OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yuriy Kazakov. Teddi (hikoya)

Bahaybat, qo‘ng‘ir ayiqni Teddi deb atashardi. Boshqa hayvonlarning ham nomi bor edi-yu, lekin Teddi ularni sirayam eslayolmas, doim adashtirib yurardi. Faqat o‘z laqabini yaxshi bilar, qachon chaqirsalar quloq solar va aytganlarini bajarardi.
Uning hayoti juda zerikarli edi. U allazamonlarda beri tsirkda ishlardi. U itoatgo‘y, yuvosh bo‘lib qolgan va endi unga qafasning hojati yo‘q edi, ammo shunga qaramay odatlari bo‘yicha qafasda saqlashardi.  Teddiga hech narsaning qizig‘i qolmagan, hammasi joniga tekkan, faqat tinch qo‘yishlarini istardi. Biroq u keksa tajribali artist bo‘lganidan sira hol-joniga qo‘yishmas edi.
Kechqurun uni o‘rtasida yuz-ko‘ziga upa-elik surtilgan novcha odam uyoqdan-buyoqqa yurgan charog‘on sahnaga olib chiqishar edi. Bu odam oppoq ko‘ylak-ishton, charm qora etik va oldiga zar uqa tutilgan lolarang kamzul kiyib olardi Uning ko‘ylak-ishtoni ham, kamzuli ham, rangpar, hissiy yuzi ham Teddiga yomon ta’sir qilardi. Lekin ayiq, ayniqsa uning ko‘zlaridan qo‘rqardi.
Bir zamonlar Teddi bir necha bor yirtqichligiga borib isyon ko‘targandi. U alamidan bo‘kirar, qafas simlarish sug‘urib tashlardi, o‘shanda uni tinchitishning sira ilojish qilisholmagan edi. Ammo qafas yoniga rangpar odam kelib Teddiga tikilganida, ayiqning uni o‘chib, oradan bir soat o‘tar-o‘tmas repetitsiyaga chiqqan edi.
Endi Teddi xarxasha qilmas va turli-tuman qo‘pol va bekorchi, hatto ko‘pincha bema’ni narsalarni ham jimgina bajaraverar edi. Oq ko‘ylak-ishtonli odam ham endi unga o‘qrayib qaramasdi, ayiq haqida gap ketsa uni erkalab «Yuvvoshgina qariya» deb atardi.
Teddi sahnaga charm burundiqda chiqar va o‘zini olqishlab kutib olgan tomoshabinlarga ta’zim qilardi. Unga velosiped keltirib berishar, u egar osha oyoqlarini o‘tkazib rulni mahkam tutgancha pedalni bor kuchi bilan bosardi-da muzika sadolari ostida sahna bo‘ylab aylanardi. Tomoshabinlar esa tinmay qiyqirar va qarsak chalardilar.
Teddi yana bir necha antiqa narsalarni bajara olardi: Panjalari bilan tez-tez aylantirib g‘o‘lalarda uchar, uzun, ingichka temir tayoq tepasiga chiqib muvozanat saqlab turar, qo‘llariga qo‘lqop kiyib boshqa bir ayiq bilan boks tushardi. Teddi hazilni tushunmasdi, to‘g‘rirog‘i hayvonlarga xos hazilnigina tushuna olishi mumkin edi, shuning uchun bunday ko‘pol va bema’ni harakatlarni bajarayotganda odamlar nima sababdan shodlanardi, sira tushunolmasdi.
Kechalari ayiq ko‘pincha uxlamas, yo‘lakda mittigina chiroq xira nur sochar, kiyimidan doim yoqimli hid anqib turadigan qorovul chol rosa xurrak otardi. Hayvonlar uyqusida irillar va g‘ingshir edi, qafaslardan qo‘lansa hid anqirdi. Yo‘lakning qop-qorong‘u burchaklarida yirik-yirik suqatoy kalamushlar yugurib yurar, orqa oyoqlarida tik turib birdan qotib qolar, shunday paytda ularning soyalari uzun bo‘lib polga tushardi.
Birmuncha vaqt g‘ingshib yotgach, Teddi o‘zini yalab-yulqashga tushardi. U jiqqa ho‘l bo‘lib ketguncha erinmay panjalari bilan qornini yalar, so‘ngra biqini bilan orqasiga o‘tardi. Biroq orqasini yalash juda noqulay edi, natijada u tez charchar, keyin noxush xayollarga berilardi.
U bolaligini va onasini — panjalari yumshoq, uzun tili haroratli, kelishgan ayiqni eslashga urinardi. Biroq bolaligini deyarli eslolmasdi. Faqatgina anhor, sarg‘ish qum to‘shalgan sohil yodiga tushardi xolos; qum mayin va qaynoq bo‘lardi. U yana chumolilarning o‘tkir hidini eslardi, afsuski o‘shandan buyon bunday hidga ro‘para kelmadi.
U yana o‘ziga tsirkda bir paytlar berishgan totli yemishlar haqida ham o‘ylardi. Yana juda ko‘p narsalar uning esiga tushardi: qandaydir shakl-shamoyillar ko‘z oldiga kelar, yuragini g‘azab va hasrat to‘ldirar, uning o‘kirgisi, allaqayoqlarga bosh olib ketgisi, o‘ziga munosib yirtqichona ishlarni bajargisi kelar va  kechasi bilan o‘kirib chiqar, ertasiga esa o‘zini behad lanj va tund sezar, repetitsiyaga ham istar-istamas chiqardi.

II


Kunlardan bir kun tsirk safarga otlandi. Teddini ham ola ketishdi.
Shu choqqacha u juda ko‘p safarga chiqqan, shu bois uni hech narsa hayratga sololmasdi; u avtomashinalardan anqib turuvchi benzin hidini yomon ko‘rardi, xolos.
Hammasi odatdagidek yuz berdi: stantsiyada hayvonlar solingan qafaslarni vagonga joyladilar, allanimalar deb qichqirdilar, so‘kindilar, bir nimalarni mixladilar, oxiri eshiklar gumburlab yopildi-da, yo‘lga tushishdi. Ko‘p o‘tmay hamma narsa bir maromda chayqala boshladi. Teddining nihoyatda uyqusi keldi. Shu alfozda ikki kechayu ikki kunduz yurishdi, keyin poezd to‘xtadi. Eshiklarni ochib vagonlardagi qafaslarni yuk mashinalariga orta boshlaganlarida Teddi notanish yerga kelib qolganlarini va allaqanday begona hidlar kelayotganini payqadi, lekin bunga ajablanmadi.
Yana yo‘lga tushishdan avval hayvonlarni ovqatlantirishga qaror qilishdi. Xizmatchi kelib qafaslarni tozalab, yemish keltirdi. Teddining qafasiga suvda qaynatilgan kartoshka, non hamda bir tog‘ora suli quyib, xizmatchi bir nimaga chalg‘idimi, eshigini yopmay chiqib ketdi.
Ayiq eshikning ochiq qolganiga parvo qilmadi, rosa ochiqqan edi shekilli, kartoshka bilan sulini pok-pokiza tushirdi. Keyin odati bo‘yicha tovoqni eshik yoniga surib qo‘ydi, xuddi shunda qafasning ochiq qolganini sezdi. Teddi juda hayron bo‘ldi, boshini chiqarib uyoq-buyoqqa alangladi, esnadi, ichkariga qaytib kirdi-da, ko‘zlarini yumib yotdi. Ammo oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas o‘rnidan turib yana boshini chiqarib qaradi. Havoni iskadi, atrofni ko‘zdan kechirdi, xuddi bir nima esiga tushgandek taraddudlandi, so‘ng qafasdan chiqib mashinadan yerga sakradi.
Shu choq shofyor ko‘rindi. U kepkasini qo‘ltig‘iga qistirib olgancha kavshanib mashinaga yaqinlashardi. Shamol shofyor tarafdan esardi. Teddi kolbasa xidini tuyib unga peshvoz yurdi. Ayiqqa ko‘zi tushgan shofyor kavshashdan to‘xtab taxtadek qotib qoldi. Teddi orqa oyoqlarida g‘oz turib erkalangancha g‘ingshidi. Shofyorning qo‘ltig‘idan kepkasi tushib ketdi, o‘zi esa orqa-o‘ngiga qaramay eshigi tepasiga allaqanday shior osilgan pastakkina uy tomonga qochdi. 
— Yordam beringlar,— deb qichqirdi u o‘takasi yorilib. 
Teddi oldingi oyoqlarini yerga qo‘ydi va har ehtimolga qarshi nari ketdi. U hatto avvaliga qafasga qaytib kirmoqchi bo‘lib ortiga o‘girildi, biroq xuddi shu payt ayyuhannos solib uydan odamlar yugurib chiqdi. Teddi odamlariing orasidan tanish qiyofani izlab qo‘rqa-pisa o‘girildi, lekin tanishlarini topolmadi. Uning yuragini birdan vahm bosdi va urra qochdi. U tushovlab qo‘yilgan otlar yonidan o‘tdi: uni ko‘rib otlar o‘zlarini orqaga tashlab kishnadilar. Bunga javoban Teddi ham o‘kirib, yugurishda davom etdi.
U pushtalarda qoqilib-suqulib polizdan yugurdi, chetandan oshib o‘tdi-da, dala bilan o‘rmon tomonga yo‘l soldi. U pishqirib, quloqlarini chimirib yelib borar ekan, vujudida noma’lum halovat tuyardi, lekin butazorga yetib borib to‘xtadi va xavotirlanib ortiga o‘girildi: na stantsiya, na odamlar, na mashinalar ko‘zga chalinar, faqat jimjit dala va yiroqlarda qorayib turgan uylardan boshqasi ko‘rinmasdi.
Ayiq o‘kindi, daf’atan uning tsirkka qaytib borgisi va yana g‘ira-shira yo‘lakda yotgisi keldi, yoqimli hidlar anquvdi qorovulning xurraklarini sog‘indi. Ortiga qaytishdan u qo‘rqdi va orqa oyoqlarida g‘oz turib chayqalgan ko‘yi g‘amgin g‘ingshib qo‘ydi. So‘ngra o‘rmon tomonga qaradi, tumshug‘ini tozalash uchun bir necha bor pishqirib havoni iskadi. Mum bilan qo‘ziqorin va yana allaqanday xushbo‘y hidlar anqirdi. Teddi o‘rmonga qarab yurdi. U butalar oralab ohista borar va har safar yalanglikka chiqqach, biror xizmatchi yoki oq ko‘ylak-ishtonli kishini ko‘rib qolamanmi, degan umidda ortiga o‘girilib qarardi. U hozir o‘zini erkalab «Teddi!» deb chaqirishlarini istardi. Lekin hech kim ko‘rinmadi, uni chaqirish tugul tiq etgan tovush eshitilmas, o‘rmondan esa tobora qudratli bir da’vat baralla eshitilayotgandek bo‘lardi. Teddi hadiksirab o‘rmon ichiga kirdi.

III


Teddining omadi yurishmadi. U o‘rmonning odamlar istiqomat qilayotgan qismiga kelib qolgan edi. Bu yerda o‘rmon sanoati xo‘jaligi joylashgan bo‘lib, katta maydondagi daraxtlar kesilgan, har yerda o‘rmonga aloqasiz buyumlar: tor izli temir yo‘l, uzuq-yuluq po‘lat simlar, yog‘ lattalar, payhon qilingan so‘qmoqlar, xoda yotqizib ochilgan yo‘llar ko‘zga tashlanardi. Bu yerda qushlar bilan hayvonlardan asar ham yo‘q edi, kechalari esa temir-tersaklarning sadosi, motor shovqini, parovozlarning chinqirig‘i tinmasdi.
Teddiga o‘rmon g‘ayritabiiy va ko‘ngilsiz bir joy bo‘lib ko‘rindi. Shuning uchun dastlab qanday bo‘lmasin odamlarni uchratish haqida o‘yladi. Ammo ayni choqda allanima uning mashinalar tarafga yurishiga monelik qilardi. Hamma narsa uning g‘ashiga tegardi; u ochiqqan, uyqusi kelar va darmonsiz edi. U birontasi chiqib, yegulik biron narsa berar degan umidda o‘rganib qolgan fokuslarini bajarishga chog‘landi. Oldingi oyoqlarida turib, orqa oyoqlarini xuddi koptokni otib o‘ynayotgandek o‘ynatdi, shu alfozda yalanglikni aylanib chiqdi, keyin umbaloq oshdi, raqsga tushdi, xuddi tsirkdagidek o‘zini o‘lganga solib yotdi, keyin o‘zidan mamnun bir qiyofada o‘rnidan turib yonveriga alangladi. Agar tsirkda shunday qilsa unga biron nima bergan bo‘lishardi. Ammo bu yerda uni hech kim olqishlamadi, suli yormasi ham osmondan tushmadi. Shunda ayiqning mitti ko‘zlarida g‘amgin hayrat alomati aks etdi.
Ayiqning umidi puchga chiqdi, u odamlar yoniga qaytib ketgan bo‘lardi-yu, ammo sodir bo‘lgan bir voqea odamdan qanchalar qo‘rqish kerakligi haqidagi tasavvurini tasdiqladi.
Kunlardan bir kun ertalab Teddi jarlikda allaqanday giyohlarni yeb yurardi.
Boshini ko‘targanda, birdan yuqorida turgan odamga ko‘zi tushdi. Teddi hayron bo‘ldi va orqa panjalarida g‘oz turib, hatto quvonganidan xo‘rillab qo‘ydi. Biroq odam unga o‘xshab quvonib ketmadi, ayiq kutganidek «Teddi» deb erkalab chaqirmadi — u rangi oqarib, miltig‘ini ola ayiqqa to‘g‘riladi, o‘q ovozi yangradi, nimadir Teddining qulog‘ini kuydirib o‘tdi. U o‘kirib yubordi-da, chalqancha yiqildi: Teddi og‘riqdan emas, alam va talvasaga tushganidan bo‘kirardi. Odam esa orqa-oldiga qaramay qochdi.
Oradan bir daqiqa o‘tgach, Teddi quturib odamning ortidan quvib ketdi. Biroq odam qochishga ulgurdimi, biron yerga yashirindimi Teddi uni topolmadi. Shu paytdan boshlab odamlardan qo‘rqadigan bo‘ldi va iloji boricha kimsasiz, ovloq yerlarni izlashga tushdi.
Ammo haqiqiy o‘rmon, ovloq yerlarga ketish uchun daryodan suzib o‘tish lozim edi, Teddi esa suzishni bilmas, shuning uchun ahvoli og‘irlashardi. Bir necha bor daryo bo‘yiga kelib suvda oqib ketayotgan xodalarga qarab turdi, o‘kindi va yana o‘rmon ichiga kirib ketdi.

IV


Oradan ikki kecha, ikki kunduz o‘tdi. Uchinchi kuni kechasi Teddi daryo bo‘yiga bordi-yu, hayratdan qotib qoldi: sohilga tutash yerda o‘rtasiga kulbacha qurilgan hayhotdek sol turardi. To‘lin oy nur sochar, sohilda derazalari qop-qora oqish uylar saf tortgan, tevarak-atrofda bironta tirik jon ko‘rinmas, tiq etgan tovush yo‘q, faqatgina sol xodalari orasida suv sokin chayqalardi. Teddi orqa oyoqlarida turib havoni iskadi. Soldagi uyachadan chidab bo‘lmaydigan darajada javdar undan qilingan non bilan kartoshka hidi kelardi. Teddi lablarini yaladi va turgan yerida chayqaldi. Chayqala turib u nima qilish kerakligi haqida o‘ylardi.
Hid kelayotgan yoqqa borishga qo‘rqdi, chunki u yerda odamlar borligini bilardi, biroq ko‘ngli shunchalar sust ketgan ediki, ayiq sohil bo‘ylab uyoqdan-buyoqqa yura boshladi, ikki-uch bor suvga panjasini solib ko‘rdi va oxiri kulbaning ro‘parasida to‘xtadi. Voy-bo‘, shunday ham ajoyib hid bo‘ladimi?!
Sol qirg‘oqdan xiyol narida turardi, bir yeridan ko‘prik o‘rnida qirg‘oqqa taxta tashlab qo‘yilgan edi. Ammo shoshib qolgan Teddi buni payqamadi, suvga tushib bir zumda solga chiqib oldi. Xodalardan sekin-asta odimlagancha kulbaga yaqin bordi-da, atrofini aylanib chiqdi. Ichkaridan xurrak ovozi eshitildi. Teddi tsirk qorovulini eslab dadillandi. U derazadan ichkariga qaradi-yu, hech nimani ko‘rmadi. Shundan so‘ng eshikni ochib uygacha kirdi. Kirgan zahoti og‘zidan so‘lagi oqdi — uyda paytava, non va kartoshka hidi gurkirardi. Non bilan kartoshka stolda edi. Teddi stol yoniga kelib, avval dekcha yopilgan iliqqina laganni tushirib yubordi, keyin qozonni ag‘darib o‘kirdi-da, apil-tapil yeya boshladi.
— Hoy, kim bor?— dedi daf’atan xurrak otayotgan odam.— Fedya! Senmisan?
Ayiq qo‘rqib ketganidan o‘tirib qoldi, so‘ngra g‘azabdan o‘kirib, panjasi bilan stolga urdi. Dekcha bilan lagan polga tushdi. O’sha zahoti bir nima nardan sakrab tushdi, zipillagancha eshikka oshiqdi va sol bo‘ylab sohilga yugurdi. Teddi ahvol chatoq ekanligini tushundi, lekin shunda ham shosha-pisha yutoqqancha chapillatib, ovqatni tushiraverdi. U odamga qarshi ish qilayotganini bilardi.
Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas sohilda shovqin ko‘tarildi. Qochish kerak, ammo hali ayiq to‘ymagan edi, Teddi polda yotgan kartoshkalardan bir nechasini changallab eshikka yugurdi. Ammo eshikning qaerdaligini birdaniga topolmadi. Uychadan chiqqanida esa tumonat odam yig‘ilganini ko‘rdi. Ayiqni ko‘rgan odamlar baravariga, xuddi stantsiyadagiga o‘xshab qiyqirib yuborishdi. Teddi nima qilarini bilmay to‘xtadi. Sohilga olib boruvchi yo‘l berk edi.
U solning narigi tarafiga o‘tib qochmoqchi bo‘lgan edi, to‘satdan ro‘parasida bir yolqin chaqnab, o‘q ovozi yangradi. Ayiqning o‘takasi yorilib ortiga qaytdi-da, o‘girilib kulbaning orqasiga qarab qochdi. Odamlar yoy shaklida solning burchagiga siqib kela boshladilar. Orqa tarafidan yana o‘q ovozi yangradi, o‘q uchirib yuborgan po‘stloq ayiqning qorniga tegdi. U bo‘kirgancha oldinga sakradi va suvga o‘zini tashladi. Oy nurida kumush tomchilar sachradi. Teddi umrida suzib ko‘rmagan edi, shuning uchun suv ostidan qalqib chiqqanda dastlab nima qilishini bilmadi. Lekin qo‘l-oyoqlari beixtiyor harakatga keldi va u tumshug‘ini ko‘targancha jon-jahdi bilan shaloplatib suzib ketdi. Suv uni sekin-asta quyiga oqizib keta boshladi, solda qolgan odamlarning qichqirig‘i anchagacha eshitilib turdi, ayiq esa tobora panjalariii kuch bilan silkitib, aksirib-pishqirib tumshug‘ini ko‘tarib suzib borardi. Yarim soatcha suvda oqib borgach, qorayib turgan o‘rmonga ko‘zi tushdi. Bu yaqinginada ayiq chiqqan boyagi o‘rmon emas, boshqasi edi. Bu yerda daraxtlar kesilmagan, so‘qmoqlar bilan odamlarning boshpanalari ko‘zga chalinmasdi.
Teddi oyoqlari yerga tekkanida eran-qaran yurib sohilga chiqdi. Uning po‘stinidan tinmay suv oqardi. Ortiga o‘girilib yiroqlarda, chiroqlarning zaifgina nuri qo‘ynida elas-elas jimirlab ko‘rinayotgan allanimalarni payqadi-da, odamlar bilan baraklar va boyagi sol ham o‘sha yoqda qolib ketganini angladi, shovqin bilan xatar arigani, bu yer endi sokin, yoqimli ekanini his qildi. U kulbada qolgan kartoshkalarni eslab, norozi ohangda g‘ingshidi, keyin bir necha bor silkindi-da, tikka jarlikdan ko‘tarilib, ulkan qarag‘aylar va archalar sari ko‘tarila boshladi.

V


Bu daryoning u boshidan bu boshiga qadar cho‘zilib ketgan haybatli o‘rmon edi. Bundan tashqari o‘rmon Ural tog‘ tizmalari va o‘shanaqasi shimolga — tundragacha qo‘shilib ketardi.
Bu yerda bo‘rilaru tulkilar, olmaxonlaru quyonlar bisyor edi. Bug‘ular bilan chag‘ir ko‘zli qoplonlar ham uchrardi. Odam oyog‘i yetmagan bu yerlarda bir zamonlar qulagan daraxtlar tufayli o‘tib bo‘lmas changalzorga aylangan xilvat go‘shalar ham uchrardi.
Bu o‘rmonda ba’zan besababdan-besabab yong‘in chiqardi. O’t ketgan paytlarda poyonsiz kengliklardagi daraxtlar bilan o‘t-o‘lanlar yonib kulga aylanar, son-sanoqsiz hayvonlar nobud bo‘lardi. Yo‘lida uchragan narsani kulga aylantirgan olov qanday boshlangan bo‘lsa shunday, to‘satdan, o‘z-o‘zidan o‘chib qolar, undan esdalik sifatida kultepalar va yonib bitgan daraxtlarning yakkam-dukkam tanalari qolardi. Ko‘p o‘tmay mana shu o‘t ketgan o‘rmon qoldiqlarini dag‘al qizg‘ish o‘t-o‘lanlar qoplardi, so‘ngra o‘nqir-cho‘nqir yerlarda chernika bilan brusnika, qayin bilan qarag‘ay novdalari quloq chiqarardi; o‘rmonning betkay yerlarida na’matak bilan xo‘jag‘at butalari ko‘zga chalinib qolar va sekin-asta bu o‘rmon hayvonlar uchun mash’um biyobon emas, rizq-ro‘z sochilib yotgan oshiyonga — hurpaygan qarqurlar, serhadik bulduruqlar, o‘rmon qarchig‘aylari va quyonlar tanda qo‘ygan rizq-ro‘z makoniga aylanardi. Bug‘ular ham shu yerga kelib, oqish kulrang yo‘sinda chuqur izlar qoldirib yurishardi.
Odam oyog‘i yetmagan o‘rmonda hayot qaynardi. To‘g‘ri, bu yerda ham doimiy kurash to‘xtamasdi, bu yerda ham zo‘rlik bilan vahshiylik qonunlari hukm surardi. Eh-he, mana shu maftunkor makonda har kuni qanchadan-qancha patlar va suyaklar chirib ketmadi, deysiz! Biroq bu yerda xatarli kurashlar odamzod bilan to‘qnashuvchalik omonsiz bo‘lmasdi.
Mana shu o‘rmonlarda kamdan-kam o‘q ovozi yangrardi, basharti shunday bo‘lib qolsa, tepaliklar, jimjit qarag‘ayzorlar ustidan keskin va shiddatli o‘q tovushi momaqaldiroqdek gumburlab o‘tar va daryoning narigi sohilida aks-sado berardi. Shunda olmaxonlar hovuchlaridagi bujurlarini tashlab, qiziqib qarash uchun daraxtning qir uchiga chiqib olishardi; o‘takasi yorilgan quyonlar sakrab o‘rnidan turishardi; bu qudratli tovushni bir daqiqa tinglagan bug‘ular ham boshqa yerga ko‘chishardi: changalzor qo‘ynida mudrayotgan qoplonlar bir lahzagina uyqu bosgan sariq ko‘zlarini ochib, quloqlarini asabiy ravishda chimirib qo‘yishardi: faqat odamzodni yaqindan bilgan bo‘rilargina hamma narsani tashlab, tepalikka qochib chiqishar va anchagacha la’nati odamning isini olish uchun jonholatda havoni iskashardi.
Bu yerda yana mayingina shaldirayotgan chashmalar ham ko‘p edi: jazirama issiq paytlarda ham bu chashmalarning tegrasi salqin bo‘lardi. U yer-bu yerdauchrab qoladigan jarliklar, bir-biriga ilang-bilang ulanib, daryo tomonga cho‘zilib ketardi. Mana shu jarliklarda bo‘rsiqlar bilan tulkilar uya qurishni yaxshi ko‘radi, shu yerda — daryo yaqinida bo‘rilar yashardi.

VI


Teddi qirg‘oq yoqalab kun bo‘yi shimolga qarab yurdi. O’rmon ichiga kirishga botinolmay, bir necha marta hayotini saqlab qolgan daryoni kimsasiz va noma’lum o‘rmondan afzal bilardi u. Har tarafdan turli tovushlar bilan hidlar uni ta’qib qilardi. Teddi esa bularni ajratolmay qiynalardi. Ayrim hidlar unga yaxshi tanish edi. Yo‘lda ikki marotaba qoplonning izlariga duch keldi-yu, o‘sha zahoti tsirkdagi qoplon esiga tushdi. To‘g‘ri, tsirkdagi qoplonning hidi yomon edi: tutqunlikdagi hayvonlar qo‘lansaroq bo‘ladi. So‘ngra Teddi bahaybat archaning ostki shoxida o‘tirgan bulduruqlarni hurkitib yubordi-da, dastlab o‘zi ham cho‘chib tushdi. Bularning shunchaki oddiy parrandalar ekanini bilgach, yengil tortdi. Tulkining izlarini ham darhol ajratib oldi. Biroq ha desa bezovta qilayotgan bir-biridan yangi, notanish taassurotlar oxiri uni shunchalik holdan toydirdiki, Teddi noiloj bahaybat archaning tagidagi qulayroq joyga yotdi-da, dong qotib uxlab qoldi.
Har qancha g‘alati tuyulmasin, bu bahaybat yirtqich o‘rmonda butunlay ojiz va nochor edi. Uzoq yillar davomida u o‘rmondan, bir zamonlar ko‘rishga ulgurgan narsalardan behad uzoqlashib ketgan, deyarli unutib yuborgan edi. Tabiat unga ato etgan barcha sezgilari o‘tmaslashib qolgan, shu bois arzimagan narsalar oldida o‘zini yo‘qotib qo‘yardi. Uning dam-badam qorni ochardi, ilgari to‘yib ovqatlanishga o‘rganganidan hozir ochlikdan qiynalmoqda edi. Sirkda uning holidan har kuni xabar olib turuvchi xodim bu yerda yo‘q edi, u o‘z g‘amini o‘zi yeb, ovqat izlashga majbur bo‘lardi. U ovqat izlab topish uyoqda tursin, nima yeyishni ham bilmasdi. Ehtimol, hech kim ona nima ekanini yovvoyi yirtqichchalik his qilmasa kerak. Ona o‘z bolasiga yashirinishni, urishishni, qochishni o‘rgatadi, kim do‘stu kim dushman ekanini tushuntiradi. U chumolining uyasi qaerda bo‘lishini, chernika, qulupnay, xushxo‘r ildizlar, baliqlar bilan baqalar borligini biladi; u qaerda zilol suvlar, tinch, osoyishta joylar, oftobro‘ya maysazorlar qaerdaligini yaxshi biladi; unga hidlar siri va yashash joyini o‘zgartirish sabablari juda yaxshi ayon. U yana o‘rmonda bironta yirtqich uzoq yashamasligi, albatta biror kulfatga giriftor bo‘lib nobud bo‘lishini, bundan saqlanib uzoqroq yashash va nasl qoldirish uchun epchil, dovyurak hamda doim hushyor yurish lozimligini ham biladi.
Mabodo Teddi dastlab hayvonot bog‘ida, so‘ng tsirkda ulg‘aymay, ona ayiq bag‘rida hayot kechirganda, hozir qudratli yirtqich bo‘lib nima qilish lozimligini bilol-may qiynalmasdi. Afsuski, Teddi oq ko‘ylak, ishton kiygan odam qo‘lida hayot saboqlarini oldi va uning o‘jar ruhi bolaligidayoq ezilgan edi. U o‘rmonda yashov-chi ayiqlar uchun misli ko‘rilmagan dahshatli narsalarni bilishga ulgurgan edi. Shaharda u shak-shubhasiz boshqa ayiqlardan ko‘ra behad tajribaliroq, aqlliroq bo‘lishi mumkin edi, ammo uning bilgan-ko‘rganlari o‘rmonda nimaga ham yarardi! O’rmonda u bir dumalab go‘yo qaytadan zaif va nochor ayiq bolaga aylanib qolgan edi.
Bor-yo‘q farqi shunda ediki, u endi jajji ayiqcha emas, balki qafasga ishqalanaverib junlari to‘kilib ketgan bahaybat ulkan ayiq edi, buning ustiga tadbirkor onasi ham yonida yo‘q edi.

VII


Teddi qushlar ovozidan uyg‘onib ketdi. Bu qushchalar shudringdan nam tortgan novdalarda sakrab-sakrab chirqillashardi. Tepalik ortidan kuyosh ko‘tarildi. Qarag‘ayzorni harir tuman qoplagan, shudring jilva qilar, havo beg‘ubor edi. Teddi tungi oshiyonidan chiqib shimolga qarab yo‘lga tushdi. O’rmonda sandiroqlab yurishga odatlanmaganidan ikki kundirki, uning panjalari og‘rib-og‘rib qo‘yardi, shunga qaramay u qaysarlik bilan yo‘lda davom etardi. U shimol sari ketib borarkan, uchib ketishga chog‘langan qushlardek hech narsa haqida qayg‘urmasdi. U ichki bir tuyg‘uga qayishib serquyosh, yemish mo‘l, osoyishta va zilol suvlar oqib yotgan bemisl o‘lka sari borardi.
Peshin payti yalanglikdan o‘tayotganda ayiqning dimog‘iga ajabtovur bir hid urildi-yu, allanarsalar esiga tushdi. Biroq bu yoqimli hid qaerdan kelyapti? Teddi kun chiqar tarafga o‘girilib ozgina yurgandi, hid yo‘qoldi. U bezovtalanib iziga qaytdi — hid yana dimog‘iga urildi. Shunda Teddi chumoli uyasining qaysi tomonda joylashganini aniqlaguncha turgan yerida aylanaverdi, yillar o‘tib chumolilarni unutib yuborgan bo‘lsa ham bu hidni darhol sezgandi.
Chumolidan ajoyib narsa bormi dunyoda! Ulardan shirin narsa bormi. Yog‘li, nordongina, ishtahani qitiqlaydigan, buning ustiga to‘yimli — istagancha yeyish mumkin!
Teddb tumshug‘ini chumolining uyasiga suqdi va huzurlanib pishqirib yubordi — bu hid shunchalar o‘tkir edi. U tumshug‘ini yanayam chuqurroq suqdi-da, ko‘zlarini yumib, tilini chapillata boshladi. Bir zumda uning tumshug‘ini yirik-yirik sariq chumolilar qopladi, quloqlariga o‘rmalab kirdi, biroq Teddi boshini silkitib yana ham ishtaha bilan tamshana boshladi. Nihoyat u nafasi qaytib, orqa oyog‘iga o‘tirdi-da, tin oldi. Daf’atan allaqachon unutib yuborgan bir nima esiga tushdi-da, u chumoli uyasini buza boshladi. Chumolilar endi uning panjasiga yopishdi-yu Teddining bamaylixotir o‘tirib, panjasini yalashdan boshqa ishi qolmadi. Bu juda qulay edi — endi chumolilar uning tumshug‘iga, quloqlariga kirib g‘ashiga tegmas, og‘ziga tuproq bilan o‘t-o‘lan ham kirmasdi. Teddi oxiri chumoli uyasida hech vaqo qolmagach, nari ketdi.
Chumoli uyasini buzib tashlagach, Teddi yo‘lida davom etdi, yonbag‘irlarini archalar qoplagan bir tepalikdan oshdi, jarlikdan o‘tdi. Xo‘jag‘atzorga duch kelib kechgacha o‘sha yerdan chiqmadi.
Oldiniga bulduruq va qarqurlarning parr etib ko‘tarilishi, hovuzlardagi baliqlarning bexos sakrashlari, o‘rmon shovqini, yaqin atrofda ketayotgan bug‘ularning qasira-qusuridan Teddi cho‘chirdi. G’alati, noma’lum, o‘tkir hidlar ham xavotirga solardi. Biroq u qo‘rquvni yengib, bu noma’lum hiddar va tovushlarga ko‘nikish, keyinroq yana duch kelganda ulardan nariroq bo‘lish yoki peshvoz chiqish uchun ko‘nikib borardi.
Hozirgi hayotining dastlab o‘zi ham payqamagan yaxshi tomoni bor edi: odamdan boshqa hech narsadan qo‘rqmasa ham bo‘lardi. U na bo‘rilar, na qoplonlar, na suvsarlardan hayiqardi. Uni hech nima bezovta qilmas, u hech narsadan tap tortmas va hech nima uni ta’qib etmasdi. Aksincha, undan hamma hayvonlar qo‘rqardi, holbuki, o‘rmonda eng bahaybat va xavfli yirtqich o‘zi ekanini Teddi bilmasdi. Buni anchadan keyin, kunlarning birida ikkita katta-katta bo‘ri bug‘u jasadini xomtalash qilayotganini ko‘rib qolgan paytda angladi. Bo‘rilarga ko‘zi tushgan ayiq nima qilarini bilmay to‘xtab qoldi. Bo‘rilar esa tahdidona irillab, o‘sha zahoti nari ketishdi va Teddi bug‘u go‘shtini pok-pokiza tushirayotganida yaqin kelishga botinolmay ancha narida aylanib yurishdi. O’shanda Teddi o‘zining qudratli ekanini sezgan va bundan faxrlangan edi. Shundan keyin ham bir necha bor bu yerga qaytib keldi. Har safar uni ko‘rdi deguncha och bo‘rilar o‘ljani tashlab nari qochayotganidan quvonardi.

VIII


Bir manzilda bir kun, boshqasida ikki kun tunab, Teddi tobora shimolga yaqinlashib borardi. Kun sayin qarag‘aylar yiriklashardi: xo‘jag‘atlar, qulupnay va brusnikalar ko‘payib, qishloqlar kamayib borardi. Behad go‘zal, odam oyog‘i yetmagan xilvat go‘shalar va sukunat hukmron. Yana nima kerak?! Biroq Teddi xotirasida shunchalar go‘zal manzaralar o‘rnashib qolgan ediki, ko‘z o‘ngidagi voqelik uii qanoatlantirmas va u hamon allaqanday qadrdon yurti, allaqanday jannatmakon ayiqlar oshiyoniga oshiqardi.
O’zi qulay deb hisoblagan joyni topib, Teddi atrofni ko‘zdan kechirib chiqardi. U chirigan to‘nkalarni kavlar, kalamush va kuyonlar, olmaxonlarning uyasini buzar, oqish yo‘sin qoplag‘an toshlarni ag‘darib, shilliqqurtlar va chuvalchanglar izlardi.
Bir safar kambargina ko‘l bo‘yida, suvning tuyqus shaloplashidan o‘takasi yorilib to‘xtab qoldi. Qirg‘oqdagi qiyoqzorda isinayotgan cho‘rtan baliqlar ayiqdan qo‘rqib, o‘t-o‘lanlar orasidan chiqa solib suvga sho‘ng‘ir edi. Teddi suvdan va qiyoqlar orasidan ko‘z uzmay qirg‘oq yoqalab yo‘lga tushdi.
U hali baliq go‘shtining ta’mini bilmasdi. Biroq nimadir mana shu jonivorlardan birini tutib yeyishga undardi. Nihoyat u qilt etmay turgan cho‘rtan baliqning qoramtir sharpasini sezib, tovush chiqarmay, yerga qapishib yaqinlasha boshladi. Chetdan qaraganda u juda g‘alati alfozda edi. Oldingi panjalari bilan tumshugi yerga qapishgudek, gumbazdek keti esa kulguli tarzda selkillardi. Biroq ayiq pusib kelar, mitti ko‘zlari esa mudhish yiltillardi. Cho‘rtan baliq yotgan yerni poylab turib panjasi bilan keskin urdi va bo‘kirib oldingi panjalari bilan suvga tushdi. Dastlab zarbi nishonga tegdimi, yo‘qmi o‘zi ham bilolmadi. Biroq zum o‘tmay loyqa suv sathida cho‘rtan baliqning oqish cho‘tir qorni qalqib chiqdi. Teddi uni qirg‘oqqa uloqtirdi. Pok-pokiza tushirgach, baliq go‘shtining ta’mi og‘zida qoldi. Ikki hafta davomida Teddi ko‘p narsa o‘rgandi. Hidlar qaysi tarafidan kelayotgan bo‘lsa o‘sha tomonga boshini qo‘yib yotadigan bo‘ldi. Mevalar bilan ildizlardan tashqari qo‘ziqorinlar ham xushho‘r ekanini anglab yetdi. Endi Teddi dastlabki kunlardagidek duch kelgan narsani og‘ziga tiqib kavshayvermasdi; u shirali ildizlar zax yerda bo‘lajagini bilib oldi: muzdek buloq suvlaridan ichishga va shamol yo‘nalishidan foydalanishga o‘rganib oldi, uning ziyrakligi oshdi va endi eng nozik hidlarning ham eski yoki yangi ekanini ajratadigan bo‘ldi: u yana o‘rmondagi hamma narsani og‘ziga olavermaslikdan tashqari ba’zi mevalar va qo‘ziqorinlarni yaxshisi yemaslik kerakligini tushundi.
U chiniqdi, huda-behudaga toliqmaydigan bo‘ldi va birinchi kunlari og‘rib bezovta qilayotgan tovonlari cho‘p-tikanlar, toshlar botaverib dag‘allashdi, tsirkda yurganida qirqib tashlashgan tirnoqlari yana o‘sib chikdi. U sekin, deyarli ovoz chiqarmay yuradigan bo‘ldi.
Boshida Teddi odatdagidek ko‘pincha kechasi uxlardi. Biroq keyinchalik o‘rmon kechasi juda maroqli bo‘lishini sezdi. Tunda daydib yurgan quyonlar bilan tulkilarning izi ularning yaqinginada shu yerdan o‘tganidan darak berardi, o‘t-o‘lanlar orasida bir nimalar g‘imirlar, butazorda allaqanday hayvonlar kezar, jarlikda va yalanglikda qandaydir maxluqlar uyoqdan-buyoqqa o‘tar, tun sukunati qo‘ynida xo‘p alomat tovushlar eshitilardi. Qolaversa, Teddini kuni bilan bezor qilib yuboruvchi chivinlar bilan iskabtoparlar ham kechasi g‘oyib bo‘lardi. Oqibat, kunduzi u xilvat oshiyonlarda yotib uxlaydig‘an, kechasi esa tez-tez daydib yuradigan bo‘ldi.

IX


Kunlardan bir kun Teddi qishloqqa yaqin yerdagi o‘rmonda chog‘roqqina suli ekilgan maydonga duch keldi. Bu tashlandiq maydon bo‘lmay odamzodga tegishli yer edi.
Teddi ekinzor yoqalab yurdi. Suli boshoqlari mayingina qitiqlar, uning bahri dilini ochardi. Ekinzorni aylanib chiqib ham biron narsa topolmagach, Teddi nari ketdi, biroq anchadan keyin qaytib keldi-da, ekinzorga sho‘ng‘idi va oy nuriga g‘arq bo‘lgan bexavotir yerda yotib, boshoqlarini kappalay boshladi. Shu tariqa u suli mazasini bilib oldi, bu boshoqlar nimasi bilandir deyarli unutib yuborayozgan suli yormasini unga eslatdi. Dastlab Teddi ochko‘zlarcha, donini ajratib o‘tirmay bandini qo‘shib yeyaverdi, so‘ngra faqat boshoqlarini shimib chaynashga o‘tdi, tongga yaqin ekinzorning bir qismini payhon qilib jo‘nab qoldi. Suli juda yoqib qolgan ayiq ertasiga yana keldi va kechasi bilan maza qildi. U indiniga ham kelardi-yu, lekin yo‘lda botqoqlikka tushib chalg‘idi: o‘sha yerda o‘ttizga yaqin qurbaqalarni hurkitib yubordi-da, tutib yeyman, deb toza balchiqqa ag‘anadi va aichagacha shaltog‘ini tozalashdan ortmadi.
Teddi shu kuni ertalab ekinzor yoqasidagi yo‘lda aravada odamlar o‘tganini, ular ekinni uzoq ko‘zdan kechirgach, fig‘onlari falakka chiqib qaytib ketganlari va kechqurin bolta-yu, taxta ko‘tarib kelishganlarini hamda o‘zlari uchun qulay deb bilgan bahaybat qarag‘ayga bir nimalarni qoqqanlarini bilmasdi.
— Juda soz!— dedi ulardan biri kaftlarini bir-biriga ishqab, boshqalari sovuqqina kulib qo‘yishdi.
So‘ngra odamlar chetroqqa chiqib, chekishdi, aravadan miltiqlarini olgach, ikkitasi tirmashib qarag‘ay tepasiga chiqdi, uchinchi sheriklari esa qaytib ketdi.
Teddi uyg‘onganda oy o‘rmon uzra havolanib ulgurgan edi. U sassiz, uyoq-buyoqqa alanglab va havoni iskab, sukunat bag‘rida ancha yotdi. So‘ngra o‘rnidan turib esnadi, kerishdi, suli esiga tushib ekinzorga jo‘nadi. Yo‘lda biror is olib to‘xtar, tumshug‘ini o‘t-o‘lanlar orasiga suqib iskay-iskay shirali ildizni sug‘urib shapillatib yerdi.
Teddi ekinzorga yetib keldi-da, o‘zi ikki kecha maza qilgan joyni ko‘zdan kechirib borayotganda o‘sha yerga o‘n besh qadam qolganda birdan taqqa to‘xtadi.
Yo‘q, u tiq etgan tovush eshitmadi va biron nima sezmadi. Ichki bir sezgi uni ogohlantirdi: bu yerda nimadir o‘tirganga o‘xshardi.
Teddi ekinzorni o‘rmon ichi bilan aylanib o‘tish uchun o‘ngga burildi, uning junlari hurpaydi, biroq odatdagadek bo‘kirmadi: tovush chiqarmaslik zarurligini u his qilardi.
Hech zog ko‘rinmas, qilt etgan sharpa yo‘q edi. Kuchsizgina shabada esib, Teddining dimog‘iga yana sulining hidi urildi. Biroq Teddi har safargidek tamshanmadi, so‘lagini yutib oy nurida oqarib ko‘rinayotgan yo‘lga chiqdi. Dimog‘iga kuyindi, go‘ng, tamaki va odam isi keldi. U to‘xtab havoni iskadi. Ot mingan odamlar kelgani, shu yerda to‘xtab chekishgani, so‘ng jo‘nab ketishganini angladi. U yana ham dadillanib yo‘l yoqasidan yurdi, yana uni kesib o‘tib, endi ekinzorning boshqa tarafida paydo bo‘ldi.
U kunduzi shu yerga kelgan odamlarning jo‘nab ketganiga qat’iy ishonardi-yu, biroq,— ajabo! — baribir xavotiri arimas, junlari hamon tikrayib turardi. Ayiqning bu xavotirli yerdan butunlay ketgisi keldi — chunki hamma noma’lum narsalar qo‘rqinchli edi — va o‘rmon tarafga burildi-yu, lekin sal naridan yana qaytib keldi.
Teddi onasiz o‘sgan va hech kim oyog‘i tortmagan yerga bormaslik lozimligini unga o‘rgatmagan edi. Shuning uchun, u archalar ortida yashirinib turganida sulining totli, o‘tkir hidi qo‘rquv hissidan ustun kelib uni chorlardi.
Ayiq daraxtlar orqasida tura-tura oxiri chiqdi. U endi boshoqlarga cho‘zilgan edi, tuyqus, shu atrofda, yuqorida nimadir sharaqladi va qimirladi. Teddi o‘zini chetga olishga va boshini ko‘tarib qarashga ham ulgurmay bir shu’la yalt etdi va tun sukunatida dahshatli o‘q ovozi yangradi, cho‘g‘dek bir nima ayiqning oldingi, chap panjasiga tegib, u yiqildi. Teddi o‘zining eng xavfli dushmani — odamning tuzog‘iga tushganini, zudlik bilan o‘rmon sari qochish kerakligini, o‘sha bir nima sharaqlagandayoq bilgan, sezgan edi; ammo afsus, ulgurolmadi. Shuning uchun hozir har qancha quturgan bo‘lmasin, sapchib turib o‘rmonga yugurdi. U iloji boricha tezroq yugurish lozimligini bilardi, biroq baxtga qarshi u birdan mukkasidan ketib yiqildi, xuddi shu payt orqa tarafdagi beo‘xshov qarag‘ay tepasidan yana ikki o‘q yangradi, o‘qlar uning shundoqqina yoniga chiyillab urildi va chatnab ketdi. U qo‘rqdi, yo‘q, o‘qlar ovozi bilan chatnagan tovushdan emas, balki qocha olmay yiqilgani uchun dahshatga tushdi. U yana sapchib turdi-da, o‘rmon sari otildi, yana boyagi hol takrorlandi; unga bir balo bo‘lgandek tumshug‘i bilan yiqildi. Shundagina Teddi oldingi panjasi ishlamayotgani, jonsiz bo‘lib—qolganini angladi. U endi og‘irligini sog‘ panjasiga solib yugurdi: u orqa-oldiga qaramay sarosima ichida pishqirgancha, shox-shabbalarga urilib, chayqalib, qoqilib-suqilib qocha boshladi.
U uzoq yugurdi, har lahza ortidan quvib kelishayotgandek, ana-mana yetib olishadigandek tuyulib, hamon ildamroq chopishga urinardi. Oxiri u holdan toydi va qochib qutulishga ko‘zi yetmay to‘xtadi-da, o‘kirgancha dushmanini qarshi olishga o‘girildi. U dahshat bilan o‘kirib og‘riq behad zo‘rayayotgan panjasini yig‘ishtirib cho‘kkaladi. Uiing ko‘zlari yonar, biqinlari ko‘tarilib tushar, yag‘rinidagi va biqinlaridagi junlari g‘azab va qo‘rquvdan tikka bo‘lgan edi. U o‘zining xirillab nafas olishidan bo‘lak tovushni eshitmadi, atrofga quloq solish uchun nafasini ichiga yutdi: jimjit. Bu jimlikka ishonmay, g‘animini yashirinib olgan deb hisoblayotgan ayiq yana bo‘kirdi, so‘ng orqasiga qaray-qaray keta boshladi.
Lekin uni hech kim quvmadi, uning o‘kirigidan o‘takasi yorilgan o‘rmon qaytanga jim bo‘lib qolgan edi. Teddi panjasini yalay boshladi. Issiq qon uning ishtahasini qo‘zg‘ab yubordi va bu mashg‘ulotdan huzurlanayotgandek tobora g‘ayrat bilan yalashga tushdi. Shu narsa uning joniga ora kirdi. Toig otgach, ovchilar miltiqlarini o‘qlab ayiqning qonli izidan yo‘l olishdi. Ular ayiqning shox-shabbalarni sindirib yerni tirnoqlari bilan o‘yib, o‘tlarga qon sachratib rosa yugurganini qonli izlar orqali fahmlashdi. Ular yana uning bir yerda o‘tirib kutganini payqashdi: shu yerda qon ko‘p oqqan, maysalar ko‘proq ezilgan edi. Biroq nariroq borgach, izni sezish qiyinlashdi, qon kamroq ko‘rinardi, oxiri ular izni butunlay yo‘qotib qo‘yishdi. Ovchilar ayiq izini yo‘qotgach, yaqin oradagi jarliklarni ko‘zdan kechirib, qishloqqa qaytib ketdilar.

X


Teddi esa bu paytda uzoqda, qalin o‘rmon ichidagi yalanglikda azob chekib yotardi. Uning panjasi shishib ketib, kun bo‘yi qimirlayolmay qoldi. Tun kirdi, biroq ayiq og‘riqdan ko‘z yumolmadi. Undan tashqari, yana allaqanday bezovtalik uning tinchini buzdi, har qancha qilmasin buning sababini bilolmadi. O’rmon jimjit. Tiq etgan tovush yo‘q edi. Mana shu o‘lik sukunat borgan sari ayiqni bezovta qilar va qiynar edi.
Kechga yaqin olisda ketma-ket chaqmoq chaqdi. Keyin o‘sha yoqdan momaqaldiroqning guldiragani eshitildi. Teddi bunga javoban o‘kirdi va archa ostidagi oshiyonidan bezovtalanib to‘lg‘ana boshladi. Tevaragida hukm surgan mash’um sukunat, goh-goh olislardan kelayotgan gulduros ayiqni sarosimaga solib qo‘yganidan, u biror yerga yashirinib olishni istardi. Biroq buning sira iloji yo‘q edi.
Ko‘p o‘tmay bo‘ron boshlandi, daraxt shoxlari orasidan ko‘zga chalinayotgan yulduzlar yuzini qop-qora bulut to‘sib qo‘ydi va zulmat bag‘rini tilka-pora qilib chaqmoq chaqildi, ketidan o‘rmonni larzaga solgudek dahshatli momaqaldiroq guldiradi.
Kuchli shamolda qarag‘aylar bilan archalarning uchi shovullar, pastda esa jimjit, qimir etgan harakat sezilmasdi. To‘satdan sharros jala kuyib yubordi. Bu daraxt yaproqlariga chirsillab uriladigan odatdagi yomg‘ir emasdi, unaqasi Teddiga tanish edi, lekin bunisi birdaniga chelaklab, guvillab quyib berdi, bu guvillash — faqat ahyon-ahyon momaqaldiroq guldiraganini aytmasa, hamma tovushlarni bosib ketdi.
Jala ertalabga yaqin tindi, quyosh nurlaridan o‘rmon yashnab. ketdi. Zumrad tomchilar shoxlaridan quyidagi shoxlarga tomar, undan maysalar uzra to‘kilardi. Tonggi o‘rmon jo‘shqin shovullardi.
Boyoqish Teddi! Og‘riq azobidan tinkasi qurigan, bo‘ron va odamlardan loragini oldirib qo‘ygan, bir necha kundan beri uyqu nimaligini bilmagan, jalada bo‘kkan bechora ayiq archa ostida o‘tirar va og‘riqdan kuyosh nurlari yuragiga sig‘mas, qaerga borib yemish izlash haqida o‘ylayolmas edi. U yarasi bitib, ochlikdan o‘lar holatga yetguncha so‘ppayib bir necha kun yotdi.
So‘ng bir amallab yo‘lga tushdi, u tepaliklar yonbag‘rida panjasini arang bosib tentirarkan, shox-shabbalar, ildizlar yoki cho‘p-tikanlar yarasiga botib uning jonini sug‘urib olgandek bo‘lardi. Ammo oradan bir necha kun o‘tgach, ayiq oyog‘ini ohista bosadigan bo‘ldi va shu tariqa asta-sekin dardi arib, yana g‘ayrati jo‘sh urib tetiklandi.
U juda uzoq safarga otlangandek hamon yo‘lda davom etardi. Hech yerda to‘xtamay shamol sari ming chaqirimdan ziyod yurib qo‘ydi. Endi u dastlabki paytlardagidek notavon emasdi. U hidlarning sirli jihatlarini kashf etdi va endi uncha-munchaning farqiga boradigan bo‘ldi. U o‘zini qurshab turgan buyumlar va hodisalarni borgan sari yaxshiroq o‘zlashtirardi. Shu tariqa u xo‘jasavdogarlar bilan hakkalar betamiz kush deb hisoblansa ham ularga ishonish lozimligini bilib oldi. U jelning nima uchun qichqirganini bilishga o‘rgandi, basharti uzoqdan daraxt tepasida tumshug‘ini tozalayotgan qarg‘aga hamda uning ostidagi shoxlarda tizilib o‘tirgan zagizg‘onlarga ko‘zi tushsa, hech ikkilanmasdan o‘sha tomonga yo‘l solardi, chunki qorni to‘q qarg‘alar o‘tirgan yerda albatta yemish bo‘lajagi endi unga ayon edi. Teddi daraxtga tarmasha olmasdi, lekin serbutoq qarag‘ayni uchratib qolsa albatta tepasiga chiqib, tevarak-atrofni bir qur ko‘zdan kechirardi. U xo‘jasavdogarlar bilan hakkalar xira pashshadek o‘ziga yopishib qolishini yoqtirmasdi. Shunday kezlarda ulardan qutulish uchun tumshug‘ini ko‘tarib bo‘kirar, agar qushlar shunda ham daraxtdan daraxtga o‘tib, chirqillashib, ergashaversalar yashirinib olish payiga tushardi. So‘ng yaqin atrofdagi daraxtlarga nazar solar, bu shilqim qushlarni ko‘rmasa mamnunona xo‘rillab, yo‘lda davom etardi. Shaharda yashasa umr bo‘yi o‘rganish nasib etmaydigan narsalarni qisqa vaqt ichida o‘rgangan Teddi bir qaraganda chinakam yirtqichga aylangan edi. Biroq aslo bunday emasdi.
Bir safar erta bilan suv ichgani anhor bo‘yiga borgan Teddi qo‘qqisdan to‘xtadi-yu, qotib qoldi: anhor bo‘yidan ayiq hidi kelardi. Bu hid eski edi, taxminan ikki kun burun shu yerdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Lekin bu arang sezilayotgan hid shunchalar tahdidli ediki, Teddi tashnaligini ham unutib atrofni uzoq ko‘zdan kechirdi: u sira o‘zini bosolmasdi. Demak, bu o‘rmonlarda undan boshqa yana bir hukmdor bor ekan-da! Bundan buyon shundan ehtiyot bo‘lib yurish lozim. O’sha kundan boshlab Teddining tinchi buzildi.
U borgan sari buzilgan chumoli uyalariga, payhon qilingan malinazorga, toptab tashlangan brusnikalarga tez-tez duch kelaboshladi. Ba’zan Teddi olisdan o‘laksa hidini ilg‘ab yetib kelsa, anovi ayiq allaqachon bu yerdan o‘tgan va o‘laksadan nomu nishon qolmagan bo‘lardi. Endi o‘rmonning hamma yerida begona ayiqning hidi anqirdi. Teddi esa bunga toqat qilolmadi. Uning g‘azabi shunchalar kuchaydiki, oqibat u bir narsani — ikkovlaridan biri bu o‘rmondan ketishi kerakligini angladi. Agar yomon bo‘lsa Teddi hech ikkilanmasdan bu yerni tark etardi. Biroq bu yerlar shunday ajoyib, xo‘rak shunchalar mo‘l ediki, natijada Teddi ganimini haydab yuborishga qasd qildi va u bilan uchrashish payiga tushdi. U goh yanga, goho eski izlarga duch keldi, ammo ayiqning o‘zini sira uchratolmadi.
Ular hech kutilmaganda to‘qnash keldilar. Teddi ertalab kun bo‘yi yotish uchun bir joyni tanladi-da, qarag‘aylar orasidagi kaftdekkina yalanglikdan o‘tib borayotganda birdan dimog‘iga o‘sha ayiqning jirkanch hidi urildi. Hid shu atrofdan ufurardi. Teddi boshini ko‘tarib, hid kelayotgan yoqqa qaradi-yu, raqibini ko‘rdi. Bu bezbetning hozir adabini beradi! Teddining ko‘zlarida mudhish alanga yondi. Raqibi bir lahza qarag‘aylar ortiga yashiringan bo‘ldi-da, so‘ng yalanglikka chiqdi...
Bu bahaybat yirtqichni ko‘rgan Teddi quyondek qotib qoldi. U atigi bir soniya burun bag‘oyat darg‘azab, jangga tashna vahshiy yirtqich edi. Uning vahshiyligi raqibining vahshiyligi oldida hech narsa bo‘lmay qoldi. Ana uni yirtqich desa bo‘ladi — junlari osilib tushgan, soqolli, tirnoqlari po‘latdek, o‘zi ham po‘latdan quyilgandek baquvvat, ko‘zlari mudhishona chaqchaygan. Uning qarshisida Teddidek ulkan yirtqich ham qo‘rquvdan dong qotib qoldi.
Ayiq kallasini osiltirib turganidan bukurga o‘xshardi. U churq etmay Teddiga tikildi. Hali oralarida hech narsa sodir bo‘lmay — na unisi, na bunisi tovush chiqarmay, biron harakatga chog‘lanmay, Teddi bu ajoyib o‘lkani aynan o‘zi tark etishi lozimligini tushundi. Bu mudhish bahaybat yirtqich bilan u tenglasha olarmidi!
Teddi bilgan narsani o‘sha zahoti raqibi ham his etdi. Bu ham yetmagandek, u Teddining ham shuni anglaganini tushundi. Yo‘q, u Teddini g‘ajib tashlagani hamla qilmadi, balki past ovozda o‘kirib qo‘ydi. Uning o‘kirigi Teddinikidan kam deganda besh parda baland edi. Yirtqichlarning o‘kirishi odamlarga bir xilda eshitiladi, ular yirtqichlar ovozidagi nozik ishoralarni ajratib olishga qodir emas. Teddi esa raqibi nimani istayotganini darhol sezdi. Uning past o‘kirishi «yo‘qol bu yerdan!» deganini anglatardi. Bu amr-farmonga quloq solmaslik Teddi uchun o‘lim bilan tugashi aniq edi. Teddi loaqal g‘ing demadi, ortiga o‘girilib, o‘sha zahoti jo‘nab ketdi. O’rmonga kirganda u so‘nggi bor o‘girilib qaradi: ayiq hamon yakkam-dukkam qarag‘aylar fonida ulkan g‘aramdek qimir etmay turardi. Teddi bu liq-liq sariq chumolilar va qizil brusnikalar o‘lkasini butunlay tark etdi. U hayot uchun kurashda zaif ekan, yengildi, darvoqe, vaqtida qutuldim deb hisoblashga uning to‘la asosi bor edi.

XI


Qayin bilan terak yaproqlari deyarli to‘kilib bitdi, zah yerni hazon qopladi, qushlar to‘da-to‘da bo‘lib issiq o‘lkalarga uchib ketishga chog‘lanishdi, malina pishdi, qo‘ziqorinlar ko‘paydi va Teddi ko‘pdan-ko‘p tepaliklarni oshib o‘tdi, daryoning irmog‘i bo‘ylab yura-yura bir kun ertalab xiyla keng yalanglikka chiqqanda sovuq tushdi.
U yalanglikda to‘xtab, havoni iskadi, atrofni kuzatdi-da, nihoyat o‘zi orzu qilgan, bir vaqtlar, bolaligida yashagan o‘lkaga yetib kelganini birdan angladi. U endi boshqa yerga bormaydi, xullasi kalom uning safari tugagan edi.
Bu yerdagi hamma narsa o‘sha paytdagidek — Teddi hali hech narsani farqiga bormaydigan, chumolilar va qulupnaylar yeb yurgan va onasi uni anhor suviga pishib oladigan zamonlarda qanday bo‘lsa shunday — o‘zgarmagandek edi. U paytlarda hayot behad go‘zal, baxtiyor damlardan iborat edi, mana hozir Teddi yana o‘sha yerga qaytib keldi. Ammo ming qilganda ham bu boshqacha edi. Yo‘q, u davrlar — bolaligi o‘tmishda qolib ketdi, endi qaytmaydi, qaytib kelmaydi. Quyosh nurlari va yam-yashil maysalar singari jilvalanmaydi.. Oh, qaniydi, yana bir dumalab jajji ayiqchaga aylanib qolsa, onasini izlab topsa, uning mayingina, issiq og‘ushida tin olsa! Ming afsus, buning iloji yo‘q...
Teddi kechayu kunduz tinmay bu o‘lkani sekin-asta aylanib chiqdi, aylanib yurganida o‘z mulkining chegaralarini belgilab oldi. U anhorlarni, botqoqlar, jarlar, shudring bosgan o‘tloqlarni, o‘rmon yoqalari va xilvat go‘shalarni ko‘zdan kechirdi. Son-sanoqsiz bo‘rilar, bug‘ular, olmaxonlar, kunduzlar, quyonlarning izlarini uchratdi. Ularning ayrimlariga parvo qilmadi, ayrimlari g‘ashiga tegdi va u o‘rmon tugul havo ham o‘ziga tegishli ekanidan ogoh qilish uchun yerni kavlab, tuprog‘ini har tomonga sochdi, daraxt po‘stloqlarini shildi.
Bulduruqlar bilan qarqurlar kovjiragan yaproqlarni to‘zg‘itib, uning tumshug‘i tagidan parillab ko‘tarilar, biroq endi u hech narsaga hayratlanmas, barchasini tabiiydek qabul qilardi. Endi u turli hayvonlarning iziga duch kelgan paytda xavotirga tushmas yoki qiziqib iskamas, balki bir qarashda nimaning izi ekanini ilg‘ar va ortiqcha ahamiyat bermasdi.
Uning juni o‘sib mayinlashdi va tovlanadigan bo‘ldi. Panjasining og‘rig‘i qolib ketdi va u to‘nkani kavlab olish yoki qulagan zalvarli daraxt tanasini ag‘darish chog‘ida bemalol o‘sha panjasini ishga solardi. Teddi ishtahasi karnay bo‘lib ketganidan tinch o‘tirolmay daydigani daydigan edi. Bu yerda hamma narsa yetarli edi, u ko‘pincha o‘zini har doimgidan ko‘ra ozod va kuchli sezib behad huzurlanardi.
Erkinlikka nima yetsin! U quyoshga, yulduzlar charaqlagan poyonsiz samoga o‘xshaydi; u huzurbaxsh shamolga yoki sharqirab oqayotgan suvga o‘xshaydi.
Hech kimdan qo‘rqmaslik kerak, o‘zingga yoqmagan ishni qilmasa ham bo‘laveradi!

XII


Noyabr — qora sovuq boshlanadigan oy kirdi, bug‘ularning kuzgi kuyikish davri boshlandi. Tepaliklarda yurganida Teddi ularning bo‘kirishlariga achchig‘lanib quloq solardi. Bahaybat shoxli, ulkan bug‘uni u bir necha bor uzoqdan ko‘rdi. Bug‘u ehtiyotkorlikni unutib, bemalol yurardi. U tinimsiz pishqirar va bo‘kirardi. Ayiqqa bunday qo‘shnichilik yoqmadi. Teddi ba’zan o‘zini bosolmay shovqin ko‘taradigan yirtqich bo‘lgani bilan boshqalarning shovqin-suroniga chidayolmasdi, ko‘p o‘tmay bir paytlar ayiqdan qanchalik jirkansa bug‘udan shunchalik hazar qiladigan bo‘ldi.
Kunlardan bir kun u bug‘ularning iziga duch keldi va bu yerdan hozirgina anovi ulkan bug‘u urg‘ochi bug‘ular bilan o‘tganini angladi. Shu kuni Teddi darg‘azab edi, bu surbet bug‘uni haydab yuborish istagi butun vujudini qamrab oldi-yu, ularning izidan yo‘lga tushdi. Yuqoriga ko‘tarilgach, izni yo‘qotib qo‘ydi, bir aylanib yana bug‘ularning hidini ilg‘adi. Ko‘p o‘tmay ularning qorasi ko‘rindi. Bug‘ular terakzorda novdalarni chimdib-chimdib yeyishardi.
Teddi o‘kirgancha ularning yoniga, yuqoriga chiqa boshladi. Ayiqni ko‘rib hurkib ketgan urg‘ochi bug‘ular pastga qochdilar. Erkagi esa kutilmaganda pishqirib ayiqning yo‘lini to‘sib chiqdi. Albatta, boshqa payt u hech ikkilanmasdan urg‘ochi bug‘ularga ergashgan bo‘lardi. Hozir esa :kuyikish oqibatida qo‘rqmasdan raqibining ustiga bostirib bordi: ular yalanglikka tushdilar. Teddi jahl bilan o‘kirdi. Bunga javoban bug‘u pishqirdi. Uning vujudi jang qilish ishtiyoqidan titrar, ko‘zlariga qon quyilgan edi. Bug‘uning avji kuchga to‘lgan payti edi, serbutoq bahaybat shoxlari, baquvvat bo‘yni shundan dalolat berardi.
Bunday to‘qnashuvni mutlaqo kutmagan Teddi shoshib qoldi, u qo‘rqmadi, faqat to‘xtab qanday hamla qilishni mo‘ljallab taraddudlandi. Lekin uning taraddudini o‘zicha tushungan bug‘u, birdan boshini quyi solib, pishqirdi-da, ayiqqa tashlandi. Teddi qochishga ulgurolmay bug‘uning zarbidan yiqildi. Qoni jo‘shib ketgan bug‘u yiqilgan raqibining tepasida hamlaga hozirlandi, kim bilsin, bug‘u ayiqning boshiga suzganda bormi, uning kuni bitardi. Ammo bug‘u mo‘ljallaganidek, Teddining boshiga emas, yelkasiga suzdi. Ayiq suyagi toshdan qattiq edi — sinmadi, ammo endi olishish qayda, deysiz, sog‘ qolganiga shukr!
Zarbi xato ketganini ko‘rgan bug‘u yana tashlandi, ammo Teddi chap berib qoldi-yu, bu gal bug‘u nishonga urolmadi. Shunda u yana birinchi safargidek boshini quyi solib hamla qildi. Teddi yana chap berib buta ortiga sakradi, bug‘u esa dabdurustdan o‘zini to‘xtatolmay, ayiqning ortidan burilgan edi, ayiq oqsoqlangancha jonholatda pastga qarab qochdi. Bug‘u misli ko‘rilmagan g‘alabaga erishgan edi. Biroq hozir bu unga kamlik qildi. U raqibini yanchib tashlash yoki bu yerdan butunlay haydab yuborishni istardi. Aloha u ayiqni quvib osongina yetib oldi va bir-ikki marta suzishga ulgurdi. Keyin bir nima esiga tushgandek to‘xtadi-da, urg‘ochi bug‘ular yoniga qaytdi. Abjag‘i chiqqan, boyoqish Teddi esa bo‘ronda sinib tushgan shox-shabbalar orasiga kirib olib, uzoq ingrab, mag‘lubiyat alamini chekib yotdi. Yaqinda uni soqolli ayiq haydadi, endi bug‘u... Hammasidan yomoni u endi barcha bug‘ulardan qochib yurishi kerak: modomiki bittasi adabini berdimi, demak boshqalari ham shunday qilishi mumkin. Shu kundan e’tiboran hayoti azobga aylandi-qoldi. Jo‘rttaga qilgandek, u tez-tez bug‘u izlariga duch keladi. Brusnikami, chumoli uyasini izlab izg‘iydimi yoki anhorga suv ichgani boradimi — farqi yo‘q, bug‘u iziga duch kelsa o‘sha zahoti ortiga qaytib ketardi.
Ammo bu uzoq davom etmadi. Uning tomirlarida ajdodlarining qoni jo‘shdi va raqibini topib o‘ldirish istagi xuruj qilib uning halovatini o‘g‘irladi. Teddi bug‘uni uchratish ilinjida o‘rmonda aylanib yuradigan bo‘ldi. Ba’zan pistirmada soatlab kutardi. Bir kuni anhor bo‘yida bugu izlarini uchratib, butalar orasiga kirib yashirindi-da, kuta boshladi. U yerga tumshug‘ini qo‘yib, shoxlar oralab so‘qmoqdan ko‘z uzmay yotdi. Hammayoqni sap-sariq yaproqlar gilamdek qoplagan edi. Daraxtlar yap-yalang‘och, qoramtir archalar bu ayanchli daraxtlar orasidan ko‘zga yaqqol tashlanardi. Kun sovuq, havoning avzoyi buzuq edi.
Kunning ikkinchi yarmida yuqorida shoxlarning qirsillagani va pishqirish eshitildi. Teddi boshini ko‘tarib, havoni iskadi: bug‘u isi keldi. Uning butun vujudi sezgiga aylandi. Ayiq yerga qapishib, orqa panjalarini ostiga yig‘ishtirib oldi. Bug‘ular bir-ikki to‘xtashdi. Ular atrofga quloq solishdimi, biron-bir novdalarni chimdib uzishdimi, Teddi bilolmadi, jimgina yotaverdi. Nihoyat butalar ortidan bug‘u shoxlari, keyin uning o‘zi ko‘rindi. Erkak bug‘uning ortidan uch chog‘li urg‘ochisi kelardi. Ular to‘xtab, diqqat bilan pastga qarashdi, so‘ngra suv bo‘yiga tusha boshladilar: oldinda — erkagi, orqada — urg‘ochilari.
Lekin baribir bug‘u ayiqni sezdi va o‘sha zahoti qoqqan qoziqdek turib qoldi. Teddi na’ra tortganicha yashiringan yeridan otilib chiqdi, bug‘u pishqirib ayiqqa tashlandi. Ayiq chap berib bug‘uning biqiniga panjasi bilan urishga ulgurdi. Changalning zarbi unchalik qattiq emasdi, biroq bug‘uning biqinidagi terisi shilinib qonadi. Qon hidini ilg‘agan Teddi vahshiylanib ketdi. Umrida birinchi bor tirik jonning go‘shtini burdalagisi, g‘ajigisi, qurbonining jon talvasasida xirillashlarini tinglagisi keldi. Shu asno bug‘u yana unga tashlandi. Ayiq nig‘oyatda og‘ir edi, lekin bug‘u qudratli shoxlari bilan uni mushuk bolasidek uloqtirib yubordi. Teddi xuddi o‘tgan safargidek umbaloq oshib yiqildi. Biroq bu gal bug‘uning bo‘ynida yangi jarohat paydo bo‘ldi. Teddi sapchib o‘rnidan turdi-da, butun vujudini larzaga solgulik dahshat bilan bo‘kirgancha bug‘uga tashlandi.
Ular qovjiragan maysalarni toptab, atrofdagi shox-shabbalar, butalarni sindirib uzoq olishdilar. Bug‘uning sillasi qurib borardi. Uning jarohatlaridan qon otilar, ayozli kunda uning butun tanasidan bug‘ ko‘tarilayotganga o‘xshardi. Nihoyat ayiq bug‘uning yonboshidan hamla qilib, baquvvat bo‘yniga osilib oldi va ayni choqda orqa panjalari bilan biqinini tilka-pora qilib yubordi. So‘ng bo‘ynidan chap panjasi bilan changallab, tishlagan ko‘yi bor kuchi bilan bo‘yniga urdi-da, pastga tortdi. Umurtqa pog‘onasi bo‘g‘inlaridan ajralib ketgan bug‘u yiqildi. Ayiq uning ko‘ksini yorib tashladi, ammo shunda ham bug‘u o‘rnidan turib ayiqni uloqtirib yuborishga kuchanardi — u shunchalar kuchli edi! Teddi o‘kirib, yutoqqancha jon taslim qilgan raqibining qonini ichardi.

***


…Kun sayin butalar momiqlashib, so‘qmoqlar ko‘milib, qarag‘aylar bilan archalar dilbarlashib borar, yolg‘iz qayinlargina yalang‘och turar va kechqurunlari ularning shoxlarida qarqurlar o‘tirishardi. Sovuq kuchaydi, o‘rmon bo‘ylab chinakam rus qishi qanot qoqdi.
Qattiq uyquga ketgan Teddi esa bir tekis nafas ola boshladi, uning oshiyoni uzra bug‘ ko‘tarilmay qoldi va kun o‘tmay qor bosgan ayiq uyasini, tasodifan tuynuk og‘zida osilgan sarg‘ish sumalaklardangina bilish mumkin bo‘lib qoldi.

O.Otaxon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.