OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Devid Lourens. O‘g‘illar (hikoya)

Shanba oqshomi edi, Paul Kestondan uyiga qaytayotib, muyulishga burilishi bilanoq Sezli Brij Stantsiyasidan birgalikda kelishayotgan otasi bilan onasiga ko‘zi tushdi. Ular tamomila holdan toygancha qorong‘uda bazo‘r, jimgina sudralib qadam bosishardi. Bola biroz kutib turdi.
 “Oyi!”- deb chaqirdi u nihoyat.
 Morel xonimning qumursqaday qomati qilt ham etmaganday bo‘lib ko‘rindi. Paul tag‘in chaqirdi.
 “Paul!”- deya zo‘rg‘a ovoz berdi onasi.
 U indamaygina o‘g‘liga o‘pishi uchun yuzini tutdi, aftidan onasi Paulning kelishidan bexabardek edi.
 Uy ichida onasi har doimgiday bir xil suratda yurardi – o‘shanday kichik jussa, rangpar, beso‘z. U hech narsani payqamas, hech nima demasdi, faqatgina ahyon-ahyonda:
 “Tobut shu kecha bu yerga olib kelinadi, Uolter. U yoq-bu yoqqa qarab qo‘ysang bo‘lardi”, - deb qo‘yardi. So‘ngra bolalarga o‘girilib:
 “Biz uni uyga olib kelayapmiz”, - deya xabardor etgan bo‘lardi.
 Shundan keyin u yana o‘zining avvalgi suratiga kirar, qo‘llarini tizzalari ustida qovushtirgancha qorong‘u bo‘shliqqa unsiz tikilib qolardi. Onasining bunday o‘tirishiga ko‘zi tushishi bilan Paulning yuragi portlaguday bo‘lib siqilib ketardi. Butun uy qabristonday jim-jit edi.
 “Men ishga bordim, oyi”, - dedi Paul g‘amga botib.
 “Ha-a, bordingmi?”- deb qo‘ya qoldi onasi ma’yus, parishonxotir alfozda.
 Oradan bir yarim soatcha vaqt o‘tgach, janob Morel mahzun holatda gangigancha yana uyga kirib keldi.
 “Uni qaerga qo‘yamiz?”- deya xotinidan sekin so‘radi u.
 “Old tarafdagi xonaga”.
 “Unday bo‘lsa, stolni hozirlay qolay?”
 “Ha, albatta”.
 “Stolni birlashtirib qo‘ya qolsammikan-a?”
 “O‘zing bilasan – ha, mayli, menimcha ham shunday bo‘lgani ma’qul”. Paul otasi bilan birga qo‘llarida sham tutganicha mehmonxonaga qarab yo‘l olishdi. Mehmonxonada gaz yo‘q edi. Janob Morel qizg‘ish-jigarrang tusdagi kattagina duxovka stolini bo‘shatdi, keyin xonaning o‘rtasini tozaladi; shundan so‘ng olti dona stulni bir-biriga tumshug‘ini tekizib jipslashtirib chiqdi, ana shunday qilinsa, tuzukkina karavot hosil bo‘lar va tobutni bu karavot ustiga bemalol joylasa bo‘lardi.
 “Uning bo‘yiday novcha bo‘yni umringda uchratmagan bo‘lsang kerak”, - deb ming‘irlab qo‘ydi konda xizmat qiluvchi janob Morel. Tinimsiz yugur-yugurlardan uning tinka-madori qurib, gavdasi shalvirab qolgandi.
 Paul deraza oldiga borib, tashqariga ko‘z tashladi. Quyuq qorong‘ulik qo‘ynida qarshisidagi qari shumtol daraxti haybat bilan yanada qorayib turardi.
 Oysiz xira tun kechardi. Paul onasining oldiga qaytib ketdi.
 Soat o‘nga bong urganida janob Morelning sarosimali ovozi yangradi:
 “Olib kelishdi!”
 Hamma bir zumda ishga tushib ketdi. Oldi eshikning qulfi buzilib, eshik ochilishi bilan vahimali tun sharpasi ham to‘ppa-to‘g‘ri xona ichiga bostirib kirdi.
 “Yana sham olib keling!” - deb baqirdi janob Morel.
 Anna bilan Artur shamga ketishdi. Paul esa onasiga ergashdi. Ichkarida koridor bo‘ylab ketisharkan, u onasining belidan quchoqlab oldi. Pastda bo‘lsa, xonaning o‘rtasida bir-biriga ro‘baro‘ qilib qo‘yilgan olti dona stul tobutga mushtoq turardi. Artur deraza yonidagi ipak pardani qayrigancha bitta shamni tutib turar, ochiq eshik og‘zida esa tun qorong‘uligini ozg‘in gavdasi bilan to‘sgancha Anna oldinga xiyol egilibroq turardi, uning sariq jezdan yasalgan shamdoni porillab yonardi. Shu payt g‘ildiraklarning shovqini eshitildi. Tashqarida, zimiston ko‘cha bag‘rida Paul otlar bilan qandaydir qora aravani, birgina chiroq ko‘targan ikki-uchta oqarib ketgan yuzlarni ko‘rdi: birdan yana uch-to‘rtta konchilar ko‘zga tashlandi, ular xuddi zulmatga qarshi kurashmoqchi bo‘lganday yenglarini kalta qilib shimarib olishgandi. Ko‘p o‘tmay ulkan tobutni egilib-bukilgancha ko‘tarib olgan ikkita erkak gavdasi ko‘rindi. Bu janob Morel bilan uning hamsoyasi edi.
 “Mahkam tuting!”- deb baqirardi janob Morel nafasi og‘ziga tiqilib.
 U bilan birga qo‘shnisi bog‘ning tik tushgan zinalari uzra arang ko‘tarilisharkan, xira sham yog‘dusida bazo‘r ko‘zga chalinayotgan ulkan tobutni ham ehtiyot qilib tepaga olib chiqishmoqda edi. Qolgan erkaklar ularning orqasida kuymalanib qolishdi. Morel va qo‘shnisi Burns esa hammadan oldinda tobut ostida gandiraklagancha ketishar, bahaybat qora tobut ham suv yuzidagi katta kema misol chayqalib borardi.
 “Mahkamroq, mahkamroq!”- deya tinmasdan baqirib ketardi janob Morel, keksa otaning navqiron o‘g‘lining jonsiz jasadiga jonu jahoni og‘rib ketardi.
 Xona ichidagi olti dona stuldan yasatilgan “karavot” uzra bahaybat tobut azot ko‘tarildi. Bo‘sag‘ada ikki-uch kishining qadami qoldi. Pastda zim-ziyo yo‘lak uzra aravaning sariq lampasigina yarqirab ko‘rinib turardi.
 “Qani endi!”- deya buyurdi janob Morel.
 Tobut bir chayqaldi-da, so‘ngra erkaklar uni bor kuchlari bilan o‘z joyiga o‘rnatib qo‘yishdi. Annaning shami o‘chay-o‘chay deb qolgandi, qizning o‘zi esa birinchi erkak ko‘rinishi bilan zorlanib yig‘lashni boshlab yuborgandi. Olti nafar konchi erkaklar boshlarini eggancha xona ichiga birma-bir kirib kelisharkan, go‘yoki tobutni, uzoqlarda qoldirmay bus-butun olib kelish bilan marhumning yaqinlari g‘amini andak bo‘lsa-da yengillatdik, deganday mamnun boqishardi.
 “O, bolajonim-a, o‘g‘ilginam!”- Morel xonimning ma’yus ovozi mahzun qo‘shiqday jaranglab ketdi, har gal erkaklar tobut oldiga borishlari bilan ayol yana-da balandroq dod solar edi:
 “O, o‘g‘ilginam, mening o‘g‘ilginam, mening bolajonim!”
 “Oyijon!”- deb hiqillardi Paul onasining belidan quchoqlagancha, “Oyi!”
 Ammo oyisi uni eshitmasdi.
 “O, bolajonim-a, mening o‘g‘ilginam-a!”- deya tinmay faryod solardi ayol.
 Paulning nazari otasining qalin qoshlari uchidan oqib tushayotgan ter tomchilariga tushdi. Olti nafar konchi erkaklar hamon xonada edilar – olti nafar paltosiz, sovuqda uvushgan erkaklar oyoq-qo‘llari bir-biriga tegmay, g‘urbatga to‘la xona ichida jihozlarni taraq-turuq qilgancha haliyam tobutni mahkamroq qilib joylash uchun jon-jahdlari bilan ishlardilar. Ulkan tobut nihoyat oxirgi marta bir qalqigach, boyagi stullar ustida muqim qaror topdi. Janob Morelning yuzidan oqqan ter tomchilari uning soqolini ham yalab tushardi.
 “Pahlavonday yigit bo‘lgan ekan!”- deya xitob qildi bir erkak, qolgan besh nafar konchi ham og‘ir uh tortib, uning gapini tasdiqlab qo‘yishdi, so‘ngra zinalar bo‘ylab tag‘in pastga tushib ketishdi, bog‘ eshigi ular ketishi bilan yana yopildi.
 Butun oila mehmonxona ichida, qora tobut atrofida yolg‘iz qolishdi.
 Tobut qo‘ynida mangu oromga ketgan Uilyam darhaqiqat norg‘ul yigit bo‘lgandi. Och-jigarrang tusdagi, puxta-pishiq qilib ishlangan mana bu sovuq quti ichida u endi ulkan haykal misol qotib yotardi. Paul hech qachon akam bu muz quti ichidan chiqib, shu xona ichida endi biz bilan qo‘shilib shodon o‘tirmaydi, deya ich-ichidan ezilardi. Sho‘rlik onasi esa sayqallangan bu to‘rtburchak yog‘och atrofini titragan barmoqlari bilan tinmay silab-siypalardi.
 Morellar o‘g‘lini dushanba kuni, katta ibodatxona bilan uylar tarafga dalalar osha qarab turgan tepalik ustidagi kichkinagina qabristonga dafn qilishdi. Charaqlab turgan quyosh ham, gul-gul yashnab ochilgan oppoq xirozantemalar ham azador oila ruhiga jindek bo‘lsayam iliqlik olib kirolmasdi.
 O‘g‘lining vafotidan so‘ng Morel xonimning yashashga va hayot zavqini surishga zig‘irdak ham ishonchi qolmagandi. U o‘sha mahzun suratda, o‘sha-o‘sha beso‘zligicha qoldi. Uyga qaytayotib, butun yo‘l bo‘yi u poezd ichida o‘ziga-o‘zi faqat shu so‘zlarnigina pichirlab, kuyunib keldi: “O, Xudoyim-ey, o‘g‘limning emas, mening jonimni olsang bo‘lmasmidi!”
 Paul kechalari uyga kelganida onasini kundalik yumushlarini bitirib bo‘lganidan keyin qo‘llarini tizzasidagi dag‘al fartugi ustida qovushtirgancha g‘amguzor bo‘lib o‘tirgan holatini ko‘rardi. Onasi avvallari hamisha ishlarini qilib bo‘lgach, kiyimlarini almashtirib olar, odatda u qora fartuk tutib olardi. Endi Paulning kechki ovqatini ham Anna hozirlab berar, onasi bo‘lsa uning ro‘parasida lablarini mahkam qimtigancha qandaydir bo‘shliqqa ma’nosiz termulib o‘tiraverardi. Shunday paytlarda Paul bironta yangilik aytib onasini chalg‘itishga o‘zicha urinib ko‘rardi.
 “Oyi, Miss Jordan bugun negadir ipakday mayinlashib qolibdi, u shaxta bo‘yicha chizgan eskizimga yuqori baho berdi”.
 Biroq Morel xonimga bu ham ta’sir qilmasdi. Har oqshom onasining qulog‘iga kirmasa-da Paul o‘zini-o‘zi majburlab xilma-xil yangiliklar o‘ylab topardi. Oqibat onasining bunday o‘tiraverishi Paulni aqldan ozdirguday holatga olib keldi.
Oxiri u:
 “Oyi, sizga nima bo‘lyapti o‘zi?” – deya jon achchig‘ida so‘radi.
 Onasi qilt etmadi.
 “Men sizdan so‘rayapman, oyi, nima gap?”- deya qaysarlik bilan yana takrorlardi Paul. “Gapirsangiz-chi axir, sizga nima bo‘lyapti o‘zi?!”
 “Nima bo‘lganini o‘zing yaxshi bilasan-ku”, - jizzakilik bilan unga o‘girilib qaradi onasi.
 O‘n olti yoshli o‘spirin – Paul ruhi ezilib, yostiqqa boshini qo‘ydi. Oradan oktyabr o‘tdi, noyabr, dekabr ham o‘tdi, lekin Paul og‘ir tushkunlikdan chiqib ketolmadi, u hayotdan butkul uzilgan ruhda atrofiga so‘nik nazar tashlardi. Morel xonim esa ming urinib ko‘rsayam hech o‘zini qo‘lga ololmasdi. Uning butun fikru yodi o‘lib ketgan o‘g‘lida qolgandi; holbuki yonidagi tirik o‘g‘li-da o‘z-o‘zini shafqatsizlarcha o‘lishga mahkum etib bo‘lgandi.
 Alaloqibat, yigirma uchinchi dekabr kuni kissasida Rojdestvo bayrami uchun olgan besh shillingi bilan Paul uyga hushsiz holda kirib keldi. Uni bu alfozda ko‘rgan onasining birdan rangu quti o‘chib ketdi.
 “Senga nima bo‘ldi?”- deya so‘radi u dahshatga tushib.
 “Yomon bo‘lib ketayapman, oyi!”- deya pichirladi Paul. “Janob Jordan menga Rojdestvoga deb besh shilling in’om etdi!”
 Paul onasiga titrayotgan qo‘llari bilan pulni uzatdi. Morel xonim pulni stol ustiga qo‘ydi.
 “Siz xursand emassiz!”- deya o‘kindi Paul onasiga boqib, tanasining qaltirashi esa battar kuchayib ketdi.
 “Qaering og‘riyapti?”- o‘g‘lining paltosi tugmalarini yecharkan, vahima bilan so‘radi Morel xonim.
 Bu eski, odatiy savol edi.
 “Negadir yomon bo‘lib ketayapman, oyi!”
 Onasi Paulni yechintirib, karavotiga yotqizdi. Doktor unga, qattiq zotiljam bo‘lib qolgan, deb tashxis qo‘ydi.
 “Agar uni Nottingxemga yubormay, uyda olib o‘tirganimda shu ahvolga tushib qolmasmidi?!”- Morel xonimning tiliga birinchi bo‘lib shu savol keldi.
 “Ha, xarholda bu qadar yomon darajaga kelib qolmasdi”, - deya tasdiqlab qo‘ydi doktor ham. Ana shundan keyin Morel xonim o‘zini o‘zi ayblay ketdi.
 “Faqat o‘ligiga emas, tirigiga ham jon koyitishim kerak ekan”, - deya o‘kinardi ona.
 Paulning ahvoli og‘irlashdi. Onasi kechalari u bilan birga yotardi, negaki ular hamshira yollay olisholmasdi. Paul borgan sari og‘irlashib borar, oilaning iqtisodiy holati ham tang sharoitga kelib qolgandi. Bir kechasi u tamoman quvvati ketib, es-hushini yo‘qotdi; go‘yoki tanasidagi jamiki hujayralarining bari quriganday behuzur bo‘laverdi, aqlu idroki so‘nggi harakat uchqunlarini sochib, xuddi devonaday aljiray boshladi:
 “Men o‘lyapman, oyi!”- deya qichqirardi Paul, nafas olish uchun yostig‘idan bazo‘r boshini ko‘tararkan. Onasi Paulni dast ko‘tarib oldi-da, zaif ovozda hiqilladi:
 “O, o‘g‘ilginam-ey, unaqa dema, o‘g‘lim!”
 Onasining faryodi Paulga kuch berganday bo‘ldi. U nihoyat, ona taftini anglay boshladi. Paulning butun ruhi qayta tiklandi-yu, tag‘in qurib qolgan vujudini boshqatdan qamrab oldi. Paul onasining ko‘ksiga boshini qo‘ydi-yu, ona mehri tufayli hayot nafasini his qilganday bo‘ldi.
 “Bir tomondan -”, - deya keyinchalik gapirib berdi Paulning xolasi, “O‘sha Rojdestvo arafasida Paulning og‘rib qolishi xosiyatli keldi. Men aniq ishondimki, Paulning yotib qolishi onasini oyoqqa turg‘azdi”.
 Qariyb yetti hafta mobaynida Paul to‘shakdan turmadi. U boshini ko‘targanida tamoman kuchsiz va rangpar holda edi. Otasi o‘g‘li uchun bir dasta qip-qizil lola sotib oldi. Paul onasi bilan divanda gaplashib o‘tirgan daqiqalarda deraza oldiga qo‘yilgan lolalar mart quyoshi nurida yal-yal tovlanib turardi. Ikki jonu jigar bir-birlarining bag‘riga singib ketishgandi. Paulning sog‘ayib ketishi Morel xonimning ham qurigan hayot ildizlariga qayta jon ato etdi.
 Uilyam esa allaqachon farishta bo‘lib uchib ketgandi. Rojdestvo bayrami kuni Morel xonim singlisidan kichkinagina sovg‘a bilan bir maktub oldi. Singlisi bayram kechasi to‘g‘risida hayajonga to‘lib yozib yuborgandi.
 “Bayram oqshomida balda ishtirok etdim. Bir gala hushchaqchaq odamlar to‘plangan ekan, ularga qo‘shilib, rosa maza qilibman”, - deya yozib yuborgandi singlisi. “Hamma raqsga o‘ynayveribman – birontasidayam joyimda tek o‘tirmabman”.
 Morel xonim singlisidan hech bunday gaplarni eshitmagan edi.
 O‘g‘illari Uilyamning vafotidan keyin janob Morel va xotini bir-birlariga suyanib qolishdi. Janob Morel xona ichida parishonxotir holda aylanib yurar, gohida bir nuqtaga tikilgancha turib qolardi. Keyin esa to‘satdan o‘ziga kelardi-da, Sri Spots tomon shoshilgancha jo‘nab qolar, birozdan so‘ng ancha o‘ziga kelib uyga qaytib kelardi. Lekin janob Morel bir umr o‘g‘li ishlagan ofis oldidan – Shipston yonidan biror marta ham o‘tmadi va umr bo‘yi qabristonlardan qochib yurdi.
 
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.