OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Navtej. Muallim Das (hikoya)

Uyda atigi uchtagina adyol bor bo‘lib, uchchovi ham eskirib, uvadasi chiqib ketgan edi. Ulardan birini har kecha oilaning kenja farzandi Munni va to‘ng‘ichi Sita, ikkinchisini — o‘rtancha aka va singil, uchinchisini esa otalari — muallim Ishar Das yopinishardi. Xotini Bxagvanti esa tunni bo‘yra ustida kanopdan to‘qilgan matoni yopib o‘tkazardi. 
Uch nafar kichik farzand allaqachon uxlab qolishdi, to‘ng‘ichi esa hamon yo‘talardi. Mana ikki yildirki, kasallik qizni qiynamoqda. Bir kun Ishar Das o‘quvchilardan birining otasidan — aytishlaricha, yaxshi shifokordan — Sitani bir ko‘rib qo‘yishni iltimos qildi. U qizni darhol operatsiya qilish kerak, aks holda Sita kar bo‘lib qolishi mumkin, kasallik uning yuragiga ham ta’sir qilyapti, dedi. Shifokor bundan tashqari har kuni bolaga sut, tuxum, ko‘katlar, mevalar, vitaminlar berishni tavsiya qildi...
Sita ikki yildan beri yo‘taladi, lekin binafsha dimlamasidan bo‘lak hech qanday dori ichmaydi. Operatsiya... har kuni tuxum... sut... mevalar... U esa keyingi ikki yilda o‘z maoshiga hatto adyol ham sotib ololmadi.
— Menga qara onasi, sen mening adyolimni olgin, men shunday ham uxlayveraman. 
— Yo‘q, yo‘q, rahmat! Men uydaman-ku, kun bo‘yi isinib olaman. Sen esa ertalab ishga borasan. Keyin janob Raonikiga borib dars o‘tishing ham kerak. 
Har kuni tong saharlab muallim Ishar Das maktabga borish uchun uch mil yo‘l yurishi kerak. Necha yildirki, uning sviteri ham, paltosi ham yo‘q. Sovuq tushishi bilan uning uchun azob boshlanadi. Maktabga kelgach, sovuqdan qotib qolgan barmoqlari bilan ancha vaqt qalamni ushlolmaydi. Kechqurun isinib olishga ham umid yo‘q. Yaqinda u janob Raodan repetitorlik o‘rnini olish baxtiga musharraf bo‘ldi. To‘g‘ri, oldindan ancha tavsiyanomalar to‘plashga to‘g‘ri keldi. Endilikda, maktabda darslar tugagandan so‘ng, u bir milcha yurib janob Raonikiga boradi va uning farzandi dars oldidan choy ichib olishini kutib o‘tiradi — bola busiz shug‘ullanishni istamaydi.
Garchi ular, dars bir soat davom etadi, deb kelishgan bo‘lishsa ham, Ishar Das ikki soatda arang vazifasini bajarishga ulguradi. Unga esa oyiga o‘n besh rupiy to‘lashga kelishishgan... Oldinda yana uch oy mashg‘ulot bor... O‘n beshni uchga ko‘paytirilsa, qirq besh bo‘ladi. Nihoyat, farzandlarning onasiga adyol sotib olish va operatsiya uchun ham ozgina pul yig‘ish mumkin bo‘ladi. Mart oyigacha albatta operatsiya qilish kerak, dedi doktor...
Uyqu orasida u Bxagvantining pichirlaganini eshitdi:
— Darslaring uchun pul olganingdan so‘ng, jun sotib olamiz-da, keyin men senga sviter to‘qib beraman. Bunday sovuqda uch qavat kiyimda ham qaltiraysan. Ishqilib, tobing qochib qolmasin, xudo o‘z panohida asrasin!
— Menga endi sviter kerak emas, men palto kiyaman.
— Palto? Qanaqa palto? Nahotki u senda bo‘lsa? O‘ki sotib oldingmi? Maoshingni olganing yo‘q, o‘tayotgan darslaring uchun hali haq to‘lashgan bo‘lmasa.
Sita yana yo‘taladi. Bxagvanti uning yoniga o‘tirib, ko‘kragini arta boshladi. 
Ishar Das endilikda paltoli bo‘lganligini haqiqatda hali hech kimga aytmagandi. Uni uyga kiyib kelsa, hammaning og‘zi ochilib qolsa kerak. Uyda uch go‘dak paydo bo‘lganidan so‘ng Ishar Das o‘zini o‘ylolmay qoldi. Bir paytlar to‘yi uchun yaxshi palto sotib olgan edi, u ko‘p xizmat qildi. Lekin mamlakat bo‘linganidan so‘ng unga Pokistondan bu yerga kelishga to‘g‘ri kelganda, paltosi o‘sha yerda qolib ketdi. Shundan beri unga yangi palto bitmadi. 
Va, nihoyat bir hafta burun u yana palto kiydi, lekin uni hech kimga, hatto xotiniga ham ko‘rsatmadi.
O‘sha, qolib ketgan paltosiga hamon achinardi! Mohir chevar uning chap yoqasiga halqa tikkan edi. To‘ylaridan ancha avval Bxagvanti unga biron-bir gulni qistirardi-da, so‘rardi: «U qanday atalishini bilasanmi?» U esa garchi bilsa ham, hamisha «bilmayman» degandek qilib boshini chayqardi. O‘sh Bxagvanti uni quchoqlab pichirlardi: «Sevgi belgisi». U shunday dediyu xijolat bo‘lib, yanoqlari qizarib ketardi. Sevgi belgisi... Sevgi belgisi...
Bugun muallim Ishar Das xotiniga palto haqida gapirishga hech jur’at etmadi. Kecha u janob Raoning uyidan qaytayotganida yo‘l bo‘yi shu paltoni kiyib keldi, o‘zi yashaydigan ko‘chaga burilish joyida esa, yechib, eski gazetaga o‘rab, eshigidan lip etib kirarkan, hech kimga ko‘rinmaslikka harakat qildi. Gap shundaki, u bu paltoni sotib olmadi, so‘raganday qilib oldi. 
Ilgari, u kichkinaligida, bir kun otasi shunday bir voqeani gapirib bergandi. Boshqalardan har narsani so‘rash odati bo‘lgan bir bola sil kasaliga chalinadi. Ma’lum bo‘lishicha, unga muntazam darsligini berib turadigan bola anchadan beri kasal ekan. Ishar Das ana shu narsani eslardiki, bir kuni u qo‘shnilardan biridan biron-bir shirinlik bilan mehmon qilishni iltimos qildi. Shunda otasi uni ikki shapaloq urib, bir paket shirinlik olib berdi va dedi: «Qancha xohlasang, shuncha ye, lekin ortiq hech kimga tilanchilik qilma!»
Sitaning yo‘tali biroz bosildi. Bxagvanti erining to‘shagiga o‘tdi. 
— Paltoingning rangi qanday? Qarzga oldingmi?
— Yo‘q, — dedi u qaltiroq tovush bilan. — Sendan uzr so‘rashimga to‘g‘ri keladi, onasi. Bizning sharoitimizda men qanday qilib qarzga narsa olishim mumkin? 
Bxagvanti irodasi kuchli ayol edi, u arzimas narsaga yig‘laydi, deb hech kim o‘ylamasdi. Hozir esa, sababi Yaratgangagina ayon, boshini erining ko‘kragiga qo‘ydi-da, ko‘z yoshlariga erk berdi. 
Ishar Das uni quchoqlab, juldur adyolga mehribonlarcha o‘radi, undagi harorat Bxagvantiga o‘tganday bo‘ldi. Uning tanasiga shifobaxsh malham qo‘yilganday, ko‘plab adyollar bilan o‘raganday bo‘lib, uyqu istagi kipriklarini juftlashtirdi.
Ertalab Ishar Das eski gazetaga o‘ralgan paltoni qo‘ltig‘iga qisgancha, ishga jo‘nadi. Kun sovuq edi, shu bois muallim uni kiyishga majbur bo‘ldi. Rao xonim unga bu paltoni berganida, eri uni chet eldan sotib olib kelganligini ta’kidlagandi. Shunda janob Raoning o‘zi suhbatga aralashdi.
— Nodon kishilargina, agar narsa chet eldan sotib olingan bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi, deb hisoblashadi. Lekin chet el — chet elga dushman. Bu paltoni men Avstriyadan sotib olganman. Siz, janob muallim, ruhshunoslik degan fanni eshitgan bo‘lsangiz kerak, albatta. Ya’ni aytmoqchimanki, Avstriyada bu sohada yirik mutaxassislar bor, — va janob Rao shu qisqa nutqini so‘zlab, xonasi tomon yo‘l oldi. 
Rao xonim shunday yaxshi ayol ediki va unga shunday bir mehr to‘la ko‘zlari bilan tikildiki, nazarida uning oldida odam emas, farishta turganday bo‘ldi. Va u paltoni olmaslikka jur’at etolmadi. 
Bir necha kun burun, u yosh Rao bilan mashg‘ulotni tugallaganda, yomg‘ir tinmay yog‘ar va shamol to‘xtamayotgandi, Ishar Dasning yonib turgan kamin oldidan hech ketgisi kelmadi. Nihoyat, u ketishga qaror qilib, tashqariga chiqdi, lekin ayvonning o‘zida qiyalab urayotgan yomg‘ir tomchilari yuzini savaladi. U ikkilanib, joyida depsinib turib qoldi. Uni kuzatgani chiqqan Rao xonim so‘radi: 
— Nima bo‘ldi, janob muallim?
— Hech narsa, aniq qilib aytganda, hech narsa! Sovuqni qarang-a! 
— Ha, — ma’qulladi u, — siz esa yana to‘rt mil joyga piyoda borishingiz kerak. Palto kiyib olsangiz bo‘lardi!
Muallim Rao xonimga qarab xijolat bo‘ldi va birdan gapirib yubordi.
— Palto qayda deysiz onajonim! Mening hatto sviterim ham yo‘q.
Rao xonim Ishar Dasga qaradi va birdan uning yuziga qizillik yugurdi — ilgari muallim hech qachon uni onajon demagan edi. Garchi Rao xonimning qiyofasida unga juda tanish, marhum onasini eslatadigan nimadir borligi bir necha marta aqliga kelgan bo‘lsa ham. U Ishar Dasni kamin oldiga o‘tqazdi. Unga choy, orasiga go‘sht solingan bir burda non berishni buyurdi. Muallim dastlab bosh tortdi, lekin xizmatkor ayol buni xonim buyurganligini aytdi va kichkina xurmachada quyuq qaymoq va choy olib kela boshladi.
 Rao xonim ketdi va tez vaqt ichida qo‘lida issiq palto bilan qaytib keldi.
— Marhamat, oling, janob muallim.
— Ey onajon, men...
— Onajonning xohishini bajarish kerak.
U bir paytlar armiyada «o‘ngga, chapga», «chapga, o‘ngga» komandalarini o‘ylamasdan bajarganidek, bu gal ham paltoni o‘ylamasdan oldi. Hatto tashakkur ham bildirmadi. Xuddi shu paytda janob Rao kirdi va paltoni Avstriyada sotib olganligini va u yerda ruhshunoslik sohasida ancha obro‘li mutaxassislar borligini aytdi. 
O‘sha kundan boshlab, Ishar Das uyiga yaqinlashganda paltoni yechib, eski gazetaga o‘rab, sekingina yashirib qo‘yadigan bo‘ldi. Maktabdagi o‘ziga o‘xshab, hech ustiga palto bitmagan muallimlarga bir yolg‘onni to‘qidi. Lekin Bxagvantiga nima deya olardi? Bugun kechqurun u yana paltoni eski gazetaga o‘radi va uyga kelib, xuddi o‘g‘irlangan narsaday yashirib qo‘ydi. 
Nihoyat, u baribir paltoni Rao xonimga qaytarmoqchi bo‘ldi. Lekin oqshom, darsni tugallab, o‘z shogirdidan onasini chaqirishni so‘raganda, u onasi bir haftaga Amritsardagi tog‘asinikiga ketganligini aytdi. Ishar Das paltoni faqat unga qaytarishi kerak edi. U uning qaytishini kuta boshladi. Bir hafta o‘tdi. Nega bu fikridan umuman qaytishi mumkin emas? Lekin uni qayerdan olganligini Bxagvantiga qanday izohlaydi? Va Ishar Das bir hafta paltoni qiynalib va halovatini yo‘qotib yashirib yurdi. U to‘rga ilingan baliqday ozodlikka chiqishga harakat qilib tipirlar, lekin buning uddasidan chiqa olmasdi. 
Mana ikki haftadirki, u yosh Rao bilan shug‘ullanyapti, oldinda yana ikki oy bor. Oyiga o‘n besh rupiy. O‘n beshni uchga ko‘paytirilsa qirq besh bo‘ladi. Ikki yarim oydan so‘ng uning qirq besh rupiysi bo‘ladi.
Maktabda darslar davom etayotganda, Ishar Das paltoni o‘ylamadi. Lekin bugun, o‘quvchilardan biri yo‘talganda, bemor qizi haqidagi o‘ylar uni yana chulg‘ab oldi: «Hammasi yaxshi bo‘ladi. Pul to‘playmiz-da, operatsiya qildiramiz». O‘quvchilar esa ko‘paytiruv jadvalini yodlab shovqin ko‘tarishardi: «Uch karra besh — o‘nbesh, uch karra o‘nbesh — qirq besh, to‘rt karra o‘nbesh — oltmish». 
Uch karra o‘nbesh — qirq besh. Muallim Ishar Das o‘yladi: «Yanvarda — o‘n besh, fevralda — o‘ttiz, martda — qirq besh. Operatsiya qildiramiz, adyol buyurtiramiz...»
Kechqurun yosh Rao bilan mashg‘ulot o‘tkazayotganida, u shogirdining xulqida biroz o‘zgarish yuz berganligini sezdi. U hech qachon hurmat-ehtiromi bilan ajralib turmasdi, lekin bugun esa ko‘zlarida ayyorona tabassum o‘ynadi: 
— Janob muallim, — dedi u birdan, — bir kun otam menga jurnal bergan edi, unda ajoyib hazil bor. Xohlaysizmi, gapirsam?
Ishar Das daftardan ko‘zini uzmay dedi: 
— Gapir.
— Bir muallim savolga noto‘g‘ri javob bergan o‘quvchiga: «Qulog‘ingni tozala!» degan ekan. O‘quvchi o‘sha zahoti muallimning qulog‘idan ushlab tozalay boshlabdi. 
O‘sh Rao shu gapni aytgach, qiqirlab kula boshladi. Ishar Das jim turardi. 
Ayni shu damda xonaga xizmatkor kirdi:
— Janob muallim, janob Rao sizning kirishingizni iltimos qilyapti. 
Xizmatkor Ishar Dasni mehmonxonaga olib kirdi. U juda hashamdor qilib bezatilgan edi. Ikkita kamin yonib turardi, uy xuddi yozdagidek issiq edi. Devor tomonga katta oynavand shkaf qo‘yilgan, uydagi kitoblar maktab kutubxonasidagi kitoblardan ko‘p edi.
Ishar Dasning oyoqlari yumshoq gilamga botdi — gilam qalin edi! Xuddi uchta adyol singari! Ey yo‘q, uchta adyoldan ham ko‘p! To‘rtta... To‘rtinchisi Sitaning onasi uchun...
Janob Rao o‘rtog‘i bilan karta o‘ynardi.
Ishar Dasni ko‘rgach, janob Rao o‘rnidan turdi va uning yoniga keldi. Ishar Das hurmat ifodasi sifatida kaftlarini birlashtirdi. 
— O‘tiring, janob muallim! — Xo‘jayin oromkursiga cho‘karkan iltifot bilan taklif qildi va yonidagi oromkursini ko‘rsatdi. 
— Sizga aytishim kerak bo‘lganim juda noxush xabar, lekin — nachora! Hech iloji yo‘q. Nega siz o‘tirmayapsiz? 
Ishar Das uzr so‘radi. 
— Mana qarang, siz mana bu shkafda ko‘rib turgan kitoblarning hammasi ruhshunoslik haqida. Men bo‘lak kitoblarni saqlamayman. Men bu kitoblarning hammasini o‘qib, mag‘zini chaqqanman! Aynan mag‘zini chaqqanman! Men shaxsiy hayotimda ruhshunoslik qonunlariga amal qilaman. 
 Shu joyda janob Rao to‘xtab, muallimga qarab oldi va yana gapini davom ettirdi. 
— Ruhshunoslik fani shuni o‘rgatadiki, agar o‘quvchi qalbida muallimga nisbatan hurmat bo‘lmasa, u hech narsaga o‘rgana olmaydi. Shunday qilib, siz paltoni olganingizdan so‘ng o‘sha kundan, o‘sha daqiqadan boshlab...
Ishar Dasga shunday tuyuldiki, xuddi uning yuragiga birov o‘tkir uchli mixni urganday bo‘ldi.
— Siz paltoni olganingizdan so‘ng, o‘sha daqiqadan boshlab, o‘g‘limning qalbida shubha paydo bo‘ldi. Odatda aqlsiz ota-onalar bunday narsalarga e’tibor bermay, ularni ahamiyatsiz narsa hisoblaydilar, men esa ruhshunoslikni a’lo darajada bilaman. Endilikda mening o‘g‘lim sizdan hech narsani o‘rganolmaydi. Bugun u mendan so‘radi: «Uyimizni supuradigan farrosh Lallu bilan muallimning o‘rtasida qanday farq bor? Farrosh ham sizning eski-tuski kiyimingizni kiyadi, muallim ham».
Ishar Dasning nazarida uning yuragiga bittagina mix urilmay, balki butun o‘rindiqda mix g‘o‘ddayib turganday tuyuldi...
— Janob Rao, — gap boshladi Ishar Das, qo‘llarini xuddi ibodat qilayotganday juftlab. — Paltoni kiyishni menga xonim buyurdi, ertasi kuni esa u ketib qoldi... — Shu payt Ishar Das paltoni yecha boshladi. — ...Men u kelishini kutdim. Men unga tashakkur bildirib, paltoni qaytarib bermoqchi edim. — Muallim paltoni yechgach, uni taxlay boshladi.
— Yo‘q, yo‘q, janob muallim, uni qaytarishingizning hojati yo‘q. Kiying, kiying, — dedi janob Rao Ishar Dasning ko‘ziga tikilmaslikka harakat qilib. — Kiying, kiying paltoni! — yana ta’kidladi u. Va muallim buyruqqa itoatkorlik bilan bo‘ysunib, o‘ylamasdan paltoni kiydi. 
— Agar bolalaringizdan birontasiga biron bir kiyim zarur bo‘lsa, biz o‘g‘limizning eski narsalarini berishimiz mumkin. Palto haqida tashvish chekmang. Ha, mana, oling, sizga o‘nbesh kun uchun yetti yarim rupiy beraman. Ertadan boshlab sizning darsga kelishingizning hojati yo‘q. Umid qilamanki, siz hammasini tushunasiz. Sizning hech bir aybingiz yo‘q, ko‘p mehnat qildingiz, lekin ruhshunoslik...

Rus tilidan Alinazar Egamnazarov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.