background
logotype

Xulio Kortasar. Biri kam dunyo (hikoya)

Har payshanba atay qilgandek, “Radio Belgrano”da, yarim kechga dovur qolib ketardik. Bu hali holva, Lemosning xarxashalari bundan ham oshib tushardi; u qo‘yarda qo‘ymay meni uyiga sudrar — rosa mehmon qilar, ba’zi-ba’zida kayfiyati chog‘ bo‘lsa, qulfi dili ochilib chinzano quyib berardi. Yoqmaydigan tomoni — bunday saxovatga javoban uning adoqsiz o‘y-rejalarini churq etmay tinglashga majbur bo‘lar, toza havoga — ko‘chaga chiqib olsam shu radioteatr degan zormandani o‘la-o‘lgunimcha og‘zimga olmayman, deb o‘z-o‘zimga so‘z berib o‘tirardim. Chidamay qayoqqa boraman, Lemos bozori chaqqon rejissyorlardan — gapi hamma yerda o‘tadi. Buning ustiga yaratgan barcha radiospektakllariga meni, albatta, taklif etar, otasiga rahmat, kattami-kichikmi ijro etgan salbiy rollarim uchun durustgina haq to‘lardi.
- Zap ovozing bor-da, — deya maqtab qo‘yardi Lemos ko‘pincha, — to‘g‘risini aytsam xiyonat qilishing yoki qadrdon do‘stingni zaharlab o‘tirishing shart emas, tovushingni eshitgan zahoti yarim Argentina go‘ringga g‘isht qalay boshlaydi.
Ehtimol shundaydir, lekin ishonchim komilki, Lusiana go‘rimga g‘isht qalaydiganlar toifasiga mansub emas. Chunki aniq esimda, aynan oshiq qahramonlar rolining mashhur ijrochisi Xorxe Fuentes “Sharmisor gullar” radiopesasining premerasidan so‘ng ikki savat ishqiy makgubi va tandiliyalik allaqanday shoirtabiat fermer hadya sifatida yuborgan barra qo‘zichoqni olgan kuni yugurdak Matstsa Lusiananing binafsharang konvertga solingan ilk maktubini qo‘limga tutqazgan edi.
Chuchmalgina maktublaru balandparvoz iqrornomalar ko‘nglimga urgani uchunmi xatni ochib, hech kimga ko‘rsatmay cho‘ntagimga solib qo‘ydim-da, Xuares Solman va Olive bilan (shov-shuvga sabab bo‘lgan “Sharmisor gullar” tugab, “Bo‘ronda qolgan qush”ni boshlashimizga hali bir hafta bor — aytmoqchimanki, bu yog‘i dam — erkin qush edik) birgalikda qahvaxonaga yo‘l oldik. Ikkinchi martini ochilganda binafsharang konvert esimga tushdi-yu, o‘rtoqlarim oldida ochib o‘qigim kelmadi, chunki bilaman, boshim mazaxdan chiqmaydi — deyarli hammalari qitmir, bitta bahona bo‘lsa bas, kulgi qilib enka-tinkangni quritishadi. Binafsharang konvert-ku ular uchun ayni muddao! Shu sabab xatni xayolimdan chiqardim, uyga borganda esa avval mushukka qaradim, unga sut quyib berdim, birpasgina erkalab, silab siypaladim, undan keyingina konvertni ochdim va shu tariqa dunyoda Lusiana degan ayol borligidan voqif oo‘ldim.
“Menga Sizning rasmingiz kerakmas, — deb yozardi Lusiana, — “Simfoniya” hamda “Antenna”ga o‘xshash jurnallar Miges va Xorxe Fuentes suratini qayta-qayta e’lon qilaverishsin — menga zarracha qizig‘i yo‘q. Siznikini chiqarmay qo‘ya qolishsin — sadqai sar, mening yuragimda bir narsa borki, o‘sha menga ham yupanch ham quvonch ato etadi, bilasizmi uning nimaligini — u Sizning ovozingiz! Meni undan hech kim mahrum qilolmaydi. Mayli, bedavo razilona ovoz deyisha qolsin, men ahamiyat ham bermayman. Sababi, bilamanki, Siz ijro etayotgan rollar tinglovchini chalg‘itadi. Ular asar qahramonlari qolib pirovardida sizni yomon ko‘rib yurishadi. Nomingizni nafrat bilan tilga olishdan andisha qilishmaydi. Buni eshitib, bechora dili og‘rirkan, deb o‘ylamang yana. Aksincha, xursand bo‘laman, sababi xuddi shu narsa menchalik hech kim sizni tushunmaydi, deb ishonch bilan aytishimga izn beradi. Chindan ham Sizni menchalik tushunadigan tinglovchi topilmasa kerak. Siz manfur va razil kimsalar rolini ijro etayotganda, qiynalasiz, iztirob chekasiz va hatto mahobat qilyapti, demang-ku, yuragingiz qonga to‘ladi. Men buni ich-ichimdan his qilaman. Bu yovuz qahramonlar aslida sizning mahoratingiz va iste’dodingiz mahsulidir, zinhor-bazinhor qalbingiz va ilhomingiz samarasi emas. Siz Miges yoki Rakelita Bayli singari qahramonlaringiz bilan har jihatdan uyg‘unlashib ketolmaysiz. Bunga intilish tugul istamaysiz ham. Shuning uchun yana va yana takrorlayman, “Sharmisor gullar”dagi toshbag‘ir shahzodaga zarracha ham o‘xshamaysiz. Afsuski, tinglovchi degani yanglishib charchamaydigan toifa, ular hech narsaning farqiga bormaydi. Aks holda o‘sha zolim va toshbag‘ir shahzoda qolib Sizni yomon ko‘rib yurisharmidi. Men buni o‘tgan yili, Siz qonxo‘r qaroqchi Vassilis rolini ijro etganingizda Poli xolam bilan qo‘shnilarimizning gap-so‘zidan fahmlagan edim. O‘shanda ularning tuturiqsiz mulohazalarini eshitib o‘zimni qo‘ygani joy topolmay qolgan va hech kimga keragi yo‘q odamday yurak-bag‘rim ezilib, dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketgan edi. Ko‘nglimdan kechgan barcha o‘y-xayolimni kimgadir to‘kib solgim yoki shu haqda yozib yuborgim kelgandi. Ehtimol, menga o‘xshab dilidagini izhor qilishni, Siz bilan aqalli xat orqali dardlashishni istovchilar bisyordir. Xudo haqqi, men shunday bo‘lishini juda-juda xohlayman, faqat… faqat Siz uchun, chunki yolg‘iz emasligingizni, ming-minglab tinglovchilar orasida hamfikrlaringiz, Sizga xayrixoh va hamdard muxlislaringiz borligini bilishingiz lozim deb hisoblayman. Biroq yana istardimki, Sizni rollaringiz, ovozingiz orqali chin iste’dod deya ko‘proq biladigan va qadrlaydigan yengil-elpi arzimas rollarni ijro etuvchi aktyorlardan ming karra ustun qo‘yadigan yagona muxlisangiz ham men bo‘lib qolsam. Haqiqiy san’at bilan jo‘n, arzon-garov ijroning farqiga bormaydigan odamlardan nimani kutish mumkin?! Shekspirni qo‘yishgani esingizdami… Men hech kimga aytmagandim o‘shanda Siz o‘ynagan Yagoni Otellodan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rib qolganimni. Menga javob yozaman, deb o‘zingizni qiynamang, manzilimni har ehtimolga qarshi, birdan javob yozgingiz kelib qolsa, degan andishada yozib qo‘ydim. Mabodo yozmasangiz zarracha o‘kinmayman. Asosiysi, dilimdagini to‘kib socholdim va baxtiyorman”.
Qosh qoraya boshlagandi, oralari ochiq, yirik harflar bilan yozilgan, binafsharang konvertni o‘ynab charchagan baroq mushuk divandagi yostiqda tinchgina uxlardi. Bruno bizni tashlab ketgandan buyon uyda qozon qaynamas, mushuk ikkimiz asosan turli konservalar bilan qanoatlanardik. “Tarki odat- amri mahol deganlaridek, deyarli har kuni ozgina konyak ichib, chekardim. Uch-to‘rt kun bekor qolganimda (“Bo‘ronda qolgan qushlar” ustida ish boshlash arafasida) Lusiananing maktubini qayta o‘qib chiqdim. Ochig‘i javob yozish xayolimda ham yo‘q edi. Uch yilda bir marta xat olsa ham akang qarag‘ayning san’atkor degan nomi bor axir. Lusiana xonim… qisqasi, juma kuni kechqurun film boshlanmasidan oldin qog‘oz-qalam olib xat yozishga kirishdim. Xatni “Hurmatli Lusiana, maktubingizni o‘qib chiqdim, iliq so‘zlaringiz behad to‘lqinlantirib yubordi, — deya boshladim. — Iltifot, xushomad, deb o‘ylamang, iltimos”. Iltifotga balo bormi, men och jigarrang shalola sochli, musaffo ko‘zlari ma’yus va o‘ychan boquvchi nozikkina ayol sifatida tasavvur qilayotgan juvon go‘yo qarshimda o‘tiribdi-yu, uning maktubidan qanchalar mutaassir bo‘lganimni o‘ziga to‘lqinlanib aytib berayotgandek yozardim. Buyog‘i ko‘ngildagidek chiqmadi — eslashgayam arzimaydi, to‘g‘risi, bor his- tuyg‘ularim shu birgina jumlaga jo bo‘lganu bu yog‘iga o‘xshamayotgandek, davom ettira olmagandekman — nachora muxtasar qilib qo‘ya qoldim, yana ikki-uch satr minnatdorlik izhori, so‘ng “Mehr bilan do‘stingiz Tito Balkarsel”. Xat oxiriga lutfu marhamat yuzasidan bitta ibora qo‘shishga to‘g‘ri keldi: “Manzilingizni berganingiz uchun cheksiz minnatdorman. Ko‘nglimdagini yozib yuborolmaganimda toza diqqatim oshardi”.
Hech kimning tan olgisi kelmaydi-yu, lekin bekor qolgan odamning siqilmay iloji yo‘q, ayniqsa menga o‘xshaganlarning. Yoshligimda bo‘sh qoldim, deguncha qizlarning orqasidan yugurardim. Bitta yarimtasini qarmoqqa tushiraman, degan niyatda deyarli har kuni “ov”ga chiqardim, ko‘nglimga yoqib qolganini ilintirmay qo‘ymasdim. Orada Brunoni uchratdim. Turmush qurdik, afsus, bor-yo‘g‘i to‘rt yil birga yashadik.
Buenos- Ayresda yashayotgan yigit uchun esa o‘ttiz besh yoshda hayot o‘z zavqini yo‘qota boshlaydi. Xususan, bitta-yu bitta mushugi bilan hech qaerga chiqmay kitob o‘qib yotishni ham, oqshomlari sayrga chiqishni ham birday hushlamaydigan menga o‘xshagan so‘qqaboshlar uchun. O‘zimni qarib qolgandek his etayotganimdan emas, balki aksincha, boshqalar, shu jumladan, meni qurshagan buyumlar ham eskirib, tarovatini yo‘qotib borayotganidan. Shuning uchun kechqurunlari uyga qamalib, “Bo‘ronda qolgan qushlar” radiospektaklining matnini qayta-qayta o‘qib, rolimni Lemos taxdil qilib berganidek emas, o‘zim tushungandek, qolaversa arzimagan rol bergani uchun jo‘rttaga personajning mash’um qiyofasini bo‘rttirib, esda qolarli darajada aks ettirish maqsadida jo‘n, siyqa iboralarga sayqal berib, urg‘ulab, shu tariqa mukammal obraz yaratish niyatida takrorlab o‘tirarman. Pirovard natijada, asarni magnit lentasiga yozish jarayoniga qadar nafrat va adovat sarhadlari aro sarson-sargardon kezgan qahramonning (radiotinglovchi huzurlanib tinglashi va haqiqatning ro‘yobga chiqishiga bo‘lgan ishonchini kuchaytirishga xizmat qiluvchi razil kimsa efir so‘nggida asfalasofilinga qulab tushishi bilan esda qolardi) ovozidagi ohang va urg‘ular maromiga yetgan bo‘lar va tabiiyki, rejissyor ham, ovoz operatorlari ham mening ijroimga tasannolar aytib o‘tirishar edi. Yana bitta martini quyish uchun o‘rnimdan turganimda birdan eski jurnallar orasidagi Lusiananing maktubi esimga tushib qoldi-yu, bekorchilikdan olib o‘qib chiqdim va beixtiyor ko‘z o‘ngimda yana Lusiana paydo bo‘ldi. Mening quvvai tasavvurim juda kuchli, nimaiki istasam, ko‘z oldimga keltira olaman, ilk bor Lusiana nozikkina, men tengi va nigoxlari sokin juvon tariqasida ko‘ringan edi, mana hozir, xatni ikkinchi bor o‘qiyotganimda ham u shu alfozda, har bitta jumla ustida chuqur mulohaza qilib qog‘ozga tushirayotgan qiyofada namoyon bo‘ldi. Aytmoqchi, bir narsaga ishonchim komilki, Lusiana yetti marta o‘chirib-tuzatib, so‘ng xat yuboradigan ayollar sirasiga mansub emas. To‘g‘ri, menga xat yuborishdan oldin yozaymi-yozmaymi deb ancha vaqtgacha ikkilanib yurgan bo‘lishi mumkin, lekin “Isnod gullari”dagi rolimdan keyin o‘ylab ham o‘tirmagan — so‘zlar o‘z-o‘zidan quyilib kelavergan. Xatning bir nafasda yozilgani sezilardi, shu bilan birga, binafsharang konvert tufaylimi — maktub shisha idishda uzoq saqlangan eski musallasdek ta’sir qilardi.
Men uning uyini ham hatto osongina tasavvur qilardim. — Ko‘zimni yumsam bas, soyabonli patio yoki hech bo‘lmaganda, ichkari devorlarini chirmovuqgul butunlay qoplagan salqingina oynavand ayvondan iborat uy. Lusiana, u doim oynavand ayvonda o‘tirgan holda ko‘rinardi. Ayvon derazasining rangdor oynalaridan harir pardalar oralab tushayotgan yorug‘lik kulrang tus kasb etardi. Lusiana gavrondan to‘qib ishlangan oromkursida o‘tirgancha kaminaga xat yozyapti: “Siz “Isnod gullari”dagi bag‘ritosh shahzodaga mutlaqo o‘xshamaysiz, -u bir zumgina nafasini rostlaydi-da, keyingi jumlani yozishdan avval, ruchkaning orqasini tishlab xayolga botadi, — lekin hech kim bunday deb o‘ylamaydi. Xudo sizga shunday iste’dod ato etgan va siz shunchalik mahorat bilan o‘ynaysizki, odamlar beixtiyor sizni yomon ko‘rib qolishadi. Bir zamonlar olingan fotosuratlardagiga o‘xshagan yorqin och-jigarrang sochlar, bu kulrang va shu bilan birga munis uyg‘unlik, Siz ijro etgan rollar, ovozingiz zamiridagi pinhon ma’nolarni faqat men tushunsam, faqat men his qilsam…”
“Bo‘ronda qolgan qushlar” premerasi arafasida Lemos hamda guruhimizdagi boshqa aktyorlar bilan birga tushlik qilishga to‘g‘ri keldi. “Lemos zo‘r, aktyorlar g‘o‘r” qabilidagi epizodlardan birini yozishga tayyorlanayotgan edik. Asarning bu sahnasi xarakterlar to‘qnashuvi, sevgi mojarolariga boy edi. Rakelita Bayley esa men har doimgidek turli razilliklarni amalga oshirish uchun asta-sekin hiyla-nayrang va makkorlik bilan tuzoqqa tushiradigan Xosefina ismli takabbur qiz rolini qoyilmaqom qilib o‘ynayotgandi. Bunaqa makr va hiyla, qabohat to‘la sahnalarni o‘ylab topishda rejissyorlar orasida Lemosdan o‘tadigani yo‘q edi. Boshqalar ijro etgan rollar ham egasini topgan — hamma ilhom bilan berilib o‘ynardi. Umuman olganda-ku, ushbu radiospektakl bilan shu paytgacha biz ishtirok etgan o‘n sakkizta asar o‘rtasida qilcha farq sezilmas — ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshar edi. Birgalikdagi tushlik hamda repetitsiyani eslab qolganimning sababi, ayni shu kuni kichkintoy Matstsa Lusiananing ikkinchi maktubini keltirib bergandi, bu safar ham paysalga solmay o‘qib chiqmoqchi bo‘ldim-da, Anxelita bilan Xorxe Fuenteslar “Ximnasiya va Estrima” sport saroyidagi raqs chog‘ida “O‘la-o‘lguncha sevaman”, deya bir-biriga so‘z beradigan lavhani yozishayotganidan foydalanib, tashqariga chiqib ketdim. Bunaqa sahnalar aksar tomoshabinlarga juda yoqar va qattiq ta’sir qilardi. Qolaversa, asar qahramonlarini o‘zlariga mengzash, o‘xshashlik topsa behad quvonib, bu haqda tanish-bilishlari bilan o‘rtoqlashib charchamaydigan tomoshabinlarga asardan kutilmagan xulosalar chiqarishlari uchun imkon yaratardi. Hech qursa, Lemos yoki Freyd nazariyasi bo‘yicha shunday edi.
Men Lusiananing “Almagro ko‘chasidagi qandolat do‘koni yonida ko‘rishsak”, degan sodda va beg‘araz taklifiga jon-jon deb rozi bo‘ldim. Lekin ketidan o‘zining atay qizil kiyib olishi menga esa “to‘rt buklangan gazeta ko‘tarib oling, bir-birimizni topib olish oson bo‘ladi”, deb aql o‘rgatishi yoqmadi. Yosh bolamanmi, bunaqa hijjalamasa! Boshqa yo‘lini topolmagandir-da. Bu yog‘iga esa o‘sha men bilgan Lusiana — u yana o‘sha oynavand ayvonda o‘tirib menga maktub yozayapti. Xiyol narida, kim bo‘ldiykan, onasidir-da, ehtimol otasidir, o‘zi boshidanoq yonida keksa odam o‘tirgandek ko‘rinardi, bir zamonlar katta oila yashagan, bugunga kelib bo‘m-bo‘sh huvillagan xonalarda bir g‘ussa — yo umri bevaqt xazon bo‘lgan, yo uydan butunlay bosh olib ketgan katta qizining dog‘ida kuygan onaning unsiz faryodi kezib yuradi. Ha, ha, bu oila chindan ham azador bo‘lsa kerak. “Mabodo borgingiz kelmasa yoki borolmasangiz hechqisi yo‘q, xafa bo‘lmayman. Ayol boshim bilan taklif mendan chiqmasligi kerak edi, lekin bitta narsani bilamanki, — deb yozardi u komil ishonch bilan, — Siz oqko‘ngil odamsiz, har xil yomon xayollarga bormaysiz”. So‘ng sira kutilmaganda meni hayajonlantirib yuboruvchi misralar bitardi: “Siz meni bor-yo‘g‘i shu ikkita maktubim orqali bilasiz, men esa uch yildirki sizning xayolingiz bilan yashayman, o‘ynagan har bir rolingizni tinglab, oppoq tonglarni ottiraman, shu rollaringiz orqali sizning qanday inson ekaningizni tasavvur qilaman. Men sizni ijro etgan qahramonlaringiz bilan hech qachon aralashtirib yubormayman. Zero, men uchun hamisha birday — o‘zim tasavvur qilgan va qalbimdan joy olgan inson sifatida qolasiz” (bu ikkinchi xatni qaerga qo‘yganim esimda yo‘q. Lekin ma’nosi ham, so‘zlari ham shunday edi. Birinchi xatni esa, yanglishmasam, o‘sha kezlari o‘qiyotgan kitobim Alberto Moravianing romani ichiga solib qo‘ygandim, xat haliyam javonda chang bosib yotgan o‘sha kitob sahifalari ichida bo‘lsa kerak).
Shularni Lemosga aytib bersam bormi, uning ko‘nglida o‘sha zahoti ayriliq va hijronlardan keyin oshiq-ma’shuqlarning topishuvi bilan yakunlanadigan syujet tug‘ilar, binobarin, Lusiana yigit tasavvur qilgandek bo‘lib chiqar va bu chin sevgi muhabbat tantanasi inson bolasini ertangi kun — kelajakni oldindan ko‘ra bilguvchi qilib qo‘yadi, degan g‘oyani ilgari surishga xizmat qilar — bunday ibratli asarlarning esa “Radio Belgrano” da bozori chaqqon edi.
Biroq Lusiana o‘ttizdan oshgan va men tasavvur qilgan oynavand ayvonda o‘tirib maktub bitayotgan nozik ayolga (nima bo‘lgan taqdirda ham u o‘ta latofatli edi) o‘xshamasdi. Yoyilgan tim qora sochlari husniga husn qo‘shar, ayniqsa, bexosdan boshini silkitgan chog‘da shalola sochlari xiyolgina to‘zg‘ib mavjlanar, ko‘zi tushgan odamning yuragi orziqib ketardi. Negadir Lusiananing afti-angorini anikroq tasavvur qilmagan ekanman: musaffo ko‘zlari g‘amgin bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim, xolos. Holbuki, g‘am-g‘ussadan asar ham yo‘q edi bu ko‘zlarda, soch tutamlari ostidan yulduzdek charaqlagan ko‘zlar kulib boqardi kishiga. Uning viski ichishga mayl bildirishi meni hayron qoldirdi. Chunki Lemos asarlarining qariyb hammasida sevishganlar ilk uchrashuv chog‘ida faqat choy ichishardi (Bruno bilan men poezdda sutli qahva ichgan edik) Lusiana ayol boshi bilan uchrashuvga taklif etganidan hijolat chekish tugul, yo‘liga bo‘lsin uzr so‘rab qo‘yishni lozim topmadi. Shunaqa vaqtlarda men, hamisha o‘zimni bilmaganga olib, azbaroyi mazax qilib o‘tirishni xush ko‘radigan mendek odam bu safar negadir o‘ta samimiy, eski tanishini uchratib qolgan kishidek o‘zimni xushhol va erkin sezardim. Boz ustiga quling o‘rgilsin viski ham kayfiyatimni chog‘ qilib yuborgandi. Qisqasi, bundan ortig‘ini orzu qilish noshukurlikdan boshqa narsa emas! Odatda, iliq munosabatlar mana shunaqa uchrashuvlardan boshlanadi: hech narsani yashirmaysan, biror nimadan umidvor bo‘lib o‘tirmaysan, o‘z-o‘zidan suhbat mavzusi men haqimda, o‘ynagan rollarim, ijroga tayyorlanishim va hokazolar haqida bordi. Har holda aktyor degan nomim bor. Lusiana kim bo‘pti, atigi ikkita maktubi va ismi Lusiana ekanini bilaman, xolos. Shu bois maqtanchoq ekan, deb o‘ylashi mumkinligidan cho‘chimay turli radiospektakllardagi rollarim, dushmanlar tirnoqlarimni ombur bilan sug‘urib olishyotganlarida g‘iq etmay chidaganlarim, tiriklay ko‘milgan shaxtyorlar sahnasini yaratishdagi sabr-toqat, kuch, ilhom va mahoratim bularsiz jonli, ta’sirchan, haqqoniy asarga erishib bo‘lmasligi haqida to‘lqinlanib hikoya qilayotganida ham gaplarini bo‘lmay, tinglab o‘tiraverdim. Pirovard natijada, qiynalib bo‘lsa ham, binafsharang konvertlarga solingan maktublar, oynavand ayvon va pishiq novdalardan to‘qilgan oromkursilar ta’qibidan qutilib, asta-sekin uning qiyofasi hamda ovoziga ko‘nikib borardim. Uchrashuvimiz nihoyasida Lusiananing bir zamonlar — o‘ttizinchi yillarda fortepyano chalib yurgan va hatto mashhur Pergaminodagi kontsertlarda qatnashgan Poli xolasi bilan birinchi qavatdagi torgina kvartirada yashashi ma’lum bo‘ldi. Buyog‘iga kelsak, Lusiana ham o‘zicha to‘qib chiqargan odamining xayoliy siymosini hayotdagisi bilan taqqoslab o‘tirgan ekan. Pirovardida, meni baland bo‘yli, sochlari jingalak, qo‘y ko‘zli deb tasavvur qilganini bo‘yniga oldi. Jingalak soch, deganini eshitib men yoqamni ushladim. Chunki bironta spektaklda bunaqa ko‘rinishli yigit rolini ijro etmagandim. Qaerdan oldi buni hayronman, yana kim biladi, Lemos pesalarni to‘ldirib tashlagan bir xil qiyofalar, har qanday pastkashlik va razillikdan qaytmaydigan odamlarinng umumlashma timsoli sifatida xayolida vujudga kelgandir. Hazil tariqasida shu fikrimni unga aytgan edim, Lusiana barcha personajlarni rejissyor sifatida Lemos qanday qiyofada taqdim etgan bo‘lsa, xuddi shunday tasavvur qilganman, deya e’tiroz bildirdi. Lekin ayni chog‘da ko‘p personajlarning hammasini bir chetga surib qo‘yib, men bilan, ovozim bilan qolar ekan, faqat noma’lum sabablarga ko‘ra, men baland bo‘yli va sochlari jingalak yigit bo‘lib tuyulganman.
Bruno meni tashlab ketmaganida Lusianaga ko‘ngil qo‘ymasligim aniq edi. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay uni hanuz unuta olmasdim. Na biron bir do‘stim bor, na mahramim — hech kimim yo‘q edi. Hayotimda paydo bo‘lgan ana shu bo‘shliqni Lusiana o‘zi bilmagan, ehtimol, xohlamagan holda to‘ldira boshlagan edi. Mendan farqli o‘laroq, u hayotida yuz bergan barcha o‘zlarishlarga juda tez ko‘nikar ekan, shu vajdan mening ovozim tufayli, tasavvurida paydo bo‘lgan novcha jingalak soch yigit o‘rniga hayotda ro‘para kelgan sochlari silliq, Lemosning devqomat qahramonlariga qaraganda unchalik ko‘zga tashlanmaydigan Tito Balkarselga darrov o‘rgana qoldi. Bir oy kifoya qildi, xolos, bu evrilishga. Atigi ikki marta qahvaxonada uchrashdik, bir marta menikida. Lusiananing tarovati hamda atir hididan mushuk jonivor yotsiramadi, aksincha, uning tizzalariga chiqib yotishni odat qildi. Aloha o‘zining “ortiqcha” ekanini sezgan lahzalardan e’tiboran biz birga o‘tirgan paytimizda yaqinlashmaydigan bo‘ldi. Poli xola Pergaminodagi singlisinikiga ko‘chib ketdi, endi uning bu yerda kiladigan ishi qolmagandi. O‘sha hafta ichida Lusiana ko‘ch-ko‘roni bilan menikiga ko‘chib keldi, men uning jihozlarini joylashtirishga ko‘maklashar ekanman, oynavand ayvon bilan kulrang ko‘kimtir yog‘du yetishmayotganini ko‘rib, yuragimda og‘riq turdi. Zero, endi bunday narsalarni ko‘rish nasib etmasligiga aqlim yetardi. Shunga qaramay noumid bo‘lgim kelmas ediyu, biroq bir narsasini yo‘qotgan odamday ichimga chiroq yoqsa yorishmasdi. Ko‘chib ketayotgan kuni Poli xola g‘amguzorlik bilan Lusiananing yoshligi, Chikagodagi muzlatgichxonaga ishga kiritib qo‘yaman, deya uni laqillatib, birdan g‘oyib bo‘lgan qallig‘i — Primera Xuntadagi mehmonxonaning xo‘jayiniga turmushga chiqib, baxti ochilmagani, besh yil yashab ajrashib ketganlari haqida hikoya qilib berdi. Bularning barini Lusianadan eshitgan edim, lekin u boshqacharoq — mening og‘ushlarim, likopchada mushukka sut berishlar, har kun kino ko‘rishlar va erishilgan istaklardan iborat yangi hayotga qadam qo‘ygan Lusiana haqida emas, balki allaqanday o‘zga bir ayolning hayoti haqida so‘zlab bergandek bo‘luvdi.
Menimcha, “Qonli boshoqlar” radiospektaklini lentaga tushirish ishlari boshlangan edi, men Lusianadan sochini ochroq rangga bo‘yab olishni iltimos qildim. Buni u avval aktyorlarning injiqligiga yo‘ydi. Agar xohlasang yasama soch sotib olaman, dedi u kulib, so‘ng gap qistirib o‘tdi: darvoqe, senga ham jingalak soch yarashardi-da. Bir necha kun o‘tgach shu xususida yana gap ochgan edim, senga yoqadimi shunaqasi, bo‘pti, menga, qora bo‘ladimi, jigarrangmi, farqi yo‘q, deya rozilik bildirdi. Lekin, to‘g‘risini aytganda, Lusiana mening bu iltimosim aktyorlarning injiqligi bilan emas, balki butunlay boshqa sabablar: oynavand ayvon, novdalardan to‘qilgan oromkursi bilan bog‘liq ekanini axiyri fahmlagan edi… Bu xususda boshqa so‘ramadim, gapimni yerda qoldirmaganidan ko‘ksim tog‘dek ko‘tarildi va buni yolg‘iz qolganlarimizda bag‘rimga bosib, sochlaridan to‘yib-to‘yib hidlayotgan, siynalarini silab, ko‘zlaridan, yuzidan, dudoqlaridan to‘xtovsiz o‘payotgan damlarda bot-bot unga eslatdim. Yanglishmasam ertasigayoq — yo ertalab, yo u bozar-o‘char qilgani otlanayotganda men uning sochlarini ikkala qo‘lim bilan yig‘ishtirib bir tutam qilib turmakladim-da, senga mana bunaqasi ko‘proq yarashadi, dedim chiroyli yuziga yigitlik havasi bilan tikilib. U o‘zini ko‘zguga solib qaradi-da indamadi, avzoyidan gapimga qo‘shilmagani yaqqol sezilib turardi. Buni tushunsa bo‘lardi: Lusiana bu rusumdagi soch yarashadigan ayollar toifasiga kirmasdi. Unga yoyilgan qora soch ko‘proq yarashardi, lekin bu fikrimni ochiq aytmadim, chunki uni boshqacha — ilk bor qandolatxona ostonasiga qadam qo‘ygan kundagidan ko‘ra go‘zalroq ko‘rishni xohlardim.
Men yozib olingan spektakllardagi ovozimni eshitib ko‘rib hech qanoat hosil qilmaganman, ijro etdim — ish bitdimi tamom — nuqta. O‘zlarini salkam aktyorlarning piri, deb hisoblaydigan hamkasblarim hayron bo‘lishadi, qo‘yib bersang bir zamonlar o‘ynagan rollarini har kuni eshitsa! Bu odatimni juda yaxshi bilishgani uchun Lemosdan “Sharmisorlik gullari”ni arxivdan olib ber, deb so‘raganimda ko‘zlarini chaqchaytirib qaradi. U nima uchun kerak bo‘lib qolganini bilgisi kelib so‘radi. Men talaffuzimdagi kamchiliklarni tuzatmoqchiman, deganga o‘xshash bir bahona aytdim. Bir dasta plastinka ko‘tarib uyga kelsam Lusiana ham hayron, sababi u bilan ishim to‘g‘risida bir marta ham gaplashmaganman.
Har kuni qosh qoraydi, deguncha tizzasida mushuk, mening ovozimni eshitib o‘tiradi, buning ustiga har daqiqa olgan taassurotlarini aytib charchamaydi. Lemosga nima degan bo‘lsam, unga ham shunday javob qildim, biroq keltirilgan plastinkalarni eshitish uchun patefonni katta xonaga olib chiqdim-da, Lusianaga: “Sen ham o‘tir, shu yerda birga eshitamiz”, deb iltimos qildim, so‘ng choy damlab keldim va qulayroq bo‘lsin, deb torsherning joyini o‘zgartirdim. Nima keragi bor, ajablanib so‘radi Lusiana, turgan joyi yaxshi edi. Yaxshi edi, lekin chiroq yorug‘i Lusiana o‘tirgan divanga ko‘proq tushar, ko‘zni qamashtirar darajada o‘tkir va ortiq darajada ravshan edi. Holbuki, ayni lahzalarda deraza oynalaridan uning sochlariga, choy quyayotgan qo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushayotgan kulrang-ko‘kimtir oqshom yog‘dusiga nima yetsin?! Meni judayam taltaytirib yuboryapsan-da, dedi hijolat chekkan bo‘lib Lusiana, shuyam ishmi, meni oromkursiga o‘tqazib, o‘zing bir burchakka borib olganingni qara.
Men “Sharmisor gullar”ning ayrim lavhalarini qo‘yib berdim xolos, boshidan oxirigacha eshitadigan bekorchi bormi?! Har xil sarguzashtlar, mojarolar va fitnalarni zo‘r diqqat bilan tinglayotgan Lusianani zimdan kuzatib o‘tirish huzur bag‘ishlardi. Mening ovozim yangrab qolganda u boshini ko‘tarib jilmayar, bu bilan Pradolar xonadoniga tegishli mol-dunyoni egallab olish niyatida har qanday ifloslikdan qaytmayotgan Karmensitaning ablah qaynog‘asi tubanliklari zarracha ham jahlimni chiqarmaydi, demoqchi bo‘lardi. Holbuki, butun asar Lemosning g‘oyasi bilan sugorilgan, ya’ni sof muhabbat va adolat tantana qilardi. Men o‘tirgan joy o‘zimga ma’qul edi. (Lusiananing yonida bir piyola choy ichgach, o‘sha yerdan yaxshi eshitiladi, degan vaj bilan yana joyimga borib olgandim); shu daqiqalarda men anchadan beri yo‘qotgan halovatimni qayta topgandek bo‘lardim. Bu damlar hech qachon tugamasligini, oynavand ayvonni eslatayotgan quyosh botar oldidagi yog‘du bir umr derazadan yog‘ilib turishini orzu qilar edim. Tabiiyki, buning iloji yo‘q; men patefonni o‘chirdim va biz peshayvonga chikdik, lekin avval Lusiana torsherni o‘z joyiga ko‘tarib eltib qo‘ydi, chunki bu yer chindan ham uning joyi emasdi. Ozgina bo‘lsa ham, foydasi tegdimi, deb so‘radi Lusiana kaftimni qo‘llari orasiga olib beozorgina siqarkan. Ha, albatta, dedim va nafasim qaytib ketmasligi uchun undosh harflarni talaffuz etish, so‘zdagi nozikliklar va yana bir balolar haqida tushuntirdim. U gaplarimni diqqat bilan tingladi. Faqat bitta narsani — mana shunday ajoyib daqiqalarda baxtimning to‘la-to‘kis bo‘lmog‘i uchun menga to‘qima oromkursi-yu, xat yozayotgan odamning chehrasida, navbatdagi jumlani yozishdan oldin xayolga cho‘mgan paytda zuhr etuvchi o‘ychan-g‘amgusor ifoda yetishmayotganini ochiq aytmadim, xolos.
“Qonli boshoqlar” spektakli tugashiga oz qoldi, 2-3 haftalardan so‘ng men ta’tilga chiqardim. Radiodan horib-charchab kelganimda Lusiana yo kitob o‘qiyotgan yoki mushukni o‘ynatayotgan bo‘lardi. U doim tug‘ilgan kunida sovg‘a qilganim gavrondan to‘qilgan kursida o‘tirgan bulardi. Bizning shart-sharoitimizga bular mos tushmaydi, degan edi o‘shanda Lusiana faromushxotirlik bilan. “Senga yoqibdimi bas, menga yoqkani shu, juda chiroyli, muhimi qulay ekan. Sen bu oromkursida o‘tirsang mazza qilasan, ayniqsa bitta yarimtaga xat yozaman desang — rohatijon”, qo‘shimcha qildim suyunib. “Rostdanam, — gapimni ma’qullab bosh irg‘adi Lusiana, — Poli xolamga hol-ahvol so‘rab, xat yozaman deyman, biroq hech hafsala qilolmayapman”.
Qosh qoraya boshlagani sababli Lusiana kursi bilan stolni deraza yoniga qo‘yib (torsher lampochkasining o‘zgarib qolganini payqamasligi aniq) o‘sha yerda ish to‘qib yo jurnal varaqlab o‘tirardi.
Chamasi xuddi mana shunday ku hech qachon shu lahzalardagidek yaxshi ko‘rmaganman, doim mana shunday ko‘rishni istardim, dedim. U indamay menga qarab turdi-da, birdan sochlarimni to‘zg‘itib tashladi. Keyin boshini yelkamga qo‘ydiyu, xayolchan kulimsiradi va jim bo‘lib qoldi, shu lahzalarda u mening yonimda emas, uzoq-uzoqlarga ketib qolgandek edi go‘yo. Mana shunday sokin oqshom pallasida nimani ham kutish mumkin edi Lusianadan?! Zotan o‘zi ham binafsha konvertlarga solingan maktublardagi oddiy va beg‘ubor so‘zlarga monand edi hozir. Men bilan ilk bora qandolat do‘koni yonida uchrashgan va bir qadar o‘ng‘aysizlangan kabi ko‘zlarini olib qochib salomlashgan chog‘da qora sochlarining o‘rami dikkaygan Lusianani ko‘z oldimga keltirolmay qoldim. Shundan so‘ng, harchand urinmay, o‘shandagi, o‘sha holatdagi bir tutam tikraygan, to‘zg‘ib-mavjlanib ketgan qop-qora sochlarini ko‘z oldimga keltirolmadim. Xotiramda ertalablari u yoqdan bu yoqqa yurishdan huzur qiladigan yoki mushuk bilan boladek o‘ynashib charchamaydigan, kechki payt esa men ilohiylashtiradigan Lusianaga nisbatan yuragimda ishq o‘tini alangalatgan baland bo‘yli, sog‘lom va baxtiyor ayolga o‘xshamaydigan to‘qima kursida o‘tirgan ayol timsoli naqshlanib qolgandi.
Ehtimol mana shular haqida unga aytib berishim lozim edi. Biroq sira bir qarorga kelolmay, ikkilanib yuraverdim. Nazarimda, yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qolgani yaxshi edi. Balkim men o‘zimni shunchalar masrur va nekbin his qilayotganim uchunmi, ilgari zarracha payqamagan sirli ravishda hol so‘rab qolishlar, faromushxotir yurishlar, ba’zan bir nima axtargandek yuz-ko‘zimga uzoq tikilib qolishlardek yangi odatlariga ahamiyat ham bermasdim. Chunki, bu o‘sha, oynavand ayvonning g‘amgin ruhi va binafsharang xushbo‘y konvertlar isining tajassumi edi, xolos. Ittifoqo yarim kechasi uyg‘onib ketdim-da yonimda beozorgina uxlab yotgan Lusianaga karab turib, unga erishmoq, uning muhabbatini qozonmoq uchun nechog‘liq qiynalganlarim, ne-ne hiyla va tasodiflarni o‘ylab topganlarim haqida boshdan-oyoq aytib berish vaqti kelganini his qildim. Men bunday qilolmadim: chunki Lusiana uxlayotgandi, so‘ng uyg‘onib ketdi, seshanba kuni kinoga borishimiz kerak edi. Ta’til davrida esa safarga chiqish niyatida sayohatbop mashina qidirishimiz kerak bo‘ldi, kunlar juda tez, hech qanday iz qoldirmas, yolg‘iz ko‘kimtir kulrang yog‘du, novdalardan to‘qilgan oromkursida o‘tirgan Lusiananing zebo qaddi-qomatini ro‘yi-ravshan ko‘rsatayotgan bir tutamgina oqshom chog‘i kino kadrlaridek sekin o‘tayotgan damlardagina bunga imkon tug‘ilardi. Endi u men bilan kamdan-kam gaplashar, o‘shanda ham bir nimani izlayotgandek qayta-qayta yuz-ko‘zimga tikilib qolar, mana shu qilig‘i to‘g‘risini aytish, men uchun jigarrang sochlar va oynavand ayvonda to‘kilib yotgan kulrang yog‘du nimani bildirajagini tushuntirish xohishini so‘ndirar edi. Xullas, aytolmadim. Ittifoqo, ish tartibi o‘zgarib qoldi-yu, shu bahonada choshgohga yaqin shahar markaziga borishimga to‘g‘ri keldi. Tasodifni qarangki, men Lusianani ko‘rib qoldim. U mehmonxona eshigidan yonida bir yigit bilan chiqib kelardi. Rosti tanimabman, yonidagi norg‘ul yigitni qo‘ltiqlab olgani, yigit esa uning sinchalog‘idan erkalab o‘pib qo‘yishi uchun engashganida jingalak sochlari Lusiananing jigarrang sochlariga chirmashib ketayotganini ko‘rib, hech narsani tushunmasam-da, gap nimada ekanligini fahmladim.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.