OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Ozay. Qochoq (hikoya)

Biz tagiga elak qo‘yilgan mis patnis ustida turgan kattakon tovoqdan loviyali yovg‘on sho‘rva ichib o‘tirardik. Ikki bosh piyoz to‘rt bo‘lakka bo‘lingandi. Biz yeyayotgan piyoz bo‘laklari ishtahamizni qitiqlardi. Onam menga tovoqdan kattagina go‘sht bo‘lagini olib, non ustiga qo‘yib berdi. Biz ovoz chiqarmay ovqatlanardik. Nihoyat, tovoq bo‘shadi va biz qoshiqlarimizni qo‘ydik. Amakim ovoz chiqarib: «Xudoga shukur»,— dedi-da, soqolini artib, stoldan nari ketdi. Onam idishlarni yig‘ib, dasturxonni oshxonaga qoqqani olib chiqib ketdi. Amakivachcham Solih tog‘ora bilan kuvacha olib kelib amakimning qo‘liga suv quyib, sochiq tutdi. Keyin ustida lampa chiroq osiqlik turgan yozuv stoliga yaqinlashdi. Stol o‘rnida kerosindan bo‘shagan tunuka bidon joylashgan yashik to‘nkarib qo‘yilgandi. Bidonga yo tuya, yo qo‘tosning rasmi chizilgandi (dehqonlar uchun bunday yashik eshakning ustiga ortishda juda qo‘l kelardi). Men Solihning yoniga kelib o‘tirdim.
Solih kechagi gazetani ochib, amakim belgilab bergan matnni ko‘chira boshladi. Daftariga hammasini ko‘chirib bo‘lganidan keyin, yozgan narsasini ovoz chiqarib o‘qib berdi. Qarz tilxatining to‘g‘roli markasiga qo‘l qo‘yishdan boshqa na yozishni va na o‘qishni bilmaydigan amakimning amaliy ta’lim haqida o‘zining shaxsiy uslubi mavjud edi. U odatda o‘g‘liga: «Mana bu yerdan bu yergacha hammasini ko‘chirasan!»—derdi. Amakimning topshirig‘i ko‘pincha qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish hamda bo‘lish problemalariga taalluqli bo‘lardi. Mazkur misollarda ko‘pincha okka va dirxamlar haqida gapirilardi (bu vaqtda hali kilogramm hamda grammlar qo‘llanilmasdi) va albatta pora va kurushlar ham esdan chiqmasdi, axir, oldi-sotdi pulsiz bitmasdida «Palonchi tovardan shunchadan-shuncha okka olamiz. Bir okkani munchaga sotamiz. Bizda mana shuncha tovar qoladi. Shunda bizga qancha foyda qoladi? Bugun qancha va nima sotding? Qaysi tovar qancha foyda keltirdi? Do‘konni berkitayotganingda daromading necha kurushni tashkil qildi? Amakim amakivachchamga beradigan masalalar shulardan iborat bo‘lib, Solih terga botgancha ularni yechishga urinib yotardi. Negaligini o‘zim ham bilmaymanu, lekin unga yordam bermasdim.
Onam mo‘‘jazgina patnisda ikkita likobchada qahva olib kirdi. Biz amakivachcham bilan bir-birimizga yoqimli ishtaha tilab, bir likobchadan qahvani maza qilib ichib oldik. Shu vaqt amakim yo‘taldida, soqolini silagancha onamga murojaat qildi.
— Kelin, anavi ishga kelsak, men oqsoqol Ahmad afandi bilan gaplashdim. U yigitchani ishga olib, ish o‘rgatadigan bo‘ldi. {Yigitcha, bu demak, men.) Bir-ikki yil gumashta bo‘lib ishlab turadi. Kirim-chiqim ishlarini o‘rganadi. Ozroq sarmoya qo‘shsak, keyin o‘zi mustaqil ish yurita boshlaydi
— Kim u ish ochadigan? — deb gapga aralashdim.
— Siz men haqimda gapiryapsizmi? O‘zaro gaplashib, hammasini hal qilib qo‘ya qoldinglarmi? Mendan so‘rashni esa unutdinglarmi? Men o‘qishni xohlayman Axir, mening muallimlarim har doim: bola o‘qishi kerak, deb ta’kidlashmaganmidi? Sizningcha, men Ahmad afandi qo‘lida gumashta bo‘lishim kerakmi! Ish o‘rganishim kerak ekanda! Axir, men maktabni a’lo baholar bilan bitirdimku! Bitiruvchilar ichida eng birinchisi ham o‘zim-ku!
Albatta, men o‘zimni anchayin beadab tutdim. Onam menga ta’nali qarab qo‘ydi. Solih bo‘lsa ruchkasini engahiga tiragancha indamay o‘tirardi. Amakim avval indamadi, keyin jilmaygancha:
— Men,— dedi,— albatta, sening bexato yozishing, a’lo darajada hisoblay olishingni bilaman, o‘g‘lim. Sen o‘qishni takror-takror davom ettirishni xohlaysan. Kim ham shunday bo‘lishini istamaydi, deysan? Lekin bilim olish uchun ham pul kerak. Sen otangga bir qaragin-a: sharti ketib parti qolgan! Akang bo‘lsa, o‘qishini tashlab qo‘zg‘olonchilarga qo‘shilib ketdi, shunday, o‘zicha qaror qildi-yu, ketdi-qoldi. Hozir qayerdayu nima qilyapti, dom-daraksiz. Shunday ekan, onangni kim boqadi, axir? Hech kim tortishayotgani yo‘q, qani endi iloji bo‘lsa, o‘rta maktabda o‘qisang. Lekin erkakning burchi.
Ulardan yordam kutishning foydasi yo‘qligini darhol sezdimu gap ohangini o‘zgartirdim.
— Bepul internatga imtihon topshiraman, deb aytmoqchi edim. Men o‘zimga o‘zim umid bog‘lagandim! Hech kimdan hech qanaqa yordam kutmayman ham! Menga muallimlar bepul internatga imtihon topshirishimni mas-lahat berishgandi. Men albatta topshiraman!
— Hozirgi kunda eng muhimi, o‘g‘lim, kundalik tirikchilik uchun pul topishdir,—deya e’tiroz bildirdi amakim.
— Bilim olish, albatta, yaxshi narsa, lekin savdo-sotiq ham chakki ish emas. Men senga qisqa va eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatyapman. Axir qarab turmasmiz. ozmi-ko‘pmi pul ishlaganingdan keyin, onangga ham qarasharding.
U o‘rnidan turib, qahva ichish uchun yo‘naldi. Onam og‘ir xo‘rsindi. Men qovog‘imni solgancha indamay o‘tirardim. Solih yumushini bajarib bo‘lgach, yana amakimning boqqollik do‘konida «ishlashimiz»ga to‘g‘ri keladi, shekilli. Bu demak, masalan, elliktalik chekiladigan qog‘oz pachkasidan kamida beshtasini sug‘urib olish kerak YOKI qutidagi gugurtni to‘kib, tagiga kichkina-gina karton bo‘lakchasini solish kerak. Shunday qilinganda beshta, ba’zida o‘n dona gugurt cho‘pini tejab qolish mumkin bo‘ladi. Amakim keyin sug‘urib olingan qog‘oz hamda qolgan gugurtni nima qiladi, bilmayman. Onam uning ortidan qarab qolarkan, g‘amgin ohangda shunday dedi:
—To‘g‘ri ish qildingmi-a, o‘g‘lim? Nega amakingga gap qaytarasan? Axir, u bizga faqat yaxshilik tilay-di-ku. Sening odam bo‘lib, yo‘lga tushib olishingni xohlaydi. Agar men sening o‘rningda bo‘lganimda.
— Agar u menga yaxshilikni xohlaganda, o‘qishga yuborgan bo‘lardi! Maktabni bitirib, bir ixtisoslikni egallaganimda uning sarf-xarajatlarini oqlagan bo‘lardim! Axir, men xayr-sadaqa so‘ramayapman-ku!
Men o‘zimni tutolmay juda keskin gapirardim. Onam boshimni silagancha: «Xo‘p, mayli, yaxshi, o‘zimning aqlliginam.»—deb erkaladi.
— Otamning oldiga, uyga boraman!—deya baqirdimda, o‘rnimdan sakrab turib ko‘chaga chopib chiqib ketdim.
G‘azabdan butun tanam larzaga kelgandi. Esimda, boshlang‘ich maktabni tugatganimdan keyin bir yarim oycha amakimning boqqollik do‘konida ishlashga to‘g‘ri kelgandi. Gap shundaki, bizning uyimizni yunonlar yoqib yuborishgandi. Urush tamom bo‘lgandan keyin, biz mazkur shaharga ko‘chib kelgandik. Amakimning sarmoyasi naqd bo‘lgani uchun darrov do‘koncha ochdi, hovli-joy sotib oldi, savdo-sotiq ishlarini boshlab yubordi. Lekin bizning omadimiz yurishmadi. Otam shahar qabristoni yonidan bo‘sh hujra topib, nomigagina ta’mir qildi. Lekin onam bunday hujrada yashashni xohlamadi. «Tirikligimda qabristonda yashashni xohlamayman!»— dedi u va amakimnikiga ketib qoldi. Amakimning xotini o‘lib ketgan bo‘lib, u o‘g‘li bilan yolg‘iz qolgandi. Amakivachcham Solih mendan uch yosh katta edi — u haqda eslatib o‘tgandim. Onam ularnikida xo‘jalikni boshqarardi: kirchirlarini, idish-oyoqlarini yuvar, xonalarni orasta tutardi. Ertalab esa, otamning kulbasiga kelib uni sarishtalar, ovqat tayyorlardi, tushdan keyin yana amakimnikiga qaytib kelardi. U yerda hammamiz birgalashib ovqatlanardik, keyin men otamning oldiga yo‘l olardim, onam esa amakimnikida qolardi. Qorong‘i jinko‘chalardan o‘tib, qabristonga olib boradigan yo‘lga chiqib oldim. Negadir ko‘nglim notinch edi. Uyga borganimda otamni uyg‘otib, bugungi suhbat haqida u bilan maslahatlashsammikin? Yeki o‘zim qabul qilgan qat’iy qaror haqida aytsammikin? U albatta yana o‘zining Hofiz, shayx Sa’diy haqidagi uzundan-uzoq gapini boshlaydi. Bularning menga nima keragi bor? Men qat’iy qarorga kelib bo‘ldim, hatto otam ham yo‘limdan qaytarolmaydi! Qanday qilib bo‘lmasin o‘qiyman! Uydan qochib ketaman. Ertagayoq qochib ketaman onamdan, amakimdan, hattoki otamdan ham.

* * *

Men ohista eshikni ochdim. Otam karavotda yotardi. To‘nkarilgan tunuka quticha ustida kerosin lampa xira yonib turardi. Men chiroqning piligini bir oz ko‘tardim. Otam ko‘zini ochib:
— Keldingmi, o‘g‘lim? — dedi.
— Ha, dada. Uyg‘otib yubordimmi!
— Hechqisi yo‘q. Ertaga eski qabristonga borib yog‘och kesib kelsakmikan, deb o‘ylab yotgandim. Bir chekkaga tashlab qo‘ysak, qurib turadi. Qishgacha eshagimizga ham og‘ilxona qilib berishimiz kerak, boz ustiga, xashakni qo‘yadigan joyimiz ham yo‘q. Keyin uyga yondashtirib oshxona qursak bo‘lardi, devorlarini novdalardan to‘qib, ichidan oqlasak olam guliston. Albatta, oying ham jon, deb bunday oshxonada bekalik qilgan bo‘lardi. Bu turgan gap! Hovliga devor olinsa, yanayam yaxshi bo‘lardi. 
O‘tin haqida qayg‘urmasak ham bo‘ladi. Eski qabristonda qayrag‘ochlar to‘lib yotibdi! Xohlagan vaqtda kesib kelsa bo‘laveradi.
Aftidan, dadam yotib uzoq vaqtdan beri bu loyihalarni miyasida pishirgan va endi o‘z rejalarini men bnlan o‘rtoqlashmoqchi bo‘lgandi.
— Yota qolay, dada. Negadir uyqum kelyapti. Chiroqni o‘chiraymi?
— Ha, mayli,— deb javob qildi u.— Xayrli tun, o‘g‘lim!
— Yaxshi uxlab turing, dadajon.
Men ham o‘rnimga yotdim. Dadam u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilib yotib-yotib, keyin bir maromda, chuqur nafas ola boshladi, nihoyat, uxlab qoldi, shekilli. Devorlari ortida qabristonu zim-ziyo tun hokim bo‘lgan kulbada faqat bir mengina uyg‘oq edim. Amaqimning taklifi albatta koni foyda. Dadam, aftidan, bu gaplardan voqif bo‘lganu, lekin vaqti-soati yetmaguncha men bilan gaplashishni istamagan. Otamda ham turli-tuman rejalar to‘lib-toshib yotardi: kulbani tartibga keltirib olgandan keyin yana biron-bir ish topilib qoladi. Ehtimol, oqsoq eshagimizga turli-tuman attorlik mollari to‘ldirilgan chamadonni ortvolib qishloqma-qishloq chorbozorchilik qilishga otlanib qolar. Men ham u bilan birga jo‘nasammikin? Yo‘q, men o‘qishni xohlayman. Qanday kasbga o‘qisamikin? Xohlasam, doktor, injener, ofitser bo‘lishim mumkin yoki masalan, dori tayyorlovchi, balki ximik yo o‘qituvchi. Boshlang‘ich maktabda menga doim: «O‘qisang, katta odam bo‘lib yetishasan!» — deb uqtirishardi.
Sakarya bo‘sag‘asidagi g‘alaba sharafiga o‘tkazilgan yig‘inda munitsipalitet balkonidan shahrimiz ahliga qarata nutq irod etganim hali-hanuz yodimda. Odamlar meni kamoli diqqat bilan eshitishgandi, ularning ko‘zlari quvonch hamda umidla balqib turganini unutish mumkinmi, axir. Keyin menga qizg‘in tashakkur bildirishganichi! Xalq maktablarinitsg tantanali ochilishida so‘zga chiqqanimdan keyin kap-katta odamlar ham ishtiyoq bilan qo‘limni qisganlari esimda. Axir, o‘shanda men emasmidim, vatanning uyg‘onishiga faqat ilm-ma’rifat orqaligina yo‘l ochish mumkin, degan? Men boshlang‘ich maktabni a’lo bitirdim. Mana, shahodatnoma ham buni tasdiqlashi mumkin! Ushanda menga hech kim yordam bermagandiku! Internatga imtihon topshirib, kirib olganimdan keyin o‘zimni-o‘zim ta’minlay olaman! Qaror qat’iy, ertag‘a azonda qochib ketaman! Qo‘shni shahardagi opamnikiga boraman. Mening rejalarimdan uning xabari bor. Kichkinalik vaqtimda u menga har tomonlama yordam berishga harakat qilardi, maktabni muvaffaqiyatli tugatishimda ham uning hissasi bor. Uning eri jandarm mahkamasining boshlig‘i. Demakki, shaharda o‘ziga yarasha obro‘ e’tibori bor.
O‘sha viloyatda yozda anjirqoqi sotib oladigan olibsotarlar borligi esimga tushib qoldi. Ularning omborlaridagi anjirlarni ishchi ayollar saralab sarxillab qoplarga solishadida, keyin temir yo‘l orqali Izmirga jo‘natishadi. Albatta, bu olibsotarlarning o‘z kotib hamda mirzalari bor, lekin, balki umidli dunyo degandek, mening ham bilimlarim asqatib qolar. Men tez hisoblayman, husnixatim ham qoyilmaqom! Agar pochcham ulardan birortasiga bir og‘iz bir narsa desa, rad etishga botinisholmaydi, nega desangiz, jandarm boshlig‘i bilan janjallashib bo‘lmaydi! Kirish imtihonlarigacha bir oy-yarim oy ishlab, yo‘lkiraga pul yig‘amanda, eng zarur ba’zi bir narsalarni sotib olaman, yana mayda xarajatlar uchun ham qoladi.

* * *

Kechasi bilan mijja qoqmadim. Mana shunday o‘y-xayollar bilan tongni kutib oldim. Xo‘rozlar qichqirib, tong bo‘zara boshladi. Otam ertalabki namozni o‘qish taraddudida o‘rnidan turdi. U ustimdagi ko‘rpani to‘g‘rilab, ko‘rpa ustidagi qo‘limni ohista berkitib qo‘ydi. Men o‘zimni uxlaganga solib yotardim. U ketishi bilan sakrab o‘rnimdan turib, tezda kiyindim. Chamadondagi shalvarim, ko‘ylagim va boshqa mayda-chuydalarni olib, hammasini tugunga tugdim. Keyin eskigina sariq konvertni olib, unga maktab shahodatnomasini, metrikamni solib kostyumimning chap tomonidagi ichki cho‘ntagiga solib, tugmalarini qadadim. Matematika uchun tutgan eski daftarimdan bir varaq yirtib oldimda, katta harflarla: «Dada! Men o‘qishga ketdim. Xavotirlanmang, Izmirdagi bepul internatga imtihon topshiraman. Natijasi haqida yozib yuboraman. Dada, agar dilingizni og‘ritgan bo‘lsam kechiring. Meni qochib ketdi, deb o‘ylamang. Baxtli bo‘ling, dada!» deb yozdim.
Xatchani dadam kelgan zahoti ko‘rsin, deb chiroqning tagiga qistirib qo‘ydim. Qo‘ltig‘imga tugunchani qistirgancha uydan chiqdim Ko‘hna zaytun daraxti ostiga eshagimiz Oqsoq bog‘lab qo‘yilgandi. U dadam yangigina yulib tashlagan o‘tni ishtaha bilan kurtillatadi. Men uning yag‘rinini siladimda, mayin qulog‘idan ushladim. Nazarimda, u ortimdan g‘amgin qarab qolganga o‘xshab tuyuldi. Bexosdan oyim bilan to‘qnash kelib qolmaslik uchun bog‘ orqali aylanma yo‘l bilan ketishga qaror qildim. Katta yo‘lga chiqib olganimdan keyin, xudojo‘ylardan biri qo‘yib ketgan katta ko‘zadan tagi teshik krujkada suv oldim. Krujkaning teshigidan oqayotgan suv Topidji Sulaymon afandi amakim maktabni a’lo bitirganimga sovg‘a qilgan sariq botinkamni rasvo qilmasin, deb jonim xalak edi. Ertalabki poyezdning jo‘nashiga atigi yarim soat qolgandi. Shoshilishga to‘g‘ri keladi, vagonda dam olarman. Albatta, poyezdga so‘nggi daqiqadagina yetib olaman. Hechqisi yo‘q, ishqilib, turtkilashmasa, xalaqit berishmasa bo‘lgani!

Hikoyat Mahmudova tarjimasi

 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.