OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Toshio Udo. Qirmizi binafsha (hikoya)

Janob U. menga tuvakda binafsha sovg‘a qildi. Men Sizlarga shu inson haqida gapirib bermoqchiman.
Janob U.ning kasbi – baytar, ya’ni mol do‘xtiri. Hozir ko‘plar uyida mol boqadi. Shu bois janob U.ning bosh qashishga qo‘li tegmasa kerak deb o‘ylagandim, yo‘q, men haqiqiy ahvoldan butunlay bexabar ekanman. Ayni paytda jonivorlar shifoxonalariga emas, aksincha, kuchuk va mushuklar bilan bemalol kirish mumkin bo‘lgan mehmonxonalarga va itlar sartaroshxonalariga ehtiyoj ko‘proq ekan.
Buning ustiga janob yo‘l-yo‘lakay kirgan mijozning iti bormi, mushugi bormi shunchalik qunt bilan davolar ekanki, hisob-kitob qilib chiqib ketgan mol egalari bu yerda qayta qoralarini ham ko‘rsatmas ekanlar.
Janob U.ning ro‘zg‘or tebratish uchun yagona chorasi qolgandi, u ham bo‘lsa shu yaqin orada yashaydigan boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilariga xususiy dars o‘tish. Menimcha, janob U. urushdan keyin qanchadir vaqt amerikaliklar huzuridagi bosh qarorgohda ishlab, ingliz tilini o‘rganib olgandi.
O‘n yil burun esa u o‘zini adabiyotda sinab ko‘rmoqchi bo‘lgandi. Bu yil janob U. oltmishga kirganini nishonladi, demak, u paytlarda uning yoshi ellikda bo‘lgandi, odamlar nazarida go‘yo u taqdiriga tan bergandek edi-yu, lekin janobning to‘satdan ruhi ko‘tarila boshladi. Baytar sifatida o‘z ishining ustasi ekaniga gap yo‘q, biroq qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan bu odam, haligi “mehmonxona”va “sartaroshxona”lar hujumiga bas kelolmasdi.
Men u bilan o‘sha paytlari – bundan o‘n yil burun adabiyot saboqlarida tanishib qolgandim. Afsus, buni men sizlarga avvalroq aytishim lozim edi: gap shundaki, kamina yozuvchiman – bu ishda nechog‘lik muvaffaqiyatga erishganman, buning ahamiyati yo‘q. Men shu saboqlarda dars berardim. Sababini bilmadim-u, lekin o‘sha paytlarda adabiyotga ixlosmandlar ko‘p edi, to‘garak ham kundan-kunga rivojlanib, gullab-yashnab borardi.
Janob U.ga ko‘zim tushgan zahoti bildimki, undan hech nima chiqmaydi. Roman yozish uchun odamda alohida bir iste’dod bo‘lishi zarur degan qat’iy fikrdan yiroqman, lekin o‘zimning kamtarona tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, agar inson halol yashasa, har bir qo‘yayotgan qadamini o‘ylab bossa, shuning o‘zi hech bo‘lmaganda bitta qissani dunyoga keltirish uchun yetarli degan bo‘lardim. To‘garakdagilarni kuzatganimda, ularning yoshiga, jinsiga ahamiyat bermaganman va birontasiga umidsiz nazar bilan qaramaganman.
Afsuski, janob U. aynan o‘shanday noshudlar sirasidan edi. Balki men qattiq ketib yuborgandirman. Ammo-lekin, men, ko‘pni ko‘rgan inson sifatida uzoq yillar davomida peshlanib, mukammallashgan o‘z ichki sezgilarim sadosiga ishonardim.
Sochlariga oq oralab, bir oz bukchayib yursa-da, u o‘zini mag‘rur tutardi; odamlarga haddan tashqari iltifotli edi, ular ham uni benuqson va halol inson deb bilar edilar. Aftidan, janob yoshining yukini his etib tursa kerakki, yoshlar davrasiga kirganida o‘zini kamsitilgandek ko‘zlarini yerga qadagancha bukchayib turaverardi. Bunday joyga adashib tushib qolganini o‘ylab, afsuslanardi.
Haftalar ko‘z ochib-yumguncha o‘tdi-ketdi, uch oylik saboqdagi dars-lar ham nihoyalab, boshqalar qatori janob U. ham imtihonga o‘z qasidalarini taqdim etdi. Uning yozganlarini o‘qib chiqqach, ichki sezgilarim meni mutlaqo aldamaganiga amin bo‘ldim. Yozilganlarni mutlaqo adabiyot deb bo‘lmasdi, syujet yoki kompozitsiya to‘g‘risida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Uning uslubi boshqalarnikidan yomon edi demoqchimasman; yoki bo‘lmasa ba’zi joylari g‘azabni qo‘zg‘ar darajada yomon ham deyolmayman, shunchaki, yozilganlarining bari bir-biriga sira bog‘lanmagandi. Sen adabiyotni qo‘y, yaxshisi, o‘sha hayvonlaring-ni davolayver, demoqchi ham bo‘ldim. Lekin uning yuzi birdan jiddiy tortganini ko‘rdimu tilimni tishlab qoldim. Keyin o‘zim ham astoydil qilingan mehnat zoe ketmas degan qarorga keldim va u yog‘iga o‘zi asta-sekin tushunib, qo‘lidan kelmaydigan ishdan voz kechar deb o‘yladim.
Janob U. birinchi bosqichni tugatib, ikkinchi bosqichga o‘tdi. Sochlariga oq oralab, bukchayib qolganiga qaramay, bu odam uchinchi bosqichda ham o‘shanday qat’iyat bilan o‘qishni davom ettirdi, yomg‘irli, izg‘irinli kunlarda ham bironta dars qoldirmay, mashg‘ulotlarga muttasil qatnashib turdi.
Men unga ma’ruzalarning ma’no-mazmuni murakkablashmagani, o‘zi bilgan mavzular takrorlanishini, faqat o‘qituvchilar o‘zgarganini, qo‘rqmay bosqichdan-bosqichga o‘taverishi mumkinligini aytdim. Janob U. ni bularning birontasi bezitmadi, o‘sha ishtiyoq, o‘sha jiddiylik bilan mashg‘ulotlarga qatnashib turdi. Bu ham mening g‘ashimga tegardi. Xo‘p, mana, kelding, eshitding, asoslarni o‘zlashtirding, endi u yog‘i o‘zingga havola. Saboqdan bu darajada umidvor bo‘lish, yozuvchi bo‘laman deganga yarashmaydi.
Ba’zan U. bilan uchrashib qolganimda, yozganlarini bir sidra o‘qib chiqardim va uni bir qadam ham olg‘a siljimagani ayon bo‘lardi-qolardi. Men har holda yozuvchiman, yaxshi-yomon asarning farqiga boraman. Janob U.da pichoqqa ilinarli biron nima topilmasdi.. U haqdagi ilk taassurotim mutlaqo to‘g‘riligiga ishonch hosil qildim.
Oxiri, uning o‘zi ham buni payqadi, shekilli – darslarda ko‘rinmay qoldi. Men ham uni esdan chiqarib yuborgandim – birdan u to‘garaklarida nashr etilgan jurnalni menga jo‘natdi. Unda janob U.ning hikoyasi bosilgandi. O‘qib, hayron bo‘ldim. Bu nasrga o‘xshab ketardi, yana unda qandaydir kuchni sezib turardingiz va bu yozilganlar o‘quvchini o‘ziga torta olardi.
U yerda gap askar hayoti haqida borardi. Albatta, bu yoshda uni armiyani yoki urushni ko‘rmagan deb bo‘lmasdi, zero uning avvalgi hikoyalarida ham xuddi shu mavzu ko‘tarilgandi.
Men uning aynan urush taassurotlari va kechinmalari haqida yozmoqchi ekanini anglab yetdim. Men bundan ta’sirlandim. Chalkash, tushunib bo‘lmas syujetlarni jon kuydirib qidirish shart emas, boshdan kechirganlaringni ro‘yirost bayon qilsang, shuning o‘zi kifoya.
Janob U.ga hikoyasi menga ma’qul tushganini yozdim. Muvaffaqiyatga erishayotganidan xursandligimni, ayni paytda hayratda ekanimni ham yashirmadim. Undan javob kelmadi, lekin janob U.dan olgan ibratim ruhimni ko‘tardi. Meni yana bir tushunib yetganim shu bo‘ldiki, qunt va tirishqoqlik hatto adabiyotda ham zoe ketmas ekan.
O‘shandan beri janob U. yilda bir yo ikki bor yozganlarini doimo menga jo‘natib turadi. U o‘z ijodi bilan to‘garak jurnali va nashrlarida qatnashadi, atigi bir marotaba bo‘lsa ham mahalliy gazetada boshqa novellalar qatorida yozganlari bosilib turadi. Hikoyalarini bekamu ko‘st asarlar qatoriga qo‘shib bo‘lmasa-da, unda o‘quvchini o‘ziga jalb eta oladigan o‘ziga yarasha bir kuch bor.
O‘tgan yilning oxirlarida janob U. uyimga tashrif buyurib, tuvakda binafsha olib keldi. Bundan bir hafta burun esa doimiy an’anaga ko‘ra, navbatdagi asarini jo‘natgandi. Yozganlari yana o‘sha gazetada chop etilib, bu safar eng yaxshi deb topilgandi. Bu bir zobitning so‘nggi kunlari va o‘limi haqida hikoya qiluvchi, uncha katta bo‘lmagan yigirma betlik hikoya bo‘lib, aftidan, janob U.ning harbiy tajribalari mahsuli edi.
Hikoyani o‘qib chiqdim-da, unga o‘z taassurotlarimni yozib yubordim va hayal o‘tmay janob U.dan javob xatini oldim. Unda u men bergan yuksak bahodan minnatdor ekanini mamnuniyat bilan izhor etgandi. Tezda o‘zi ham qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Og‘ir, vazmin bu odam uyimga tashrif buyurishini so‘rab, oyoq tirab turib oldi. Sira qo‘yavermagach, rozi bo‘ldim-da, keladigan kunni belgiladim.
Men, bu tashrif sababini tushunolmay, o‘zimcha, ko‘rsatgan e’tiborim uchun minnatdorchilik bildirsa kerak, deb o‘ylagandim. Hatto uyim uzoqligini ro‘kach qilib, uni yo‘ldan qaytarmoqchi ham bo‘ldim, u e’tirozimni qabul qilmadi.
Janob U. qog‘oz xaltaga, yana bir necha qavat gazetaga o‘ralgan binafshali tuvakni ko‘tarib, va’dalashgan kun uyimga kirib keldi. Bosiqqina bu odam eskicha mulozamat bilan salomlashdi-da, binafshani qanday parvarishlash haqida uzundan-uzoq ma’ruza qila ketdi. Men gullar ishqibozi emasdim, lekin ozodlikka chiqib erkin nafas ola boshlagan ajabtovur binafshani ko‘rdimu uning sho‘xchan, tiniq rangiga mahliyo bo‘lib qoldim. Qalin barglari chindan-da hayratomuz bu binafsha bo‘liq va baquvvat edi. Uni yaproqli o‘simliklar qatoriga qo‘shsa bo‘larmikin deya o‘ylab qoldim.
Boshda u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik, so‘ng ikkimizni birday qiziqtiradigan mavzu uncha ko‘p bo‘lmagani bois uning so‘nggi hikoyasini muhokama qilishga ko‘cha qoldik. Voqea urushda mag‘lub bo‘lgan, qishi qattiq kelgan Manchjuriyada bo‘lib o‘tgandi. Sovuq urib, holdan toygan yapon zobiti vatanini qo‘msab, harbiy gospitalda jon beradi; tirik qolgan do‘stlari muzlab yotgan yerni arang kavlab, uni o‘sha yerga dafn etishadi.
Men:
– Nima, o‘zingiz harbiy gospitalda hech bo‘lmaganmisiz?—deb so‘radim.
– Bo‘lganman.
– Aynan qaerda?
– Telin degan joyda.
Manchjuriyada o‘sib-ulg‘ayganim uchun bu nom menga tanish eshitildi.
– O‘shanda tobingiz qochganmidi? Yoki yarador bo‘lganmidingiz?—deya unga qarab qo‘ydim. Uning qismi Shimoliy va Markaziy Xitoyda jang qilganini bilardim. – Bu qanday sodir bo‘lgandi?
U boshini ekkancha, jim turardi.
– Bilasizmi… – deya zo‘rg‘a gap boshladi, tomog‘iga bir nima tiqilgandek, ikkilanib. Keyin labini pirpiratib ming‘irladi u. – Mana, qarang… – deb o‘ng qo‘li kaftini menga uzatdi.
Qo‘ldayin qo‘l, besh barmoqning bari but, bir qarashda hammasi joyidadek, lekin sinchiklab razm solib qaragandim, kaftidagi bir necha chandiqqa ko‘zim tushdi, o‘rtada, ular tutashgan joyda kuygandan qolgan silliq dog‘ bor edi.
Birdan miyamda fikr paydo bo‘ldi..
– Nahotki o‘zingizni otgan bo‘lsangiz?
– Ha.
Janob hayajonlanmay, beparvogina im qoqib qo‘ydi-da, boshqa hech nima demadi. Lekin men voqea qanday sodir bo‘lganini ko‘z oldimga keltirmoqchi bo‘ldim. Axir bir oygina bo‘lsa ham armiyada xizmat qilgan va nimalarnidir bilishga ulgurgan edim-da. Aftidan, u yaqin-atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib, o‘ng qo‘lini miltiq og‘ziga to‘g‘rilagan va chap qo‘li bilan tepkini bosgan.
Shu ham gap bo‘ldimi. Janob U. olgan jarohatini quroldan foydalanishda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ydim deya tushuntirmoqchi bo‘ldi ham deylik, lekin bu shunchaki jo‘n ish emasligi ma’lum-ku. Birinchidan, qurol o‘z himoya vositasiga ega, shu bois bunday hodisalar ko‘pam uchrayvermaydi. Miltiq o‘qlanganda esa uni tozalash, tuzatish aslo mumkin emas, ustiga-ustak yaqin-atrofdan soldatlar chiqib qolishlari ham mumkin.
Xullas, keltirilgan dalillar o‘zini o‘zi otish mutlaqo tasodifiy hodisa emasligini tasdiqlab turibdi, demak, o‘z qo‘lini mo‘ljalga olib otishga na faqat jur’at kerak, bunday latifani to‘qib chiqaradigan odamda boy tasavvur ham bo‘lishi lozim.
Men xiralik qilib janob U.ning joniga tegmoqchi emasdim-u, unga ma’qul bo‘lar deb o‘ylab, ishlari qanday ketayotgganini surishtirib bilmoqchi bo‘ldim. Suhbatimiz uni qiziqtiradigan mavzu bo‘lgani bois savollarimga jon-jon deb javob berardi.
Ularning otryadi daryo sohiliga yashiringandi, ro‘paraga esa Sakkizinchi* armiya joylashgani bois, xuddi yopishib qolgandek joylaridan qimir etolmasdilar. Vaqti-vaqti bilan narigi qirg‘oqdan ularga varaqachalar otishardi yoki bo‘lmasa, karnayda yaponchalab taslim bo‘lishni taklif qilishardi. Avvaliga janob U. qochish uchun payt poyladi, so‘ng bundan biron naf chiqmasligini tushunib yetgach, unda o‘zini otish fikri tug‘ildi.
Taxmin qilganimdek, janob U. bu boshlagan ishi mushkul savdo ekanini oxiri o‘zi ham tan oldi. U barini taroziga solib, haqiqatga yaqin afsonani to‘qib ham qo‘ygandi, faqat qulay fursat kutardi, xolos.
Nihoyat, kutilgan fursat yetib keldi. Qurollar almashtiriladigan bo‘ldi, U. ham eski miltig‘ini topshirib, yap-yangi qurol – “tyan”**ini oldi. O‘lja sifatida berilgan miltiqlarni zobitlar shunday deb atardilar, Sakkizinchi armiya shu miltiq bilan qurollangan edi. Uning omadi chopib, “tyan”ning tasmasi uzilib ketib, himoya vositasi ishdan chiqqan ekan.
U to‘qib chiqargan afsona bariga mos kelardi. Oxiri U.ni razvedkaga yuborishdi. U orzu qilgan narsalar birin-ketin amalga oshayotgan edi.
U. tepalikkacha yetib bordi-da, o‘zini arosatda qolganday his etdi – bu u to‘qib chiqargan latifaning boshlanishi edi. Haqiqatga yaqin kelish uchun balandlik bo‘lishi kerak edi va u shu joyga yetib keldi. Qo‘lida miltiq bilan qiyalikka ko‘tarilish qiyin edi. Haligi “tyan”ning esa tasmasi uzuq edi. Nima qilish kerak? U miltiqni tepalikka otdi-da, o‘zi ham ikki qo‘li bilan tirmashib tepaga chiqa boshladi. Tepalik cho‘qqisiga chiqib oldi-da, qo‘lini cho‘zib, miltiqni uchidan tutdi va o‘zi tomonga torta boshladi, bir vaqt tepki allaqanday ildizgami, shoxgami tegdi-da, miltiq otilib ketdi.
Janob U. yana bir marotaba afsonani tekshirib ko‘rdi va hammasi joyida ekaniga ishonch hosil qilgach, tepalik etagida yotdi, miltiq og‘ziga o‘ng qo‘li kaftini qo‘ydi, ko‘zini chirt yumdi, so‘ng chap qo‘li bilan tepkini bosdi, oldiniga og‘riqni sezmadi, qo‘li xuddi pardek yengil bo‘lib qoldi va osmonga uchib ketdi.
U xavotir bilan ko‘zini ochdi. O‘ng qo‘lining kaftida teshikni ko‘rdi, nozikkina, oppoq suyakchalari shundoq ko‘rinib turardi. Zum o‘tmay yarasi qonga to‘ldi. Qon pastga tomib tusha boshladi. Shunda u rejasini o‘zgartirdi. O‘zini tepalikdan qulab tushganday qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ldi-da, ikkinchi yoniga ag‘anadi va baqirib odamlarni yordamga chaqira boshladi. Qichqiriqni eshitib, darrov bir necha odam yordamga yetib keldi va yarani bog‘lashdi.
– So‘roq ham bo‘lgandir?
– Bo‘lganda qandoq, juda qattiq so‘roq bo‘ldi! Bir amallab qutulib chiqdim.
– Voqea qachon yuz berdi?
– Qirq to‘rtinchi yilda.
Ikkovimiz ham sukutga cho‘mdik, so‘ng men yana bir nimani aniqlamoqchi bo‘ldim:
– Faqatgina armiyaga bo‘lgan nafratdan bunday ish qilish mumkin emas. Balki siz marksizm g‘oyalariga xayrixohdirsiz?
– Ha, – oddiygina qilib hayajonsiz javob qaytardi u.
Xayrlashish oldidan janob U. o‘sha-o‘sha vazmin holda dedi:
– Men gospitalda yotganimda ba’zan frontdagi do‘stlarimni qattiq qo‘msardim.
Janob U. xayrlashdi-da, ketaturib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib dedi:
– To‘g‘risini aytsam, men bu haqda yozmoqchi edim, shuning uchun yozuvchilik hunarini egallamoqchi bo‘lgandim, lekin bu ish qo‘limdan kelmadi. Kecha ikki yuz ellik betlik narsani yozib tugatdim va o‘zimni shunday yengil his etdimki, asti qo‘yaverasiz. Men sizdan juda-juda minnatdorman. Shu yillar ichi siz menga ko‘p yaxshiliklar qildingiz.
Tomog‘imga nimadir tiqildi. Men uning o‘ng qo‘liga qaradim. O‘sha qo‘li soyabon tutishga yaramasa ham qalam ushlashga asqotishi mumkin edi. Demak, o‘sha qo‘li sabab va yana o‘sha qo‘l bilan ikki yuz ellik bet narsani yozib, o‘n yillik hayotini sarflabdi. Urushda qatnashmaslik uchun ikki qo‘l va ikki oyoqni otish emas, balki aynan o‘ng qo‘lni ishdan chiqarish kerak edi.
Janob U.ning o‘sha tashrifidan so‘ng bir oycha qirmizi binafsha gullab turdi. Mana, ancha vaqt o‘tdi, lekin, deraza oldidagi mening stolimda haliyam qirmizi binafsha ochilib turibdi. Quyosh tushganda u yanayam qizilroq tusga kiradi.
Men aslida yalqov odamman, ammo-lekin, binafshani parvarishlash bilan bog‘liq ko‘rsatmalarni bajonudil bajaraman.

Ruschadan Dildora Aliyeva tarjimasi
_________
* Sakkizinchi armiya – Xitoy Kompartiyasi tomonidan boshqariladigan Xitoy armiyasining muntazam qismi.
** Tyan – miltiq (xitoy.).

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.