background
logotype

Vladimir Dal. Chipta kavushli tulki (ertak)

Qish tunlarining birida yo‘l bo‘ylab ketayotgan tulkining qorni och edi. Bulutlar osmonda osilib turar, dalaga qor uchqunlari sochilib – sochilib tushar, qor maydalab yog‘ardi.
«Hechqursa, bir tishlam yegulik bo‘lsaydi», — debdi tulki. U yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi; yo‘lda yotgan chipta kavushni ko‘rib qolibdi. «Joyi kelsa, shu chipta kavush ham asqotib qolar» — o‘ylabdi u. Kavushni tishlab olibdi — da, yo‘lida davom etibdi. Qishloqqa kirib, birinchi kulbani taqillatibdi.
— Kim u? – so‘rabdi dehqon darchasini ochayotib.
— Bu – men, ey, yaxshi odam, tulkixon – singiljonman. Tunashga joy ber!
— Biz sensiz ham tiqilib yotibmiz! – debdi qariya va darchasini yopmoqchi bo‘libdi.
— Menga ko‘p narsa kerak emas, — o‘tinib so‘rabdi tulki. — O‘rindiqqa yotsam ham bo‘laveradi, dumimni esa uning tagiga qo‘yaman.
Cholning unga rahmi kelibdi va uyiga uirgizibdi. Tulki unga debdi:
— Hoy, dehqon, chipta kavushimni berkitib qo‘y!
Dehkon uning kavushini olib, pechkaning tagiga otib yuboribdi.
Hamma uyquga ketibdi, shunda tulki o‘rindiqdan sekin tushibdi-da, kavushni o‘g‘irlab, pechkadan uzoqroq joyga tashlabdi.Ortiga qaytib, hech narsa bo‘lmaganday, o‘rindiqqa yotib olibdi , dumini o‘rindiqning tagiga joylabdi.
Tong ota boshlabdi. Odamlar uyg‘onishibdi; kampir pechga o‘t qalabdi, chol o‘tin terib kelgani o‘rmonga otlanibdi. Tulki o‘rnidan turibdi-yu, chipta kavushi tomon oshiqibdi. Qarasa, kavushi joyida yo‘q. U chinqira boshlabdi:
— Meni xafa qildi bu qariya, ochiq ko‘ngilligimdan foydalandi. Chipta kavushimning o‘rniga tovuq ham olmayman!
Chol pechning ostiga ko‘z yugurtiribdi — chindan ham chipta kavush yo‘q! Nima qilish kerak? Axir, o‘z qo‘llari bilan qo‘ygan edi-ku! Tovuqni olibdi-da, tulkiga tutibdi. Tulki tinmay tovuqni olmayman, deb baqirar, ovozi qishloqni tutib ketar, hadeb qariya uni xafa qilganini ta’kidlar ekan.
Chol bilan kampir tulkining ko‘nglini olay deb unga kosachaga sut quyib berishibdi, nonni ushatib, tuxum qovurishibdi. Tulki shuni kutib turgan ekan. O‘rindiqqa sakrab chiqib olibdi, nonni yebdi, sutni simiribdi. Tuxumni paqqos tushirib, tovuqni olib, to‘rvasiga solibdi. Uy egalari bilan xayrlashib, yo‘lga tushibdi.
Yo‘l bo‘yi qo‘shig‘ini boshlabdi:
Zim-ziyo tun oralab
Ketib borar tulkixon
Qorni och va bedarmon.
Yurib-yurib bir kuni
Topib olibdi kavush.
Oqko‘ngil odamlarni
Aldab, qipti ayyor ish –
Bitta chipta kavushni
Tovuqqa alishibdi.
Kech yaqin u boshqa qishloqqa yetib boribdi. Taq-taq-taq! – tulki kulbani taqillatibdi. 
— Kim u? – so‘rabdi dehqon.
— Bu – men, tulkixon – singiljon. Amakijon, tunashga joy ber!
— Sensiz ham tiqilib yotibmiz, yo‘lingdan qolma, — debdi dehqon va derazasini yopib olibdi.
— Men sizlarni siqib qo‘ymayman, — debdi tulki. – O‘zim o‘rindiqqa yotib olaman, dumimni o‘rindiqning tagiga qo‘yaman, vassalom!
Tulkini uyga kiritishibdi. U uy egasiga egilib salom beribdi-da, tovug‘ini saqlab berishini so‘rabdi. O‘zi o‘rindiqning bir chekkasiga o‘rnashib, yotib olibdi. Dumini o‘rindiqning tagiga burab qo‘yibdi. Xo‘jayin tovuqni olib, panjara ortidagi o‘rdaklar orasiga qo‘shib yuboribdi. Tulki bularning hammasini ko‘rib turgan ekan. Uydagilar uyquga ketgach, tovug‘ini o‘rdaklar ichidan chiqarib olibdi va bir pasda yeb qo‘yibdi. Patlari, suyaklarini pechka ostiga ko‘mib, ishni qoyillatganday o‘rindiqning ustiga sakrab chiqibdi, kuchala bo‘lib yotib olibdi — da, uyquga ketibdi.
Tong yorishibdi. Kampir pechni yoqishga kirishibdi, dehqon sigirlarga yem beribdi. Tulki uyg‘onib, yo‘lga tayyorlanibdi. Uy egalariga minnatdorchilik bildirib, tovug‘ini so‘rabdi.
Dehqon qarasa, tulkining tovug‘i yo‘q! U yoqqa yuguribdi – bu yoqqa yuguribdi, o‘rdaklarini birma – bir ko‘rib chiqibdi. Juda g‘alati – tovuq yo‘q! 
Tulki ovozini baralla qo‘yib, aytib – aytib yig‘isini boshlabdi:
— O, mening tovuqcham, qoramag‘iz tovuqcham! Seni semiz – semiz o‘rdaklar bittalab cho‘qib — cho‘qib, zangor patli o‘rdaklar qoqib — qoqib tashlashdimi? Seni hech qanday o‘rdakka almashmayman!
Kampirning tulkiga rahmi kelibdi, choliga debdi:
— Unga o‘rdak beramiz, qornini ham to‘ydiramiz.
Tulkini yedirib – ichirib, qo‘liga o‘rdakni tutqazib, darvozadan chiqarib qo‘yishibdi.
Tulkixon yo‘l bo‘yi lablarini yalab – yalab, qo‘shiq aytibdi:
Zim-ziyo tun oralab 
Ketib borar tulkixon
Qorni och va bedarmon.
Yurib – yurib bir kuni
Topib olibdi kavush.
Oqko‘ngil odamlarni
Aldab, qipti ayyor ish – 
Bitta chipta kavushni
Tovuqqa alishibdi.
Tovuqqa esa – o‘rdak.
Tulki uzoq — yaqin, qisqa-uzun yo‘l bosibdi. Qosh qorayibdi. Uylar ko‘ringan tomonga burilibdi. Eshikni taqillatibdi: taq-taq-taq.
— Kim u? – so‘rabdi uy egasi. 
— Tulkixon – singiljonman, yo‘lda sirg‘alib ketdim, judayam sovqotdim. Qochaverib — qochaverib oyoqlarim toliqdi! Ey, yaxshi odam, meni uyingga kirgaz, dam olib, isinib olay!
— Qo‘yay deymanu, tulkijon, joy yo‘q-da!
— Ey, otaginam, o‘zim o‘rindiqqa sig‘aman, dumimni uning tagiga tashlab qo‘yaman – bo‘ldi!
Qariya o‘ylay-o‘ylay, tulkini ichkariga kirgazibdi. Tulki xursand bo‘libdi. Uy egalariga ta’zim qilibdi, ertalabgacha yassiburun o‘rdagini saqlab berishlarini so‘rabdi. Ular tulkining o‘rdagini g‘ozlar orasiga qo‘yib yuborishibdi. Tulki esa o‘rindiqqa o‘rnashib, dumini o‘rindiq tagiga joylab, xurrak ota boshlabdi. 
— Ko‘ngli ochiq ekan, bechora charchabdi, uxlab qoldi, — debdi kampir.
Ko‘p o‘tmay uy egalari uyquga ketishibdi. Tulki o‘rindiqdan sekin tushib, g‘ozlarning orasidan yassiburun o‘rdagini ushlab olibdi. Uni tishlab – tishlab, patlarini yulib-yulib, tozalabdi, yebdi. Suyaklari va patlarini pechning ostiga ko‘mibdi. Bamaylixotir uyquga ketibdi, kun yorishib ketguncha uyg‘onmabdi. Ko‘zini ochib, kerishibdi, atrofga qarabdi. Kulbada kampirning bir o‘zi ekan.
— Bekajon, xo‘jang qani? – so‘rabdi tulki. – u bilan xayrlashib, issiq joy uchun minnatdorchilik aytmoqchi edim.
— U bozorga ketgan, — debdi kampir. 
— Unda xush qol, bekajon, — debdi tulki egilib-egilib. – Yassiburun o‘rdakcham ham uyg‘ongandir. Uni keltir, tezroq yo‘lga tushishimiz kerak.
Kampir qarasa — o‘rdak yo‘q! Nima qilsin, qaerdan topsin? Qaytarish kerak, axir! Kampirning ortida tulki turar, ko‘zlarini olaytirib, bor ovozi bilan, yig‘isini boshlabdi: o‘rdagi bor uning — dovruqli, betakror, do‘mboqqina, kumushrang. Bunday o‘rdagini hech qanday g‘ozga almashmaydi.
Beka qo‘rqib ketibdi. Tulkiga egilib — egilib debdi:
— Olaqol, onajonim Tulkixon Patrikeevna, istagan g‘ozni olaqol! Men seni mehmon qilaman. Yog‘imni ham, tuxumimni ham ayamayman.
Tulki qornini to‘ydirib olibdi. Semiz, yog‘li g‘ozni tanlabdi, to‘rvasiga solibdi. Bekaga ta’zim keltirib, yo‘lga tushibdi. Yo‘lda ketayotib, qo‘shig‘ini boshlabdi:
Zim-ziyo tun oralab
Ketib borar tulkixon
Qorni och va bedarmon.
Yurib – yurib bir kuni
Topib olibdi kavush.
Oqko‘ngil odamlarni
Aldab, qipti ayyor ish – 
Bitta chipta kavushni
Tovuqqa alishibdi.
Tovug‘iga – o‘rdakni,
O‘rdakka – semiz g‘ozni!
Tulki yo‘lda charchab qolibdi. To‘rvadagi semiz g‘ozni ko‘tarish qiyinlashib borarkan: dam o‘tiribdi, dam yuguribdi, dam turibdi. Qorong‘u tushibdi. Qaysi eshikni taqillatmasin, ochishmabdi, rad etishibdi. Eng so‘nggi kulbaga yetib kelibdi, astagina taqillatibdi: tuk – tuk – tuk.
— Nima kerak? – ovozi kelibdi uy egasining.
— Qadrdonim, isinib olay, tunashga joy ber! 
— Joy yo‘q! Sensiz ham tiqilib yotibmiz!
— Men hech kimni siqib qo‘ymayman, — debdi tulki. – O‘zim o‘rindiqqa yotib olaman, dumimni uning tagiga qo‘yaman.
Xo‘jayinning rahmi kelibdi, uyiga kiritibdi. Tulki undan g‘ozini saqlab berishini so‘rabdi. Uy egasi uni panjara ortidagi kurkalarga qo‘shib qo‘yibdi –da, o‘ylanib qolibdi. Shu kunlarda bozor tomonlardan ayyor tulki haqida mish – mishlar tarqalayotgan ekan. «Bu o‘sha – hamma gapirayotgan tulki emasmikan?» – o‘ylabdi chol va uni kuzata boshlabdi. Tulki o‘zini esli – xushli, odobliday tutibdi. o‘rindiqning ustiga chiqib, yotib olibdi, dumini uning tagiga joylabdi. Kampirning xurragi eshitilibdi. Chol ko‘zlarini jo‘rttaga yumib olibdi. Tulki panjara ortiga sakrab tushibdi. G‘ozini tutib, tishlab – tishlab, tozalab olibdi — da, yeyishga tushibdi. Yeb – yeb dam olarkan. Axir, birdaniga shunday semiz g‘ozni birdan tugatib bo‘lmas ekan-da! Chol barisini kuzatib turgan ekan. Tulki suyak va patlarni pechkaning tagiga ko‘mibdi-da, joyiga borib yotibdi va uyquga ketibdi. 
U uzoq uxlab qolibdi, xo‘jayin uni uyg‘otibdi:
— Tulkijon, yaxshi uxlab turdingmi?
Tulki kerishib, ko‘zlarini ishqalabdi. 
— Izzating borida yo‘lga tush, — debdi xo‘jayin eshikni lang ochib.
Tulki unga javoban:
 — Uyni sovutmasangiz yaxshi bo‘larmidi, yo‘limni o‘zim topib olaman. Oldin berib qo‘ygan omonatimni olay, devdim. Qani, g‘ozimni ber!
— Qaysi?
 — Qechqurun senga berganim –da. Olgan eding, to‘g‘rimi?
 — Ha, olgandim, — dedi xo‘jayin.
 — Olgan bo‘lsang, qaytar, — qistadi tulki.
 — G‘ozing panjara ortida yo‘q, ishonmasang, o‘zing borib qara, — kurkalar bor, xolos. 
Buni eshitgan ayyor tulki o‘zini yerga tashlab, har yoqqa urib, yig‘isini boshlabi: u g‘ozini hech bir kurkaga almashmaydi!
Dehqon tulkining shumligini fahmlab qolibdi. «To‘xtab tur, — debdi u ichida. – Sen bu g‘ozingni ko‘p eslaysan hali!» 
 — Nimayam qildik, sen bilan kelishib olamiz, shekilli.
Unga g‘oz o‘rniga kurka berishga va’da beribdi. To‘rvaga kurkani emas, bildirmay itini solibdi. Tulki buni sezmabdi. To‘rvasini yelkasiga ortib, xo‘jayin bilan xayrlashib, yo‘lga tushibdi. 
Yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. O‘zi va chipta kavushi haqidagi qo‘shig‘ini aytgisi kelibdi. To‘rvasini yerga qo‘yib, o‘tiribdi. Qo‘shig‘ini boshlamoqchi bo‘lgan ekan, birdan to‘rvadan xo‘jayinning iti otilib chiqibdi, tulkiga tashlanibdi. It quvgandan — quvibdi, bir qadam ham ortda qolmabdi. 
Ikkalasi yugurib – yugurib, o‘rmonga kirib kelishibdi. Tulki kundalar, butoqlar oralab, it uning izidan chopibdi. Tulkining baxtiga qarshisidan uya chiqib qolibdi, unga o‘zini otibdi. It uyaga sig‘mabdi, tulki chiqib qolarmikan deb, uning yonida kuta boshlabdi.
Tulki qo‘rqqanidan nafas ololmas ekan. Sal o‘ziga kelgach, o‘ziga – o‘zi gapira boshlabdi:
 — Quloqlarim, jon quloqlarim, sizlar nima qildingizlar?
 — Bizlar it tulkini yeb qo‘ymasin deb diqqat bilan tingladik.
 — Ko‘zlarim, jon ko‘zlarim, sizlar nima qildingiz?
 — Bizlar it tulkini yeb qo‘ymasin deb kiprik qoqmay qaradik.
 — Oyoqlarim, jon oyoqlarim, sizlar nima qildingiz?
 — Bizlar it tulkini ushlab olmasin deb to‘xtamasdan tez yugurdik.
 — Dumcham, hoy dumcham, sen nima qilding?
 — To‘nkalar, butoqlarga chirmashib qolmagin deb yo‘l bermadim.
 — Hali senmi meni qochishimga yo‘l bermagan! Mana, senga bo‘lmasa! – debdi tulki va dumini o‘radan chiqarib, itga qichqiribdi:
 — Ol, mana buni ye!
It tulkini dumidan ushlabdi — da, uyadan tortib olibdi.

Oygul Suyundiqova tarjimasi

 

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.