OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulio Kortasar. Iblis so‘lagi (hikoya)

Borib, buni qanday tarzda hikoya qilish mumkinligini bilish kerak: birinchi shaxsdanmi, ikkinchi shaxsdanmi, ehtimol ko‘plik sonining uchinchi shaxsidan so‘zlagan ma’quldir yoki shunday to‘qib tashlaysanki, kalavaning uchini hatto o‘zing ham topolmay qolasan. Masalan, faraz qilaylik, mana bunday: “Oy chiqib kelayotganini ko‘rib turibman” yoki mana shunday: “Bizning, ularning ko‘zlari tub-tubida og‘riq sezildi”, ayniqsa, mana shunisini olsak: “Ular, sarg‘ish ayol, bulutlar hamon mening, sening, sizning, bizning ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda...” Padariga qusur, buning nimaligini kim biladi deysiz!
Yaxshisi – barga borib pivo ichish kerak, mashinka esa o‘z fahmi idroki yetganicha hikoyani yozaversin (axir men birdan mashinkada yozaman-da).
Zo‘r-da, xudo haqqi, bu quruq gap emas, men buni hikoyam “kontaks”ga* daxldor bo‘lganligi uchun aytyapman; shunisi ham borki, bir mashina boshqasi haqida mendan ham, sen va u, panjaradagi sarg‘ish ayol va bulutlardan ham ko‘proq biladi. Va bularning bari bo‘lmag‘ur safsata, men yana shuni ham bilamanki, o‘rnimdan turdim, deguncha “remington”im** qotib qoladi, ikki barobar qaysarlik bilan turib oladi, go‘yoki toshga aylanadi, bu hol biz faqat harakat payti ko‘rib turgan hamma jonsiz jismlarga xos. Qisqasi, hikoyani yozishim kerakka o‘xshayapti. Ikkovimizdan birovimiz yozishimiz kerak, yaxshisi, o‘zim yozganim ma’qul, men o‘lganman, demak, endi mutlaqo xolis bo‘lishim mumkin. Modomiki, ko‘zlarim osmondan bo‘lak hech nimani ko‘rmayotgan ekan, demak, mening o‘ylashimga, yozishimga (mana, chetlari gezarib, bulut ham chiqib keldi), o‘z xayol-kechinmalarimni titkilashimga hech kim xalal bermaydi. Men o‘lsam-o‘lgandirman, yo‘q, axir tirikman-ku, ha, ha, buning yolg‘on joyi yo‘q, vaqti kelib, bari ravshanlashadi. Nimadandir boshlash kerak, men dastlab voqea ro‘y bergan nuqtadan boshladim, ha, pirovardida har qanday hikoya shunday boshlanadi-da axir.
Haqiqatga ko‘chganda, umuman, bu haqda nima uchun hikoya qilish kerakligi menga azob bermoqda. Agar biz biror ishni nima uchun qilishimizni o‘zimizdan o‘zimiz so‘rasak va inson bu savolga aniq javob berishi mumkin bo‘lsa, masalan, taklif etilgan ziyofatga nima uchun rozi bo‘lganligini aytib bera olsa (hozir kaptar, yanglishmasam, chumchuq uchib o‘tdi), qiziq latifani eshitib nima uchun kulgisi qistaganini, nima uchun qotib-qotib kulganligini bilganida edi. Keyin nima uchun ana shu latifani qo‘shni bo‘limdagi oshnalariga aytib berishga sabri chidamaganligini-chi? Nima uchun kishi shu latifani aytmaguncha ishga qo‘li bormasligini aytmaysizmi. Menimcha, hech kim bu savolning tagiga yetolmagan, yaxshisi, kishi aql va vijdonini malomatga qoldirmasdan nima bo‘lganligini to‘kib sol-gani ma’qul: axir aslida nafas olish yoki poyabzal kiyishning aybli tomoni yo‘q-ku – bu odatiy hol. Lekin biror kor-hol yuz berguday bo‘lsa, aytaylik, poyabzalingga o‘rgimchak kirib qolsa yoki xuddi oyna singanday, o‘pkang g‘alati tasirlab ketsa, – har qanday kishi buni ishxonasidagilarga aytishga tushar yoki doktorga borishga oshiqardi... “Oh, doktor, bilasizmi, nafas olsam...” Ichdan kelgan kulgini bosish uchun ham hikoya qilinadi, vassalom.
Modomiki, shunday ekan, biz tez orada hikoya aytishga kirishamiz, mayli, an’anaviy tartibga rioya qilsak-qila qolaylik. Buning uchun avvalo ana shu uy zinalaridan tushish va bundan roppa-rosa bir oy oldingi yettinchi noyabrga, yakshanba kuniga qaytish kerak bo‘ladi. Mana, birinchi qavatdan tushamiz, shunda bizni yakshanba va Parij kuzi uchun misli ko‘rilmagan quyoshli tong qarshi oladi. Va shunda shahar bo‘ylab sayr etging, tevarak-atrofni tomosha qilging va suratga olging kelib ketadi! (Biz suratchilarmiz, ya’ni men – suratchiman.) Men hikoya qanday dunyoga kelishini butunlay hal qilib olish hammasidan ham mushkul ekanligini bilaman. Bu haqda aytib o‘tildi, biroq shu gapni yana takrorlashdan hech uyalmayman. Eng qiyini shundaki, aslida hikoya qiluvchi kim ekanligini bilib bo‘lmaydi – menmi yoki bo‘lib o‘tgan voqeami, yoki bo‘lmasa, hozir ko‘rib turganim: bulutlarmi, bulutlar, ba’zan – kaptar paydo bo‘ladi... Ehtimol men shunchaki haqiqatni, faqat o‘zimniki bo‘lib qoladigan haqiqatni hikoya qilarman va bu faqat mengagina kerak, ana shu ahmoqona kulgi qistashini bosish uchun kerak bo‘lyapti, ha, buni tezroq yo‘qotish kerak – keyin nima bo‘lsa bo‘lar!
Yo‘q, shoshmasdan hikoya qilmoq lozim – keyin bari o‘z-o‘zidan joyiga tushib ketadi. Agar mening o‘rnimni kimdir egallasa, agar gapirishga gapim bo‘lmasa, bulutlar tarqasa-yu, nihoyat o‘rnida butunlay boshqa narsa paydo bo‘lsa-chi? (Axir kishi faqat bulutlarni, ahyon-ahyonda-kaptarlarnigina ko‘rgan bo‘lishi mumkin emas-ku.) Ana shu bari “agar”lardan so‘ng men qanday so‘zni qo‘llashim mumkin? Jumlani qanday to‘g‘ri tugatish mumkin? Agarda men savol bera boshlasam, hech nima chiqmaydi, yaxshisi, tinchlanib, hikoyani davom ettirganim ma’qul. Kutilmaganda u loaqal bittagina, hikoyani o‘qigan kishiga javob bo‘la olar!
Roberto Mishel, yarim fransuz, yarim chililik, malakali tarjimon, bo‘sh vaqtlarida esa – havaskor suratchi, Mose-le-Prens ko‘chasidagi o‘n birinchi sonli uydan chiqib keldi. Bu shu yilning yettinchi noyabr kuni edi (hozir kamida ikkita bulut chekkalari bo‘zarib chiqib kelmoqda). U muttasil uch hafta o‘tirib, Santyago universiteti professori – Xose Norberto Alende qalamiga mansub apellyatsiyaga oid ilmiy ishni tarjima qildi. Parijda shamol kam bo‘ladi, lekin ahyon-ahyon burchak-burchaklarda halqa bo‘lib o‘ynashadi, quyun bo‘lib ko‘kka ko‘tariladi, ranj-alam bilan ko‘hna uylarning yog‘och chiypardalariga uriladi, parda ortidagi ayollar o‘zlaricha betayin ob-havodan noliydilar. O‘sha kuni esa kun chiqqan edi: u shamolni jilovlab, Parij mushuklari va mening ko‘nglimni xush qilib, shahar bo‘ylab nur sochmoqda edi – men endi maza qilib, Sena sohilida sayr qilishim hamda Konserjeri va Sent-Shapelni qanday suratga olish haqida o‘ylashim mumkin edi. Soat millari o‘nga yaqinlashmoqda edi, men o‘n birda kun yorug‘ bo‘ladi, deb chamalab ko‘rdim, kuz kunlari uchun eng yaxshi ob-havo. Vaqtni o‘tkazish uchun sekin-sekin Sen-Lui oroli tomon yo‘l oldim, so‘ngra sohil bo‘ylab asta Ke d’Anjuga jo‘nadim va bir payt nigohim dang‘illama Otel-de-Lozen imoratida to‘xtaldi. Men shunda albatta Apollinerning*** o‘zim sevgan misralarini o‘qidim (boshqa shoirni eslasa, yaxshi edi, biroq Mishel... bunaqa qaysarni o‘lib ham topolmaysan!). Birdan shamol tinib qoldi va quyosh ikki baravar mo‘lroq nur sochdi (men – havo ikki baravar iliq bo‘ldi, demoqchi edim, aslida buning uncha ahamiyati ham yo‘q), panjaraga o‘tirib oldim va nihoyat, ana shu yakshanba tongi meni naqadar baxtiyor etganini his etdim.
Azob-qiynoqli Hech nimani yengishning ko‘pgina usullari bor, shulardan biri – suratchilik. Lekin suratga olishni bolalik paytlaridan boshlab o‘rgangan ma’qul, chunki qat’iy tartib-intizomga rioya qilmasdan turib, teran nigoh va estetik tarbiya hamda ishonchli barmoqlarsiz – hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda gap umuman navbatdagi xom-xatala materialni zo‘r berib tiqishtiradigan yoki qandaydir muhtaram zotning beo‘xshov sharpasini vaqtida suratga olishga ulgurib qoladigan muxbir ahli haqida ketmayapti. Bu boshqa masala. Gap shundaki, qo‘lingda yaxshi kamera bo‘lishi gunoh, lekin ayniqsa quyoshning qisqagina “yalt” etib yaraqlashini, nurining otilgan o‘q singari eski toshdan uchishini yoki sochlari shamolda silkingancha yumshoq bulka bilan bir shisha sut olish uchun yelgan qizaloqni suratga olmay o‘tkazib yuborishing borib turgan gunohdir. Mishel allaqachon suratchi olamga o‘z nigohi bilan qaray olmasligini, bunga o‘zi izn berolmasligini anglab yetgan edi – shum kamera har yerda va hamma joyda kishiga o‘z hukmini o‘tkazaveradi (hozir esa osmonni bulut qoplab kelmoqda, deyarli qop-qora). Lekin Mishel shuni ham aniq biladiki, bordi-yu, ko‘chaga “kontaks”siz chiqadigan bo‘lsa, bir zumda hech qanday g‘am-tashvishi yo‘q odamga aylanadi – kadrdan tashqaridagi olam ham, diafragmasiz va 1/250 holatdagi fotoapparat ham g‘oyib bo‘ladi. Ha, mana, hozir ham (“hozir” emish, yolg‘on!) panjaraga o‘tirib oldim-da, ko‘zlarim bilan qizil va qora kemachalarni kuzata boshladim va qanday qilib yaxshi surat chiqarish uchun kadrga tushirish esimga ham kelmadi, xayol shunchaki meni, vaqtga ko‘ra harakatsiz odamni atrofimdagi narsalar bilan birga qaylargadir yetaklab ketgan edi. Muhimi – shamolning o‘zi yo‘q!
So‘ngra Burbonlar sohili bo‘ylab to orol tubiga qadar bordim, bu yerda o‘zim sevgan joy bo‘lib, u juda dilkash, to‘g‘rirog‘i, sirli xiyobon edi (sirliligi yashirin ekanligida emas, mo‘‘jazligida edi: aksincha xiyobon daryo va osmonga keng bag‘ir ochgandi). Xiyobonda hech kimsa ko‘rinmasdi – yagona sevishganlar jufti ham... bu kaptarlarga o‘xshaydi). Ehtimol men ana shu kaptarlardan birini hozir ham ko‘rib turgandirman. Bir sakrab, panjaraga o‘tirib oldim, shunda noyabr quyoshi vujudimni o‘z nurlariga chirmab ilitdi, – men kunga goh yuzimni, goh qulog‘imni, goh qo‘llarimni tutdim (qo‘lqopim kissamda edi). Mening sira suratga olish istagim bo‘lmadi, – chekdim, shunchaki ermakka. Shu vaqt bo‘lsa kerak, ko‘zim bir o‘spiringa tushdi. 
Men dastlab sevishganlar deb o‘ylaganim ko‘proq ona bilan o‘g‘ilga o‘xshab ketardi, garchand bir ko‘rishimdayoq ularning ona-bola emasliklari ayon bo‘lgandi, ikkisi biz nazarda tutgan ma’noni anglatardilar, ya’ni ikki kishi – yigit bilan qiz bir-birlariga biqinishib tursalar yoki bog‘dagi o‘tirg‘ichda quchoqlashib o‘tirsalar, albatta biz ularni sevishganlar, deb o‘ylashimiz tabiiy. Men birdan azbaroyi qiziqqanimdan nima uchun yigitcha shu qadar hayajonda, xuddi hurkib ketgan qulunday yoki tutqun quyonday olazarak ekanligini bilishga jazm qildim... Yigitcha goh ikkala qo‘lini kissasiga solar, goh birini olib, irg‘itguday bo‘lib, yuziga tutar, goh qo‘llari bilan sochlarini taraganday bo‘lar, goh unday, goh bunday turib olardi. U butun turish-turmushi bilan qochmoqqa chog‘langan odamni eslatar, har bir harakatida qo‘rquv, qandaydir uyat aralash tahlika zohir edi.
Bu shunchalik aniq-ravshan ko‘zga tashlanib turardiki, – mendan nari besh metr masofada va orolda biz uchovimizdan boshqa hech kimsa yo‘q edi, – qattiq qo‘rqib ketgan o‘spirin butun diqqat-e’tiborimni egallab olganligidan dastlab sarg‘ish ayolni payqamabman ham. Endi hammasini bir boshdan xotirlasam, men o‘shanda basharasini ko‘rsatgan onlardan ko‘ra ularni hozir yaxshiroq ko‘rib turibman, shunda yigitchaga nima bo‘lganligini fahmlay boshladim, keyin qolib, endi buyog‘i nima bo‘lishini ko‘rishga ahd qildim (ayol birdan mis flyuger**** singari boshini burdi, shunda ko‘zlari, ha, avval, ko‘zlari paydo bo‘ldi). Shamol ularning so‘zlarini, to‘g‘rirog‘i, shivir-shivirini olib keldi.
Umuman olganda, hayotimda qo‘limdan keladigani – qarash, lekin qarasang ham, qaramasang ham barcha narsalarda soxtalik alomati bo‘ladi, negaki tomosha, mushohada ehtiyotsizlik bilan bizni o‘z “men”imizdan narilarga irg‘itib yuboradi, sezmoq – boshqa gap yoki... (Bo‘ldi-da, yetar, bizning Mishel doimo unisidan bunisiga irg‘igani irg‘igan, unga qo‘yib bersang bas). Undaymi, bundaymi, agar ana o‘sha soxtalik haqida eslanadigan bo‘lsa, unda nigohingga, hattoki o‘z ko‘zlaringga ishonishing mumkin; muhimi, sen qaraysanmi yoki senga qaraydilarmi, ana shuni hal qilib olish, so‘ngra esa narsalardan ortiqcha keraksiz niqobni olib tashlab, bularni oshkor etish, fosh qilish kerak bo‘ladi. Turgap gapki, bunisi qiyin. 
Daryo bo‘yidagidan ko‘ra (so‘ngra bari ravshan bo‘ladi) suratdagi o‘spirin xotiramda ko‘proq saqlanib qolgandi, ayolni esa yaxshi eslayman, u hozir ham shunday qarshimda – nozikkina, xushbichim (ikkita noto‘g‘ri, keraksiz so‘zlarni qo‘lladim), mo‘ynali, deyarli qora, deyarli uzun, deyarli bashang mantoda turibdi. Yakshanba tongining butun shamoli oqish va g‘ira-shira (yana ikkita noto‘g‘ri so‘z) yuzini tutgan tillarang sochlarini to‘zg‘itardi. Ana shu sochlar to‘zg‘ishida – qora ko‘zlar ajralib turadi, shunday ko‘zlarki, ular oldida o‘zingni yolg‘iz, kimsasiz sezasan. Ko‘zlar emas, o‘ljasiga tashlangan naq ikkita kalxat, yam-yashil botqoqzorda “yalt” etgan chaqmoq deysan. Buni men ko‘zlar haqida yozmayapman, shunchaki o‘zim tushunib olgim kelyapti, mana, aytdim: “Yam-yashil botqoqlikdagi ikkita chaqmoq”.
Adolat haqqi hurmati, aytish mumkinki, yigitcha binoyiday kiyinib olgandi; qasam ichaman, sariq qo‘lqoplar akasiga, o‘ylashimcha, huquqshunoslik yoki ijtimoiy fanlar fakultetida tahsil oluvchi talabaga tegishli ekanligi tayin; ana shu qo‘lqop barmoqlari pidjak cho‘ntaklaridan juda g‘alati tarzda dikkayib chiqib turardi. Men ancha vaqtgacha uning yuzini ko‘ra olmadim, yon tomonidan zinhor ahmoq bo‘lmagan basharasi sal-pal ko‘zga tashlanardi – go‘yo bezovta qush, Fra Filippo***** rasmidagi farishta, guruchli pudingning o‘zginasi. Ko‘z oldimda mana-mana, dzyu-do usullarini ko‘rsatishga chog‘langan, shu tarzda singlisini ham himoya qilgan, allaqanday g‘oyalar uchun yoqalashgan, hatto o‘n besh yoshida, ko‘rinib turibdiki, ota-onasi bag‘rida hamma narsa tap-tayyor sharoitda yashaydi, biroq cho‘ntagida sariq chaqa bo‘lmaydi va har safar bir qadah konyak, bir quti sigareta yoki bir finjon qahva xususida gap ketganida bechora tanishlari huzurida ko‘zlarini yerga oladi. Ehtimol u bir sinfda o‘qiydigan qizlar haqida xayol surganicha ko‘cha sang‘igan, nima qilib bo‘lmasin, yangi chiqqan kinoni tomosha qilish uchun yugurishni yoki romanmi, yana urf bo‘lgan bo‘yinbog‘mi, yanayam yaxshisi sariq va yashil yorliq yopishtirilgan bir shisha likyor sotib olishni orzu qilgan bo‘lsa ajab emas. Uning uyida (bu hashamatli uy bo‘lishi mumkin: roppa-rosa soat birda tushlik qilinadi, devorga romantik uslubda chizilgan rasm ilingan, nimqorong‘i dahliz va eshik yonginasida soyabonlar uchun taglik qo‘yilgan) onasining umidiga aylanishga majbur bo‘lib, dadasidan ibrat olib, saboqlarni yodaki qilib, Avin-onda yashaydigan xolajoniga maktublar bitish bilan vaqt imirsilab o‘tmoqda edi. Mana, sal yursang – ko‘chaga chiqasan, sabab, daryo bo‘yi shu qadar keng (attang, cho‘ntakda hemiri yo‘q-da!) tuyuladi. Mana, eshiklariga alohida tamg‘a urilgan, darvoza tagida hurpaygan mushuk cho‘nqaygan, o‘ttiz frankli qovurilgan kartoshka xaltasi, to‘rt bo‘lakka buklangan shahvoniy jurnal turgan shahar nima uchun bunchalik o‘ziga tortishi ma’lum bo‘ladi. Xuddi bo‘m-bo‘sh cho‘ntak kabi yolg‘izlik ham, shodon uchrashuvlar ham, hamma narsalarga intilish ham hali oshkor bo‘lmagan sirdirki, u shamol va bo‘m-bo‘sh ko‘chalarga o‘xshash buyuk muhabbat hamda erkinlik bilan charog‘on bo‘ladi. 
Bu yigitchaning hayoti menga mana shunday o‘ta jo‘n hamda o‘sha daqiqalarda ana shu kechirmish kunlari ham zo‘rlik bilan tortib olinganday tuyuldi va hozir esa u tomog‘idan xippa bo‘g‘gan ayolninggina so‘zlarini diqqat bilan tinglamoqda edi. (Men hadeb bir narsani qayta-qayta takrorlayverishdan charchadim, hozir osmonda ikkita uvada bulut suzib o‘tdi. O‘ylab ko‘rsam, o‘sha tongda bir marta ham osmonga ko‘z tashlab qo‘ymabman, meni o‘spirin bilan ayol o‘rtasida nima gap bo‘lishi mumkin, degan o‘y chulg‘ab olgandi, ulardan hech ko‘zimni uzolmayotgan edim – faqat qarardim va kutardim, qarardim va ... ) Qisqasi, yigitchaning ahvoli tangligi shundoq ko‘rinib turardi, shunda mening bundan yarim soat ilgari nimalar bo‘lib o‘tganligini tasavvur qilishim uncha qiyin bo‘lmadi. O‘spiringina, ehtimol, bekorchilikdan sandiroqlab orolning eng chekkasiga adashib kelib qoladi-yu, ayolga ko‘zi tushadi va hayratdan og‘zi ochilib qoladi. Ayol bo‘lsa... ayol faqat shuni kutgan, faqat shuning uchungina panjara yoniga kelgan. Balki voqea mutlaqo bunday bo‘lmagandir, ehtimol yigitcha oldinroq paydo bo‘lgandir va ayol uni balkondan yoki mashina oynasidan ko‘rib qolganu, biror bahonani ro‘kach qilibmi yoki vaj bo‘lmasa ham gaplashish uchun unga peshvoz chiqishga shoshilgandir, chunki ayol oldindan uning qo‘rqqanidan juftakni rostlab, qochib qolgisi kelayotganini va hech qayoqqa ketolmasligini va yana-tag‘in chiranib, o‘zini hamma narsani ko‘rishga ulgurgan sarguzasht ishqibozi qilib ko‘rsatishini bilgan. Yakuni ham ravshan: hammasi ko‘z oldimda sodir bo‘lmoqda edi va mening o‘rnimda bo‘lgan har qanday odam bemalol o‘yinning keyingi rivojini ham chamalashi, to‘g‘rirog‘i, ana shu noteng bellashuvdagi qiziq holatni ko‘rishi mumkin edi. Buning ajoyib tomoni shunda ediki, aynan hozirgi manzara ana shu bellashuv yakuni, uning yechimi ekanligini yaqqol tasavvur qilsa bo‘lardi. Yigitcha, ehtimol, yangi uchrashuv uchun bahonani o‘zi o‘ylab topadi, so‘ngra esa uyi tomon sekin-sekin, sudralib jo‘naydi – u o‘ziga ishonch bilan lapanglaganicha – orqasida ayolning masxaraomuz nigohini his qilganicha boradi. Lekin shunisi ham ehtimoldan xoli emaski, yigitcha es-hushidan ayrilganligidan yoki qo‘rqoqligidan hattoki shunga ham jur’at qilolmaydi va xuddi jo-yida qoqqan qoziqday serrayib turadi, ayol bo‘lsa, oshig‘ining sochlarini hurpaytirib, tutamlab, erkalaydi, yuzlarini silaydi va u bilan so‘z qo‘shmay gaplashadi, qo‘lidan tutganicha uyiga yetaklab olib boradi; negadir so‘nggi daqiqaga kelib, qandaydir tushunib bo‘lmas xohishsizlik ko‘lanka soladi – afsus!– yigitcha ana shu kayfiyatini yashirib, dadillanadi: ayolning lablaridan o‘padi va qo‘llari nozik bellardan quchadi... Bularning bari sodir bo‘lishi mumkin edi, lekin hozircha bu voqea ro‘y bermadi va panjarada o‘tirgan Mishel ana shu yakunlardan istaganini oldindan sezib, zavqlanganicha orolning xilvat burchagida suhbat bilan mashg‘ul, shu qadar band sevishganlarni vaqtida suratga olish uchun beixtiyor va bexosdan kamerasini to‘g‘rilay boshladi.
Qiziq, mana shu sahnaga (umuman, hech bir ajablanarli joyi yo‘q: yigitcha bilan ayol, ular ham o‘zlaricha yoshlar-da) qandaydir xavotir soya solib turganga o‘xshardi. Hatto nazarimda, bu xavotir o‘zimning ichimda bo‘lganday va suratlar – agar chiqsa, favqulodda oppa-oson haqiqatni ochib tashlaydiganday tuyulardi. Ha, aytmoqchi, men birdan ko‘prikda tosh qotgan mashinada o‘tirgan odamni qanday xayollar chulg‘ab olganini judayam bilgim keldi. Men uni hozirgina payqab qolganimga ajablanmasa ham bo‘ladi: axir harakatsiz mashinaning ichida o‘tirgan har qanday kishi harakat va jur’at go‘zalligidan mahrum holda ko‘z ilg‘amaydigan darajada g‘oyib bo‘ladi, shunchaki ana shu notavon yashik ichida yo‘qoladi. Shunday bo‘lsa-da, mashina avval-boshdan hech qayoqqa siljimay shu yerda, ana shu ajib dilkash manzaraga xalaqit qilib, aksincha uni poyoniga yetkazib, qaqqayib turardi. Mashina – bu manzarada fonar osiladigan simyog‘och yoki bog‘dagi o‘tirg‘ich singari bir yordamchi detal; shamol bilan quyosh nuri esa boshqa gap: ularda doimo ko‘z va teri uchun yangi bir narsa yashiringan bo‘ladi. Mana, yigitcha o‘z jononi bilan turibdi, ular xuddi qadrdon orolga mutlaqo boshqacha nigoh tashlashim uchun turganga o‘xshaydilar. Ehtimol, mukkasidan tushib gazeta o‘qiyotgan odam ham ularni kuzatayotgan, va, ehtimol, men kabi unga ham hadeb kutaverish, aftidan, yoqmay turibdi... Ayol pisibgina kishi bilmas bir chekkaga siljidi va birdan shunday turib oldiki, o‘spirin u bilan panjara o‘rtasida bo‘lib qoldi. Men ularni yonboshlaridan ko‘rib turardim. O‘spirinning bo‘yi baland edi, xiylagina bo‘lsa-da, baland edi, shu asnoda ayol oyoqlari uchida ko‘tarilganday bo‘ldi, xuddi uning ustiga engashgan kabi (go‘yo havoni xivich bilan qamchilaganday, ayolning qo‘qqisdan kulgisini quloqlarga olib keldi) yigitchani shu yerda hozirligi, tabassumi, qo‘llarini silkishi bilan ezgandan-ezib turardi! Yana nimani kutib turibman o‘zi? Diafragma – o‘n olti, kadr tanlandi, tamom-vassalom, xudoga shukur, anavi la’nati mashina ham yo‘q, mana, bir xildagi so‘lg‘in fonni bezashi kerak bo‘lgan daraxt turibdi. 
Xuddi ana shu sevishganlar umuman qiziqtirmayotganday, kamerani ko‘zlarimga olib bordim, o‘zim esam chehraning o‘zimga kerakli yuz ifodasi, bari jumboqlar yechimi bo‘lmish sirli imo-ishoralarni ilg‘ab, tutib olishga muvaffaq bo‘lishimni bilib turardim, men ko‘pgina suratlarda bo‘lgani singari avji harakatning keskin o‘zgarayotgan joyini behudaga o‘tkazib yubormasdan ushlab olishim kerak edi, agarda bo‘lingan vaqtning jonli lahzasi boy berilsa bormi... Ko‘p kutishimga to‘g‘ri kelmadi. Ayol ishonch bilan hujumga o‘tdi, shunda yigitcha azobli hamda shirin qiynoq iskanjasida ozodligining so‘nggi ilinjini ham yo‘qotib bo‘ldi. Ko‘z o‘ngimda boyagiday shu voqeaning ehtimoliy yakuni gavdalana boshladi (endi osmonda birgina yolg‘iz momiq bulut suzib yuribdi). Men xayolan xonimning yigitchani uyiga qanday olib kelganini ko‘rdim (mushuklar va ola-chipor yostiqchalar g‘ij-g‘ij birinchi qavatdagi uy), bolakayning nochor va ayanchli basharasini, uning qanday dovdirab, sarosimaga tushishini, buni soxta betakalluflik ostiga yashirishga urinishini – go‘yo, bizga shuyam yangilik bo‘ptimi, deganday harakatini ko‘rdim. Men yumuq ko‘zlarim bilan (yumuqmidi?) bu manzarani ipidan-ignasigacha yaqqol ko‘z oldimga keltirdim: hazilnamo bo‘salar, och binafsharang, ha, ha, karavotga to‘shalgan och binafsharang parto‘shak shundoq ko‘z oldimda namoyon, ayol-chi, erkalanib, qo‘llari bilan ko‘ylagini egnidan yechishga shoshiladi (hammasi xuddi romanlardagiday); shunda ayolning o‘zi uni, mo‘mingina, mo‘ltayib turgan yigitchani yechintiradi, – ularni go‘yo och dolchin tusidagi ma’dandan ishlangan tunchiroqning sarg‘imtir nurlari ostida misli ona va bola deysiz. Ke-yinmi – keyin bari xuddi odatdagiday bo‘ladi, balki, yo‘q.... ana shu cho‘zilib ketgan muqaddima qanday rivoj topishini kim biladi – qo‘llarning oshiqich sarosimasi, shiddatli erkalashlar, o‘ng‘aysiz, qovushmaslik oqibati nima bilan tugaydi? Balki yigitchaga oldindan takabburona tabassum ostida qarshi zarba tayyorlab qo‘yilgandir, balki bechoragina bola achchiq hayrat ichida murdadek qotib qolar? Balki yolg‘izgina, zaifgina quvonch bo‘lar? Bari shunday, bari mutlaqo shunday bo‘lishi kerak... Axir shunday mishiqini ham o‘ynash qiladilarmi hech? Agarda boshqa kishiga mo‘ljallangan yovuz o‘yinni tasavvur qilmasdan turib, bu ayolning qanday niyatni ko‘zlaganligini bilib bo‘ladimi? 
Mishel ana shunga o‘xshash adabiy xayollar surishga mukkasidan ketgan edi. Hayotda bo‘lmagan g‘alati vaziyatlar, mantiqan tushuntirib bo‘lmaydigan qahramonlar va allaqanday maxluqlarni ichidan to‘qib chiqarish uning joni dili edi, axir bular hamisha ham g‘ashga tegavermaydi-da. Biroq bu yerda vaziyat boshqacha edi: bu ayol uning xayoloti, tasavvurini qo‘zg‘ab yuborgan va ayni vaqtda o‘zining har bir harakati bilan buning haqiqat ekanligiga ishora qilmoqda edi. Men bir soniya ham kutmaslikka ahd qildim – quruq tavakkalchilik kimga kerak? Hozir (mening o‘tib ketgan voqealarni huda-behudaga qaytaraverishga moyilligim uchun ham bu haqda uzoq bosh qotirsam kerak), fotoapparatim ob’ekt holatining kuzatuvchisi atrofdagi bari narsalarni – daraxt, panjara, quyoshni qamrab olgan lahzani eslayman. Nihoyat, surat olindi! Shunda ikkovi “yalt” etib menga qaradi, ular nima gapligini tushunib yetganliklarini darrov anglab yeta qolmadim. O‘spirin – taajjublangan, ko‘zlarida soqov savol ifodasi qotib qolgan alfozda edi, ayol esa shunday g‘azablandiki, afti basharasi, faqat basharasigina emas, butun vujudi qahrga to‘lib-toshdi, ular jimitday fotokadr asirlari bo‘lib qolganliklaridan qattiq jazavaga tushdi.
Bu haqda ancha batafsil so‘zlab bersam bo‘lar edi. Lekin nima uchun? Ayol hech kim begonalarni ruxsatsiz suratga olishga haqqi yo‘qligini aytdi va plyonkani unga qaytarib berishimni talab qildi. Talaffuziga qaraganda, ayol asl parijlik edi; uning quruq, qat’iy ovozi har bir ibora sari ko‘tarilib, tobora rang-barang ohang kasb eta boshladi. Umuman olganda, menga – plyonkani qaytarish yoki qaytarmaslikning farqi yo‘q edi, lekin hamma ish yaxshilik bilan bitadi, shuning uchun ham to‘satdan mening o‘jarligim tutdi va hech kim, hech qachon jamoat joylarida suratga olishni taqiqlamaganligini va aksincha: suratchilik har qanaqasiga ham xususiy, ham davlat muassasalari tomonidan rag‘batlantirajakligini aytdim. Men bularning barini to‘kib solarkanman, yashirin zavq bilan yigitchaning birdan chekkaga irg‘iguday bo‘lib, orqasiga tislanayotganini... kuzatdim va mana, u, qandaydir aql bovar qilmas darajada epchillik bilan o‘zini olib qochdi va yugura soldi. Bechora balki o‘zimni munosib tutib, jo‘nadim, deb xayol qilgandir, aslida esa u oyog‘ini qo‘liga oldi, mashina yonidan yelday uchib o‘tdi va xuddi tonggi sarin havoda daraxtlardan taraladigan, Argentinada “farishtaning soch tolasi”, deb atalmish uzun-uzun iplar singari ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Ana shu o‘rgimchak ini tolasining yana bir – “iblis so‘lagi” degan nomi ham bor, shunda bizning suratchimiz og‘zidan tupuk sachratib, bo‘ralab so‘kina ketdi. Shuni aytish kerakki, Mishel o‘zini mardonavor tutdi (bu undan ortiqcha zahmat talab etmadi): u saxovat qilib aytilgan haqoratlarni nazokatli tabassum bilan qarshi oldi va o‘ta odob bilan ta’zim qildi. Men birovlarning ishlariga burnini suqadigan ablah, palid va nobakor xususidagi uzundan-uzoq monologdan g‘oyat zerikkanimda birdan mashina eshigining “tars” etgan ovozini eshitdim va ayol yonida bir erkakni ko‘rdim – u to‘g‘ri bizga qarab turardi. Shundagina mana shu sahnada uning ham o‘z roli borligi “yarq” etib miyamga urildi. 
U mashinada bag‘oyat qunt bilan o‘qigan o‘sha gazetani qo‘lidan qo‘ymay biz tomon yo‘naldi. Ayniqsa uning aftini g‘alati burishtirgani yodimda qoldi – bunaqasini osongina unutib bo‘lmaydi, – yuzining bujmayishi og‘zini qiyshaytirib qo‘ygan, burushiq basharasini buzib, iz qoldirib o‘tgan edi, muhimi, lablari goh o‘ngga, goh chapga qimirlab, qandaydir jonli, g‘ayrishuuriy narsa vishillab chiqardi. Bu – oppoq bo‘rga belangan, bir tomchi qoni yo‘q, qoqchakak terisi shalviragan, tosh qotgan masxarabozning basharasi edi. Ko‘zlari chuqur-chuqur, burun teshiklari – haddan tashqari ochiq, qop-qora, qoshlardan ham qora, sochlardan ham qora, qora bo‘yinbog‘dan ham qora edi. Erkak chag‘irtoshlarni xuddi oyoqlarini yara qiladiganday, ehtiyotkorlik bilan bosdi, lok poyabzalining tagcharmi juda yupqa edi – buni men juda yaxshi eslayman, – hattoki maydagina toshdan ham yirtilib ketadiganga o‘xshardi. Nimagaligini o‘zim ham bilmay, darrov panjaradan tushdim. Yana nima uchunligini bilmaymanu, men uzil-kesil o‘lib qolsam ham ularga plyonkani bermaslikka, xavotir, to‘g‘rirog‘i, qo‘rquv, tahlika oshkora namoyon bo‘lgan talabchan ovozga bo‘sh kelmaslikka qaror qildim. Ayol bilan masxaraboz indamay bir-birlariga qaradilar – biz o‘ta og‘ir, chidab bo‘lmas darajada mudhish uchburchakni hosil qilganimizcha turardik, ushbu uchburchak buzilishi, hozir-hozir gumburlab qulashiga shak-shubha yo‘q edi. Men negadir ularning yuzlariga qarab turib, qah-qah otib kulib yubordim-da, nari ketdim va anavi maktab o‘quvchisidan ko‘ra obro‘ bilan jo‘nadim, deb umid qilaman. Ko‘prikda, ko‘prik bilan tenglashib, dastlabki uylar ko‘zga tashlanganda orqamga qayrilib qaradim. Ular hamon o‘sha joyda turishar, faqat gazeta yerda yotar, ayol esa panjaraga suyangancha titrab-qaqshab, qo‘llarini toshlar bo‘ylab yurgizardi – bu qutulish ilinjidagi tutqun odamning odatiy va ma’nosiz harakati edi. 

Bari qolgan gaplar shu yerda va yaqindagina – beshinchi qavatdagi uyimda ro‘y berdi. Mishel yakshanbada olingan plyonkani yuvib qo‘yganiga ham bir necha kun bo‘lgan edi. Sent-Shapel va Konserjeri chindan ham binoyiday chiqibdi. Ikki-uchta sinash uchun olingan kadr-lar xotiramdan ko‘tarilayozibdi. Qay mo‘‘jiza bilan jamoat hojatxonasi quvurining eng uchiga chiqib olgan mushuk kadri yaxshi chiqmaganligi shundoq bilinib turardi. Mana, orolda olingan surat – sarg‘ish ayol va o‘spirin. Negativ a’lo darajada chiqqanligidan Mishel tasvirni yirik planda bermoqchi bo‘ldi. Yirik plandagisi ham chakki chiqmadi, shunda Mishel uni katta afisha hajmicha kattalashtirdi. Mishel o‘sha lahzada Sent-Shapel va Konserjeri suratlarigina ortiqcha daxmaza bo‘ladi, deb xayoliga ham keltirmagandi (shuning uchun ham u hozir ajablangandan-ajablanmoqda edi). Butun boshli plyonkadan negadir ayol bilan o‘spirin kadrigina uning diqqatini tortdi. U kattalashtirilgan suratni to‘g‘ri devorga o‘rnatdi va birinchi kun tasvirga qarab turib, esladi, to‘g‘rirog‘i, eslamadi, o‘lib bo‘lgan haqiqatni xotira bilan (to‘g‘risini aytsam, bu anchayin g‘amgin mashg‘ulot), harakatsiz, qotib qolgan xotira bilan taqqosladim – go‘yoki hamma narsa joy-joyida, hech nima yo‘qolmaganga o‘xshab ko‘ringan har qanday surat ana shu xotiraga aylanishi mumkin, lekin shunday bo‘lsa-da, ana shu Hech nimaning o‘zi tasvir ustidan hukmronlik qilmoqda edi. Mana, ayol, mana, yigitcha, mana, ularning boshlari uzra pana bo‘lgan, joyida tosh qotgan daraxt va osmon, o‘z tub mohiyatiga ko‘ra yagona va aynan bir xil, misli tosh panjara singari aniq-tiniq quyma bulutlar (hozir esa ko‘kka bulut suzib chiqdi, u xuddi momoguldurakni yetaklab keladiganga o‘xshab turibdi). Dastlabki ikki kun bemalol yurdim, suratning o‘zi ham, devorga osig‘liq, kattalashtirilgan nusxasi ham menga ma’qul edi va nega qilayotgan tarjimamdan dam-badam uzilib, o‘qtin-o‘qtin ayol yuziga yoki tosh panjaradagi qop-qora dog‘ga diqqat bilan tikilayotganim uchun shunchaki o‘zimga-o‘zim hisob berolmasdim. Men ana shunda peshonamga bir urdim... Nima uchun hanuzgacha shunday oddiygina narsa xayolimga kelmadi ekan-a! Agar biz suratni to‘g‘ri ko‘z oldimizga keltirib tutsak, ko‘zlarimiz aniq ob’ektiv holatini takrorlaydi-ku! Odamlar shundoq ko‘rinib turgan haqiqat haqida bosh qotirib ham o‘tirmaydilar. Men yozuv mashinkasi qarshisida o‘tirib, tasvirga qaradim – bizni ko‘p emas, uch metrcha masofa ajratib turardi, – shunda men o‘sha payt kameram ob’ektivi qarshisidagi singari holatda turganligimni anglab yetdim. Yana nimasi ma’qul? Suratning bari fazilatlarini osongina baholash mumkin, agar diagonaliga qarasang, buning ham o‘z jozibasi, tasodifiy holati borligi ma’lum bo‘ladi. To‘g‘rirog‘i, Xose Norberto Alende ispan tilida yaxshilab yozganini fransuz tilida uncha yaxshi ifoda qilolmay qolganimda vaqt-vaqti bilan suratga qarardim – goh ayol qiyofasi, goh o‘spirin, qurigan yaproq, yon tomondan olingan suratni a’lo darajada to‘ldirib, unga ma’no berib turgan tosh yo‘l meni o‘ziga jalb etmoqda edi. Ishdan dam olgan paytlarim mana shu surat ijodkori bo‘lgan o‘sha kungi tongga xayolim ketib qolardi. Ayolning suratga olingan plyonkani qanchalik titrab-qaqshab, achchig‘i chiqib, qaytarib berishimni talab qilganini eslardim, yigitchaning qochib qolgani kulgili, ayni vaqtda o‘sha g‘alati odamning to‘satdan paydo bo‘lishi kishini xavotirga solardi.
Vijdonan aytganda, men ushbu sahnani uncha chiroyli tark etmagan bo‘lsam-da, o‘z-o‘zimdan mamnuniyat hosil qilishim mumkin edi. Agar fransuzlar tezob bo‘ladilar, desalar, mening nima uchun fuqarolik huquqlari, erkinliklar va alohida imtiyozlarni keragida isbot qilolmay, birdan juftakni rostlab qolganligim o‘zimga ham qorong‘i edi. Biroq boshqa tomondan – shunisi eng muhimi, - men yigitchaning vaqtida qochib qolishiga, qutulib ketishiga imkon yaratdim (agarda mening hisobim to‘g‘ri bo‘lsa, yigitchaning qochganmi yo‘qmi, bunisi noma’lum). Men o‘zim istamagan holda birovlarning ishiga burnimni suqdim, lekin shu bilan birga qo‘rquvdan o‘takasi yorilgan bolakayning tahlikadan qutulishiga picha bo‘lsa-da, yordam berdim. Endi u afsuslansa afsuslanaversin, uyalsa, uyalaversin, o‘zini landavur deb o‘ylasa o‘ylayversin, keyin bu panjaradan o‘ziga g‘alati qaragan ayoldaqalar bilan tanishishdan ko‘ra durustroqdir. 
Mishelda ba’zan o‘ta odob-axloqli odam uyg‘onardi, u shunda tabiatiga xos bo‘lmagan tarzda xunuk, nojo‘ya ishlar haqida o‘ylayverardi. Demak, tasodifiy olingan surat o‘zining ezgu vazifasini bajaribdi-da. Shuni aytish kerakki, mutlaqo ixtiyorsiz ravishda har bir bandda ishimni to‘xtatib qo‘ymoqda edim; o‘sha daqiqalarda ushbu tasvir nima uchun meni bunchalik o‘ziga tortayotganligi va nima uchun uni katta qilib devorga osib qo‘yganligim haqida o‘ylab ham ko‘rganim yo‘q edi... Ehtimol faqat shunda, faqat shunday vaziyatlarda bari yuz berishi muqarrar voqealar sodir bo‘lsa kerak. 
Daraxtlarning astagina, arang sezilarli shitirlashi meni sira bezovta qilmadi, boshlab qo‘ygan jumlamni yana yoza boshladim va uni bemalol muvaffaqiyat bilan tugatdim. Sira ajablanarli joyi yo‘q! Biz odat qilib olgan narsalar – kattakon gerbariy. Chindan ham yirik plandagi, saksonga yetmish hajmdagi surat ekranga juda o‘xshab ketadi, ushbu ekranda ayol tilyog‘lamalik bilan yigitchani suhbatga tortmoqda va ularning boshlari uzra yaproqlari quruqshab qolgan daraxt butoqlari chayqaladi. 
Ammo manavi qo‘llarni qarang – bunisi juda ortiqcha! Shunisi qiziqki, men endigina tarjima qila boshlaganimni bilaman: “Donc, la seconde oly rysiddans la nature intrinsyque des difficultys que les sociytys...”****** – birdan ayolning kafti, barmoqlari asta-sekin birlashib musht bo‘lganini ko‘rib qoldim. Ko‘z ochib yumguncha o‘zimni yo‘qotdim, batamom chala, tugallanmagan fransuzcha jumla, polda mashinka, g‘ichirlab qolgan kursi va tuman o‘z holicha qoldi. O‘spirin butunlay holdan toygan bokschilar so‘nggi zarbani kutayotib qilganiday, boshini mag‘lubona egdi. U yoqasini ko‘tarib olgan va shu holati bilan asirga, halokat sari o‘zi yo‘l ochib bergan haqiqiy qurbonga yanada ko‘proq o‘xshab ketdi... Ayolning qo‘llari yana yozildi va uzun-uzun barmoqlari o‘spirinning betlariga uzaldi. Ayol yigitchaning qulog‘iga nimalarnidir shivirladi, u esa, qo‘rquv ichida, to‘g‘rirog‘i, bezovtalanib, ayolning yelkasi uzra boshini cho‘zdi va dam-badam o‘sha tomonga qaradi, qayoqqaligini – Mishel juda yaxshi bilardi – uyoqda mashina va kulrang shlyapali odam turardi. Ular kadrga tushmabdi, xo‘sh, tushmasa nima qipti? O‘sha odam o‘spirinning ko‘zlarida (bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi), ayolning so‘zlari va qo‘llarida, ma’lum bo‘lishicha, atigi vositachi rolini ijro etayotgan huzuridagi ana shu ayolning ishtirokida yashamoqda edi. So‘ngra esa men o‘sha odamning ularga yaqin kelganini, ularga qanday nigoh tashlaganini – qo‘llari cho‘ntagida, basharasida ranjishmi, toqatsizlikmi zohir, - misoli hozir-hozir berilib o‘ynagan itiga hushtak chalib, chorlagan qahri qattiq xo‘ja-yinni ko‘rdim. Shunda men, agar bu o‘rinda “tushundim” iborasini qo‘llash joiz bo‘lsa, o‘sha payt boshlangan va albatta sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan ish, beixtiyor va qo‘qqisdan kelib qolib xalal bermaganimda, ehtimoldagi voqea, bo‘lishi zarur hodisa, shak-shubhasiz, shu kishilar o‘rtasida ro‘y berishi muqarrarligiga tushunib yetdim. Haqiqat, mening tasavvurim namoyon etgan manzaradan ham dahshatliroq edi. Bu ayol panjara yonida yonoqlari qip-qizil beozorgina farishta bilan o‘z ixtiyori bilan turmagan, bolakayning qaltirashi va jur’atsizligidan maza qilib zavqlanmoqchi, vaqtini chog‘ qilmoqchi ham emas. Haqiqiy xo‘jayin mavridi kelishini poylamoqda va hammasi risoladagiday bo‘lishiga ishonmoqda edi. 
Yangi-yangi qurbonlar izidan bir marta emas, ikki marta emas, ko‘p marotaba ayolni jo‘natgan... Keyinmi – keyin voqealar oddiydan ham oddiy kechadi: mashina, uy – bunaqasi emas, boshqacha uy, sharoblar, shahvoniy suratlar va kechikkan ko‘zyoshlar. Men bu safar tamoman hech nima qila olmadim, mutlaqo hech nima. Aslida suratchilik menga aslo yordamchi emas, balki dushman ekan, u oshkora qasos oldi – endi nima bo‘lishini ko‘r, bir maza qil, deganday bo‘ldi. Men suratni allaqachonlar chiqarib qo‘yganman, oradan soatlar emas, kunlar, haftalar o‘tdi, biz endi bir-birimizdan yiroqda turibmiz, o‘kinch-pushaymonlik ko‘zyoshlari allaqachonlar to‘kilib bo‘lgan, faqat hasrat va hayrat qolgan, xolos, biz birdan o‘rnimizni almashtirdik, bu odamlar yashamoqdalar, harakat qilmoqdalar, ishlarini hal etmoqdalar va ularning qarorlari o‘zlari tomonidan idora qilinmoqda, men esam buyoqda ana shu kishilar – sarg‘ish ayol, o‘spirin va erkak kimlar ekanligini bilmasligim, bu haqda xabarsizligim asiriga, men – faqatgina o‘z kameramning ayanchli linzasi, tosh qotgan, harakatlanishga qodir bo‘lmagan qandaydir nima asiriga aylanaman. Ko‘z o‘ngimda ro‘y bergan bari voqealar mening ojizligim ustidan shu qadar shafqatsizlik, shu qadar berahmlik bilan kulganday, mazax qilganday bo‘ldi: men basharasi oppoq bo‘r bilan chaplangan masxarabozga yigitchaning qanday nigoh tashlaganini ko‘rdim; men bolaning tuzoqqa tushishini, uni pul bilan yo‘ldan ozdirishlarini bildim. Men endi – qoch! – deya hayqira olmasligimni – bir lahzada qimmatbaho atirlar ifori va hirs-ehtiros tupugi bilan mustahkamlangan sinchni buzib yuborgan tasodifiy suratga olishday, arzimas bo‘lsa-da, harakatim bilan bolani endi qutqarib qololmasligimni bildim. Bu voqealarning bari qandaydir tabiiy sukunatga o‘xshamagan sukutga cho‘mgan o‘sha daqiqalarda sodir bo‘lgan edi. Nazarimda, men qichqirib yubordim, umidsizlik, ranj-alam bilan hayqirdim, o‘sha lahzada ularga peshvoz,- bir qadam, yarim qadam, yana bir qadam bosib borayotganimni tushunib yetgan edim. Oldingi planda daraxt novdalari mayin silkinmoqda edi, panjaradagi dog‘ ham kadrga tushib qolibdi. Ayol o‘girildi, shunda uning xavotirli, qo‘rqib ketgan basharasi menga tahdid qildi. O‘shanda men bir oz chekkaga surildim, to‘g‘rirog‘i, men emas, mening kameram siljidi.Ayolni ko‘zdan qochirmay, men, ya’ni kameram, o‘sha odamga yaqinlashdi, u esa sarosimaga tushib, darg‘azab kepatada menga ko‘z o‘rnidagi qop-qora, chuqur o‘ralari bilan tikildi, shunday tikildiki, naq nimanidir havoga mixlab tashlagisi kelganday bo‘ldi. Mana, shu yerda, qarshimda, fokusdan tashqarida bir kattakon qush butun suratni to‘sib, o‘tib ketdi. Men bir on o‘zimni baxtiyor sezdim va devorga suyandim – nima bo‘lsa ham mening bolakayim qochib qoldi-ku, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-ku. So‘ngra men uni fokusning o‘zida ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim: u oyog‘ini qo‘liga olib yugurdi, yo‘q, yugurdi emas, orol uzra qanot qoqib uchdi – uning jingala sochlari shamolda – o‘sha ko‘prikka tomon yeldi, hilpiradi. U uchishga o‘rgandi va shaharga qaytishni epladi. 
Ikkinchi marta shunday bo‘ldiki, yigitcha juftakni rostladi, men ikkinchi marta unga yordam qo‘lini cho‘zdim va o‘spirinni omonat jannatga qaytarib yubordim. Birdan nafasim ichimga tushib ketdi, shunda men to‘g‘ri ular qarshisida to‘xtadim. Yana olg‘a yurishdan ma’no yo‘q – o‘yin o‘ynalib bo‘ldi! Ayol kifti va bir tutam sochi arang ko‘zga tashlangan, menga yeb qo‘yguday tikilgan o‘sha odam tushgan yangi kadr shu qadar shafqatsiz ediki, unda o‘sha odamning nim ochiq o‘ra kabi og‘zi, qop-qora tili qanchalik titrayotganini ko‘rdim... U qo‘llarini ohista ko‘tardi, bir onga fokusning o‘ziga tushdi va oldingi planga cho‘zdi, so‘ngra esa kattakon yaxlit bo‘lak singari barini – daraxtni ham, orolni ham to‘sib oldi, men esam borib turgan telbai devonaday ho‘ngrab yig‘lab yubordim. 

Hozir, ha, hamisha – boshi ham, keti ham ko‘rinmaydi – osmonda katta oppoq bulut suzib yuribdi. Men hozir ko‘kda bittagina bulut yoki ikkita bulut borligi haqida, yoki soatlab osmon g‘oyat tiniq bo‘lishi haqidagina gapirishim mumkin, xolos. Yana devorga ninato‘g‘nag‘ich qadalgan kvadrat qog‘oz bor. Men ko‘zlarimni ochib, barmoqlarim bilan ko‘zyoshlarimni artganimda dastlab ko‘rganim musaffo osmon bo‘ldi, so‘ngra esa bulutlar – chapdan chiqib kelib, asta-asta, go‘yo savlat to‘kkan kabi o‘ng tomonga suzib bormoqda edi. Shunday ham bo‘ladiki, hammayoq kul rangiga, ulkan qora bulutga burkanadi va keyin yomg‘ir tomchilay boshlaydi. Bu yomg‘ir misli egri chiziqcha-chiziqcha bo‘lib yog‘adi, bu xuddi menga o‘zgacha yig‘i, nolaga o‘xshab tuyuladi. So‘ngra kvadrat top-toza bo‘lib qoladi – bunga quyosh sababchi bo‘lsa kerak – va yana osmonga bulut chiqadi: bitta, ikkita, ba’zan uchtasi birdaniga paydo bo‘ladi. Goho kaptarlar, goho bitta-ikkita chumchuqlar ham ko‘rinib qoladi.

Ma’suma Ahmedova tarjimasi

_____________
* Mashhur yapon firmasi ishlab chiqargan fotoapparat (Tarj.)
** Yozuv mashinkasi
*** Apolliner Giyom (1988–1918) – XX asr boshlarida yashab ijod etgan mashhur fransuz shoiri «Yangi zamonaviy she’riyatning yorqin vakili. Ilk marta adabiyotga syurrealizm atamasini olib kirgan. (Tarj.)
**** Shamol yo‘nalishi va tezligini ko‘rsatib, aniqlaydigan asbob.
***** Ijodi XV–XVI asrlarga mansub italyan rassomi.
****** Lekin boshqa yo‘li ham bor – qiyinchiliklarning ichki tabiatiga ko‘ra, jamiyat...(Frans.)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.