OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rolf Pester. Bayram sovg‘asi (hajviya)

Kotiba somonrang sochlarini silkitib, ichkariga bosh suqdi va dedi:
— Janob direktor, hamkasbimiz Svaybayn huzuringizga kirmoqchi.
Korxona rahbari qog‘ozlarga ko‘milgan ko‘yi xayol surib o‘tirarkan, boshini ko‘tarmay so‘radi:
— Nima ishi bor ekan?
— Zarur ishim bor deyapti...
— Mayli, kirsin.
— Favqulodda shoshilinch masala chiqib qoldi, janob direktor, — dedi Svaybayn xonaga xovliqib kirib kelarkan. — To‘g‘rirog‘i, korxonamizda sodir bo‘lgan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea yuzasidan...
— Marhamat qilib, fikringizni aniqroq ifoda qilsangiz, — dedi korxona rahbari, oldidagi qog‘ozlarni bir chetga surib qo‘yarkan.
— Hozir, janob direktor, — Svaybayn chuqur nafas oldi. — Gap shundaki, oshxonada ayollar brigadasi to‘planib olib... adashmasam yigirma chog‘li...
— Xabarim bor, — dedi direktor quruqqina qilib. — Xo‘sh?..
— Tasavvur qiling, janob direktor, ichkariga kirishimni bilaman, anovi bor-ku, haligi... Mittentsvay, o‘sha, ishonasizmi, ko‘zim tushishi bilan... kamina tok urgandek...
— Xo‘sh, xo‘sh? Nimaga ko‘zingiz tushdi?
— O‘sha Mittentsvay, — bidillab so‘zida davom etdi Svaybayn, — barcha ayollarni yoshi qari demay, shundoq ko‘z o‘ngimda o‘pa boshlasa bo‘ladimi! Tag‘in, yonoqlaridan emas, to‘ppa-to‘g‘ri lablaridan o‘pyapti deng. Uylangan, bola-chaqali odam bo‘lsa, uyat emasmi, janob direktor?
Direktor biroz jim qoldi-da, so‘ng sigareta tutatdi. Keyin go‘shakni qo‘liga olib, Mittentsvay huzurimga kirsin, dedi.
— Adashmasam, Mittentsvay xotin-qizlar brigadasining yetakchisi, shundaymi?
— Xuddi shunday, janob direktor! Svaybayn shu damda negadir to‘lqinlanib ketdi. — Axir, o‘zingiz o‘ylang, janob direktor, xizmat mavqeidan foydalanib, shunaqa ishlarni qilib yurganini bitta-yarimta og‘ziga kuchi yetmagan bilib qolgudek bo‘lsa bormi, korxonamiz sha’niga...
Xuddi shu payt kotibaning “Mittentsvay keldi” degan so‘zlari eshitildi.
— O‘tiring, hamkasb Mittentsvay, — dedi korxona rahbari unga yuzlanib. — Hamkasb Svaybaynning aytishicha, Siz... — direktor bir yo‘talvolib, so‘zida davom etdi. — Siz brigadangizdagi barcha xotin-qizlarni... o‘pganmishsiz. Shu to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — dedi Mittentsvay xotirjam ohangda.
— O‘ho‘, — deb qo‘ydi shu payt Svaybayn qitmirona ohangda va nigohini shipga qadab oldi.
— Hamkasb Mittentsvay, — dedi direktor, — bu xatti-harakatingizning sababini bizga tushuntirib bera olasizmi?
— Albatta, — dedi Mittentsvay. — Bu xatti-harakatimni har yili takrorlab turaman. Aniqrog‘i, o‘n yildan beri, ya’ni brigadir bo‘lib ishlayotganimdan buyon.
Shu so‘zlardan so‘ng Svaybayn direktorga ma’noli nazar tashlab, kursisiga joylashibroq o‘tirib oldi.
— Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsam, — Mittentsvay xotirjam davom etdi, — muayyan bir kuni. Bilasizmi janob direktor, maoshimiz o‘zingizga ma’lum, yigirmata guldasta olishga qurbim yetmaydi, shu boisdan...
— O, gap bu yoqda deng, — dedi direktor jilmayib. — Muayyan bir kuni bo‘lsa mayliga. Lekin bu gal ayollarimizni o‘pib qo‘yishning o‘zi kamlik qiladi. — U Svaybaynga o‘girildi. — Marhamat qilib, oshxonaga tushing-da, mening nomimdan yigirma shisha limonad buyuring.
Svaybayn arang o‘rnidan turdi. Uning yuzi oqarib ketgandi. U ketishga chog‘langan edi, Mittentsvay yengidan ushlab to‘xtatdi.
— Kechirasiz, adashmasam, uylangansiz-a?
Svaybayn “ha” ma’nosida bosh irg‘adi.
— Rafiqangizni tabriklab qo‘ydingizmi?
Svaybayn hech narsaga tushunolmay, biroz o‘ylanib qoldi.
— Bugun bayram, — dedi direktor tantanavor ohangda.
— Rafiqangizga achinaman, — dedi Mittentsvay bosh chayqab. — Afsuski, mening brigadamda emas-da. Yo‘qsa, bayramga ajoyib sovg‘a olardi-ya...
 
Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.