OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umar Sayfiddin. Qashlagich (hikoya)

Og‘il yonida o‘ynaganimizda, pastda, kumush rang tolning tagida ko‘rinmay oqayotgan soyning mahzun shildirashini eshitib turardik. Uyimiz ichki hovlining ulkan kashtan daraxtlari ortida ko‘rinmay ketardi. Onam Istambulga ketganlari uchun mendan bir yosh kichik ukam Hasan bilan ikkimiz Dadaruhning yonidan ketmas edik. Dadaruh dadamning otboqari, qari kishi edi. Otlarni yaxshi ko‘rganimiz uchun saharda uyg‘onishimiz bilanoq og‘ilga chopardik. Dadaruhning yonida bo‘lib, otlarni sug‘orib kelish, ularni minish zavq bag‘ishlardi. Hasan bo‘lsa qo‘rqar, yolg‘iz minolmasdi. Dadaruh otga minib uni oldiga o‘tqazib olardi. Xaltalarga arpa solish, yem to‘rvalarni o‘tga to‘ldirish, og‘ilni tozalash, go‘ng tashish — eng qiziq o‘yindan ham ortiq, bizning jonu dilimiz edi. Otlarni qashlashni aytmaysizmi? Eng zavqlisi shu edi! Dadaruh qo‘liga qashlag‘ichni olib, soat tovushiday qitirlata boshlashi bilan, tamom, joyimda turolmas, «Men ham qashlay» deb holi joniga qo‘ymasdim. Shunda Dadaruh meni To‘sin ismli otga mindirib, qo‘limga qashlag‘ichni berar va «Qani qashla!» derdi. 
Bu temir asbobni yilqining terisiga qirtishlagan bo‘lardim, biroq o‘shanday qitirlagan tovushni maromiga yetkazib chiqarolmasdim. 
— Quyrug‘ini likillatyaptimi? 
— Ha likillatyapti. 
— Qani bir ko‘ray... 
Bo‘y cho‘zib qarasam ham otning sag‘risidan dumi ko‘rinmasdi. Har kuni ertalab og‘ilga kelishim bilan «Dadaruh, men qashlay», deb yalinardim. 
— Yo‘q, uddalay olmaysan. 
— Nima uchun? 
— Hali yoshsan, shuning uchun! 
— Eplay olaman!
— Katta bo‘lgin, keyin... 
— E, qachon! 
— Bo‘ying otga yetganida! 

 * * *

Og‘il yumushlaridan faqat otni qashlashni eplolmasdim. Bo‘yim otning qorniga ham yetmasdi-da! Holbuki, eng zavqli, eng zo‘r narsa shu edi. Qashlag‘ichdan chiqayotgan qitirlagan tovush To‘singa yoqayotganday quloqlarini qimirlatar, dumini shokiladay likillatardi. Qashlashni tugatay deb qolganda esa go‘yo, jahli chiqar, o‘shanday paytda Dadaruh «xo‘yt» deb sag‘risiga yengil tarsaki tushirardi va boshqa otni qashlay boshlardi. 
Bir kuni uyda yolg‘iz qoldim. Hasan bilan Dadaruh soy yoqasiga tushib ketishgan. Otni qashlash istagi hech tinchlik bermasdi menga. Qashlag‘ichni qidirib topolmadim. Og‘il burchagida Dadaruhning darchasiz kulbasi bo‘lardi. Kulbaga kirib tokchani titkilay boshladim. Egarlarning orasini ham qaradim. Yo‘q. Hech qayerda yo‘q. Yotog‘ining tagida yashil taxtali sandiq turgan ekan. Uni ham ochdim. Nihoyat... Sevinchdan hayqirayozdim. Onamning bir hafta burun Istanbuldan yuborgan sovg‘alari orasida fakfon qashlag‘ichi yal-yal yonib turardi. Qashlag‘ichni oldimu To‘sinning yoniga yugurdim va qorniga ishqay bshladim. To‘sin negadir toqatsizlana boshladi. «Og‘riyapti chog‘i» deb o‘yladim. Kumushday tovlanayotgan bu chiroyli qashlag‘ichning tishlariga uzoq tikildim. Ko‘rinishdan juda o‘tkir. Tishlarini biroz o‘tmas qilish maqsadida devor toshiga ishqalay boshladim. Tishlari o‘tmas bo‘lib qolganidan so‘ng qashlag‘ichni yana sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Baribir, otlar tinch turolmay bezovta bo‘lardi. Tutoqib ketdim. Alamimni qashlag‘ichdan olmoqchi bo‘lib, nariroqdagi buloq og‘ziga yugurdim. Qashlag‘ichni yaloq toshga qo‘ydimu yerdan tosh olib, ura boshladim. Istanbuldan yuborilgan, aftidan, Dadaruh ishlatishga ko‘zi qiymay, asrab yurgan bu chiroyli qashlag‘ichni ezib, yaloqning ichiga tashlab yubordim. 
Ertalablari otam tashqariga chiqqanida og‘ilga kirib u yer-bu yerni ko‘zdan kechirardi. Men og‘ilda yolg‘iz edim. Hasan esa uyda, xizmatchimizning yonida edi. Otam buloqni tomosha qilayotib yaloq ichidagi singan qashlag‘ichni ko‘rib qoldi va Dadaruhga qarab baqirdi. 
— Buyoqqa kel!
Nafasim tiqilib, qo‘rqib ketdim. 
Otam singan qashlag‘ichni ilkiga tutib, buni kim qildi, deya Dadaruhdan so‘radi. Dadaruh taajjublanib: 
— Bilmadim, — deb javob qildi. 
Otamning ko‘zi menga tushishi bilan, hali so‘rab ulgurmagan ham edi men: 
— Hasan, — dedim. 
— Hasanmi? 
— Ha, kecha Dadaruh uxlayotganda xonasiga kirib, sandig‘idan qashlag‘ichni oldi-da, yaloqning toshida ezdi. 
— Nega Dadaruhni chaqirmading? 
— Uxlayotgan edi. 
— Qani, Hasanni chaqir! 
Ichki hovlining eshigidan kirib, ixcham yo‘lkadan uy tomon chopdim, Hasanni chaqirdim. Hech gapdan xabari yo‘q Hasan orqamdan yugurib keldi. 
Dadam qattiqqo‘l edilar, jahl bilan qarasalar yuragimiz yorilayozardi. Hasanga qarab: 
— Yolg‘on gapirsang, tayoq yeysan! — dedilar. 
— Yolg‘on gapirmayman. 
— Yaxshi, qashlag‘ichni nega sindirding? 
Hasan Dadaruhning qo‘lidagi uskunaga hayron bo‘lib qaradi. Keyin mallarang sochini o‘ynatib: 
— Men sindirganim yo‘q, — dedi. 
— Yolg‘on gapirma deyapman. 
— Yo‘q, men sindirmadim. 
Dadam yana takrorladi. 
— To‘g‘risini aytsang, urishmayman, yolg‘on gapirish yomon odat. 
Hasan o‘jarlik qilib, yo‘q deb turib oldi. Dadamning g‘azabi qaynab, Hasan tomon shaylanib bordi-da, uyatsiz, yolg‘onchi, deb tarsaki tortib yubordi. — «Buni ko‘zimdan daf qil, bu yerga yo‘lamasin, faqat Parvin bilan o‘tirsin», deya o‘shqirdi. 
Dadaruh yig‘layotgan ukamni bag‘riga bosib, ichkariga olib ketdi. 
O‘shandan buyon og‘ilda yolg‘iz o‘ynaydigan bo‘ldim. Hasan esa uydan chiqmaslikka mahkum qilingandi. Onam Istanbuldan qaytganlaridan keyin ham dadam Hasanni kechirmadilar. Unga ko‘zlari tushsa, yolg‘onchi, deb qo‘yardilar. Hasan yegan tarsakisini eslab yig‘lab yuborar, keyin o‘zini zo‘rg‘a bosib olardi. Bechora onam mening tuhmat qilganimni xayoliga ham keltirmas va «axmoq Dadaruh qashlag‘ichni otlarning tagida ezdirgan bo‘lmasin tag‘in?», deb qo‘yardi. 
Kelasi yili yozda onam yana Istanbulga ketdilar. Biz yana yolg‘iz qoldik. Hasanning og‘ilga borishi hanuz man etilgandi. Kechalari yotganimizda otlarning ahvolini, toylarning katta bo‘lgan, bo‘lmaganini mendan so‘rab turardi. Bir kuni Hasan dabdurustdan kasal bo‘lib qoldi. Doktor olib kelish uchun shaharchaga odam jo‘natildi. Doktor ukamni tekshirib, yuqumli kasalga chalinganini aytdi. Buni eshitgan fermadagi xotinlar uyimizga kelib, bir nechta parrandaning boshini olib, ukamning bo‘yniga bog‘lab qo‘yishdi. Aytishlaricha, bunday eskicha irimni qilsa, tuzalib ketarmish. 
Dadam ukamning yonidan sira ketolmadilar. Dadaruh ham g‘amgin bo‘lib qoldi. Parvin esa ho‘ng-ho‘ng yig‘lagani-yig‘lagan. 
— Nega yig‘layapsiz? — deb so‘radim. 
— Ukang kasal-ku...
— Tuzalib ketadi. 
— Tuzalmaydi. 
— Tuzalmasa nima bo‘ladi? 
— Ukang o‘ladi. 
— O‘ladimi? 

 * * * 

Men ham yig‘lay boshladim. Ukam kasal bo‘lganidan beri meni Parvinning xonasiga ko‘chirishdi. O‘sha kecha hech uxlolmay chiqdim. Xayolga cho‘mishim bilan Hasan ko‘z o‘ngimda «Tuhmatchi! Tuhmatchi!», deya yig‘layotganday bo‘laverardi. 
Parvinni uyg‘otdim. 
— Hasanning yoniga boraman, — dedim.
— Nega?
— Dadamga aytadigan gapim bor.
— Nima gaping bor?
— Qashlag‘ichni men sindirgan edim, shuni aytmoqchiman.
— Qaysi qashlag‘ichni?
— O‘tgan yilgi. Hasanga to‘nkagan edim...
So‘zimni tugataolmadim. Ichimdan kelayotgan tug‘yonlar nafasimni bo‘g‘ib qo‘ydi. Yig‘lay-yig‘lay bo‘lgan voqeani Parvinga gapirib berdim. Hozir buni dadamga aytsam, Hasan ham eshitib, balki meni kechirar?
— Ertaga aytasan,— dedi Parvin.
—Yo‘q, hozir boraman.
— Hozir dadang uxlayapti, ertaga ertalab aytasan. Hasan ham uyquda. Ertaga uni quchoqlab, o‘pib, kechirim so‘rasang,kechiradi.
— Xo‘p, yaxshi.
— Qani endi, uxla!
Tonggacha ko‘zimga uyqu kelmadi. Tong oqara boshlaganida Parvinni uyg‘otdim. O‘rnimizdan turdik. Ichimni qiynayotgan azobdan bo‘shalish uchun shoshib borardim... Lekin, ming afsus, bu kecha bechora, gunohsiz ukamning joni uzilgan ekan.
Ayvonda qishloqning imomi bilan Dadaruh ko‘zda yosh bilan, dadamning tashqariga chiqishini kutib turardilar. 

Turkchadan Lola Aminova tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.