OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad al-Foyturiy (Sudan)

Muhammad al-Foyturiy - Sudan shoiri.

AFRIKA OVOZI

Serbardosh Afrika,
Dardli Afrika!
Ey, o‘zga yurt xudolariga
Qurbonlikka berilgan hayot!
Suv emas, kon singgan,
Ter singgan yeriga,
Tinkasi qurigan,
Iligi so‘rilgan,
Sho‘rlik Afrika,
U damlaring senga endi yot.
Boshlanmoqda yangi davr —
Kular ozod o‘lkalar.
Uloqtirib qullik zanjirin,
Tiklanmoqda bukik yelkalar.
Ovozingni eshityapman,
Afrika!
G‘azab bilan to‘lib toshgan
Ovozing.
Unda
Shamollarning otash nafasi,
Maysalarning shitirlashi bor.
Unda
Daryolarning hansirashiyu
Uchqur sharsharaning
Shovqini takror.
Ovozingni eshityapman,
Afrika!
Juda aniq,
Juda tiniq ovozing.
Unda
Deqqon, dalalarning
Ohangdor qo‘shig‘i
Oqadi mayin.
Unda
Yog‘och omoch g‘ijiri,
Yorg‘uchoqning horg‘in g‘ir-g‘iri
Taraladi
Haryon tinmayin.
Ovozingni eshityapman,
Afrika!
Xo‘p navqiron,
Tantanavor ovozing.
Unda
Jo‘shqin yoshlik ufurar.
Unda
Ustozlarning chaqiriqlari
Xalq majlisi uzra bong urar.
Unda qalbingiz gursillashi-yu,
Tamtamlarning tolmas,
Shiddatkor:
Ozodlik!
Ozodlik!
Ozodlik! — deya
Erksevar ovozi
Yangrar jarangdor.

Fayzi Shohismoil tarjimasi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.