OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ambroz Birs. Qamoq (hikoya)

 Kentukkilik Orrin Brauer o‘z pochchasining qotilligida ayblanib, ancha vaqtdan beri odil sud hukmidan qochish taraddudida edi. U hibsda saqlanayotgan graflik qamoqxonasida uzoq paytdan buyon sud jarayonini mislsiz dahshat ichida kutib yurar ekan, pirovardida bu qamoqdan qochib ketishni-da o‘zicha rejalashtirib qo‘ygandi, nihoyat u qulay vaziyat topdi-da, qamoqxona soqchisining boshiga qattiq temir panjarasi bilan yaxshilab tushirdi-yu tashqariga chiqib, qop-qorong‘u tun qa’riga singib ketdi. Soqchini qurolsiz holda tashlab ketganiga qaramay, Brauer ne mashaqqatlar bilan qayta erishgan ozodligini himoya qilish uchun o‘zi bilan hech qanday qurol, loaqal bironta asbob-uskuna ham olib ketmagandi. Shaharchadan bir amallab chiqishi bilan qochoq quyuq o‘rmon ichiga yo‘l solib, katta ahmoqlik qilib qo‘ydi; zero u bu o‘rmon tarafga necha yillardan buyon qadam ham bosmagandi, vaholanki bu beadog‘ hudud hozirda yanayam yovvoyilashib ketgandi.
 Aksiga olib, tun ham tobora quyuqlashib borar, butun falak choyshabi uzra na oy va na yulduzlar ko‘rinar, Brauer bo‘lsa bu atroflarda umri bino bo‘lib yashab ko‘rmagandi, binobarin u mazkur joy to‘g‘risida biron-bir ma’lumotga ham ega emasdi, inchunun ayni alfozida bechora qochoqning yo‘qolib qolishi ham tabiiy holat edi. Brauer qayoqqa qarab ketayotganini aniq idrok qilolmay qoldi, u shaharchadan chindanam uzoqlashib ketdimikan yoxud tag‘in u yerga qaytib ketayaptimikan – mana shu savol Orrin Brauer oldida sira yechilmas tugunligicha qilt etmay turaverdi. U shuni aniq-tiniq bilardiki, qatlga hukm qilingan zolim qotil ortidan albatta ko‘pchilik qidiruvga safarbar etiladi va Brauer xuddi shu holatida xash-pash deguncha qo‘lga olinadi, demak uning ne-ne sa’y-harakatlari bilan qamoqdan qochishi ham bir pullik ish bo‘ladi, lekin Brauerning aslo qo‘lga tushgisi yo‘q, kelib-kelib o‘zi uchun uyushtirilajak ta’qibga o‘zi ko‘mak berib qo‘ysinmi? Zero Brauer uchun ozodlikning hatto bir daqiqasi ham bebaho fursatga aylanib qolgandi.
To‘satdan u o‘rmon bag‘ridan eski bir yo‘l ustiga chiqib qoldi, hali ko‘ngli yorishguncha ham bo‘lmay, birdan uning qarshisida, cheksiz zulmat qo‘ynida osmondan tushganday harakatsiz qotib turgan qandaydir odam sharpasi namoyon bo‘ldi. Ortga chekinish uchun juda kech edi: qochoq shu narsani begumon sezdiki, agarda u orqaga, o‘rmonga bir qadam qaytishi bilanoq shartta otib tashlanishi muqarrar vaziyat edi. Shunday qilib, har ikki sharpa qorong‘ulik ichida xuddi daraxtlar kabi tek turib qolishdi, Brauer o‘z yuragining ayni soniyalardagi qattiq-qattiq dukillashidan nafasi bo‘g‘ilib, jon-poni chiqib ketguday bo‘ldi – narigi sharpa esa – narigi sharpa ancha mug‘ombir chiqib qoldi, u hozircha zig‘ircha ham sarosimaga tushib qolmadi.
Oradan bir lahza o‘tgach – bu bir lahza Brauer uchun go‘yo bir yilga teng bo‘ldi – to‘lin oy bulutsiz keng samoning yamoq ko‘ylagi ichiga ohista yashirinib oldi, shu pallada qochoq qotil noiloj taqdirga tan berdi-da, qonun vakilining izmiga bo‘ysunib, nochor qo‘llarini ko‘tardi va boyagi sharpa oldiga tushib, ko‘rsatilgan yo‘l tomon itoatkorona yurib boraverdi, u behad qo‘rqqanidan na o‘ng va na chap tarafga bir qur bo‘lsa-da ko‘z tashlay olar, hattoki nafas olishgayam arang jur’at qilardi, halitdan boshi bilan orqasi oldindan bashorat qilingan qatl xavfidan beayov azoblanishni boshlab yuborgandi.
Brauer shuncha hibsga olingan qotillar ichida eng shafqatsizi va eng makkori hisoblanardi; bu hol uning o‘z pochchasini qanchalar sovuqqonlik va berahmlik bilan o‘ldirganidan ham yaqqol ayon edi, bu yovuz kimsa bamisoli odam qiyofasidagi mahluqning o‘zginasi edi. Brauer uchun qarindoshlarining sud zaliga kelishining umuman keragi yo‘q edi; ularning o‘sha yerda bo‘lmaganlari unga ko‘proq ma’qul kelardi, o‘z o‘limiga endigina tan berib, shu so‘ngsiz azob ichida qovurilayotgan bir onda o‘sha qarindoshlari uning bo‘ynini qatl jodusidan qutqarib qolishlari haqiqatdan ancha yiroq bo‘lgan holat edi. Zotan Brauerning qo‘lidan endi nimayam kelardi? – Ayni pallada qochoq uchun qo‘rqmas va yengilmas qotil sifatida har qanday zarbani ham churq etmay yeyishdan bo‘lak yo‘l yo‘q edi, Orrin Brauer allaqachon o‘z taqdiriga bo‘yinsunib bo‘lgandi.
Shu taxlitda ular eski yo‘l bo‘ylab o‘rmon ichidan o‘tdilar-da, qamoqxona tomon safarlarini davom ettirib ketaverishdi. Bir vaqt Brauer tuyqus o‘zida qandaydir jur’at topdi-da, boshini orqaga burib, o‘z ta’qibchisini ko‘rishga tavakkal qildi; faqat bir marta xolos, deb o‘yladi u, sim-siyoh kecha bag‘rida, deyarli o‘zining ko‘lankasi ustida turib qolgan ortidagi odam sharpasi oy nurida elas-elas ko‘zga chalindi. Brauerni qo‘lga olgan odam chakkasida temir panjara izlari bo‘rtib qolgan, ruhdek oppoq oqarib ketgan qamoqxona soqchisi Burton Duf edi! Orrin Brauerning tili kalimaga kelmay qoldi.
Nihoyat ular shaharcha ichiga kirib kelishdi, hamma yoqda to‘s-to‘polon gupurgan, biroq shaharda ayol va bolalardan bo‘lak hech kim ko‘zga ko‘rinmasdi, ammo ular ham ko‘chadan tezda daf bo‘lishdi. Qamoqxona tomon dastlab oldinda ketayotgan jinoyatchi qotil yo‘l soldi. Asosiy kirish tarafga to‘g‘ri bordi-da, Brauer og‘ir temir eshik tutqichi ustiga qo‘lini qo‘ydi, hech bir buyruqsiz eshikni itarib ochdi-da, ichkariga kirgan zahoti o‘zini besh-olti chog‘li qurollangan mirshablar qurshovida ko‘rdi. Brauer kalovlangancha orqasiga o‘girildi. Uning ortidan ichkariga hech kim kirib kelmadi. Qamoqxona soqchisi Burton Dufning o‘lik tanasi esa koridordagi uzun stol ustida kecha tundan buyon yotar edi.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.