OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Aziz Lahbobiy (Marokash)

Muhammad Aziz Lahbobiy – Marokashlik shoir

TINGLA, O‘G‘LIM

O‘g‘lim!
Sen yashashing kerak.
Buning-chun o‘zgartmoq kerak dunyoni.
Buning-chun qora qozonni
Yuz yillik qurumdan tozalaganday —
Rosa artmoq kerak dunyoni.

O‘g‘lim!
Hayotingni beraman o‘zim.
Lekin tinch kunlarni olasan qaydan?
Senga ukalar ham topilar, qo‘zim,
Lekin qardoshlikni, birodarlikni
Osuda qalbingga solasan qaydan?

Sen ulg‘ayib, yurib ketarsan,
Oq ko‘ylakda quvnab bir olam.
Yigit bo‘lib, kuchga to‘lganda,
Oddiy ishchi korjomasini
Kiyganingda chekmagin alam.
Shunisiga shukur qil, bolam!

Agar seni majbur etsalar,
Kiydirsalar askarchasiga
Va desalar: ot!
Chidash mumkin, o, barchasiga
Lekin, bu dahshat!
Tepkini bosasan
Ko‘zingni qisib,
Ro‘parangda cho‘zilar o‘lik,
Dimog‘ingga urar qon isi.
Bu olomon qoni —
Odamlar qoni.
O‘g‘lim, bunisidan
Yo‘qdir yomoni.

Senga o‘rgatsalar
Yurish, otishni...
Otishu yurishni
Odat etsalar,
Yurtga o‘t qo‘yishni,
Molni chavoqlab,
Bog‘larni qirishni,
Odam o‘ldirishni,
Odam so‘yishni,
Senga o‘rgatsalar —
Bu dahshat, o‘g‘lim!

Fayzi Shohismoil tarjimasi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.