OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Stanislav Stratiev. Shaxsiy fikrim qani (hajviya)

Ertalab Petrov bir qultum qahvasini ichdi-yu, xotinining peshonasidan o‘pib, ishga otlanmoqchi bo‘lib, ostonaga yetganda hayallab, cho‘ntaklarini kovlashtira boshladi. 
— Nimangni izlayapsan? — dedi xotini. 
— Fikrim... mening fikrim... topilmayapti, — dedi Petrov kiyimlarini paypaslab, kissalarini kovlashda davom etarkan. — Qayoqqa tiqdim ekan-a!
— Anovi cho‘ntagingdagi shalvirab turgan nima?
— Dastro‘molcham, — ming‘irladi Petrov. — Fikrim qayoqqa daf bo‘ldiykin-a?
U barcha cho‘ntaklarini ag‘darib ko‘rdi, portfelini titkiladi, kiyimlarini qoqishtirib ko‘rdi — topolmadi.
— Yo‘q, — dedi u xotiniga. — Sen bilmaysanmi, qayoqqa g‘oyib bo‘lganikin? 
— Yaxshisi, hovliqmasdan, astoydil izlab ko‘r.
Petrov yana cho‘ntaklarini birin-ketin kovlashga tushdi. Afsuski, hech qaerda uning shaxsiy fikri yo‘q edi.
— Shoshmay tur-chi, — deya xotini peshonasini tirishtirdi. — Oxirgi marta sen uni o‘tgan yili, yanvar oyida eslagandek bo‘luvding, shekilli. Korxonangda yillik reja tasdiqlanadigan kuni-chi?
— Yo‘q, xotin, adashyapsan. Men hali aqldan ozganim yo‘qki, yillik reja muhokamasiga shaxsiy fikrim bilan borsam!..
— Hmm... Ha, aytmoqchi! Keyin vazirlikka chaqirishuvdi-ku? Ehtimol, fikringni o‘shanda obketgan bo‘lma tag‘in? 
— Nimalar deyapsan, xotin? Vazirlikka kim ham o‘z fikri bilan boradi, a? Shunday nufuzli joyda, odatda, o‘zgalarning fikriga qo‘shilasan, bas! Yo‘q, u gal fikrimni obketmaganman.
— Unda qayoqqa gumdon bo‘ladi? Aslida bormidi o‘zi?
— Bor edi, bor edi, mana, endi yo‘q. 
— Yopiray! Savil qolgur fikring qaysi kavakka kirib ketdiykin, a?
Xotini chuqur o‘yga toldi. Eri so‘nggi paytlarda qaerlarga boruvdi, o‘zi bilan o‘z fikrini qachon obketuvdi?
— O, topdim! — deb qiyqirib yubordi xotini. — Esingdami, Bosh direktoringga tishini qayrab yurgan Simeonov degan shartaki xodimlaring bor edi-ku, o‘shani ishdan bo‘shatadigan kun esingdami? Fikringni o‘sha kungi majlisga obketgansan. Yodingga tushdimi? 
— Yodimda, — dedi Petrov bamaylixotir. — Lekin o‘shanda bizdan majlis qarorini qo‘llab-quvvatlashgina so‘ralgan, xolos. Shaxsiy fikr hech kimni qiziqtirmagan. 
Xotini javonini ochib ko‘rdi.
— Balki sen uni muhim hujjatlaring saqlanadigan g‘aladonga solib qo‘ygandirsan?
— Qo‘ygandim. So‘ng bir marta olish uchun ochib... oldimmi yo yana solib qo‘ydimmi, esimda yo‘q. 
— Menga qara, shu tobda shaxsiy fikring nega kerak bo‘p qoldi? Nega yopishib olding? Axir, ishga ketyapsan-ku? So‘rab qolsalar, “uyda qopti”, deb aytarsan-da.
— Xo‘p, aytarman. Mabodo, uni mutlaqo yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsam-chi?
— Qiyomat qo‘pmas! Uningsiz ham binoyidek yashab kelyapsan-ku!
— To‘g‘riku-ya... Har holda, doim uningsiz yashash ham yaxshimas. Biror nozik joyda kerak bo‘p qolsa, nima degan odam bo‘laman? 
— Kerak bo‘lmaydi-yov...
— Yo‘q, har holda, har holda... Biror joyda bordir u? Hech bo‘lmasa, bir qur qarab ko‘raylik-chi!.. 
Xotini shiddat bilan kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shaklarni ag‘darishga tushib ketdi... 
— Mana u! — dedi xotini terlarini arta-arta. — Sen uni eski paltongning cho‘ntagida qoldiribsan. Bu paltoni, bilasanmi, ikki yil oldin chiqitga chiqarib tashlovding.
— To‘ppa-to‘g‘ri, shaxsiy fikrim! — quvonib ketdi Petrov. — Ikki yil oldin opchiqqan ekanman-u, yana o‘sha joyida paqqos unutib qoldiribman-a? 
— Men paltoni yuvishga topshirvorgandim-ov. Bu yoqqa ol-chi, kirmoshinda fikring ivib, titilib ketmadimikin? — Shunday deb xotini aylantirib-aylantirib, silkib-silkib, puflab-puflab eriga fikrini qaytarib berdi. — Yo‘q, jin ham urmabdi. Aksincha, xuddi yangidek. 
— Albatta-da, men undan deyarli foydalanmadim, axir. 
— To‘g‘ri qilasan. Menam paltongni bolaxonaga chiqarib tashlamoqchiydim. Baribir kiymaysan-ku!
— Menda yangisi bor-ku. Pochapo‘stin. 
— Endi fikringni boshqa, ko‘rinarli joyga qo‘y. Qutichagami, hujjatlaringning orasigami? Yaxshisi, eng ishonchlisi — omonat daftarchangning qatiga joylab qo‘ya qolganing durust. 
— Shunday qilaman!
Petrov shaxsiy fikrini daftarcha qatiga joyladi-yu, xotinining peshonasidan o‘pib, mamnun holda eshikdan chiqdi. 

Ruschadan Ahmad Oqnazarov tarjimasi

 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.