OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulqodir Abu Xarus. Eksport qilingan xotin (hikoya)

Ali shaharda rostgo‘yligi va vijdonliligi bilan og‘izga tushgan oila farzandi. Keksalik gashtini surayotgan oila boshlig‘i o‘z dunyoqarashiga ega bo‘lganidan kishilarga tashqi ko‘rinishiga qarab emas, balki aql-zakovati, jamiyatdagi tutgan o‘rniga qarab baho berardi. Alining onasi – past bo‘ylik ayol edi. U hech qachon birovning dilini og‘ritmagan, mayda gap yoki g‘iybatlardan doimo chetda yurar edi. Alining singillari esa kecha-kunduz derazadan serrayib qarab turadigan, ko‘chada yuz beradigan turli voqealarni terib yuruvchi, fikru yodi to‘yu tantanalarda bo‘lgan qizlarga sira o‘xshamas, tongdan oqshomgacha bichish-tikish bilan mashg‘ul edilar. Qizlarning mehnatsevarligi, qolaversa, odobliligi tufayli shaharning turli chekkalaridan sovchilar to‘xtovsiz kelayotgan edi, lekin onaning javobi doimo bitta bo‘lardi:
– O‘g‘limni uylantirmagunimcha, qizlarimni turmushga chiqarmayman, vassalom.
Aksiga olib, Ali uylanishga shoshilmayotgandi. U shahar ma’muriyatida mas’uliyatli lavozimda bo‘lib, uylanadigan bo‘lsa oila uning oyoq-qo‘liga “tushov” bo‘lishi yoki biron sabab bilan obro‘si tushishidan cho‘chir edi. U o‘zicha, ”Uylanish – bu mas’uliyatli ish, uni puxta o‘ylab ko‘rish kerak”, deb o‘ylardi.
Ona esa o‘g‘lini ko‘ndirolmay xunob bo‘lar, uni koyir edi-yu, lekin majbur qilolmasdi. Idorada Alining ishi unchalik ko‘p emas: kelgan xatlarni ro‘yxatga olib, ularga javob qaytarish edi, xolos. Ish vaqtida odatda Ali va uning kasbdoshlari yig‘ilib, choyxo‘rlik qilishar, foydasiz bahslarga vaqt sarflashar, biri institutga kirib o‘qish, yana boshqasi matematika fanini jiddiy o‘rganish ni-yati borligini ta’kidlardi. Gap aylanib kelib, chet el xizmat safariga taqalganda doim bir ishtiyoq – biror ko‘ngilga yoqqan chet ellik qizni tanlab, unga uylanib olish niyati tinchlik bermasdi. U o‘zicha chet elga xizmat safariga yuboriladigan shaxslar orasida mendan yaxshi nomzod yo‘q deb o‘ylardi. Uning harakat va intilishlari zoe ketmadi. Quvaytga olti oylik moliya o‘qishiga yuboriladiganlar ro‘yxatida uning ham ismi-sharifi turardi. Chet elga safar qilish unga yangi mamlakat va martabali kishilar bilan tanishib, o‘qishni tugatganlik haqida hujjat olish, hammadan ham o‘zining ko‘ngliga mos qizga uylanish imkoniyatiga ega bo‘lishdan bag‘oyat xursand bo‘ldi.
U joylashgan uchoq ohista yerdan ko‘tarildi. U shaxs erkinligi gullab-yashnagan yuqori madaniyatli mamlakatga yo‘l oldi. Uchoq juda ko‘p qizg‘in bahslarda tilga olingan Quvaytga yaqinlashmoqda. Ha, do‘stlari uni tushunishmadi. Hech bo‘lmaganda uylanish masalasida.
 – Faqat chet ellik qizga uylanish kerak! – deb takrorlardi u hamisha.
Ular bo‘lsa e’tiroz bildirar edilar:
– Sen yengil, xato o‘ylayapsan! Shaxs qanday erkinlikka ega bo‘lmasin, o‘zining urf-odatlari, qolaversa, tag-tomiri bilan Ona yeriga bog‘langan bo‘ladi. Tarixiy an’analarimizni buzib taraqqiyotga erisha olmaymiz. Liviyalik qizlar taraqqiyot tarafdori emas, ular eskilik bilan yangilikning farqiga bormaydi, deyish ham xato. Qizlarimiz yangi hayot tarafdori. Chet ellik qizlarga uylansak, biz o‘z qizlarimizni kamsitib qo‘yamiz, qolaversa, chet el qizlari ko‘p jihatdan bizning qizlarimizga teng kelolmaydilar. Ular faqat madaniyatdagina sal-pal ilgarilab olishgan, xolos.
– Har qanday chet ellik qiz erkinlikka ega va o‘zining jamiyatdagi tutgan o‘rnini qadrlaydi. Bizda esa o‘zgacha! Chet ellik xotin – hamroh va do‘st, bizda bo‘lsa – uy cho‘risi. Cho‘ri bilan umringni boy bergandan ko‘ra umrbod bo‘ydoq bo‘lib o‘tganing yaxshi.
Bunday bahslardan so‘ng fikrlarning bir joydan chiqishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.
U uchoqda xayol surishda davom etdi:
– Men bilan turmush qurib Liviyaga jo‘nab ketadigan qiz topilarmikin? Olti oy mobaynida uni uchratarmikanman, vaqt – oqar suv, ko‘z ochib-yumguncha o‘tadi-ketadi. U meni sevishga ulgurarmikan?
Uchoq manzilga qo‘ndi. Ali kun bo‘yi poytaxt ko‘chalarida sayr qildi, kino afishalarini ko‘zdan kechirdi, do‘kon peshtaxtalariga qarab to‘ymadi. Garchand bu shahardagi kishilar arab tilida gaplashayotgan bo‘lsa ham, go‘yo u bu tilni birinchi marta eshitayotgandek edi.
... Nikoh ahdini bog‘lagan kelin-kuyov Liviyaga qaytib keldi. Uning chet ellik qizga uylanishi barcha tanishlar va qarindoshlarni hayratda qoldirdi. Uydagi yumushlar avvalgidek Alining onasi bilan singlisiga qolib ketdi.
Laylo sira uyda o‘tirolmasdi. U shahar kinoteatrlarida namoyish etilayotgan filmlarning birortasini ham qoldirmay ko‘radigan bo‘ldi.
Yoz kunlarning birida xizmat safari tufayli kelgan sobiq sevgilisi bilan ko‘rishdi. Endi Laylo ul-bul xarid qilish bahonasida ko‘chaga serqatnov bo‘lib qoldi.
Ammo uning bu hiylasi uzoqqa cho‘zilmadi. Layloning jazmaniga yozgan xati tasodifan Alining onasi qo‘liga kelib tushdi. Oilada katta janjal ko‘tarildi...
Ertasi kuni Ali Quvaytga uchadigan uchoqqa sotib olgan bitta chiptani Layloning qo‘liga tutqazib:
– Sen bilan oramiz ochiq. Xayr! Bu senga dars bo‘lsin! – dedi.

Arabchadan Bobir G‘iyosov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 2-son.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.