OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pari Mansuri. Guldon (hikoya)

Juma tongi. Hamma shirin uyquda. Ertalabgacha yoqqan pag‘a-pag‘a qordan hovli o‘rtasidagi sarv, ikki olxo‘ri va gilos daraxtlarining kumushdan libos kiygan shoxlari egilib qolgan. Oftob hamma yoqni jilvalantirib, mayin, erkalovchi nurlari bilan tashrif buyurayotir.
Bolakay mushtchalari bilan ko‘zlarini uqalab, yarim ochiq, yarim uyquli nigohini shiftga qadadi — bir to‘p yarqiroq zarrachalarni ko‘rdi. Qulog‘iga onasining singilchasiga gapirayotgani eshitildi.
— Setora jonim, go‘zal qizim, bor yuz-qo‘lingni, tishlaringni yuvgin-da, mening oldimga kel. Izzatxonim ham kelib qoladilar, Siyovush ham uyg‘ondi. Men sizlarga nonushta tayyorlayapman.
Setoraning o‘zidan vaqtliroq uyg‘onganini eshitib, xijolat bo‘lganidan bolaning uyqusi uchib ketdi. Hushyor tortib, o‘rnidan turdi-yu derazadan hammayoq oppoq qor bilan qoplanganini ko‘rib, quvonib ketdi. Oshxonaga yugurib borib, o‘zini onasining bag‘riga otdi:
— Oyijonim! Qanaqa qor yoqqanini ko‘rdingizmi? Bugun dadam bilan shunaqangi Qorbobo yasaylikki, Setora uni tushida ham ko‘rmagan bo‘lsin.
— Birinchidan, sen aqlli-hushli bolasan. Salom esingdan chiqmasligi kerak. Ikkinchidan, sen bilan Qorbobo yasaydigan dadang hozir uydamas, — dedi oyisi.
Siyovush hayron bo‘lib so‘radi:
— Birinchidan, salom. Ikkinchidan, bugun juma-ku, dadam qaerdalar?
— Dadang bozorga ketdi. Bugun kechqurun mehmon keladi.
Siyovush umid bilan dedi:
— Eh-he, hali kechgacha qancha bor. Dadam kelishlari bilan Qorbobo yasaymiz, xo‘p?
— Yo‘q, Siyovushjon, dadang kelib, yana ketadi. Bir do‘stiga va’da bergan. Bugun Qorbobo yasaydigan kun emas. Qorbobo haqida Setoraning oldida gapirma, unga bahona topilib, injiqlanib, ish qildirmaydi. Endi tez borib, yuz-qo‘lingni yuvginda, kelib nonushta qil.
— Xo‘p, — dedi jiddiy tortib Siyovush, — faqat bitta savol: Azizjonim qaerda?
O‘g‘lining harakatlari, hatto gapirishi ham otasiga tortganini ko‘rib ona mehribonlik bilan dedi:
— Azizjon issiq non xarid qilishga, bir yo‘la qor kurash uchun Akbar og‘ani chaqirishga ketdi.
Izzatxonimni bolalar Azizjon, deb chaqirishadi. U juda mehnatkash, shimollik kelishgan ayol. Bir paytlar Izzatxonim eri va o‘g‘li hayotligida, Lohijon degan joyda xaroba kulbada, Siyovush va Setoraning onasi — Nasrinxonimning otasi uyi yaqinida yashardi. Eri baliqchi edi. Ularning ahilligiga hammaning havasi kelardi. Uylari oldidan o‘tgan kishining, atrofda ekilgan xilma-xil gullarni, yashnab turgan ko‘katlarni ko‘rib, bahri-dili ochilib ketardi, bu oilaning faqirligini sezmas va ularga havas qilardi.
O‘n bir yilcha burun Izzatxonimning eri va 16 yoshli o‘g‘li to‘fonga g‘arq bo‘lishgan. Shundan so‘ng Nasrinxonimning onasi Izzatxonimga ko‘maklashib turdi va uni zo‘rg‘a ko‘ndirib, Tehronga — Nasrinning uyiga jo‘natdi. O‘shandan beri Izzatxonim bu xonadonda yashaydi.
Izzatxonim non ko‘tarib kirib kelganida hali yuzini artmagan Setora o‘zini uning bag‘riga otdi. Bolalar salomlashgach, Setora hayajon bilan:
— Azizjon, Azizjon, qancha qor yoqqanini ko‘rdizmi? — dedi chuldirab.
Izzatxonim bolalarni quchoqlab, o‘pdi:
— Salom, shirintoylarim. O‘zim aylanay sizlardan. Nonushtangiz kechikayapti. Yuringlar oshxonaga kiramiz, issiq non olib keldim, hali sovumagan.
Izzatxonim aylanib-o‘rgilib bolalarni ovqatlantirayotganini ko‘rib Nasrinxonim:
— Izzatxonim, qo‘ying, o‘zlari ovqatlanadi. Katta bo‘p qolishdi-ku endi. Choyingiz sovimasdan ichib oling, — dedi.
Siyovush xayolga tolib, bir narsa esiga tushgandek, oyisidan so‘radi:
— Oyi, Akbar og‘a qor kuraganiga pul oladimi?
— Oladi. U bechora tekinga ishlay olmaydi-ku. Izzatxonimga yarim soatda yetib boraman, debdi.
Siyovush choyini chala-chulpa ichib, xonasiga yugurdi. Ortidan onasining:
— Siyovush, choyingni oxirigacha ichmabsan. Pishloq bilan noning ham qolib ketibdi, bolam. Qayoqqa ketding, endi? — deganiga javob bermadi.
U eshikni ichidan qulflab, yiqqan pullarini soladigan qutichani olib ochdi va ichidagi tangalarni to‘kib sanab ko‘rdi. Keyin tangalarni qutichaga qayta joylab, hafsalasi pir bo‘lgancha qutini yopdi. Anchadan beri sotib olishni orzu qilib yurgan narsaga puli yetmas edi. Uch oydirki, har kuni pullarini sanaydi va har gal hafsalasi pir bo‘ladi. Keyin sinfdoshi, yaqin do‘sti Ahmad esiga tushdi. Ha, unga o‘xshab yozgi ta’tilda do‘konda yordamchi bo‘lib ishlab, pul topsa bo‘ladi. Ammo yozgi ta’tilgacha necha oy bor hali. U kutolmaydi.
Siyovush onasining oldiga kelib:
— Oyi, Akbar og‘a tomdan tashqari hali hovliniyam kuraydimi? — deb so‘radi.
— Ha. Bir yo‘la hamma yerni kurab ketsin. Sen o‘tirgin-da, choyingni ichib tugat. Suting ham sovib qoldi.
— Unga qancha pul berasizlar?
— Bugun qanaqa savollar beryapsan, o‘zi, a? Biz u bilan savdolashmaymiz. Qancha so‘rasa beramiz. O‘zi insofli odam. Ko‘p so‘ramaydi.
— Oyi iltimos, u tomning ortini kurab bo‘lganidan keyin, hovliniyam kura demang. Hovlini o‘zim kurayman.
— Nima, nima? Sen qor kuraysanmi? Yo‘q, bir o‘zing Qorbobo yasamoqchiga o‘xshaysan.
Oraga Setora qo‘shildi:
— Yo‘q, bir o‘zi yasamaydi. Men ham yordam beraman.
— Yo‘q, Qorbobo yasamayman. Faqat qor kuragim kelyapti. Xo‘p?
Dasturxonni yig‘ishtirayotgan Izzatxonim:
— Bolajonim, bu ish senga hali og‘irlik qiladi, — dedi. — Xudo ko‘rsatmasin, terlab tag‘in isitmalab qolmagin, bolam.
— Yo‘q, Azizjon, xavotir olmang. Shamollamayman. Faqat qor kuragim kelyapti. Oyim... pul beradi qor kuraganimga, deyapman.
— Ha, endi tushundim. Senga pul nega kerak? Har doimgiday qalamingni, chizg‘ich va o‘chirg‘ichingni yo‘qotdingmi? Senga doim aytaman, ehtiyotkor bo‘l, deb. Tunov kuni dadang menga “Bolaga nasihat qilib tur, agar o‘z o‘g‘lingga tarbiya berolmasang qanday muallim bo‘lding. Izzatxonim bilan sen bu bolani ancha erkalatib yuborgansizlar”, deb bizni koyidi, — to‘ng‘illadi onasi.
Siyovush qancha tushuntirishga urinmasin, onasi unga gap bermay, noliyverdi.
Oxiri u onasining gapini bo‘lib:
— Siz o‘qituvchimizdan ham battarsiz, — dedi yig‘lamsirab. — Hech gapirishga qo‘ymaysiz. Ayting-chi, men sizdan qachon qo‘shimcha pul so‘raganman?
— Mendan so‘ramagan bo‘lsang, Azizjondan so‘ragansan.
Haligacha jim o‘tirgan Izzatxonim chidolmay dedi:
— Hech mendan pul so‘ramagan. Mening pulim undan aylansin-a.
Siyovush ko‘zlariga quyilib kelgan yoshni ko‘rsatmaslik uchun tashqariga chiqib ketdi va baland ovoz bilan:
— Agar haliyam pul bergingiz kelmayotgan bo‘lsa, bermang. Umuman bermang. Qor kurayman dedimmi, kurayman. Sizning pulingiz, umuman, menga kerak emas. Baribir pul yig‘ib, o‘sha xohlagan narsamni olaman. Siz hecham pul bermang. Bir kun kelib baribir olaman. Kech bo‘lsayam olaman, — dedi baqirib.
Onasi kulimsirab:
— Bo‘pti, yaxshi... Lekin nima sotib olmoqchiligingni aytgin, — dedi.
Izzatxonim ham har qancha so‘ramasin Siyovush baribir nima olmoqchiligini aytmadi. Axiri, onasi uning qor kurab pul ishlashiga ruxsat berdi.
Siyovush irg‘ishlab xonasiga kirdi. Qo‘lda to‘qilgan issiq jemferini, qalpog‘ini kiydi. Issiq jemferni unga Izzatxonim tug‘ilgan kuniga to‘qib bergandi. Unda zangor osmon, bulutlar, dengiz va dengizda bir yelkanli kema tasviri tushirilgan. Dengiz suvlari mavjlanib, oftobda jilvalanadi. Siyovush shu kiyimini juda yaxshi ko‘rardi, chunki u dengizni yoqtirardi.
Siyovushning tug‘ilgan kuniga tashrif buyurgan mehmonlar tarqagach, u sekin Izzatxonimning xonasiga bosh suqdi:
— Azizjon, sizning tug‘ilgan kuningiz qachon? — so‘radi Siyovush.
— Aylanay bolam. Mening tug‘ilgan kunim yo‘q.
— Qanaqasiga yo‘q bo‘ladi?
— Bilmadim, qarib tug‘ilgan kunim ham esimdan chiqib ketgan.
— Azizjon, siz hecham qarimassiz, yoshsiz.
Izzatxonim kulib dedi:
— Demak, sen qari ekansan-da. Chol bo‘lib qolibsan, oqargan sochlarimni, ajin tushgan yuzlarimni ko‘rolmaydigan darajada qarib qolibsan.
Siyovush sho‘xlik bilan:
— Siz ham Oliya buvimdek sochlaringizni bo‘yasangiz, bittayam oq sochingiz qolmaydi, — dedi.
O‘sha oqshom Siyovush uxlolmay chiqdi. Olmoqchi bo‘lgan narsam sotilib ketmaganmikin, deya rosa xavotirlandi.
Dars tugashi bilan go‘yo qanot chiqarib do‘konga uchdi. Xayriyat, sotilmagan ekan. Yengil nafas oldi. Ota-onasining tanishi Muhsin og‘aning do‘konidagi chiroyli guldonni u qachondan beri ko‘z ostiga olib yurardi. Nilufar gulli tillarang guldonga qushlarning tasviri tushirilgan edi. Uch oy oldin Muhsin og‘a bu guldonni sotib yubormaslikka va’da bergandi.
— Shu paytgacha ko‘p kishi so‘radi, lekin sotmadim, — dedi Muhsin og‘a mag‘rur qiyofada.
Siyovush xursand bo‘lib pulni cho‘zdi. Muhsin og‘a guldonni chiroyli qutiga joylab, o‘rab berdi. Yuragi hapqirib uyga kirib kelgan Siyovush qo‘lidagi sovg‘ani Izzatxonimga uzatarkan:
— Azizjon, esingdami, tug‘ilgan kuningizni so‘raganimda, bilmayman, degandingiz. Men bilaman. Sizning tug‘ilgan kuningiz — bugun. Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin! — dedi.
Izzatxonim biroz karaxtlanib turdi, keyin quvonganidan yig‘lab yubordi va Siyovushni bag‘riga bosdi. Voqeaning guvohi bo‘lib turgan ona o‘g‘lidan faxrlanib, uning yuz-ko‘zidan o‘pib, Izzatxonimga yuzlandi.
— Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin!

Fors tilidan Hulkar Turdiyeva tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.