OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Berdi Kerboboyev. Zehn, yurak, uquv va mehnat zarur

YOSHLARGA MASLAHATLARIM

Oqsoqol kishilarda ko‘p vaqt shunday bir holat uchraydi: ular yoshlar bilan suhbatdosh bo‘lganlarida «Bizlar sizlarday paytimizda boshqacha edik!..» deb o‘zlarining noroziliklarini bildirishni yaxshi ko‘rishadi.
Tabiiyki, yoshlar, xususan, hozirgi yoshlar pand-nasihat, koyish singari holatlarni unchalik xush ko‘rishavermaydi. Biroq asrlardan beri davom etib kelayotgan urf-odatlarimizda behad ulkan kuch-quvvat bor.
Darhaqiqat, turkman xalqi orasida «Yoshi ulug‘ boshlab beradi, yoshi kichiklar davom ettiradi», «Kattalardan aytish, kichiklardan tinglash» singari sonsiz-sanoqsiz maqollar, hikmatli so‘zlar bor. Afsuslanarli joyi shundaki, o‘sha asrlar osha yashab kelayotgan hurmat-ehtirom hamisha ham qadrlanavermaydi. Berilgan maslahatlar, aytilgan fikr-mulohazalar shamolga sovuriladi, diqqat-e’tibor-ga olinmaydi. Rostini aytsam, u yoq-bu yoqdan berib turilgan maslahatlarga yoshlarning shunchaki quloq qo‘yib turishlari, balki lozim ham emasga o‘xshaydi. Agar shunday bo‘lsa, ular uchun yangiliklarni tez hazm qilish oson kechmaydi. Chunki yanglikni har kim o‘z ongi, o‘z uquvi bilan yuzaga chiqarmog‘i lozim. Demak, shunday ekan, yoshullilarning maslahatlariga quloq solmoq zararli hisoblanmaydi. Chunki oqsoqollar yoshlarga nisbatan qor-yomg‘irlarda ko‘proq bo‘lishgan, yorug‘ olamda ulardan ikki balki uch marotaba ko‘proq yashagan, turmush tajribalari ham yoshlarnikiga qaraganda bisyorroqdir...
Mening hozirgi aytmoqchi bo‘lgan fikr-mulohazalarimga e’tibor berish kerakmi-yo‘qmi, undan kimlargadir foyda tegadimi-yo‘qmi, to‘g‘risini aytsam, uni mening o‘zim ham dadil ayta olmayman. Biroq shunday bo‘lsa-da, hozirgi yosh ijodkorlarga yoshulli yozuvchi sifatida o‘z fikrimni bayon etishni ham farz, ham qarz, deb bilaman.
Men keksa ijodkorlar nasliga mansub bo‘lganim uchun emas, balki oqsoqol yozuvchi bo‘lganim uchun ham boshqa bir narsani yodga olishni istayman. Bizda hozir «Yoshlar haqiqiy masalalarga jiddiy qarashmayapti, ular ko‘proq mayda-chuyda narsalarga e’tibor berishmoqda» degan norozilik bor. O‘sha norozilik, o‘sha haqiqat, albatta, to‘g‘ri! Balki mening hozirgi kunda qaysi mavzu, qaysi masalaning ahamiyatli ekanligini aytishim zarurdir?! Biroq men uni ayta olmayman. Chunki har bir mavzu, har bir masalaning o‘zi ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Gap o‘sha masalani hal qilayotgan shaxsning o‘sha ishga jiddiy yondoshmog‘iga, uquviga bog‘liq. Bo‘lmasa yosh ijodkor uchun eng ahamiyatli, eng dolzarb bo‘lgan zehndan boshqa nima darkor?
Birinchi, sizning she’r, hikoya, qissa yoki romaningiz (albatta, ilk daf’a ijodni qissa yoki romandan boshlashni men ma’qul topmayman) aynan yuragingiz ustida tursin, butun tomirlaringiz orqali jon-joningizdan sizib chiqsin. Ikkinchi, uquv va badiiylik darkor.
Qo‘lingizga ruchka-qalam olib, dasta-dasta qog‘oz qoralash bilan haqiqiy yozuvchi bo‘lish aslo mumkin emas. Oramizda ushbu oddiy haqiqatga haligacha durust tushun-maganlar ham bor. Bizning bosh-lovchi yozuvchilarimiz asarlari ko‘pchiligining saviyasi pastligi, sayozligi, ayrimlarining esa gazeta-jurnal sahifalarini shunchaki to‘ldirib tashlashi, albatta, achchiq bir haqiqat.
Moskvada bo‘lib o‘tgan yosh yozuvchilar yig‘ilishida Mixail Isakovskiyning so‘zlagan nutqini men adabiyot gazetasida o‘qib qolgandim. «Yosh yozuvchilar», «Bo‘l-g‘usi yozuvchilar» degan hurmatli so‘z birikmalarini biz juda arzon tarqatayotganga o‘xshaymiz, deb yozganida Isakovskiy ming bora haqli edi! U «yoshlar», «bo‘lg‘usi» degan so‘zlarni faqat arzon tarqatmayapmiz, balki «yozuvchi» so‘zini tekin ulashib chiqyapmiz, demoqda. «Yozuvchi» degan kalom, albatta, juda salmoqli so‘z! Muqaddas so‘z! Biroq boshlovchi yozuvchilarning ayrimlari o‘z kasb-korlarini muqaddas deb hisob-laganlari u darajada sezilaver-maydi. Agar sen ijodkor bo‘lishni yuragingga tukkan bo‘lsang, uning sen uchun nega zarurligi bor-ligini, adabiyot maydoniga nima uchun bosh qo‘shayotganingni, sen undan nima xohlayotganingni yaxshilab o‘ylab ko‘r. Ilk bora qilmoqchi bo‘lgan ishingga, undan keyin bajarish haqida jon koyitmoqchi bo‘lgan yumushingga yuzingni bur. Shon-shuhrat hech qachon mehnatsiz yuzaga chiqmaydi.
Menga yosh ijodkorlar bilan muloqot olib borish, ularga ijod sirlarini o‘rgatish, yangi qahramonlarning obrazlarini ilgari surish lozim deb uyushma rahbariyati tomonidan bot-bot aytishadi. Bu harakatlarning barchasi to‘g‘ri. Yosh yozuvchilar haqida fikr-mulohaza yurgizish, ularga doimiy g‘amxo‘rlik qilish uyushmaning barcha yoshulli ijodkorlari va rahbariyati uchun bosh masala hisoblanadi, Ammo quruq so‘zdan yog‘li pishgan palov paydo bo‘lmaydi. Unday bo‘lsa ishni nimadan boshlash kerak?
Xalqimizda «Yig‘lamagan bolaga ona ko‘krak tutmaydi» degan naql bor. Bizda «yig‘lamagan» hatto maslahat so‘ramagan «yoshlar» ham istagancha topiladi. Gazeta-jurnallarda bir necha she’ri, ocherki yoki hikoyasi bosilganlardan ayrimlari o‘zlarini haqiqiy yozuvchi deb hisoblashadi. Mabodo kitobchasi chop etilguday bo‘lsa bormi, o‘zini klassik ijodkorday tutish-dan ham tap tortmaydiganlar bor. Yozuvchi bo‘lmoq bunday odamlar uchun juda oson tuyuladi!
Aziz do‘stlarim, xalqimizda «mehnat singmagan oshning ta’mi bo‘lmas» degan maqol bor. Mashaq-qat chekmagan ijodkorning nomi uzoqqa borib yetmaydi. Yozuvchi mehnati asoslaridan biri o‘rganmoqdan iboratdir. «Beshikdan to qabrgacha o‘rgan» degan hikmatli so‘zimiz mavjud. Ha, inson butun umri davomida o‘rganishi zarur. Lekin yoshlikda bosh tez ishlaydi. Qolaversa, nihoyatda hushyorlik va o‘z-o‘zidan talabchanlik ham darkor. Bo‘lmasa oylar, yillar bemaqsad shamolga sovuriladi-da, Aleksandr Tvardovskiyning so‘zlari bilan o‘zingga shundoq demoqqa majbur bo‘lasan:

To‘ping otilibdi, rejalar yomon,
Sening achchiq kuning kelib qolibdi.
Gul, hid, kulgi senga bo‘lib gumon,
Barchasi yon-atrofingdan o‘tibdi.
Sening tuyg‘uyu fe’ling aniqmas,
Ularga oldingiday tikka qarolmas.
Atrofing o‘lik, jimjit yomon hol,
Yuraging bulg‘anar, dardga yaramas.

Ushbu satrlardagi so‘zlar ma’nosiga siz balki uncha yaxshi tushunmagandirsiz. Sizlar meni kechiringiz, yoshlikning o‘zi o‘z umriga ba’zan juda saxiy, ba’zan esa nihoyatda bema’ni, beta’sir bo‘ladi. Bunday vaziyatni bizlar ham boshimizdan kechirganmiz. Yoshlar ko‘p holatda «E, shu paytdan o‘zimni tergab, ijodimga talabchan bo‘lib ozorlanib, qiynalib yuramanmi? Eng yaxshisi tez-tez fikrlarimni qog‘ozga tushiray, ular qiyomiga yetmagan bo‘lsa-da, nashr qilinsa bo‘ldi. Mening asosiy umrim, axir, oldinda-ku! O‘zimni to‘g‘rilab tuzatishga, astoydil o‘ylanib ijod qilish uchun behisob vaqt ham oldimda turibdi...» deb xayol qilishadi. Umr so‘qmoqlari bo‘ylab qadam tashlar ekansiz, tajri-bangiz ortgan sayin aql kosasi bir oz qaynay boshlagach «Hozirgi qili-nadigan ishlarni oldinroq qilsam bo‘lmasmidi?! Oldingi qilgan ishlarimni chala-chulpa, xom-xatala qilmay, ularga chin dildan ixlos bilan yondashib, qiyomiga yetkazib ishlasam bo‘lmasmidi?» deb o‘ki-nasiz. Biroq suzishni bilmay-digan odam suvga g‘arq bo‘lgach, o‘kinchdan hech qanday foyda bo‘l-magan. «So‘nggi pushaymon, o‘zingga dushman» deyishgan.
Kechagi yoki oldingi kun yozganla-ring bugun hech kimga foydasi tegmay yo‘qolib ketayotganini yodga olganda, yurakka qancha azob tushmaydi deysiz! Kechagi daqiqaning qaytib kelmasligi, o‘tgan umrning xazonga uchragan gulday so‘lib qol-gani hech kimga sir emas-ku, axir!
Shunday ekan, yoshlikdagi, ya’ni ijodkorning boshlovchilik davri-dagi ijodiy ishlariga alohida baho berish, uni aql tarozisidan qayta o‘tkazish har bir yozuvchi uchun juda-juda muhimdir.
Bugungi kunda boshlovchi ijod-korlarimizning ko‘pchiligi adabiyot maydoniga dorilfunun yoki institutlardan kirib kelishmoqda. Aytish mumkinki, ular go‘zal turmushga oyoq qo‘ygan, undan rohatlangan hamda unga odatlangan shaxslardir. Bizning hozirgi oqsoqol va yoshulli yozuvchilarimizning aksariyat qismini esa gazeta-jurnallar voyaga yetkazgan. Shu sababli ham ular mustaqil ish olib borishga majbur bo‘lib, o‘zlariga o‘zlari yo‘l ochish, adashishlardan afsuslanish, muvaffaqiyatlaridan xursand bo‘lish asnosida hayotiy tajribalarini ishlash jarayonida yuzaga keltirishgan. O‘sha vaqtlarda mening tengqurlarim, bizlardan ancha kichik yosh-yalang – barchasi o‘zlarini ilm olishga, savodli bo‘lishga safarbar qilishdi. Ular har kuni, har soat o‘qishdi, o‘rganishdi, xizmat qilishdi. Butun hayoti bilan o‘zligini ishga, adabiy jarayonga topshirishdi.
Bu davrda malakali xizmatchilar yetishmovchiligi, borlarida malaka-ko‘nikmalarining ozligi, tajribasizlik tufayli ishlarda qiyinchi-liklarning to‘lib-toshib yotishi hech kimga sir emasdi... Men, albatta, bu yerda oqsoqol yozuvchilar bilan boshlovchi ijodkorlarni bir-biriga qarshi qo‘yish, yoshlarning bugungi baxt-saodatlarini ko‘rib qizg‘anishni xayolimga ham keltirmayman. Hozirgi yoshlar sharoitlarining ustunligi, har tomonlama yengilliklarga egaligi bilan quvonarli. Biroq hayotga bo‘lgan mehr-muhabbatni, insonlarga diqqat-e’tiborni hech vaqt qo‘ldan bermaslik darkor.
Albatta, bizning yoshligimizda qandaydir ajoyibu g‘aroyibotlar, qiziqarli voqea-hodisalar yo‘q emasdi. Men Garaja Burunov bilan ikkalamiz oramizda bo‘lib o‘tgan musobaqani hozir esimga keltiraman. Uning bilan bir xonada yashab, kim ko‘p va xo‘b yozadi, degan ma’-noda bahslashib she’rlar yozardik. Esimda bor, o‘sha vaqtda maqtalgan «Qizlar dunyosi» asarim ushbu bahs-musobaqa asosida yozilgandi. O‘sha paytlarda biz – yoshlarda adabiyotga bo‘lgan havas nihoyatda kuchli edi. Men bu davrda faqat o‘zbek, ozarbayjon va tatar tillaridagi adabiyotlarni tinmay o‘qirdim, ruschaga yaxshi tushunmasdim. Har kuni tinimsiz o‘qish-o‘rganish nati-jasida rus tilidagi adabiyotlarga ham tishim o‘ta boshladi. Inson xolis niyat bilan fikrini jamlab intilsa, o‘z maqsadiga yetisha olishini o‘shanda fahmlaganman.
Shu vaqtgacha bizning adabiyoti-mizda shu kunning talabi bilan qaraganda nasr yo‘q edi. Tinimsiz o‘qish va o‘rganish, o‘qigan kitoblarimiz namunalaridan foydala-nish natijasi asosida nasr janri ham yuzaga keldi. O‘sha paytlarda biz ham ozmi-ko‘pmi badiiyatda adashgan vaqtimiz bo‘ldi. Shu tufayli tanqidchilar bizlarni yaxshigina «savalashdi», bizlar ham bu tanqidlarga chidadik. Chunki ular bizning ijodiyotimizga ko‘mak berardi.
Biz bir-birimizning asarimizni ba’zan qizg‘anib, ba’zan bir oz manmanlik, ammo aksariyat hollar-da sevgi bilan o‘qib, do‘stimizning kamchiliklariga achinardik, muvaf-faqiyatlaridan quvonardik. Xullas, asar badiiyatining yuqori bo‘lishiga alohida e’tibor qaratardik.
Nurmurod Sorixonov mendan yoshroq edi. Ilk daf’a u menga erga-shib ijod qilardi, mendan hikoyani qanday yozish, obraz va usullarni, qahramon harakatlarini qanday yaratish borasida maslahat so‘rardim. U o‘zidan tajribali hamkasbidan namuna olishga uyal-masdi. Bu holat uning ijodiga alohida yordam berardi. Kitob haqida men qachonlardir ixchamgina hikoya yozgandim. Biroq keyinroq N.Sorixonovning yozgan «Kitob» hikoyasi menikiga nisbatan nihoyatda o‘qishli bo‘lib chiqdi. Shu borada men mag‘lubiyatimni o‘z ixtiyorim ila bo‘ynimga olaman. Koshki shunday muvaffaqiyatli ishlar adabiyotimizda ko‘p bo‘lsa!
Qadrli yoshlar, sizlarning bunday g‘olibona harakatlaringizga oqsoqol yozuvchilardan kim qarshi bo‘ladi? Hech kim! Adabiyot maydoni-da kim bir qadam oldin yursa, barcha hurmat-ehtirom unga tegishli bo‘ladi!
To‘g‘ri, orqada qolsak, ayrimlarimiz ozmi-ko‘pmi xafa ham bo‘lishimiz mumkin. Ammo bunday ijodkor yoshullilar ko‘p emas. Sizlar qo‘lingizdan kelganicha bizlarni yengishga ko‘proq harakat qiling!
Yozuvchi saviyasining baland bo‘lishiga erishishi darkor. Bizning yoshlarimiz ijodida buning aksini ko‘rish mumkin. Birinchi kitobiga nisbatan ik-kinchi asari badiiy jihatdan sayoz bo‘lib chiqmoqda. Bu narsa o‘z ijodiga ortiqcha baho berish, badiiy ijod san’atini ehtiyot qilmay, o‘z kasb-korini oyoq osti qi-lishning natijasidir. Yozuvchi o‘z ustida tinimsiz ishlab, borgan cari yaxshi yozish haqida o‘ylashi kerak emasmi, axir?! Ming afsus, badiiy ijod yo‘nalishining zarur qoidalarini esdan chiqarish, uni pisand qilmaslik yozuvchilarimiz orasida uchrab turadi.
Namuna bo‘ladigan yoshlar bizning o‘zimizda ham yo‘q emas. Ularga Karim Gurbannepesov, Ollaberdi Haitov, Mammat Seyidov, Norimon Jumayev, Qayum Tangirquliyevlarni misol sifatida ko‘rsatish mumkin.
Ular har bir kunni g‘animat bilib, tinimsiz ijod qilishmoqda. Natijada o‘z asarlarini yuksak badiiyat darajasiga ko‘tarishmoqda. Men, xususan, Karim Gurbannepesovning ijodini alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. U she’riyat sohasida ijod qilishga juda usta. E’lon qilayotgan asarlari mazmuni ham yaxshi. Badiiyat sohasida Karimdan namuna oladigan yosh shoir adabiyot maydonida ishonchli qadam tashlashi shak-shubhasiz. Karimning «Taymaz bobo» dostoni qanday maqtalganini barchamiz yaxshi bilamiz. Badiiy yetukligi borasida men ham o‘sha fikrlarga qo‘shilaman. Uning ajoyib she’riy satrlari ilhom bi-lan yuzaga kelgan. Ularni o‘qi-ganingda ko‘ngil ko‘tariladi, tili ham sodda va fikri tiniq. Lekin men o‘sha maqtovlarning bir to-monini ma’qullayman. Badiiy asarning shakl va mazmuni bir-biriga hamohang bo‘lishi kerak. Karimning «Taymaz bobo»sida shakl va mazmun bir-biriga hamohang emas, ya’ni shakli juda yuqori da-rajada, mazmuni esa yaxshi eshilmagan ipday juda bo‘sh. Asarda ku-rash, qarshilik, konflikt yo‘q. Hayot, albatta, kurashdan iborat. Asarda kurash yo‘qmi – hayot ham yo‘q. Ayrim birodarlar «Taymaz bobo» ertak asosida yaratilgan deb uning kam-chiligini xaspo‘shlamoqchi bo‘lishadi. (Xalq yaratgan eng yaxshi ertaklarda kurash yo‘qmi?). Bu to‘g‘ri emas. Maqtovlarga to‘la ushbu baholar muallifning o‘zi uchun ham foydali emas. «Taymaz bobo» dagi voqealar bizning davrimizda bo‘lib o‘tadi. Ammo uning g‘arib-kambag‘al qahramonlari hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan boy-badavlatlar qaerga imo qilishsa, o‘sha tomon qarab ketaverishadi. Hatto hayvon ham ushlamoqchi bo‘lsangiz imkoniyati darajasida insonga qarshilik ko‘rsatadi-ku.
Karim «Taymaz bobo» ning ikkinchi bo‘limini, balki bundan kuchliroq bergan bo‘lishi mumkin. Biroq men uni hali o‘qiy olmadim. Karim o‘z dostonining mazmuniga ham badiiy shakliga e’tibor berganday diqqat qilsa, ushbu asari qo‘lma-qo‘l bo‘lib uzoq vaqt yashashi mumkin.
Badiiy ijod ko‘zgu kabi pokiza bir narsa. Uning yuzini chang bosmasligi uchun hamisha ijodkor o‘zini tergab turmog‘i zarur. O‘z ishing, o‘z qahramonlaring haqida doimo o‘ylash, hushyorlikni, sezgir-likni kuchaytirish, ko‘proq o‘qish, o‘rganish, mutolaa qilish – ijodiyotning eng zarur shartlaridan biri.
Men yaratgan asarlar orasida eng mashhurrog‘i «Dadil qadam» bo‘lsa kerak. Ana shu kitobimni qardosh xalqlarimiz adabiyotini, xususan, rus adabiyotini ko‘p o‘qiganim, o‘rganganimning natijasida yuzaga keltirganman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Men Tolstoy, Sholoxovning asarlarini tarjima qildim. Bu so‘z ustalarining o‘z obrazlari ustida qanday ishlashlariga, kompozitsiyani qanday tuzishlariga alohida ahamiyat berdim. To‘g‘risini aytsam, ana shunday badiiy asarlar orqali men adabiyot dorilfununini bitirdim. Men «Dadil qadam»ning tarjimonlari, muharrirlari, tanqidchilariga chin dildan minnatdorchiligimni bildiraman. Ular tomoni-dan bildirilgan fikr-mulohaza, talab va takliflar asosida men o‘z romanimni bir necha marta ishladim.
Yerga dehqon qancha ishlov bersa, yer shuncha ko‘p hosil berishi sin-gari, ijodkor asari ustida qan-chalik ko‘p ter to‘ksa, u shunchalik o‘qimishli bo‘ladi. Bundan tashqari, «Dadil qadam»dagi voqea-hodisalarni men besh barmog‘im kabi bilardim, bilmaganlarimni esa erinmay o‘rgangandim. Bu so‘zlarni men, albatta, o‘zimni ko‘rsatish uchun emas, balki tajribalarimni o‘rtoqlashish, yaxshi bilgan voqea-hodisalarni yoshlarga o‘rnak bo‘lsin deb yozyapman. O‘quvchilarimning buni e’tiborga olishlariga ishonaman.
Men 1930 yilda Turkmanistonga kelgan bir guruh rus yozuvchilari bilan bir qancha muddat respublikamiz hududlarida birga bo‘ldim (chinimni aytsam, o‘sha yozuvchilar bilan u yer-bu yerda uchrashib qolguday bo‘lsak, qardoshlarcha bir-birimizga hozir ham quchoq ochamiz). Nikolay Tixonov yon daftarchasini qo‘lidan qo‘ymay, sayohat davomida o‘zi uchun notanish hayotiy voqealarni o‘sha paytda sinchkovlik bilan kuzatib yozib borganini ko‘z oldimdan ketkaza olmayman. Leonid Leonovning «Yozuvchi bo‘lishni istasang, har kuni yozish kerak. Oz yoz, qisqa yoz, ammo har doim yozish shart» degan so‘zlari mening qalbimda juda mahkam o‘rnashib qolgan. Buning o‘zi shunchaki mashqmi? Yo‘q, aslo. U mehnat qilish madaniyatiga odatlanish, o‘z ijodiga chin dildan astoydil yondoshish demakdir. Seni yalqovlik kelib bossa, sen unga bo‘ysunma. Harakat qil! Ilhom kelmayaptimi, ish stoling ustida mahkam o‘tir! O‘ylan, ish vaqtida lozim bo‘lmagan narsalarning barchasini boshingdan uloqtir. Fikringni bir joyga jam-la! Yarat! Ana shundagina oddiy emas, qimmatbaho asar yuzaga keladi.
Yashirmayman, yoshlar ichida yengil muvaffaqiyat izidan yuguradiganlari ham yo‘q emas. Ularning asarlari xom-xatala, pishiq-puxta bo‘lmagani sababli bugungi yozganlari ertaga yo‘qolib ketmoqda. Badiiy jihatdan sayoz, bo‘sh asar bilan (gazeta-jurnal va nashriyot xodimlarining jo‘mardligiga ko‘ra) ancha-muncha hajmli qalam haqi ishlab olgan bilan haqiqiy obro‘-e’tibor, shon-shuhrat qozona olmasligini, kitobxonlar qalbidan chuqur joy ololmasligini ko‘p yosh ijodkorlarimiz anglab yetishmayapti. Xalqimizda «Cho‘ponga majlis harom» degan maqol bor. O‘sha naql yozuvchi uchun ham shunday bo‘lishi lozim.
Men bundan bir yil muqaddam Andrey Upitning 80 yillik yubileyiga qatnashgan edim. Bu ijodkorning ertalabdan peshinga qadar har kuni uzluksiz ishlaga-nini latish yozuvchilari menga haya-jonlanib so‘zlab berishgandi. Ana shunday mehnat qilgani uchun ham Upit o‘lmas asarlar yaratdi. Uning kitoblari o‘quvchining esidan chiqmaydi.
Yosh yozuvchi hayoti, turmushi, kun tartibi boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan bo‘lishi juda ahamiyatli masala. Fikrimcha, ayrim yozuvchilarimizning ishi toshbaqa yurishi singari davom etayotganday tuyuladi. Bizda ko‘p vaqt og‘ir karvonlik, beparvolik, o‘z umriga bepisandlik bilan qarash hukmronday. Do‘stlar taklif qilganda, albatta, boriladi, lekin ko‘proq o‘tiriladi, ortiqcha suhbatlashiladi. Ertaga cho‘lga chiqqing, indinga ovga borging keladi. Shu zaylda hafta, oy va yillarning bemaqsad o‘tib borishi ko‘paymoqda. Bulardan tashqari turli-tuman yig‘ilishlar ham ijodkorning juda ko‘p vaqtini o‘g‘irlaydi. Boshqa tomondan esa jazirama issiq kunlar boshlanay deb turibdi. Shu tariqa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, kunlar o‘tadi, yuzlarcha – minglarcha soat bo‘sh ketadi...
Aziz yosh do‘stlarim, sizlar, balki, buni sezayotgandirsiz, balki bilmayotgan¬dirsiz?! Bu soatlar, kunlarning o‘tgan vaqti sezilmasa-da, aqlingni bir oz jamlab, fikrga cho‘mganda darhol seziladi. Mening hayotimda ham hafta va oylarning, oltinga teng qimmatli damlarimning bemaqsad, besamar sarf bo‘l-gan vaqtlari bo‘lgan. Ming bor pushaymon bo‘laman, u onlarni eslaganda.
Kelinglar, biz ushbu qimmatli vaqtimizni bemaqsad o‘tkazmaslikka birgalashib harakat qilaylik!
O‘z vaqtida mening Nebitdog‘ (neftga boy joy) da ancha vaqt yashaganim sizlarga ma’lum. Neftchilar hayotining qaysi jihatlari meni lol qoldirganini siz, balki, bilmassiz? Men bu yerda o‘ziga xos ajoyibu g‘aroyib holatlar bilan oshno bo‘lardim. Bu joydagi ishchi, texnik, muhandis va boshqa muta-xassislarning ish kuni nihoyatda murakkab, sanoatda ular barchasining ishi bir-biriga uzviy bog‘liq. Agar ulardan biri o‘z ishini vaqtida bajara olmasa, masalan, elektr stantsiyasi tok bermasa, barcha harakatdagi mexanizmlar taqataq to‘xaydi. Bu yerda ish tartib-intizomi, turmush ritmi nihoyatda aniq, nihoyatda tig‘iz, nihoyatda haybatli. Shuning uchun ham bu yerdagi odamlarda ishga, turmushga nihoyatda hushyorlik bilan munosabatda bo‘lish shakllangan. Umumiy ish uchun ularning har biri o‘zini mas’uliyatli deb bilishadi.
Biz yozuvchilar, xususan, yosh ijodkorlar o‘sha tartib-intizomni, o‘sha tuyg‘uni nima uchun o‘zimizda sinab ko‘ra olmasligimiz kerak ekan? Bizning har birimiz oqsoqlansak, boshqa ijodkorning o‘sishi, rivojlanishiga salbiy ta’sir qilgan bo‘lamiz-ku, axir! «Qo‘l-qo‘lni yuvar, ikki qo‘l birikib yuzni yuvar» deganlariday, bizning ham ishimiz umumiy bir ish axir! Kelinglar, bizlar ham hayot bilan hamqadam bo‘lishni, tez va dadil fikrlashni, sifatli va ko‘p ish qilishni, o‘z birodarlarimizga mehribon his-tuyg‘u bilan munosabatda bo‘lishni ishchi do‘stlarimizdan o‘rganaylik!
Men ta’na-doshnomlarga to‘la poyintar-soyintar ushbu fikrlarimni faqat bir maqsad uchun, ya’ni bizning sa’y harakatimiz, kelajagimiz va ishonchimiz bo‘lgan yoshlar yodiga yana bir karra solish uchun bayon qildim. Chunki yozuvchilik ishi nihoyatda ahamiyatli, nihoyatda ulkan ishdir! Adabiyot olamiga butun yurak amri bilan nihoyatda qiziqib hamda chin dildan yopishmoq lozim. Adabiyot buni har biri-mizdan talab qiladigan va shunga arziydigan ulkan bir ijod ummo-nidir!
Men o‘tgan yili Mari viloyati-dagi bir jamoa xo‘jaligida bo‘ldim. Jamoa mehnatchilari bilan ochiq-oydin jonli suhbat olib bordik. O‘sha joyda mutlaqo xayolimga kelmagan bir holat yuz berdi. Yoshulli bir odam «Qizlar dunyosi»ni yoddan o‘qiy boshladi. Men uning bu harakatidan juda xursand bo‘ldim. Shaxsan o‘zim o‘sha yozgan poemamni hech qachon yoddan ayta olmasdim. So‘nggi vaqtlarda esa uning satrlarini ham unutgandim... Men bularni xalqimizning adabiyotga cheksiz havas bilan qarayotganini yana bir bor eslatib qo‘yish uchun tilga olyapman.
Biz yozuvchilar xalq uchun va xalq haqida ijod etamiz. Xalqqa xizmat qilishdan boshqa biror hurmatli va mas’uliyatli ish yo‘q. O‘sha xizmatning o‘zi shunchaki yuzaki harakat bo‘lmay, chin dildan qaynab chiqqan harakat bo‘lishi darkor. Shoir, yozuvchi va tanqidchining yuragi o‘shanda kam-ko‘stsiz mavjlanadi. Biz xizmat qilayotgan ishimizning nihoyatda yuksakligini hech kim hech qachon bir daqiqa ham esdan chiqazmasligi, yuragining har bir urishida uni doimo his qilib turmog‘i lozim.
Xalqning qo‘limizga bergan va bizga ishongan yarog‘i nihoyatda keskir. Biz o‘sha yaroqni doimo pokiza saqlab, muqaddas ish uchun tinimsiz pok yurak bilan ishlataylik.

1958 yil

Turkman tilidan Masharif Safarov, Azimboy Boboniyozovlar tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.