OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tommazo Landolfi. Yollangan qotil (hikoya)

T. yuragini xarsangday bosib yotgan vahmni yengillatishga imkon tug‘ilganidan quvonib ketdi va bu ko‘rimsizgina ayolga boshidan yaqinda kechirgan  savdoni ochilib-sochilib gapirib berdi.
Endi, oradan bir-ikki oyni o‘tkazib, misoli asal oyini boshlaridan o‘tkazayotgan kelin bilan kuyovday qaymoqlashib yurgan oshiq-ma’shuqlarga bir nazar solaylik. O‘sha oqshom—mehmonxona tagidagi qahvaxonada eshitganlariga boz qaytib, rangpar xonim janob T.ga ko‘ngil berdi: ajal qotildanmi, boshqadanmi, baribir har boshda bir o‘lim muqarrar, bir kuni o‘lib ketarkanmanda, deb hayotga kundan burun etak silkish, xursandchilikdan yuz burish yaramaydi, dedi va buni ikki karra ikki to‘rtday tushuntirib qo‘ydi. Janob T. ham darhol bo‘lmasada asta-sekin qat’iyatsizlikni tashlab, yangi, aytish joizki, bokira tuyg‘ularga esh bo‘ldi. U gohi-gohida, o‘zining mushkul ahvolga tushgan damlarini eslab qo‘yardi: xonim esa porloq kelajaklarining rejasini tuzar, garchi bezovta tuyg‘ular hanuz  yuragini timdalab tursa-da, u xonimning bu mashg‘ulotiga xalal bermasdi.
Vafodor oshiqlarday ochilib-sochilib ahd-paymonlar qilishib, shirin suhbatlar qurishgan oqshomlardan birida T. kayfichog‘, olti million lirga tushgani yodidan ko‘tarilib ketgan, xirgohini baland olib, mehmonxonadagi xos xonasiga kech qaytdi: bir mahal oshxona eshigining  tutqichi tashqaridan bexos buralib, T.ning olayib ketgan ko‘zlari oldida qotil paydo bo‘ldi. Xonaga bu nokas qanday qilib kirdi ekan? Nahotki, uni tinchitish uchun keldi... E, xudoyim, endi-endi, sal...
— Siz...  sen... olgan pulingni oqlagani keldingmi?
— Ja  obqochasiz-a, ochilib kuldi yollangan qotil. — Meni kim deb o‘ylayapsiz? Lafz puldan baland turadi:  agar sizni o‘ldirish uchun kelganimda meni payqamay qolardingiz.
—Unda nega keldingiz?
—Badbaxt qurbonimni bir ko‘ray-chi, dedim-da. Ustiga -ustak mendan qilgan shubha-gumonlaringizni tarqatay, dedim. Va’da-va’da! Muhimi, siz haligiday, ya’ni hayotdan ko‘z yumsangiz, qani nima yo‘qotarkansiz, shuni bilgim keldi.
—Agar men tuyqusdan?.. Baribir o‘lishimga to‘g‘ri keladi, garchi?.. — g‘udranib nimadir demoqchi bo‘ldi sho‘rlik T.
—Qo‘ying endi! — jerkib berdi mehmon, odatdagiday uning nima demoqchiligini oldindan fahmlab.
— Men sizga yollandim, hatto haqqimni oldindan oldim ham. Yana menga nima kerak? Balki sizga kerakdir, o‘zingizdan o‘pkalang, endi. 
— Agar o‘zim sizdan iltimos qilsam-chi...
— O‘ldiraman deb so‘z berdimmi, tamom. Haqqim bor bunga, — dedi jiddiy turib qotil. — Shartni bajarish vijdonga to‘g‘ri ish bo‘lishini aytib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak? Men qonsirayapman, buni unutmang.
—Yo xudo, axir, siz mening keyingi paytdagi ishlarimdan xabardorsiz-ku, sizdan o‘tinib so‘rayman...
—Nima-nima? Mayli, pullar o‘zingizda qolsin, biroq meni o‘ldirmang, demoqchimisiz?
—Xuddi shunday.
—Biroq men kasb-korimga xiyonat qilolmayman-ku!
—O‘tinaman! — 
yolvordi T.
Qotil ukkinikiday o‘tkir ko‘zlarini unga qadab tikildi.
—Nima, o‘rtalaringda muhabbat paydo bo‘ldimi?  — ishshaydi qotil.
—Ha.
—Sevishib qoldilaringmi?... Xo‘sh, baxtliman dersiz hali?!
—Ha! Ha!
—Nachora, bundan battari bo‘lmaydi, — dedi shart kesib qotil. — Keyingi pushaymon o‘zingga dushman, hozir narigi dunyoda yurgan bo‘lishingiz ham mumkin edi... Qisqasi, afsuslar bo‘lsinki, xushtor bo‘lib qolganingizning ishimizga aloqasi yo‘q.
—To‘xtang!
—To‘xtardimu, vaqt ketdi-da, — dedi qovog‘idan qor yog‘ib qotil va go‘yo boshini shiftga urib olishdan ehtiyot bo‘lganday egilib, ohista turdi (shu lahza T.ning xotirasiga bir beso‘naqay tanish ayolning: "Men joyimdan qo‘zg‘olguncha boshqa birov o‘n marta turib o‘tiradi" degan gapi keldi) 
—Chiroylimi u? —  qiziqsinib so‘radi qotil.
—Aytarlimas. Biroq yaxshi ko‘raman —  bu aniq. Ha, sevaman. 
— Bundan chiqdiki, pushaymonsiz?
— Siz bilan tuzgan shartnomamizni nazarda tutayapsizmi?
— Bo‘lmasa-chi!
— Afsus-nadomatga hojat yo‘q. Xayr... so‘nggi uchrashuvgacha.
— Iltimos, yana bir daqiqa, sizga savolim bor.
Qotil barmog‘ini bigiz qildi.
—Eshitayapsizmi?
Ko‘chada tong yorisha boshlaganidan darak berib,  eshiklarning taraqlagani, nonfurushlarning hushtaklari, qora ishchilarning tomoq qirib yo‘talgan tovushlari eshitildi.
—Va’daga vafo qilaman, xayr tong otayapti.
—Nahotki!  — shunday deb derazaga yugurib borgan janob T. pardalarini ochib qaradi-yu, dag‘-dag‘ titrab yolvordi. — Yo‘q, hali qorong‘u, shoshilmasangiz bo‘lardi.
Uning gapi javobsiz qoldi. T. o‘girilib qaraganida xonada hech kim yo‘q edi. Qotil g‘oyib bo‘lgandi.
Janob T. ma’shuqasi bilan suhbatlashib o‘tirib, o‘zining g‘aroyib qotiliga, o‘zini o‘ldirish uchun shaxsan pulga yollagan odamkushga aytishga ulgurmay qolgan gapini esladi:
—Bu nusxa biror bir gapga ko‘nmaydi, qon to‘kmaysan, cho‘ntagingdagi olti million shundoq o‘zingga qolayapti, bu pullar o‘zingniki, faqat lafzdan qaytsang bo‘ldi, desam unamayapti. Kasb-koriga, obro‘siga putur yetarmish, yana qonsirayotganiga o‘laymi.
—Bilganini qilsin, sen, ruhingni cho‘ktirma, —  dedi xonim. — Ehtiyot bo‘lsang bo‘lgani, axir bu qiyin ish emas-ku, a? Sen xonangda uning bemalol kirib-chiqib yurishiga yo‘l qo‘yganingdan keyin, albatta, u...
— Bemalol emish! Eshik, derazalar tambalangan, deb aytganmanku senga, qo‘ng‘iroqlar ulab qo‘yilgan. Gapimga ishon, u odammas, iblisning o‘zginasi: bir zumda yer ostidan paydo bo‘ladi-qoladi.
—Buni qara-ya, Ajalning xuddi o‘zi!
—Shunaqa.
—Xo‘sh, unda nima qilish kerak deb o‘ylaysan?
—Bilasanmi, deylik, men eng so‘nggi kungacha qotilimning nazaridan qochib yursam, xabaring bor, biz bir yil muddatga shartnoma tuzganmiz, ya’ni u bir yil ichida meni o‘ldirishi lozim. Agar shu vaqt ichida  men unga tutqich bermasam, shundan keyin u nima qilarkan?
—Balki hech nima qilmas.
—Balki, deysan-a! Mening hayot-mamotim shu "balki"ga bog‘liq bo‘lib qolishini xohlayapsanmi?
—Hozir seni bir yil o‘tgach nima yuz berishi  qiziqtirayotir, shundan keyin shartnomalaring kuchini yo‘qotadimi, yo‘qmi, shuni bilmoqchisan-da?
—Xuddi shunday.
—Xo‘sh... buni uning o‘zidan so‘rash kerakmikan?
—To‘g‘ri aytding! Biroq uni qaerdan izlab topaman? Yollanma qotil deganing  yozuvchi yo shoir emaski, qahvaxonada xayolga cho‘mib o‘tarsa.
—Kutib turgin, o‘zi kelib qolar.
—Agar o‘ldirish uchun kelsa-chi? Unda bu uning oxirgi kelishi bo‘ladi, men uni ko‘rishga ham ulgurmayman-ku, meni zimdan tinchitadi-ketadi?...
— Quloq sol, — dedi xonim biroz o‘ksik ohangda, — sen xuddi abadiy yashashni talab qilayotgan odamga o‘xshab gapirasan-a, go‘yo boshqalarning sendan qarzi borday!... Ol-a! Baxtlimisan? Baxtli bo‘lsang o‘yna-kul, yomon xayollarga berilib, vahimaga tushaverma. Ikkimizning umumiy baxtimizdan quvon, yayra.
Janob T. o‘zicha bir nima deb ming‘irladi, biroq xonimning haqligini tan olmay iloji yo‘q edi.
Haqiqatdan ham ular behad baxtiyor edi. Uzoq vaqt — qariyb uch oydan beri! Birovlarga uch oy ozday tuyular, biroq uch oyda butun bir umrning ayshini sursa bo‘ladi, axir, baxt degani vaqt bilan o‘lchanmaydi-ku. Biroq, keyin nima bo‘lgani... ayon. Mana sizga jo‘n taqdirlarning yana bir kechmishi, deyishi mumkin allaqanday ichi qora kimsa: "Xo‘sh, bori shu ekan-da? Bu sho‘rlik oshiq-ma’shuqlarning ham baxti oxir shunday zavol topibdi-da»? Yo xudo, bunaqa o‘ylaydiganlar uchun baxt deganlarining poyoni bo‘lmasligi kerakday go‘yo! Qaniydi shundoq bo‘la qolsa!
Ha, uch oydan keyin, boya aytganimizday, voqealar noxush tomonga qarab o‘zgardi. T. o‘zining ma’shuqasini taniy olmay qoldi, biroq u hanuz xonimni qattiq sevar, achchiq iztirob chekardi. Ammo xonim paytini topib, tap tortmay unga xiyonat qildi: ko‘ngli ketgan bir erkakni, o‘zidan yoshroq, T.dan ko‘ra hayotsevarroq xushtor topdi. Oqibatda T.ning dardu dunyosiga do‘zax olovi tutashib afsus-nadomatlari gurillagan gulxanga aylandiki, u tag‘in (xuddi hikoyamiz avvalida aytilganiday) o‘lib-yitib ketishni juda-juda istab qoldi.
Bu orada qotil qorasini ko‘rsatgani yo‘q. Aksiga olib janob bu odamkushning og‘ziga cho‘p o‘lchab ketishni (agar bu vaziyatni  shunday ifodalash o‘rinli bo‘lsa), boshqacha aytganda, o‘z joniga qasd qilib, qotilni dog‘da qoldirishni endi rejalashtirgan oqshom odatdagiday qotil g‘oyibdan paydo bo‘ldi. 
Bu payt T. yozuv stoli ortida xomush o‘tirar, laklangan stol ustida to‘pponcha yotardi. Qotil tim qorong‘ulikdan chiqib keldi.
—Va nihoyat! — uni ko‘rib qichqirib yubordi T. — Yaratganga shukr! Ishni bitirgani keldingizmi?
—Nimaga ishonib bunday deyapsiz? — dedi xafa bo‘lib qotil. — Haliyam  tushunmayapsiz shekilli? Men momoqaldiroqqa o‘xshayman, — berilib tushuntira ketdi u, — ahmoqlar momoqaldiroqdan qo‘rqishadi, axir guldirak yashin chaqnab so‘ngandan so‘ng eshitiladi-yu!
—Unda qaysi shamol 
bu yoqlarga uchirib keldi?..
—O‘zim ham bilmayman: fe’lim g‘alatiroqmi,  kim bilsin, balki sizning baxtiyor chehrangizni bir ko‘rgim keldimi. Bilasizmi, ishning mana shu tomoni huzurli-da. Odamni o‘ldirish, ayniqsa, o‘limni orzu qilganlarni tinchitish — xayr-sahovat qilganday bir gap.
— Kim sizga meni baxtli deb aytdi!  —  norozilik bildirdi T. — Sizni kutaverib ko‘zim teshildi-ku axir, mana...
— Nahotki, — o‘smoqchiladi qotil. — Atigi ikki-uch oy oldin yalinib-yolvorib meni lafzdan qaytishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldingiz, pora tiqib, o‘ldirish huquqimdan meni mahrum qilmoqchi bo‘ldingiz...
—    Nima ham derdim! Undan beri qancha suvlar oqib ketdi, endi hammasidan yuz o‘girdim, hayot o‘zi menga ters, mavhum, mantiqsiz, chidab bo‘lmaydigan darajada — bu hayot emas, daryoni bo‘g‘ib yotgan bir uyum xarsang. Xullas, men bugunoq, hoziroq jonimni olishingizni iltimos qilaman. Bo‘ling, qimirlang.
—O‘, birodar, o‘zingizni bosing: o‘tgan kuni o‘lgingiz kelgan edi, kecha yashagingiz kep qoldi, bugun yana o‘lishni istaysiz... Tushunmay qoldim!
— Biroq, sizning ishingiz meni o‘ldirish, boshqasini qo‘yavering, haqqini olgandan keyin ishni bajaring-da! Bo‘ling,  bo‘la qoling, eshitayapsizmi?
— To‘g‘ri, talabingiz to‘g‘ri. Biroq, qiziqda endi: yana ikki-uch oy o‘tib-o‘tmay hozirgiday yolvorib o‘tirmaysizmi, yashagingiz kep qolmaydimi?
— Qanaqa bezbetsiz!  Balki shunday ham bo‘lar. Biroq yashash ishtiyoqi baribir o‘lim xohishi bilan almashinadi... bu demak... Siz meni tushunayapsizmi? Hayot o‘limni tan olmagan paytdagina mohiyat kasb etadi, aksincha, bular hammasi cho‘pchak.
— Ha, endi bunday nuqtai nazardan qaraganda, albatta...
— Xullas, meningcha, istisnoga hojat yo‘q.
— Tag‘in baxtli bo‘lib ketishingizga istisno tariqasida qarayapsizmi? Ishonch bilan aytamanki, siz nohaqsiz. Xayr, ko‘rishguncha.
Shunday deb qotil g‘oyib bo‘ldi.
Haqiqatdan ham tez orada janob T.ning ishlari tag‘in yurishib ketdi. Albatta, ishqu muhabbat bobida emas, bu gal pul masalasida baxti chopdi, sabil pul deganlari ma’lum ma’noda sevgi-muhabbat o‘rnini bosishga qodir matoh-da!
Bir kuni ertalab ko‘chada sandiraqlab yurib, janob T. birja binosi oldiga borib qoldi. "Qiziq, nechun bu birja binolari nuqul baland ustunli, mahobatli bo‘ladi-a, birjami yo qasri oliy, bilmaysan kishi (aslida birjaning qasrdan qaeri kam). Ammo mana bu binoga gap yo‘q, Ustunlariyam naqd ikki ming yillik! "Janob T. birja bo‘sag‘asidan hatlab ichkariga kirarkan, xayolidan faqat shu kechdi, xolos, boshqa hech nimani o‘ylagani yo‘q: uni bu yerga biror-bir amaliy ish emas, balki shunchaki qiziquvchanlik yetaklab kelgan edi: u hatto (bir paytlar allaqanday dallolning ixtiyoriga topshirilgan va qisqa vaqtda bahosi tekinga aylangan) anchagina N. aktsiyasiga egaligini ham xotiraga keltirgani yo‘q.
Ichkari tirband edi. It egasini tanimaydi, olag‘ovur, olomonning ustidagi tabloda aktsiyalar qiymatining ko‘tarilib, tushib turgani har daqiqada qayd qilib turilibdi. Janob T.garchi iqtisod masalasida no‘noqroq bo‘lsa-da, tabloga bir qarab qo‘ydi va shu nafas o‘zini kimdir zimdan kuzatayotganini payqadi. U ortiga o‘girildi: yonginasida qora kiyim kiygan bir kimsa qaqqayib turar va janob T.ning nigohi qayoqqa qarayotganini ilg‘ashga urinardi.
— G‘alati-a, to‘g‘rimi?
— Hecham. Men, shunchaki, bekorchilikdan.
— Biroq yanglishmasam, siz tablodagi N.ga qaradingiz?
— N. deysizmi? — ovoz chiqarib takrorladi T. va o‘zining, garchi qiymati bir pul bo‘lsa-da, aktsiyasi borligini, aktsiyasi tablodagi ro‘yxatda qayd etilayotganini anglab qoldi.
— Demak, aktsiyangiz bor, to‘g‘rimi? — tirg‘aldi qora kiyimli nusxa, aftidan u tovlamachiga o‘xshab ketardi.
— Ha, ozroq boru, biroq undan sariq chaqalik naf yo‘q!
— Noto‘g‘ri o‘ylayapsiz, — pichirladi qora kiyimli. —Shu bugun N. aktsiyasi ancha o‘sadi, bir necha punkt yuqoriga ko‘tariladi. Bizam, akasi, qirriqlardanmiz, gapimizga egalik qila olamiz, qolaversa, tepadagi ishlardanam xabarimiz bor.
T.ga baribir edi, u tepadan na yaxshilik va na yomonlik kutar, biroq hozir vaziyatning qulayligini to‘g‘ri baholay oldi va ishonqiramay so‘radi:
— Siz mendan N.aktsiyasini sotib olishni xohlarmidingiz? (T.sho‘rlik qachondan beri bu dahmaza qog‘ozlardan qutilishni orzu qilardi!)
— Hoziroq, shu yerning o‘zida olaman! Qanchaligidan qat’i nazar—million bo‘lsayam!
— Menda buncha aktsiya yo‘q.
— Qancha bor?
— Ikki mingcha chiqar.
— Olaman.
— Naqd pulgami? — ming‘irladi T. o‘zining dadillashayotganidan yuragi uvishib.
Qora kiyimli shimining cho‘ntagidan chek daftarchasini sug‘urib olib, havoda silkilab dedi:
— Shoshmang. Oldin siz bahosini ayting, qancha?
U aqlni shoshirib qo‘yadigan raqamni aytdi... Endi faqat birjadagi dallolni topib, aktsiyalarni olish lozim edi, vassalom. Shunday qilib ish pishdi.
Ana endi janob T. nima bo‘layotganini  hali fahmlab ulgurmay, boz ustiga, arzimas aktsiyasining narxi bir sakrab tom baravar oshib ketgani siri nimadaligini tushunmay turib, ko‘z ochib yumguncha bir qop pulning  tagida qoldiki, bundayin xushbaxt, bundayin ko‘tarinki holatni izohlash va odam bolasining shunday lahzalarda ko‘zi chaqnab, yashashga ishtiyoqi behad oshib-toshib ketishini  aytib o‘tirish ortiqcha, deb o‘ylaymiz.
Zero, yo‘qdan dunyo topib turganda o‘lishni, o‘limni orzu qilish g‘irt ahmoqlikki, soyaday ta’qib etib yurgan qotilni ham buncha pul bilan qayta sotib olsayam, lafzidan qaytarsayam bo‘laveradi... "Biroq, qistaloqning ichida g‘ujuri bor-da, u nokasni ko‘ndirish, harqalay oson bo‘lmas-ov", deya xayolan ikkilandi T.
Xullas, janob T.ning boshi osmonda, oyog‘i yer iskamaydi, ammo bu qadar sururli kayfiyatning oxiri ko‘pincha baxayr bo‘lmasligini u hozir xayoliga keltirmaydi. Chunki T.ga boylik osmondan tushdi go‘yo, qolaversa, aktsiyalarning tuyqusdan narxi behad oshib ketgani T.ning aqlini shoshirib, hovliqtirib qo‘ydiki, u oldi-sotdi ishlariga yo‘qligini ham unutib aktsiyabozlikka berilib ketdi.
Ilonga avralganday, janob T. aktsiyalar qiymatining goh ko‘tarilib, goh tushib ketishiga g‘arqob bo‘lib, bu sirli o‘yinning vasvasasiga uchib, kunlarning birida boru budidan ajrab, bozboyagiday mulla mirquruqqa aylandi-qoldi.
Bir qop pul shamolga sovrildi-ketdi! Shunaqa ham bo‘larkan-da! Mana, u yana noumid, dardiga hamdard yo‘q, g‘am-alamda qovrilib yolg‘iz o‘zi mo‘riday sho‘ppayib o‘tiribdi... "Yaxshiyamki, bir yillik muhlat poyoniga  yetib qoldi, — o‘ziga xayolan dalda berdi janob T., —qotil aldamaydi, u so‘zida turadigan yigitlardan".
Bir yillik muhlatning tugashiga esa bir oycha bor edi. Janob T. ana shu oxirgi bir oyni ne azob-uqubatlarda o‘tkazganini aytib o‘tirish bizning vazifamizga kirmaydi.
Mana, nihoyat, janob T. bilan yollangan qotil kelishishgan bir yillik muhlatning eng so‘nggi kuni ham yetib keldi, va’daga vafo qilib yollangan qotil ostonada paydo bo‘ldi.
— Bugun oxirgi kun, — deya ko‘rinish berdi u. 
— E, xudoga shukr-eyy, — qichqirib yubordi T.  — Mana, men tayyor!
Qiziq, bu gapdan qotil sal dovdiraganday bo‘ldi.
— Ba’zi bir noaniqliklar bor, — chaynaldi u.
— Qanaqa?
— Siz... o‘zingizga buni aytganman... goh o‘lishni istab qolasiz, goh yashagingiz kep qoladi: sizniki naq bahor havosiday.
— Hali shunaqa deng! Unda menam eslatib qo‘yay: sizga baribir emasmi, farqi nima?
— Boshdayoq men o‘zimning mulohazalarimni aytib edim, — dedi norozilik bildirib qotil. — Misol uchun, agar sizni men siz aytgan, siz istagan paytda gumdon qilsam...
— ...Unda syurpriz bo‘lmaydi — mehnatingizning gashtini surolmay qolasiz, shundaymi? Buni men tushunaman. Xo‘sh, baxtiyor yurgan kunlarimda meni o‘ldirishingizga nima xalaqit berdi?
Haqiqatan ham bugun qotilning mashqi past edi, u javob qilish o‘rniga yaltirab turgan tuflisining ingichka tumshuqlariga termilib qoldi. Shu alpozda biroz kalovlanib turgan qotilning nihoyat bergan javobi T.ni hayratga soldi.
— Jur’at yetmadi.
— Nima? Sizga-ya, sizday odamga  jur’at yetmadi...
Qotil janob T.ning hayajoni bosilsin deb biroz sukut saqlab turib, so‘ng dedi:
— Ayb  sanasangiz-da, tan olib aytishga majburman: sizni gumdon qilishga jur’atim yetmaydi.
— Yo xudo, nega bunaqa bo‘layapti o‘zi?
— Xullas kalom, bu ishni o‘ylamay bo‘ynimga olgan ekanman, endi afsus qilayapman.
— Ochiqroq gapirishning iloji bormi?
— Rosti, bizning shartimizga ko‘ra, men sizning hayotingizdan doim xabardor bo‘lib turishim kerak edi, doim sizni o‘ylashim, sizning holatingizga kirishim lozim edi.
— Xo‘sh?
— Ey, aziz birodar, nahotki tushunmayotgan bo‘lsangiz? Hayot, inson hayoti qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar... Yo‘q, ma’zur tutasiz, ochig‘i, bunaqa masalalarga aqlim yetavermaydi, men sababini tushuntirolmayman! Bu juda mushkul muammo, juda chalkash... Sezayapsizmi?
— Tasavvur qilingki, men hech narsani tushunmayapman. Axir, gap bunda emasku.
— Gap shunda, shunda. Har qanday ishning, hatto odam o‘ldirishning ham tartib-qoidasi bo‘ladi. Boz ustiga bizning ishimizning ishkal joyi ham bor.
— Qanaqa ishkal?
— Biz siz bilan o‘xshashmiz, bir-birimizga o‘xshaymiz.
— Gap bu yoqda, deng! G‘oyatda minnatdorman.
— Arzimaydi. Aytmoqchimanki, bir paytlar men o‘zim ham sizga o‘xshab ayollar va boshqa sabablar tufayli ko‘p iztiroblar chekkanman. Keyin esa... yana so‘ng tag‘in...
— Taqdir meni ham rosa siylagan: sevinchim qayg‘u bilan, alamim huzur-halovat bilan almashib turgan, demoqchisiz-da?
— Xuddi shunday, faqat farqimiz shuki, siz gapirib berganingizda juda raftor topib gapirasiz, meniki qovushmaydi... Shoirona gapirasiz, siz doston aytganday qilib aytasiz!
Janob T.ning nazarida bu nusxa gapni olib qochayotgan edi, (ayni damda o‘lish istagi) ham puchga chiqayotgandi. Biroq u o‘zini qo‘lga ola bildi. 
— Endi bu she’ru shoirlik yetmay turgandi! Bas, gapdan ishga o‘tish kerak, lafzni bajaring.
Yollangan qotil bo‘shang hiringladi.
— Ulguraman hali. Muhlat oqshom soat o‘n ikkida tugaydi.
— Mayli, sizningcha bo‘la qolsin. Endi boring va qaytib kelganingizda xohlang xufyona, xohlang ochiqchasiga — ishni bitiring! Faqat iltimos, meni aldamang. Muhimi, bu — mening umrimdagi eng so‘nggi oqshom bo‘lishi kerak! 
— Chuchvarani xom sanabsiz! — zahrini sochdi yollangan qotil so‘z boyligining bor imkoniyatini ishga solib. — Menga desa muhlat qiyomat qoyimgacha cho‘zilmaydimi, men  sizni baribir o‘ldirmayman.
— Qaysi jin urdi? Hazil ham evi bilan-da? Xo‘sh, bilsam bo‘ladimi: balki o‘zingiz aytarsiz, bu nimasi axir, lafz qani? Sizdan nima talab qilayotganimni juda yaxshi bilasiz-ku, men o‘lishni xohlayman, o‘lishim kerak, buni bir yildan beri mushtoq bo‘lib kutayotganim o‘zingizga  ma’lum... Xo‘sh?
Qotil ko‘zini olib qochdi, chap qo‘lining bosh barmog‘i bilan mo‘ylovini  bosib siladi. So‘ng mijozini ranjitib qo‘yishdan cho‘chigan kosibga o‘xshab uzrli ohangda dedi:
— Bo‘ladigan gap shu: men sizga olti millionni qaytarib beraman, bu pul sizga ortiqchalik qilmaydi, qarabsizki, olam guliston, ana shunda...
— Yo‘q! — baqirdi janob T. va ovozini battar ko‘tarib shovqin soldi: — Yo‘q! Yo‘q! Siz mening ustimdan kulayapsiz, meni haqorat qilayapsiz, ortiq chidayolmayman! Men o‘lishni istayman, o‘ldirishingiz uchun sizga pul to‘ladimmi, to‘ladim. Endi meni tirik qoldirishingizga  yo‘l qo‘yib bo‘pman, qaytarib beradigan pulingizni  boshingizga yostiq qiling! Menga kasbingizning obro‘sini ro‘kach qilganingiz esingizdami? Ha, hurmatli yollangan qotil  bilib qo‘ying, mening ham kasbim bor, mendayam o‘z kasbimning obro‘sini o‘ylaydigan fahm-farosat, vijdon bor: bu — o‘z joniga qasd qilish kasbi, o‘zini o‘z qo‘li bilan o‘ldiruvchi — xudkushning obro‘si, izzati, hatto aytish mumkinki...
Ana shu damda T. bilan yollangan qotil tuyqusdan bir-birlariga tikilib, sukut saqlab qarab qolishdi va... ikkalasi ham baravariga  qah-qah otib, bor ovozda  kulib yuborishdi.
— Ja, oldingiz lekin! — yollangan qotil changak bo‘lib, oyog‘i bilan yer tepib xoxoladi. — Yo‘... yo‘... hatto xayolingizga keltira ko‘rmang... xa-xa-xa, voy, ichagim uzilib ketdi-yov... zinhor yon bera ko‘rmang...!
— Yana kimga, xa-xa-xa, kimga? —  arang gapirdi T., kulgidan lavlagisi chiqib.
— O‘zingizga, unga, ularga, hayotga!
— Undaymi, shundaymi? Kerakmasmi?... U holda qanday bo‘ladi?
Hayhot,  bu savolga beriladigan javob ko‘p majburiyat yuklardi, shu bois yollangan qotil javob qilmadi. U tuyqusdan kulgisini tiyib, odatdagiday, kerishib o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Sog‘ bo‘ling. Keyingi safargacha shu joyda to‘xtaymiz. Olti millionni men ertaga sizning joriy hisobingizga qo‘yib qo‘yaman. Xayr, yaxshi qoling!
T. birdan o‘ziga kelib, yana bir nima deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi, biroq ularning suhbatiga so‘nggi nuqtani qotil qo‘ydi: 
— Sizni menmi yoki boshqa bir yollangan qotilmi — kim gumdon qilganining nima ahamiyati bor?!  

Ahmad Otaboev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.