OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kim Sok Tae. Kampir voqeasi (hajviya)

Futbol shunday o’yinki, u o’ziga barchani birday rom eta oladi. Hozir futbol o’ynamaydigan mamlakat yo’q, hisobi. Mamlakatimizda ham futbolni jonidan ortiq ko’rishadi. Jahon chempionati kabi musobaqa esa bizni birlashtiradi…
2002 yili bo’lgan o’sha voqeani eslasam haligacha yuzimga tabassum kelaveradi. O’shanda butun yurtimiz futbol bilan uxlab, futbol bilan uyg’ongan paytlar. Axir Jahon chepmionatiday musobaqani tashkil etish har qaysi mamlakatga ham nasib etavermaydi. Terma jamoamiz Portugaliya bilan o’ynaydigan kun edi. Ko’chalar yuzidan oyog’i qadar qizil rangga burkangan futbol fanatlari bilan liq to’lgan. Hamma o’yingohga oshiqadi. Kim ham shunday ajoyib o’yinning jonli guvohi bo’lishni hohlamaydi, deysiz. Men ham to’lqin misol o’yingohga oshiqayotgan to’daga aralashib ketdim. 
- Nima qilasiz, buvijon? Yaxshisi yuring televizorda ko’ramiz!-degan ovoz qulog’imga baralla eshitildi. Mundoq qarasam, to’qsonlarni urgan kampirni bir o’smir yigitcha yetaklab o’yingohga kiryapti.
- Bekorlarning beshtasini aytibsan! Umrim bino bo’lib bir martagina kirsam nima qipti?-dedi kampir futbolga unchalik qiziqmaydigan nabirasiga ro’yxo’shlik bermasdan. 
Men kampirdan ko’z uzmasdim. U ozg’in, qotmadan kelgan, xirillab nafas olishi shundoq eshitilib turibdi. Kampir va uning nabirasi menga yonma-yon joyga o’tirishdi. Kampir yelkamga turtkilab so’z boshladi:
- Bolam, hayotimda birinchi marta bu yerga kirishim. Hamma kelayotganini ko’rib men ham kelaverdim. Bu yerda nima bo’ladi o’zi?
Men o’zimni kulgudan zo’rg’a tutib turgancha:
- To’p tepadigan musobaqa bo’ladi, dedim kampirga tushuntirishga urinib.
U esa nabirasiga o’shqirdi:
- Ana ko’rdingmi? Shunchaki bir o’yin bo’larkanku. Sen bo’lsang mening jonimni sug’urib olay, deding-a…
- Bu yer shovqin-suron bo’ladi. Yiqilib tushsangiz, sizga kim yordam beradi? Shuni o’yladim-da,-dedi nabirasi ko’zi suzilib.
Kampir baribir o’yinga tushunmadi. Lekin maydondan ko’zini uzmasdan atrofni diqqat bilan kuzataverdi. O’yin ham boshlandi. Butun o’yingoh oyoqqa turgancha, qalqigan. Futbolchilarimiz maydonda burgut kabi uchishadi. Pak Ji Sun portugaliyaliklar darvozasini zabt etgan maxali quloqlarni kar qilgulik quvonchli xayqiriqlar yangradi. Yonimdagi kampir ham o’rnidan turgancha inqillab-inqillab tebrandi. Bir zumlik xayqiriqdan so’ng, kampir yana meni turtkiladi:
- Bolam, anovi sariq kishi nega quvonyapti?-dedi bosh murabbiyimiz Gus Xiddinkka ishora qilib.
Yana tushuntirishga urindim:
- U bizning jamoamizning murabbiyi!
Kampir Gus Xiddinkka yaxshilab razm soldi va:
- Haaa… Shunaqami? Lekin ko’rinishidan koreysga umuman o’xshamaskanku?! Ayniqsa, ko’zining biznikiga zarracha ham o’xshash joyi yo’q, - dedi.
Men kampirning bu gapidan qotib-qotib kuldim.

Koreys tilidan Otabek Yo’ldoshev tarjimasi 

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.