OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xorxe Luis Borxes. Tangri bitiklari (La escritura del dios)

Tosh zindon chuqurdir; ichkari tomondan osmonga qadar cho‘zilgan yarim pallaga o‘xshash bu zindon harsang toshlar yotqizilgan tubiga tomon torayib borganligidan bir vaqtning o‘zida ham dilgir, ham bepoyon tuyiladi. Yarim pallaning o‘rtasidan devor o‘tgan; u juda baland bo‘lsa-da, gumbazning yuqori qismiga dovur baribir yetib bormagan; devorning bir tomonini men – Pedro de Alvarado kuydirib kul qilgan Kaxoloma ehromining kohini Tsinakan, ikkinchi tomonini bo‘lsa, qafasining makon va vaqtini bir maromda, ko‘z ilg‘amas qadamlar bilan o‘lchayotgan qoplon zabt etgan. O‘rtamizdagi devor tubidan panjarali tuynuk ochilgan. Ko‘lankalar chekingan mahal (choshgohda) zindon qopqasi ko‘tarilib, zamonlar kechgan sayin ruxsorini yo‘qotgan nazoratchi arqon bog‘langan sopol ko‘zalarda bizga suv va go‘sht bo‘laklari tushiradi. Shunda zindon yorishadi va men qoplonni ko‘ra olaman.
Zimistonda kechgan yillarimning hisobidan adashdim; qachonlardir men navqiron bo‘lgandim va mana shu tosh hujra bo‘ylab sayr qila olardim, endi esa jasadim yerparchin va shu alfozimda xudolar hozirlagan zavolimni kutishgina qolyapti, xolos. Qachonlardir men uzun chaqmoqtosh pichoq bilan qurbonlikka keltirilgan odamlarning ko‘ksini yorardim, endi bo‘lsa zindonning chang-to‘zon yalla qurgan tubidan afsun yordamisiz tura olmayman.
Ehrom yondirilishidan oldin baland bo‘yli otlardan tushgan odamlar xazina qaerdaligini bilish maqsadida laqqa cho‘g‘ temir bilan meni qiynoqqa soldilar. Ko‘z o‘ngimda Tangri haykali oyoq osti qilindi, ammo U mendan yuz o‘girmadi va qiynoq mahali sukut saqlashimga ko‘mak berdi. Meni savaladilar, do‘pposladilar, majruh qildilar va men endi hech qachon chiqib keta olmas bo‘lganim – mana shu zindonda hushimga qaytdim.
Nimadir qilish lozimligini sezib, vaqtni bekor o‘tkazmaslik uchun zimistonda uzala tushgan ko‘yi qachonlardir o‘zim bilgan narsalarni qayta tiklay boshladim. Men tosh ilonlarning joylashuvi va miqdorini yoki shifobaxsh daraxtlar xususiyatlarini eslashga urinib tunlarni o‘tkazardim. Shu ko‘yi yillarni quvg‘in qilib, o‘zimga tegishli bilimlar hoqoni bo‘lishga yana qayta muvaffaq bo‘ldim. Bir kun oqshom ko‘nglimni sel qilar xotiraga yaqinlashib qolganimni sezdim: hali dengizni ko‘rmagan bo‘lsa-da, uning chayqalishini qon tomirlarida tuygan sayyoh holiga tushgandim. Anchadan so‘ng xotira tiniqlashdi: bu Tangri bilan bog‘liq rivoyatlarning biri edi. U zamonlar oxirida ko‘p falokat va kulfatlar sodir bo‘lishini bilib, yaralishning birinchi kuniyoq mana shu barcha falokatlarni bartaraf qila olar bo‘lgan fusunkor bitikni muhrlab qo‘ygandi. Bu jumla zamon va makonlar bag‘rida shu qadar pinhonligidan eng olis avlodlarga qadar yetib bora olar va hech bir tasodif uni sidirib tashlay olmasdi. U bu jumlani qaerga va qay yo‘sinda bitgan – hech kim bilmaydi, ammo biz u qaerdadir pinhon ekaniga va fursat yetgach, qaysidir bir omadi chopgan odam uni o‘qiy olishiga shubha qilmaymiz. Shunda men biz har doimgidek zamonlar oxirida turibmiz va mening qismatim – Robbimning so‘nggi xizmatkori qismati – mana shu yozuvni anglay olishimga imkon berar balki, deya xayol qildim. Zim-ziyo zindonda bo‘lsam-da umidim so‘nmagandi; ehtimol, men bu yozuvlarni Kaxolomada minglab marotaba ko‘rgandirman, ammo ularni tushuna olmaganman.
Dastlab ko‘nglimni tog‘ qilgan bu o‘y endi meni esankiratib qo‘ydi. Butun yer yuzida o‘chmas va mangu shakllar mavjud; ularning har biri izlanayotgan timsol bo‘la oladi. Tog‘ yoki daryo, saltanat va yo yulduz burjlari Tangri kalomi bo‘lib chiqishi mumkin. Ammo vaqt o‘tishi bilan tog‘lar kukunga aylanadi, daryolar o‘zanini o‘zgartiradi, saltanatlar esa beqarorlik va falokatlar botqog‘iga botadi, yulduzlar surati ham muqim emas. Hatto falak-da o‘zgarishlar ilmidan saboq olgan. Tog‘ va yulduz asil mohiyatiga ko‘ra shaxsdir, o‘z navbatida shaxs esa bunyod bo‘ladi, yo‘qlikka yuz tutadi. Va shunda men barqaror va zaiflik dengiziga cho‘mmagan matoh izlashga tushdim – boshoqli o‘simliklar, ko‘katlar, qushlar va odamlarning nasllari haqida o‘y surar bo‘ldim. Balki o‘sha fusunkor jumla mening chehramga bitilgandir va mening-da o‘zim sargardonliklarimning asil boisidirman. Shu onda Tangri sifatlaridan biri qoplon ekanini esladim.
Qalbimni lazzatli quvonch chulg‘ab oldi. Men barcha zamonlarning ilk tongini, bu noma qiyomat ostonasida turgan eng so‘nggi odamlarga qadar yetib borishi uchun g‘orlarda, chakalakzor va orollarda uzluksiz ko‘payar bo‘lgan qoplonlar terisiga o‘z maktubini muhrlayotgan Ilohimni xayol qildim. Men mana shu mushuklar shajarasini, kalomning daxlsizligi haqqi dalalar va podalarga dahshat soluvchi mana shu ulkan mushuklar labirintini tasavvur qildim. Yonginamda qoplon bor edi; shu yonma-yonlikda men taxminim tasdig‘i va Tangrining yashirin marhamatini ko‘rdim.
Men qoplon terisidagi dog‘larning shakl va o‘rnini o‘rgana ko‘p yillarni shom qildim. Har bir so‘qir kun bir tishlam nur hadya etar, shunda men mallarang teriga bitilgan siyohrang yozuvlarni xotiramga muhrlay olardim. Ularning ayrimlari alohida nuqtalari bilan ajralib turar, boshqalari ko‘ndalang chiziqlarga tutashib ketgan, uchinchi bir xillari – xalqasimonlari esa muttasil takrorlanardi. Aftidan, oxirgilari bir xil bo‘g‘in va yoki bitta so‘z edi. Bularning aksari qizg‘ish gardish bilan o‘ralgandi.
Yumushimning naqadar mushkulligi haqida gapirib o‘tirmayman. Gohi zamon men devorlarning quloqlariga azon aytib, bu bitiklarni o‘qiy olish inson bolasining chekiga tushmagan deya hayqirardim. Tobora ayrim jumboq meni umumiy jumboqdan ko‘ra kamroq o‘yga toldira boshladi: Tangri yozib qo‘ygan hikmatning boisi ne?
“Qanday hikmat, — deya o‘zimni so‘roqqa tutardim, — mutlaq haqiqatni o‘z jismiga jo qilgan?”. Mening xulosam shunday edi – insonlar tilida borliqni butunicha aks etkazmas birorta ham so‘z yo‘q, “qoplon” deyish – bu uni dunyoga keltirgan boshqa qoplonlarni, u ov qilib kun kechiradigan kiyiklarni, kiyiklar oziqlanadigan ko‘katlarni, ko‘katlar volidasi bo‘lgan zaminni, zaminni bunyod etgan osmonni eslash degani. Va men tushundim, o‘zaro bir-birini taqozo etuvchi bu bitmas-tuganmas sadolarni Tangri tilida har qanday so‘z, yashirin emas, ochiqdan-ochiq va navbat bilan emas, balki bira-to‘la anglatadi. Borgan sayin menga ilohiy hikmat tushunchasining o‘zi go‘daklarga xos oddiy-odmi va shakkoklik bo‘lib tuyila boshladi. “Xudo, — derdim men, — butun boshli borliqni o‘zida jo qilgan bitta dona so‘z aytishi lozim edi. Uning ilohiy lablaridan uchib chiqqan har bir tovush butun borliq yoki, jillaqursa, zamonlarning butun birligidan ko‘ra zaifroq emasdir. Odamlarning “hamma”, “olam”, “borliq” kabi g‘arib va balandparvoz so‘zlari – bu butun boshli tillarga va shu tillar izohlaydigan butun-ja’mi matohlarga teng bo‘lgan yagona tovushning bor-yo‘g‘i ko‘lanka hamda muqoyasasidir.”
Bir kun oqshom (va yo kunduz) – mening kunduz va kechalarim o‘rtasida qanday farq bo‘lishi mumkin? – zindonim sathida qum donasi paydo bo‘lganini tush ko‘rdim. Bunga e’tibor qilmasdan yana mudroq qo‘yniga cho‘mdim. Navbatdagi tushda uyg‘onib, qum donasi ikkitaga ko‘payganini tush ko‘rdim. Men tag‘in uyquga ketdim – qum donasi uchtaga ko‘paygandi. Ular butun zindonni to‘ldirib yuborguncha shu taqlid tinimsiz ko‘payib borardi va men qumtepa ostida bo‘g‘ila boshladim. Men uxlashda davom qilayotganimni anglagach, jonholatda chiranib uyg‘onishga harakat qildim. Ammo bu uyg‘onishimdan naf bo‘lmadi: qumtepaliklar avvalgidek meni yanchib turardi. Va shu choq kimdir birov so‘z so‘zladi: “Sen bedor bo‘lish uchun emas, balki avvalgi tushingga uyg‘onding. Bu tush esa, o‘z navbatida, boshqasining bag‘riga joylangandir va shu tariqa qum donalarining miqdoriga barobar cheksizlikka qadar. Sen tanlagan yo‘lning adog‘i yo‘qdir va sen chinakamiga uyg‘onishingdan ancha avval halok bo‘lasan.”
Men halok bo‘layotganimni tushundim. Og‘zim to‘la qum bo‘lsa-da qichqira oldim: ”Tushlarda ko‘rilgan qum meni o‘ldira olmaydi, tushlardan tug‘ilgan tushlar mavjud emasdir!” Yuzimga qo‘ngan bir tutam shu’ladan uyg‘onib ketdim. Zimiston og‘zida yop-yorug‘ doira paydo bo‘lgandi. Men nazoratchining yuz va qo‘llarini, chig‘ir va arqonni, go‘sht va sopol ko‘zani ko‘rdim.
Odam asta-sekin o‘z qismatining qiyofasini o‘zlashtirib boradi, o‘z vaziyat-holatlari bilan birikib ketadi. Men bashoratgo‘y va qasoskor hamda tangrimning kohini edim, ammo ayni paytda, dastavval tutqunman. Uzoq ayriliqdan so‘ng horib-charchagan sayyoh uyiga oshiqqani singari men ham tushlarning badnafs labirintidan zindonimga qaytgandim. Men sovuq zindonga, qoplon va meni yorug‘ dunyodan ayri qilgan qopqaga, zaif vujudim hamda zim-ziyo zimiston va toshlarga shukronalar aytdim.
Va shunda hech qachon yodimdan chiqmas va so‘z bilan ifoda qilib bera olmas bo‘lganim voqea sodir bo‘ldi. Men Xudo va butun koinot bilan (agar bu ikki ism bir xil tushunchani ifoda qilmasa) birikib ketdim. Bu zavqni timsollar vositasida ifoda qilib bo‘lmas; kimdir Tangrini yorug‘lik shu’lasida, yana birov – shamshirda, uchinchi bir kimsa esa – atirgulning xalqasimon gulbarglarida ko‘ra olishi mumkin. Men esam allaqanday yuksak Charxpalakni ko‘rdim; u mening qarshimda, u mening ortimda va yo u mening yonginamda emas, balki bira to‘la va bir vaqtning o‘zida hamma yoqda edi. Charxpalakni olov chulg‘agandi, Charxpalak suv ufurayotgandi, men gardishini ko‘rib tursam-da, ammo u cheksiz edi. Unda hamma narsa – sodir bo‘lgan, ayni paytda ro‘y berayotgan va kelgusida voqe’ bo‘lguchi hamma narsa chatishib ketgandi; men bu matoning bir tolasi edim, mening kushandam Pedro de Alvarado esa – boshqa bir tola. Barcha sabab va oqibatlar Charxpalakda edi, hamma narsani, barcha-ja’mi cheksizlikni anglashim uchun unga bir bora razm solishim kifoya edi. O‘, anglab yetish lazzati, sen tasavvur lazzati va tuyg‘ulardan-da ulug‘san. Men butun koinotni ko‘rdim va uning botiniy niyatlarini anglab yetdim. Men Maslahatlar Kitobida yozilgan Zamonlar Ostonasini ko‘rdim. Men suvlardan qad ko‘tarayotgan tog‘larni, vujudlari og‘och bo‘lgan dastlabki odamlarni, ularni quvg‘inga olgan tosh idishlarni, bu odamlarning yuzlarini g‘ajiyotgan ko‘ppaklarni ko‘rdim. Xudolar ortida turgan beruxsor Xudoni ko‘rdim. Yagona rohat-farog‘at bo‘lib birlashayotgan behisob faoliyatlarni ko‘rdim va hamma-hammasini tushungach, qoplon terisidagi bitik ma’nosini ham angladim.
Bu jumla esa o‘zaro bog‘lanmagan (yoki menga shunday tuyilgandi) o‘n to‘rtta so‘zdan iborat hikmat edi. Cheksiz qudrat sohibiga mengzashim uchun uni baralla aytishim kifoya edi. Bu tosh zindon g‘oyib bo‘lishi uchun, tunimga kunduz bostirib kirishi uchun, navqironligim kaftimga qo‘nishi uchun, qoplon Alvaradoni burdalab tashlashi uchun, ispanlarning ko‘ksiga muqaddas xanjar qadalishi uchun, ehrom vayronalardan qad ko‘tarishi va saltanat qayta bunyod bo‘lishi uchun mana shu jumlani baralla aytishim kifoya edi. Qirqta bo‘g‘in, o‘n to‘rtta so‘z – va men, Tsinakan, bir mahallar Moktesuma hukm surgan yerlarga hokim bo‘laman. Ammo men bu so‘zlarni hech qachon talaffuz etmasligimni ham bilaman, illo o‘shanda Tsinakan unut bo‘ladi.
Qoplonlarning terilariga muhrlangan bu tilsim o‘zim bilan go‘rga kirsin. Kimki butun-ja’mi koinotni ko‘rgan bo‘lsa, kimki borliqning otashin niyatlarini anglab yetgan bo‘lsa, inson haqida, uning g‘arib quvonch va qayg‘ulari haqida o‘ylab o‘tirmaydi. Hatto uning o‘zi ayni shu odam esa-da – to‘g‘rirog‘i, ayni shu odam bo‘lgan esa-da – bu muammo uni ortiq qiziqtirmaydi. Uning uchun o‘sha, boshqa odamning ahamiyati yo‘q, uning uchun o‘sha boshqa odamning qaysi qavmga tegishli ekanining ahamiyati yo‘q – axir uning o‘zi endi Hechkimga aylandi. Mana, nima uchun men hikmatni oshkor qilmayapman, mana, nima uchun men zim-ziyo zimistonda uzala tushgan ko‘yi kunu tunlarimni yeb bitiryapman.

Sharifjon Ahmedov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.