OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Seyit Kenjaxmatov. Dahshatli tush (hajviya)

Qiyozlar oilasining o‘zgacha bir xosiyati — ular yoppasiga tush ko‘rishadi. Yetti yashar o‘g‘lidan to yetmish yashar otasigacha tush ko‘rib chiqishadi. Tunda qanday tush ko‘rganini ertalab bir-biridan so‘rash — odat. Bir kechalik mehmondan ham: “Qanday tush ko‘rdingiz!” — deb so‘rashni kanda qilishmaydi.
Tarki odat — amri mahol deganlaridek, bu kecha ham kattayu kichik — barchasi tush ko‘rib chiqishibdi. So‘ni dastavval otasi boshladi:
— Tushimda suvsab qolgan ekanman, bolam, choy qo‘yib yubor desam, kelin tushmagur eshitmaganga olib uch kosa qatiq quyib kelsa bo‘ladimi. Simirib-simirib ichdim-ey...
— Voy sho‘ri-im, endi nima qilamiz? Uch kun qattiq jala quyib, dovul turar ekan-da, bekor ichibsiz, — dedi kampiri.
— Ichmasam kelinning ko‘ngliga keladi-da, ilojim qancha...
— Bu alvastilarga ovqat bersang ham yoqmaysan, — deb bir siltandi kelin.
Kelinning bu “chertkisi” davradagilarning qulog‘i yonidan “o‘tib ketdi”.
— Sen hech narsa ko‘rganing yo‘qmi? — deb chol kampiridan so‘radi.
— Ko‘rdim. Ko‘rganda ham bitta emas, ikkita tush ko‘rdim.
— Ena, ko‘zingiz yaxshi ko‘rmaydi-ku, tushni qanday qilib ko‘rasiz? — so‘rab qoldi nabirasi.
— Og‘zingni yum, — jerkib berdi bu so‘zni hazm qila olmagan kampir, — tur nari, ko‘zimga ko‘rinma.
— Shundog‘am ko‘rinmayman — dedi bola parvo ham qilmay.
— Qo‘yaver, bola-da, undan ko‘ra tushingni aytsang-chi.
— Darvoqe, tushimda kelin ko‘rpasining ustida shir yalang‘och o‘tiribdi. Voy, qaynotang kelib qolmasin, biror narsa yopinsang-chi, desam...
— E-e, o‘lma, Xudo berdi desang-chi, — dedi qariya odatdagidek ovozini baralla qo‘yib, — nabiralik bo‘lar ekanmiz.
Kampir “Ikkinchi tushim...” deb endi boshlagan edi, sirtdan kelinning shang‘illagan ovozi eshitildi:
— Bugun hammaning tushiga men kirib chiqibman-da. Sizlar ko‘rmagan hech vaqo qolmagan, shekilli? Niyatlaringizni bilaman — “bola!”. Ahmoqligimdan ikkitasini yo‘rg‘alatib qo‘ydimmi? Qo‘ydim! Endi bas, dedimmi, bas! Bola kerak bo‘lsa, o‘zlaring harakat qilinglar. Bola tug‘ish oson ish deb o‘ylaysizlar, shekilli.
Kelin uzoq shang‘illadi.
Qaynona “qarshi hujumga” botina olmadi.
Qaynotaning tili qotib qoldi.
Nihoyat, anchadan keyin qaynonaga jon kirdi:
— Bolam, — dedi u keliniga, — birovning tushidan birovning jahli chiqmasa ham bo‘lar. Bu nimasi, aylanay? Harqalay, o‘zing yomon tush ko‘rganing yo‘qmi?
— Sizlar ko‘radigan tushni men ko‘ra olmaymanmi? Ko‘rdim!
— E-e, chirog‘im, gapni shundan boshlamaysanmi, — dedi chol.
— Aytsam, aytaveraman. Tushimda xuddi hozirgidek qir-pichoq bo‘lib o‘tirgan ekanmiz, bir mahal quyuq qora bulut keldi-yu, uyimizni to‘nkarib ketdi.
— Astag‘firullo! Astag‘firullo! Biz qaerda ekanmiz?
— Otamni, — kelin qaynotasiga ishora qilib dedi, — ikki boshli ajdaho...
— Bas qil-e, tushing ham qurib ketsin, — kelinini hay-hayladi chol.
— Men qayoqda ekanman? — so‘radi qaynonasi.
— Uydan yugurib chiqsam, sizni bir nortuya...
— Voy sho‘rim, — kampirning rangi oqarib ketdi.
— O‘zing nima qilayotgan ekansan?
— Bunaqa zo‘r tomosha har kuni ham bo‘lmaydi. Mazza qildim.
— Voy, tiling kesilgur-ey! Tushing o‘zingga ko‘rinsin-a! — deyishdi chol bilan kampir.
— Ha, yoqmadimi? — o‘dag‘ayladi kelin.
— Yoqmadi.
— Unday bo‘lsa, bugundan boshlab tush ko‘rishni bas qilamiz. Nima deysizlar?
Chol kampiriga ma’noli tikilib dedi:
— Biz rozimiz, gap senda qoldi, kelin.

Qirg‘izchadan Qurbon Sattor tarjimasi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.