OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

A.Inin, L.Osadchuk. Buzuq telefon (hajviya)

Eslaysizmi, “Buzuq telefon” degan bolalar o‘yini bor. Birinchi bola “Sasha” desa, ikkinchisi “Kasha” deb eshitadi, uchinchisiga esa “Masha” deganday tuyuladi. Kulgili o‘yin!
Kecha meni tuyqusdan direktor chaqirib qoldi.
— Eshitishimcha, u yer-bu yerda men haqimda har xil bo‘lmag‘ur gaplar qilayotgan emishsiz. Meni lavozimimga nomunosib deganmishsiz.
— Buni sizga kim aytdi? — so‘radim men.
— Buning ahamiyati yo‘q, yoqmayotgan bo‘lsam, marhamat, ketishingiz mumkin, sizni ushlab turmayman! — dedi qo‘li bilan eshikni ko‘rsatib.
O‘ylanib turib qoldim, kim bunaqa bo‘lmag‘ur gapni aytdi ekan? Direktor, har qalay, direktor. Men u haqda yomon fikrga borgan ham emasman.
Bosh muhandisning oldiga kirdim.
— Direktorga meni u haqida har xil gaplar qilyapti deb siz aytdingizmi?
— Buni qaerdan oldingiz? — hayron bo‘ldi bosh muhandis. — Men faqat, sizga chamasi ishimiz yoqmayotgani, balki boshqa ishga o‘tmoqchiligingiz haqida gapirgandim, xolos.
— Bunaqa gapni sizga kim aytdi? — so‘radim men.
— Buning ahamiyati yo‘q, — dedi bosh muhandis. — Nima, aslida ham shunday emasmi?!
O‘ylanib turib qoldim. Bunaqa tagi yo‘q gap kimdan chiqishi mumkin?
Bo‘lim boshlig‘i xonasiga yo‘naldim.
— Meni ishdan ketmoqchi, deb bosh muhandisga siz aytdingizmi?
— Bunaqa deyishni o‘ylaganim ham yo‘q, — taajjublandi bo‘lim boshlig‘i. — Men faqat maoshingiz sizni qoniqirmayotgani, uni oshirishlarini talab qilishga chog‘lanayotganday bo‘lganingiz haqida shipshigandim...
— Sizga buni kim aytdi? — so‘radim men.
— Rostini aytsam, eslolmayman. Kimdir...
Yetakchi muhandisga uchradim.
— Bo‘lim boshlig‘iga siz aytdingizmi, meni kattaroq maosh talab qilmoqchi deb?
— Men unga deyarli hech narsa aytganim yo‘q! — qo‘rqib ketdi u. — Men shunchaki, shunaqa yosh yigit-u, hozirdan ko‘p narsa joniga tekkan, dedim, xolos.
— Nima jonimga tegibdi, kimdan chiqdi bu yaramas fikr? Ishlab yuribman-ku, el qatori.
— Ie, shoshma, — dedi yetakchi mahandis, — bugun ishga keliboq portfelingni irg‘itib, “Hammasidan to‘yib ketdim!” deding-ku!
— Desam nima bo‘pti! — qichqirdim men.
— Hech narsa, — dedi yetakchi muhandis har ehtimolga qarshi uzoqroqqa jilib. — Nima eshitsam, shuni aytdim!
Men stulga yiqildim. Xodimlar o‘rab olishdi, suv berishdi, bo‘yinbog‘imni bo‘shatishdi.
— Nima bo‘ldi? — qiziqib qolishdi boshqalar.
 Men boshqa bo‘limlardan ham qiziquvchilar yetib kelishlari uchun bir oz kutdim, so‘ngra bor kuchimni to‘plab o‘rnimdan turdim va:
— O‘rtoqlar! Uzunquloq gaplar ko‘paymasligi uchun, hammaning oldida aytib qo‘yay, — dedim qat’iy ohangda. “Hammasidan to‘yib ketdim” dedim. Lekin, bu gapim meni direktor to‘yg‘azib yuborganini, institut yoqmayotganligini, ishdan zerikkanligim, maoshimning esa ozligini bildirmaydi!
Bo‘limda barcha qiziquvchilar uchun joy yetishmay qoldi. Shu bois, oldinda turganlar men aytgan gaplarni yelkama-elka koridorda turganlarga yetkaza boshlashdi.
— Bu shuni bildiradiki, — davom etdim iloji boricha qattiqroq, — Mening kayfiyatim yomon. Xotinim bilan urishib qoldim. Yozda qaerda dam olish masalasida hamon bir fikrga kelolmay turibmiz. Boshqa hech gap yo‘q. Eshityapsizlarmi?
— Eshityapmi-iz! — aks-sado bilan ovoz berishdi koridorning oxirida turganlar.
Shu damda meni oxirgi quvvatim ham tark etdi...
Ko‘zimni uyda, xotinim yuzlarimga beozorgina urib shivirlaganida ochdim:
— Demak, men endi sizga kerak emas ekanman-da?.. Demak, meni tashlamoqchi ekansiz-da?!
— Kim senga bunday dedi? — zo‘rg‘a so‘radim.
— Yana so‘raydi-ya! Do‘stlaringiz-da, anavi, sizni bilmadim, qaerdandir olib kelganlar...
Men ko‘zimni kattaroq ochdim, keyin sekingina ularni uzoqroq muddatga yumdim.
Eslaysizmi, “Buzuq telefon” degan bolalar o‘yini bor. Birinchi bola “Sasha” desa, ikkinchisi “Kasha” deb eshitadi, uchinchisiga esa “Masha” deganday tuyuladi va natijada...

Ruschadan Habib Siddiq tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.