background
logotype

Ziyod Salim o‘g‘li. Machta uchidagi odam (hikoya)

— Quloq sol! He-ey! Hoy, eshityapsanmi? Hoy! Jinni! Quloq sol, Shukur! Tush pastga! Machta uchidagi kallavaram, eshityapsanmi? U yerda nima qilyapsan? Jinni bo‘lib qoldingmi, nima balo, nega u yoqqa chiqib olding? Ahmoqlarning ahmog‘i! Rasvo! Hayvon! Palid! Tush, deyapman! Otangning arvohini chirqillatishga majbur qilma, la’nati chulchut!
 Kaltabaqay qo‘llarini xuddi qanotday lapanglatgancha kapitan Memed palubada u yoqdan-bu yoqqa pildirab yugurar, komanda a’zolari esa jur’atsiz qotgancha orqaroqda qimirlamay to‘planib turishardi.
Qapitan Memed fokmachta atrofida pirillab aylanib, depsinib turar, boshini yuqori ko‘targanida esa chetdan qaragan odamga bo‘yni yelkasiga qo‘shilib ketganga o‘xshardi.
Odamlar machtaning uchiga qarashdi: haqiqatanam machtaning qir uchidagi sharpa odammi yoki ularga shunday tuyulyaptimi?
Machta uchidagi odam esa deyarli bulutlar bilan ayqashib, yana bir necha soniyadan keyin xuddi ruh kabi osmoni falakka chiqib ketadiganga o‘xshardi.
Kapitan Memed ko‘zi qinidan chiqqudek bo‘lib machta tepasiga vahshatla tikilardi. Tepaga qarayverishdan foyda yo‘qligini tushunganidan keyin atrofida yig‘ilib turganlarni ko‘zdan kechirib, ular orasidan botsman Ayyubni topdi.
— Tepadagi yigit kim o‘zi? A? Kim deyapman?
Botsman Ayyub hammasiga bir o‘zi aybdordek, xokisor qiyofada turardi.
— Shukur bu. Shukurga bir balo bo‘lganga o‘xshaydi.
— Unga nima jin uripti, la’nati Shukurga? O‘zi nima bo‘lyapti, deb so‘rayapman? Machtaning tepasida balo bormi ablahga?
— Men qayoqdan bilaman? Ertalab turib qarasak, u machtaga chiqib olibdi.
— Nima, u yoqqa kechasi chiqib olibdimi?
— Kim biladi deysiz.
Kapitan Memed asabiylashgancha, xuddi qafasga solingan yo‘lbarsdek bir yerda turolmay betoqatlanardi.
Erta tong. Dengiz ham osmon kabi shaffof rangda. Qilt etgan shamol yo‘q. Kema langar tashlagancha ohista tebranib turardi. Kambuzning trubasidan siyrak tutun chiqib turibdi. Kapitan Memed machta uchidan ko‘z qirini uzmasdi. Birdan bo‘yin tomirlari bo‘rtib ketdi.
— Shukur! Hoy!
— Eshitaman, shef.
Yuqoridan, naq machtaning uchidan ovoz xuddi narigi dunyodan kelayotganday eshitilardi.
— Hali shoshmay tur, qo‘limga tushasan-ku! Ertami, kechmi, bari bir pastga tushasan-ku! O‘shanda bilasan! Mana ko‘rasan, shoxingni shunday qayirib qo‘yayki!
— Bilaman, shef.
— Yanchib tashlayman!
— Yanchib tashlayvering, shef.
— Kulingni ko‘kka sovuraman!
Kapitanning bo‘ynidagi tomirlari o‘qlog‘day-o‘qlog‘day bo‘rtib ketdi.
— Qani, yaxshilikcha pastga tush, ablah!
— Jahlingiz chiqmasin, shef.
— Quloq sol!
— Eshitaman, shef.
— Agar hozir tushsang, senga hech narsa bo‘lmaydi.
Gunohingdan o‘taman. Xudo haqqi, rost, hammaning oldida aytyapman!
Kapitan Memed tonggi sukunat pardasini parchalab, yanada qattiqroq qichqirdi:
— Oxirgi marta so‘rayapman: tushasanmi yo yo‘qmi?
— Tushamanu, faqat-
— Nima faqat?
— Qo‘rqyapman.
— Machtaga chiqayotganingda nima haqda o‘ylaganding?
— Unda endi tong yorishib kelayotgandi, shef. G‘ira-shirada unchalik qo‘rqinchli emas edi. Keyin bo‘lsa, uyqusirab chiqqandim-
— Nima-nima?
Matros Shukur pastdagilarga eshitilsin, deb ovozini balandlatdi:
— Unda hali uyqum o‘chmagandi, shef-
— Endi uyg‘onding-ku, tush.
— Shef.
— Nima demoqchisan?
— Agar tushsam, urmaysizmi?
— Tushsang — urmayman, tushmasang — kaltaklayman.
— Agar tushmasam qanaqa qilib kaltaklaysiz? Axir, men tepadamanku.
— Ha-a, ablah! Menga gap qaytarmoqchimisan qanjiqning o‘g‘li! Qayerda bo‘lmagin, bari bir kulingni ko‘kka sovuraman! Xoh jahannamda bo‘lgin, xoh jannat-da, hamma yerdayam topamanu shunday dodingni beramanki.
— Qo‘rqyapman, shef. Nega hammanglar chumolidek kichkina bo‘lib ko‘rinyapsizlar?
— Nima deding?
— Bu yerdan hammanglar xuddi nuqtaga o‘xshab ko‘rinyapsizlar, deyapman. Ko‘nglingizga olmangu, shef, siz ham nuqtasiz.
— Gapni bas qilib, chaqqon-chaqqon tusha qol.
— Boshqa iloj yo‘q- Boshga tushganni ko‘z ko‘rarkan, shef- Qo‘rqinchli bo‘lsa ham boshqa iloji bo‘lmagandan keyin-
— Shunday qilsang olam guliston, qani, tusha qol.
— Tusholmayman, yuragim dov bermayapti, shef. Kapitan Memed quturib baqirdi:
— Tusholmaysanmi, ablah! Nima, seningcha, seni tushirish uchun oldingga chiqishimiz kerakmi? Qanday chiqqan bo‘lsang, shunday tushaver!
— Sakrash kerak.
— Nima, nima deding?
— Sakrash kerak, deyapman, shef, boshqa iloji yo‘q Kapitan Memedning joni hiqildog‘iga kelganidan,
rangi oqarib ketdi.
— Nima balo, esingni yedingmi, palubaga sakraysanmi? Joningdan umiding bormi o‘zi! 
— Palubaga emas, shef.
— Bo‘lmasa qayerga?
— Dengizga.
— Dengizga?!
— Dengizga, shef.
— Quloq sol.
— Eshitaman, shef.
— Dengizga sakrayman, degan ahmoqona fikrni miyangdan chiqar. Qanday chiqqan bo‘lsang, o‘shanday ohista tushib kelaver.
— Axir, men, dengizga sakrash uchun chiqqandim-da.
— Dengizga?
— Ha, dengizga. Mening bobom xuddi shunday sakragan.
— Qanaqa bobong.
— Mening bir bobom bor edi.
— Xo‘sh?
— Katerda suzardi, machtaning qir uchiga chiqib olardi.
— Xo‘sh?
— U yerdan suvga baliqday sakrardi.
— Xo‘sh, keyin-chi?
— Katerning tagidan suzib o‘tardi.
— Xo‘sh?
— Suzib o‘tib, boshqa tomondan sho‘ng‘ib chiqardi.
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— U yetmish yoshda edi, shef.
— Nima deding?
— Yetmish yoshda edi, deyapman, men bo‘lsam bobomning munosib nevarasiman.
— Quloq sol, Shukur.
— Eshitaman, shef.
— Sen menga bobong haqida afsona so‘qishni bas qil. Eski zamonlarda hammasi butunlay boshqacha bo‘lgan, osh-ovqat ham boshqacha. Sen menga quloq sol.
— Eshitaman, shef.
— Hozirgi shaldir-shuldur ovqat bilan kursidan yiqilsang ham narigi dunyoga ravona bo‘lishing turgan gap.
— Menga esa bu yerdan.
— Nima «bu yerdan?»
— Sho‘ng‘ish kerak.
— Hoy, ehtiyot bo‘l!
— Mana shunday qilib, sho‘ng‘iyapman.
— Eshityapsanmi, bas qil!
— Kema tagidan suzib o‘tyapman.
— Hoy!
— Va boshqa tomondan.
— Ehtiyot bo‘l!
— Suv yuziga.
Kapitan Memed botsman Ayyubga jahlla tikildi.
— Axir, shaharlik paliddan haqiqiy matros chiqarmidi? Ko‘ngilsizlikdan boshqa hech gap yo‘q! Xo‘p, deylik, bobosi dengizchi yoki xudo biladi, kim bo‘lgan. Otasi-chi? Otasi kim bo‘lganligini kim biladi? Zahm yoki boshqa biror-bir kasalga mubtalomi yoki aroqxo‘r-mi, kim biladi? Genelev ko‘chasiga langar tashlaganlarning haromi bolalari haqida yaramas ovozalar yurishi ma’lum-ku? Kunlardan bir kun ana shunday yaramas quturib machta uchiga chiqib oladi-da. Agar mabodo, xudo ko‘rsatmasin, yiqilib mayib-sayib bo‘lsa, uning uchun kim javob beradi? Albatta, yer yuzi yana bitta haromidan tozalanadi, bu ayni muddao. Lekin, so‘rab-surishtirishlar boshlanadi. Qani, ayting-chi kapitan: bu ablah nimadan o‘ldi? A? Nega bu itvachcha machtaning qir uchiga chiqib oldi? Balki, sen kapitan, uni chog‘i kelmaydigan ish bilan qiynagandirsan? Xo‘sh, kapitan, qani javob bering-chi? Mana, siz, mening o‘rnimda nima deb javob bergan bo‘lardingiz?
Ayyub boshini eggancha, xayolga cho‘mdi. , — Men aytardimki.
— Nima derding?
— Men, bobosi bilan musobaqa o‘ynayman deb, machtadan yiqilib o‘ldi, deb aytardim.
— Qallang joyidami! Machtaning tepasida bobosi bilan musobaqa o‘ynashga balo bormi? Kim ham bunga ishona qolardi? Hoy Shukur!
— Labbay, shef.
— Quloq sol. Men yana mana shu ko‘pchilik odamning oldida aytyapman: agar bexarxasha o‘zing tushsang, xohlagan vaqtingda beistisno avans beraman, agar otpuska xohlasang, otpuska beraman.
— Shef.
— Xo‘sh, nima?
— Siz busiz ham baxillik qilmay doim berardingiz.
— Quloq sol, jahlimni chiqarsang ham tarsakilamayman, kaltaklamayman.
— Sizning shunday ham bekordan-bekorga uradigan odatingiz yo‘q. Tushadigan bo‘lsam, boshqa shartim bor edi.
Kapitan Memed sevinib ketganidan ko‘zini chaqchaytirdi.
— Ayyub rais: «Shukur — yaxshi matros»,— deb qichqirsin. Uning gapini butun kemadagilar, hamma matroslar eshitsin. Kapitan Memed yonida turgan Ayyubga o‘girildi-da, shivirlab dedi: — Ko‘ngillari nimalarni tusaganini eshitdingmi? Aytganiday baqira qol, tushsin. Ayyub ko‘zini qisib yuqoriga, so‘ng kapitanga qaradi.
— Bekorlarni aytibdi, baqirib bo‘pman.
— Esing joyidami o‘zi? Og‘rimagan boshimga hali sen ham bormiding?
— Bari bir aytmayman.
— Nega endi qaysarlik qilyapsan?
— Chunki u yomon matros, shuning uchun ham xomtama  bo‘lmasin. O‘lgudek dangasa.
Kapitan Memed botsmanning qulog‘iga shivirladi.
— Hechqisi yo‘q, sen baqirgin, nomiga qichqirgin, upastga tushsa bo‘lgani. Agar mabodo yiqiladigan bo‘lsa hammamizning ham qulog‘imiz tagida shavla qaynashi turgan gap. Yiqilib, sog‘ qolsa mayli-ya, itdek o‘ladi-ketadi.
— O‘lsa menga nima. La’nati chulchutdan qutulamiz-qo‘yamiz.
— Nima balo, hammalaring til biriktirib olganmisizlar, ablahlar? Portga yetib olaylik, hammalaringni haydamasammi! Hammalaring kemadan dab bo‘llaring! Eshityapsanmi? Ko‘zimga ko‘rinsalaring sog‘ qo‘ymayman! Hammalaringga ko‘rsatib qo‘yaman!
Shukur yuqoridan turib baqirdi:
— Ayyub rais, qani ayta qol! Kapitan bobo kutib turganini ko‘rmayapsanmi? Bo‘lmasa, o‘zimni dengizga tashlayman.
— O‘lsam ham sening aytganing bo‘lmaydi!—deya qichqirdi unga javoban botsman.— Bobong, balki, yaxshi dengizchi bo‘lsa bo‘lgandir, lekin buning ishga hech qan-day aloqasi yo‘q. Sen bo‘lsang, ota o‘g‘li, bizning ishga yaramaysan, tuban, ablah.
Yuqoridan eshitilayotgan Shukurning ovozi qat’iylik kasb etgan bo‘lib, unda endi dadillik sezilardi;
— Endi vijdonim sof. Sakrayapman, shef!
Palubada turgan barcha odamlar— kapitan Memed, botsman Ayyub, matroslar— machta uchiga diqqat bilan qaraganicha qotib qoldilar.
Quyosh hali ko‘tarilib ulgurmagan, lekin uning nurlari moviy bulutlar osha tushib turardi. Kapitan Memed ko‘zini qisganicha yuqoriga qarardi. U yerda, yuqorida, machtaning qir uchida qandaydir odamning g‘imirlayotganini zo‘rg‘a ilg‘ash mumkin edi: machtadan uning soyasi ajralganday bo‘ldimi, yoki ko‘z jimirlashdimi, bilib bo‘lmasdi.
 

Hikoyat Mahmudova tarjimasi 

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.