OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xolida Isroil. Qor ko‘p yoqqan qish (qissa)

Yulduz chiroq xira yoritib turgan xonada deyarli yalang‘och holda cho‘zilib yotardi. Uning rangi bo‘zargan. Uzun kipriklari bilinar-bilinmas titrar, lablarining ham titrayotganini hisobga olmaganda, yaqin-yaqingacha go‘zalligi bilan hammani maftun etadigan bu qizda hayotiylikdan asar ham qolmagandek tuyulardi.
Karavotdan osilib qolgan bir qo‘lida hali ham chekib tugallanmagan tamaki atrofga qo‘lansa hid taratib o‘zi-o‘zidan yonib tugayotgandi. Kulga aylangan qismi dam-badam yerdagi gilamga to‘kilardi. Tamakining so‘nggi cho‘g‘i barmoqlarini kuydirgandagina Yulduz sergak tortdi. U ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, qo‘lidagi tamaki qoldig‘ini bo‘sag‘a tomonga otdi-da, yana ko‘zini yumib oldi. Boyagi go‘zal bog‘lar, otilib turgan favvoralar, zilol suvlar uning ko‘z oldida yana paydo bo‘ldi. Bular uning orzu qilgan tushlaridagi jannat makoni edi. U, parizoddek uzun oq ko‘ylagini hilpiratib dov-daraxtlar, zilol suvlar, yam-yashil chamanzorlar ustidan uchib borar, bulutlar uzra, daraxt yaproqlarida, to‘lqinlanib oqayotgan suv yuzasida aks etar, qayerdandir suvratga olish apparatining vijillagan ovozi, rejissyorning maqtovlari, qarsaklar eshitilardi. Kimlardir unga dasta-dasta gul otardi. U, gullarni tutib olishga ulgurolmay, tobora gullarga g‘arq bo‘lib borardi. Uni bir to‘p bir-biridan kelishgan, barno, chapdast yigitlar boshlari uzra baland ko‘tardilar. Katta bir yig‘inga — ajoyib go‘zal musiqa yangrab turgan, to‘rt tomoni, shiftlari, hamma yog‘i yal-yal qilib ko‘zni qamashtiradigan bir ajoyib qasrga olib kirishdi. Qiz ularning ichidagi eng suyukli yigitni tanlab raqsga tushardi. Yigit uning qulog‘iga nimalarnidir pichirlardi. Uning boshi g‘uvillar, ko‘z oldida dunyo bamisoli chirpirak bo‘lib aylanardi. Yulduz boshini ko‘tarib shiftga, chor atrofga qaradi. Hammayoqda u o‘zini ko‘rdi. O‘zini tutolmay qah-qahlab kular, qo‘shiq aytardi. Ko‘zlari uchqunlanar, tizzalari titrardi... Bu shodlikning, tomoshalarning adog‘i yo‘qdek tuyulardi...
Tun yarmidan oqqan. Tashqaridan motosiklning tarillagan ovozi keldi-yu, tezda o‘chdi. Dunyodagi har qanday shaharga o‘xshash bu orasta go‘zal shaharda ham ko‘p qavatli binolar, tekis yo‘llar, gulzorlar, bog‘larning go‘zalligi ta’rifga sig‘masdi. Bu ko‘chalarda yerli aholining oddiy kulbalari ham bor edi. Baland-pastliklar qishda qor-muzlikka, bahorda esa botqoqqa aylanardi. Hammayoqda uyum-uyum axlatlar yil o‘n ikki oy kishi chidab bo‘lmaydigan qo‘lansa hid tarqatib turardi. Bu ko‘chalarda ziyolilar deyarli yashamaydi. Bu ko‘chalarda tug‘ilib voyaga yetadigan yoshlar ham yuqoridagi obod-ozoda ko‘chalarning bolalariga o‘xshamasdi. Ular ham ota-onalari kabi go‘dak vaqtlaridanoq maktabdan qochishga boshlardi, jamiyatning hamma qozonlarida qaynab, insonning hamma iflosliklarini ko‘rib, pishib yetilishadi va o‘zlariga juda ko‘p razil illatlarni yuqtirib olishadi. 
Shu tobda xira yoritib turgan ko‘cha chiroqlari ostida o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlardagi, ust-boshlari isqirt uch o‘g‘il bola shumshayib, bir o‘ram tamakini navbatma-navbat chekishib o‘tirardi. Bir vaqt bir yigit ular oldidan motosiklini tarillab o‘tib qoldi, ular sergaklanib, boshlarini ko‘tarib qarashdi, motosiklchi yolg‘iz emas, ortidan bir yosh qiz ham bo‘lib, yigitni belidan mahkam quchoqlab olgandi.
— Anavi qizni ko‘rdilaringmi? — dedi sheriklaridan yoshi kattarog‘i yonidagilarga — mast bo‘lib qolibdi, rosa otibdi, o‘ziyam... kimning qizi bo‘ldiykin?..
— E, uni qo‘yaver, senga bizning fikrimiz ma’qulmi, yo‘qmi, shundan gapir, — deb g‘udrandi ikkinchi bola. Biroz jimlikdan keyin: — Sizlarni bilmayman-u, ammo mening notanish o‘lkaga borishga sira oyog‘im tortmayapti, — dedi.
 Buni eshitib, boshqalari jim bo‘lib qolishdi.
Motosiklchi o‘nqir-cho‘nqir, tor ko‘chalardan sakrab-sakrab o‘qdek uchib borarkan, bir muyulishda to‘xtadi. Ruldagi yigit bir oyog‘ini yerga tirab turib, motosikldan tushib, uzoqlashib ketayotgan qizning orqasidan baland ovozda dedi: 
— Demak, va’da shu — ertaga soat rosa ikkida olib ketgani kelaman! 
So‘ng motosiklini ortiga burib, yana tarillatgancha uchirib ketdi.

Yulduz har galgidek uyida yuragini vahima bosgan ko‘yi uzoq o‘yga tolib o‘tirdi. U eshikning taqillashidan qo‘rqardi. Yonidagi derazadan yo‘lga tushib turgan chiroq nuri onasining hanuzgacha uxlolmay o‘yga cho‘mib, parishon bo‘lib o‘tirganidan darak berardi...
U tikuv mashinasining birday g‘irillagan ovoziga quloq soldi. Onasining ozg‘in gavdasini, ich-ichidan xo‘rsinishini, tikuv mashinasi oldida o‘tirib, qo‘lining orqasi bilan dam-badam beliga urib-urib qo‘yishlarini ko‘z oldiga keltirib, ko‘ngli buzildi. U onasining ich-ichdan xo‘rsinib jim o‘tirishidan ko‘ra, qizini urgani, urishgani ming karra a’lo edi...
Tikuv mashinasi esa bir me’yorda g‘irillardi, yoqimsiz, hissiyotsiz, zerikarli bu ovoz xuddi onasining hayotiga o‘xshardi... Ammo u onasiga, uning tikuv mashinasining g‘irillab ishlashiga o‘xshab ketadigan zerikarli hayotiga havas qilmasdi. U go‘zal kino yulduzi, atoqli qo‘shiqchi bo‘lishi, Shinjong bilan Urumchi oralig‘ida tayyorada qatnaydigan, yulduzli mehmonxonalarda turadigan, kuniga o‘n ming, yuz ming yuanni bemalol sarf etadigan katta savdogar bo‘lishni orzu qilardi. U qahvaxonaga kirib-chiqib yuradigan savdogarlarning ana shunday kishilar to‘g‘risidagi gap-so‘zlarini es-hushini yo‘qotguday bo‘lib eshitardi. Doimo ko‘zgudan o‘zining go‘zal husni jamolini ko‘rganda u orzularining so‘zsiz amalga oshishiga ishonar, dunyodagi eng go‘zal qizlarga ham parvo qilmaydigan erkak zotining hech birini bir chaqaga olmasdi.
Bir kuni singlisi Qunduz maktabdan kelib, “Sinfdoshlarim meni o‘z davralariga qo‘shmay qo‘yishdi, opang buzuq, giyohvand deyishayapi. Maktabda bosh ko‘tarib yurolmaydigan bo‘lib qoldim, endi o‘qimayman” deb turib olgandi. Onasi, “Jonim bolam, maktabga bormasang, nima ish qilasan? Sen ham opangga o‘xshamoqchimisan yo deb, singlisiga qo‘shilib yig‘lab yubordi. Onasi bilan singlisining gaplari uning yuragiga o‘qdek sanchilgandi. Axir, u ham odam. Nimaning yaxshi, nimaning yomon, nimaning sharaf, nimaning nomus ekanligini farqlay oladi. U shunday muloyim, tirishqoq singlisining o‘qishdan borgan sari sovib ketayotganini, xulqi o‘zgarib borayotganini sezib turardi. Biroq, u odatlanib qolgan turmush bamisoli tubsiz jarlikka o‘xshardi. Undan qutulishga uringani sari battar tubanlashib borardi. U ilgari giyohvandlikni necha bor tashlamoqchi bo‘ldi, ammo tashlayolmadi, bunga jur’ati, irodasi yetmadi. O‘ylay-o‘ylay, oxiri o‘z joniga qasd qilmoqchi va shu yo‘l bilan hammasiga barham bermoqchi ham bo‘ldi. Ammo zulmat ishg‘ol etgan qalbining bir yerida zaifgina bo‘lsa-da, bir yorug‘lik unga yana umid bag‘ishlaganday bo‘lardi. Biroq tarki odat amri mahol deganlariday, u yana o‘sha zulmat sari yurib keta boshladi va uni Ahmadning “qopqon”iga tushirdi. Ahmadning qo‘liga tushgan qiz qutulib bo‘pti! Uning yengil mashinalari, o‘nlab motosikllari, yovuzlikda uchchiga chiqqan kallakesarlari bor. Qochib qutulmoqchi bo‘lgan qizlarni osmondan bo‘ladimi, yerining tagidan bo‘ladimi, tutib kela oladi. Ota-onalari uyiga, yerto‘lalarga qamab qo‘ygan qizlar ham ularning changalidan qutulolmagan. Ilgari ba’zi qizlar qarshilik ham ko‘rsatgan, soqchilarga ma’lum qilib ham ko‘rgan, ammo aniq jinoiy dalillar yetarli bo‘lmagani, hammadan ham Ahmadning suyanchiqlari ko‘p bo‘lgani bois, ular ham hech narsa qilisholmagan. Bitta Yulduz ularga qanday qilib bas kela olardi? Kecha Yulduzning “yigiti” Yolqin Xitoy tomonga bormoqchi ekanini, u yoqda bir necha yil turib qolishini aytib, Yulduz bilan xayrlasharkan, unga bir asil matodan qimmatbaho ko‘ylak sovg‘a qildi. Bu har qanday qizning orzusidagi ko‘ylak edi. Quriyada tikilgan bu ko‘ylak shahardagi eng katta kiyim-kechak do‘konida bir necha oy osig‘lik turgan. Uni ko‘rgan qiz-juvonlarning ko‘zlaridan o‘t chaqnagan edi o‘shanda. Ta’rifini eshitganlar uni xarid qilolmasalar-da, bir ko‘rish uchun ham ataylab do‘konga kelishardi. O‘sha ko‘ylak oxiri Yulduzning qo‘liga tushdi. U kechga tomon shu ko‘ylakni kiyib, Nigora, Zulfiya, Anoralarning yuragiga o‘t solgisi, o‘zini ularga ko‘z-ko‘z qilgisi keldi.
U, ko‘ylakning yerga tegay-tegay deb turgan etagini bir qo‘li bilan xiyol ko‘tarib qahvaxonaga kirib kelganda, xira yonib turgan chiroq ostidagi sonsiz o‘rindiqlarda juft-juft bo‘lib kayf-safo qilib o‘tirganlarning deyarli hammasi unga ma’noli qarab, boshlarini chayqab qo‘yishdi. Uning sarvdek qomatiga yeb qo‘ygudek, suqlanib tikilishdi. Qizlarning katta-katta ochilgan ko‘zlaridan, ichlarini urib qarashlaridan ularning vujudini havas bilan birga hasad o‘ti yondirayotganini payqash qiyin emasdi. Yulduz o‘sha ko‘zlarda, o‘sha ifodalarda o‘z g‘alabasini ko‘rganday bo‘ldi. Yulduzga xuddi shunisi kerak edi. U atayin manekenlarga taqlid qilib, beli va ko‘ksini erkin tutgan holda to‘rdagi bo‘sh o‘rindiqqa qarab yurdi. Uning ko‘zi uzun, ingichka oyoqlarini chalishtirib, og‘zidan halqa-halqa tamaki tutunini chiqarib o‘tirgan Nigoraga tushdi. Uning Yulduzga qiya boqqan ko‘zlarida, yupqa lablarining bir chetida hech qachon yo‘qolmaydigan mag‘rurlik va bilinar-bilinmas masxara alomatlari ifodalanib turardi. Uning kulimsirashlari go‘yo unga har qachondagidek: “Sen nimaniyam bilarding, shoshma, hali sen ko‘radigan ne-ne ishlar bor”, deyayotgandek tuyulardi. Yulduz ko‘zlarini tezda undan olib qochdi. To‘rda Oliya o‘zi yolg‘iz o‘tirardi. U oldiga kelib qolgan Yulduzni tanimagandek, biroz anqayib qoldi, so‘ng hayron qolganday ko‘zlarini katta ochib, qoshlarini chimirdi, qip-qizil bo‘yalgan go‘shtdor lablarini burib, asta hushtak chaldi. U aslida sarg‘ish sochini o‘g‘il bolacha turmaklab, o‘g‘il bolacha ko‘ylak kiyib yurardi. Bu xil kiyinish uning atvoriga, bo‘y-bastiga juda yarashardi.
Ular shod-xurram salomlashayotganda ayiq panjasidek zilday bir qo‘l Yulduzning yelkasidan qisimladi, yana bir qo‘l uni iyagidan tutib, ortga burdi:
— Ha, bulbuligo‘yo, ahvollar qalay?
Had-hisobsiz kayf-safodan xunuklashib ketgan aft, qizargan ko‘zlar Yulduzning ko‘z oldini to‘sdi.
Yelkasi og‘rib va qo‘rqib ketganidan Yulduzning tili kalovlandi:
— Ahmad aka, ... qo‘lingizni torting, bu nima qiliq? Meni... meni qo‘yvoring...
— “Qiliq” deysanmi? Qiliq mendan emas, sendan chiqayotganini hali bilmaysanmi? Qo‘yib yuboraymi? Zo‘rg‘a tutgan o‘ljasini qaysi ahmoq ovchi qo‘yib yuborarkan? Ho, ho, ho...
Ahmad huzur qilib kular ekan, Yulduzni yelkasidan bosib, o‘rindiq ichkarisiga battar cho‘ktirdi. Boyadan buyon bir chetda tirjayib turgan sariq ko‘z, pakana, yumaloqdan kelgan yigitni Yulduzning yoniga o‘tqazib, o‘zi ularning oldidagi o‘rindiqqa cho‘kdi.
Ahmad bu qahvaxonaning xo‘jayini ham edi. Aytishlariga qaraganda, uning yaqin bir qarindoshi qandaydir bir katta mansabda xizmat qiladigan davlat arbobi emish. Farhod degan gumashta o‘sha arbobning o‘g‘li ekanligini qahvaxonadagilarning barchasi bilishardi. U qahvaxonaga tez-tez kelib turardi. Bu yerda o‘z uyidek erkin yurardi, tokchadagi yoki ichkaridagi javondan istagan aroqni olib ichardi, hushi kelgan chog‘larda, qizlarni chet elning bir rumkasi sakson yuvanlik sof uzumdan tayyorlangan sharob bilan mehmon qilardi. Bir gal u, hatto bir qadah limmo-lim fransiya brendisini bir qizning boshidan to‘kib yuborgandi.
— Yulduz, siz buyoqni tanimaysiz, u bizning inimiz bo‘ladi, bundan keyin uning xizmatida bo‘lamiz. Sizga ochig‘ini aytib qo‘ya qolay, inim sizga ko‘ngli borligini aytgandi, bo‘lmasa... ne-ne qizlar bor, uqdingizmi! Agar aytganini qilmay, dilini ranjitib qo‘yadigan bo‘lsangiz, meni bilasiz-a? — dedi Ahmad tahdid ohangida.
Yulduz sakrab o‘rnidan turib ketdi:
— Ahmad aka, mening sizdan hech qanday qarzim, til qisiqlik joyim yo‘q. Qolaversa, siz menga hech kim emassiz! Shunday bo‘lgach, men ham sizga aytib qo‘yay, bundan keyin menga bunday ohangda muomala qilmang! Men o‘z taqdirimni o‘zim hal qilaman, bildingizmi?!..
— O‘h-ho‘, tillari chiqib qolibdimi, til yugurugi nimalarga olib kelishini bilmaydiganga o‘xshaysiz chog‘i? Biz bilan bo‘lmasa, Yolqin bilan bo‘lsa kerak? — zaharxandalik bilan uning so‘zini bo‘ldi, Ahmad — savodingiz bo‘lsa kerak?
U cho‘ntagidan bir parcha qog‘ozni chiqarib, Yulduzning oldiga tashladi. Yulduz qog‘ozda Yolqinning dastxatini tanib, xatni tezda qo‘liga oldi. Undagi to‘rt qator keladigan xatning mazmuni shunday edi. “Bir yildan beri Yulduz bilan qahvaxonada ichgan ichimlik, chekkan tamaki (oq og‘u)ning ikki ming yuvanlik haqqini to‘lashga qurbim yetmaganligi uchun, to‘y qilishga va’dalashgan qiz Yulduzni Ahmadga o‘z ixtiyorim bilan topshirdim...” Yulduzga qog‘ozdagi qing‘ir-qiyshiq yozilgan xatlar bamisoli sakrashib yugurgandek, o‘ziga qarab tirjayib, tillarini osiltirayotgandek tuyuldi, ko‘zlari tinib boshi aylandi. U, xatdagi so‘zlarning ma’nosini bazo‘r tushundi. Tushundi-yu, battar gangidi. U Yolqinga unchalik ishonmasa-da, uning bunday qilishini aslo xayoliga keltirmagandi.
— Yolqin chuchvarani xom sinabdi, men bir buyummidimki, istasa sotib, istasa hadya qilsin. O‘zimga tegishligini o‘zim to‘layman, tamom! Mening yo‘limni to‘smanglar...
Ahmadning turqi birdaniga o‘zgarib, dahshatli tus oldi, qo‘lini uzatib, Yulduzning bo‘yniga chang soldi:
— O‘tir, izzatini bilmaydigan rasvo! Bu yerdan chiqib ketishdan oldin egningdagi manovi ko‘ylakni yech! Yo bu qimmatbaho ko‘ylakni Yolqin sovg‘a qildi, deb yuribsanmi? Yech ko‘ylakni, qip-yalang‘och bo‘lib chiqib ket!
Atrofdagilar boshlarini cho‘zib, Yulduzga qaradi, o‘zlaricha nimalardir deb pichirlashdi. Faqat Nigoragina hech narsa bo‘lmagandek, uzun, chiroyli oyoqlarini ko‘z-ko‘z qilib, tamaki tutunini buruqsitgancha ko‘zlarini xumor-xumor suzib o‘tirardi.
Yulduz ularning hech qaysisini ko‘rmadi. Murdadek bo‘zarib, uzoq o‘tirdi. “Tugadi, men ado bo‘ldim, tugadi... Hammasi tugadi”. Uning bo‘ronli sahroga o‘xshab qolgan ko‘ngil ko‘zgusida o‘sha so‘zlargina qoldi.
U bir necha soat ana shu holda unsiz o‘tirdi. So‘ng aroq ichishga boshladi. U katta qadahni lim to‘ldirib ketma-ket ichib, mast bo‘lib qoldi. Orqadan boshini charm yastiqqa qo‘yib, bo‘g‘iq ovozda xirgoyi qila boshladi. Qo‘shig‘i necha bor uzilib, necha bor ulanib, ayanchli yig‘iga aylandi. Yig‘i yana qo‘shiqqa o‘zgardi. Sariq ko‘z uni suyab, ikkinchi qavatga olib chiqib ketayotganda ham hamon o‘sha qo‘shiqni kuylardi.

* * *

Yulduz eshik yonidagi to‘nkaga kelib o‘tirdi. Uning bu yerda o‘tirmaganiga ham ancha vaqtlar bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shnilar unga ro‘yxush bermasdilar, onasi bilan singlisi undan nomus qilar edilar. Ilgarigi do‘stlari undan xuddi vabodan qo‘rqqanday qochadigan bo‘ldilar. “Bu dunyoda yashash naqadar qiyin-a! Hayot bamisoli zahar solingan bir qadah mayga o‘xshaydi, uni endi asta-asta no‘sh etishga majburman. Bunday hayotdan o‘lim afzal, tuproqqa aylangan ming bora afzal! Qachongacha o‘sha ko‘rgilik, tutib bo‘lmaydigan, hech qachon amalga oshmaydigan behuda umid-orzu bilan o‘zini aldab yuradi?
Yulduz o‘rnidan turdi. Uyi tarafga bir-ikki qarab qo‘ydi-da, jur’atsiz katta ko‘cha sari odimladi. Qadamlari borgan sari tezlashardi. U olisdan daryoning shovullagan sadosini eshitdi. Hozir daryo suvining jo‘shgan payti. Buning ustiga bu kechada uni hech kim ko‘rmaydi. Quyuq tolzor, qalin dov-daraxtlar yashirib turadi. Qirg‘oqning kichkina bir yeri o‘pirilib, shalop etadi-da, hammasi tamom bo‘ladi. Yuragini bosib olmoqchi bo‘lib asta qirg‘oq bo‘ylab yo‘l oldi. Katta ko‘prikka yaqinlashgani sayin daryo oqshom qorong‘uligida yanada haybatliroq ko‘rinar edi...
Yulduz ko‘prikning beton ustuniga suyanib, biroz turdi. O‘n besh kunlik oy suzib borar, atrofida yulduzlar charaqlardi. Pastda daryo sharqirar, suv g‘azab bilan qirg‘oqqa urilib, ajdahodek to‘lg‘anardi. Hatto mustahkam ko‘prikni ham zir titratardi.
U xuddi do‘stlari bilan qo‘l tutishib sayr qilib yurgan vaqtlaridagidek asta odimlay boshladi. Shamol uning sochlarini uchirib o‘ynar, ko‘ylagining etagini soyabondek shishirar, vujudini salqin, rohatbaxsh qanotlari bilan silab o‘tganday bo‘lardi. Hayotning bunday damlari naqadar go‘zal. Afsuski, u endi bunday go‘zal daqiqalardan bahramand bo‘lolmaydi. 
U old tarafda birovning korasini ko‘rib, yurishdan to‘xtadi. Bu dunyodagi dardmand odam yolg‘iz ugina emaskan. U bir er kishiga o‘xshardi. Ko‘ringan odam ko‘prik panjarasiga osildi, sharqirab oqayotgan daryo suviga tikilib qoldi. Uning avzoida chuqur dard-alam aks etib turganday edi. So‘ng u qaddini rostlab orqasidan daryoga engashdi. Boshi, yelkasi ko‘rinmay qoldi, oyog‘i yerdan ko‘tarildi...
— Hoy, unday qilmang! To‘xtang, sizga aytadigan gapim bor, to‘xtang!
Yulduz uning yoniga qanday yugurib borganini, qanday qilib uning qo‘liga mahkam osilib olganini bilmaydi. Bamisoli bir kunlik yo‘ldan yugurib kelgandek hansirardi:
— Har qancha... har qancha ish bo‘lsa ham...
U odam ortiga burildi. Uning yuzi xotirjam edi. Yulduzga tikilgan ko‘zlaridan gangish, taajjub alomati bor edi. Oz o‘tib, bu gangirash kulimsirashga aylandi, ko‘zlarida sho‘x, o‘tkir uchqunlar chaqnab ketdi.
— Ha... Men hali sizni... Sizni daryoga o‘zini otmoqchiga o‘xshaydi, deb o‘ylabman... Uf, xudoga shukur. — Yulduz qo‘lini hanuzgacha duk-duk qilib turgan yuragi ustiga qo‘yib, chuqur tin oldi. Murdadek ifodasiz yuzida bilinar-bilinmas tabassum jilva qildi.
— Xotirjam bo‘ling, men nobud bo‘lishni istaganimda ham hargiz o‘zimni suvga tashlamayman, chunki men yaxshi suzaman. — Haligi odam Yulduzga qarab kulimsiradi.
U yigirma uch-yigirma to‘rt yoshlar chamasidagi quyuq qoshli, bug‘doyrang, istarasi issiqqina yigit edi. U Yulduzga tanishdek tuyulardi. Ammo uni qayerda ko‘rganini sira eslayolmadi. Yigit ham Yulduzga shunday sinchiklab qarab turardi. Yergacha tegib turadigan modali ko‘ylak kiygan, yuziga quyuq pardoz qilgan sochlari to‘zg‘in, ozg‘in bu qizni qayerda ko‘rgan ekanman, deb hayron edi.
— Voy, siz haligi... esingizdami? Siz uchinchi sonli o‘rta maktabda o‘qirdingiz... deyarli har kuni uchrashib turardik?..
Yigitning ko‘zlarida ham hayronlik, ham xursandlik aks etdi. U hayajondan duduqlanib qoldi. Uning o‘sha-o‘sha chaqnab turgan ko‘zlari Yulduzning yodiga juda olisda qolgan pok va go‘zal xotiralarni keltirdi.
— Ha, rost... Siz ekansiz-da? Siz... birinchi sonli o‘rta maktabda o‘qirdingiz, chog‘i?.. Doimo o‘zingizga kattaroq keladigan jigarrang kostyum kiyib yurardingiz... Sizning bir botinkangiz ham bor edi, ko‘chaning narigi yog‘idan qorangiz ko‘rinmay turib g‘arch-g‘urch ovozi eshitilardi...
— O‘sha ovozni yo‘qotaman deb qayerda botqoq, qayerda suv bo‘lsa kechib yurardim, ammo poyabzalim qurigan zahoti yana baqirishga tushardi. 
Yigit qah-qah urib kuldi. Yulduz ham jilmayib qo‘ydi.
Shunaqa, ular har kuni necha marta uchrashar edilar-u, biroq biron marta hamsuhbat bo‘lishmagandi. Yulduz uning ismi Anvar ekanini, birinchi sonli o‘rta maktabning yuqori sinfida o‘qishini bilardi. Anvar ham, ehtimol, uni surishtirib ko‘rgandir... Ular ilgari bir-biri bilan gaplashmay, shunchaki ko‘z urishtirib qo‘yishardi, xolos.
Yulduzning uyi birinchi sonli o‘rta maktabga yaqin edi-yu, lekin o‘zi uchinchi sonli o‘rta maktabda o‘qirdi. Anvarning uyi ham uchinchi sonli o‘rta maktabga yaqin edi-yu, birinchi sonli o‘rta maktabdi o‘qirdi. Oxiri bir kuni Yulduz ota-onasining roziligi bilan birinchi sonli maktabga o‘tib oldi. Ich-ichidan u qattiq xursand edi. Lekin o‘qishning birinchi kuni maktabning ilmiy mudiri unga:
— Kecha bizning maktabdan bir o‘quvchi o‘qishini uchinchi sonli o‘rta maktabga ko‘chirib ketdi, bugun uning o‘rniga siz keldingiz, uning ismi Anvar, a’lochi o‘quvchi edi, — deganda, uning ko‘nglidagi xursandchilik bir zumda g‘oyib bo‘ldi, maktab ham endi ko‘ziga befayz ko‘rinib ketdi.
Shundan keyin ular boshqa uchrashishmadi. Biroq, u doimo kelgusida baxtli oila qurish to‘g‘risida o‘zicha shirin xayollarga cho‘mganda, o‘ziga keng-mo‘l keladigan jigarrang kostyum kiyib olgan o‘sha soxt-sumbatli yigitcha bot-bot ko‘z oldida gavdalanar edi.
— Bunday kechada bunaqa ovloq yerlarda qo‘rqmay, yolg‘iz qanday yuribsiz? 
Anvarning ko‘z oldini tuman bosgandek bo‘ldi, ovozida shubha paydo bo‘ldi.
— Qanday bo‘lardi, juda oddiy. Bugun bu yerni siz egallab olmagan bo‘lsangiz... Men, ehtimol...
Negadir Yulduz ko‘nglidagi hamma gaplarni unga to‘kkisi, dardlashgisi keldi. U Anvarga qaramay, so‘zini davom ettirdi:
— Biroq, mumkin bo‘lmadi. Taqdir bugun bu yerda ikkovimizni uchrashtirdi. Men sizni o‘zini suvga tashlab yuborarmikin deb qo‘rqqan o‘sha daqiqalarda hayotdan osonlikcha voz kechib bo‘lmaslikka ham ko‘zim yetdi. Men sizga: “To‘xtang, hayot insonga ikki marta nasib qilmaydi, o‘lim oson ish, unga qachon bo‘lsa-da ulgurasiz, demoqchiydim...” Qiziq ish, sizni qutqarmoqchiydim, aslida esa siz meni qutqardingiz.
— Shu so‘zlaringiz rostmi? Nahotki shunday bo‘lsa, men o‘zimdan g‘oyatda xursandman. Ammo... ammo, ayting-chi, aslida nima uchun bunday mash’um ishga qo‘l urmoqchi bo‘ldingiz?
— Bo‘ldi, siz so‘ramang, men aytmay qo‘ya qolay...
— Yo‘q, gapni boshladingizmi, endi uni oxirigi yetkazing-da? Sizdek bir qizni hayotdan bezdirgudek qanday ishlar o‘tdi ekan?
— Siz meni tushunmaysiz.. tushunishingiz ham mumkin emas, chunki siz bizga o‘xshamaysiz. Biroq... Ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring, yo‘ldan chiqqan, aroqni suvdek ichadigan, giyohvandlikka ruju qilgan bunday qizning nimasini eshitasiz?... Men kelajagini o‘z qo‘li bilan barbod qilgan bir baxti qaro qizman... Bunday qizning bu dunyoda yashashga haqqi bo‘lishi mumkinmi?
— Bilasizmi, Yulduzxon, hamma narsa insonning o‘z qo‘lida.... Xatoni tuzataman deb qat’iy bel bog‘lagan inson, albatta, bunga erishadi. Qolaversa, yolg‘iz emassiz, ancha yoshlarga borib qolgan va bor umidini ikki qizga tikib, sizlarga suyanib qolgan, sizlar bilan ovunadigan onangiz bor. Ularga achinmaysizmi? Ularga jabr qilgan bo‘lmaysizmi? Yashashingiz, kerak. Hali juda yoshsiz, yosh hayotingizni barbod qilishga haqqingiz yo‘q, uni yaxshi tomonga o‘zgartirishingiz kerak!.. — Inimning uydan chiqib ketganiga ikki oy bo‘ldi. O‘zidan katta bolalarga qo‘shilib qolib, oting qurg‘urni chekishni o‘rganib olibdi. Keyinchalik uydan uni-buni olib chiqib ketadigan bo‘lib qoldi, keyinroq bilsak, hammasini sotib, puliga o‘sha “oq ajal”ni olib chekarkan. Qilmagan yo‘limiz, ko‘rmagan choramiz qolmadi... Oxiri bir qochib ketgancha badar ketdi. Eshitsak, ko‘chada o‘g‘irlik qilarkan, topgan puliga o‘shani olib chekarkan... Yaqinda bilishimcha, bir necha gumashtasi bilan ichkari o‘lkalarga safar qilmoqchi bo‘layotganmish, uchratib qolsam ajab emas, deb bu yerlardan qidirib yurgandim. Binoyidek o‘qib yurgan edi-ya. Endi o‘n uchga kirgandi...
Kechada esgan muzdek izg‘irin Yulduzning suyak-suyagidan o‘tib borardi. U junjikdi, tomog‘iga allanarsa tiqilganday bo‘lib, xo‘rligi keldi.
Anvar so‘zida davom etdi:
— Sizlarda nima gunoh? Bildirmay-sezdirmay chektirib qo‘yishadi. Boshida o‘yindek, qiziqchilikdek ko‘rinadi. Keyin o‘zlaringdan ketib, haddan oshasizlar... Bunday og‘uni sotadiganlarni, boshqalarga chekishni o‘rgatadiganlarni qattiq jazolash, ularga qilcha rahm-shafqat qilmaslik kerak edi. Chunki bunday kasofatga uchrayotganlar oz emas, u qabohat sari qanot yozgan butun bir avlodni zaharlab bo‘ldi...
Yulduzning ko‘z oldida qahvaxonaga qandaydir shubhali yo‘llar bilan topgan pullariga Ahmaddan “oq ajal”ni sotib olib chekadigan yosh-yosh o‘g‘il bolalar tez-tez kelib turishadi. Kim biladi, deysiz, balki ana shularning ichida Anvarning inisi ham bo‘lgandir.
Ular qisqa yoz oqshomining qanday tez o‘tib ketayotganini sezmay ham qolishdi, bu paytda osmonning sharqiy qismi Qosh toshidek1 suzilishga boshlagandi. Lekin ufqning orqasida yuz berayotgan ulug‘ bir harakatning sharpasi sifatida osmonni, daryo yuzini shafaq alvon rangiga burkagandi. Xiyol o‘tmay quyosh ulug‘vorlik bilan asta bosh ko‘tarib chiqa boshladi. Hademay ularning ko‘z oldida suratdek go‘zal manzara namoyon bo‘ldi. Egri-bugri bo‘lib olislarga cho‘zilgan daryo suvi go‘yo oltindan hal berilgandek jilvalanardi. Uning har ikki qirg‘og‘idagi quyosh nuri o‘ynab turgan tolzorda qushlar sayrar, ko‘z yetmas butazorlarda yovvoyi gullar har qachongidan ham ko‘proq ochilib yotardi.

* * *

Ulug‘larning og‘zidan ko‘p eshitgan “do‘zax” degan narsa mana shuning o‘zimikin? U qilgan gunohlari uchun tiriklayin do‘zax azobini tortayotganmikin? O‘sha kuni Anvar uni daryo bo‘yidan uyiga olib kelib qo‘ygandan buyon oradan o‘n besh kun o‘tdi. Yulduz o‘shandan buyon og‘ziga suvdan boshqa hech narsa olgani yo‘q. Vujudi chidab bo‘lmas og‘riqdan qaqshar, giyohvandlikka xumori a’zoi badanini po‘lat omburdek qisar, o‘zini u burchakdan-bu burchakka otar, o‘mbaloq oshib dumalar edi. U og‘riq azobiga dosh berolmay qo‘liga ilingan narsa — yostiqmi, karavot yog‘ochimi — ayamay g‘ajirdi. Shunda to‘satdan yodiga bir narsa kelgandek, qotil qo‘lidek titroq qo‘llari bilan tokchalarni, dori qutilarini axtara ketdi. Bir-ikki dona og‘riq qoldiradigan dori topib olsa, ko‘zlari ruhiy xastalarning ko‘zlaridek yarqirab ketardi. Bu dorilar uning xumorini biroz bosgandek bo‘lardi-yu, ammo ko‘p o‘tmay og‘riq battar kuchayar, yana o‘mbaloq osha boshlardi. Goh quyosh uning boshi ustida yonayotgandek, uni kuydirib kul qilib yuboradigandek bo‘lsa, goh tomirlaridan muzdek suv oqayotgandek, vujudi qotib qolgandek his etar, so‘ngaklari va mushaklari ayovsiz chatnar edi. Yuzlari burushib, gavdasi bukchaygancha dahshat ichida o‘zini eshikka otib: “Sadag‘angiz ketay sizlardan, meni o‘ldirib qo‘ya qolinglar, bo‘g‘izlab tashlanglar!” — deb qichqirardi.
Onasi bilan singlisi qulflog‘ eshikning tirqishidan qarab yum-yum yig‘lashardi. Bunday paytlarda onaning bardoshi chidamay, nima bo‘lsang bo‘l, deya eshikni ochib yuborgisi ham kelardi. Ammo yana tishini tishiga qo‘yib, ko‘zini yumardi-da, nari ketardi. Qo‘ni-qo‘shnilar og‘zidan, giyohvandlikka berilgan odam oxiri bir teri, bir so‘ngakka aylanib jon taslim qilarkan, uning o‘ligi so‘ngagidan yanada a’loroq chekimlik ishlasa bo‘larkan, degan mish-mishlarni eshitish mumkin. Shuning uchun falonchining go‘rini ochib, murdani o‘g‘irlab ketishibdi, degan gaplar yurardi. Gulsumxon aya bunday gap-so‘zlarni eshitganida bir seskanib tushardi. Besh vaqt nomozida: “Mana shunday baloni tarqatib yurgan nojinslar Ollohning qahriga duchor bo‘lsin”, deb qarg‘ardi. Bunday chog‘larda uning ko‘z oldiga Yulduzning alvastidek kiyinib yuradigan bir dugonasi kelardi. O‘sha “alvasti” ularning eshigiga qadam qo‘ygan kundan tortib bu xonadonning xotirjamligi buzilgan edi. Tunov kuni u yana keldi. Gulsumxon ayaning gaplariga parvo qilmay, u to‘g‘ri Yulduzning yoniga kirmoqchi bo‘ldi. Biroq Gulsumxon aya yugurib borib, ikki qo‘lini kergancha uning yo‘lini to‘sdi:
— Yana nimaga kelding, falokat?! Uyimni xonavayron qilib, hali ham ko‘ngling to‘lmadimi? Tag‘in nima qilmoqchisan, juvonmarg? Qizimga yaqinlashadigan bo‘lsang, seni go‘rga tiqmay qo‘ymayman. Qiyomatda ham qo‘lim sening yoqangda bo‘ladi, jodugar, — dedi.
 Biroq, haligi ayol ham Gulsumxon ayadan baland kelib baqira ketdi:
— E-e, menga o‘shqirma, qari yalmog‘iz! Hali qizing oppog‘u biz qop-qora bo‘lib qoldikmi? Agar bilsang, bu ishda qizingning o‘zi menga yopishib olgandi. Odamgarchilik qilib aralashdik, egniga kiyim-kechak, xarj uchun pul berdik. Bilmasang, bilib qo‘y, qizing bizdan qulog‘igacha qarzdor, bu qarzni to‘lamay, bizdan qutulolmaydi!
Shu kuni qo‘shnilar kelib aralashmaganda, uni urishib haydab yuborishmaganda, kim biladi, oxiri nima bilan tugardi.
Dunyoda haliyam yaxshi odamlar ko‘p ekan. Adog‘i yo‘qdek bilingan qo‘rqinchli yaldo tunlarida Yulduzni daryo bo‘yidan olib kelib qo‘ygan Anvar ismli yigit ularni deyarli har kuni yo‘qlab turdi. Ularga juda ko‘p yordam qildi. Gulsumxon aya Yulduzni Anvardek biror yigitga turmushga uzatganda edi, bu dunyoda armoni qolmagan bo‘lardi, rahmatli umr yo‘ldoshi ham go‘rida tinch yotardi. Biroq, bu uning ushalmas orzusi edi, xolos.
 Yulduzning dadasi umrini haydovchilik bilan o‘tkazgan, kuy-qo‘shiqlar desa jonini beradigan shinavanda, ko‘ngli yumshoq, bolam-chaqam deydigan dilkash, xushfe’l bir odam edi. U o‘zi o‘qiyolmaganidan juda afsuslanardi va bor umidi qizlaridan edi. Uning kiyim- kechagidan, katta, jundor qo‘llaridan doimo benzin hidi anqib turardi. Yulduz o‘sha hidni tuyib, dadasining kelgan-kelmaganini osongina bilib olardi. U uydagi vaqtlarida qizlarining daftarlarini birma-bir varaqlab ko‘rardi. Qizlarining o‘quv topshiriqlarni bajarishlariga soatlab erinmay ko‘maklashardi. Ba’zi kechalarda ko‘hna dutorini qo‘liga olib, qo‘shiq kuylashga tushib ketardi. Ovozi biroz yo‘g‘on, ammo yoqimli chiqardi. Ili1 qo‘shiqlarinigina emas, Kucho, Qashqar shevalaridagi qo‘shiqlardan, radiodan eshittiriladigan navolardan ham nihoyatda ko‘p bilardi, “Maqom” qo‘shiqlarini ayniqsa maromiga yetkazib kuylardi. Qo‘shiqni alohida ixlos bilan ijro etardi. Kuylab-kuylab ba’zida yig‘lab ham yuborardi. Qizlari uning dutor bilan aytadigan tuganmas, mungli qo‘shiqlari ichida ulg‘aydilar. O‘sha qo‘shiqlar ularning qon-qoniga, vujud-vujudiga singib ketgandi. Yulduz kichkinalik vaqtidanoq dadasiga taqlidan dutor chalib, haqiqiy san’atkorlardan qolishmay qo‘shiq aytolardi. Ajoyib raqslarga ham tushardi. Haydovchi ustoz dutor chalib, ikki qizini o‘yinga tushirib, o‘zini podshohdek his etib o‘tirardi, qizlariga qarab uning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilardi. Qisqasi, ota-ona bir-biridan chiroyli, bir-biridan aqlli ikkala qizlaridan faxrlanishar, ko‘ngillarida ne-ne shirin orzular tug‘ilardi.
Baxtga qarshi, bundan to‘rt yil ilgari qizlar mehribon otalaridan, Gulsumxon aya esa vafodor umr yo‘ldoshidan judo bo‘ldi. O‘shanda do‘xtirlar otalari miyaga qon quyilishdan olamdan o‘tganligi to‘g‘risida tashxis qo‘ygan edilar. Sog‘lig‘i yomonlashib qolgan Gulsumxon aya ham ko‘p o‘tmay ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qolgan edi o‘shanda. Barcha ro‘zg‘or ishlari Yulduzning zimmasiga tushgandi. Bu uning endigina bilim yurtiga o‘qishga kirgan kezlariga to‘g‘ri kelardi.
Yulduzning ana shundan keyin taqdir, peshona degan so‘zning tagiga yetib bo‘lmaydigan sirli narsa ekanligini, uni o‘zgartirib, o‘z irodasiga bo‘ysundirib bo‘lmasligini tushundi. U aslida baxtli, betashvish edi. Davomli shunday yashash, bilim yurtida o‘qib, otasi orzu qilgandek odam bo‘lishi mumkin edi. Taqdiri ilohiy ulkan shahardan, mana shunday ko‘p kishilar orasidan uning otasini yulib ketdi, onasini surunkali xastalikka duchor etdi. Bular hammasi bir bo‘lib, Yulduzning taqdirini ostin-ustin qilib tashladi. Kasalxonada u bir ayol rejissyor bilan tanishib qoldi. Urumchidan kino olgani kelgan bu ayol Yulduzni bir ko‘rgandayoq go‘yo noyob narsa topib olgandek, xursand bo‘lib ketdi, uni suhbatga chorladi. Qo‘shiq ayttirdi, raqsga tushirdi. Kasalxonadan chiqib ketadigan chog‘da bir parcha qog‘ozga o‘zining manzilini yozib berib, albatta borishini tayinladi. Oliygohga o‘tolmay umidsizlik ichida qolgan, himoyasiz-suyanchiqsiz bir qiz bola uchun bundan ortiq hursandchilik bo‘larmidi. U onasining tezroq tuzalib ketishini sabrsizlik bilan kutdi. Oxiri kutilgan kunga ham yetishdi, rejissyor ayol bilan ham ko‘rishdi. O‘sha ayol tasmaga olgan kinoda bir xonanda qizning rolini muvaffaqiyatli olib chiqdi. Bu kinoda qo‘shiqchi qizning roli uncha muhim emas edi. Shunday bo‘lsa-da, u bu rolni butun vujudi bilan berilib, haqiqiy san’atkordek ijro etgandi.
Rejissyor ayol undan juda mamnun bo‘ldi. Hatto kinoni olib bo‘lgandan keyin Urumchiga olib ketmoqchi ham bo‘ldi. Yulduz uning gapining mazmunidan yana bir ikki rolni muvaffaqiyatli o‘ynasang, yaxshi artist bo‘lolasan, degan ma’noni angladi. Biroq, yana bir erkak rejissyor ham bor edi. Uning yotog‘i doim kino artisti bo‘lishga havas qiladigan go‘zal qizlar bilan to‘lib turardi. Ular bir-biridan go‘zal, bir-biridan chechan, ham erkin edilar. Ularning hammasi Yulduz uchun xatarli raqibday ko‘rinardi. Bir kuni u o‘sha erkak rejissyorning chiroyli bir qiz bilan ishxonadayoq juftlashib turganini ko‘rib qoldi. Shunday qilib, Urumchiga Yulduz emas, boyagi qiz ketdi. Lekin o‘sha yoz fasli uning hayotida unutilmas xotira bo‘lib qoldi. Rolda o‘ynayotgan paytda, vijillab turadigan suratga olish apparatining oldida paydo bo‘ladigan bir xil yuksak hissiyot, bir xil iftixorlik, jiddiylik, yurakning dupurlab urishlari, bir-biridan kelishgan, sho‘x, madaniyatli qiz-yigitlar, kino artistlar orasida yashash, ular bilan chaqchaqlashish, kulishish, birga ovqatlanish, kuyib-pishib mashq qilish, rejissyorning sirli ovozda buyruq berishlari, atrofida baqirib-chaqirib yugurib yurishlari, kishilarning havaslanib, qiziq qarashlari... bularning hammasi kinodagi zavqli sarguzashtga o‘xshab ketardi, bu ko‘rinishlar sira Yulduzning ko‘z oldidan ketmasdi, u o‘sha ajoyib hayotni chin dilidan yaxshi ko‘rib qolgandi. Boshqa har qanday ish, boshqacha hayot unga ma’nosiz hamda ahamiyatsizday tuyulardi. U uyini jurnallardan qirqib olingan kino yulduzlarining suratlari bilan to‘ldirib tashladi. Kiyim-kechaklarini ham o‘zining zerikarli ichki hayotini bezamoqchi, o‘zgartirmoqchi bo‘lardi, ammo onasining ko‘nglida boshqa o‘ylar bor edi. Qiziga o‘zining tikuvchilik hunarini o‘rgatishni istardi. “Har qanday vaqtda ham yurishadigan pokiza xunar, o‘rganib qo‘ysang xor bo‘lmaysan, birovning qo‘liga qarab qolmaysan”, deb qulog‘iga quygani-quygan edi. Yulduz ham uy ishlaridan qo‘li bo‘shashi bilan onasining yonida kino qo‘shiqlariga ergashib xirgoyi qilar, o‘tirib, qo‘l ishlarini qilishib berardi, hushi kelib qolsa fasoni oddiyroq kuylakdan bitta-yarimtani tikib ham qo‘yardi, biroq ertasiga bu ishdan bezor bo‘lardi. Xayoli kino artisti bo‘lib o‘tgan bir necha oylik hayotiga, Urumchiga, mashhur kino yulduzlarining huzuriga ketardi. Tikuv mashinasining oldida bukchayib o‘tirgan xasta onasiga, g‘aribona kulbasiga qarab ichi siqilar, ezilar, qalbi pora-pora bo‘lardi. Shiftga qarab, uxlolmay yotgan kechalarda tez-tez xayoliga: o‘sha qizning o‘rnida Urumchiga ketishim mumkin edi, degan o‘y kelardi. Buni aytmasa ham o‘sha erkak rejissyor dastlabki vaqtlarda Yulduzga har tomonlama yondashib, ilintirishga urinib ko‘rgan, necha bor yotoqxonasiga taklif qilgandi. Uning beso‘naqay tishlari, zo‘rma-zo‘r o‘stirib olgan siyrak, ammo yirik soqol-mo‘ylari qizning nafratini qo‘zg‘ardi. Ammo haligi qiz undan jirkanmadi. O‘zi shahardagi nufuzli oilaning qizi edi, bo‘lmasam. Yana hali ko‘pgina qizlar uning nazariga tusholmay armonda qolishardi. O‘shalarni ko‘z oldiga keltirganda Yulduzning yuragi achishgandek bo‘lardi. Bu nima, hasadmi yoki achinishmi? Qalbidagi murakkab hissiyotlarni u o‘zi ham tushunolmay qolardi. Ana shunday diqqinafaslikda yurgan kunlarning birida uni Nigora qidirib keldi. “Mashhur kino yulduzi mana shunday qoloq bir mahallada, pana-pastqamda eski-tuskilarga chirmalib yursa qandoq bo‘larkin? Undan ko‘ra, yuring, men sizning diydoringizni bir ko‘rishga tashna bo‘lib yurgan kino darg‘alariga ko‘rsatib kelay”, deb uni kinoga, bozorga olib bordi. Uning do‘stlarining had-hisobi yo‘q edi. Har qadamda biri uchrashib turardi. Nigora ularning hammasiga Yulduzni ko‘rsatib, ko‘zlarini xumorlashtirib turib, “ko‘rib qo‘yinglar, ismi-jismiga monand, haqiqiy kino yulduzi shu qiz bo‘ladi, — derdi. — Yaqinda Urumchiga — Tangritog‘ kino studiyasiga boradi!” — deya barmoqlarini qarsillatib gapirardi. Ular Yulduzga havas hamda iymanish bilan qarashardi. Ulardan biri Yulduzning kiyimlariga jirkangandek qarab: “Shular ham kiyim bo‘ptimi, kiyim degan narsa menda tiqilib yotibdi, kerak bo‘lsa men berib turaman”, dedi. U Yulduzni obdon yasantirib qahvaxonaga olib bordi, devorlari butunlay oynavand zal, porillab turgan haybatli chiroqlar, alohida joylashtirilgan hashamatli o‘rindiqlar, uzun-uzun ryumkalarda nimalarnidir ichishayotgan bashang yigit-qizlar, larzon chalinayotgan musiqa... Bu ko‘rinish unga juda sirli va qiziqarli tuyuldi. Kino artistlarining taqlid qiladiganlari mana shu turmush emasmi? Bu yerdagilar hech kimga taqlid qilmaydilar, balki o‘shanday yashaydilar. Xaridorlar bu yerdagi qizlarni hurmatlab “xonim” deb atashadi, cho‘ntaklaridan pullarni changallab chiqarib, bir ryumkasi yuz yuvanlik aroqlarni — Yulduz umrida ko‘rish u yoqda tursin, hatto eshitmagan ichimliklarni ichishadi, qizlarga qimmat baho sovg‘alar taqdim qilishadi. Bunday turmush faqat kinolardagina ko‘rsatiladi. Yulduz: “Ular pulni qayerdan topishadi?” deb so‘raganda, Nigora shuni ham bilmaysizmi, degandek qo‘llarini suzgancha tushuntira ketdi: “Bu yerga tashrif buyuradiganlarning talay qismi ishchi bolalar, ularning yurgan qizlari yoki... oshnalaridir. Butun shahardagi eng katta boy savdogarlar ham shu yerga kelishadi. Ular uchun yuz yuvan sariqchaqaday gap. Qisqasi, jahonda ish ko‘p, o‘sha katalakdek keladigan uyingizdan chiqmay o‘tirsangiz, hamma narsadan quruq qolasiz”.
Yulduz o‘zi yolg‘iz o‘tirgan, ko‘rinishidan kino artistlariga o‘xshash bir yigitning ular tomonga tez-tez ko‘z tashlayotganini sezib qoldi. Bu holni Nigora ham sezgan bo‘lishi kerak, engashib turib: “Anovi yigitnning ismi Yolqin, o‘zi savdogar. Akasi Avtraliyadagi eng katta boy. Pul deganni ular yerdan supurib olishadi deyavering...” deb pichirladi. Yolqin ularning oldiga keldi. Nigora ularni tanishtirdi. Yigit g‘oyat bashang kiyingan, odobli, muloyim ko‘rinardi. U, Yulduzning kinoda rol o‘ynashidagi iste’dodini maqtadi. “Esiz, bizda talantning qadri yo‘q-da, chet ellarda bo‘lganingizda birdaniga jahonga tanilardingiz, millioner bo‘lib ketardingiz, ming afsus”, deb hamdardlik bildirdi. Xorij, Xitoy kino yulduzlari to‘g‘risida so‘z ochib, o‘zining bu sohadan ham xabardor ekanligini bildirdi. Qisqasi, ularning gapi bir yerdan chiqib qoldi. Ikkovlon qizg‘in suhbatga tushib ketib, Nigoraning allaqachon g‘oyib bo‘lib ketganini, vaqtning ham alamahal bo‘lganini sezmay qolishdi. Kechqurun u Yulduzni uyigacha kuzatib qo‘ydi.
Shundan keyin har kuni uchrashadigan, qahvaxonada soatlab o‘tiradigan bo‘lishdi. U har gapida Avstraliyada ko‘rganlarini, Melburn, Sidney, Kanberra degan katta shaharlardagi qovoqxona, kechki bazmxonalarni og‘zidan tushirmasdi. Avstraliyada hamma qizlar ichishadi, hatto ota-onalari bilan ham qadah urishtirishadi. Bu yerning yovvoyi, madaniyatsiz qizlaridek qiyshanglamaydilar. Bunday dilxushlikni madaniyatning, taraqqiyotning bir belgisi derdi va Yulduzni ham ichishga da’vat qilardi. Yulduz uning o‘zini ham madaniyatsiz deb qolishidan andisha qilib, oz-ozdan ho‘plab qo‘yardi. Yolqin uning ho‘plab qo‘yishini ko‘rib, hammasini ichib yuborishga qistardi. Bir kuni u cho‘ntagidan kichkina duxoba qoplamali quticha chiqardi-da, undagi oltin uzukni Yulduzning barmog‘iga taqib qo‘ydi. Uning nozik barmoqlarini lablariga bosib turib, ko‘zlariga ma’noli tikilgancha: “Muhabbatimizning nishoni bo‘lib qolsin...” dedi. Bu uzuk Yulduzga go‘yo muhabbatining kafolatidek bo‘ldi. Yana bir kuni u qiziqchilik qilayotgandek cho‘ntagidan yaltiroq qog‘ozga o‘rog‘liq zig‘irdek oppoq narsani chiqardi. Qog‘ozni avaylab turmaklab, ostiga chaqmoq yoqib tutdi-da, qayerdandir paydo qilgan ingichka naycha bilan undan ko‘tarilayotgan ko‘kish isni so‘ra boshladi. Ko‘zlarini suzib, lazzatdan a’zoyi badani bo‘shashib ketayotgan bir alpozda qo‘lidagi naychani Yulduzga ham tutqazdi:
— Bu dunyoda mana shunday lazzatning borligini bilmay o‘lib ketadigan ahmoqlar ham ko‘p, qani, bir so‘rib ko‘ring-chi. Bir so‘rib ko‘ring deyapman...
Yulduz unamadi, Yolqin yana qistadi...
— Amerika bilan Avstraliyada yoshlarning oltmish-etmish foizi mana shunday oqidan chekadilar. Bu narsa yomon bo‘lsa, ular chekmasdi. Bu yerda ham chekadigan yolg‘iz biz deb o‘ylaysizmi? Anovi o‘tirganlarning hammasi bu yerga mana shuni deb kelishadi, hozir qahvaxona, qovoqxona, oshxona... ularning hammasida oqayotgani mana shu. Buni ham puli borlar chekadi, — dedi.
Yulduz ilk marta chekkan vaqtda hech narsaning mazasini tuymadi, qaytanga boshi aylanib, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Biroq, ertasi, indiniga bunday bo‘lmadi. Shunday qilib, u oxiri o‘rganib ketdi. Hatto undan ayrilmaydigan ham bo‘lib qoldi. Qahvaxonaning xilvat burchagidagi tor zinadan ikkinchi qavatga chiqilardi. Bu yerda kichik-kichik, bezatig‘li xonalar bor edi. U kayf bo‘lib qolgan vaqtlarida Yolqin uni suyab ikkinchi qavatga olib chiqardi. Bir kuni Yolqin uning kiyimlarini bitta-bittalab yechdi. U hammasini his qilib, bilib yotardi, qarshilik qilmoqchi, o‘rnidan turib qochib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo qo‘llarini ko‘tarolmadi, hali o‘rnidan turolmaydigan go‘dakdek oyoqlari jonsiz edi. O‘sha kechasi qizlik iffatini, shuningdek, qalbidagi eng muqaddas tuyg‘ularini ham boy bergandi.
Yolqin uning oldida tiz cho‘kib, “Siz mening u dunyoyu bu dunyolik birdan-bir umr yo‘ldoshimsiz” deb qasam ichgan kunning ertasigayoq, Yulduz uning qonuniy xotini, ikki farzandi borligidan xabar topdi. U do‘zax o‘tida yondi, pushaymon qildi, borgan sari tubiga tortib ketayotgan botqoqdan qutulib chiqishga urindi, ammo endi bular foydasiz edi...

* * *

O‘z sepini yoyib, bahor ham kirib keldi.
Yulduz o‘sha dov-daraxtlar, gul-giyohlar bilan barobar yashardi. O‘tgan kunlar, xastalik azobi xuddi mudhish tushdek olislarda qolgan edi. Uning yosh yuragi yana hayotga bo‘lgan muhabbatga yoshlikning shirin tuyg‘ulariga to‘lgandi. U o‘zini dunyoda qaytadan ko‘z ochgandek sezardi. U qaytadan yashashga, boshqacha odam bo‘lishga astoydil bel bog‘lagandi. U onasining, singlisining, Anvarning, yana o‘zi uchun qayg‘urib, diqqatlarini qaratgan ko‘plab kishilarning samimiy umid-istaklarini ham unutmasligi kerak edi. Ayniqsa, bu ishda Anvar uning uchun ozmuncha yo‘l yurmadi, deysizmi. Yulduzning dadasining idorasiga bordi, xotin-qizlar ittifoq qo‘mitalariga bordi, o‘zining juda ko‘p tanish-bilishlariga bordi. Maqsadi Yulduzga tuzukroq bir ish topib berish edi. Hech yerda, hech kim “yo‘q”, “bo‘lmaydi” demadi, barchalari ham nihoyatda samimiylik bilan ko‘ngildan chiqarib, astoydil: “bo‘ladi, o‘ylashib, fikrlashib ko‘raylik”, deyishardi.
Biror haftadan keyin esa televideniyada yangidan tashkil etilgan televizion teatr markaziga san’atkorlar qabul etish to‘g‘risidagi e’lonni ko‘rgan Anvar Yulduzni televideniya studiyasiga ham boshlab bordi. Mashhur kino rejissyorlarga ma’qul bo‘lgan Yulduz, albatta, bu yerdagilarning ham ko‘ngliga to‘g‘ri kelgan edi. Ular uni sinovdan o‘tkazayotib, hayajon ila: “Iste’dodli, tug‘ma san’atkor ekan”, deyishdi. Biroq, u eshikdan chiqib ketayotib, ozg‘in, og‘zi katta bir ayolning uni o‘zi tomon imlab chaqirib, allanimalar deb pichirlayotganini ko‘rib qoldi. U so‘nggi so‘zlarini Yulduzga ham eshittirib turib: “Telestudiya har nima bo‘lganda ham jamiyatning bunday tashlandiq sarqitlarini o‘z dargohiga yig‘masa kerak”, dedi.
Shu kundan boshlab u onasining tikuvchilik hunariga ko‘ngil qo‘yib o‘rgana boshladi. U o‘sha deraza oldida o‘tirib, tikuv mashinasining ovoziga jo‘r qilib g‘ing‘illab qo‘shiq aytar, xayolida esa Anvar edi. Nechundir yaqindan buyon u Yulduzdan o‘zini olib qochayotganday tuyuldi. U so‘nggi bor kelganda, unga mahkama orqali olis o‘lkalardagi ukasini qidirayotganini, ammo natija chiqmayotganini gapirib bergandi. Uning so‘zlaridan qayg‘u-hasrat sezilib turardi. Shu kundarda u qayerdaykin va nima ishlar qilayotganiykin?..
Yulduz deraza yonida o‘tirib, onasi yaqindagina tikib bergan ko‘ylagining etagini bukardi. Deraza ostida Oliya paydo bo‘ldi, u har doimgidek o‘g‘il bolacha kiyingandi. Qo‘lida qimmatbaho sumka, ko‘rinishi esa bir holatda. U Yulduzning onasiga yalingandek bo‘lib:
— Yulduzni ko‘rgim kelgandi, biroz gurunglashay deb kelgandim, — dedi.
Yulduz Oliyani ko‘rib xursand bo‘ldi, u onasi, dugonalari bilan yoyilib gaplasholmasdi, o‘zi bilan ular o‘rtasida tubsiz jar borligi unga ayon edi. Ularning oldida o‘zini past ko‘rish tuyg‘usi uni azoblardi. Oliya esa ularga o‘xshamaydi, ikkovining o‘rtoqliq sarguzashtlari, baxtsizligi va dardu alamlari bir edi. Ularda baland-past degan gaplar yo‘q edi. Ikkovi Yulduzning karavotida o‘tirib, ko‘pdan buyon yig‘ilib qolgan dil so‘zlarini to‘kishib, uzoq vaqtgacha suhbatlashdi.
— Odamlar seni bir yigit topibdi, to‘ylari bo‘lsa kerak deyapti, eshitib xursand bo‘ldim. Biroq, ehtiyot bo‘l, yana qasd qilib qo‘yishmasin, axir sen ularni yaxshi bilasan-ku, — dedi Oliya quyungan ohangda.
— Qaniydi yigitim bo‘lib qolsa, biroq bizga o‘xshaganlarga osonlikcha yigit topilarmidi? — deb chuqur tin oldi Yulduz. Ikkovining nafasi ichiga tushib ketdi. Bu — pok, halol turmushga bo‘lgan ishonchini hali butunlay yo‘qotmagan har qanday qiz uchun, xayolidan kecha-kunduz nari ketmaydigan, ammo doimo o‘ziga tortib turadigan azob-uqubatli bir mavzu edi... Ancha vaqtdan keyin oraga cho‘kkan sukunatni Yulduzning o‘zi buzdi:
— Oliya, dugonajon, sen ham avvalroq o‘z yo‘lingni topib olsang yaxshi bo‘lardi, biz hali yosh ekanmiz, umrimizni bunday besamar o‘tkazishga haqqimiz bo‘lmasligi kerak. Yoshi kattaroq bo‘lsa ham, cho‘loq-po‘loq bo‘lsa ham birortasini topib, turmush qursak, bola-chaqali bo‘lib ketsak, kishilar ham bizning o‘tmishimizni unutisharmidi deyman. “Bilmayin bosdim tikonni, tortadurman jabrini”, degani mana shu bo‘ladi. Agar o‘zimiz istamaganda bu kunlarga qolarmidik. “Sochi uzun, aqli kalta” degan gap ham haq ekan, aslini olganda dunyoda unutilmaydigan nima o‘zi?
— Gaping bir hisobdan to‘g‘riku-ya, men ham shunday o‘ylayman. Ammo, mening sharoitim senikiga o‘xshamaydi, o‘gay otam yaqinda qamoqxonadan chiqadiganga o‘xshaydi, agar u chiqqudek bo‘lsa, men u uyda ortiq turolmayman, qolaversa, boradigan biron ishonchli joyim ham yo‘q...
— Unday bo‘lsa, biznikiga qaytib kel, ikkovimiz oyimdan kiyim tikishni o‘rganib, bir do‘kon ocharmiz...
— Aytishga oson, lekin... Hay, ko‘rarmiz, hozircha bu gapni qilmay turaylik, sening shu gapingga ham rahmat, dugonajon. Mendan tashvishlanma, juda bo‘lmasa Urumchidagi tog‘amnikiga ketib qutularman...
Oliya oldiga tushib turgan o‘rim sochining uchidan tutamlab, manglayidagi moshdek chandig‘ini silab qo‘ydi.
Yulduz o‘zining ham dardi ortib turganiga qaramay, dugonasiga achinardi. Uning mo‘ltirab turgan bir juft beg‘ubor ohu ko‘zlariga qarab unga chindan ham kuyunardi...
Oliya ketadigan chog‘da unga ko‘cha-ko‘yga ko‘p chiqmaslikni, o‘ziga puxta va ogoh bo‘lib turishni qayta-qayta tayinladi. Yulduz dugonasini kuzatib qo‘yib, yana o‘z ishiga o‘tirdi. Uning qo‘li ishda esa-da, bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlardan so‘ng xayoli yopirilib kelayotgan turli-tuman o‘ylar bilan butkul band edi. Yuragi achishgan holda dugonasining baxtsiz kechmishlarini esladi.
Baxtiyor onlarda, tinch, osoyishta turmush qo‘ynida ulg‘aygan talay odamlar turmushning yana bir tomonini, uning egri-bugri, mashaqqatli, so‘qmoqli yo‘llari ham borligini ko‘z oldiga keltirolmaydi. Oliya hali go‘daklik vaqtlaridayoq otasidan, keyin esa onasidan ayrildi. O‘n uch yoshga kirganda o‘gay otasining zulmiga uchradi. Uning peshonasidagi chandiq ana shu paytlardagi tengsiz olishuvlardan birining nishonasi edi. O‘n sakkizga kirguncha qirq yoshli ayoldan ham ko‘proq ishlarni boshidan kechirdi. Qahvaxonadagilarning hammasi uning bunday kechmishlaridan to‘liq xabardor edi. Shuning uchun uni ko‘zlariga ilishmas, anoyi deb qarashardi, Yulduz esa unga achinar, rahmi kelardi. O‘z navbatida Oliya ham ko‘nglidagi sirlarini yolg‘iz Yulduzgagina ochardi. Ikki jafokashning baxtsiz taqdirlari ularni yanada yaqin, ajralmas, samimiy, sirdosh dugonalarga aylantirgandi.

* * *

Oliyaning: “Seni bir yigit topibdi, to‘y qilarmish deyishayapti” degan so‘zi Yulduzning ruhiy dunyosini dolg‘alantirib yubordi, uni shirin tuyg‘ularga cho‘mdirdi. To‘g‘ri, u anchadan buyon Anvarga ko‘ngil qo‘yib yurardi (Anvardek yigitga har qanday qiz ham ko‘ngil qo‘yishi mumkin), shunday bir odamning pok hamda muqaddas muhabbat qasriga oyoq bosib kirishga qanday haddi sig‘sin! U faqat juft-juft bo‘lib, qo‘ltiqlashib o‘sha qasrga kirib ketayotganlarga havas qilib, o‘zi esa uning atrofida devonadek aylanib yura olishi mumkin, xolos. Biroq... “u meni aqalli zarracha yaxshi ko‘rarmikin...” degan bir savol uning xayolidan ketmasdi. Daryo bo‘yida uni uchratgan kundan boshlab qalbidagi o‘lim istagi allaqayoqlarga g‘oyib bo‘lgandi o‘shanda. U xuddi yo‘ldan adashgan chorasiz bir bechora edi. Qo‘llarini ishonchli holda Anvarga uzatdi. U, qizning qo‘llaridan tutib quyosh nuriga cho‘mgan dalaga, shovqin-suronli qaynoq baxtiyor hayot qo‘yniga olib kirdi, lekin, u bu yerda har bir odamning o‘ziga yarasha o‘rni, issiq boshpanasi, muhabbati, shodlik ham qayg‘usi bor, uning-chi, xo‘sh, nimasi bor? Faqat har eslaganda yurakni uvushtiruvchi, o‘lim soya tashlab turgan kuchli qayg‘udan o‘zga hech vaqosi yo‘q edi.
U boshiga tushishi mumkin bo‘lgan barcha azob-uqubatni lahzadayoq tortishga, o‘z muhabbatini, qayg‘u-alamini majruh qalbining chuqur qa’riga yashirishga majbur bo‘lardi.
Har gal yolg‘iz qolganida xayolan o‘zi bilan o‘zi gaplashib o‘tiradigan Yulduz bu safar ham eshikning taqillaganini, onasining Anvar bilan gaplashayotgan ovozini eshitmadi. To‘satdan boshini ko‘tarib, oldida o‘ziga qarab kulib turgan Anvarni ko‘rib, cho‘chib tushdi.
Anvar go‘yo eshikni to‘smoqchi bo‘lgandek ikki qo‘lini kergancha xiyol engashib, eshikning yon tomoniga osilib turardi.
Yulduz boshini quyi solgan holda qo‘lidagi ishni davom etdiraverdi. Uning hamma narsani ifodalaydigan nurli ko‘zlarini uzun kipriklari to‘sib olgandi, oraga sirli, og‘ir sukunat cho‘kdi.
— Ichki o‘lka tomonga safarga otlanayapman, Yulduzxon. O‘zim borib ukamni o‘sha yerlardan izlab ko‘rmoqchiman, — dedi Anvar birozdan keyin.
— Yo‘lingiz oq bo‘lsin, ilohim ishingiz o‘ngidan kelsin, — dedi Yulduz boshini ko‘tarmay.
— Agar biroz vaqtingiz bo‘lsa, daryo bo‘yi tomonlarni aylanib kelsak, dedi Anvar.
— Mayli.
— Siz chiqavering, men yurib tura turaman... Yetib olarsiz?
Yulduzning yuragi birdan dupurlab urdi. U boshini ko‘tarmasa-da, Anvarning unga tikilgan nigohini sezib turardi. Noma’lum bir tuyg‘u unga bugun alohida bir ish yuz berishidan bashorat qilayotgandek edi.
Ular daryo bo‘yiga olib boradigan yolg‘izoyoq yo‘ldan chetlab, kimsasiz, sokin dala tomonga chiqishdi. Bu oftob taftidan qovjirab ketgan, tinimsiz yurib turgan arava, velosiped, mashina, traktorlarning g‘ildiraklaridan tekislanib ketgan tuproqli yo‘l edi.
Yulduzning bir tomonida quyuq o‘sgan past bo‘yli butazor, ikkinchi tomonida yashil maysazor, bedazor va ko‘rimsiz yovvoyi gullar bilan qoplangan tabiiy o‘tloq kishi bahri dilini ochgan holda kaftday yastanib yotardi. Bu kengliklar oralab tekis bo‘y tortgan kumushrang sedanazorlar ham ko‘zga tashlanardi. Yarqirab turgan nayzadek tik tog‘ qoyalari yam-yashil yaproqlar orasidan to‘kilib turgan quyosh nurida oppoq tuman bilan to‘lgandek ko‘rinadigan, ostini shox-shabbalar va qurigan yaproqlar bosgan kichkina o‘rmonzor kishiga xuddi mohir usta rassomning mo‘yqalami ostidagi bir parcha manzara suratdek ko‘zga tashlanardi. Anvar uni o‘sha rasmdagi manzara ichiga boshlab kirdi. Ikkovi bamisoli o‘zlariga o‘xshash yosh, nozik ikki tup daraxtga suyanib, bir-biriga yuzlanib turishdi. Ularning peshonasida, yanoqlarida ham quyosh nurlari jilvalanib o‘ynardi (Bu manzarali rasm yanada mukammallashdi, jonlandi). Yulduz nihoyatda ochilib, go‘zallashib ketgandi, ko‘zlari bir juft charosdek chaqnardi, ikki yuzi bilinar-bilinmas qizargandi. Naq boshi ustidan, daraxt shoxlari orasidan tushib turgan oftob nuri go‘yo tabiat ungagina atab yo‘llagan nafis kelinchaklik ro‘moliga o‘xshab ketardi. Azbaroyi muhabbat tug‘yonidan Anvarning yuragi hapriqib ketdi.
U Yulduzdan ko‘zlarini uzolmay qoldi. Uning ko‘zlaridan yam-yashil o‘rmonni, quyosh yog‘dusini, o‘z harorati, qudrati bilan hamma narsani eritib yuborishga qodir bo‘lgan kuchli muhabbatni ham payqagandi. Bu, qiz qalbida nish urgan pok, haqiqiy ilk muhabbat edi. Necha oylardan beri yigit qalbini iztirobga solib kelgan og‘ir o‘y va ikkilanishlar qaylargadir g‘oyib bo‘lgan edi. Biroq kutilmaganda shu damlarda yaqin yerdan gurullagan motor ovozi xuddi bir noxushlikning yuz berishidan darak bergandek, bamisoli ikkovi ko‘rib turgan tushni buzib, uyg‘otib yuborgandek bo‘ldi. Ular bir vaqtning o‘zida birday seskanib yo‘lga qarashdi. Yo‘lda qatorlashib kelayotgan bir necha motosikllar qatorlashib yurib kelardi, haydovchilar bari qora ko‘zoynakda, soch-soqollari o‘siq, ko‘rinishdan yovuzliklari shundoq bilinib turardi.
Ahmadning odamlari! — dedi Yulduz vahima ichida. Uning rangi quv oqardi.
Bunday bo‘lishini Yulduz anchadan beri sezib yurardi. Ammo bu ishning xuddi shu bugun, shu paytda yuz berishini u aslo kutmagan, o‘ylamagan ham edi.
— Qo‘rqmang, yuring, avval katta yo‘lga chiqib olaylik, qani, ular bizni nima qilisharkin...
U Anvarning so‘zini go‘yo xali ham tushida ko‘rayotgandek eshitdi. Ular qo‘l ushlashib, katta yo‘lga chiqishdi. Anvar Yulduzni orqasiga panalatib, chaqqonlik bilan yerdan bir toshni oldi.
Bir tomonda to‘rt qonxo‘r jallod, yana bir tarafda yigit bilan qiz.
To‘rt motosiklchi xuddi robotday ularni qurshovga olib, tobora qisib kelardi. 
Ular juda yaqin kelib qolishdi. Yigit qo‘lidagi toshni ularning biriga qaratib otdi-da, qizni qo‘lidan tortib qochmoqchi bo‘ldi, ammo qocholmadi. Uni tutib olishdi, qumli xaltaday g‘azab bilan uni u yoqdan-bu yoqqa uloqtirib, charchaguncha mushtlashdi, oyoqlari tolguncha tepishdi. Qiz hirsday barzangi bir erkakning qo‘lida qopqonga tushgan qushday tipirchilardi, baqirardi, jon-jahdi bilan uning qo‘lidan yulqinib chiqib, yigitning yoniga bormoqchi bo‘lardi. Uning tim-qora quyuq sochlari chuvalib, yuz-ko‘zini to‘sib olgandi. Notanish kishi uning sochlarini beayov changallab, biqini bormi, yuz-ko‘zi bormi, duch kelgan yeriga ayovsiz mushtlar tushirdi. Qizning nafasi o‘chdi.
Ko‘z ochib-yumguncha tevarak-atrof yana avvalgiday jimjit bo‘lib qoldi. Quyosh bu vahshiylikka dosh berolmaganday, o‘zini allaqayerdan paydo bo‘lgan bulut orasiga oldi. Yo‘l ustida bir yigit, sal narida bir qiz chala jon bo‘lib yotardi. Olisdan bu manzara g‘oyat sirli va mudhish ko‘rinardi.

* * *

Sarhad bilmas dahshatli girdob. Yulduz o‘sha girdobda go‘yo bir cho‘pdek qalqib turardi. Bu voqealar guvohi bo‘lgan falak ham dosh berolmaganday, qattiq g‘alayonga kelib, faryod ila to‘lqinlanar, sochlarini yulib faryod solgan mushfiq onaday hayqirar, bo‘zlar, bo‘g‘ilar edi... Umidning so‘nggi uchquni birdan o‘sha to‘lqinlar orasidan bosh ko‘tardi. “Kutqaringlar!” deb sado berdi. Tutib olish mumkin bo‘lgan narsani izlab, qo‘llarini haryonga uzatardi. Biroq, atrofda o‘rkach-o‘rkach to‘lqinli suvdan, xo‘mraygan bulutlardan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi...
To‘satdan u Anvarni ko‘rib qoldi! U qirg‘oq bo‘ylab og‘ir odimlagancha g‘arb tomon ketib borardi. Yulduzning qichqirishlarini u eshitmasdi.
Kechga yaqin u rostdan ham chuqur umidsizlik ichida beixtiyor baqirib uyg‘onib ketdi. Yostig‘i, sochlari qizning ko‘z yoshidan jiqqa ho‘l bo‘lib ketgandi...
Ertasiga erta bilan Anvarni yo‘qlab, kasalxonaga borgan Gulsumxon aya birdaniga yanada qarib munkayib, ichiga sig‘may qolgan dard-alamdan sarg‘ayib, ko‘zlari o‘chayotgan shamday pildirab qolgan holda zo‘rg‘a uyiga qaytib keldi. Yulduzning karavotida o‘tirib:
— Bolam, hozir aytadigan gapim senga og‘ir botishini bilaman. Lekin nachora, baribir aytmasam bo‘lmaydi. Ko‘pchilik bizga sovuq qarash qilyapti. Anvarning yaqinlari-ku, ayniqsa, inchinun. Ular bo‘lgan gaplarda seni aybdor qilishmoqda. Sen endi Anvarni butkul unut, ularning talabi ham shunday, — dedi chuqur xo‘rsingan holda og‘ir tin olib. Ona qiziga ko‘z qiri bilan qarab qo‘yib, yana davom etdi. — Ha, aytgancha, Anvarning ahvoli ancha durust bo‘lib qolibdi. Borsam, ko‘zini ochib yotgan ekan. Yuzi tanib bo‘lmaydigan bo‘lib ketibdi... Ularga ham uvol, o‘z jigarporasi birovning qizini himoya qilaman deb shunchalik kaltak yeb, o‘lar holga kelib qolsa, ota-ona bunga qanday chidasin...
Yulduz qalqib chiqqan yoshni yashirish uchun ko‘zini yumdi, biroq kipriklari orasidan ikki tomchi yosh sizib chiqib, yanoqlari ustida to‘xtab qoldi. Nechundir uning yodiga boyagi bug‘doyzordagi yarqiroq narsa keldi. U kishini azob-uqubatdan xalos qilardi, dunyodagi hamma g‘am-anduhlarni unuttirar, samo bo‘shlig‘i sari parvoz ettirardi...

* * *

Yulduz nafis krepdeshin ko‘ylagining yoqasini uchinchi marta so‘kib tika boshlaganda onasi chidolmadi:
— Hoy nahs bosgan qiz, xayoling qayerda o‘zi? Boshimga bitgan balo bo‘lding-ku! Shunday kunimizga yarab turgan ishga bo‘yning yor berib ishlay demaysan-a?!..
Yulduz boshini quyi soldi. Onasining har bir so‘zi uning yuragiga nashtardek botar, yarasiga tuz sepgandek azoblardi: shuning bilan bir vaqtda, onasining g‘azabdan tundlashgan afti, dard-alamdan chaqchaygan ko‘zlari unda qo‘rqinch ham achinish aralash g‘alati hissiyot uyg‘otardi. Yulduzning javob qaytargisi kelmay, boshini yelkasi ichiga tiqib olardi, yurakdan otilib chiqayotgan ko‘z yoshlarini kuch bilan ichiga yutib, o‘z yog‘ida o‘zi qovrilardi...
Uning onasi ilgari bunday emasdi. Vazmin, kamgap, xushfe’l ayol edi. Onaning bunday bo‘lishiga Yulduzning o‘zi aybdor edi. Anvar ularnikiga kelmaydigan bo‘lgandan beri, Yulduzning xizmatga joylashish orzusi ko‘pikdek yo‘qqa chiqqandan buyon u ana shunaqa bo‘lib qolgandi.
Bu ishlarning hammasida boshqalardan gina qilishga haqqi yo‘qligi ham Yulduzga yaxshi ayon. Shuning uchun, garchi dardi o‘ziga yetib ortsa-da, u onasining urushib-qarg‘ashlarini ichiga yutishga majbur edi.
Anvardan uzil-kesil ayrilib qolganiga ishongan kundan boshlab Yulduz yana xayollarga beriladigan bo‘lib qoli. Anvar bilan o‘tkazgan har bir daqiqa, uning kulimsirashi, qovog‘ini uyushi, so‘zlari, yurishi, o‘tirish-turishlari lahza sayin Yulduzning ko‘z oldidan o‘taverar, takrorlanaverardi. Uning so‘zlarini, har xil ruhiy holatini yanada chuqur tushunishga tirishardi. Birgina narsaga, Anvarning so‘zini yaxshi ko‘rishligiga uning ishonchi komil edi. Ular birga bo‘lgan chog‘larda u Yulduzga o‘zini uncha yaqin tutmasdi. Uning fe’li o‘zi g‘alati edi. Bir qarasang xushchaqchaq, so‘zamol, bir qarasang qovoqlari solingan, odamovi. Ayniqsa, Yulduzning yoki onasining minnatdorchilik bildirib aytgan so‘zlarini eshitishni xohlamasdi. Yulduz uni endi kelmaydi deb umidini uzib qo‘ya qolardi, biroq azza-bazza ko‘kdan tushganday birdan paydo bo‘lardi. Bir safar u rosa yarim kungacha bir og‘iz ham so‘zlamay, faqat usti-ustiga tamaki chekib o‘tirdi. Bir chiqib ketgancha bir oycha yo‘q bo‘lib ketdi. Oxiri kelib, Yulduzni aylanib kelishga taklif qildi, biroq Yulduz uning ko‘nglida ne gap borligini bilolmadi, balki endi u umrbod bilolmasa ham kerak. Lekin u o‘sha o‘rmonzorda kechgan qisqagina fursatni, Anvarning oshiqona tikilgan ko‘zlarini mangu unutolmaydi, o‘lim oldida ham yig‘lab turib o‘sha daqiqalarni, o‘sha kunlarni esga oladi.
Yulduz tashqariga chiqishni, odamlarga ko‘rinishni xohlamasdi, yaqin kishilarni qidirib borib: “Mening ishga kirishim nima bo‘ladi, o‘ylashib ko‘rdilaringmi?” deb so‘rashni ham istamasdi. Shuningdek, hozirgi ishida ham o‘zini har qancha majburlasa-da, undan tikuvchi chiqmasligi o‘ziga ayon edi. Derazadan ko‘rinib turgan kichkina dunyo, onasiga kiyim tiktirishga keladigan katta yoshdagi ayollar uni qiziqtirmsdi. Uning xayoli egri-bugri ko‘cha muyilishidan, xaroba uylardan, g‘iybat qilishdan boshqani bilmaydigan, har narsaga aralashaveradigan turqi-tarovatlari sovuq xotinlardan bezib, xayolan olislarga ketardi. U o‘zini katta shaharlarda, mag‘rur, kelishgan, bilimli qiz-yigitlar orasida, vizillab aylanib turadigan fotograflar oldida ko‘rardi. Hatto goho qilayotgan ishini, yeyayotgan ovqatini ham unutardi. Uning bu odati onasini battar jig‘ibiyron qilardi. Bir marta u hatto: “Hoy nodon qiz, esingni yig‘ib ol deyman!” deb baqirib, qo‘lidagi yo‘g‘on qaychini Yulduzga qaratib otdi. Qaychi Yulduzning chakkasini siypab o‘tib, orqasidagi devorga borib sinchilib qolgandi.
Oliya keldi. U Yulduzga yangi xabar keltirgandi. Uning aytishicha, shahardagi ishsiz yoshlar musiqa guruhi tuzishganmish. Ularning elektron cholg‘u va milliy musiqa asboblari bor ekan. Mana shu kunlardagi to‘y-hashamu, ko‘ngilxushliklarni ko‘tara savdo qilib, o‘zlari ovoz tasmasi ishlab, rosa dong chiqarganmishlar. Ular Yulduzdek “kino san’atkori”ning o‘z saflariga qo‘shilishini orzu qilishlarkan, buning uchun ular Yulduzning hamma talabini to‘liq ado qilishga ham rozi ekanlar.
Yulduz bu fursatni g‘animat bilib, qo‘ldan bermaslikka qaror qildi. Biroq u onasini bu ishga qanday qilib ko‘ndirishini bilmasdi.
Onasi uning qandaydir qo‘shiqchi bo‘lishiga jon-jahdi bilan qarshi edi. Uning tushuntirishlariga, ko‘z yoshlariga parvo ham qilmadi. Bir to‘p o‘g‘il-qizlar rahbarsiz, kecha-kunduz birga yursa, aytadigani faqat kuydim-yondim, bellarini to‘lg‘ab, o‘yinga tushish bo‘lsa, unda oqibati nima bo‘lardi, deb bitta gapida turib oldi. Ona-bola bir-birini ko‘ndirolmadi. Oxiri Gulsumxon aya qattiq urishib berdi:
— Gapimga kirmaydigan bo‘lsang, yo‘qol uydan, onam bor, singlim bor deb tilingga olma, men ham sendek sharmanda, buzuq qizni hayotda ko‘rmagan bo‘la qolay, harna boshimdan bir baloyi ofatning arigani!
Bu gaplar Yulduzning suyak-suyagidan o‘tib ketdi, u churq etmay kerakli u-bu narsalarini oldi-da, eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi. Yulduzni rostdan ham chiqib ketar, onaizorning dilini yanada vayron etar deb sira o‘ylamagan Gulsumxon aya uning orqasidan yugurmoqchi, to‘xtamoqchi ham bo‘ldi, ammo boshi aylanib, ko‘zlari tindi, turgan yerida cho‘kkalab mixlanganday o‘tirib qoldi, keyin kuch bilan toshib kelgan ko‘z yoshlarini seldek to‘kdi. 
Yulduz ko‘chalarda nima qilarini bilmay uzoq daydib yurdi. Uyni tashlab chiqmoq oson ish emas. Bu kechada u endi qayerda qo‘nim topadi? Ertaga-chi? Keyin-chi? Oliyanikida bir necha kun turar, ammo doimiy qololmaydi-ku. Avval Oliyaning yordamida boyagi musiqa guruhini izlab topishi kerak. U yer ko‘ngildagidek chiqsa, ishlari iziga tushgani shu bo‘ladi. Biroq, ish u o‘ylagandek bo‘lmasa-chi? Hozircha, bu tomonini o‘ylamay turgani ma’qul.
U Oliyaning uyida bo‘lmasligini bilib tursa-da, toleini sinab ko‘rish uchun to‘g‘ri unikiga bordi. Baxtga qarshi, u haqiqatan ham uyida yo‘q edi. Balki, qahvaxonadadir?
Kun ham og‘ib, kech kirmoqda edi. Yo‘llarga ishdan qaytayotgan velosipedlilar va piyodalar, mashina-avtobuslar sig‘masdi. O‘sha shoshilinch, qandaydir muhim ishni ko‘ngillariga tukkandek ko‘ringan odamlar, onda-sonda o‘tib qoladigan hashamatli yengil mashinalar, qizg‘in va tantanali hayot qaynayotgan ko‘cha Yulduzga begona yo‘lak bo‘lib ko‘rindi. U o‘sha qaynoq hayot qo‘yniga intilgandi, ammo hayot uni qo‘yniga olmadi. U xuddi zo‘r oqim ustida sohil sari surib tashlangan qamish-qiyoqlardek bir chetga chiqib qoldi. U o‘z oldiga bir yo‘l ochish, odamdek yashash uchun yana qanchalar badal to‘larkin? Uni yana qanday ishkalliklar, dard-alamlar kutayotganikin? Uning zaif jussasi, dard-alamdan ezilgan ularga yana qanchagacha bardosh berolarkin?..
Osmonning yarmini qoplagan kechki kuz shafag‘i avtobuslar, binolarning derazalari, do‘konlarning oynalarida chaqnab, g‘isht yotqizilgan ko‘chaga ertaknamo manzara baxsh etgandi. Mashinalar, yo‘lovchilar ozayib, yo‘llarga birdaniga sukunat cho‘kkandek bo‘ldi, daraxtlarning sarg‘aygan yaproqlari nomozshom paytining g‘ir-g‘ir esgan shamolida larzon uchib tushmoqda edi.
Yulduz engashib, yerdan bir dona sarg‘aygan yaproqni olarkan, bu holat unga sho‘x bolalik vaqtlarini, hech narsadan g‘ami yo‘q, o‘yindan boshqasini bilmaydigan chog‘larini eslatdi. U xayol bilan bo‘lib, qanday qilib daryo bo‘yiga kelib qolganini sezmay qoldi. Oyog‘i uni qanday qilib bu yerga boshlab kelganikin, bir yil oldin, xuddi shunday kunlarda, hamma narsadan umidini uzgan, hayotdan to‘ygan paytlardagi yerga kelgan Anvarni uchratgandi. Kim biladi, uni bugun ham uchratib qolarmikin... Uning yuragi birdaniga odatdan tashqari dukurlab urdi. U buning xom xayol ekanligini bilib tursa-da, ko‘prik tomonga tez yurib ketdi. Ana, haybatli ulkan ko‘prik, zinapoyalar. U ko‘prikka qadam qo‘yishi bilan oyoqlari beixtiyor titrab ketdi, bu titroq uning butun vujudiga tarqaldi. U o‘zini qandaydir qudratli kuch changaliga tushganday his qildi. Muzdek panjarani tutib turib, pastda shiddat bilan oqayotgan suvga qaradi. Daryo o‘sha-o‘sha vahimali hayqirib, dahshatli to‘lqinlarini sapchitib oqishda davom etardi.
Yulduz daryoga dahshat ichida tikilib qoldi. Badani jimirlab, tezda boshini orqaga oldi. Biroz narida tor shim, eski katak ko‘ylak kiygan, sochlari to‘zg‘in, puf desa uchib ketgudek ojiz bir banda unga hayron qarab turardi. U Yulduzning boshini ko‘targanini ko‘rib, yakkam-dukkam sarg‘ish so‘yloq tishlarini tirshaytirib kuldi.
— Men sizni... Men hali sizni o‘zini daryoga tashlamoqchi deb o‘ylovdim, — dedi u.
Yulduz serrayib qoldi. U xuddi shu yerda bu so‘zni Anvarga aytgandi. Anvar burilib qarab, hangu mang bo‘lib qolgan edi o‘shanda, so‘ngra kulimsirab: “Xotirjam bo‘ling, men o‘zimni halok etmoqchi bo‘lsam, hargiz suvga tashlamayman, men suvda suzishga ustaman” degan so‘zlari uning qulog‘i ostida yana bir bor jaranglaganday bo‘ldi. Taqdiri azalda borini ko‘rmay iloj yo‘q. Yulduz o‘shanda aytgan gapini esladi. U anovi odamga nimadir demoqchi buldi-yu, ammo og‘iz juftlashga ham majoli qolmagan edi. Buning ustiga, shu paytda uningdek bir hamrohning bo‘lgani ham baharnav. U ko‘prik zinapoyasiga cho‘kdi, sumkasini etagiga qo‘yib qo‘ydi. Ko‘zining qiri bilan qarab, boyagi odamning ham sal narida o‘tirganini kuzatib turdi.
U mungli bir kuyni xirgoyi qila boshladi. Yuragida uning so‘zlarini takrorlardi, qo‘shiq bilan barobar otilib chiqayotgan ko‘z yoshlarini to‘xtatishga tirishardi.
— Uyingizdan qochib chiqqanga o‘xshaysiz-a, qizim? — dedi boyagi odam zaif, titroq va hasratli bir ovozda.
— Ha. Siz-chi?
— Men ham shunday. Dunyo keng-u, g‘ariblarga tor ekan...
U xuddi bir baland tepalikka kuchanib chiqayotgan motosikldek zerikarli ohangda bir xil g‘ing‘illab gapirardi. Yulduz uning qolgan so‘zlarini tushunolmadi. So‘ngra ikkovi ham uzoq vaqt jim qoldi. Yulduz o‘rnidan turib, katta ko‘cha tarafga qarab yurdi, haligi odam boshini tizzadan ko‘tarib, qizning orqasidan taajjub va afsus bilan qarab qoldi.
Oliya hali ham uyiga qaytib kelmagandi. Kim biladi, qachon qaytib keladi. Yulduz uning qahvaxonada ekanligini biladi, ammo u yerga borishni xohlamasdi. Qorong‘ulik esa tobora quyuqlashib borardi. Beshafqat qorong‘ulik, hademay o‘zining qora chodirlarini yoyib, yer-jahonni o‘rab oladi. Zamindagi hamma razilliklar, kun nuridan, yorug‘likdan, oshkoralanishdan qo‘rqadigan barcha jinoyat, shumliklarga jon kiradi, harakatga keladi. Razil odamlar ko‘ngillarida kiri yo‘q, halol kishilarga o‘xshab, kechalarni shirin uyquda o‘tkazolmaydi. Yulduz gunohkorlik tuyg‘usi ichida onasini, singlisini ko‘z oldiga keltiradi. Yo‘q, ular ham xotirjam uxlayolmaydilar, uning — Yulduzning sababidan onasi karavotning boshida iyagini tutib o‘tirgancha tinmay uf tortardi.
Eshikning har bir ovozidan umidlanib, ko‘chaga necha bor chiqib keladi. Pok, oqko‘ngil singlisining uyqusiga vahima, baxtsizlik soya tashlab turadi.
Nihoyat, ko‘cha chiroqlari ham yondi. Yo‘lovchilar siyrak edi.
To‘satdan yaqindagi ko‘chadan motosikllarning tarillagan ovozi eshitildi. Kecha jimjitligini buzgan bu ovozlar dahshatli quyundek, bo‘m-bo‘sh asfalt ko‘chalarni, kuz kechasining tinch osmonini larzaga keltiradi. Yulduzning yuragi dukillab urib ketdi. Velosipedlik erkaklar uning oldiga kelganda tezlikni sekinlatib, yeb qo‘ygudek tikilib qarashardi. Ko‘chaning narigi tomonidan hushtak ovozlari quloqqa chalinardi. G‘alati yasangan, pardoz-andozli ikki ayol unga boshdan-oyoq sinchiklab qarab o‘tib ketishdi.
Yulduz shoshilinch ishi bor odamdek ko‘rinishga tirishib, qadamini jadallatdi, ko‘zini oldindagi katta yo‘ldan uzmay, qayoqqa oshiqayotganini o‘zi ham bilmasdi.

* * *

Yana qahvaxona, xira yonib turgan rangli chiroqlar, har yer-har yerlarda o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilib o‘tirgan qizlar.
Ana Oliya, ko‘rinishdan boshqa yurtlikligi bilinib turgan bir erkak uning qo‘llarini qayirib, og‘ziga aroq quymoqchi bo‘lardi. Kelishgan yigitlarning o‘rtasida nozlanib o‘tiribdi. Fotima, Anor, Zulfiyalar ko‘rinmaydi, ularning o‘rnida o‘rta maktab o‘quvchilariga o‘xshagan birnecha yosh qizlar o‘tirishardi. Yosh bo‘la turib qayerda yurgan qizlar ekan bular, bir qo‘lida qadah, yana bir qo‘lida tamaki, erkaklarning ko‘ziga tikka qarashlarini ayting. Ular orasidagi kiyimlari odmigina, bo‘tako‘z qiz hammasidan soddasi bo‘lsa kerak. Qordan qutulib yomg‘irga tutilgan bir sho‘rlikdir. O‘zi o‘sha yerda o‘tiribdi-yu, xayoli boshqa yerlarda kezardi. Hurkak kiyikdek cho‘chib, kimlargadir yolborgandek javdirab qarar, gohida ko‘zlari limmo-lim yoshga to‘lib, yig‘lab yuboradigandek ko‘rinardi.
Nigora bir tanish odamning yonida o‘tiribdi. U o‘sha odamni ishvali jilmayishlari bilan allaqachon o‘ziga maftun aylab bo‘lgandi. Bu yerga tez-tez tashrif buyuradigan tungan yigiti bilan nimalarnidir pichirlashib so‘zlashardi. Yulduz u yigitni ko‘p ko‘rgan, ilgari u qordek oppoq soqoli ko‘ksiga tushib turadigan yuzi cho‘zinchoq, tanqa burunli bir tungan mo‘ysafid bilan birga kelardi. Keyin qariya ko‘rinmay ketdi. Aytishlariga qaraganda, u ichkari o‘lkalarda chet elliklar qo‘nadigan mehmonxonada turarmish...
Yulduz qariyb shishib ketgan qovoqlari ostidan Nigora va uning oldida ma’noli tirjayib turgan tungan yigitga nafrat bilan tikiladi. Ular behad xursand, mamnun. Balki, navbatdagi razil, jinoiy ishlarini bartaraf etganlari uchun shunday shod, masrur bo‘layotgandirlar?
Yulduzning ko‘z oldidagi hamma narsa go‘yo qabih tushga o‘xshab ko‘rinardi. Yana bir turmush — onasi, singlisi, Anvar, uning kino yulduzi bo‘lish to‘g‘risidagi orzusi, qo‘shiqlari undan tamom yiroqlashgandi. Balki bularning hammasi uning tushidir. Ehtimol, uning peshonasiga shu hayot, mana shunday bo‘ladi deb yashash azaldan bitilgandir...
O‘y-xayollarning kuchli girdobi esa unga tinchlik bermasdi. Go‘yo unga o‘zi xohlagan narsasini muhayyo qilganday ko‘rinardi. Ba’zida esa shahar tashqarisidagi bir qavatli xilvat hovliga boshlab borardi. Sirtdan qaraganda atrofdagi uylardan farq qilmaydigan bu uyning ichi boshqa bir dunyo edi. Yerga solingan uzun, yumshoq yashil gilamning ustidan yurgan odam o‘zini xuddi quyuq maysazorda yurgandek his qiladi. Deraza oldiga qo‘yilgan, shiftga tegay deb turgan katta akvariumda suzib yurgan qizil, yashil, sariq tilla baliqlar kishiga sirli dengiz osti dunyosini eslatardi. Devorlarga Gollivud kino yulduzlarining kattalashtirilgan suratlari osilgan. Oynali yulduzlardek o‘chib-yonib turgan rangdor chiroqlar orasida shishasi va muhrlari alohida ko‘zga tashlanib turadigan chet el aroqlari.
Ba’zan bu yerga Ahmadning talay do‘stlari — egnida chet el paltoli, kelishgan, basavlat yigitlar bilan ajoyib-g‘aroyib, sochlarini bo‘yagan pardoz-andozli qizlar kelishardi. Ular keng hamda yumshoq divanda, lipillab turadigan karavotlarga o‘zlarini tashlab yotishib, aroq ichishar, raqs tushishar, diskoteka o‘ynashardi, charchagan vaqtlarida epchillik bilan bir-birining bilagiga oq og‘uni ukol qilishardi-da, yotgani yotgan, o‘tirgani o‘tirgan joyida tush ko‘ra boshlardilar. Yulduz shular barchasi uchun Ahmaddan qarzdor ekanini bilardi. Ular uning qo‘lidan oladigan vaqtinchalik huzur uchun zo‘r badal to‘lashi kerak edi. Ular Ahmadga topshiradigan pullarda ota-onalarining qon-yoshi, oyoq osti qilingan, toptalgan iffat-nomus, insoniy g‘urur va inson qiyofasidan chiqqan jinoiy qilmishlarning o‘chmas tamg‘asi bor edi. Yulduz ularning ba’zilarining artist, boshqalarining oliygoh talabasi ekanligini ham bilardi, ularning ichida hatto bir posbon ham bor edi.
Muntazam kelib turadigan, holsizligidan zo‘rg‘a qadam tashlab yuradigan bir devonasifat yigit ham bor edi. Ahmadning atrofida itdek aylanib yurar, haydasa ham ketmasdi. Uning oyoqlariga osilib olib, kiyimining peshlarini, hatto oyoqlarini o‘pardi. Nima desa, xo‘p bo‘ladi, ifoda qilib turadigan chuqur ko‘zlariga qaragan kishining yurak-bag‘ri ezilib ketardi. Aytishlariga qaraganda, bir necha yil oldin u mana shu shahardagi eng katta savdogarlardan biri bo‘lgan ekan. Orom kursida savlat to‘kib o‘tirgan paytlarda do‘konga kirgan qiz-juvonlar uning atrofidan ketolmay qolarkan. Guvongjudagi satang qiz-juvonlar orasida ham dong taratganlari bor edi, ular yigitni bir-biridan qizg‘anib, giyohvandlik botqog‘iga botirishgan. Topgan bor daromadini aysh-ishratga sarf qilib, ikki yilga qolmay butunlay mirquruq bo‘lib qolibdi, boz ustiga qulog‘igacha qarzga botibdi. To‘rt bolasi bor ekan, xotin-bolalarini o‘ylash u yoqda tursin, uyida qo‘lga ilinadigan narsa borki, hammasini olib chiqib sotibdi, ba’zan o‘g‘irlikka ham qo‘l uradigan bo‘libdi...
Bir kuni kechasi Yulduz Ahmaddan so‘rab qoldi:
— Ayting-chi, Ahmad aka, shuncha ko‘p odam qanday qilib bunday holga tushib, ishdan chiqib qolayapti, odoyi tamom bo‘layapti?... O‘sha harom pullar nahotki vijdoningizni qiynab-o‘rtamaydi? Xudodan qo‘rqmaysizmi?
— Eh ahmoq xotin, eh tovuqmiya-ey... agar bilsang, bu dunyoda puldan qudratli narsaning o‘zi yo‘q. Odamni odam qiladigan ham pul, ado qiladigan ham pul. Puling bo‘lmasa sen hech kim emassan. Qolaversa nafas olish uchun ham pul kerak. Men nimadan qo‘rqishim kerak ekan? O‘g‘irlik, talonchilik qilibmanmi? Odamlarni men qidirmayman, ularning o‘zlari meni qidirib kelishadi, hatto oyog‘imga bosh urib, menga sot-sot deb yolborishadi. Shunday bo‘lgach, sotmay nima qilardim? Kimdir o‘z ixtiyori bilan o‘lishni xohlasa, men uni bu balodan qanday saqlab qolaman?! Echkida jon qayg‘u bo‘lsa, qassobda moy qayg‘u, bu dunyoda pul yagona hukmdor. Davlating bo‘lsa, vijdon shudir, nodon xotin.
— Bundan chiqdi, siz uchchiga chiqqan qotil, jallod ekansiz-da? Bu jinoyat, baribir bir kun kelib ochilmay qo‘ymas, shunda giriboningizdan olib, boshingizga itning kunini albatta soladi, xuddi qobonni bo‘g‘izlaganday, sizni ham jahannamga jo‘natishlariga oz qolgan bo‘lsa, ajab emas. Barcha kirdikorlaringiz uchun albatta o‘ch olishadi... Tuzog‘inggizga ilinib, nohaq o‘lib ketganlarning arvohlari ham sizni aslo tinch qo‘ymaydi!...
— Bo‘lmasa eshit, ahmoq, tovuqmiya! Men senga shu gaplaring uchun aytib qo‘yay, ular menga zarracha daxl etish u yoqda tursin, balki qaytanga jonlari boricha meni qo‘riqlaydilar. Negaki, men bo‘lmasam ular bir daqiqa ham yashayolmaydilar, ho-ho-ho... Men ularning haqiqiy xudosiman, bildingmi?
— Ayting-chi, bu og‘u sizda shunchalik ko‘pmi?
— Qancha desang topiladi!
U o‘zi sezmagan holda boshi bilan to‘rdagi katta rasmli ramkani ko‘rsatdi. Yulduz o‘sha ramkaning orqasida joylashgan maxfiy tokcha borligini bilardi-yu, o‘zini bilmaslikka solardi, ayollargagina xos bo‘lgan bir xil sezgirlik unga bu tokchaning nihoyatda muhimligidan darak berardi.

* * *

Yulduz o‘zining homilador bo‘lib qolganini sezdi.
U yosh vaqtida onasi bilan mahalladagi ayollarning og‘zidan qaysidir bebosh qizning to‘y qilmay turib, qorni ko‘tarilib qolganligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarini ko‘p eshitgandi. O‘shandan keyin ancha vaqtgacha Yulduz u qizdan nafratlanib yurgandi, Hatto bir gal o‘sha qiz uni do‘stlarining oldida erkalatib qo‘ygani uchun nomusdan yig‘lab yuborgandi. Mana o‘zi undan ham battar holga tushib o‘tiribdi. O‘sha qizga balkim chin muhabbat, hamma narsani unuttiradigan, kechirtiradigan haqiqiy hissiyot sabab bo‘lgandir? Shuning uchun u kishilarning la’nat-nafratiga qaramay, to‘qqiz oy qornida ko‘tarib, yaxshi ko‘rgan kishisidan yodgor – tirik farzandini yorug‘ dunyoga keltirgan va uzoq yillargacha boshqa turmush qilmay o‘sha farzandini boqib voyaga yetkazgandir? Yulduzniki esa unday emas, qanday qilib unga teng bo‘lsin!
Farhod uning homilador bo‘lib qolganini eshitib, bulutli osmonday tund bo‘lib qolgan. Hammasiga yolg‘iz Yulduz aybdordek, malomatlar uning boshiga yog‘ilgandi. Unga ayol do‘xtirlarning qo‘pol muomalalari, dashnomlari, nomus-hayo deganini (unda ham o‘ziga yarasha bor-da) bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, bir to‘p amaliyotchi do‘xtirlarning oldida bo‘g‘izlanadigan qo‘ydek behol bo‘lib yotishlar unga unchalik ta’sir qilmagandi. Faqat Farhodning o‘ziga nafratlanib qarashlari, qovog‘ini uyib, tamaki tortib o‘tirishlari zardasini qaynatgandi o‘shanda.
Yulduz Oliyaning uyida o‘n besh kun turdi. Bu muddatda Farhod bir marta ham xabar olmadi. Axir, Farhod bir necha oy u bilan birga yashagan edi-ku. Ayniqsa, bir kelib ketishini, bir og‘iz gap bilan bo‘lsa-da, hol-ahvol so‘rab qo‘yishini umid qilgandi. U, odamzotning bunchalik hissiyotsiz, toshbag‘ir bo‘lishi mumkinligini sira tasavvur etolmasdi. Odam deganda bir fursat turgan shahar, yotib-turgan uy, hatto ishlatilgan buyumlarga nisbatan ham hissiyot bo‘ladi-ku, axir...
— Men bir gap eshitdim, biroq sen ko‘nglingga olma, — dedi Oliya unga bir kuni, — Farhod allaqachon birovni topib olibdi. Boshqalarning aytishicha, o‘n besh-o‘n olti yoshlardagi qiz emish, ammo juda chiroyli deyishadi. Albatta, bizga o‘xshagan peshonasi sho‘rlarning taqdiri bir xil dugonajon, shoshmay tur, hali o‘sha qiz bolani ham ko‘ramiz...
— Endi uyingga ham qaytolmaysan, — dedi birozdan keyin yana, — muhtojlik yomon narsa, sen bilan bizning qo‘limizdan nima ham kelardi. Boshqa ishga ham chidamaymiz. Axir biz ichamiz, chekamiz, undan ayrilsak hayot kechirolmaymiz. O‘ylab qarasam, binoyidek husnimizning borida ozmi-ko‘pmi pul topsak, uncha-muncha dastmoya to‘plasak, keyinroq biror ish qilishimizga yararmidi, qariganda momo bo‘lib besh vaqt nomozimizni o‘qib o‘tiraverardik.
Yulduz yaqindan buyon tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketayotgan Oliyaga xuddi endi ko‘rib turgandek sinchkov qaradi. Dugonasi ko‘zgu ro‘parasida o‘tirib pardoz-andoz qilardi. Uning qovoqlariga, lablariga surtayotgani hozir Ovrupada rasm bo‘layotgan kumushrang bo‘yoq edi. Guongjuda uning bir qutisi falon yuandan sotilarmish. Anavi Fransiya atiri ham ikki yuz yuandan kam emas. Uning egniga kiyib olgani ham moda kiyim do‘konlarida-da topilmaydigan chet el mollaridan edi. Bo‘ynidagi oltin zanjirli tumor, qo‘llaridagi qo‘sh-qo‘sh uzuklar-chi, asil uy jihozlari, rangli televizor. O‘gay otasidan esa unga qolgani faqat quruq to‘rt devorning o‘zi edi. Qizlar Nigorani hammadan boy deyishardi. Ularning aytishicha, uning Urumchida katta bir do‘koni bo‘lib, uni akasi boshqararmish. Nigoraning boy bo‘lishi, albatta, turgan gap. Qahvaxonada xaridorlarga biror qizni tanishtirib qo‘ygani uchungina ulardan yuz yuan undirardi. Bundan tashqari, uning Ahmadlar bilan sheriklashib qiladigan talay maxfiy savdolari ham bor. Tunganlardan, pokistonliklardan sotib oladigan “oq og‘u”ni ham Nigora maydalab, qizlarga, o‘zlari birga bo‘lgan xaridorlarga sotadi, ularning asosiy kirimi shundan keladi. Oliya, Go‘zal, Zulfiyalarning yaqindan buyon boshqacha qadam tashlashining sababi ham shunda edi. Ilgari ular Nigora, Ahmadlarga qarshilik ham qilardi, ba’zida millat, vatan haqidagi gaplarni ham gapirishardi. Hozir pul, “oq og‘u”dan boshqa gap bo‘lmay qoldi. Oliya Yulduzning bir vaqtlardagi yaqin do‘sti uni aldab olib chiqib, Ahmadlarga tutib bermadimi? (U garchi buning Ahmadlarning hiylasi ekanligini illo-billo bilmagandim, deb turib olgan bo‘lsa-da), bugun Yulduzni o‘zlari yurgan yo‘ldan yurishga undashmoqda. Bu gapni Nigora ham bir necha marta yuziga solgan edi. Ularning gaplarining tagida: “O‘zingni har qancha aybsiz chog‘laganing bilan, boshqalarning nazarida sen ham biz kabi bir buzuq ayolsan, xolos. Sening bizga ergashishdan o‘zga chorang yo‘q”, degan ma’no bor edi.

* * *

Yulduzni qo‘shiq ovozi uyg‘otib yubordi. Uning boshi toshdek og‘ir edi, ikki chakkasi lo‘qillab og‘rirdi. U ko‘zini ochib, hayron bo‘lib atrofga nazar soldi. Oynasi kirlab ketgan kichkina deraza, devor ostiga qo‘yilgan qo‘pol ko‘k barkash... Uning ustida yegandan ortib qolgan tovuq go‘shti, kabob, yupqalar, bo‘shatilgan aroq shishalari sochilib yotardi... Uning yonida bir erkak uyquni urardi.
Yulduz o‘zining bu odam bilan kecha kechqurun qahvaxonada ko‘rishganini, unga ergashib bu chekka mehmonxonaga kelganini zo‘rg‘a esladi.
Tong mahali qo‘shni xonada birov magnitofon qo‘ymoqda edi. Yo erkakcha emas, yo ayolcha emas bir ovoz:

Ketarman-a, ketarman-a,
Bu olamdan o‘tarman-a
Harqancha yomon bo‘lsam-da,
Ko‘zingdan yitarmana.

Ketarman-a, ketarman-a,
U olamga ketarman-a.

Qo‘shiqning so‘zlari Yulduzga ma’sum dilkash tuyuldi. — Aslida, chindan ham u dunyoga ketadigan odam sira o‘zini o‘ladi deb o‘ylamaydi.
U pishillab uxlab yotgan kishini uyg‘otib yubormaslik uchun karavotdan asta turib, o‘rindiq suyanchig‘iga tashlab qo‘yilgan kiyimlarini apil-tapil kiya boshladi. U odam uyg‘onib, oqshomdagi ishlarni eslab: “Qizaloq, haligi ishni men bekor qilibman, pulimni qaytarib ber” deb qolishidan, o‘zining uning ko‘zlariga qarab azoblanishidan, pushaymon qilishidan oldinroq bu yerdan juftakni rostlab qolishni o‘ylardi. Shu topda uning yonida rosa besh ming yuan bor edi. U endi xatoga yo‘l qo‘ymasligi, juda ko‘p badal evaziga kelgan bunday qulay fursatni qo‘ldan chiqarmasligi kerak. Biroq... U, kaftlariga yuzini qo‘yib bir xil pishillab uxlayotgan, turqidan xursandlik aks etib turgan odamga qarab o‘zicha sal ikkilanib qoldi.
Kechqurun ikkovlon yotoqxonada talay vaqtgacha yeb-ichib o‘tirishgandi. U Yulduzga o‘zining chet bir tumandan kelgan mol sotib oluvchi ekanligini, xizmatining og‘irligi, xotiniga ko‘ngli yo‘qligi to‘g‘risida gapirgandi. Uning so‘zlarini eslarkan, Yulduz miyig‘ida kulib qo‘ydi. U har qanday er kishining boshqa bir ayol bilan uchrashganda tezda ayoliga ko‘ngli yo‘qligini aytishligini bilardi. U, Yolqinning ayoli borligidan xabar topgan kuni, Yolqin ham unga: “Men xotinimni qilcha yaxshi ko‘rmasam nima qilay? Muhabbatsiz turmush, turmushmi?” degandi. O‘shanda bir g‘oyibiy ovoz unga shunday derdi: “Sen xohlaysanmi-yo‘qmi, buning ahamiyati yo‘q. Bu dunyoda eng qudratli narsa — pul, ko‘rmayapsanmi? Pul —haqiqat demakdir. Hamma narsaning hukmdori — pul! Sen unga ming jon kuydirib haqiqatdan gap ochganing bilan uning qulog‘iga kirmaydi, pulni ko‘rsatsang, buni chinakam “haqiqat” deydi. Puling bo‘lsa soyangga salom beradilar, oldingda tiz bukib, oyoqlaringni o‘padilar. Puling bo‘lmasa, sen hech kim emassan, odamlar senga qilcha rahm-shafqat qilmaydilar, balki oyoqosti qilib, battar ezadilar. Axir, bu hayotdan, odamlardan ozmuncha xo‘rlik ko‘rdingmi? Ko‘z yoshlaring daryo bo‘ldi, senga yordamga qo‘l cho‘zgan, holingga yetgan odam bo‘ldimi? Pulning kuchi shunchalik qudratliki, uning oldidan hech kim ko‘ndalang o‘tolgan emas!...”
Erkak bir ag‘darilib, g‘udrandi va o‘zicha allanimalar degandek bo‘ldi-da, yana zum o‘tmay xurrak ota boshladi. Yulduzning cho‘ntagida oqshom o‘sha odam mastlikda bergan besh ming yuan bor edi. U oyoq uchida yurib borib eshikni ochdi. Ayvon kimsasiz, jimjit edi. Faqat magnitofon ovozi eshitilib turardi, ammo bu safargisi Yulduz ilgari eshitmagan yangi qo‘shiq edi.

* * *

Yulduz oldingi kechasi birga bo‘lgan turkiyalik muhojir yigitni kutib o‘tirardi. Turkcha bilan uyg‘urchani aralashtirib so‘zlaydigan, odobli, juda saxovatli bu yigit Ahmadlarning e’tiborli mehmoni edi. Oldingi kuni peshin mahalida u cheti temir qoplamali chiroyli kichik jomadonni ko‘tarib qahvaxonaga kirib kelganida Ahmad bilan Nigora girdikapalak bo‘lishdi, bir zumda Farhodni ham chaqirib kelishdi. Biroq, turkiyalik yigit ularning hech qaysisiga nazarini tashlab ham qo‘ymadi, bir burchakda o‘tirgan Yulduzni ko‘rib hang-mang bo‘lgandek unga tikilib qoldi. Ikkinchi qavatga chiqib, Ahmadlar bilan ishni bitirib qaytib tushiboq to‘g‘ri Yulduzning oldiga kelib:
— Xonim, men bilan birga qahva ichishni xohlaysizmi? — deb so‘radi.
Nigora uning orqasidan paypaslab kelib:
— Bu kishi turkiyalik aziz mehmonimiz Tursun afandi bo‘ladilar. Tursun afandi, ko‘zingiz ham bor ekan-da, Yulduz xonim shahrimizdagi go‘zallarning gultojisi, u bilan birga bo‘lsangiz, kunlaringiz ham juda ko‘ngilli o‘tishiga shubha yo‘q, — dedi.
O‘sha tunda Tursun afandi Yulduzning yuzini kaftlari orasiga olib, ko‘zlariga uzoqdan-uzoq tikildi, go‘yo o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek:
— Ollohning mo‘‘jizalariga hayronman, Yulduz xonim. Siz mening ilgarigi ayolim Sojidaga quyib qo‘ygandek o‘xshar ekansiz, u olamdan o‘tgandan buyon dunyo ko‘zimga qorog‘i bo‘lib qolgandi, bugun sizni ko‘rib xuddi qalbimdagi o‘chgan umid yulduzimni qayta topgandek bo‘layapman, — degandi.
Tursun afandi Yulduz uchun ham xuddi shunday umid yulduzi bo‘lib ko‘rinardi. Uning yordamida chet ellarga safar qilishni juda orzu qilardi.
Qahvaxonaning to‘riga osilgan soat o‘n ikkiga zang urdi. Yulduz bezovtalanib, hadeb eshik tomonga qarardi. Kelishgan, boy-badavalat, badiiy asarlarda tasvirlanadigan risoladigek yigit ekan. Hademay yoniga: “Kechiring xonim, sizni uzoq kuttirib qo‘ydim-a”, — deb kelishiga muntazir edi.
Qahvaxona eshigi ochildi. O‘zlari bilan sovuqqina havoni olib, bir qiz bilan yigit kirib keldi. Yulduz bag‘oyat yasanib olgan Farhodni darrov tanidi. Nigohini tezda undan olib, yonidagi qizga tikildi. U kim bo‘lsa? Rostdan ham yosh qiz, biroq pardozni sal me’yoridan oshirib yuborgandi. O‘zi tanishdek ko‘rinardi. Ular biroz nariga borib o‘tirmoqchi bo‘lishdi. Qiz oq rang tulki yoqali qizil paltosini yechgan edi, quyuq qop-qora sochlari osilib tushdi. Qizning uzun ipak ko‘ylagiga qarab Yulduzning yuragi shig‘ etganday bo‘ldi. Bu uning boyagi ko‘ylagi-ku! Uydan chiqayotib olishga ulgurolmagandi...
Bir vaqt qiz shu yoqqa qaradi. Ularning ko‘zlari to‘qnashdi. Yulduzning ro‘parasida o‘zining jonday singlisi Qunduz turardi! Ha-ha, boshqa hech kim emas, aynan o‘zining singlisi Qunduz edi...
Yulduzning ko‘z oldi qorong‘ulashib, ag‘darilib tushayotgandek tuyuldi. Bir necha soniyagacha uning ko‘ngil oynasida qorong‘u zulmat, tubsiz bo‘shliq hukm surdi. So‘ngra televizor ekraniga o‘xshash har xil ranglar lipillay, chaqnay boshladi. Xayoliga faqat bir narsa: Qunduzni o‘sha tim-qora sochlaridan tutib, sudrab uyga olib ketish edi. Lekin unday qilolmaydi. Uning yuzi bo‘zdek oqarib, terga botdi, oyoq-qo‘lini qimirlatishga, hatto og‘iz ochishga ham madori qolmagandi.

* * *

Yulduzning dili vayron, zig‘ircha halovat yo‘q. So‘nggi umidi ham chippakka chiqdi. Qulog‘i ostidan esa singlisining ayanchli ovozi ketmasdi. Bu ovoz kechalari uyqusini buzib, yotgan yeridan turg‘azib yuborar, esidan ozgan kishidek u yoqdan-bu yoqqa yurgizar edi, ichini qon-zardobga to‘ldirardi.
— Ey jonim opajon, meni bu yerdan haydamang! Men bu yerdan ketsam, anavi... tamakidan ayrilsam, o‘laman, jon opajon. Men bu yerga ilojim yo‘qligidan keldim. Qanday o‘rganding, bu yerni qanday qilib topding, deb so‘raydigan bo‘lsangiz, oppoq yuzli qizlardek yasanib yuradigan bir ayol bir kuni bizni uyiga boshlab bordi. Uning akalari, onalari, xullas, butun oila o‘shanga kashanda ekan, bizni ham o‘rgatishdi. Keyin, chekmasam turolmaydigan bo‘lib qoldim. Ulardan so‘rasam, o‘zing topib chek, deb bermaydigan bo‘lishdi. Chidamay yolborsam, akasi... Men bilan bir necha kunga ko‘nsang so‘ngra... dedi, o‘zga ilojim qolmagandi... jon opajon, ko‘nishga majbur bo‘ldim. Keyin u ichkari o‘lkaga ketdi. Ketar chog‘ida meni Farhod bilan tanishtirib qo‘ydi. Jonim opajon, endi men bilan ishingiz bo‘lmasligi kerak, aks holda o‘zimni o‘zim nobud qilaman, bir yo‘la bu dunyodan kutulaman. Bizning qismatimiz shu ekan...
Keyingi kunlarda Farhod bilan Qunduz qahvaxonada qorasini ko‘rsatmaydigan bo‘lib qolishdi. Ammo, u ularning haligi uyda ekanligini bilardi. Hushyor vaqtlarida singlisini ularning qo‘lidan qutqarish, Farhoddan o‘ch olish rejasini tuzardi.
Bir kuni qahvaxonaga asil palto, shlyapa kiygan, qimmatbaho ixcham jomadan ko‘tarib olgan ikki yosh yigit kirib keldi. Yulduz, ularning Ahmadga: “Oq tamaki bormi? Qancha bo‘lsa sotib olardik”, deganini eshitib qoldi. Birining so‘l chakkasida jo‘xori donasidek qora xoli bor edi. Ahmad ularga ishonqiramadi: “Nima u, oq tamaki degani? Qanaqa narsa o‘zi? Agar sizlarda bo‘lsa, bizlarga ko‘rsatinglar?” deya yo‘l qildi.
Bir necha kundan keyin, janubiy shinjonglik savdogarlarga o‘xshab ketadigan, soqollari o‘siq bir erkak kirib keldi U Ahmad bilan gaplashayotganda, Nigora o‘tirganlarning oldiga kelib: “Qo‘lingizdagi tamakilarni yashiringlar!” deb shipshidi.
Yulduz darrov boshini ko‘tarib, kelgan kishiga qaradi, qaradi-yu, seskanib ketdi. U odamning so‘l chakkasidagi jo‘xori donidek keladigan qora xolni u o‘tgan kuni kirgan olifta kishida ham ko‘rgandi-ku! Shunchalik ham o‘xshab ketishi mumkinmi odam? Yo‘q, yo‘q, bunchalik emas. Buning ustiga, qosh-ko‘zlari ham o‘sha... Demak.... demak...
Yulduzning yuragi dukillab ura boshladi. U qo‘llari titrayotganini sezdirib qo‘ymaslik uchun paltosini quchoqlab ko‘tarib, tashqariga yo‘l oldi.
— Xali erta-ku, qayerga? — ajablanib so‘radi Nigora.
— Chiqib, havo olib kelay.
U nariroqqa borib, katta ko‘chaning qorong‘i muyulishida kuta boshladi. Sovuqdan, qo‘rquvdan, hayajondan dir-dir titrab, tishlari takirlab ketayotgandi. Huv narida, qalin muz qoplagan yuvundi o‘rasi atrofida katta bir it aylanib yurardi, u go‘yo Yulduzning g‘alati bir ish qilmoqchi bo‘lganini sezgandek, boshini ko‘tarib unga shubha bilan qarab-qarab qo‘yardi.
Olisdan soqolli kishining qorasi ko‘rindi. Yaqinga kelgach, Yulduzga zimdan tikilib qaradi. Yulduz gapirmoqchi bo‘lib lablarini juftladi-yu, tishlari takirlab, og‘zidan gap chiqmay qoldi. So‘ng baqirmoqchi bo‘lgandek, kuchanib og‘zini katta ochdi. Biroq, ovozining shunchalar zaif, titrab chiqayotganiga hayron qoldi.
— To‘xtang, to‘xtab turing... siz qidirgan narsaning... qayerdaligini men bilaman...
Erkak taqqa to‘xtadi. Yulduz titroq ovozda, unga so‘zlar edi. So‘zlari sira qovushmasdi. Shunday titragan va tishlari takirlagan ko‘yi u haligi kishini qorong‘u ko‘chalardan biriga boshladi. Sirtdan qaraganda oddiy, kulbanamo ko‘rinadigan haligi uyga boshlab bordi.
Soqolli odam unga: “Men bilan qayting, hayotingiz xavf ostida, biz sizni himoya qilamiz”, dedi, biroq Yulduz ko‘nmadi. Kishi o‘sha uyning atrofida ancha vaqtgacha aylanib yurdi. Ikki soatlardan keyin bu uyni bir to‘p politsiyachilar qurshab oldi. Ular Farhod, uning sheriklari va Qunduzning qo‘liga kishan solib, olib ketdilar.
Yulduz eshik oldida uzoq o‘tirdi. Shu topda yovuzlik ildiz otgan qahvaxonaning ham kuni bitganday ko‘rinardi. Endi uning boradigan boshqa yeri qolmadi. Biroq uyi, onasi bor edi-ku? U uyiga qaytib borgisi kelmadi. Yo‘q, nima deb qaytadi? O‘zimning xatolarim yetmaganday, ortimdan ergashtirib gulday singlimni ham botqoqqa botirdim deydimi? Onasi uni tushunarmikin? Kechirarmikin? Endi Oliyam ham yo‘q, soqchilar uni ham tutib ketishdi. Ammo Yulduzning ko‘ngli dovul oldidan hukm suruvchi vaqtinchalik sukunatday beixtiyor tinchlanib qoldi. Uning uzoq vaqtlardan buyon ro‘yobga chiqmagan orzusi ushalib, nihoyat o‘zini ilk marta emin-erkin his eta boshlaganday ko‘rinardi.
Yulduz turli-tuman o‘y-xayollar bilan bo‘lib, o‘z uyi oldiga qanday kelib qolganini ham bilmadi. Ana, ro‘parada u va singlisi tug‘ilib voyaga yetgan qadrdon go‘shasi. Otasining ruhi kezib yurgan bu uy unga har qachongidan ham xaroba, miskin ko‘rinib ketdi. Bechora onaizor ikki farzandni katta qilaman deb ne-ne mashaqqatlar chekmadi? Onaning bu riyozatlari evaziga qizlaridan ne ro‘shnolik ko‘rdi? Hurmat, yaxshi gap anqoning urug‘iga aylandi. Azob, xo‘rlik, haqorat nasibasi bo‘ldi. Kim bilsin, hozir dard-alamlar va ko‘z yoshiga g‘arq bo‘lgancha uxlayotgandir...
Yulduz achchiq yoshini ichiga yutdi-yu, uyiga kirishga yuragi betlamay, to‘g‘ri yurib o‘tib ketdi. Qayerga ketayapti? Yana daryo bo‘yigami? U yerda nima qiladi? U joniga qasd qilishni istamaydi. Hayotini boshqatdan boshlaydi, singlisini oqlab, erkinlikka olib chiqadi, uyiga qaytadi. U yana daryo bo‘yiga qarab yo‘l olmoqda. U yer uning eng go‘zal xotiralari bilan bog‘langan. Daryo qirg‘oqlarini bir qavat muz qoplagandi. Ammo uning oyoqlaridan a’zoyi badaniga tarqalayotgan g‘ayritabiiy bir tuyg‘u muz ostidagi to‘xtovsiz ulug‘ harakatdan darak berib turardi.
Olisdan motosikllarning ovozi eshitildi. Shundagina u boshini ko‘tarib qor yog‘ayotganini payqadi. Sal ilgari uchqunlab yog‘a boshlagan qor atrofni yaxshigina oqartirishga ulgurgandi. U paltosiga mahkam o‘ranib, pag‘a-pag‘a yog‘ayotgan qor uchqunlarini tomosha qilib turdi. Qor uchqunlari uning sochlariga, qosh-kipriklariga, yelkasiga qo‘nardi. U qimir etmasdi, kiprik ham qoqmasdi. Shu alpozda tosh haykalga o‘xshardi.
Motosikllarning ovozi borgan sari yaqinlashib kelayotganiga qaramay, Yulduz o‘sha-o‘sha turgan joyidan qimir etmadi. Motosiklchilar kelib, Yulduzga yaqin joyda to‘xtashdi va boshlaridagi qalpoqlarini olib, uch erkak unga tomon bostirib kela boshladi. Yulduz ulardan qilcha qo‘rqmadi. Yulduz ularning aftlarini aniq ko‘rdi...
... Qor tinimsiz lopillab yog‘ishda davom etardi...

* * *

Bu yil qish qattiq kelib, haqiqatan ham ko‘p qor yog‘di.
Ikki kecha-kunduz to‘xtamay yoqqan qor xuddi qalin oq momiq to‘shakdek yer-jahonni qopladi. Qor talay narsalarni o‘z bag‘riga yashirgandi. Ayniqsa, ko‘rimsiz, past-baland tor ko‘chalar birdaniga tozalanib, kengayib, go‘zallashib qolgandek tuyulardi. Aslida, buncha ko‘p qor bu ko‘chalardagi oilalar uchun ortiqcha mashaqqat, ovorgarchilikdan o‘zga narsa emasdi. Qolaversa, tor ko‘chalar, hovlilar qor-muz uyumlaridan battar torayib ketgandi.
Saharlab uyg‘ongan Gulsumxon aya bir tishlam non bilan o‘zini zo‘rlab nonushta qildi, hovlini, eshik oldini baholi qudrat supurib-sidirdi. Xokandoz bilan supurgini ko‘mirxonaga olib kirib qo‘yib, devor o‘chog‘ning yonida cho‘zilgan ko‘yi o‘yga cho‘mdi. Uning ahvoli kundan-kunga battarlashib borardi. Ozgina ish qilsa, yuragi sanchib, oyoq-qo‘lida jon qolmasdi. Shunga yarasha, uylarning devorlaridan tuproq to‘kilib, tomning u yer-bu yeridan chakki o‘tadigan bo‘lib qolgandi. Bularni amallashga, tomga chiqib, chakka o‘tayotgan yerlarni berkitishga uning majoli yetmasdi. Rahmatli umr yo‘ldoshi bo‘lganda edi, uylarni necha martalab tuzatib qo‘ygan, tomdagi qorlar ham vaqtida kuralib turgan bo‘lardi. Qizlari ham bugungiday holga tushib qolmasdi...
Gulsumxon aya kechasi bilan yomon tush ko‘rib, yuragi g‘ash bo‘lib chiqdi. Yulduz uzun, oppoq ko‘ylak kiyib o‘zi yolg‘iz o‘yinga tushib yurganmish, rahmatli eri mashinam buzilib qolib, yarim yo‘ldan qaytib keldim, deb uyga kirib ketayotganmish, xotinidan ranjib, qizlarimni senga topshirgandim, qani qizlarim? Sen ularni nima qilding? — deb so‘rayotganmish...
Shu topda qizlari qayerda bo‘lsa? Qanday kun ko‘rishayotganikin... Nima uchun uning qizlari bunday sho‘rpeshona bo‘lib qolishdi? Gulsumxon aya ularni och-nahor qolmasin, otasizligi bilinmasin deb kechani tonglarga ulab, bellari uzilgudek mehnat qilgandi-ku, axir?! O‘sha ikkovini odam qilib qatorga qo‘shishdan boshqasini o‘ylamagandi-ku? Ajab, u biror ishda xatoga yo‘l qo‘ydimi, yoki onalik burchini to‘liq bajara olmadimi?..
Bir vaqt hovli eshigi taqilladi, u erinchoqlik bilan o‘rnidan turdi. Eshikning oldiga kelib, bosiq ohangda: “Kim?” deb tovush qildi. Eshik ochilib, “Gulsumxon aya, bu men — Anvar!” degan javobni eshitdi-yu, tipirchilab, nima qilishini bilmay qoldi.
— Assalomu alaykum, aya. Yaxshimisiz, bir yo‘qlab keluvdim.
— Va-alaykum assalom, bolam, — dedi Gulsumxon aya Anvarni zo‘rg‘a tanib. U ilgarigi Anvarga o‘xshamasdi, ozib, bir hol bo‘lib qolibdi, buni ko‘rib, ayaning ichi achidi. Lekin sir boy bermay, muloyimlik bilan:
— Ko‘pdan buyon ko‘rinmay qoldingiz, biror yerga borib keldingiz-mi, bolam? — deb ko‘ngil so‘radi, xolos.
— Bir necha oydan buyon... ichkari o‘lkalarda bo‘ldim. Inim shu yoqlarga ketib, darak solmay qo‘ygandi. Topib, olib kelay deb borgandim... qaytarib kelolmay... O‘sha yot yurtlarda, dengiz bo‘yiga ko‘mib...
U to‘liqib, ortiq gapirolmadi, boshini quyi solib, ko‘z yoshlarini yashirmoqchi bo‘ldi.
— Voy tavba, nimalar deyapsiz, bolam? Shunday ishlar ham bo‘ldimi? Qanday qilib?...
— Inim ikki do‘sti bilan bir “xo‘jayin”ga yollanib ichkariga boribdi. “Xo‘jayin”ning qo‘l ostida yigirma-o‘ttizga yaqin “shogird” bolalar bor ekan. Ular hammasining kasbi-kori o‘g‘rilik qilib, topgan pulining ko‘p qismini “xo‘jayin”ga topshirishdan iborat ekan. “Xo‘jayin” ularni qimorga solib, giyohvandlikka o‘rgatib, qarzga botirib, so‘ng xohlagancha ishga solarkan. Mening inim o‘sha oq og‘uga mubtalo ekan. Shundan ko‘p qarzga botibdi. Kunlarning birida xo‘jayinning puli yo‘qolibdi. Xo‘jayin buni inimdan gumon qilib, odam boshlab kelib, uni tutib beribdi. Osib qo‘yib... Badaniga pichoq tiqib, qattiq qiynabdi... Men borsam bir eski uyda: “Pulni men olmadim, ishoninglar menga, meni urmanglar” deb baqirib, alahlab yotgan ekan, meni tanimadi ham. Do‘xtirxonaga olib ketayotib... yo‘lda... 
Gulsumxon aya chidab turolmadi, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Voy boyaqish-a, mening qizlarim qayerda, kimlarning qo‘lida xor-zor bo‘lib yurganikin? Qanday yashayotganikan-a...
Anvar tezda boshini ko‘tarib, Gulsumxon ayaga tikilib qoldi.
— Nima dedingiz, aya? Yulduz... Opa-singillar bir yoqqa ketishganmidi?
— Sizning ham dardingiz menikidan kam emas ekan, bolam, sizdan nimani ham yashirardim. Yulduz ham, Qunduz ham uydan chiqib ketgan. Ancha oy bo‘lib qoldi. Bir xillar ularni qahvaxonalarda, yomon odamlar bilan ko‘ribdi. Nochor jonim bilan men ularni qayerdan ham izlayman. Topganimda ham qaytarib olib kelolamanmi? Mening holimni ko‘rib turibsiz, o‘sha ikkovining dardida adoi tamom bo‘ldim. Ularni endi ko‘rolmay, bir kechada Tangriga omonatini topshirsam nima bo‘ladi deb qo‘rqaman, jonim bolam?!!..

* * *

Oradan ikki hafta o‘tib, Anvar bu mahallaga yana bir kelganida Gulsumxon ayaning qo‘shnilari unga bir necha kun ilgari kampirning to‘satdan joni uzilganini, unga jamoat ega bo‘lib, tuproqqa qo‘yib kelganini gapirib berishdi. Anvar Gulsumxon ayaga qizlarining daragini — Yulduzning beiz yo‘qolib ketganini, Qunduzning esa axloq tuzatish koloniyasiga yuborilganini aytmoqchi edi... Anvar devorlari cho‘kib, mung‘ayib qolgan g‘aribgina hovliga so‘ng bor bir necha daqiqa qarab turdi. Hali yozdagina anavi deraza doimo ochiq turardi. U yerdan kiyim tikish mashinasining shiqirlagan ovozi uzilmasdi. Gulsumxon aya bilan Yulduz o‘sha kichik uyda o‘tirib tikuvchilik qilishardi. Yana bir uydan Qunduz, uning do‘stlarining shod-xurram kulgilari, ashulalari eshitilib turardi. Bir necha oy ichidayoq hamma narsa barbod topdi. Bir uydagi uch jonning biri o‘ldi, biri yo‘qoldi, hayot qolgan biri esa qamalib ketdi.
Dunyoda nima uchun bunday baxtsizliklar yuz beradi? Yulduz bilan Qunduzlarning hamma qatori baxtli hayot kechirishlari mumkin emasmidi? Inisi ham oliygohlarda o‘qishi, uzoq yillar yashashi mumkin edi-ku! Yana u ichkari begona o‘lkalardagi, qahvaxonalarda, kinoteatrlarda, mehmonxonalarning atroflarida, xilvat ko‘chalarda tentirab yurgan yoshlarni ham ko‘rdi. Axir ularning ayni o‘qib, kasb-hunar egalari, jamiyatning munosib kishilari bo‘lib yetishishlari mumkin edi-ku!!!..
Anvarning mushtlari qattiq tugildi. U shu tobda ovozining boricha baqirgisi, dod solib yig‘lagisi, inson haq-huquqini himoya qilish idoralarining mahkam yopiq eshiklarini tepib ochib, u yerdagilarga dilidagi dardu alamlarini bitta qo‘ymay to‘kib solgisi keldi.
Har kuni orzu-umidlarga to‘lgan yangi tong otadi. Kechga borib bu orzu-umidlar xayoliy soyadek g‘oyib bo‘la boshlaydi. Yana noxush tushlarning adog‘i yo‘qdek tuyuladi. Ammo ufkdan taralgan shafaq yog‘dusida tumanday tarqab ketadi.
Umid bilan to‘lgan kunlar, adog‘i yo‘q vahimali kechalardan talaylari o‘tib ketdi. Anvarning qalbidagi umid uchqunlari so‘nmadi. U yo‘ldan adashganlar, oqibatini o‘ylamay, boshi berk ko‘chalarga kirib qolganlarni tutib olib ketadigan idoralarga, do‘xtirxonalarga, ayollarga boradigan gumonli yerlarga bordi. Hech qayerdan Yulduzning daragi chiqmadi. O‘z vaqtida u Yulduz bilan ko‘rishmay ketib qolmaganda, juda bo‘lmaganda, ichkari o‘lkaga borib, biror enlik xat yozib yuborganda ham bo‘lardi, ammo... u vaqtlarda uning o‘zi ham qayg‘u-hasratdan boshini ko‘tarolmay qolgandi. Shunday bo‘lsa-da, Yulduzni qidirib topgisi, unga ko‘p gaplarni aytgisi kelardi.
Biroq, Yulduz... qayerlarda yurganikin? Gulsumxon aya aytgandek, kimlargadir sarg‘ayib, kimlargadir xo‘rlanib yurganmikin?.. Anvar paltosining yoqasini qayirib, biroz shumshaygan holda jadal yurib ketdi...
... Yana qor yog‘a boshladi. Anvarning qalbida bir parcha umidli cho‘g‘ yonishda davom etardi. U inisini, sochlarini bir o‘ram qilib orqasiga tashlab yuradigan, bolaligi hali dimog‘idan ko‘tarilmagan ikki yanog‘i yosh bilan ho‘llangan Qunduzni ham ko‘p o‘yladi. U Qunduzni tashlab qo‘ymaslik, qanday qilib bo‘lsa-da, uni o‘z opasiga o‘xshash oqibatdan saqlab qolish kerak, degan qat’iy qarorga keldi. Biroq bunga kuchi yetarmikin? Farhod qo‘lga olinib, o‘n kun keyinroq “gunohsiz” deb qo‘yib yuborildi. Nigora zo‘rg‘a bir yillik majburiy axloq tuzatish koloniyasiga hukm qilindi. Ammo u yerda “xulqi yaxshi” deb, mehnatdan ozod etilib, issiqqina xonada o‘tirib, derazadan qarab turuvchi nazoratchi bo‘libdi. Bundaylar tegirmondan ham butun chiqadilar. Jamiyatda xali ko‘plab “Nigora”, “Ahmad”, “Farhod”lar bor. Ularning tirgovichlari bor...
Biroq, ularga qarshi turadiganlar, ulardan nafratlanadiganlar, ularga astoydil qarshi turib kurashadiganlar yanada ko‘p, ularning jamiyatga keltirayotgan hisobsiz zararlarini anglab yetguncha butun jamiyat, barcha insoniyat qo‘zg‘alib, safga otlanadigan kunlar keladi hali...
U nimanidir qidirgandek, nimanidir kutayotgandek, qor uchqunlari bilan to‘lgan poyonsiz bo‘shliqqa nigoh tashladi.
Qor hech tinadigan emasdi...

Uyg‘ur tilidan Habibulla Zayniddin tarjimasi
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.