OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Edi Ognesvet (1913-2000)

UCHRASHUV OLDIDAN

Yashin kabi yarq etdi jilg‘a,
Qo‘l silkidi qarag‘ay – tannoz.
Ana uchdi bir to‘da qarg‘a,
Go‘yo bahor etmoqda parvoz.
Tepaliklar... Yonbag‘rida uy –
Xuddi laylak uyasi misol...
Uzoq yo‘lda tugamaydi o‘y,
Uchrashuvlar, suhbatlar xushhol.
Penza.
 Sizran...
 Ne bo‘ldi, yurak?
Nechun notinch tepasan bu on?!
Tinchlan, axir shoshmoq ne kerak!
Ammo darding tutmaysan pinhon.
Hamrohim ham, men ham besado,
Xotiramiz tinchimas lekin.
Ko‘zachada majnuntol novda –
Titrar...
Poezd intilar betin.
Uxlar mitti go‘daklar bu dam,
Mitti tushlar bo‘lar mehmoni...
O, ularni hech bir subhidam
Uyg‘otmasin janglar suroni!
... Chang-to‘zonli urush yo‘llari,
Vagonlarda odamlar tirband.
Eslaysizmi, o‘sha yillari,
“Yetimmassan, orom ol farzand”, –
Degan nido yangrab do‘stona –
O‘zbekiston cho‘zdi qo‘lini.
Mardlar yurti – Belorus bilan
Birlashtirdi saxiy dilini...
Cho‘llar bo‘ylab boraman, go‘yo –
Kashf etganday yangi bir ummon.
Lol qolaman shu zahot ammo...
Salom,
 salom,
 jon O‘zbekiston!

Nosir Muhammad tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.