OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qori Abdullo (1868-1943)

Afg‘on xalqining fors tilida ijod etgan mashhur shoirlaridan yana biri Qori Abdullodir. U 1868 yili Kobulda tug‘ilgan. Otasi Hofiz Qutbiddin Qori Abdullo yosh bola vaqtidayoq vafot etib ketgan. Bo‘lajak shoir Qori Abdullo boshlang‘ich ma’lumotni uyda oladi va o‘sha davr odatiga ko‘ra «Qur’on» mutolaasidan so‘ng arab tili sarfu nahvi (grammatikasi)ni, xususan fors klassik adabiyotini qunt bilan o‘rganadi.
Afg‘onistonda 1903 yil zamonaviy oliy o‘quv yurtlaridan hisoblangan «Habibiya» litseyi ochiladi. Qori Abdullo esa unga adabiyot o‘qituvchisi kilib tayinlanadi. Shu davrda u litsey o‘quvchilari uchun qo‘llanma sifatida bir necha badiiy kitoblar yozadi, fors tilida ijod etgan afg‘on shoirlari antologiyasi — “Tazkirat ush-shuaro”ni tuzdi, hamda fors tili grammatikasi, arab tili grammatikasi va boshqa shunga o‘xshash til-adabiyotga oid bir qancha ilmiy asarlar yozdi.
1929 yilda uning g‘azallari, qit’a va ruboiylar to‘plami Lahorda nashr qilindi. Qori Abdullo qasida janrida ham yuksak mahoratga ega. Shoir 1935 yili «Malikush-shuaro» degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi. Qori Abdulloning “Kulliyot”i afg‘on professori  Poinda Muhammad Zahir hamda shoirning o‘g‘li — Abdulg‘affor Qori tomonidan to‘planib, 1955 yilda nashr ettirilgan. Qori Abdullo 1943 yilda vafot etgan.

RUBOIYLAR

Ko‘zga xunuk ko‘rinadi bekorchi, tanbal,
El bezordir ish, mehnatga qayishmasang sal.
Tanangda jon qimirlasa qochmagin ishdan,
Odamliging mehnatingda ko‘rinar avval.

* * *

Gul dastalang to‘y oqshomida,
Muhabbatning xush ayyomida.
Kuyov bulbul, kelinchak-chi gul,
Hidi yetsin gul salomida.

* * *

Har bir kishi jamiyatda bir a’zo,
Mehnatidan bo‘lmog‘i shart el rizo,
Farovonlik ortar yurtda u bilan,
Tan sog‘ bo‘lur sog‘lom bo‘lsa har a’zo.

* * *

Qo‘ling ishda bo‘lsa gar, umringda ma’no bo‘lur,
Rohatda yashashingga har ne muhayyo bo‘lur.
Ertangi kuning uchun jamg‘argil sen kam-kamdan,
Qatra-qatra tomchilab, oqibat daryo bo‘lur.

* * *

Mard kishi o‘z kasbidan lazzat topadi,
Ishidan masrur bo‘lib shuhrat topadi.
Uddaburro hunarmand qo‘li mehnatda,
Mehnatidan el aro izzat topadi.

* * *

Qon tozadir ish-harakatda,
Biror a’zo qolsa g‘aflatda —
Umri bitar, dangasalar ham
Shu hukmga duchor, albatta.

* * *

Xayrli ishda kim bo‘larkan faol
O‘zgalar oldida doim bir timsol.
Sog‘lig‘i hamisha a’lodir uning,
Ko‘ngli ham bo‘lg‘usi doimo xushhol.

* * *

Jafokor bo‘lsang gar jafo ko‘rursan,
Sofdil bo‘lsang, sidqu safo ko‘rursan.
Muxtasib bozorga munosib asli,
Qilmishingga karab sazo ko‘rursan.

* * *

Yaxshi inson xushchaqchaq, so‘zida e’zoz bo‘lur,
Muloqot qilsang agar suhbati ham soz bo‘lur.
Begonaga, tanishga ochiq ko‘ngil eshigi,
Saxovati, rahmati mudom beqiyos bo‘lur.

* * *

Jur’atsizlik, bekorchilik bilan ko‘ngling to‘q bo‘lmasin,
Tanballiging kishilarning yelkasiga yuk bo‘lmasin.
Toki tirik nafasing bor ish-mehnatdan chora izla,
Jisming axir soya kabi goh boru goh yo‘h bo‘lmasin.

* * *

Payvasta bo‘lsin mudom hunar va tahsil,
Shunda mehnat samara bera olur, bil.
Butun olam mehnatning a’molidadir,
Ey, zahmatkash, jahonda qolmagin g‘ofil.

* * *

Xayolingda munchalik Yevropaning taqlidi,
Ko‘rsatmoqqa o‘zingda hech fazilat yo‘qmidi?
Taqlid yaxshi agarda zo‘r kelsa o‘z qudrating,
Xuruj qilmoqda senga taqlidlarning tahdidi.

* * *

Kimningki xalq mehri boshida bo‘lur,
U shaksiz ommaning qoshida bo‘lur.
Jamiyat a’zosi so‘zlamas quruq,
Xislati qilgan har ishida bo‘lur.

* * *

Donishmandlar bilan ko‘p suhbatda bo‘l,
Ular muloqotida meva, sharbat mo‘l.
Himmatsiz kishilar yetmas manzilga,
Himmatlilar uchun ochiq hamma yo‘l.

* * *

Yuraging sirini oshkor qilmagil,
Lab ochmoqni doim sen ep bilmagil.
Nargis, nigorlarning ko‘zi bor axir,
Devdim: gulga o‘xshab bejo kulmagil.

Yusuf Shomansur tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.