirdi. Xelston Drogan nima uchun uni iblis mushuk deb ataganini tushundi. U... Tirsaklari va yelkasida og‘riq turib uning fikri bo‘lindi.
Sezish qobiliyati tiklanyapti.
Mushuk tirnoqlarini chiqarib uning yuziga otildi.
Xelston ko‘zlarini yumdi va og‘zini ochdi. U mushukni qornidan tishlamoqchi edi, ammo bir parcha yungni tishlashga ulgurdi, xolos. Tirnoqlar uning quloqlariga sanchildi. Chidab bo‘lmas og‘riq turdi. Xelston qo‘llarini ko‘tarishga urindi. Qo‘llari sal qimirladi, ammo tizzasidan ko‘tarilmadi.
U boshini oldinga egdi va cho‘milib chiqqan odamdek silkidi. Mushuk mahkam yopishib olgandi. Xelston yonoqlaridan qon oqayotganini his qildi. Quloqlari xuddi o‘t ichida qolgandek qiziyotgandi.
U boshini orqaga tashladi va baqirib yubordi - uning bo‘yni endi og‘rib ketdi. Lekin mushukni boshidan tushira olishga erishdi.
Xelstonning bir ko‘ziga oqayotgan qon kirdi. U ko‘zini ishqalash uchun qo‘lini ko‘tarishga urindi. Uning qo‘llari qaltiradi, ammo tizzasidan ko‘tarilmadi. U qo‘ltig‘i ostida 45-kalibrli to‘pponchasi turganini esladi.
«Agar to‘pponchamni chiqara olsam, sening to‘qqizta joningdan asar ham qolmaydi».
Qo‘lida yana og‘riq turdi. Dvigatel majaqlagan oyoqlarida ham sanchiq turdi.
«Balki zahirada jonim qolgandir?»
Endi mushukni bir yoqli qilish kerak. Eng asosiysi shu. Keyin mana bu temir-tersak ichidan chiqib olish kerak - balki birortasi shu atrofdan o‘tib qolar. Bu kimsasiz yo‘ldan birov o‘tishi, ayniqsa sahar soat beshda o‘tishi amrimahol, ammo jinday bo‘lsa-da imkoniyat qolgan edi. Va... Mushuk nima qilyaptikin?
U mushukning yana yuziga sapchishini istamasdi, ammo uning orqada, nazardan chetda turishini ham xohlamasdi. U peshoyna orqali mushukni ko‘rmoqchi bo‘ldi, biroq hech narsa chiqmadi. Peshoyna zarba ta’sirida qiyshayib qolgan, unda yo‘l cheti ko‘rinib turardi.
Xelston kuta boshladi. Sezgilari qayta boshladi. Tong otib kelayotgandi. Qaerdadir qush sayradi.
Xelston qo‘lini qimirlatib ko‘rdi, ammo tizzasidan sal yuqori ko‘tara oldi, xolos.
Yon o‘rindiqda qandaydir tovush eshitildi. Xelston yoniga o‘girildi va cho‘g‘dek yonayotgan ko‘zlarni ko‘rdi. Xelstonning u bilan gaplashgisi keldi. - Hali biror marta topshiriqni uddalamagan kunim bo‘lmagan, - dedi u. - Bu mushukcha birinchisi bo‘lishi mumkin edi. Lekin tez orada qo‘llarim o‘ziga keladi. Besh, bor ana, o‘n daqiqadan so‘ng. Maslahat beraymi? Oynadan o‘zingni tashla. Hamma oynalar ochiq. Tezda o‘zingni ol.
Mushuk undan ko‘zini uzmasdi. Xelston yana qo‘lini qimirlatib ko‘rdi. Qo‘li bir yarim santimetrcha ko‘tarildi. Mushuk unga qarab tishlarini irjaytirdi.
Mushuk nima qilmoqchi ekanligini tushungan Xelston bor kuchi bilan qichqirish uchun og‘zini ochdi.
Mushuk uning yuziga o‘qdek otildi. Shu lahzada Xelston nihoyat, mushuk o‘ldirish istagida yonayotgan maxluq ekanligini tushunib yetdi.
U ola-bula qotilning nafrat to‘la nigohini ko‘rdi. U uch nafar qariyani tinchitgan, endi uning, Jon Xelstonning navbati kelgandi.
Mushuk to‘g‘ri uning og‘zini nishonga olib sapchigandi. Xelston o‘qchib yubordi. Uning oq-qora tumshug‘i allaqachon Xelstonning og‘zi ichida edi.
Xelstonning tanasi bir silkinib tushdi. So‘ng yana bir marta. Kaftlari musht bo‘lib tugildi, keyin asta bo‘shashdi. Ko‘zlari esa shishadek qotib qoldi.
Uning og‘zidan oq-qora dumning uchi chiqib turardi. Keyin esa dum g‘oyib bo‘ldi.
Qaerdadir yana qush sayradi... Tez orada Konnektikut dalalari tong nuridan yorishdi.
Fermerning ismi Uill Ross edi.
U dalada qolgan traktorini ta’mirlash uchun ketayotgandi. Tong yorug‘ida u yo‘l chetida turgan mashinani ko‘rdi.
- E, Xudo, o‘zing asra!
Rulda o‘tirgan kishining yuzi qonga bo‘yalgandi. Qotib qolgan nigohlar uzoq-uzoqlarga tikilib turardi.
Uill ruldagi kishining hujjatlarini ko‘rish maqsadida uning plashi cho‘ntagini titkilamoqchi bo‘ldi. U endigina qo‘lini cho‘zgan ham ediki, murdaning qorin qismi do‘ppayib turganini ko‘rdi.
- Bu nimasi? - dedi Ross. U jasadning ko‘ylagini ko‘tardi va ko‘rgan narsasi bir umrga yodida qoldi.
Uill Ross bo‘kirib yubordi. Xelstonning qorni yorilgan va uning ichida mushukning qonga bo‘yalgan boshi ko‘rinib turardi. Mushukning ko‘zlari Uillga Yoazab bilan tikilgandi.
Ross qichqirganicha o‘zini orqaga tashladi. Bo‘m-bo‘sh daladan o‘nlab qarg‘alar cho‘chib osmonga ko‘tarilishdi. Mushuk tashqariga chiqdi va kerishdi.
So‘ngra esa yugurib ketdi. Ross uni kuzatib qoldi. Mushuk shudring bosgan o‘tlar ustidan chopib borardi.
Go‘yoki uning tugallanmagan yana qandaydir zarur ishi bordek edi.

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.