OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Avetik Isaakyan (1875-1957)

http://www.ziyouz.com/images/avetik.jpg

Avetik Isaakyan – arman klassik shoiri. U 1875 yil 31 oktyabrda Armanistonning Aleksandropol shahrida dunyoga keldi. Shu yerda boshlang‘ich ta’lim olib, Echmiadzin seminari va Leyptsix, Syurix universitetlarida tahsil oldi. Bolaligidan she’riyatga katta muhabbat qo‘ydi, she’rlari adabiy jurnallarda chop etildi. Shoir uzoq yillar chet ellar – Shveytsariya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Frantsiyada yashadi; asarlarida o‘z Vatani sog‘inchi va orzu-o‘ylari bilan nafas oldi. 
Uning boy adabiy merosi dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Xususan, ulug‘ rus shoiri Aleksandr Blok uning she’rlarini rus tiliga o‘girarkan, do‘stlariga hayratlanib maktublar yo‘llaydi: « … Bu ajoyib shoirni tarjima qilish – o‘ta mashaqqatli. Mehnatim qay darajada chiqqanligini muhokama qilish – mening ishim emas. Biroq shuni aytishim lozimki, mening bu shoirga mehrim tushdi, uni yaxshi ko‘rib qoldim… Isaakyan – birinchi raqamli shoir. Ehtimol, bundayin sodda va tiniq til talant bugungi kunda butun Yevropada ham topilmas…»
Avetik Isaakyan 1957 yil 17 oktyabrda Yerevanda vafot etdi.

* * *

Tila, hasrat shabnami bo‘lib
Ko‘zyoshingdan tiniq nur sochay,
Yo shabada — hamdaming bo‘lib
Sochlaringni bittalab ochay.

Gar istasang atirgul bo‘lib
Bezantiray sening ko‘ksingni,
Yo tongotar sochgan nur bo‘lib
Shu’lalarga chulg‘ayin seni.

Yo majnuntol bo‘layin, sening
Uyqungni men qo‘riqlay tunlar.
Qush bo‘laymi, alla aytsinmi
Oshiq dilim taratgan unlar.

Tila, barin men bajo aylay,
Faqat osmon, yeru oy emas,
Shamol, dengiz dolg‘asi bo‘lay,
Sevishingni faqat aytsang, bas!

* * *

Qayg‘urarman, dilim abgor,
Yig‘la, gulim, sumbulim,
Yig‘la, osmon, yig‘la, zangor,
Yig‘la, sen ham, bulbulim.

Yerdan qaro osmonim, oh,
Yolg‘iz faryod urarman.
Yori jonim ketdi yiroq,
Dashtda tanho yurarman.

Dilimga o‘t yoqdi jonim,
O‘zi ketdi yiroqqa.
Ko‘ksim yara, oqar qonim,
Tashlab ketdi firoqqa.

Qayg‘urarman, dilim abgor,
Yig‘la, gulim, sumbulim,
Yig‘la, osmon, yig‘la, zangor,
Yig‘la, sen ham, bulbulim.

* * *

Yorginamning sochin xushbo‘y
Isin olib kel, shamol!
Dilimni yoz, g‘amimni ol,
Xabar olib yel, shamol!

Gulob to‘la jomni olu
Huzurimga kel, soqiy!

Dil — bog‘ingdan xush so‘zlarni
Uzib-uzib olib kel!
Atirgulu bo‘salarni
Qanotingda olib kel!

Gulob to‘la jomni olu
Huzurimga kel, soqiy!

* * *

Dilim manim bir bog‘ edi:
Unda gullar yashnardi,
Muhabbatim yangroq edi,
Bulbul bo‘lib yashardi.

Suluv, aytding: «Asirlikda
Qanday sayrar bulbuling?
Qanday go‘zal! Rozimisan,
Uzib olsam bir guling?»

Men yosh edim, bebosh edim,
Ishonardim so‘zlarga,
«Gulmas, butun bog‘ senga!» — deb
Aytdim ayyor ko‘zlarga.

Zolim, bog‘da labda kulgu,
Toptading barcha gulim.
Anorimni sindirdingu
O‘g‘irlading bulbulim.

* * *

Ikki qoshing jallod tutgan
Qilich kabi egilgan…

Bu dunyoda farog‘at yo‘q,
Yolg‘on, makr qahr bor!
Ammo, labing sharobini
Ichsam, mayli, boshimni
Qilichlaring kessin, yor.

Ikki qoshing jallod tutgan
Qilich kabi egilgan.

* * *

Agar men shamol bo‘lsam,
Eng go‘zal gulning sochin
Silab, o‘rib chiqardim
Qatini bir-bir ochib.

Agar men ohu bo‘lsam,
Sen esa muzdek buloq,
Tashnaligim qonmasdi
Bo‘salaringdan, biroq.

Agar men ohu bo‘lsam,
Sen-chi, olov — ko‘yingda
Oh, yonib kul bo‘lardim
Quchog‘ingda, qo‘yningda.

Xurshid Davron tarjimalari

***

Tunlar bog‘imda ko‘z yosh
To‘kayotir majnuntol.
Qayg‘udan ko‘tarmas bosh,
Iztirobda g‘amg‘in tol.

Yarqirar tong hur misol
Qo‘ng‘iroq soch boshini
Silkib, artar majnuntol 
To‘kkan achchiq yoshini.

***

Tog‘ cho‘qqisi ortida quyosh,
G‘ira – shira olisda o‘tloq.
Tindi qushlar kuyi — da yuvvosh,
Mening uyqum kelmaydi mutloq.

Tom oralab oy boqadi, gul
Barglarida ko‘chadi mezon.
Salqin havo torqilaydi yo‘l
Tun toqida yulduzlar tomon.

O, mayin yel, yulduzli dunyo,
Qani bu tun aziz dildorim?
O, yulduzlar, tanhosiz, tanho,
Qayda kezar tun bo‘yi yorim?

Tong otadi, eshik ochilib,
Tuman bosar, yog‘moqda yomg‘ir.
Yolg‘iz qaytar ot ham dil tilib,
Oh, yor uyga qaytmaydi, axir!

ONAMGA

Ona yurtdan olis – olisda
Sargardonman – na uy, na orom.
Ona, qoldim ayrilib sizdan,
G‘arib sayyoh kabi beorom.

Tog‘dan uchgan bu qushlar bilar:
 —  Onam yo‘lda yo‘lamadimi?
Dengiz bo‘ylab shovdirar yellar:
 —  Onam salom yo‘llamadimi?

Ko‘chib ketdi shamollar besas, 
Janubga yo‘l oladi qushlar.
Yuragimga zar sochib havas,
Janubga ko‘z soladi qushlar.

Yuzlaringiz, shirin so‘zingiz
Sog‘inaman, aziz onajon!...
Aylansaydim tushga izingiz
Topar edim albat, begumon.

Tunlar tushsam dilingiz tomon,
Quchsam – go‘yo hushi yo‘q tuman.
Ketsam – kulib, yig‘lab, onajon,
Yondirguvchi sog‘inchlar bilan!

***

O‘lsam, ko‘ming meni Alagyaz
Tog‘idagi shohsupaga, to
Essin Mantash cho‘qqisidan soz
Boshim uzra eng sarin havo.

Toki qabrim yonida iyib
Bug‘doyzorlar tebrangan sayin
Majnuntollar sochini yoyib,
Ko‘z yosh to‘ksin jimgina,mayin.

***

Tushlarimda – sho‘r suvlar bo‘yi,
Qalbda og‘riq, yonboshlayman jim.
Allalaydi tushlarim kuyi,
To‘lqinlarni ichib to‘ymas qum.

Tushda – yonlab o‘tar do‘stlarim,
Quvnab, kuylab, hayqirar betin.
Menga boqmas, chorlamas hech kim,
Sukutdaman, tortaman g‘amg‘in.

***

Mendan uzoqlarda o‘zga yurtlar bor,
Unda yashayotgan dillar men kabi
Gohida yolg‘izu, mahzun va bedor,
Yonib – kuyar, menga talpinar qalbi.

Shunda tuyuladi ul olis qo‘lga
Yo‘llayman otashin, sirli o‘tinchim.
Qo‘lim uzataman oltinsoch gulga,
Sochlarini silay boshlar sog‘inchim.

***

Qanotlari uchqur qoramtir burgut
Osmondan tushganday ko‘ksimni o‘yar.
Tishida – yuragim, parvozida o‘t,
Eng baland cho‘qqini aylanib suyar.

Tog‘larni qiyalab uchar, ko‘k ichra
Qalbimni irg‘itar ilkis qonatib.
Shundan qulog‘imdan ketmaydi sira  — 
Shovullab turadi burgut qanoti.

***

Tong nuriga yog‘ilar titroq  — 
Qutlayotir to‘rg‘ay bu damni.
U zulmatdan, g‘amlardan yiroq,
Yonib kuylar sevgi, olamni.

Qorong‘ulik ichra yo‘l ochib, 
Yurak to‘kar zarralab o‘kinch.
Bo‘zto‘rg‘ayning navosi sochib
O‘tar egik bosh uzra sevinch!

***

Tushimga kiribdi: totli kuy chalib,
Tebranib, eshilib ketmoqda karvon.
Tog‘ oralab, o‘rlab, qalbga o‘t solib,
Nurlarga qo‘shilib ketmoqda karvon.

Karvonda boradur suyukli dildor,
Ko‘zlarida jilva, libosi hasham…
Ortidan qolmayman, sog‘inchim bisyor,
Karvon qalbim tilib,kul etar tanam.

Dil yara, belanib changu tuproqqa,
Yolg‘iz qoldim yutib hasratli o‘yim. 
Karvon o‘tib ketdi uzoq  —  uzoqqa,
Mayin jaranglatib qo‘ng‘iroq kuyin.

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.