OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Ozay. Jannat bog‘i (hikoya)

Ustozim Hikmat Turkka bag‘ishlayman.


Bu shaharchada juda ko‘p bog‘lar bor edi, lekin ulardan birortasiyam keksa o‘qituvchi Haydar Gurerning bog‘idek shuhrat qozonmagandi. Bu bog‘ atigi to‘rt dyonyumgina  yerni egallashiga qaramay, odamning jonidan boshqa hamma narsa topilardi: o‘rik, nokning har xil turlari, gilos, olcha, zardoli, shaftoli va boshqalar. Uzumning turli navlari ishkom-ishkom qilib ekilgan edi: razzoqi, buvaki, muskati, daroyi, husayni, shivilg‘oni, chillaki, kishmish. Sizga uzumning yana boshqa birorta navi ma’lum bo‘lsa ayting, ularning hammasi keksa o‘qituvchining bog‘idan topiladi. Mushmulaning  barcha turlari, olmalar, behi, anor. Haydar Gurerning o‘zi esa bebaho odam edi! Agar, mabodo, nok yoki olmaning falon navidan o‘zida yo‘qligini eshitib qolsa bormi, uni topmaguncha qo‘ymasdi — mamlakatning har bir burchagiga xat yuborar, so‘rab-surishtirar va nihoyat, endigina kurtak olgan niholchani topib kelar va uni o‘zi payvand qilardi.
Taftishchi amaldorlar, guberna boshliqlari, bu shaharchaga xizmat yuzasidan keladigan harbiylar, shuningdek, hangomatalablar ham keksa o‘qituvchi Haydar Gurerning bog‘ini tomosha qilish uchun albatta qadam ranjida qilardilar. Shaharchaga keluvchilar bog‘ sayrini o‘zlari uchun ham farz, ham qarz hisoblashar, keyinchalik boshliqlarga safar natijalaridan hisobot bera turib, gap orasida bog‘ni ham qistirib o‘tishardi:
— Ruxsatingiz bilan, bey afandim, kechga tomon iste’fodagi o‘qituvchi Haydar Gurerning bog‘iga boruvdim. Siz, balki u haqda eshitgan bo‘lsangiz, kerak. Haqiqatanam, bog‘misan bog‘ ekanda, o‘ziyam! U yerda qanday meva daraxtlari yo‘q deysiz, bey afandim! Butun boshli dahadan kunduzi chiroq yoqib bunday bog‘ni topolmaysiz! Bu bog‘ shaharchadan bir chaqirim nari-berisida joylashgan, bey afandim.

* * *

Bundan besh yil oldin Haydar Gurer yoshiga qarab, o‘qituvchiligining o‘ttiz sakkizinchi yili iste’foga chiqdi. U xushchaqchaq, sertabassum, juda ham xushmuomala qariya edi. Pedagogika bilim yurtini tugatganidan keyin uni Gursu okrugiga ishga yuborishdi. Usha joyda u bir yilga yaqin o‘qituvchilik qildida, keyinchalik ona shaharchasida o‘qituvchilik qilayotgan Inegyollik hamkasabasi bilan joy almashishdi, Ushandan beri o‘ttiz sakkiz yil davomida shu yerda ishladi, Shaharchaning deyarli hamma aholisi uning qo‘lida o‘qishgandi. Kattalarga ham xalq sinflarida yangi alifbo ni u o‘rgatgandi. Advokat ham, injener ham, vrach ham, o‘qituvchi ham, qoymaqom  ham, voliy ham, harbiylar ham hamma-hamma uning shogirdlari edi. Bayram kunlari uyi tabriklagani kelganlar bilan to‘lib ketar, yozuv stolida esa otkritkalar, xat hamda telegrammalar keragidan ortiq edi, ularda: «Bayramni shod-xurramlik bilan o‘tkazishingizni tilaymiz. Rafiqangizning qo‘lini o‘pib qolamiz»,— kabi so‘zlar bitilgan bo‘lardi.
— Buni qariya,— deyardi Haydar Gurer rafiqasiga,—hammalari sening qo‘lingni o‘pamiz, deb yozishibdi

* * *

Bu voqea may oyining oxirida bo‘lgandi. Kunlardan bir kuni Haydar Gurer bog‘idagi daraxtlarni sinchiklab tekshira turib, ulkan olma daraxti oldida to‘xtadi. Boshini ko‘tarib, olmaning barglariga qaradi.
— Yana bargidan ham ko‘p meva solibdi-ya. Lekin, afsuski, qarib qoldida. Endi undan yaxshi olma olib bo‘larmidi? Ko‘m-ko‘k, hamda kichkina-kichkina bo‘lib qoladi. Boz ustiga, bu kampirshoning soyasi apelsinning o‘sishiga xalaqit beryapti. Kuzda bitta-yarimtani chaqirib tag-tugi bilan olib tashlashga to‘g‘ri keladi.
Keksa olma ildizidan qir uchigacha titrab ketdi! Demak, uning bir necha oylik hayoti qolibdida. Kech kuzda esa bolta ko‘targan sarjinchi paydo bo‘ladi. Xo‘jayinning hukmiga qarshi borib bo‘psan! Hujumni qanday qilib daf qila olarding? Sen axir atigi daraxtsan-ku! 
Rahm-shafqat so‘rab iltijo qilganing bilan kim ham seni tushunib, kim ham nolangga quloq tutardi, deysan! Utkir boltaning bir nechta zarbi ostida sharti ketib parti qolgan tanang gumburlab qulaydi. Sovuq kuz shamoli esib, daraxtlardagi barglar sarg‘ayib, xuddi ko‘z yoshi kabi ohista yerga tushadi.
Keksa olmaga alam qildi, judayam alam qildi! U haqiqatanam bog‘dagi eng keksa daraxtlardan biri edi. Faqat shundoqqina uyning oldida o‘sgan, ulkan ko‘m-qo‘k chedirini tom ustiga tashlagan qora tutgina unga tengdosh bo‘la olardi. Boshqa daraxtlarni keyinroq ekishgan. Haydar uni, ya’ni olmani, Nigdedan olib kelganda, u yo‘g‘onligi barmoqday keladigan niholcha bo‘lib, bo‘yi bir yarim metrcha kelardi. Uni Nigdedan keltirishgan bo‘lsa ham, negadir omosiy olma, deb atashadi. Qim biladi deysiz, balki uning ajdodlari haqiqatanam o‘z boshlanishlarini omosiy olmalardan olishgandir, uning onasi yoki buvisi o‘sha yoqdan olib kelingan bo‘lsa ham ajab emas. Qora tutni esa, aftidan, Tnredan olib kelishgandi, shekilli. Chunki, uning mevalari pishganda, bog‘ni tomosha qilgani kelgan odamlar: «Voy tavba-ey, Tnredagi qora tutning o‘zginasi-ya. Munchayam shirin, munchayam chiroyli bo‘lmasa! Darvoqe, Tireda qora tutni shifobaxsh, deb hisoblashadi»,—deyishardi.
«Mana shunaqa, tutjon, mening qorako‘z dugonajonim! Sen yashayver! Senga bir kunmas-bir kun hukm chiqarib, kesib tashlashlaridan qo‘rqishning hojati yo‘q! Chunki sen bu go‘zal bog‘da hech kimga xalaqit bermaysan, boz ustiga, uyni soya-salqining bilan jaziramadan saqlaysan. Axir, sening barglaringning soyasida bayram dasturxoni tuzashmaydimi? Sen uzoq yillar davomida mevang to‘la idishlarda stollarga qo‘yilib, maqtov so‘zlarini tinglagancha yashagansan! Faqat bu dasturxonda keksa dugonangning mevalari bo‘lmaydi. Qismating shunday bo‘lgandan keyin nima ham qilarding! Yoshgina qizlar shoxingga arg‘imchoq ilib maza qilib uchishadi. Shamol ularning qo‘ng‘iroq sochlarini hamda ko‘ylaklarini hilpiratadi, ular baxtu shodlikdan entikkancha qiyqirishadi. Sening halokating, mening qorako‘z dugonajonim, inson qo‘lida emas, sen turgan joyingda o‘lasan!» , Qayg‘uga, qattiq qayg‘uga cho‘mgandi keksa olmaoy.
— Oh, Haydar Gurer, yaxshisi sen o‘sha so‘zlarni aytmasang bo‘lardi. Nahotki, daraxtlar ham his qilishi, azob chekishi mumkinligini eshitmagan bo‘lsang? Ko‘p yillardan beri menga: «Bolajonim, azizim, birpas sabr qilginchi, manavi shoxchangni to‘g‘rilab qo‘yaman! Voy-bo‘, bu shoxingda mevang judayam ko‘p ekan-ku Qanoting sinib qolmasligi uchun tirgovich qo‘yishga to‘g‘ri keladi!»—deyarding. Axir, o‘zing shunday deganding-ku! Yoki esingdan chiqdimi? Yaxshisi, sen o‘zingning hukmingni e’lon qilmay tursang bo‘lardi, kech kuzgacha o‘z yog‘imga o‘zim qovurilmasmidim!
Keksa olma qayg‘uga tushgandi. Demak, tanasini ag‘darib, shoxlarini butashadi, bo‘lak-bo‘lak qilib arralab, harbiy pudratchiga yoki hammomchiga o‘tin qilib sotishadi. Ingichka shoxlarimni esa hovlida yoqishadi. U yerda yondim nimayu bu yerda yondim nima, bari bir emasmi, lekin har holda, soldat oshxonasida yonganim foydaliroq bo‘ladi, shekilli. Darvoqe, yo‘g‘onroq shoxlarimni keyinchalik tirgovich yoki uzumga poya qilish uchun olib qolishadi. Albatta, undan stol, stul, shkaf yeki etajerka ishlashlarini judayam xohlardiyu, lekin odatda ular uchun daraxtning boshqa turlaridan foydalanishadida.
Boshga tushganni ko‘z ko‘rar! Bir qancha shoxlaring tok poyalari uchun tirgovich sifatida xizmat qilishini sezish baxt emasmi, axir? Boshqa daraxtlar uchun ham tirgak bo‘lish, o‘zingning yosh do‘stlaringning ulg‘ayishiga yordam berishing qanday yaxshiki! Yaqinda qo‘shnilar sening novdangdan payvand qilish uchun olishdi-ku, Ulardan ba’zilari albatta o‘sib ketishi aniq!
Keksa olma chuqur o‘yga toldi. Binobarin, Haydar Gurer bir vaqtlar: «Agar yoshlarga o‘zlarini tutib olishlariga yordam bersang, sening hayoting abadiy davom etadi!»—demaganmidi.
 

Hikoyat Mahmudova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.