OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maksim Tank (1912-1995)

 
http://ziyouz.com/rasmlar/worldlit/maksim_tank.jpgYevgeniy Ivanovich Skurko — Maksim Tank Molodechnensk oblastining Myadelsk rayoniga qarashli Pilkovshchina qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. 

Maksim Tankning 1936 yilda bosilib chiqqan «Etapda», 1937 yilda e’lon qilingan «Naroch» nomli she’riy asarlari politsiya tomonidan man etildi.

Urushdan so‘nggi yillarda bosilib chiqqan «Agar bilsangiz edi» (1947), «Yo‘lda» singari she’rlar to‘plamlari nashr etilgan.

Maksim Tank o‘z she’rlarida xalq og‘zaki ijodining eng yaxshi fazilatlaridan foydalangani holda hayot haqiqatini ochib bergan.


DO’STLIK

Agarda ko‘tarsak oq,
Sariq,
Qora — 
Million qo‘llarni birdamlikda biz, 
U holda quyoshni dadil, mardona —
Tog‘dan ham balandga ko‘tarolamiz. 
Agarda kaftlarga qo‘yilsa kaftlar, 
Va siqilsa qo‘llar — sariq,
Qora, 
Oq; 
U holda misoli bir tirik chambar — 
Planetamizga bo‘ladi belbog‘. 
Agarda tushirsak qora,
Oq,
Sariq — 
Million mushtlarni jamlab, shu zamon 
Eng so‘nggi zanjirlar uzilib aniq, 
Gumburlab ketadi yer hamda osmon. 
1956


JURAVINA GULI
(POEMADAN PARCHA)


1

Ungirlardan erib oqar so‘nggi qor 
Oyna ko‘lmaklarga qon tomir misol. 
Sohilda chirmashib olxa-yu tolzor 
Tebranar, guvillab esarkan shamol. 
Jala-toshqin buzgan o‘nqir-cho‘nqirdan 
Bahor torin chertib ayqirar suvlar, 
Yassi jo‘yaklardan, darayu qirdan 
Kumushday tovlanib hayqirar suvlar... 
Ammo boshda ortar tashvishli xayol: 
Nima in’om etar bu parcha maydon? 
Nima eksam ekan?— o‘ylar qaddi dol. 
Yo to‘rva ko‘tarib so‘raymi ehson? 
Bir parcha laxtak yer ustida xayol 
Gala zag‘cha kabi daydir bamisol...
Tobora cho‘zilar qoziq soyasi, 
Qirchang‘i bo‘ynida xomut, yo‘q darmon, 
So‘qani tortadi qurib tinkasi. 
«Ha, chuh... Chuh, jonivor!..
Chuh, to‘riq polvon!» 
Chipta kovush izi cho‘kadi yerga, 
Qo‘shchi cho‘miladi qop-qora terga... 
So‘qa g‘ichirlaydi toshlarga tegib, 
Ba’zan tomirlarga duch kelib, egib, 
To‘xtab ham qoladi...
Yalt etib shu dam 
Chimlarni ag‘darib, so‘qaning tig‘i 
Yana botib ketar.
«Qo‘shchi, ber yordam, 
Ot bilan baravar tort, qilma yig‘i!» 
Yer uzra anqiydi navbahor bo‘yi, 
Va esar iliq yel. Bir to‘da qizlar 
Egatdan keladi quvongan ko‘yi, 
Kulib chaq-chaqlashib yuzi qirmizlar.— 
Bahor shabnamidek beg‘ubor, durkin, 
Yangroq ovozlardan tebranar bo‘g‘ot, 
Tebranar anhorda mingashib to‘lqin, 
Tebranar dov-daraxt, butun koinot. 
Sebarga yoniga borib ataylab,— 
Yam-yashil sohilga, tolzor tagiga 
Toza chiptalarni maysaga to‘shab, 
Qizlar o‘ltiradi yer etagiga. 
«Vasil!» deb chaqirgan sho‘x ovoz shu choq 
Olisdan yangradi — jarangdor, quvnoq. 
«Ha chuh!
To‘g‘riga bos!
Qayoqqa, jonivor!» 
Vasil qadam tashlar eshitmaganday. 
Balki eslangandir ko‘zlari xumor, 
Balki eslamagan chiqar butunlay. 
So‘qa izdan chiqdi, buzildi egat... 
«Tislan!..» 
Tepalikda toyib holidan, 
Ot to‘xtadi terlar oqib yolidan. 
Kishnadi-da horg‘in va ko‘rib ko‘kat, 
Yemoq uchun cho‘zdi ozg‘in boshini — 
Alaf eslatardi qahra toshini... 
To‘qaydagi qator uylardan tortib,
Polyak quloqlari — panlarga qadar 
Go‘zal Rainaga havasi ortib,— 
Hamma oshiq bo‘lib tashlardi nazar. 
Daryo bo‘yidagi chetkay uyda qiz 
O’sib, gulxayriday ochgandi chiroy. 
Maftun etar edi barchani cheksiz,— 
Ko‘zi xumor, yuzi edi to‘lin oy. 
O’roq-mashoqda ham u edi ilg‘or, 
Agar qo‘shiq aytsa yangrardi osmon. 
Tikkan kashtalari edi gulruxsor,— 
Shunday tanho edi bu ko‘rki maydon. 
Unga bo‘lmagandi behuda maftun 
Xutordagi kapral ulan tunov kun... 
Yam-yashil qamishlar tebrangan tomon 
Omochga suyanib boqadi Vasil... 
Qushlarni cho‘chitib, qo‘lida gavron 
Raina sholchani qoqar muttasil. 
Daryo uxlaganday oqadi sokin, 
Ko‘ksida o‘ynaydi kumush halqalar. 
Qizlarning qo‘shig‘i yozar qanotin, 
Vasil xotirida o‘rim pallalar:— 
Go‘zal Rainaning go‘zal chehrasi, 
O’zin «sevaman»i, qiz qah-qahasi... 
«Chuh... chuh..» chug‘urchiqlar galasi yana 
Laxtak yerga qo‘ndi yopirilib, ana.

2

Kunlar kalta bo‘lgan ayni qish mahal 
Kapral ulan edi 
Baltrukka mehmon. 
U kayfli boshini quyi egib sal, 
Hikoya qilardi valdirab chunon: 
Batoriyning Moskvaga ot solishlarin, 
Chenstoxov hamda Zaporojega, 
Qrimga qilingan yurishlar barin 
Ketma-ket olardi maqtanib tilga, 
Va o‘sha janglarda qilich solganin, 
Talay yov boshini tandan olganin,— 
Qahramon bo‘lganin gapirib ulan, 
Ko‘kragin kerardi to‘kislik bilan:— 
Paradga bormoqchi kishiday atay 
Medallar terilgan edi bir talay.
Baltruk go‘yo uni eshitmaganday, 
Uchoq olovini tuzatib tinmay, 
Asta yer tagidan vaqti vaqtida 
Mehmonga tashlardi takabbur nazar. 
Og‘iz ochar ekan qayliq haqida,— 
Ulan maqtay ketdi o‘zin shu qadar: 
Pesh qildi a’lo sort doni borligin, 
O’ziga mustaqil erkin panligin... 
Va orzu-istagin ayladi izhor— 
Faqat yetishmaydi unga suluv yor... 
Shu dam qovoq solib unga boqib chol, 
Vinodan bir qultum ichdi-da nochor, 
Hosil, medal haqida so‘radi darhol... 
Ulan uyqusirab aytardi takror 
Polyaklar jangini, qonli urushni. 
Raina tinglardi.
Etardi fahm, 
Otasi sirtmoqlab bu gapfurushni 
Tortadi qorong‘u g‘orga berahm, 
Topolmasin deya to‘g‘ri yo‘lni ul. 
Mast ulan ham aljib, zarur gap qolib, 
Nozarur gaplarni gapirar nuqul. 
Chol boqar mehmonga: sarv qad, g‘olib. 
Gavharga tenglasha olmaganday sang, 
Qishloq kuyovlari teng kelmas unga! 
Raqs tushganda-chi!— faqat uchar chang! 
Yursa shporlari chiqarar ohang. 
Tikilsa — ko‘z o‘nging aylanar tunga... 
«Xo‘sh, endi, ketayin uyga oqsoqol, 
Tilsiz odam kabi boqasan xomush... 
Hatto ko‘ngil uchun bermading savol, 
Nega kelding deya, bu yerga sarxush... 
Rainani uzat. Hamma narsa bor! 
Shohi liboslarga o‘rayman nuqul. 
Bizda non-namak mo‘l, sariyog‘ bisyor! 
Erkak «hoy-huyini» unutar butkul!» 
Raina otildi uydan omborga, 
Qalbin o‘rtaganday rahmsiz alam, 
Ko‘z yosh to‘kdi duv-duv...
Butun xutorga 
Xo‘roz xabar berdi sahardan shu dam. 
Baltruk jiddiy tinglab oxirigacha, 
Yigit taklifiga javoban jo‘rtta
Maqtadi uning g‘oz, itlarigacha,
Va dedi ulanga tikilib shartta:
Xudo aql bergan va bergan iqbol...
Ulan yashnab ketdi bu gapdan shu on...
«Sen,— dedi shoshilmay, cho‘zib Baltruk chol,—
Bundan go‘zalrog‘in topasan, inon.
Senday bir azamat hushtak chalsa bas,
Yuzta chittak qo‘lga qo‘nadi shu choq.
Bizday to‘porlarga munosib emas,
Zotlar dargohiga, ko‘shkka kirmoq...»
Ulan sapchib turdi yuzlari qonsiz: 
«Hali shoshmay tur sen, keksa imonsiz! 
Oppoq soqolingni yulay bittalab!» 
Shishaga yopishdi...
«Eh! Ketding qanchalab!» 
Kosovga urilib, jangillab shisha 
Chil-chil bo‘lib sindi.
Entikib Baltruk: 
«E-eh!.. Qo‘shni! Eh!..
Qo‘lni aya hamisha!» 
Deya parchalarni terdi tushib muk. 
So‘ngra chol turdi-da, dedi daf’atan: 
«Mehmon uchun — yoyiq dasturxonimiz... 
Xushvaqt etolmagan bo‘lsak, uzr, pan!» 
Eshikka otildi ulan — betamiz. 
«Qizim, yig‘lama hech, ko‘z yoshi — zarar! 
Oy o‘tib, yil o‘tib unutasan ham,— 
Baltruk Rainani jiddiy yupatar,— 
Bizga u begona hamda shum odam. 
Seni tushunmasdi, qilmasdi hurmat, 
Niyati buzuqroq... 
Chekarding zahmat. 
Bizni xolis qo‘ysin yaxshilikcha u, 
Shoda medallardan bizga naf yo‘q-ku. 
Asriy haqiqat-la yashaymiz xoksor, 
Behuda yig‘laysan tunlari bedor. 
Axir qilmagandir haqorat, tahqir? 
Nega indamaysan, gapirgin axir?» 
Bari ayon bo‘ldi, 
Baltruk nogihon 
O’tgan hodisani etganda ayon. 
Ulan sayr qilardi Raina bilan, 
Kuzatardi tunda... 
Tongda ikki iz 
G’aramga eltardi bilanglab chindan. 
Shunda ta’bir qildi keksa shubhasiz: 
«Adashgan ikki mast tunagan chiqar...»
Nur emib yashnardi yashil bug‘doyzor... 
Vasil boshin quyi solib, ta’zimkor 
Tinglar Rainani.
«Agar qovushsak, 
Baxtliroq yashardik, deysanmi ikkov? 
Yozda-ku qarashib turaman andak... 
Qishda-chi?
Kvassiz,
Nonsiz,
Beolov... 
Ofat uloqtirar sovuqqa bizni... 
Qanday boqar eding farzandimizni? 
Bahorda o‘ylovdim, 
Vasil necha bor... 
Boshimni gangitdi shporli to‘ra... 
Keyin o‘ylab ko‘rdim: u odam zinhor 
Bizga qavm bo‘lolmas, bo‘lolmas jo‘ra. 
Uni unut, o‘tgan ishga salavot, 
Qor ham yopib ketdi u kunlar betin. 
Qalbimda yuvilmas dog‘ qoldi lekin. 
Senga ham ishonch yo‘q dilimda albat! 
O’zing so‘rab mendan iltifot, shafqat, 
Atrofda kezasan go‘yo hurkak ot, 
Eski izga kelib qoqilasan bot. 
Yo‘q! Qovushmaylik, qo‘y!— mendan maslahat... 
Ezgu soatlar ham qilar tantana — 
Seni yo‘qlab qolar yangitdan bahor. 
Qalbda ishq g‘unchasi barg yozar yana, 
Juravina guli kabi beg‘ubor...»
Kunlar! Maysalarning barini silab, 
Chivin, o‘roqlarning xonishin tinglab, 
Turnalardek bir-bir etdingiz parvoz... 
Tun bo‘yi samoda oy qilib pardoz 
Fusunkor boqadi, kipriklari hal: 
Botqoqlarga to‘kib hovuch-hovuch zar, 
G’aram, olxazorni etib munavvar, 
Cheksiz sohillarga beradi sayqal... 
Go‘zal yoshlik kabi, irmoqlar kabi 
Yoz tonglari latif naqadar bizda. 
Tiniq ko‘zgu yanglig‘ ko‘lmaklar labi 
Loyqamasa deysan yurganimizda. 
Ko‘pdan buyon ishga chiqmas edi chol, 
Yolg‘iz o‘ltirardi kunduz-u oqshom: 
Qo‘li og‘rir edi, edi bemajol — 
O’t boylab, g‘oz yog‘i surib har ayyom,
Otarchi aytganin etardi ado, 
Og‘rigan qo‘liga topay deb shifo.
Ulan ham nogihon bo‘lgandi bemor, 
Endi ko‘rgazmasdi ko‘chada raftor. 
Qishloqda kezardi mish-mish: «komandir» 
Panshaxaga o‘zin olibdi urib. 
Endi yamayotgan emish u mundir, 
Ko‘chaga chiqolmay uyda o‘ltirib. 
Mish-mish bo‘ladigan vaqt ham keldi! 
Nonsiz qolgan qishloq pichirlar endi, 
Derazasi qorga qoplangan uyda 
Yelkalarga tashlab eski chakmonni, 
Urush va o‘lponlar haqida kunda 
Gap chuvab, chek tashlab o‘tkazar onni. 
Hosil va o‘rimga ishonib bo‘lmas. 
Kuzgi javdar qanday, hali ma’lummas. 
Ochlik avj olishi emasdir gumon... 
Va soqoli o‘sgan mujiklar har on 
Kaftlari tagidan panlarning olis 
Yeriga suqlanib boqishar ma’yus. 
Bug‘doylar to‘lishib nurdan har ayyom, 
Oltin boshoqlarni yoz etdi in’om. 
G’ir-g‘ir esib o‘tdi daladan yellar, 
So‘ng ko‘hna botqoqlar jim bo‘lib darhol 
O’rdaklar janubga boshladi safar, 
Va kuzak ohista yashirdi jamol. 
So‘nggi aravalar g‘ichiri tindi, 
Ekinzor yerlarga oq qirov indi. 
Karam va kartoshka o‘stirgan tuproq, 
Kungaboqarlarni bergan lalmikon, 
Yomg‘ir do‘mbirasin chertkanda quvnoq 
Hordiq chiqarardi tinglagansimon. 
Kun botib cho‘qqiga shu’la qo‘ngan choq, 
Qayinda porlardi eng baland yaproq, 
Harsangda hurpayib turardi yo‘sin. 
Botqoqdan kelardi yangrab biz sari 
Klyukva mevasin — tong durdonasin 
Teruvchi qizlarning xush ovozlari. 
Qizlarning sochiga oq qirov qo‘nib, 
Suvmunchoq singari tovlanar edi. 
Tilla rang yaproqlar yer yuzin ko‘mib —
Tinchgina yaslanib turlanar edi. 
Raina kezardi klyukva terib... 
Qizlardan ajralib, bir o‘zi mahzun, 
Atlas kuz husniga mahliyo, maftun... 
Sezmadi,
Ortidan Vasiliy kelib, 
Yelkaga qo‘lini qo‘yganin nogoh... 
U birdan seskanib tashladi nigoh... 
«O, Raina, seni izlab necha bor, 
Kezdim juravina botqoqlarida. 
Necha tonglar o‘tdi jilmayib qator, 
Sanqidim qishloqning o‘tloqlarida. 
Og‘ir ayyomlarni kechirdim talay. 
Turnalar arg‘imchoq solganda atay, 
Qo‘rqib nazar soldim dalaga, qirga, 
Olib ketmasin deb seni ham birga...»
Raina boshidan olib durrasin, 
Uzatib qirmizi botqoq mevasin, 
Hovuchiga to‘kdi.
Oqshom shu’lasi 
O’rmon barglariga berardi jilo. 
«Qizil mevalarning yoniq chehrasi 
La’l labing cho‘g‘ini eslatdilar, o!..» 
Qorong‘u tushardi... 
Guvillab shamol 
Qalin itshumurtlar qaddin etib dol, 
Daraxtlar boshini egardi o‘ynab,— 
Yaproqlar turnasi qilardi parvoz. 
Va botqoq ustida chivinlar yayrab,— 
Klyukva bog‘ida yangratardi soz.
1939

M. Ikrom tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.