OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Teodor Drayzer. Neft (hikoya)

Nyu-Yorkdan uncha uzoq bo‘lmagan yarim orolning janubiy chekkasida Beyonn nomi bilan mashhur bo‘lgan, o‘ziga xos faoliyat uchun ajratilgan yer uchastkasi bor. Bu yarim orolni ikkita keng ko‘rfaz ajratib turadi: biri Nyuark, boshqasi Bruklin tomonga — bepoyon ummonga qarab cho‘zilgan. Yilning har vaqtida bu yerda kuchli shamol turadi. Qoramtir tomlar uzra baliqchi qushlar charx uradilar. Hammayoqda baland-baland fabrika trubalari, qizil g‘ishtdan iborat “ma’yus” binolar, yonilg‘i uchun haybatli dumaloq rezervuarlar — qandaydir noxush alg‘ov-dalg‘ovlik, lekin bu tartibsizlik ohanrabo kuchidan holi emas: yo favqulodda badburushlik, yo fojeaviy teatr niqobi e’tiborni shundayin tortadi.
Bu yerda neft ishlab chiqarish, aniqrog‘i, tozalash korxonasiga asos solingan. Oddiy ish kunlari shu yerda sanoat deb ataladigan g‘oyat zo‘r manzara paydo bo‘ladi. Pristanga endigina yetib kelgan yoki butun dunyo bandargohlariga suzib ketishga tayyor ulkan kemalar bog‘lab qo‘yilgan. Bosh magistral yo‘ldan jo‘naydigan son-sanoqsiz temir yo‘llar adog‘ida buzilmas karvonlardek uzundan-uzun neft to‘ldirilgan turnaqator sisternalar yuklarini o‘lkaning eng chekka-chekkalariga olib ketish uchun o‘z navbatlarini kutib yotibdi. Turli ko‘rinish va kattalikdagi beadad binolar muttasil ravishda xalqa-xalqa tutun burqsitib turadi. Bulutli kunda, qayoqqa qarama, olov qizarib ko‘rinadi — otashning o‘chmas shu’lasi qora va kulrang tusli bir xillikka qandaydir vahimali tus bag‘ishlaydi.
Bu bir parcha yer, har holda, nafaqat og‘ir inson mehnati-la, balki xushmanzaraligi bilan ham diqqatga molikdir. Musavvir bu yerda minglab ranglar jilosi, minglab qora, ko‘kimtir, qizil, moviy ranglarni topa oladi. Manavi trubalar qanchayin ulkan — pastak, yer bag‘irlagan imoratlar ustidan qad ko‘tarib turibdi. Yuz yillar mobaynida to‘p-to‘p dengiz o‘tlaridan paydo bo‘lgan botqoqliklar hamda neft quyqalari qalqib turgan ko‘lmaklar o‘rtasidagi tuproq qorayib ketgan, hisobsiz binolar devorlari undan-da qop-qora: hech bir musavvir bunday rang va tuslar uyg‘unligi oldida o‘zini tiyib turolmaydi. Uistler bulardan surat solgan bo‘lardi. Verj yoki Shinn zulmatning asl mohiyatini anglash va tasvirlash nima ekanligini ko‘rsatgan bo‘lardi. Agar bu yoqqa ta’sirchan odam bexos adashib kelib qolsa, larzaga keladi, dili vayron bo‘lib, tushkun kayfiyatda juftagini rostlab qoladi. Bu doimiy harakatdagi yuksak zulmat saltanati edi-yu, shu bilan bir qatorda kulrang va qora nafis tuslarda jilvalanardi.
Ammo bu manzara qanchalik lol qoldirmasin, uning ortidagi yashirin, og‘ir hayot yanada hayratomuz. Bu yerda ishlaydiganlarni — ular ming-minglab — o‘ylab o‘tirmasdan eng oddiy kishilar deyish mumkin. Albatta, ular hech bir alohida iste’dod egasi emaslar, yo‘qsa, bu yerda ishlamasdilar. Ular sirtdan qaraganda uncha istarali emasdi, tashqi ko‘rinish odatda botinni gavdalantiradi xolos, bu kishilar zohirida ko‘pincha aqli norasolik sezilib qolardi. Aksariyati inglizchani buzib talaffuz etadigan shvedlar, polyaklar, vengrlar, litvaliklar; hayotlari og‘ir, nochor. Kimki tirikchilikning bir navi sharoitiga ko‘nikkan bo‘lsa, u hayot haqida bir fikrda to‘xtalib, iztirobga tushadi. Ular zavod yonidagi yarim vayron kulbalarda ro‘zg‘or tebratishadi. Qo‘l uchida kun ko‘rayotganlari birgina Yaratganga ayon. Maoshlari ham katta emas (ular uchun bir, bir yarim dollorning o‘zi yaxshigina haq), ko‘plari oilasini, katta oilasini boqishi kerak, negaki kambag‘al serfarzand bo‘ladi. Hamma yoqda kichkinagina qorong‘i peshtaxtalar va ishchilar qittay-qittay qilgani tez-tez kirib o‘tadigan jimitday qovoqxonalar ko‘rinib turadi. Ushbu peshtaxta va qovoqxonalarga qarab beixtiyor o‘ylaysanki, hech bir odam, qanchalik quyi pog‘onada bo‘lmasin, bunaqangi sharoitda yashamasligi va qachondir tabiat bizga ato qilgan oliy zakovatimiz bunga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Shunga qaramasdan bularning bari ko‘z oldingizda.
Ammo chidab bo‘lmaydigan jazirama yozda yoki qattiq sovuqda, qor-yomg‘irda, tabiat kuchlari quturganda bu xarobalar qandaydir badqovoq dabdaba, motamsaro nochorlik misol tus oladi — bunday manzara uchun tabiatga ofarin deyish mumkin! Ular shunday xo‘mrayganki, shunday mahzun, nochorki. Rassomlar ulardan suratlar, yozuvchilar kitoblar, musiqachilar yangi tovushlar yaratishlari uchun ilhom topa oladilar. Bu eng zim-ziyo qiyofadagi hayot.
Agar kulbalar yaqinidagi zavodda ketayotgan ishni tasvirlamasak manzara to‘liq bo‘lmaydi — ishki bir zayldagi, iflos, halovatsiz, na ongga, na yurakka biron nima bera oladi. Chunki bu har kuni takrorlanadigan, bir qolipdagi jarayon: bochkalar neft bilan to‘ldiriladi; keyin unga neft tozalash xossasiga ega muayyan miqdordagi turli kimyoviy moddalar qo‘shiladi; neftni u bochkadan bunisiga oqizish uchun jo‘mraklar buraladi va nihoyat, avtomobil yoki paroxodga yuklanadigan bochka va baklarga tayyor mahsulot quyiladi. Bularni har qanday ensiklopediyadan o‘qib bilib olishingiz mumkin. Meni boshqa tomoni qiziqtiradi: bu yerda, yurakni siqadigan qorong‘u tumanda, qo‘lansa hid va bug‘ orasida Xudoning bergan kuni odamlar ishlashadi. Bu na sog‘liqqa, na ma’naviy taraqqiyotga qulaylik tug‘diradigan yarim qorong‘ulik, badbo‘y, zaharli gazga to‘lgan bu havo nima ekanligini tushunish uchun zavod hovlisiga kirib, xohlagan binoga tikilish, ishchilarning holdan toygan, og‘ir qadam tashlashlariga boqishning o‘zi kifoya.
Hamma yoqda faqat neft, har turli chiqindilar va kislotalarni ko‘rasan. Har tarafdan qora, ko‘kimtir pag‘a-pag‘a tutunlar osmonga ko‘tariladi. Oyoq ostidagi yer neftga to‘yingan, tevarakdagi jamiki narsalar — sisternalar, yuk mashinalari, asbob-uskunalar, binolar va albatta odamlarga neft sachrab, dog‘ bo‘lgan. Neftdan qochib qutulolmaysan, go‘yo. Havoning o‘zi ham tutun va neftga to‘yingan.
Shunday sharoitda ham minglab odamlar ishlashadi. Ularni ertalab qo‘llarida nonushta solingan dekcha yoki savat bilan ishga bitta-bitta qadam tashlab ketayotganliklarini ko‘rish mumkin: yuzlari rangpar, zahil; muttasil tutun va zararli bug‘dan ba’zilari entikib-entikib yo‘talishadi. Oqshom ortga qaytishadi, tinmay yo‘talishadi; kunduzgi mashaqqatli mehnatdan so‘ng kech tushadi, tunash ham qorong‘u rastalar orasida, boshpana deb atolmaysan. O’rnilariga esa uzun-qisqa bo‘lib, boshqalar kelishadi. Har tong va har oqshom ikki soat davomida ishga kelib-ketayotganlar oqimi kamida ikki milga uzun ichakdek cho‘ziladi. Ularda na xursandchilik, na tetiklik ruhini payqaysan. Barchasini yuzida bir zayldagi, bir qolipdagi ishni bajarishga majbur kishidagina paydo bo‘ladigan ifoda qotib qolgan. Darhaqiqat, bu yurakni ezadigan ko‘rinish.
Shunday bo‘lsa-da, men bu mehnatni mutlaqo chidab bo‘lmaydigan demasdim. “Tangrining amrisiz tikan ham kirmaydi”, — deyiladi qadimiy maqolda va bu shubhasiz, haq gap. To‘g‘ri, bu odamlar ba’zi bir hissiyotga beriluvchanlarga o‘xshab unchalik ziyrak va ta’sirchan emaslar. “Atrof-muhit” tushunchasi ularga notanish bo‘lishi mumkin. Ammo salomatliklariga aniq mana shu ishda putur yetadi, yashash sharoitlari ham juda yomon. Bunga yuqori bo‘lmagan taraqqiyotni yoki kamchilgina maoshni ro‘kach qilish to‘g‘rimikin? Albatta, biri ikkinchisini to‘ldirib turadi. Har qanday moddiy yoki ma’naviy yordamni ishonchsizlik bilan qabul qilishgan bo‘lishardi. Nima bo‘lganda ham hozirgacha ularning ahvolini yaxshilashga birov uringani yo‘q. Ularga ish haqi to‘lashadi, bundan boshqa madad haqida hech kim o‘ylamaydi ham.
Masalan, qorg‘ich va suyuqlik haydaydigan kublarni neft chiqindilaridan tozalaydigan butun boshli ishchilar armiyasining tor qaznog‘i katta muhandisning hujrasidan keyin taxtalar bilan o‘ralgan. Yorug‘lik kichkina eshik tirqishidan tushib turadi. Sovun ham, sochiq ham yo‘q, faqat yog‘och tog‘oraga o‘xshash suv to‘ldirilgan uzun tarnov. Tushda va oqshomda o‘z nasibalaridan quruq qolmaslik uchun uch yuzdan ziyod ishchilar kirib-chiqadigan qozonxona ham havas qilgudek emas. Kimlardir ishdan keyin chala-chulpa yuvinishga kirishadi, boshqalari isqirtliklaricha sexdan chiqib ketaverishadi — baribir yaxshilab yuvinolmaysan. Bu juda ko‘p vaqtni oladi. Ishchilar uchun toza, shinam oshxona yoki aytaylik, ustvoshxona qurish birovning xayoliga kelmaydi. Yegulikni uydan o‘zlari bilan olib kelishadi.
Biroq men yollanma mehnatning mushkulotini ahloq nuqtai nazaridan muhokama etmoqchiman, men faqat neft sanoati sohasi qanday bo‘lsa, shundayligicha tasvirlamoqchiman. Agar qayg‘uli tomosha ta’bingizga to‘g‘ri kelsa, havo ayniydigan kun bu yerda yaqin orada o‘tmishga aylanadigan, dunyo og‘ishmay o‘zgarayotgan bir paytda, og‘ir, huzur-halovatsiz mehnatning tugal suratiga guvoh bo‘lasiz.
Bir tomonda qo‘llarida hokimlik va boylik bo‘lgan o‘ta xasis xo‘jayinlar; ikkinchi tomonda bu xasislik va loqaydlikning itoatli qurbonlari; barining boshi uzra tutun, gaz, har yoqda badbo‘ylik singib ketgan tosh devorlar. Mabodo yovuz dushmaningizni asfalasofilinga jo‘natmoqchi bo‘lsangiz, odamlar sharpadek izg‘iydigan mana shu jirkanch tosh devorlardan o‘zga munosibini axtarib topolmaysiz. Tabiatning bu o‘gay farzandlari qay darajadagi qoloqlikda qolishlarini tasavvur etish mushkul.
Pastda – jaholat, ongsizlik, hissizlik; yuqorida, neft konserni bosh aksionerlari dang‘illama hovli, shaxsiy avtomobil, suratlar kolleksiyasiga ega. Beshinchi avenyuning hashamatli saroylari, Nyuport, Palm-Bichning qoyilmaqom kurortlari yuqoridagilar uchun barpo etilgan, san’at va erkinlik ham ular uchun; qorong‘u zavod sexlari, qop-qora tutunlar, kasalliklar, badbo‘ylik, faqirona kulbalar pastdagilar uchun yaratilgan. Bu oldindan belgilangan hayot qonuni emas, deb kim ayta oladi? Buni o‘zgartirib bo‘ladimi? Kim bunga qodir?

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi

 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.