OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmadshoh Duroniy (1721-1771)

Ahmadshoh Duroniy (1721—1771) faqatgina afg‘on milliy davlatining asoschisi bo‘libgina qolmay (1747 yilda birinchi martaba afg‘on milliy feodal davlati barpo etiladi), XVIII asr afg‘on poeziyasining davomchisi sifatida o‘z ona tili — pashto‘ tilida lirik she’rlar yaratgan shoir hamdir.
1940 yilda Kobulda Ahmadshoh Duroniyning 3000 baytdan iborat devoni nashr etildi. Devondagi g‘azal, qit’a va ruboiylar o‘zining ravonligi va sodda iboralar orqali chuqur insoniy tuyg‘ularni tarannum etganligi bilan Rahmonbobo she’riyat uslubiga yaqinlashib ketadi. Ahmadshoh she’rlarida ayniqsa vatanparvarlik hissiyotlari kuchli.
Ahmadshoh Duroniy devonining nodir qo‘lyozmalaridan biri O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanib kelmoqda.

RUBOIYLAR

To‘rt tomondan dur senga boqar yaraqlab,
Agar ilming chirog‘i yonsa charaqlab.
Ruh ilmdan olgaydir charog‘onlikni,
Bad tabiat insoi ham bo‘lg‘usi xush ta’b.

* * *

Ilmga boq, u qanday azm daryodir,
Ming irmog‘in ming yoqqa tarab borodir.
Shul boisdan qadri ham hamisha yuksak,
Ilm o‘rgan, qo‘lingda u zo‘r tug‘rodir.

* * *

Hamisha yodimda ruxsoring, mahbub,
Daryo bo‘lar ko‘z yosh yuzimdan oqib.
Daryo nima, hosil bo‘lganida ko‘l,
Yuragim g‘arq bo‘lur, qalqib va qalqib.

* * *

Ruxsoringni ko‘rsat, ey rahmsiz yor,
Men fig‘on chekaman tun-u kun bedor.
Qachonki sen menga boqsang bir qiyo,—
Qalbim firoqlardan qutulur, nigor.

* * *

Jaranglatib qo‘ng‘irog‘ini
Karvon borar, yang‘irog‘ini —
Tinglab, umr shamolday o‘tar.
Kim boqiy der hayot bog‘ini?!

* * *

Shon-shuhratsiz, sokin o‘tgandan ko‘ra
Boshing qilich kessa,— afzaldir, jo‘ra.
Vafosiz umrdan ne foyda axir,
O‘limning yutgani a’lo yuz bora.

* * *

Ul qora zulflar etdi dilimni bandi,
Endi dilda oq ruxsor armoni yondi.
Men g‘aflat uyqusida ekanman, bulbul —
Afg‘onidan keyinoq qalbim uyg‘ondi.

* * *

Ikkovi ham qurbon bo‘lsin dilbarimga yagona:
Mening aziz boshim, hamda bor boyligim — durdona.
Muhabbatim yo‘lida gar boshim ketsa roziman,
Bu shandoyi Ahmad shaksiz qilur bayram, shodyona.

* * *

Yonib tursa ham fan chiroqlari,
Zulmatda yurar g‘ofillar bari.
Sen-chi, ilmga yo‘ldosh bo‘l mudom,
Himmating — qanot, uch bilim sari!

Yusuf Shomansur tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.