OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gregorio Lopes. Lenchoning iltimosi (hajviya)

Lenchoning kaftdekkina yeri bo‘lib, unda yolg‘iz o‘zi ishlardi. Bu yil jo‘xori, yoniga loviya ekkan edi, hosil durust bo‘ladigan ko‘rinadi. Yomg‘ir quyib bersa qaniydi. 
Odatdagi tonglarning birida Lencho — ekin-tikin nimaligini tushunadigan, o‘ta ishonuvchan dehqon — shimol tarafdan suzib kelayotgan bulutlarga qarab bashorat qila boshladi. 
— Hozir yomg‘ir yog‘adi, xotin, yerimiz bugun suvga qonadi.
Ovqat tayyorlayotgan Lenchoning xotini o‘zicha ming‘irladi:
— Xudo xohlasa.
Oradan ko‘p o‘tmay, nonushta paytida, Lencho aytganidek, yomg‘ir yirik-yirik tomchilay boshladi.
— Tasavvur qilinglar bolalarim, — dedi hayajonini yashirolmagan Lencho stol atrofini to‘ldirib o‘tirgan farzandlariga qarata. — Yomg‘ir tomchilari, sizlar o‘ylagandek, suv emas, pullar. Katta, yirik tomchilar o‘n, maydalari besh sentavolik tanga.
Shu payt kutilmaganda kuchli shamol esib, ey xudo, shu yetmay turgan edi, yomg‘irga qo‘shib do‘l yog‘a boshladi.
— Ha, bunisi endi yomon bo‘ldi, — afsuslanib bosh chayqadi Lencho. — Ishqilib o‘tib ketsin-da!
Lekin shamol va do‘l Lencho aytgandek tezda tina qolmadi. Taxminan bir soatlar tinimsiz yog‘gan do‘l uy tomini ham, bir parcha ekin dalasini ham rasvo qildi. Shamol tinib, yomg‘ir to‘xtaganida kayfiyati tushib ketgan Lencho bolalariga qarab sekin so‘zlay boshladi:
— Do‘l bizga hech narsa qoldirmadi. Barcha mehnatimizni yo‘qqa chiqardi. Bu yil endi och qolishimiz aniq...
Yakshanba kuni Lencho hech bir ish qilmadi, kun bo‘yi o‘tirib xat yozdi va shu kuniyoq uni qishloq markazidagi pochtaga olib borib tashladi.
Bu, shunchaki, Xudoga yozilgan xat edi, xolos...
“Parvardigorim, — deb boshlanardi xat, — agar menga yordam bermasang, bu yil butun oilam bilan och qolaman; menga urug‘lik sotib olish, hosilni yig‘ib olgunimga qadar tirikchilik uchun yuz peso kerak. Sababi bu yilgi hosil do‘l ostida qolib...”
Xatning yuboriladigan manziliga “Xudoga” deb imzo chekkan Lencho g‘oyat tashvishli qiyofada qishloqqa yo‘l oldi. Pochta idorasidan marka sotib olib xatga yopishtirdi-yu, darhol qutiga tashladi...
...Xat tashuvchi boshlig‘ining xonasiga kirib kelar ekan, o‘zini kulgidan to‘xtatolmasdi. U qo‘lidagi antiqa — Xudoga yozilgan xatni rahbariga tutqazdi.
Xodimi bilan miriqib kulishgan qishloq pochta idorasi boshlig‘ida to‘satdan xatga javob yozish istagi tug‘ildi. Xatni o‘qib chiqqach, faqat quruq so‘zlar bilangina javob xati yo‘llash kamlik qilishini anglab yetdi. Shundan so‘ng barcha xodimlaridan pul yig‘di, o‘z maoshining bir qismini ajratdi, kamiga boshqalardan ham yordam so‘radi.
Lekin baribir Lencho so‘ragan yuz peso to‘plashning iloji bo‘lmadi va dehqonga yig‘ilgan ellik pesodan sal ko‘proq mablag‘ni jo‘natishga ahd qildi.
Pullarni obdon taxlab konvertga joylagan boshliq unga qo‘shimcha xat ham ilova qildi. Unda faqat birgina so‘z yozilgandi: “Xudodan”.
Kelasi yakshanba kuni Lencho xat bor-yo‘qligini so‘rash uchun pochtaga juda barvaqt keldi. Idorada dehqonning xatini olib o‘qigan xodim kutib o‘tirar, boshliq esa o‘z xonasi derazasidan bu hangoma nima bilan tugashini kutib, kulimsiragan ko‘yi voqealarni kuzatib turardi.
Xat kelganini bilgan Lencho bundan zarracha ham ajablanmadi, chunki u Xudo maktubni javobsiz qoldirmasligiga qattiq ishonar edi. Lekin xatni ochib pulni sanab ko‘rgach, kayfiyati tushib ketdi... Axir, Xudoning adashishi mumkin emas-ku!.. Lencho xodimning yoniga borib undan qog‘oz va qalam so‘rab oldi. So‘ng stolga o‘tirib xat yoza boshladi. Pochtadan yangi konvert va marka sotib olib xatni yaxshilab joyladi-da, sekin borib qutiga tashladi.
Dehqon pochtadan chiqishi bilanoq idora rahbari qutining yoniga yugurib keldi, hozirgina tashlangan, yelimi hali qurib ulgurmagan xatni ochdi-yu, o‘qiy boshladi. Unda shunday deyilgandi: “Yaratgan egam, marhamating uchun qulluq. Ammo menga yuborgan pulning oltmish pesodan kamrog‘i yetib keldi, xolos. Iltimos, qolganini ham jo‘natsang, chunki har bir peso menga judayam zarur. Lekin ularni pochta orqali yubormasang yaxshi bo‘lardi, chunki pochta idorasi xo‘jayini, ishchilari o‘lgudek ziqna, ochko‘z va aldoqchi odamlar. Lencho.” 

Ispan tilidan Jamshid Matyoqubov tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.