OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tariq Dursun Kakinch. Ota (hikoya)

Men otamni juda kam bilardim, uni ko‘rganimga juda ancha vaqt bo‘lgan, shuning uchun ham u yaxshi odam bo‘lganmidi yoki juda yomonmidi, tayin-taxsirli biror narsa deyishim qiyin. Bolalikda hamma otasini telbalarcha va hattoki ko‘r-ko‘rona sevadi. Men ham otamni jon-dilimdan yaxshi ko‘rardim. U vaqtda biz yaxshi yashar edik — otam moliya bo‘limida xizmat qilardi. Kechqurunlari onam dasturxonni ayvondagi stolga tuzardi. Bu yerdan xuddi butun shahar oyog‘imiz ostiga yastanganga o‘xshab tuyulardi. Otam dilkash, past ovozda qo‘shiq aytardi. Onam qo‘li qaltiragancha aroq quyardi. Aroq kashta tikilgan dasturxonga to‘kilar, shunda otam onamning qo‘polligidan xaxolab kulardi.
Otam uyni, yani onamni hamda ikkita bolasini tashlab ketganida men yetti yoshda edim. Men bu vaqtda maktabga qatnardim. Kuz kunlaridan birida bog‘chada biz to‘rt kishi bo‘lib — Gulsefi xonimning o‘g‘li, Doga, Remzi va men — oshiq o‘ynayotgandik, otam kelib qoldi. U tosh to‘siq ortidagi anor daraxti ostida turgancha bizning o‘yinimizni kuzatardi. Doga ikkalamiz urishib qoldik. U mening uchta oshig‘imni olib qo‘ygandi. Otam to‘siqdan bog‘ga sakrab tushib, bizning oldimizga keldi. Jahldan ko‘karib, odobsizlarcha so‘kinardim. Agar yonimda otam bo‘lmaganda, Doga ta’zirimni berib qo‘yishi turgan gap edi.
— Xo‘sh, nimani talashyapsizlar? — deb so‘radi otam.
Doga yeb qo‘ygudek bo‘lib menga qaradi.
— U so‘kyapti.
— Oshig‘imni ber! U mening uchta oshig‘imni olib qo‘ydi.
Otam qo‘lini xuddi ular tengdosh o‘rtoqday Doganing yelkasiga qo‘ydi. Otamning qo‘llari xuddi ayollarnikiga o‘xshash oppoq, uzun barmoqli, shuningdek, kuchli.
— Axir, u sendan kichkina-ku, Doga, — dedi otam. — Keyin, u hech qachon bu yomon so‘zlarni qaytarmaydi. To‘g‘rimi?  — Otam menga o‘girildi.
Men xohlamaygina: «Ha», — deb to‘ng‘illadim. Otam cho‘ntagimdagi hamma oshiqlarni chiqardida, ularni Dogaga berdi. U bo‘lsa ularni changallagancha qochib ketdi. Mening esa jon-ponim chiqib ketdi.
— Nega oshiqlarimni unga berdingiz?
Otam quyosh nuriga yo‘g‘rilib turar, uning yuzi yaltirardi.
— Bunday ahmoqona o‘yinlarni o‘ynashni bas qil.
— Lekin boshqalar o‘ynashyapti-ku?
— Boshqalar o‘ynasa o‘ynayversin, senga esa yarashmaydi. Axir, sen maktabga borasan-ku. Ular-chi?
— Ular o‘qishmaydi.
— Ana ko‘rdingmi! Maktabga boradigan bolalar oshiq o‘ynashmaydi.
— Bo‘lmasa ular nima o‘yin o‘ynaydilar?
— Hech qanaqa. Ular o‘qishlari, dars qilishlari kerak.
— Butunlay oshiq o‘ynamasliklari kerakmi?
— Butunlay!
Otam mening qo‘limdan ushlab oldi va biz Gulsefi xonimning zaytunzori orqali keta boshladik. Otamning egnida to‘q havorang kostyum, oq yo‘lli havorang ko‘ylak bo‘lib, galstuk taqmagandi, yoqasi tugmalanmagandi.
Biz serbutoq anjir daraxti ostida to‘xtadik. Bu yerdan ko‘z ilg‘amas dengiz va kemalar u yoqdan-bu yoqqa qatnayotgan ko‘rfaz xuddi kaftdagidek yaqqol ko‘rinib turardi, Biz otam bilan yonma-yon o‘tirdik — uning oyog‘i menikiga tegib turardi.
U portsigaridan sigaret olib, gugurtni oliftalik bilan yoqib tutatdi. Uning ko‘zlarini go‘yo soya berkitib qo‘yganga o‘xshardi.
— Dada...
U boshini ko‘tardi-da, ma’nosiz ko‘zlarini menga tikdi.
— Xo‘sh?
Men hech nima demadim. Biz indamasdik. Chatalqoy tomondan, ko‘rfaz tutagan joyda paroxod paydo bo‘ldi.
— Qiziq, bu paroxodlar qayoqqa ketishyaptiykin?
— Qanaqa paroxodlar?
Hozirgina qirg‘oqdan uzoqlashgan kemani barmog‘im bilan ko‘rsatdim. U xuddi qiz boladek ixcham va ulug‘vor edi.
— Umi? Istambulga ketyapti.
Balki, u haqiqatanam Istambulga bormayotgandir. Balki, u boshqa mamlakatga, hatto nomini ham eshitmaganim boshqa shaharga, qandaydir boshqa Istambulga ketayotgandir. Lekin otam: «Istambulga ketyapti»,— dedi va ortidan:
— Bu shaharning qanchalik go‘zalligini bilganingda edi!—deb qo‘shib qo‘ydi. — Machitlari ham ko‘p, odamlari ham.
— Bu yerdan ham chiroyliroqmi?
— Bu haqda so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. U yerdagi magazinlar ham tom ma’noda ulkan, kemalari ham bizlarnikidan kattaroq. Undan keyin, u yerda ko‘priklar bor.
— Ana shu ko‘priklar qanday qurilgan, a, dada?
— Juda oddiy. Katta bo‘lganingda Istambulga borib hammasini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan.
Bizning uyimiz bilan yonma-yon bo‘lgan uydan bir erkak chiqib keldi. U bizni uzoqdanoq ko‘rib: «Hoy!»— deb chaqirdi. Otam o‘rnidan turmasdanoq, tutayotgan sigareta qistirilgan qo‘lini silkib qo‘ya qoldi. Bu Remzining otasi edi.
— U yerda nima qilyapsizlar?
— O‘tiribmiz.
Erkak kulimsiradi-da, o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.
— Nega endi biz Istambulga bormayapmiz? — deb so‘radim.
— Mana shunday, bormaymiz-da...
— Nega, bu yerda yaxshiroqmi?
— Yo‘q, buning uchun emas. Shunday, bormaymiz...
— Balki, u yoqqa borgingiz kelmayotgandir-a?
—Borging kelmayapti, deysanmi? Kimning ham Istambulga borgisi kelmas ekana?
Biz bir-birimizga beixtiyor tikilib qoldik. Dadamning ko‘zidagi soyalar yanada quyuqlashib, natijada ular butunlay sim-siyohday bo‘lib qoldi.
— Unday bo‘lsa, nega ketmayapsiz?
U boshini egdida, tishlari orasidan bo‘g‘iq ovozda to‘ng‘illadi:
— Ketaman.
Men sevinib ketdim.
— Meniyam olib ketasizmi, dada? , — Senga mumkin emas.
— Nega endi?
— Sen hali kichkinasan. Senga u yerda kim qarab turadi?
— Oyimni olib ketamiz.
— U bormaydi.
— Men sizga hecham xalaqit bermayman. Men ham ishlayman.
U ohista jilmayib qo‘ydi.
— Sen maktabni tugatishing lozim. Maktabni akangga o‘xshab aro yo‘lda tashlab ketish yaramaydi. Agar o‘qib bilim olsang, katta odam bo‘lib yetishasan.
Yerdan tosh oldim-da, bor kuchim bilan Remzilarning cherepitsa tomiga uloqtirdim.
— O‘qishni xohlamayman! Katta odam bo‘lishni istamayman. Siz bilan Istambulga borishni xohlayman.
U yelkamdan quchib, boshimni siladi. Yuragim gupillab urib, chakkamda qon gupirganini his qildim. Dadam uzuq-yuluq ovozda:
— Hozir ketaman-da, keyin seni chaqirtirib olaman, — dedi.
Men uning yuziga qaradim. Uning ko‘rinishi qat’iy qaror qabul qilgan odamnikiga o‘xshab jiddiy tus olgan edi.
— Rostdanam meni chaqirib olasizmi, a, dada?
— Albatta, chaqirtiraman. Faqat o‘zim joylashib olaychi...
— Qachon ketmoqchisiz?
— Bilmayman.
Men birdan Istambulga ketayotgan kemani tasavvur qildim. Mana u ufq ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning ortidan zo‘r-bazo‘r ko‘z ilg‘aydigan iz cho‘zilib borardi... Otam — mana shu kemada Istambulga ketyapti. Men esa qoldim. Yakkayu-yolg‘iz...
Men jon holatda otamning qo‘lini ushladim.
— Ketmang! Ketmay qo‘yaqoling, dada...
Ovozim titrardi. Men o‘zimni benihoya kichkina, himoyasiz sezdim.
— Siz axir ketmaysiz-ku, to‘g‘rimi?
Uning lablari qiyshayib, xuddi yig‘lab yuboradigandek basharasi tirishdi.
— Ketmayman... O‘sha Istambulga borib nima ham qildim?..
Uning ovozi ham xuddi menikidek qaltiradi. Shunda men chidab turolmadimda, yig‘lab yubordim, tomog‘imga yumaloq narsa tiqilib qoldi. Men endi ho‘ngrab yig‘lab yubordim. Otam ko‘zimni kaftining orqasi bilan artdi-da, ikkala qo‘li bilan boshimni ushlab oldi.
— Bo‘ldi, yig‘lama, tinchlan. Kap-katta bolaga yig‘lash uyatmasmi?
 U yana ko‘z yoshlarimni artib qo‘ydi.
— Sen axir katta bo‘lib qolding-ku. Yoki haliyam kichkinamisan?
Men indamadim. U birinchi bo‘lib o‘rnidan turdi-da, meni ko‘tardi. Biz zaytunzorni oralab o‘tib, ohista qiyalikdan pastga tusha boshladik. Biz pastga tushgan sarimiz, dengiz shunchalik yuqori ko‘tarilib borardi, u bilan birga port, kemalar hali-hozircha ko‘zdan yo‘qolmagandi.
Bog‘da anor daraxti ostida bolalar o‘tirishardi. Otamni ko‘rib, ular zumda o‘rnilaridan sakrab turishdi. Ibrohim to‘ppa-to‘g‘ri otamning oldiga kela boshladi. Biz to‘xtadik.
— Xo‘sh, nima gap? — deb so‘radi otam.
— Xolidbey amaki...— deya Ibrohim gap boshlamoqchi bo‘ldi-yu, tutilib qoldi.
— Xo‘sh?
— Demak, bu... o‘g‘lingiz bugun meni urdi. Otam jiddiy tusda qoshlarini chimirdi.
— U seni nega urdi?
Ibrohim tumshayib, yelkasini qisdi.
— Men qayoqdan bilay! Shunday, bekordan-bekorga. O‘zi haydashni xohlamaydida, nuqul meni majbur qiladi.
— Shu gap to‘g‘rimi? — deb so‘radi dadam. Men boshimni egdim.
—    Ha.
— Men kechqurun uning adabini berib qo‘yaman,— deb va’da qildi dadam Ibrohimga. — Qulog‘idan tortib devorga mixlab qo‘yaman. Endi u senga tirnog‘iniyam tegizmaydi.
Sevinib ketgan Ibrohim boshqa bolalarning oldiga ketdi. Biz dadam bilan yo‘limizda davom etdik, keta turib Ibrohimga: «Sen hali bu qilig‘ing uchun javob berasan!»— dedim. U javoban tilini ko‘rsatdi.
Uyimizga buriladigan joyda dadam qo‘limni qo‘yib yubordi. Uning terlagan kaftidan mening qo‘lim ham namiqib qoldi, men uni maktab fartugimga artdim. Men nima derkin, deb dadamga qarab turardim. U cho‘qqayib o‘tirib, kurtkamning yoqasidan ushlab qisdida, keyin qo‘yib yubordi.
— Sen endi katta bola bo‘lib qolding. Urishqoq bolalar bilan mushtlashishni yig‘ishtir, oshiq o‘ynashni ham bas qil. Undan ko‘ra ko‘proq shug‘ullanib, darslaringni tayyorlagin. Yaxshi o‘qisanggina odam bo‘lib chiqasan. Tushundingmi?
— Tushundim.
— Agar odam o‘qimasa, farrosh yoki hammol bo‘lib, qiyinchilikda kun ko‘radi.
U meni o‘pdi. Otamning qup-quruq, qaynoq lablari, go‘yo ikkala yonog‘imni kuydirgandek bo‘ldi. U cho‘ntagidan o‘n qurush olib kaftimga qistirdi:
— Ola qol, faqat oshiq sotib olmagin. Ertaga yakshanba. Kinoga tushgin, qolgan pulingga esa yeryong‘oq olib yersan.
Men uning ortidan qarab turardim. U xuddi mendan qochib ketayotgandek orqasiga qaramay, tez-tez qadam tashlab borardi. U Yapidjiog‘liga tushdi-da, keyin Namozgohga olib boradigan yo‘lga burildi.
Men baxtsiz, ezilgan, qahrga mingan holda bolalar turgan joyga yo‘naldim. Ibrohim meni ko‘ra solib uyiga juftakni rostlab qoldi.

Hikoyat Mahmudova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.