OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maks Adler. Uyqu arafasi (hajviya)

Roksboroulik janob Battervik anchadan beri uyqusizlik kasaliga chalingan. Mana hozir ham pinakka ketish uchun qilgan besamar harakatlaridan so‘ng, to‘satdan yodiga bir almanaxda o‘qigani, uyqusizlikni davolash chorasi tushib qoldi. Unda uxlab qolish uchun xayolga bir poda qo‘yni biror to‘siq ustidan sakrayotganini keltirib, keyin ularni sanash lozimligi yozilgan. U shu tajribani amalda qo‘llashga qaror qildi. Ko‘zlarini yumib to‘siqdan sakrayotgan qo‘ylarni tasavvur qila boshladi. Bir yuz qirqinchi qo‘yga kelib, janob Battervik mudray boshladi. Ammo to‘satdan Battervik xonim gapirib yubordi:
– Yozef!
– Ha, nima?
– Menimcha sariq tovug‘imiz jo‘ja ochmoqchi.
– Oh, bunday arzimas gaplar bilan uyqumga ha­laqit berma! Jim bo‘l-da, uxla!
Keyin Battervik yana boshqatdan qo‘ylarini sanashni boshladi: U bir yuz yigirmanchi qo‘yga kelgan payt yana ko‘zi mudray boshlaganini sezdi, bir yuz yigirma birinchi qo‘y to‘siqdan oshib o‘tish uchun havoga ko‘tarilgandi hamki, egizaklardan bittasi baqirib yig‘lab yubordi.
– Bolangga qara! – deb, baqirdi u Battervik xonimga. – Nega sen uni tinchlantirib uxlata olmaysan-a?
Battervik xonim bolani uxlatishi bilanoq, Battervik, asabiylashgan va hayajolanayotgan bo‘lsa ham, boyagi ishidan davom etishga qaror qildi. Xayoliy podani ko‘z oldiga keltirib sanashni boshladi.
Endigina oltmish birinchi qo‘y xursanchilik bilan to‘siqdan sakrab o‘tgandi hamki, Battervikning qaynonasi eshikni tiqillatib, kuyovini so‘roqlatdi. Uning uyg‘oqligini bilgach, orqa darchani yopishni unutganini, hozirgina bog‘da o‘g‘rilar shovurini eshitgandek bo‘lganini ma’lum qildi.
Battervik choyshabga o‘ranib boqqa chiqdi. Darchaning har doimgidek yopiqligini ko‘rgan Battervik, yotoqxonaga qaytgan zahotiyoq ertaga ertalab, yaxshilikcha yo qaynonasi, yoki uning o‘zi uydan chiqib ketishini aytdi.
Bo‘lgan voqealarga qaramay, u almanaxda yozilgan tavsiyaga yana bir bor imkon bermoqchi bo‘ldi. Bu safar u ikki yuz qirqinchi qo‘yga yetib keldi, bunaqa, uch yuzinchi qo‘yga yetguncha u aniq uzoq kutilgan uyquga sho‘ng‘ishi aniq edi. Lekin shu payt qo‘shni bog‘dagi Maksning yangi iti eski uyini sog‘inib, uzoq va baland ovozda uvillay boshladi.
Battervik g‘azab otiga mingan edi. Qo‘ylarga ham parvo qilmasdan, u qo‘liga ilingan narsa bilan Maks­ning yangi itini “o‘qqa tuta” boshladi. Tovoqchalar, finjonlar va qoshiqlardan so‘ng itga qarab Daniel Vebsterning gipsdan ishlangan byusti uchdi-yu, it yugurib uyasiga kirib ketdi. Va tonggacha eski uyi haqida sukunatda o‘ylashga majbur bo‘ldi. Sabr kosasiga oxirgi tomchi tushganini sezib tursa ham Battervik amanaxda maslahat bergan olim tavsiyasiga yana bir amal qilishga urinib ko‘rdi. Shunday qilib sakson ikkinchi qo‘y ham eson-omon to‘siqdan sakrab o‘tganini ko‘rib, endigina tushlar olamiga sokin sho‘ng‘iyotgan mahal, to‘satdan Battervik xonim uyqusirab gumburlagan ko‘yi koravatdan yiqilib tushdi va bu safar egizak­larning ikkalasini ham uyg‘otib yubordi. Bolalarning chinqirig‘iga qo‘shimcha, qaynona tepadan pastki qavatga bir vaqtning to‘rt qadam tashlab, hozirgi bo‘lgan yer qimirlashini pastdagi bolalari ham sezgan-sezmaganini so‘rab, uchib kelayotgandi.
Bo‘lib turgan holat so‘z bilan tarif etib bo‘lmas darajada yomon edi. Battervik unga bir muddat aqldan ozgan kishidek qarab turdi-da, keyin yostig‘ini olib, shahd bilan orqa mehmonxonadagi divan tomon yo‘l oldi. U o‘n daqiqa ichida, hech qanday almanaxning maslahatlarisiz uxlab qoldi. Tushida Kosvold qo‘chqori uni ekvator bo‘ylab quvlab yurganini ko‘rdi. Ertalab dahshatli bel va bosh og‘rig‘idan uyg‘ondi. U endi Kosvold qo‘ylari faqat jun va go‘shtlikka yaxshi ekanini, ammo maqtashga umuman arzimasligini teran angladi.

Ingliz tilidan Aidaxon Bo‘matova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.